Bu olam – tanbur. Uning qorni bo‘sh, sip-silliq, dastasi dag‘al. Tor bo‘shliq tomonga intilarkan noxun uni ortiq azoblamaydi, biroq shunda nozik kuy ham tugaydi. Qachonki, u butunlik tomonga intilsa – aksincha holat yuz beradi.
* * *
Deraza raxida turgan tanburning laklangan kosasi quyoshning ilk nurlarida yarqiraydi. Har zamon deraza pardasi uning ustida shamol ta’sirida to‘lqinlanarkan u nozik barmoqlari ila soz chalayotgan mohni eslatadi. Tashqarida katta yo‘l bo‘ylab mashinalar o‘tib qaytarkan, kishini ko‘cha shovqindan ko‘ra ichkaridagi ana shu holat ko‘proq rom etadi…
…Shamol to‘xtab, parda tanburni ichkaridan ko‘rinmaydigan qilib yopib oldi. Shunda birdan mashinaning tormoz bergan ovozi va kimningdir qichqirig‘i eshitildi, deraza oynasiga avtohalokatga uchragan mashinadan uzilib ketgan allanima zarb bilan urilib, deraza oynasi chil-chil bo‘ldi, raxda turgan tanbur to‘nkarilib, pastga quladi. Tashqaridan kimningdir boshqalarni yordamga chaqirgan ovozi eshitildi…
* * *
Qop-qorong‘i bir xona. Balki xona ham emas, uydek keladigan qayiqning ichi, faqat bu yerda odam bo‘yidan ikki-uch baravar baland shiftdagi ozgina tirqishdan tushayotgan yorug‘likdan o‘zga narsa mavjud emas. Yo‘q – hammasi chalkash. Qayiqqa ham o‘xshamaydi bu joy!
Qaybir burchak birdan yorishib, bir chol kela boshladi. Uning nuroniy chehrasi shu darajada chiroyli ediki, bir qarashda unda ming yillik qarilik alomatini ham, endigina tug‘ilgan go‘dakning yuz tuzilishini ham ko‘rish mumkin edi. U qorong‘i burchakdan o‘rtadagi nur tomon nimanidir tortib keldi. Abjir ekan. Nima u? Po‘rim kiyingan erkakmi? Ust-boshi qumga belangan bu nusxa behush edi. Mo‘ysafid uni silkitib, hushiga keltira boshladi:
– Hoy, yigit, o‘zingga keldingmi?
Erkak ko‘zini ocharkan, atrofga ohista alanglab, so‘ng cholga qaradi:
– Siz k-kimsiz? Men qayerdaman o‘zi?
Sen tanburning ichidasan, – qaddini rostladi chol va undan nari ketdi.
Erkak hech narsaga tushunmadi, o‘zini o‘nglashga harakat qildi:
– Biror tamaddixonaning nomimi bu – tanbur? Men bu yerlarga ilgari kelmagandim. Nega buncha qorong‘i?
Mo‘ysafid yaktagining barini qoqdi:
– Tushunmading. Bu haqiqiy tanbur. Sen tanbur kosasi ichidasan. Suyanib turganing kosa ichidagi qovurg‘a.
Erkakning jahli chiqdi:
– Bu qanday bezbetlik! Avtohalokatga uchradim! Menga yordam berish o‘rniga ustimdan kulyapsizmi? Do‘xtir chaqiring! Butun tanam og‘riyapti!
– Sen o‘z vazifangni ado etib bo‘lding. Endi hech kimning senga nafi tegmaydi, – xotirjam javob berdi mo‘ysafid.
– O‘lding demoqchimisiz? – erkak zo‘rg‘a joyidan turdi. – Tirikman-ku, siz bilan gaplashayapman-ku, hali o‘lmaganman-a? – cholni yelkasidan ushlab siltadi. – Gapiring! Kimsiz o‘zi!
– Sen o‘zi avval kimligingni bilib ol! – chol erkakning qo‘lini yelkasidan olib tashladi. – Aks holda hech narsaga tushunmaysan.
Erkak har tarafga yurib, qovurg‘alar osharkan, xonaning burchak-burchaklarigacha sarosima bilan yurib chiqdi.
– Men katta bir korxonaning rahbariman, – dedi mo‘ysafid oldiga qaytib. – Muhim bir yig‘ilishga borayotgandim, axir, – yig‘lamsirab gapirdi u.
Miyasida charx urayotgan savollarning atigi bittasiga ham javob topolmasdi.
– Sen aytgan odam boshqa, – kulimsirab gapirdi chol. – Sen unga uzoq vaqt hamrohlik qilgansan, xolos.
Cholning gaplari umuman tushunarsiz edi.
– Nima deyapsiz o‘zi? – erkakning ensasi qotdi. – Kim hamrohlik qilgan? Men o‘ldimmi, a? – yig‘lamsiradi. – Qabr ichidaman-a? Axir ne-ne orzularim bor edi. Siz farishtasiz-a? Nahotki shu gaplar rost bo‘lsa? Nahotki jahannam olovida kuysam? – mo‘ysafid oldida tiz cho‘kdi. – Men yaxshilik qilmoqchiydim. Men yoshim bir joyga borgach yaxshi ishlar qilishni ham rejalashtirgandim, axir.
– O‘zingni bos, hech qanday jahannam olovida kuymaysan. – Chol unga tushuntira ketdi. – Men farishta emasman. Ruhman. Tanburning ruhiman. Avtohalokat tanburga yaqin joyda sodir bo‘ldi. Sen o‘sha odam taqqan bir to‘g‘nog‘ichsan, xolos. U seni har doim bo‘yinbog‘ida taqib yurgan, vassalom. Ruh qolipga sig‘maydigan bir narsa, shaklan o‘zgaruvchan. Sen u odamga shu qadar yaqin bo‘lgansanki, uning barcha ishlaridan xabardorsan. O‘zingni u deb o‘ylayotganing bois ham qiyofang unikidek.
Erkak xaxolab kuldi.
– Qo‘ysangiz-chi, to‘g‘nog‘ich – jonsiz bir buyum. Unda ruh nima qilsin? Men o‘sha odamman, men! – ko‘kragiga urdi u.
– Unutmaginki, moddiy olamda har bir narsaning gapiruvchi ruhi bor. Ularning barchasi odamning qilgan amallari uchun qiyomatda guvohlik beradi. Sen ham!
Erkak qiyofasidagi ruh dod soldi:
– Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! – u ko‘rsatkich barmog‘i bilan havoni bir necha bor kesdi. – Men hali tirikman! Men yashashim kerak! Yaqinlarimni bir bor ko‘ray! Bu yerdan chiqish yo‘lini ayting! – har tarafga yo‘nalib, devorlarni paypaslay boshladi.
– Sen oddiy bir to‘g‘nog‘ichsan! Na yaqining va na bir farzanding bor! O‘sha odam allaqachon o‘lib bo‘lgan! Qabrida yotibdi! Sen uning barcha ishlariga guvohsan, xolos.
Erkak mo‘ysafid yoniga qaytdi.
– Kechagidek yodimda! Ziyofat mahali menga qilingan xushomad! To‘n kiygizishgandi, axir. Xotinim kutib olgandi uyimda. Rosa ichgan edim.
– Sen kuzatib borgansan, xolos. Bu hammasi – bema’ni xotira! Sen uning ana shu ishlarini Tangri oldida vaqti kelganda, so‘ralganida ro‘y-rost aytasan!
– E, Xudo, – yerga cho‘kkalab, boshini changalladi erkak. – Bu qanday ko‘rgilik? Nahotki, meni arzimas bir buyumga tenglashtirishsa! Men katta odamman, ne-ne ishlarni bajarganman, axir. Yuzlab odamlarni ishga oldim, o‘nlab odamlarga lavozim berdim, mol-davlat berdim!
– Sen hayotda qilgan ish bo‘yinbog‘ni mahkam tutib turish edi, xolos!
– Ustimdan kulmang, chol! – erkak mo‘ysafidga ko‘zlarini olaytirib qararkan, shu topda uni bo‘g‘moqchidek qo‘llarini uning bo‘yniga cho‘zdi. – Hech kim bunga jur’at qilmagan! Siz aytayotgan tanbur – safsata! Aytgan hamma gapingiz – yolg‘on.
– O‘lganingga ishonching komil bo‘lsa, agar sen qabrda yotgan bo‘lsang, nega unda seni so‘roq qilishga hech kim kelmayotir, a?
Erkak ikkilandi.
– Bilmadim, bilmadim. Bu yana qanday sinov ekan? Nega hamma yoq jimjit? – erkak har tarafga baqira ketdi. – Hoy kim bo-o-or! Birov bormi-i?
– Baqirganing befoyda! Bor-yo‘g‘i bir to‘g‘nog‘ichning ruhisan-u, o‘zingni katta olganingni-chi! Men senga o‘sha odamning qabrini ham ko‘rsatishim mumkin! Faqat hozir emas. Keyinroq. – Chol nari keta boshladi. Erkak unga yo‘naldi:
– Qayerga ketayapsiz, bobo. Mening hali savollarim ko‘p. Qayting…
Mo‘ysafid devor uzra singigandek g‘oyib bo‘ldi. Erkak esa devordan nari o‘tolmadi. Ortiga qaytarkan yana atrofga alangladi:
– Bu qanday sirli joy? Nahotki tanburning kosasi bo‘lsa? Nahotki men arzimas bir to‘g‘nog‘ich, – erkak jinni bo‘lgandek kula boshladi. – Arzimas bir ishga yaraydigan to‘g‘nog‘ich bo‘lsam? Bu qanday gap? Bema’nilik, bema’nilik, – devona bo‘lgandek baqirib devorlarni mushtlay boshladi…
* * *
Oqshom cho‘karkan, qabriston bo‘ylab o‘tgan zovurda qurbaqalarning ovozi ham avjiga chiqa boshladi. Qabrlar atrofida kuzning sovuq shamollarida sarg‘aygan qamishlar shamolda shovullaydi. Kimdir bu yerga kirib kela boshladi. Qora plash kiygan erkak qabristondagi ulkan do‘nglikning o‘ng tarafi bo‘ylab yangi qabrlar tomon yo‘naldi. Ohista qadam bosib borarkan, kaftida nimanidir mahkam qisib olgandi. Ko‘zlari bilan qabr toshlaridagi yozuvlarni quyoshning so‘nggi nurlarida o‘qishga intilarkan, jonsarak nimanidir qidirardi. Shu payt ko‘zi ulkan marmar toshdagi o‘zining suratiga tushdi-yu, qotib qoldi. Rangi oqarib, bir zum tarashadek joyidan qimirlolmay qoldi. Odam bo‘yi barobar toshdagi suratga qayta-qayta qaradi, yozuvlar ustidan barmog‘ini yurgizib ikki-uch marotaba o‘qib chiqdi. Qaltirardi. Bir yutindi-da, shu joyda to‘xtadi. So‘nggi bor suratga razm solib, xuddi oyoqlari unga bo‘ysunmagandek, qabriston darvozasi tarafga yugurib ketdi. Hayal o‘tmay qorong‘ida ko‘rinmay ham qoldi. U boya qo‘lida yashirib turgan narsa marmar ustiga tushib qolganini sezmadi ham. Bu qushning tumshug‘idek, bejirim qilib ishlangan, zanjirli kumush to‘g‘nog‘ich edi…
“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 11-son