Otasi tengi odamni sensiradi.
Yaramas, barzangi! Yuzingda ko‘zing bormi, demadi-ya!
— Kutubxona-mutubxonangni bilmayman. Kitob-pitoblaringni yo‘qot! Bir kunda surib tashlayman… Indamasa, o‘zingdan ketasan!..
Eshik ortidagi bu do‘g‘u siyosatni eshitib turgan bolaning oyoq-qo‘li bo‘shashib ketdi. Bechora Hasan muallimga ich-ichidan achindi, xo‘rligi keldi, qani endi hozir eshikni bir tepib ochsa! O‘ljasiga tashlanayotgan qirg‘iyday hurpayib turgan Shodi barzangining naqd kekirdagini uzib tashlasa. Changalidan sho‘rlik muallimni ozod qilsa.
— Ichkarida kim bor?! — o‘dag‘ayladi barzangi.
— Hech kim… hech kim, inim… Endi, inim shuncha narsa… bahorgacha…
Bolani titroq bosdi. Ichidan qirindi o‘tdi. Hasan muallimning barzangi oldida bosh egib, mumsikkina bo‘lib, muztar tortib turgani ko‘z oldiga kelib, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Anchayin mo‘lu ko‘l, katta xonaning to‘rtta devoriga ham shift barobar taqalgan javonlarda kitob liq to‘la. Pastda ularga tirkalgan keng stollar ustida ham kitoblar taxlam-taxlam. Shuning uchun ichkarida bir stol siqquday, ya’nikim, bir dasturxon solguday bo‘sh joy qolgan.
Eshik ortida, dahlizda barzangi yana “gumburladi”:
— Nima?! Bahor-mahoringdi bilmayman. Men senga bo‘zchining mokisi emasman. Shundog‘am betimning suvi besh to‘kilib oldingga ikki marta keldim. Qush begi bilan shovla yemabdi. Itning kallasini tovoqqa solsa yumalab ketgan ekan, izzatingni bilmaysan, mana hokimning qarori. Joy meniki, otam zamonida o‘zingga o‘xshagan allaqaysi bir tentak rais shu yerni kitobxona qil desa, degandir. He-y, kitobingdan seni!..
Muallim nimadir deb g‘o‘ldiradi. Bola eshitmadi. So‘ng durso durs qadam tashlab, Shodi barzangi dahlizdan chiqib ketdi — eshik qarsillab yopildi. Holi tang muallimning bir burdagina bo‘lib qolgani ko‘z o‘ngida gavdalangach, bola yig‘lab yubordi.
Bola ohista yurib, xona derazasi yoniga bordi. Tashqariga qaradi. Derazaning kir-chan oynasiga yomg‘ir tomchilari urila boshladi. Ko‘ngli kabi qoraygan osmon ostida sukutga cho‘mgan qishloq uylari, adirlik sari o‘rlagan tosh yo‘l, zamonaviy shamoyildagi maktab binosi, sartaroshxona, Sodiq polvonning oziq-ovqat va xo‘jalik mollari sotiladigan do‘koni, masjid, beriroqda esa mana shu — Shodi barzangining internet kafesi ko‘zga tashlanadi.
Yomg‘ir avjga chiqdi. Tomchilar deraza oynasiga shitob bilan urila boshladi. Xona ichini to‘lg‘oqli bir og‘riqdan xalos etish uchun bola derazaning kichik ko‘zini ochdi. Zax hidi o‘rnashgan xonaga muzday havo kirdi. Shu topda bola tosh ko‘chada yomg‘irda yelka qisib yugurgilab ketayotgan Ra’noni ko‘rdi.
Qayoqqa, e-e, u ham internet kafe tomon chopqillayaptimi? Bola olchagulli satin choponiga o‘ranib, boshiga zar durra tang‘ib olgan, yelkasidagi ikki o‘rim sochi yugurganda o‘ynoqlayotgan sinfdosh qiz ortidan alam bilan qarab turdi. “Buyam shu yoqqa borarkan-da, aytdim, bu yerga kelmay qo‘ydi”. Bola ilk bor o‘zini yolg‘iz, kimdandir, nimadandir ayrilib qolganday his qildi. Nazarida Shodi barzangining “kompyuterxona”si tund va ezg‘indi borliq ichra peshonasidagi turli rangda tovlangan chiroqchalaridan olov taratib, ojiz bir g‘aribu xaroba kulba — Hasan muallim alqab-azbayishtalagan kutubxona tomon bostirib kelayotgan, uni yutib yuboradiganday edi!.. Bolaning peshonasidan muzday ter silqidi. Ko‘z oldi xiralashdi. Beholgina liqildoq kursiga cho‘qdi.
Eshik g‘iychillab ochildi, ichkariga bukchaygan ko‘yi, ozg‘in, tarashaqoq Hasan muallim kirib keldi. Bola unga alam va iztirob bilan tikildi. Ko‘z kosasida qaynoq yoshlar girillab aylanar edi. U qaqshab-quruqshab borayotgan og‘zini havo yetishmayotgan kabi hansirab ochdi. So‘ng ustoziga o‘kinch va xavotir bilan qaradi.
— Ular bostirib kelishyapti, biz kamayib qoldik, — dedi bola lablari titrab.
Qoqsuyak muallim sapchib tushdi. Aqli-hushi uchib, bolaga razm soldi:
— Nima? Alahsirayapsanmi? — Bolaning peshonasiga kaftini bosdi. G‘alati bo‘lib ketdi — harorati baland.
Muallim yon cho‘ntagidan oq ko‘ylak tugmasiday tabletka olib, bolaning og‘ziga soldi-da, eshik yonidagi pechka ustida joylashgan chovgumdan piyolaga iliq suv quyib ichirdi.
— Hech kim bizni bosib ololmaydi, biz ko‘pchilikmiz, bolam, — dedi boshini silab. So‘ng, ozg‘in va kichik jussasini yanada egib, kursiga o‘tirdi.
— Ana u ham ketayapti. Endi uyam kelmaydi, — dedi o‘smir ko‘zlarini bazo‘r ochib.
— Kim u? U deganing kim?
— Ra’no! Ra’no ham ketdi.
— Yo‘q, Ra’no ketmaydi. U aqlli qiz. Ra’no internetdan yorug‘lik izlaydiganlar xilidan.
Bola og‘ir-og‘ir nafas olib, o‘rnidan turib, muallim tomon chayqalib yura boshladi. Uning nazarida xona ichi chirillab aylanar, javondagi kitoblar varaqlari ochilib, ularda turli xil qiyofalar jonlanar, gohi shu kitoblardan ko‘zini qamashtiradigan darajada nur taralar, bola esa shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘zimni ocholmayapman, deb o‘ylardi. Muallim uni suyab qoldi, tabassum zohir yuziga angrayib qaradi-da, pech yonidagi shalog‘i chiqqan, chirik divanga yotqizdi.
…Shu damda deraza lang ochilib ketdi, go‘yo. Xonaga deraza kengligida yog‘du tushdi. Yog‘du ko‘kka o‘ralab, osmon toqiga tutashib turardi. Qiziq, chor taraf qorong‘i… Faqat falakka sanchilgan yog‘duyo‘lak bo‘ylab bolakay yuksaklik sari chiqib boryapti. Mana, yonida Hasan muallim ham paydo bo‘ldi. U qirrati-soqtiyon, iyig‘i chiqqan eski yomg‘irpo‘shini irg‘itib, bosh-oyoq oppoq kiyinib olibdi. E, bola ham oq-oppoq kamzul-ishtonda… Ikkovlon yog‘duyo‘lak ichida nurga g‘arq bo‘lib tobora balandlab borishmoqda. Bir pasdan so‘ng yog‘duyo‘l ichida turgan ulug‘ zotlarni ko‘rishdi. Ularning har biri qo‘lida kitob, kitoblardan ham nur taralmoqda. Bola shod. Quvonchi ichiga sig‘maydi.
— Ular bizning yo‘limizga chiqishibdi-a, ustoz?
— Ha, senga peshvoz chiqishdi.
— Sizga-chi?
— Menga ham. Sen ularni taniyapsanmi? Hu-uv, ana, biz tomon jilmayib turgan zot hazrat Navoiy, u kishining berirog‘ida Bobur Mirzo turibdilar. Ana Pushkin, Tolstoy, bir yonda Hofiz, Bedil… Hamma-hammalarini nomma-nom aytmasam ham taniyotgandirsan.
— Taniyapman… Tanidim… ustoz, qarang, ortimizdan kutubxonamizdagi kitoblar uchib kelayapti.
— Ko‘rdim…
— E-ey, anavi pastga, yerga qarang, bizning kutubxonamizga quyosh kirib olganga o‘xshayapti. Undan atrofga nur taralayapti. Kutubxonamiz yaltirab, nur sochib turibdi. Ustoz, uni hech kim buzolmaydi-a?
— Yo‘q. Hech kim buzolmaydi. Nur zulmatda qolmaydi, o‘g‘lim, qara, qancha ulug‘lar bizga yuzma-yuz chiqishdi. Ular bunga yo‘l qo‘yishmaydi.
…Tuyqus bolaning ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Tomirga yuborilgan ukol dori ta’sirida ko‘zini ochdi. Tepasida ko‘z yosh to‘kib turgan enasi, qo‘lchalarini duoga ochib pichirlayotgan kichik singlisini hamda ukol tayyorlayotgan Sharif do‘xtirni ko‘rdi.
— E-ey, shoir jiyan, bunaqamasda endi, mana yana bitta ukol qilsam bas, hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Qani, yaxshi, qo‘lni uzating. Qo‘rqmang, jiyan.
Sharif do‘xtir daftariga u-bu narsalarni yozdi. Bolasi boshida jonhalak turgan ayolga nimadir deb pichirladi-da, temir qutichadan uch-to‘rt xil tabletka olib, xontaxta chetiga qo‘ydi.
Narigi xonaga kirib chiqqan ayol do‘xtirning cho‘ntagiga qo‘l soldi.
— Iloyo baraka toping, do‘xtir, kam bo‘lmang, aylanay, — dedi ayol.
Do‘xtir ketdi. Besh yashar singil betob akaning peshonasini silab qo‘ydi. Enasi nimkosada qaynoq sut uzatdi. Bola yarim bel bo‘lib o‘tirib sutni ichdi.
— Ena, men yaxshiman, xavotir olmang, — dedi bola.
— Hey, bolam-a, shunday deysan-a, bolam. Jonim senda ekanini bilmaysan.
— Ena, meni uyga kim opkeldi?
— Hasan malim suyab keldi. Oyog‘ingda tik turib alahsib, gapirib kelayotganingni ko‘rib, tos-tubamdan hushim uchdi, bolam. Malimga ham nima desam dedim, bechoraning tengini berdim. Jahl chiqsa, aql ketarkan…
— Ena, malimni urushdingizmi?
— Kitob-pitobingiz boshingizdan qolsin, — dedim.
— Bekor urushibsiz-da, ena.
— Malim xafa bo‘lmaydi.
— Otam qani, ishdan kelmadimi, hali? Soat nechchi bo‘ldi, ena?
— Kech bo‘ldi. To‘qqiz bo‘lgandir. Otang ishdan keldi, u kishi ham Hasan malimnikiga ketdi.
— Nima uchun?
— Malim kelib opketdi. “Damas”ingizda kutubxonadagi kitoblarni uyimga tashib olaylik, yordamlashing deb, yalinib keldi…
— Yaxshi qipti, otam borib. Malimga yordam berishi kerak. Ertaga kutubxonani buzishadi. Shodi qasami buzadi.
— Endi uxla, bolam, ma, manavi dorini ich, do‘xtir tayinlab ketgan, ich bolam, ich.
Bola ertalab yengil tortib uyg‘ondi. Ahvoli ancha durust, hech narsa ko‘rmaganday. Enasining qiyin-qistoviga yarasha ko‘z ko‘rdiga u-bu narsa totinganday chala-chulpa nonushta qildi. So‘ng enasining xay-xaylashiga qaramay, apil-tapil kiyina boshladi.
— Ena, otam qayoqqa ketdi?
— Bozorga.
— Kitoblarni tashib bo‘lishibdimi?
— Qayoqda deysan? Yarmi qop ketibdi. Malimning uyi ham kitobxona ekan, deydi otang.
Bola yov quvganday shosha-pisha, uyidan otilib chiqdi. Kutubxona tomon halloslab yo‘l oldi. Muyulishdan o‘tgach, taqa-tuq qilib kutubxona tomini buzishayotgan bir xil libosdagi yigirma chog‘li odamni ko‘rdi. Yuragi hapqirib ketdi. Beixtiyor yugura boshladi. Bola qanday yetib kelganini bilmaydi. Bino yonida tumshug‘iga cho‘mich osgan hamda oldida surgichi yaltillab turgan allambalo ikkita traktorni ko‘rdi.
“Tuman markazidan olib kelibdi, barzangi” deb g‘ijinib qo‘ydi. Bola bunday traktorlarni televizorda ko‘rgan edi. U chor tarafga alangladi. Shundagina mung‘ayib turgan kutubxona atrofida ancha-muncha tomoshatalab odam yig‘ilganini payqadi. U odamlar orasidan Hasan muallimni izlay boshladi. Ko‘rinmaydi, tomoshaga ko‘ngli bo‘lmagandir, ehtimol. Yo‘q, ana, Hasan muallim kutubxona ichidan bir o‘ram kitobni quchoqlab chiqib keldi. Ortidan Shodining devday kelbati ko‘rindi. Bola muallimga yordamlashmoqchi bo‘lib yugurdi.
— Bo‘ldi! Bir daqiqa ham kutolmayman. Pichoq suyakka taqaldi. Manavi texnikaning har minuti pul. Sening isqoti kitoblaring deb ular kutib turolmaydi. Ana, tomni ham buzib bo‘lishdi, — dedi g‘ijinib barzangi.
Muallim qo‘lidagi kitoblarni tashlab yubordi-da, o‘tirib qoldi. Bola muallimni suyab o‘rnidan turg‘izdi-da, chetga olib chiqdi. Muallimning ko‘zlari jiqqa yosh, bosh egib uyiga jo‘nadi; bu yog‘iga yuragi dosh berolmadi. Shodi barzangi hangomatalab to‘da ichida mo‘min-qobil bo‘lib turgan Qulbek maxsumga g‘azab bilan, o‘qrayib qaradi. Maxsum bir qiltanglab, suruvdan ayrilgan echkiday otilib chiqdi.
— Hurmatli jamoa! Eldoshlar! Qarindoshlar! Qarshingizdakim, qishlog‘imizning paxri, ishbilarmon tadbirkor, Shodiboy Mardon o‘g‘li … Xo‘sh, bu kishining otalari ham…
Shodi barzangi qip-qizarib, mahsumga o‘shqirdi:
— Qisqaroq qiling. Qisqaroq!
Maxsumning tili kalovlanib qoldi.
— Xullas, jamoa! Shodiboy manavi eski joyni buzib, zamonaviy qassobxona, yonida qushxona qurmoqchi. Bugun shunga duo beraylik, keling, duoga qo‘l ochaylik!
Odamlar duoga qo‘l ochdi. Shodi barzangi yengil tortdi. Yelkasidan nafas oldi. Oldida surgichi bor allambalo traktorga hayda ishorasini qilib bosh irg‘adi. Traktor guvillab joyidan jildi. Surgichini binoga to‘g‘rilab, lapanglab yura boshladi. Binoga yaqinlashayotgan traktor taqqa-taq to‘xtab, joyida siltana-siltana o‘chib qoldi. Traktor yana o‘t oldi, biroq yurmadi. Tag‘in turgan joyida siltana boshladi.
Bola traktorning surgichi oldiga ko‘kdan bilinar bilinmas tushib turgan harir nur — yog‘duyo‘lakni ko‘rdi. Boshqalar hayron edi. Boshqalarning qalb ko‘zi xira tortgan edi. Boshqalar traktor oldida qadalgan, ilohiy nurni ko‘rmas edi. Qaydan ham ko‘rishsin…
Uchinchi bor urinish ham besamar ketdi. Endi traktor o‘chganicha qotdi, qaytib o‘t olmadi. Shodi barzangi esa traktorni gir aylanib chopqillar, traktorchi sho‘rlikning yoqasidan ushlab silkilagan ko‘yi nimalardir deb o‘shqirardi. Sabr dunyosiga o‘t ketgan traktorchi qo‘lini haliginday siltadi-da, traktorni ham qoldirib ketdi-qo‘ydi.
Yig‘ilganlar bu yog‘i endi nima bo‘ladi, deb Shodi barzangidan ko‘z uzishmasdi. Barzangi peshonasida osma cho‘michi bor traktor yoniga keldi. Traktorchiga:
— Sen hayda! Binoni buz! Ha, cho‘mich bilan buzaver! — deb do‘q urdi.
Cho‘michli traktor biroz yurib taqqa to‘xtab qoldi. Traktorchi uni orqaga yurgizib, boshqa tomondan yo‘l soldi. Traktor binoga yaqinlashgach, yana shu ahvol sodir bo‘ldi. Traktorchi allaxiyol alfozda rang-ro‘yi oqarib, qaltirab, turgan joyida serrayib qoldi.
Shodi barzangining o‘zi g‘azab bilan rulga o‘tirdi. U quyonchig‘i qo‘zib traktorni ortga oldi-da, so‘ng tezlikni oshirib, oldinga yurg‘izdi. Cho‘michli traktor binoning yoniga kelib-kelmay yana o‘chib qoldi. Tekin tomoshaga yig‘ilganlarning ham yuragiga qo‘rquv oraladi. G‘ala-g‘ovur bosildi. Hamma jim. Tuyqus qo‘rqinchli jimlikni Shodi barzangining dahshatli, quloqni qiyomatga keltiruvchi chinqirig‘i tilka-pora qilib yubordi. Shodi o‘zini traktordan yerga otib, yuzini qo‘llari bilan to‘sib, tizzalab olib, uvvos tortar edi.
— A-a-a-a! A-a-a! Voooooy- Do-o-od! Ko‘-o‘zim… Ko‘zim… i-i-i. A-a-a-aa!.
To‘planganlar karaxt bo‘lib, tosh qotishgandi. Faqat birgina bolakay kutubxona atrofini o‘rab olgan nur pardasi ko‘kka ko‘tarilib borayotganini ko‘rib turardi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 3-son