Bultur Charli Stefford degan chet ellik yigit bilan tanishdim. O‘zi Amerikaning Illinoys degan shtatidan ekan. O‘zbekistonning bir qishlog‘ida yashab, o‘zbeklarning urf-odati, rasm-rusumlari bilan tanishish uchun biz tomonlarga kelibdi. Bir kuni uyda o‘tirsam, tuman rahbarlaridan biri boyagi yigitni boshlab kirdi. Yonida shotirlari ham bor.
— Hikmatilla aka, mana bu yigit mehmonimiz, — dedi Charlini ko‘rsatib, — o‘zi olim, O‘rta Osiyo xalqlarining tarixi, bugungi hayoti haqida kitob yozmoqchi ekan. Erkalik qilib, siznikiga boshlab kelaverdim. Bog‘-chorbog‘ingiz ham, ko‘nglingiz ham keng, bir oygina shu yigitga uyingizdan joy berarsiz. Sizga ziyoni tegmaydi. Harajatlarini o‘zi ko‘taradi. Faqat yaxshi so‘zingizni ayamay, so‘raganlariga javob berib tursangiz bo‘ldi. Maylimi, aka?
— Mayli, — dedim. — Uy-joy kimlardan qolmaydi? Bir kosa ovqatni qo‘shniga ham chiqarasiz. Uyimning to‘ri mehmonniki. Faqat shartim bor.
— Qanaqa shart? — deb sergaklandi rahbar.
— Shartim shuki, ko‘p ichmasin. Amerikaliklar haligi zahri qotilni haddan ziyoda ichadi, deb eshitganman. Ichag‘on kishini jinim suymaydi.
U kulib yubordi.
— Bo‘pti, aytib qo‘yaman, — dedi va tilmochga o‘girildi. Tilmoch chet elchalab Charliga nimadir dedi. Charli “Es! yes!” deb bosh silkidi.
Shunday qilib, Charli biznikida o‘rnashib qoldi. Men uni Charlivoy deb chaqiradigan bo‘ldim. Avvaliga, biror haftagacha tilmoch kelib, ikkovimizning so‘zimizni bir-birimizga o‘girib turdi. Keyin, bora-bora tilmochga hojat qolmadi. Men oz-moz inglizcha, Charlivoy oz-moz o‘zbekcha tushunadigan bo‘ldi. Jilla qursa, barmoqlarni ishga solib, imo-ishora bilan gaplashamiz. Men qo‘limni og‘zimga qo‘yib, tomog‘imni takillataman. Bu — choy ichasanmi, deganim. Yoki qoshiq olib, kosaga solaman, o‘zimcha ovqat ichgan bo‘laman. Charli “Es!”, deydi yoki “No‘! No‘!” deb bosh chayqaydi. Bu ha, yoki yo‘q, degani ekan.
Charli biznikiga ko‘chib kelganda ayni Navro‘z edi. “Omading bor ekan, bola, — dedim ichimda, — xalq sayllarini ham, sumalakni ham ko‘radigan bo‘lding”.
Aytganimday uch kun o‘tib, chap tomonimizdagi qo‘shnimiz Musharraf xola sumalak qaynatishga kirishdi. Charli videosini sozlab, oqshom tushmasdanoq qozon boshiga borib olgan. Xotinlarning har bir harakatini suratga olayapti. Bir mahal u, imo-ishora bilan, bu qanday ovqat degandek so‘rab qoldi. Bu chulchitga nechuk tushuntiraman, e xudo! Oxiri bir siqim bug‘doy oldim, uning ustiga bir chimdim maysa qo‘ydim. Keyin maysani qaychi bilan kesdim, unga un sepdim. Charli anqayib qarab turibdi.
— Mana shunday sumalak chiqadi, bildingmi, og‘ayni? Sumala-ak!..
— Sum… Sum-malek, — deb Charli darrov daftariga yozib oldi. Tongotargacha ayollarning yonida o‘tirdi, hatto bir-ikki marta ularga taqlid qilib, qozonga qalaq ham urib ko‘rdi. Umuman, Charlining odati o‘zi shunaqa. Hamma narsani ushlab, tishlab, hidlab ko‘rishni yoqtiradi. Bir safar keliningiz kelib tuyib turgan edi, videosini ko‘tarib kelib qoldi. Birpas qarab turdi. So‘ng kelisopni so‘radi. Xotin kulib cho‘zdi. Charli uni ko‘tarib bir urdi, keli ag‘darildi, yer bilan bir bo‘lib, go‘ja to‘kildi. Charli qizardi, bosh egib uzr so‘ragan bo‘ldi, keyin cho‘nqayib olib go‘jani terishga tushdi.
Bir kuni qiziq bo‘ldi. Qirq kuncha ilgari nabiralik bo‘lgan edik. Quda taraf beshik olib keladigan bo‘libdi. Bilasiz, o‘zbekning beshik berdisi ham kichkina to‘y. Shuni o‘ylab, maktabdan ingliz tili muallimi Manzuraxonni chaqirib qo‘ydim. Charli “Bu nima? Bu nima?” deb so‘rayverib, qon qilmasin, dedim-da.
Aytganim bo‘ldi. Charli marosimni boshdan-oyoq suratga oldi. Yasatilgan toychoq-ku, nabiramga qo‘shilib, qahramonga aylanib ketdi. Ular o‘lganda o‘n martalab suratga tushgandir-ov. Axiyri navbat beshikka keldi. Manzura Charliga beshikning vazifasini obdon tushuntirdi. Bir vaqt desangiz, Charlining ko‘zi sumakka tushib qoldi. U sumakni olib, puflay boshladi.
— Bu surnaymi? Fleyta, da? — deb so‘raydi.
— Yo‘q, bu surnay emas, bolalar uchun ishlangan minikanalizatsiya, — deb tushuntirmoqchi bo‘ladi Manzura muallim. Charli “Bu asbobni hoziroq ishlatib ko‘rsating”, deb turib oldi. Mehmonning sazasi sinmasin, deb bitta nevaramni uyning orqasiga qarab yetakladim.
— Alijon, qani, bolam, bu sumak qanday ishlar ekan, mehmonga bir ko‘rsat-chi.
Alijon uyalibroq turdi-yu, baribir sumakdan suv oqizib ko‘rsatdi. Charli “O, key! Karosh, karosh!” deb hursand bo‘ldi. Xullas, Charliga eski beshikdan bir sumak olib berib, qutuldim. U ikki marta “Senk-yu! Senk-yu!” deb ta’zim qildi. Bu “Sovg‘a uchun rahmat”, degani emish.
Keyingi navbatda Charli bilan imo-ishora orqali gaplashaverib, jigarim xun bo‘lib ketdi. Shuning uchun Manzurani kuniga chaqirtiradigan bo‘ldim. Ikkovlashib, Charliga ko‘zmunchoqning nimaligini, omochning xosiyatini tushuntirdik. Kuvini — separator dedik, kelini qo‘l tegirmon, urchiqni ip yigiruvchi yog‘och, dedik. Qo‘shnimiz Sodiq akaning o‘g‘li armiyaga ketayotgandi, kuzatgani biz ham chiqdik. Onasi o‘g‘liga non tishlatdi. Keyin nonni taxmonga olib qo‘ydi. Buni ko‘rib, Charli so‘radi:
— Nega nonni berib yubormadi? Yo‘lda yeb ketardi o‘g‘li…
— Hov anavi qopchig‘i to‘la yegulik, — dedim. — Bu — irim. Yana non yegan yeringga omon-eson qaytib kel, degani bo‘ladi.
Charli daftariga hamma aytganlarimni yozib oldi.
Gapning qisqasi, bir oygacha Charli o‘ziga g‘ayritabiiy ko‘ringan narsalarni suratga olib, ta’rifini daftariga yozib bordi.
Men ham bir oy mister bo‘lib yurdim. Hikmatulla, degani tili kelmay, Charli meni mister Xek-matilda deb chaqiradi.
O‘ttiz kun deganda, tag‘in o‘sha tumanimiz rahbarining o‘zi keldi. Charlini mashinasiga o‘tkazib olib ketdi. Charli uy ichimizdagilarni qayta-qayta suratga tushirdi, hamma bilan, hatto sakson ikki yashar enam bilan ham quchoqlashib xayrlashdi.
— Rah-mat! Rah-mat! Rah-mat! — dedi uch marta.
Ikki oycha Charlidan darak bo‘lmadi. Yozning chillasiga yaqin undan xat oldim. U xatini tuman hokimiyatidagi kompyuterga yuboribdi. Odatdagi duoi salomdan va o‘ziga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun tashakkurdan so‘ng, Charli shunday deb yozadi:
“Mister Xek-matilda! Bir oy uyingda turdim. Bir oy sizlar bilan birga nafas oldim, qanday yashashlaringni, kundalik yumushlaringni, odatlaringni, to‘ylaring, azalaring, sevinchu tashvishlaringni kuzatdim. O‘zimcha ularni tahlil qildim, birovlarga qiyosladim. Xulosa chiqarmoqchi bo‘ldim. Ammo o‘yimning oxiriga yetolmadim. O‘zbeklarning kimligini, baribir to‘la-to‘kis tushunolmadim. Qanaqa xalq u, o‘zbeklar? Ularning ichki ruhiyati, qalb negizi qanaqa? O‘zbeklarni boshqa elatlardan ajratib turadigan xislatu xususiyatlar nima? Xullas, sizlar kimsizlar, mister Xek-matilda? Xatingni kutaman, o‘zbekka o‘zing ta’rif bermasang, men bu jumboqqa javob topolmadim. Do‘sting Charli”.
Men ham boshimni qashlab o‘tirib qoldim. Rostdan ham, biz kimmiz o‘zi? Shoir Erkin Vohidovning “O‘zbegim” degan mashhur she’ri bor. Erkin aka o‘zbekning kimligini ta’riflamoqchi bo‘ladi, lekin o‘zbekning buyukligi bitta she’rga sig‘armidi? Men-chi, men o‘zbekning nasl-nasabini qandoq qilib bir maktubga joylayman? Buning iloji yo‘qligini bilsam-da, bir urinib ko‘ray, deb, mana bundoq xat bitdim:
“Vaalaykum assalom, Charlivoy! O‘zbeklar qanaqa elat deb, gapning ochig‘i, meni ham qiynab qo‘yding, og‘ayni. Charli, sen bizning Nasriddin Afandini bilasan, uning qiziq-qiziq hangomalarini o‘qigansan, to‘g‘rimi? Xullas, Nasriddin Afandi o‘zbekning timsoli. Nasriddinga boq — o‘zbekka boq! Bir qarasang, dono, bir qarasang sodda-go‘l, bir qarasang — ayyor, bir qarasang — dovdir, bir ishini ko‘rsang — baxildan baxilga o‘xshaydi, bir qilmishi saxiydan saxiy kishini eslatadi.
Bo‘yi baravar qozon ko‘tarib, taniganni ham, tanimaganni ham chaqirib, to‘y qiladigan mehmonnavoz xalq — biz o‘zbeklar bo‘lamiz. To‘y o‘tgach, qora qozonni suvga tashlab, qotgan nonni kavshab, to‘yning gashtini o‘ylab, yonboshlab yotadigan qavm ham o‘zimiz bo‘lamiz.
Ishimizni bitirish uchun o‘g‘limiz tengi odamni aka, uning echkisini taka deguvchi, sermulozamat, seriltifot elat ham biz, o‘zbeklarmiz.
Aytmoqchi, mulozamatni bizchalik o‘rniga qo‘yadigan bironta qavm topilmasa kerak, Charli. Mana, senga bir misol. Aytaylik, ikki o‘rtoq, ikki quda safarga ketayapti. Vokzal. Poyezd keladi. Endi vagonga chiqish kerak. Bir quda ikkinchisiga yo‘l beradi,
— Qani, qudajon, chiqsinlar…
Ikkinchisi tisariladi:
— Yo‘g‘-e, quda, men sizdan oldin chiqamanmi? O‘zlaridan bo‘lsin, qani…
— Sizdan avval chiqsam, uyat bo‘lar, qudajon. Hurmatingiz bor. O‘zlari boshlasinlar.
Xullas, ular bir-birlariga yo‘l berib “siz chiqing, siz chiqing”, deguncha poyezd yurib ketibdi. Mana shular ham — o‘zbek!
Dalada tongdan to shomgacha ketmon chopib kelib, o‘zingga shukr, deb ko‘k choy shopirib yotguvchi qanoat egasi ham — o‘zbek.
Kechagina qo‘shnimning qulog‘ini cho‘zsang, kun ko‘rinardi. Ichgani obi yovg‘on edi. Endi cho‘ntagiga besh-o‘n tanga tushib, dimog‘i shishibdi, qorin qo‘yibdi. Ilgari meni ko‘rsa, assalom, akajon, derdi, endi, “hm, og‘ayni, ozib-to‘zib yuribsizmi?” deb kibrlanadi. Bu ham o‘zbekning bir toifasi. Xullas, ba’zida o‘zimiznikilarni o‘zim ham tanimay qolaman, Charli. Gapni cho‘zib o‘tirmayin-da, senga uch narsani aytib beray, shunga qarab o‘zing xulosa chiqarib olarsan.
Sen yashayotgan o‘sha mamlakatni Kolumbdan necha yuz yil oldin Beruniy degan bobom ochgan. Hatto xaritasini ham chizib bergan. Bu — bir.
Meditsina degan so‘z yana bir bobom Ibn Sinodan qolgan. “Madadi Sino” bora-bora meditsinaga aylangan. Bilasan, Ibn Sinoning tibbiyotga oid kitoblari Yevropada 600 yil qo‘llanma-darslik bo‘lib kelgan. Bu — ikki.
Mana, endi biz kompyuterlar asriga o‘tdik. Xatingni ham menga Internet orqali yuboribsan. Ammo o‘sha algoritmlarni birinchi bo‘lib kim ixtiro qilgan edi, hech o‘ylab ko‘rdingmi? Ha, barakalla! Algebrani, demak algoritmni ham mening ulug‘ bobom Muso al-Xorazmiy o‘ylab topgan! Yevropaliklar al-Xorazmiy deyishga tili bormay, algoritm deb o‘zgartirib olishgan. Mana, senga ola do‘ppi kiygan soddadil, topag‘on, goho erinchoq, goho tinim bilmas o‘zbekning kimligiyu nimalarga qodir ekanligi!
Dunyoda tilakning xili ko‘p. Ammo “Ko‘p yashang!” degan tilakni biz o‘zbeklar aytamiz. To‘qson yo yuz yil emas, ko‘p yashang! Senga ham xolis tilagim shu, Charli, Xudo qancha umr bergan bo‘lsa, yashayver, biz mingdan-ming rozimiz”.
Senga o‘zbekona salom bilan, Xikmatullaning to‘nini kiygan,
Sa’dulla Siyoyev