Rahmat Fayziy. Hazrati inson (roman)

BIRINChI BOB

Mehrinisa eri idoraga borib kelaman, deb chiqib ketgach, dasturxonni yig‘ib, samovarning kulini qoqdi, suv to‘ldirib, olovini yangiladi. Eri ko‘chadan kelguncha yengil-elpi kirlarini yuvib olmoqchi bo‘ldi. Aksiga olib, ertalab limmo-lim oqayotgan suv tinib qolibdi, ariqning takkinasida jildirab yotibdi. Kecha kechqurun, loaqal azonda chelaklarga to‘ldirib olmaganiga achindi. Zahri sinib, tinib turardi. Mehrinisa shularni ko‘nglidan o‘tkazib, ikkita chelakni hovuzcha labiga olib bordi. Zndi yog‘log‘i bilan to‘ldira boshlaganida, eshikdan Iqbol satang kirib keldi.
— Kuyov bola yo‘qlarmi deyman, taq-tuqlari eshitilmaydi,— deganicha ikki qo‘lini cho‘zib, Mehrinisaga yaqinlashdi, — bir dam olsin debdilarda-a?
Mehrinisa yog‘log‘ini qo‘yib, malul-xotirlik bilan o‘rnidan turarkan, «Kap-katta bo‘lsayam bachkanaligi qolmadi-da, «kuyov bola»ga balo bormi», deya ensasi qotib, g‘ijindi-yu, ko‘zi ko‘ziga tushib, shu lahzadayoq chehrasi yorishib ketdi. Iqbol satangning ko‘zlarida sehri bor, bir qaragan odamini rom qilib oladi, deyishardi xotinlar. Mehrinisa bunga ishonmasdi, Shu rost ekanmi, hozir ko‘risha turib, o‘zi ham shunday holga tushdi, bachkana qilig‘ini ham unutdi, dilgirligi ham yozilganday bo‘ldi. Qaysi bir yiliyam bir to‘yda maqtab gapirgan gaplari esiga tushib ketdi.
— Huzur-huzur sizniki-da, Mehrinisa,— derdi Iqbol satang uni quchog‘idan qo‘yib yubormay, — baliqdaysiz a, baliqday. Tup tup, qo‘rqmang, ko‘zimda xolim yo‘q, qoqindiq.
— Qo‘ying, opa, shu gaplarni. Xotin kishi o‘ttizdan oshdi o‘tin bo‘ladi.
— Oho, siz o‘tin bo‘lgandayam shunaqangi o‘tinsizki, olovingizga hali to‘rtta Mahkamvoy yonadi-ya, girgitton.
Chindan ham Mehrinisa ellikka yaqinlashgan bo‘lishiga qaramay, o‘zini oldirmagan, yosh juvonlardek baquvvat, tetik edi. O‘rta bo‘y, to‘laligi saxti sumbatiga judayam yarashgan, agar sal et qo‘ysa yoki tashlasa qomatining bu xushsuratligiga putur yetguday. Hayot tirnog‘i hali peshanasiga chiziqlar tortib ulgurmagan, tortmoqchi bo‘lgandayam kuchi yetmagan bo‘lsa kerakki, qovoqlarini uyib, xomush bo‘lib turgan paytlarida razm solgan kishi ingichka ipning bilinar-bilinmas o‘rnini payqab qoladi. Qoshlaridan hamisha o‘sma arimaganidanmi yo asli o‘zi shundaymi, unchalik quyuq bo‘lmasa hamki, terib qo‘ygandek, terganda ham bironta tolasi chiziqdan chiqmaydi, tekis. Ko‘zlari hamisha yoshlarnikidek tiyrak, kulib turadi. Kulganida ikki yuzining kulchasidagi kulgichlari tag‘inam chuqurlashib, chap yuzining pastidagi yarim palla moshdek xolini bekitib yuboradi. Ko‘krak burma ko‘ylak qopga o‘xshaydi deyishgani bekor ekan. Sumbatiga qararkan. Saxti sumbati kelishgan juvon shu ko‘ylakda ham manaman deb turarkan. Uyga ham, to‘y-hashamlarga ham shu ko‘krak burmani kiyar, boshqasini yoqtirmasdi. O‘sma qo‘yishdan boshqa pardozni bilmagan Mehrinisani atlas ko‘ylak, pochasi jiyakli lozim, amirkon kavushda ko‘rgan qari ham, yosh ham havas bilan unga suqlanib tikilardi. Kampirlar darrov kimning kelini ekanligini surishtira boshlashardi. Necha-necha to‘yda, hatto azada ham o‘z qulog‘i bilan eshitgan u buni. Koshki kimligini surishtirib qo‘yisha qolsa, darrov nechta bolasi borligidan gap ochishardi. Befarzandligini eshitib, achinib rahmi kelganlar ham bo‘lardi, savlatiga hasad bilan tikilib, achitganlar ham. Biri: «Gulday juvon-a, shundoq o‘tayotibdi deng, sho‘rlik» desa, biri: «G‘oz yurib, sanab qadam bosishi to‘lg‘oq yemaganidan-da», derdi. Mehrinisa bunday paytlarda eshitib-eshitmaslikka olardi-da, sekin bir chekkaga chiqib turaverardi.
Qaysi bir to‘yda ham oshxonada ovqat suzayotgan ayol allakimga: «Hoy, onavi Mahkam taqachining xotinimi shu, bola ko‘rmay o‘tayotibdi deng?» deganini eshitib qolib o‘zini tutolmadi, hovli chekkasiga borib, yig‘lab turganida Iqbol satang payqab qolib, yoniga keldi, yupata boshladi:
— Hoy, manga qara, elama ularning gapini, og‘ziga kuchi yetmaganlar valdirayveradi-da, bo xudo, ko‘z yoshlaringdan aylansin, qo‘y yig‘lama. Bilasanmi, unaqalarga bo‘sh kelsang, battar gapiraveradi. Bo‘sh kelma. Oldilaridan besh kunlik kelinchakdek mana bunday chimirilib, tamanno bilan o‘tsang, og‘zi yumiladi, qoladi.
Iqbol satang Mehrinisani kuldirdi-yu, ko‘ngli joyiga tushib oshxonaga ketdi. Mana shu yupatgani sira esidan chiqmasdi.
Iqbol satang Mehrinisaning bir narsasini — eri bilan do‘konxonada bab-baravar ishlashini yoqtirardi. Uning bardamligi, chaqqonligi, o‘zini oldirmay ochilib-sochilib, bir husniga o‘n husn qo‘shilib yurishini tug‘maganligidan ham ko‘ra shu mehnatdan deb bilardi. U o‘zidan qiyos qilardi. Esini tanibdiki, tinmaydi. Og‘ir-engil demay mehnat qiladi. Bir lahza qo‘l qovushtirib turolmaydi. Shu vajdandirki, oltmishdan oshgan bo‘lsayam, charchashni bilmaydi, hamisha quvnoq, yuzlaridan xanda arimaydi.
Iqbol satangning hozirgi gaplari o‘sha to‘yda ko‘ngli o‘ksib turganidagi mehribonligini eslatdi.
— Voy, nima qilib turibmiz, esim qursin, opa, bu yoqqa chiqing,— dedi Mehrinisa ayvonga taklif qilib.
— Yo‘q, girgitton, o‘tirib qolaman. Hoy, opangizning o‘g‘li eson-omon yuribdimi? Shu yerdami?
Ko‘rpacha solmoqchi bo‘lib turgan Mehrinisa bir xil bo‘lib ketdi. Iqbol satang undan, «O‘g‘lingiz eson-omonmi? » deb so‘raganday bo‘ldi.
— Huvillagan hovlida nima qilardi. Shu yerda,— dedi xomush.
Mehrinisaning ruhiya-holatini darrov payqab olgan ziyrak Iqbol satang: «Nechuk urushga jo‘namadi, deb tushundiyov gapimni», deya ko‘nglidan o‘tkazdi-da, ortiqcha cho‘zmadi.
— Ha, boshi omon bo‘lsin.
— Aytganingiz kelsin, opa,— Mehrinisa buni ham «o‘zingga buyursin», degan ma’noda tushundi,— qani, birpas bu yoqqa chiqing, hozir samovarim qaynaydi.
— Ovora bo‘lmang, girgitton, anavi Zohidanikiga borib kelsakmikin devdim. Yaxshi, bo‘sh ekansiz.
— Voy, charlari bo‘lib qoldimi?
— Charlari deysizmi? Hali xabaringiz yo‘qmi, charlar sig‘armidi ko‘ngliga, aylanay.
— Nima devotsiz? Tinchlikmi o‘zi?
— O‘g‘li ketadigan bo‘lib qoldi-ku.
— Voy sho‘rlik. Yosh kelinchakni tashlab-a?
— Iloji qancha. Bu ham bo‘lsa yoshlarning sho‘ri-da, aylanay.
— Bunaqa ekan, uylanmay tursa bo‘lmasmidi?
— Shuni aytaman-da. Uyamas, buyamas, peshana, aylanay, bitilgani bo‘lmay qolmaydi. Bir chekkasi, girgitton, qizdan ham sal o‘tibdi, ha. Men siz deb aytvotman, bilaman, og‘zingiz mahkam. O‘zim-ku, umrimda yomon ko‘rganim gap tashishlik.
— Aytavering, opa. Bunaqa odatim yo‘qligini bilasiz-ku.
— Bilaman, bilaman, qoqindiq. Qiz degan narsa sal andishali bo‘lgani yaxshi-da. Ketib qolsangiz, mendan ayrilasiz, deb bo‘yniga osilib olgan ekan-da.
— Voy o‘lmasam,— Mehrinisa ikki kaftini yuzlariga qo‘ydi,— hali shunaqa deng. Ilgari gaplashib yurisharkanda, bundan chiqdi?— Mehrinisa shunday dedi-yu, Saltanatni ko‘z oldiga keltirdi.
— Gaplashishganda qandoq. Obidjonni o‘ziga isitib, bosh-ko‘zini aylantirib olgan ekan-da.
— Isitib deysizmi? Qiz boshi bilan-a?
— Ha, voy. Issiq-sovuq deyapman-ku. Soddasiz-a, aylanay, borib turgan soddasiz.
— Qayoqdan bilay, opa, eshitamanu, nimaligini bilmayman.
— Anuv Qashqar mahallada nafasi o‘tkir juhud domla bor ekan. O‘shanga borib isitib kepti. O‘z qulog‘im bilan eshitdim. O‘zigayam ozmuncha pul ketmabdi.
«Saltanat bunaqa narsalarni bilmaydi, shekilli?» degan xayol olib qochdi Mehrinisani.
— Shu rostmikan-a, opa?
— Voy, o‘z qulog‘im bilan eshitdim devotmanu. Tag‘in, girgitton, Zohidaning qulog‘iga yeta ko‘rmasin-a. Baloga qolaman.
— Esimni yebmanmi, opa, Tavba. Qiz narsa shularni eplaganini qarang.
— Pul nimalarni qilmaydi. Popopdan topgan pullari shunga ketibdi-da. Mana, epladi, oldi.
— Biron nima yedirganmi yo ichirganmi, opa?
— Voy Mehrinisa-ey, shuniyam bilmaysizmi, soddasiz, soddasiz. Birovning ostonasi tagiga amal ko‘mib ketadi, birovning soch tolasini olib iskatadi, birovning kiyimini. Bu qizi tushmagurning ustomonligini qarang. Bitta dona haligi shokoladli konfetni isittirib olibdi-da, uchrashganida, aldab turib, Obidjonning og‘ziga solibdi. Yigit narsa jon deb og‘zini ochganu, tuzoqqa ilinganini bilmay qolgan.
— Ko‘rib turganday gapirasiz-a, opa.
— Bilaman-da, aylanay. Shuniyam bilmasam nima qilib Iqbol satang bo‘lib yuribman. Illo, o‘zim ikki qiz chiqarib, shunaqa narsaning ko‘chasiga kirmabman-a. O‘zingga shukur.
Mehrinisa avvaliga: «Bo‘lsa bordir, bir-birinn sevgandan keyin ochiqroq gaplashgan, to‘yni tezlashtirishini aytgan bo‘lsa, aybmi?» deb qizni oqlab o‘tirgan edi, issiq-sovuq qilganini eshitib, ag‘rayib qoldi. Bunga ishonishni ham, ishonmasligini ham bilmasdi. Nahotki kap-katta, yurtda yurgan odam yolg‘on gapirsa?
— Tavba,— dedi u og‘ir uh tortib,— dunyoda bunaqa ishlar ham bo‘larkan?
— Shuning uchun aytaman-da, ko‘pam noshukurlik qilavermang deb, qoqindiq, bola deganning shunaqa tashvishlari ham bo‘ladi, ha shukur qiling, o‘zingiz xon, ko‘lankangiz maydonsiz, yomonmi? Voy, gapam o‘lsin, allavaqt bo‘ldi-ya, qani bo‘la qoling.
— Opa, axir mani bilasiz-ku.
— Hech aybi yo‘q. Azador bo‘lsangiz ham birrov borib ko‘ngil so‘rab kelishingiz lozim, tasadduq,— dedi nasihatomiz qo‘llarini paxsa qilib dasturxonchi.
— Mayliz, qo‘sqimni tashlay bo‘lmasa,— dedi itoatkorona Mehrinisa va kiyina boshladi.
Iqbol satang hovlidagi daraxtlarga birpas tikilib turdi-da, keyin ariqning narigi tomoniga o‘tdi. Olmadan bittasini uzib «Eginam demaysiz-a», deya piching qildi. Bu bilan u: «Topilmaydigan juvonsanu, qurumsoqliging borda», degan ma’noni anglatmoqchi edi. Mehrinisa uning bu gapini eshitmadi, uyga kirib ketdi. Iqbol satang yo‘g‘on oziq tishlari o‘rnidan ariqcha qoldirib, qirmizak olmadan tishladi, og‘zi burushib, bir seskanib oldi. Hasad bilanmi, xavasi kelibmi, daraxtdagi olmalarga tikildi, keyin endi ko‘rayotgandek hovli sahnini ko‘zdan kechirdi. Hamma yoq chinnimohdek. Shuncha daraxtu, tagida bitta barg ko‘rinmaydi. «Pesh tushganini pesh olib turadimi deyman,— o‘ylay ketdi u,— qachon qarasang, hovlisi yog‘ tomsa yalagudek. Saranjom-sarishtaligi-chi. Hammasi saltisvoyligidan. Etagidan boshqa og‘irligi bormi. Fe’li torligiyam shundan bo‘lsa kerak. Shuncha yil dasturxonchilik qilib, shu hovlida to‘y tugul kichikroq bir yig‘in bo‘lganini bilmasam-a. Nomus kuchlilik qilib, ro‘zada iftorlik qildiradi. Shungayam hushiga yoqqan bir-ikkita qo‘shnini chaqiradi. Muncha titrab-qaqshamasa. Tavba: Dunyodan nima olib ketarkin?»
Iqbol satang mahalladagi har bir xonadonga necha marta to‘y qilgani-yu, kimlarga qanday sarupolar qo‘yilgani, tortilgan to‘qqiz-to‘qqizga qarab baho berardi. Qiz chiqarib, kelin tushiradigan xonadonda-ku, necha kunlar girdikapalak bo‘lib yurar, oldi-soldiga o‘zi boshchilik qilib, sarupo kiymaguncha ko‘ngli o‘rniga tushmasdi. Qiz bilan yigitning bir-biriga ko‘ngli bormi, munosibmi, to‘y qilishga qudalarning qurbilari yetadimi, yo‘qmi, tushgan kelin, uzatilgan qiz tinib-tinchib ketadimi, yo‘qmi, bu bilan uning ishi bo‘lmasdi. To‘yning bosh-qoshida bo‘lsa, sarupo kiysa bas. «Bu dunyodan olib ketadiganim shu. Ikki yoshni qovushtirishdan katta savob bormi», derdi ikki gapning birida. Yurt boshiga tushgan kulfat to‘y-hashamlarni ham to‘xtatib qo‘ydi. Kimning ko‘ngliga to‘y sig‘ardi shu kunlarda. Iqbol satangning yurishi kamayib, topishining tayini qolmadi.
Urush boshlangandan buyon mahallada bo‘lgan to‘y Zohidaning kelin tushirishi bo‘ldi. Bu ham Iqbol satangning zo‘ri bilan qilindi, «Bo xudo, ko‘rganingiz qoladi, Zohidabonu, qo‘lingizda borida qilavering», deb dalda berdi. Keyin xoli topib qiz bilan gaplashdi, «Salimaoy, bo‘ylaringga qoqindiq,— qizning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, boshini siladi,— seni ko‘rsam, oyingni ko‘rganday bo‘laman,— ko‘ziga yosh oldi Iqbol satang,— rahmatlik qizimni uzatib kuyov ko‘rsam diy-diy armoni ichida ketdi, niyatiga yetolmadi. Egachimning arvohini xushnud qilay. O‘zim bosh bo‘lib uzatay, dadang ham bir nima demaydi, menga… Onang-ku, tavba qildim deb gapiray, qutulganiga shukur qiladi. Bilaman, siqilasan, kun bermaydi u, o‘gay o‘gayligini qiladi-da, bolam. Obidjonga ayt, to‘yni tezlashtirsin», deganida Obidjonning nomini eshitib, Salima bir cho‘chib tushdi. O‘rtalaridagi sirdan dasturxonchining xabardorligidan hayron bo‘ldi, o‘zini bilmaslikka olib, talmovsiradi. «Nima deyapsiz, xola, Obidjoningiz kim?» dedi. «Ey, bolam-ey, bolam-ey, meni hech narsani bilmaydi, deb o‘ylaysan shekilli, hammasidan boxabarman. Ko‘ngling o‘shanda, u ham seni jonidan yaxshi ko‘radi. O‘ziyam yigitmisan, yigit-da. Qo‘ldan chiqarma. Hammasi o‘zingga bog‘liq. Ayt, to‘yni jadallatsin», deya Salimani bag‘riga bosdi. «Qaysi yuz bilan aytaman, xola? – dedi o‘ychan ko‘zlarini yerga tikib Salima. «Voy, ko‘ngil qo‘yganing bekor ekan-da, shu gapni aytolmasang. Ertaga shartta urushga ketib qolsa nima qilasan. Harna ko‘rganing g‘animat. Ajabmas, seni deb qolib ketsa…»
Oradan sal o‘tmay Obidjon bilan Salimaning to‘ylari bo‘ldi. Iqbol satang niyatiga yetib, o‘zi bosh bo‘lib, ikki yoshni qovushtirib qo‘yganiga ikki haftadan oshdi. Bugun Obidjon frontga jo‘naydigan bo‘lib qoldi. To‘ylarida bosh bo‘lgan Iqbol satang endi hijron ko‘chasiga kirayotgan yosh kelin-kuyovdan ko‘ngil so‘ramoqchi, Obidjonni kuzatgani chiqmoqchi.
— Hoy, Tojixonniyam aytaymi,— dedi Iqbol satang Mehrinisa kiyinib chiqishi bilan devor tomonga ishora qilib,— eri jo‘naydigan kuni Zohida yelib-yugurib xizmat qilgandi. Eshitsa, gina qilib yurmasin,— u bo‘ynini cho‘zib, o‘zi chaqirmoqchiday qo‘shni hovliga qarab qo‘ydi.
— Rost aytasiz, opa, hozir chaqiraman,— dedi Mehrinisa. U ayvondan tushib, devor tagiga bordi, qiyshayib turgan kursiga chiqib chaqirdi. Tojixon kiyinib chiqadigan bo‘ldi.
Ular Zohidanikiga borishganda, qo‘ni-qo‘shnilar to‘planishgan, Zohidaning o‘zi bo‘g‘irsoq pishirish bilan ovora edi. Ayvonning bir chekkasida patir yasayotgan kelin mehmonlarni ko‘rishi bilan, unli qo‘llarini qoqib irg‘ib o‘rnidan turdi, hovli yuziga tushib, ularga salom berdi, ko‘rishib bo‘lishgach, ohista ayvonga chiqib, chaqqonlik bilan yangi ko‘rpacha yozdi, iliq tabassum bilan ularni o‘tirishga taklif kildi.
— Omin,— dedi poygakka o‘tirgan Iqbol satang qo‘llarini ochib,— Obidjon oy borib, omon kelsin!
Kelin salom berayotganida Mehrinisaning yuragi shir etib ketganicha, o‘zini bosolmas, undan ko‘z uzolmasdi. «Nahotki shu qizdan shuncha ishlar kelsa?..» deb ko‘nglidan o‘tkazib turganida, tik turib choy uzatayotgan Salima oldiga keldi. Boyagidek tabassum bilan piyola uzatdi.
— Rahmat, bolam, ko‘p yashang,— dedi Mehrinisa kelinning qo‘lidan choy ola turib,— siz bemalol xamiringizga qarayvering, o‘zimiz quyib, ichib o‘tiramiz.
Shundan keyingina Salima ohista supra yoniga borib, tiz cho‘kdi.
Mehrinisa unga tikilgancha o‘tirardi. Kelinning qovoqlari qizargan, shirmoyi yuzlari sal siniqqanligini aytmaganda, o‘zini tetik tutar, ora-sira mehmonlarga yer ostidan ziyrak qarab qo‘yar, boshiga tushayotgan hijron azobini sezdirmaslikka harakat qilardi. Uning epchillik bilan zuvala yoyib, patir yasashi, o‘rtasiga chakich, chekkasiga kalit urishi, xinali nozik barmoqlari bilan chimchilab-chimchilab gardishiga kungira solishi, erini frontgamas, kurortga kuzatayotgan kelinchakning harakatlariga o‘xshardi.

Romanning to‘liq matnini (kirill alifbosida) PDF formatda saqlab oling