(Mehmonlar xususida feleton)
O‘zbek – mehmondo‘st. Shunchalikki, mehmonini padariday ko‘rib, uyning to‘riga o‘tirg‘izadi, parqu bolish va yumshoq o‘rinlarni to‘shab, eng tansiq taomlar bilan siylaydi. Ammo osh kelmaguncha ketishga ruxsat yo‘q: bu mehmonga ham ayonki, ko‘zi eshikdan o‘taveradi:
– Palovxonto‘ra qachon kelarkin-a?
LATIFA. Bir o‘zbek, deylikki, Mamarayim tog‘lardagi qo‘yboqar do‘stini yo‘qlab boribdi. Mezbon, masalan, Jalpaqboy quchoq ochibdi, o‘tovning to‘riga o‘tqizibdi, qora qo‘chqor so‘yibdi, bo‘zayu qimizlarni keltiribdi. Go‘shtni qovuribdi, qaynatibdi, olovga toblabdi, tutunda dudlabdi – ziyofat zo‘rdan-zo‘r. Biroq qora qo‘chqorning go‘sht-yog‘i sob bo‘lib, bir qisir echki so‘yilsa ham Mamarayim ketay demas emish. Ikki suruv qo‘y och-nahor, mehmon o‘tovga yotib olgan – Jalpaqboyning rosa boshi qotibdi.
– Ha kallavaram, – debdi qo‘shnisi Tugulbek, – osh qil, osh! Darrovda ketadi.
Xullas, Jalpaqboyning ayoli Oygulimxon bir cho‘qim osh damlabdi va dasturxonga duo o‘qilgach, Mamarayim uyi tomon qo‘zg‘olibdi…
U Jalpaqboyning o‘tovidagi gap edi, axir, biz o‘zbekmiz-ku: nega to‘yxonada oshni yeb bo‘lgach ham o‘rnimizdan tura qolmaymiz? Basharti, tursak ham darvoza yonida qoqqan qoziqday qaqqayib qotib turaveramiz? Bunisi ham holva, xizmatda qoyim sermulozamat yigitlardan biri keladi-da, yana ichkariga tortadi:
– Akalar, boyaginda odam ko‘p edi, yaxshi qarolmadik. Anavi xonaga kiringlar, “u-bu” op kelay, bir xizmatda bo‘lay, – deb yolg‘on manzirat qiladi.
Aslida bezor bo‘lgan to‘yboshi unga tayinlagan:
– Shunaqa deb, tirsagidan ushlab, ichkariga boshlasang bas, “bo‘pti, endi biz qaytaylik” deb yo‘lga tushadi, qutulamiz. Harna odam kamayadi, miyam suyulib ketdi, uka.
Biz esa haligi soxta manziratga chipa-chin ishonib, yana ichkariga kiramiz, tag‘in taom keladi, yonida sochiqqa o‘ralgan “u-bu” ham bor, keyin aroqxo‘rlik boshlanadi. Yarim soatlardan so‘ng spirt miyaga uradi-da, biror mehmonning og‘zidagi suyaksiz til yechiladi:
– Hoy, go‘sht-po‘sht ham bormi? Tuzlangan bodring ichaklarni shilib tashladi, axir.
Nachora, mehmonning amri vojib, ikki yigit go‘sht qovurgani tushadi. (Axborotingiz uchun raqam: 1 kg go‘shtning narxi – 16 ming so‘m!) To‘yxona o‘zi tor (uch sotix), vaqt ziq, hamma band, hali-zamon kelin keladi, to‘y bekasi bo‘lmish kennoyiga yana bir sandiq lattayu libos kerak, buni eshitib, to‘yboshi akaning patagiga qurt tushgan.
Innaykeyin, hurmatli mehmon, shu vaziyatda to‘rttangiz bir bo‘lib, hayhotday xonani band qilib, go‘sht yeb, aroq ichib o‘tirishga uyalmaysizmi? Do‘st bo‘lsangiz, turing, hovliga chiqing, mehmonlarga xizmat qiling, to‘y egasiga yordam bering. Do‘st bo‘lsangiz, to‘yboshining biror mushkuliga yelka qo‘ying. Undan ham eng afzali shuki, tezroq keting! “Qoling” deb, qistasalar ham “rahmat-rahmat” deng-da, yo‘lingizdan qolmang. Imoningiz komil bo‘lsinki, shunda to‘y egasi sizdan behad shodu minnatdor bo‘ladi.
Alalxusus, olisdan keladigan mehmon zoti mezbon sho‘rlik uchun yorilmagan yaraning o‘zginasi. Qay bir shahardan (qishloqdan) izzat qilib, yo‘lkiraga (to‘yonaga ham) chiqimdor bo‘lib, ko‘p aziyatlar bilan kelibsiz – qulluq, tashakkur. Ammo mezbonga ham osonmas: sizga alohida qozon osdiradi, ertalab soqolingizni taroshlagani ustarangizgacha topib beradi.
Hay, mana tun o‘tdi, yaxna go‘sht, qaymoq-qatiq va gijdalar bilan nonushta nihoyasiga yetdi. Azbaroyi insof-da, yana kun bo‘yi to‘yxonada yuraverasizmi? Nonushtadan so‘ng shartta keta qolganingizda ko‘p soz ish bo‘lardi-da.
Mana shunday qilaverib, odam deganni mehmondan bezdirib qo‘yamizki, bu – yaxshi emas. Goho-goho “mehmon” so‘zini eshitgandayoq lablarga uchuq toshmog‘ining boisi ham shunda, hatto, axiyri, bezgak tutishi ham mumkin.
LATIFA. Yarim tun. Afandi uy ichida endi to‘shakka kirgan ekan, dahlizda birovning bejo qadam tovushlari eshitilaveribdi. Qo‘rqib ketgan ayoli:
– Turing–turing, dadasi, qarang-chi, – debdi.
Dahlizga chiqqan mulla Nasriddin iljayib qaytib kiribdi va debdi:
– Xavotir bo‘lma, onasi, o‘g‘rilar ekan.
– Hayriyat, – deya yoqasiga tuflabdi ayol, – o‘g‘ri bo‘lsa, sadqai sar, mehmonmikan deb o‘takam yorilayozdi-ya!..
To‘y ko‘p, mehmon ham bisyor. To‘y – shodiyona, ammo o‘zi bo‘lmaydi, uning qancha quvonchi bo‘lsa, o‘shancha tashvish va ovoragarchiligi bor. Illo, mezbonga ham rahm–shafqat lozim, uni ayaylik.
Hay, hammasi o‘tadi. Eru xotin “shukur, shukur” deydilar, kelin xizmatni boshlaydi. Keyin barcha zahmat supurgining zimmasiga tusharkan. Lekin supurgi ham xafa bo‘lmasa-da, har zamonda shunday deyarkan:
– Mehmon akalarning kelganlariga bir qulluq edi, ammo ketganlariga ming qulluq.
Hurmatli mehmonlar! Qissadan hissani tushungandirsiz, a?..
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 2012 yil