Onam meni tug‘ayotib, taqvimga qaramagan ekan-da, bo‘lmasa kelib-kelib, 13 dekabr kuni tug‘ilamanmi! Attang-a, attang!
Har yili ahvol shu deng. Odamlar quvonib-charaqlab, tantanalar bilan tug‘ilgan kunini nishonlaydi, men esa bu borada nuqul kulgiga qolib yuraman. Nega shunaqa ekan-a?
— Hoy qo‘chchim1ov! Seni idoramizdagi past-balandni tushunadigan bolami deb yursam… Senga nima bo‘ldi? Yil tugayapti, rejani bajarishimiz shart, sen bo‘lsang tug‘ilgan kun, tug‘ilgan kun deysan. Nima yilni yakunlamay turib, anov-manov mayda-chuydaga ovora bo‘lib qolishimiz yaxshimi?
Bu – boshlig‘imizning gapi. Hozirgina Toymasovning oldiga kirib chiqdim. Shunday-shunday-shunday dedim. Bormasangiz bo‘lmaydi, qutlug‘ damlarimda, yor-do‘stlarning o‘rtasida … U oxirigacha eshitmay portlab ketdi!
— Seni xo‘roz yigit deb yursam, naq sumalakning o‘zi ekansan! Nima, sen tug‘ilgan-tug‘ilmaganda dunyoda bitta suvburun kam bo‘ladi debmiding?!
Mana, men senga o‘xshaganlar xulosa chiqarib olsin deb shunday qaror chiqardim, tingla! “Dekabr oyida korxonamizdagi barcha ishchi hodimlarga tug‘ilgan kunni, yubileyni nishonlash, to‘y-ma’raka o‘tkazish man qilinsin! Hech kim uylanmasin turmushga chiqmasin. Bironta odam og‘rimasin, vafot qilmasin!” Tushundingmi?! Hammasi keyingi oyda, yil yakunlanib, yillik reja bajarilganidan so‘ng bo‘ladi! Tamom-vassalom!
Men o‘ksinib tashqariga chiqdim. Toymasov rostdan ham shunday buyruq chiqarganmi, yillik rejaning bajarilishiga shunchalik jiddiy qaraydimi yoki meni shunchaki ko‘z uchun koyib qo‘ya qoldimi? Shuni tushunolmay rosa sarson kesak-ovora kesak bo‘ldim.
Aslida, boshlig‘imizni yaxshi odam deb bilaman. Nima demoqchiligini iyagining qimirlashidan tushunsa bo‘ladi. Juda farosatli, ikki gapirmaydigan, xushomadni ko‘tarmaydigan, keng fe’lli odam. Kerak joyida baqiradiyam, yaxshi gap bilan koyiydiyam. So‘kishlari, baqirishlari barimizga moyday yoqadi. Ol endi, kulib, iliqchiroy bilan gap boshladimi – kunim bitdi deyaver! Kulib turib joningni oladi, oyog‘ingdan chaladi. Kulib gapirganidan xudo saqlasin. Baqirib gapiradimi – oxiri xayrli tugaydi. Shunda…bugungi gaplarini qay ma’noda tushunsam ekan?
Korxonamiz rejani bajarishga yaqin qolgandi. O‘tgan haftada Toymasov yukli ayollar bilan birma-bir gaplashganini eshitgan edim. Shu-shu gap, yangi yil o‘tib, yillik reja bajarilmaguncha tug‘ish yo‘q, deb shart qo‘yibdi. Keyin qorovul cholni chaqiribdi degan gap chiqdi – “pensiyani to‘xtating, yangi yil o‘tsin, reja bajarilsin, yil oyoqlab qolganida ketamanni yig‘ishtiring!” degan emish! Yana bir gap chiqdi – kotiba qizning to‘yini ham keyinroqqa suribdi, reja bajarilishi oldidan o‘yin-kulguning nima keragi bor emish… Yangi yilgacha hech kim hech narsani o‘ylamasin, hech kim hech narsani taklif qilmasin, hamma faqat yillik rejani bajarish bilan band bo‘lsin! Yangi yil o‘tsa belgilangan rejalar bajarilsa, keyin mayli, u yog‘ini o‘ylab ko‘ramiz…
Hamma shunga ko‘nib, yangi yilning o‘tishini kutib yurgan edi, farrosh kelinchaklarning biri oxirat bosib tug‘ib qo‘yib shartni buzdi va Toymasovdan hamma tanbeh eshitdi.Ana, kelin bechoraning eri har kuni ertalab kelib, o‘zi xonalarni supirib-artib yuribdi endi. Axir Toymasov, “kinoga ham, kontsertga ham borilmasin!” deb buyruq chiqarib qo‘yibdi-yu!..
Boshlig‘imizning boyagi baqirishidan keyin mening ko‘nglim haligacha joyiga tushmadi – nima bu, hazilmi yo rost? Bilmadim.
Ancha vaqt o‘ylanib yurdim. Tug‘ilgan kunni torgina qilib, oilaviy davrada nishonlab qo‘ya qoldim-u, ammo keyin yana qovun tushirdim. Voqea bunday bo‘ldi.
Yangi yil arafasida ertalab univermag yaqinidan chiroyli guldasta sotib oldim, yo‘l-yo‘lakay atir xarid qildim-da, ustidan sepdim. Hidi gurkirab ketdimi deng-da. Oh-oh-oh! Shunday qilib mayda-chuyda sovg‘alarni ko‘tarib Toymasov xonasiga bordim bostirib!
— Assalomu alaykum, og‘a! – dedim o‘zim ham gulday ochilib. – Sizni eshik qoqib kelib qolgan yangi yil bilan chin dildan tabriklayman! Bola-chaqangizga, oilangizga omonlik… – Bemalol sayray boshlagan edim, so‘zim og‘zimda qoldi.
— Ahmoq ekansan-ku, ey, ahmoq ekansan-ku! Bilib turib shunaqa qilyapsanmi-a?! Meni masxara qilish uchun, bir otim nosvoyday aqlingni sarflab, shuni o‘ylab topdingmi, a? O‘ngmag‘ur ahmoq-a, barini bilib-turib shunday qilyapsan… – deb Toymasov ustimga bostirib kela boshladi. Qo‘rqib qaltiraganimdan qo‘limdagi sovg‘alar yerga tushib, har tomonga sochilib ketdi.
— Ertaga qaysi kun? – dedi u mushtini iyagimga tirab.
— Bir, bir… yan… yanvar! – dedim tutlig‘ib.
— Birinchi yanvar qanaqa kun?
— Yang…yang… yangi yil bay… bay…
— Mana senga yangi yil! Aytdim-ku, bila-ko‘ra shunday qilasan, sen ahmoq! Ey so‘qir! E’lonni ko‘rmadingmi?!
O‘lay agar, gul ko‘tarib, sovg‘a-salom ko‘tarib kelaveribman-u, dahlizda osig‘liq turgan “Tabriklaymiz!” degan devoriy gazetaga qaramabman…
— Bundan buyog‘i yodingda tursin! Birinchi yanvar yangi yil boshlanadigan kun emas, birinchi yanvar – mening tug‘ilgan kunim! Tushundingmi!? Ertaga hammani uyimda kutaman. Senga o‘xshaganlar ham sovg‘alar bilan uyga borib meni tabriklashadi! Yil yakunlanmagunicha hech kim hech narsaga pul sarflamasin, bayramlaru tug‘ilgan kunlar nishonlanmasin degan so‘zimning ma’nosini tushundingmi endi? Hammasi mening tug‘ilgan kunim o‘tgandan keyin bo‘ladi!
— Tush… tush… tushundim, og‘a! Hammasi sizning aytganingizdek bo‘ladi, og‘a!
Asta tisarilar ekanman, og‘zimdan noto‘g‘ri gap chiqib ketganini bilmay qoldim:
— Unda yangi yil bayrami qachon keladi?
— Yangi yil ozgina kutib turadi. Maxsus qaror chiqarib, uni o‘n kun nariga surdim-ku, axir! Avval mening tug‘ilgan kunim nishonlansin, undan keyin yangi yilni nishonlaysiz, to‘y qilasizmi, tug‘ilasizmi – o‘zlaring bilasanlar! Qani endi, marsh! Ko‘zimdan yo‘qol! Ertaga bunaqa mayda-chuyda sovg‘a-salom qilib yurma-da, kattarog‘idan olib yo qurug‘idan ko‘tarib uyga bor, tushundingmi, kallavaram?!
Eh attang, nega opam meni taqvimga bir qarab olib tug‘madi ekan? Eh taqvimda nega “Toymasovning tug‘ilgan kuni” deb yozib qo‘ymagan ekan-a, nega?
Endi menga bari bir – yangi yil keladimi-ketadimi, ishim yo‘q! Boshliq tug‘ilgan kunni unutmasam kifoya, xor bo‘lmayman!