Usta Soatning bozori kasodga uchradi. Qorkurak yasay desa, qishloqda sanoqligina odamning tomi shifersiz. Odamlar molxonasi-yu qo‘ra-qo‘tonidan tortib tovuq katagigacha shiferlab olgan. Tomga tushgan qor borki, o‘zi erib ketaveradi. Ustiga ustak oldingidek qalin qorlar ham yo‘q, qorkurakni olib yo‘l ochayin, desa! Avvallari ko‘p qor yog‘ardi. Uncha-munchaga erimasdi. Usta Soat shu zamonlarni, bolaligini esladi. Tizza bo‘yi bo‘lib yoqqan qorlar ko‘z oldidan o‘tdi. Hamma ertalab turib qor kurashga tushardi. Quyoshning zarrin nurlari yerga tushib, qorni eritmasidan turib ishga kirishilardiki, bugun ular xuddi ertakdek tuyuladi.
Ilgarilari ustaning oshig‘i olji edi. Qishloqda undan bo‘lak usta yo‘q edi. Unga odamlarning ishi ko‘p tushardi. Ayniqsa, kuzda, to‘ylar ko‘paygan kezlarda qo‘li qo‘liga tegmasdi. Qishloqda qiz uzataman yo o‘g‘il uylayman degan odam borki, uning oldiga kelardi: usta aka to‘y boshlab qo‘ydik, pishiqroq qilib bir sandiq yasab bering. Yoki bo‘lmasa, qahraton qish kunlari “Usta aka, qorkuragim sinib qoldi, tomdan tushiboq, chopib oldingizga kelyapman”, degichlar qancha edi? Usta bir kuni yoti-ib, shularni o‘yladi. Mehr bilan yasagan tol beshiklari, marhumning jussasini o‘zicha chamalab yasagan omonat tobutlari, barchasi birma-bir ko‘z o‘ngidan o‘tdi. Ko‘ngli beixtiyor shu damlarni qumsadi. Ajabtovur ishlar bo‘lib ketdi, xayolidan o‘tkazdi. Keyingi paytlarda odamlar beshik ham yasatmay qo‘ydi. Hu o‘sha, Oq to‘nli tog‘larini o‘zlariga makon qilgan qo‘ychivonlarni aytmasa, birov ustaxonasiga mo‘ralay demaydi. Qo‘ychivonlar ham ustani ahyon-ahyonda yo‘qlab turishadi.
Ustaning fikricha, shahar ko‘rgan bir-ikki olifta qishloq odamlarini buzdi. Shahardan turli matohlar bilan bezatilgan beshik olib kelib. Shundan buyon otlisi ham, piyodasi ham chaqali bo‘lar-bo‘lmas shaharga qarab chopadi. Bu dahmaza nimaga kerak, usta tushunmaydi. Avvallari falonchining xotini yo kelinining ko‘zi yoribdi, deb eshitsa, ustaning piligi yonib ketardi. Darrov chorbog‘ oralab, tol novdalarini qirqib chiqar va gudakka umr tilaganicha beshik yasashga tushardi. Ustaning ko‘ngli shu damlarni tusaydi.
O‘zi ustaning peshonasi sho‘r ekan. Buni qarangki, bugun u yasagan tol tobutlarga ham hojat yo‘q. Qishloqda faqat birgina tobut borki, aza bo‘lgan joyda hoziru nozir. Oldingidek har bir marhum uchun alohida tobut yasalmay qo‘ydi.
“Nima bo‘lganida ham shu omonat tobutlar durust edi”, xayolidan o‘tkazdi usta. Yengil va o‘lgan odamga loppa-loyiq bo‘lardi. Hozirgi yakka tobutchi? Birinchidan og‘ir va besunaqay. Ichiga kichikroq jussali ikkita o‘lik sig‘adi. Tol tobutning yana bir afzalligi u ho‘l va marhumga sodiq edi. Chunki u qabr tepasida marhumning oxirgi ulovi sifatida qolardi. Hozirgi hashamdor tobutchi? Kimsasiz cho‘lda yo‘lovchini tushirib ketgan ulovdan farqi yo‘q…
Usta shularni o‘ylar ekan, ko‘nglidan bir fikr o‘tdi: nahotki odamlar shuni tushunishmasa? Hech bo‘lmasa odamning oxirgi ulovi o‘ziga qolsa, uni boshqa birovlar minmasa…
U shu tobda harbiy xizmatda ko‘rgan g‘ayridinlarning odatini esladi. Ularda har bir o‘likning o‘ziga tegishli tobuti bor. Unga o‘zidan boshqasi egalik qilolmaydi. Ustaning beixtiyor g‘ayridin hamkasblariga havasi kelib ketdi…
Usta ichini hech kimga yorolmadi. Faqat tezroq o‘lgisi va o‘zi uchun toldan alohida tobut yasab qo‘ygisi keldi. Chorboqqa kirib, tol novdalarini erinmay qirqdi. Yaxshilab qirtishlab, novdalarni po‘stidan ayirdi. So‘ng qalin va yumshoq “ichak ip” bilan bir-biriga mahkamlab bog‘ladi. Anchadan beri tobut yasamagani yoki bilaklaridan kuch ketgani uchunmi, ancha urindi. U xuddi birinchi marta tobut yasayotgandek edi…
Usta tobutni chorbog‘ning panaroq joyiga, yo‘ng‘ichqapoyaga sudrab borib, qo‘ydi va ancha xotirjam tortdi.
Oftob qishloq adog‘idagi cho‘l qa’riga imillab bota boshladi. Shafaq unsizgina o‘layotgan kampirdek sekin-asta so‘na boshladi. Biroz o‘tib gung va kar tun borliqni chulg‘adi.
Erta tongda ustaning uyida odamlar to‘planishdi. Usta ularning qurshovida qishloqdagi ne-ne odamlarni so‘nggi safariga eltib qo‘ygan yakka tobutda boqiy hayot sari yo‘l oldi. Yasagan oxirgi tobuti esa savil qoldi. Yomg‘irlarda namiqdi, yerga botibroq o‘rnashdi. Osmon tiniqlashdi, yer qizidi. Yam-yashil maysalar bosh ko‘tardi. Tikanlar o‘sib chiqa boshladi. Tol tobut ham kurtak chiqarmoqqa urindi, lekin majoli yetmadi. Kun sayin yashnayotgan o‘tlar, tikanlar orasida asta-sekin quriy boshladi.