Safar Kokilov. Qabulxonada (hajviya)

Eshigiga «hakimlar xonasi» deb yozilgan xonada navbatchi do‘xtur kresloga yastanib olganicha berilib televizordan futbol o‘yinini tomosha qilyapti. Asabiylashib tez-tez sigaret chekaverganidan xona ichi tutunga to‘la. O‘yin avjida. Do‘xtur har zamon «ha bo‘l, chop, tep» deb qiyqirib qo‘yadi. Xonaga kirib kelgan hamshiraga e’tibor ham bermaydi.
­ Do‘xtur, hoy, do‘xtur. Qabulxonaga bemor keldi. Nima qilay?
Do‘xtur ikki ko‘zi televizorda, qo‘l siltaydi.
­ O‘tqizib qo‘y. So‘ng… ha, ha, ur, ur…
­ Bemor qo‘shni tumandan ekan.
­ Oshir deyapman, oshir. Ha, tep. Unda yotqizma. O‘zlariga borib yotsin…
­ Do‘xtur, bemorni o‘zimizning tez yordamda olib kelishdi-da. Bizning tumanga mehmonga kelib kasallanib qolganmish.
­ Unday bo‘lsa, yotqiz. He, kallang qursin. Qayoqqa tepayotibsan?..
­ Izidan hech kim kelmabdi. Dori-darmonlarning haqini to‘lashga puli ham yo‘q ekan.
­ He, unda kutib tur. O‘tqizma. Tekinga qiladigan dori bormi unga. Chop, chop…
­ Ahvoli og‘irga o‘xshaydi. Do‘xtur, o‘zingiz ham bir ko‘rasizmi?
­ Og‘ir bo‘lsa, yotqizda. Nega qarab turibsan? Tep. Yugur. Bor. Boshni qotirma, ko‘ryapsan-ku, bandman, ­ dedi do‘xtur hamshiraga qarab jerkinib. ­ Oshir bu yoqqa.
Hamshira chiqib ketdi. Do‘xtur boshidagi qalpog‘ini olib tizzasiga urdi. U muxlislik qilayotgan komanda yengilayotgan edi.
­ Uf-f. O‘yinni ham rasvo qilishdi. Trenerni haydash kerak. Ablahlar. Tekinxo‘rlar…
Shu payt yana hamshira qiz hovliqib chopib kirdi va tovushini balandlatib dedi:
­ Do‘xtur, deyman, do‘xtur…
­ Ha, nima? Namuncha baqirasan? Qo‘yasanmi o‘zi, yo‘qmi? Bu yoqda o‘zi o‘yin rasvo bo‘lib turganda…
­ Do‘xtur, bu yoqda bemor ham…
­ Xo‘sh? Nima bo‘ldi? O‘tqiz dedim-ku?!
­ Bemor o‘lib qoldi…
­ Ha, unda yotqizma. Qaytarib yubor. A?! O‘lib qoldi?!
­ Ha, o‘ldi. Og‘ayinlari ham ustiga kelib qolishdi. Janjal qilishyapti. Do‘xturni chaqir, deyishyapti. Nega birinchi yordam ko‘rsatmadi, deyishyapti. Nima qilay? Do‘xtur, nima qilay?
­ Obbo. Bu yog‘i ham rasvo bo‘libdi-ku. Men-chi? Men nima qilay? ­ deb do‘xtur ko‘zlari ola-kula bo‘lib o‘rnidan turib ketdi. Tashqaridan odamlarning baqirgani, tapir-tupur ovozlar eshitildi.
­ Do‘xtur, siz endi qoching. Mana bu shkafga kiring…
Do‘xtur deraza yoniga boradi. Hamshira baqiradi.
­ Voy, qayoqqa? U yoqqa emas, bu yoqqa, voy, bu yer ikkinchi qavat. Do‘xtur, tashlamang. Shoshmang…
Derazadan tashqarida gursillagan va do‘xturning “voy-voy”lagan ovozi eshitiladi. Hamshira boshini ushlab baqrayib qoldi.
­ Voy, o‘lmasam. Endi nima qildim. Uf-f. Endi do‘xturning o‘zini yotqizaman, shekilli…
Hamshira shunday deb tashqariga yugurdi…