Qishloqdagilar Arslonqul traktorchi haqida gap ketsa:” Toshdek qotgan yerni yumshoq parga aylantiradi. Yerga mexrini berib haydaydi. Lekin…”, deyishadi. Ana shu “lekin”ini oxirigacha eshitmaganligimiz bizga pand berdi. Arslonqul traktorchi yilning to‘rt faslida ham tinim bilmaydi. O‘nlab gektar yerlarni shartta haydab tashlayveradi. Biroq traktorchi qurg‘ur o‘z xovlisidagi bir chimdimgina tomorqasini “eplay olmasdi”. To‘g‘rirog‘i, qo‘li qo‘liga tegmaganligidan tomorqasi qishin-yozin qaqragan tikanzor bo‘lib yotardi.
Bir kuni biz qishloq bolalari Arslonqul traktorchining uyi ro‘parasidagi ko‘cha chetida futbol o‘ynayotgan edik. Qishloq ko‘chasida transport qatnovi faol emas. Shu sabab ko‘cha o‘rtasida ham hech bir xadiksirashsiz chopqillardik. Qosh qorayguncha to‘p tepib, shovqin-tutun bilan kelib qolgan Arslonqul traktorchining asabiy signalini sezmay qolibmiz. U uyi oldida traktorini to‘xtatdi va biz tomonga kela boshladi. “Hozir ma’ruzani boshlaydi”, dedim uning vajoxatiga qarab.
– Xey, senlargayam xayronman. Ko‘cha futbol o‘ynash uchun qurilmaganku… Bitta to‘pning orqasidan tillaring osilib yugurishdan boshqasini bilmaysanlar,-dedi traktorchi ko‘pni ko‘rgan qariyalarday nasixat bilan.
– Xo‘p, nima qil,deysiz, aka,- dedim.
Arslonqul traktorchi bir zum jim qoldi va:
– Ko‘chada to‘p tepib, hammaning ko‘ziga yomon ko‘ringandan ko‘ra, mening tomorqamni stadionga aylantirlaring,- dedi ensasi qotib.- Bekorgayam yotibdi. Baribir ogorodga qaragani vaqtim yo‘q. Chiroyli qilib tozalab, o‘shatta o‘ynalaring.
Traktorchining taklifi bolalarga yog‘day yoqib tushdi va rozi bo‘ldik. Ertasiga tong maxali xo‘rozlar qichqirishga ulgurmasdanoq Arslonqul traktorchining tomorqasida o‘nga yaqin qishloq bolalari hozir bo‘ldik. Hammaning qo‘lida ketmon va belkurak. Ishga kirishdik. Xali uyquni urib yotgan Arslonqul traktorchi ko‘zlarini ishqalab xovlisiga chiqquncha tomorqani yog‘ tushsa yalaguday qilib qo‘ygan edik. “Tomorqayam jungli bo‘lib ketgan ekan-da”, o‘yladim.
– Haa… Senlarmidilaring… Taqir-tuqur ovozlaringni tushimda eshityapman, deb o‘ylabman,- dedi u bo‘g‘iq ovozda.
Biz yo‘gonlashib ketgan tikanlarni aravachaga ortib, tomorqadan chiqarib tashladik va ariqdan tomorqaga suv ochib yubordik. Tush maxali barcha ishni bitirib, uy-uyimizga tarqaldik. Endi ertadan boshlab, yangi o‘yingohchada maza qilib to‘p tepadigan bo‘ldik…
Ertasi kuni to‘pni qo‘ltiqlagancha, Arslonqul traktorchining stadionga aylantirilgan tomorqasi tomon yo‘l oldik. Hammaning kayfiyati osmon qadar. Kimdir yarim tungacha futbol ko‘rganligini gapirsa, kimdir yoqtirgan jamoasining raqibiga yon bosgan hakamga e’tirozni aytadi. Yana kimdir:”Arslonqul Stadium o‘yingohining ochilish marosmiga bir necha daqiqadan so‘ng guvoh bo‘lasiz”, dedi telesharhlovchiga o‘xshab. Hamma sharaqlab kulib yubordi. Traktorchining tomorqasiga yetib kelganimizda xafsalamiz pir bo‘ldi: boshiga oq ro‘molni tang‘ib olgan Arslonqul traktorchi xotini bilan tomorqasida ketmon chopar, yerni ekishga tayyorlab, egatga bo‘lib chiqardi.
– Tushunmadik, aka,-dedim nima gapligiga aqlim yetib turgan bo‘lsa ham.
– Nimani tushunmadinglar? – dedi traktorchi zaxarxanda iljayib.- Tushuntirishim shartmasdir?! Dalada ishlashdan qochasanlar. Balodek ishlarkansanlarku. Qoyilman, lokin… Mendan faqat senlarga rahmat aytish qoldi, xolos.
– Axir o‘zingiz aytgandingizku…
– Nimani aytibman? Senlar bilan kontrakt tuzibmanmi? Qani isbotlaring… Umuman olganda, meni tomorqamni staionga aylantirishga nima haqlaring bor?
Aldagani bola yaxshi ekan. Traktorchining bizni boplab aldaganligi qishloqda hech kimni hayron qoldirmadi.
Qishloqdagilar Arslonqul traktorchi haqida gap ketsa:” Toshdek qotgan yerni yumshoq parga aylantiradi. Yerga mexrini berib haydaydi. Lekin bittagina aybi bor: ko‘p yolg‘on gapiradi”, deyishadi. Hozir Arslonqul traktorchining tomorqasida pomidorlar qizarib yotibdi.