Birinchi uchrashuv
– Nega siz bunchalik o‘zgarib ketdingiz? – so‘radi u mendan, xomushgina yuzimga nigoh tashlar ekan. – Nazarimda hamma narsaga befarq bo‘lib qolgandeksiz. Balki mendan ko‘nglingiz sovugandir?
Men unga quruqqina javob qildim.
– Yo‘q, jonginam. Men seni hamon sevaman. Xavotir olma. O‘zim o‘zgargan bo‘lsam ham muhabbatim o‘zgarmaydi.
– Men biror xatti-harakatim bilan sizni ranjitib qo‘ymadimmi? Shunday bo‘lsa, iltimos, xafa bo‘lmang. Axir… men sizni juda ham… sevaman…
Bu so‘zlar Hilolaning dastlabki iqrori edi. Uning ko‘zlari menga tik qaray olmas, lablari bilinar-bilinmas titrar, qalbida turli shubha va gumonlar g‘ujg‘on o‘ynayotganligi sezilardi.
Mening avvalgi va ushbu uchrashuvda o‘zimni sal xissizroq tutishim unga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi aniq edi. Ammo men shunday qilishga majbur edim, chunki mana shu go‘zal va nafis Hilola deb, o‘zimning kimligimni va qanday maqsadda yashayotga-nimni unutib qo‘yayozgandim. Hayotimning ma’nosi hamda mazmuni mana shu qiz bo‘lib qolgandi. U esa mening majnunligimdan zavqlanib, o‘zini yuqoriroq tuta boshlagandi. Bu holatning oxir-oqibati yaxshi bo‘lmasligini bilardim. Shuning uchun, g‘ururimni poymol qilishni istamay hamda uning chin munosabatini tekshirib ko‘rish niyatida gap-so‘zlarimni va fe’l-atvorimni o‘zgartirdim. Men o‘z fikrlarimni unga ochiq so‘zlashim mumkin edi, biroq Hilola hamma narsani o‘zi tushunib yetishini istayotgandim.
Men sevgilimning chehrasiga boqib, iltijo ifodalarini ko‘rdim va ko‘nglimni yumshatdim:
– Bilaman, shirinim, – deb uning lablaridan beozorgina o‘pib qo‘ydim.
U jilmaydi.
– Ilhom aka! Agar sevsangiz, endi hech qachon bunday qilmang. Xo‘pmi?
Men boshimni liqilatdim.
– Agar, mumkin bo‘lsa, ayting, nega bunday qildingiz? – so‘radi u yana iltimos ohangida.
– O‘ylab ko‘r, buning sababini o‘zing tushunib yetishing kerak, – javob qildim men.
U bir nuqtaga tikilgancha, o‘yga toldi. Keyin, o‘z taxminlari bilan tanishtirishni istamadimi, ohista so‘z qotdi.
– Endi ketaylik. Ancha o‘tirdik. Mashg‘ulotlarga tayyorlanishim kerak.
– Mayli, – rozi bo‘ldim men.
Biz o‘rindiqdan turdik-da, xiyobon uzra yura boshladik. Katta ko‘chaga chiqishga taxminan besh minut ketadi. Yo‘lda Hilola biror iliq gap eshitish ilinjida menga qarab-qarab qo‘yardi. Men esa gapirishni istamasdim. Yuragimni bir narsa g‘ash qilib turardi.
Ko‘pincha biz oldimizda, yonimizda turgan narsalarning qadriga yetmaymiz, lekin to‘satdan o‘sha narsa qandaydir sabab bilan yo‘qolib qolsa, uni izlaymiz, haqiqiy qadriga, bahosiga tushunib qolamiz. Agar o‘sha narsa qalbimizga yaqin bo‘lsa, uning yo‘qolishini xohlamaymiz. Hilola hozir ana shunday vaziyatda edi. U menga o‘rganib qolgan, yuragida sevgi mavj urgan va shuning uchun men uni tark etib ketishimni istamasdi. U meni haqiqatdan sevar ekan… Men esa bu muhabbatning oxir-oqibat qanday natija bilan tugashini deyarli bilardim.
Chunki, u – oddiy inson edi, men esa – tasavvur qilasizmi, odam qiyofasidagi biologik robot, ya’ni android edim…
Siz odam bilan androidning oila qurishi tabiatning yoki jamiyatning qaysi qonuniga to‘g‘ri kelishi haqida ma’lumotga egamisiz?.. Robototexnika qoidalari-chi? Robot – u mexanik, temir bo‘ladimi yoki men kabi biologikmi – baribir! U faqat insonga xizmat qilishi kerak! Uning odam bilan teng munosabatlarga kirishishi umuman mumkin emas.
Ammo, nega mening baxtli bo‘lishga xaqqim yo‘q? Axir, men sun’iy bo‘lsam ham, inson emasmanmi? Vujudim tuzilishini, ichki a’zolarimning, tomirlarimdagi qonning, hayot tarzimning odamlarnikidan farqi yo‘q-ku! Men ham ular kabi, biologik jon sifatida ulg‘ayaman, qartayaman va bir kun borib vafot etaman. Birgina farqim – men oddiy odamdan kuchliroq, chidamliroq va aqlliroqman. Sun’iyligim aybimmi? Shuning uchun kamsitilishim insofdanmi?.. “Men rostakam odamman, sen esa sun’iysan, bor nari ket!”, deyish haqiqiy insonning ishimi?
Hilolaga bor haqiqatni ochsam, nima derkin? Qanday ahvolga tusharkin? Lekin, hozir unga xech narsani aytish mumkin emas. Avval, Ilmiy Markaz bilan muloqotga kirishishim lozim. Boshqa androidlar sharoitga ko‘nikib yuraversinlar. Men bunday qila olmayman. Men to‘laqonli yashashni istayman…
Hayol bilan bo‘lib ko‘cha yuziga chiqib qolganimizni sezmay qolibman. Hilola menga nimadir degandan so‘ng, o‘zimga keldim.
– Gapirdingmi? – so‘radim undan. – Hayolga cho‘mib ketibmang.
– Ha, keyingi paytlarda shunaqa bo‘lib qolgansiz! – jilmaydi u va darhol xitob qildi. – Voy, anavi yerda muzqaymoq sotayapti!
– Biz yaxdak shirinlikni iste’mol qilganimizdan so‘ng, stantsiya tomon yurdik va o‘sha yerda xayrlashdik.
– Qo‘ng‘iroq qilasizmi? – dedi u magnitopoyezdga chiqar ekan.
– Albatta! – dedim men va uning sehrli, ko‘rkam jamoliga qarab, kuzatar ekanman, ertagayoq Ilmiy Markazga murojaat etishga ahd qildim.
Ikkinchi uchrashuv
Men xiyobondagi o‘rindiqning bir chekkasiga o‘tirib, yaproqlari kumush tangalar kabi yarqirab, yengil shabbodada ohista jilolana-yotgan teraklarga boqardim. O‘z fikr-o‘ylarimga shunchalik cho‘mib ketibman-ki, yonimga kimningnidir kelib joylashganiga parvo ham qilmabman. Umuman olganda, goho-goho yolg‘izlikni istab, chekkaroq joyda hayol surayotganimda biror kimsaning xalaqit qilishini yoqtirmasdim. Ayniqsa, hozir – hayallagan Hilolani kutib, qalbimga bir dunyo mavhumlik tayziq o‘tkazayotganida – bu holat kuchli edi. Butun fikru-zikrim Ilmiy Markazning menga yo‘llagan javobida edi. Bu xabar mening borlig‘imni larzaga keltirayotgan edi.
“Hurmatli Ilhom Soliyev! Sizning savollaringiz bizni katta taajjubga solib qo‘ydi. Chunki, shu vaqtga qadar sun’iy odamlarda – androidlarda insonlarga xos sevgi-muhabbat hislari paydo bo‘lmagan edi. Sizni yaratilishingiz va vujudga keltirilishingiz bilan bog‘liq programmalar-u holatlarni tahlil qilishga kirishdik. Uzil-kesil javobimizni bir xaftadan keyin xabar qilamiz. Ilmiy Markaz.”
Men bu so‘zlar zamirida yashirinib yotgan ma’noni anglashga xarakat qilardim. Demak, Ilmiy Markaz menga keskin rad javob berib, zada qilishni istamabdi, hozirchalik ozgina umid qoldirib, keyin uni osonlik bilan o‘chirishni mo‘ljallabdi…
Bir necha kun o‘tgach, ushbu mazmundagi xabar qo‘limga tegsa kerak: “Hurmatli Ilhom Soliyev! Sizning vazifangiz ba’zi insonlar kabi hissiyot quli bo‘lib yashash emas, balki insoniyatga buyuk maqsadlar yo‘lida xizmat qilishdir. Shunday sharafga ega ekanligingiz bilan faxrlaning! Ilmiy Markaz.”
Yana kim biladi, boshqacha mazmundagi xat kelishi ham mumkindir. Balki, haqiqatdan ham Ilhom Soliyev deb nom berilgan sunhiy odamning yaratilish programmasi va texnologiyasida biron xato ketgandir va natijada oddiy inson kabi bo‘lib yaratilib qolgandirman? Agar shunday bo‘lib chiqsa, ijobiy javob muqarrar. Ammo, vujudga kelish jarayonimda hech qanday yanglishish topilmasa-chi? Unda quyidagi xulosalar kelib chiqadi: birinchidan, men sun’iy emasman, balki qandaydir yo‘l bilan androidga almashib qolgan odamman; ikkinchidan, sun’iyman – bu holda, rivojlanish yo‘liga o‘tgan robot-mutantman. Bu variantlarda ham muvaffaqiyat qozonishga umidlar bor.
Lekin, yana bir narsani hisobga olishim kerak. Ya’ni, sun’iy bo‘lsam-u, tegishli ruxsatni olsam, inson va robotlar nikohidan qanday avlod paydo bo‘lishi mumkin? Bu narsa nimalarga olib borishini hali hech kim bilmaydi-ku! Demak, ruxsat ham bo‘lmaydi. Natijada, o‘z hislarimni jilovlashdan bo‘lak iloj qolmaydi.
Yaxshisi, Hilolaga bor gapni ochiq-oydin gapiraman. Uning bu holatdan xabardor bo‘lishi shart. Ko‘p narsa uning o‘ziga bog‘liq…
Uzoqdan kelayotgan Hilolaga ko‘zim tushgach, meni qiynayotgan xayollar ufq ortiga berkingan quyoshning qizg‘ish nurlari kabi tezda so‘ndi. U jilmaygancha kelar ekan, men o‘rnimdan turdim. Salomlashganimizdan so‘ng ikkalamiz yonma-yon o‘tirdik. Men jilmayib uning qo‘llaridan ushladim.
– Juda shoshibsan-a? Nafas olishingni qara!
– Kechikib qoldim. Xafamasmisiz? Kelayotib, bir dugonamni uchratib qoldim. Gaplari ko‘payib ketibdi.
– Yo‘q, xafa emasman. Seni ko‘rib ko‘nglim yorishdi.
Hilola uyalinqirab yerga qaradi. Keyin o‘rindiqning narigi tomonidagi kimsaga nazar tashladi. Men ham unga endi razm solib boqdim: oddiy kiyingan o‘rta yoshlardagi kishi. Qo‘lidagi gazetaga tikilib o‘tirardi.
– Yuring, bir xiyobonni aylanaylik! – taklif qildi Hilola.
Nariroq ketganimizdan so‘ng so‘z qotdi.
– Anavi kishi xuddi sun’iy odamga o‘xshar ekan!
– Ularni qayerdan bilasan? – so‘radim ichimdan zil ketib.
– Aytmaganmidim. Axir, dadamlar shu sohada ishlaydilar-ku! Hozirgi paytda bunday inson qiyofasidagi robotlar ko‘p emish. Ularni oddiy odamlardan ajratish qiyin ekan.
Men haykaldek qotib, tilim kalimaga kelmay qoldi. Lekin, o‘zimni tutishga urindim.
– Ularga parvo qilaverma! Robotlar faqat inson hayotini yengillatish uchun yaratiladilar… Bilasanmi, bugun senga nima olib keldim? – uning fikrini chalg‘itish niyatida cho‘ntagimdan kattagina plitka shokolad chiqardim.
Hilolaning ko‘zlarida quvonch porladi, chunki u shirinlikka juda o‘ch edi.
– Rahmat…– dedi mayingina.
Uning lablaridagi tabassum, dilida mavj urayotgan shodlik, visol daqiqalaridigina bo‘ladigan kayfiyati mening qalbimda yana bosh ko‘taray deb turgan hayollarni nari haydardi. Ammo, men baribir, unga ko‘nglimni ochishim, shart-sharoitni ro‘yi-rost aytishim kerak edi. O‘limdan boshqa har bir narsani vaqtilroq bo‘lgani yaxshi.
– Hilola! – dedim men o‘zini oqimi kuchli daryoga tashlashga qaror qilgan kimsadek. – Senga bir gap aytishim lozim!
– Qo‘rqmang, gapiravering! – dedi u hamon jilmaygancha.
– Bilasanmi, men ham sun’iy odamman!
– Qaysi kuni, o‘ttizinchi asrdan vaqt mashinasida kelgan kimsaman, degan edingiz. Yana bir original hazilmi?
– Yo‘q, bu gal hazil emas! – dedim jiddiy.
Hayratdan ko‘zlari chaqnab ketgan Hilolaga boqar ekanman, qalbimdagi og‘ir pardani sidirib tashladim-da, unga bor gapni aytib berdim. Hilola xomush tortib qoldi. Nazarimda, u tevarak-atrofni butunlay unutgandi. Xayollari mavhumot dengiziga sho‘ng‘igandi. Nihoyat u ko‘zlarini menga qaratdi. Ularda bir tomchidan yosh bor edi. Yupatish uchun uning yelkasida quchdim.
– Xafa bo‘lma, Hilola. Bu sun’iyligimga hali shubha bor… Bir xaftadan so‘ng, Ilmiy Markaz menga aniq-taniq javob beradi. Men har qanday kutilmagan zarbaga tayyorman. Lekin, sensiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Ko‘p narsa senga, faqat senga bog‘liq. Yaxshilab o‘ylab ko‘r. Shuning uchun… kel, ahvol oydinlashguncha uchrashmay turaylik.
Hilola unsizgina rozilik bildirdi. Biz ma’yuslik bilan xayrlashdik. Ikkalamizning qalbimizda mavhum va noaniq hislar og‘ir tosh bo‘lib turardilar.
Uchinchi uchrashuv
“Hurmatli Ilhom Soliyev! O‘tkazilgan jiddiy tadqiqotlardan so‘ng, sizni vujudga keltirish uchun tuzilgan programma va texnologiya asosida hech qanday android – sun’iy odam yaratish mumkin emas, degan xulosa chiqarildi. Atroflicha o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, siz robot emassiz. Qolgan boshqa savollar bo‘yicha juma kuni soat 10.00 da Ilmiy Markaz binosining 318 – xonasiga tashrif buyurib, javoblar olishingiz mumkin. Ilmiy Markaz.”
Hilola maktubdan ko‘zlarini uzdi. Asta menga qaradi. Daraxtlarning qalin barglari orasidan yo‘l topib tushayotgan quyosh shu’lasi uning peshonasida katta yorqin xol bo‘lib yarqirab turardi. Beixtiyor jilmaydim. Quvonchimni yashirolmasdim
– Bordingizmi? – so‘radi u.
– Ha, albatta. Hamma narsani aniqladim. Arxiv materiallari bilan tanishdim. Bundan yigirma besh yil ilgari Androidolgiya institutida bir olim tadqiqot olib borgan ekan. U sun’iy odamlarni yaratish fanida yangi yo‘nalish vujudga keltirish uchun ancha uringan ekan. Lekin, u bir necha yilgi mehnati, o‘zining noshudligi yoki boshqa sabablar tufaylimi, zoye ketishini, ko‘zlagan maqsadiga yetisha olmasligini sezgach, qalloblik yo‘liga o‘tgan. Tug‘uruqxonadan onasi tashlab ketgan chaqaloqni olib, o‘z ilmiy izlanishlarining samarasi sifatida ko‘rsatgan. O‘sha go‘dak men ekanman. Olimning nomini aytishmadi. U hali hayot ekan, nafaqada emish… Bu hodisani atrofga yoyish yaxshi emas deyishdi.
Mening gaplarimni tinglayotgan Hilolaning yuzida anglash qiyin bo‘lgan ifoda zohir edi. Na xursandligini, na xafaligini anglardim. Mening diqqat bilan unga qarab turganimni sezdimi, ohista yuzlandi.
– Endi, – dedim men, uning og‘iz juftlayotganini ko‘rib, unga so‘z bermay, – biz bir umr baxtli hayot egasimiz!
– Yo‘q, Ilhom aka…– dedi u, chuqur xo‘rsinib. – Biz hech qachon birga bo‘la olmaymiz.
Hilolaning bu so‘zlari kamondan otilgan o‘q bo‘lib yuragimga qadaldi. Nazarimda, Yer sayyorasi o‘z orbitasidan chiqib “qora tuynuk” qa’riga kirib ketgandek edi. Shu damda qoshimga kelib, sen android sifatida xizmatingni o‘tab bo‘lding, transformatsiya-ning, ya’ni robotlar o‘limining vaqti-soati yetdi, deyishsa, bunchalik dahshatga tushmas edim. Nahotki, shuncha payt Majnundek o‘rtanib, fazoviy hislarni tuyib va haqiqiy inson ekanligimni bilib, Hilola endi butunlay meniki, deganimda, hayot mening yo‘limga yana bir to‘siq tashlasa?!
– Nega, axir?!. – bazo‘r so‘radim men bo‘g‘iq ovozda.
– Hilola meni aldadi, deb o‘ylamang. Hozir ham sizdan o‘zga kimsani yonimda bo‘lishini tasavvur qila olmayman… O‘sha, menga bor gapni aytib bergan kuningiz, uyga qanday borganimni bilmayman. Xonamda ham uzoq o‘tirolmadim. Ovunish uchun stereoekranda berilayotgan muhabbat haqidagi filmni tomosha qilar ekanman, ko‘zlarimdan yosh oqib ketaberdi. Buni oyimlar ko‘rib, qattiq xavotirga tushdilar. Holi-jonimga qo‘ymay surishtirdilar. Ko‘nglim to‘lib turgan edi. Axir yuragimni kimgadir ochishim kerak-ku! Xullas, onam hamma gapdan xabardor bo‘ldilar.
– Nima, meni sevishni taqiqlashdimi?
– Yo‘q, unday emas. Oyim menga bir sirni ochdilar.
Men cheksiz hayrat va diqqat bilan Hilolaga tikildim. Yana nima holat bo‘lishi mumkin?
– Bilasizmi, men… men sun’iy odam ekanman!!!
Bu yangilikdan qimir etmay qotganimcha qoldim.
– … Oilada yolg‘iz farzandligimni bilasiz. Ota-onam o‘n yil birga hayot kechirib. Tirnoqqa zor bo‘lishgan. Farzandsizlik ularni qiynagan. Shunda dadam bir ishga jazm qilibdilar. Ularning androidolgiya bilan shug‘illanishlarini aytgan edim. O‘z ishlarida juda noyob usul yaratib, haqiqiy insondan na shakli-shamoyili, na ichki a’zolari, hujayralari, na his-tuyg‘ulari-yu, fe’l-atvori farq qiladigan sun’iy chaqaloqni yaratibdilar. Bu chaqaloqqa otaning va onaning genetik xususiyatlari ham singdirilgan ekan. O‘sha chaqaloq men ekanman. “Sen har tomonlama bizning farzandimizsan, haqiqiy insondan bir tuking ham kam emas!”, dedilar oyim. Bu narsani shu paytgacha hammadan sir tutishar ekan. Oyimlar, ko‘z yoshlarimni, kuyinishlarimni ko‘rib, gapirib qo‘ydilar…
U jim bo‘lib qoldi. Tevarak-atrofga samoviy sukunat tushgandek edi. Xiyobondagi shovqin ham, shoxdan shoxga sakrab, chug‘urlayotgan qushlarning ham ovozi aslo quloqqa kirmasdi. Bu sukunatni buzishim kerak edi, aks holda u abadiy cho‘ziladigandek tuyulardi.
– Agar bu hol hech kimga ayon emas ekan, juda yaxshi. Meni sening sun’iyliging yoki oddiyliging qiziqtirmaydi. Eng asosiysi, insonsan. Shuning uchun ko‘nglingni buzma. – dedim men nihoyat. Lekin, ichimdan zil ketgan edim.
– Shu uchrashuvga qadar, biz ikkalamiz tengmiz, deb o‘zimni yupatayotgandim. Xattoki xursand edim. Afsuski, tenglik yana yo‘qoldi. Endi, men sizga loyiq emasman, – dedi u. – Hammasini
Yashirgan taqdirimizda ham, baribir butun umr vijdon azobida qiynalmaymanmi? O‘ylab ko‘ring, mavhum poydevor ustiga qurilgan uy mustahkam bo‘ladimi?
“Hilolaning gaplarida jon bor, – o‘yladim men. – Men haqiqiy inson, u esa sun’iy bo‘lsa. Rostdan ham bu narsa butun umr ko‘ngilning bir chekkasini band qilib turadi-ku! Bu doimiy o‘y bilan qanday qilib baxt hissini tuya olaman? Ha, xom-xatala qarorga kelish yaxshi emas. O‘ylash kerak. Ko‘proq o‘ylash kerak!”
– Jonim, hukm chiqarishga oshiqma. Chuqur mulohaza qilib ko‘raylik. Balki…
Men shunday dedim-da, jim qoldim. Shu so‘zlarni gapirar ekanman, tovushim ohangidan o‘zim ham hayron qoldim. Bu iboralarni, men – Hilolani jon-dilidan sevuvchi odam emas, go‘yoki, uchinchi – ushbu sharoitga umuman befarq kimsa aytayotgandek edi. Mening qalbimda qandaydir bir to‘ntarish ro‘y berayotgandi.
Yonimdagi qiz menga asta boqdi. Hech qachon uning ko‘zlarida bunday ma’noni kuzatmagandim. U meni birinchi bor ko‘rayotgandek va menga achinayotgandek edi. Uning sun’iy ko‘zlaridan ikki tomchi yosh oqib tushdi.
– Biz birga bo‘lishimiz mumkin emas, – dedi u, ko‘z yoshlarini ro‘molchasi bilan artib. – Mayli, istagancha o‘ylaybering. Lekin, foydasi yo‘q. Men endi ketaman. Iltimos, meni kuzatmang…
U mendan ko‘zlarini uzdi. Uning sun’iy tanasi o‘rindiqdan turdi. Va ko‘cha tomon yuzlandi. Orqasiga qaramay yura boshladi.
Yuragimning bir parchasi uzilib, u bilan birga ketayotgandek edi. Men o‘rnimdan turib, unga yetib olishim, to‘xtatishim, sevgimiz xaqqi, baxtli yashay olishimizga, haqiqiy muhabbat oldida turli sun’iy g‘ovlarni nazar-pisand qilmaslik shartligiga uni ishontirishim kerak edi. Lekin… o‘rindiqqa mixlanib qolib, karaxt holda o‘tirardim. Bor kuch-quvvatim tark etgandek tuyulardi. Uni chaqirishga, “hoy, to‘xta!” deyishga ham mador topolmasdim.
Tez orada Hilolaning – sun’iy ravishda vujudga keltirilgan qizning qadam tovushlari ham, qorasi ham uzoqlashdi. Faqat, shabboda xiyobondagi daraxt shoxlarini, maysalarni, gul novdalarini tor qilib chertib, ajib bir kuy chalayotgani eshitila boshladi.
Xiyobondagi bu tabiiy kuydan ko‘nglimga iliqlik yugurdi. Shunday go‘zal zaminda, sun’iy emas, haqiqiy inson bo‘lib yashashga nima yetsin!
1984 yil.