Uning bolalikda ikki orzusi bor edi:
“Uchuvchilikni orzu qilgan edim. Bog‘bon ham bo‘lmoqchi edim”.
Bulardan biri shiddatli, biri osoyishta.
Ikkala orzu ham amalga oshmadi. Lekin tashqi osoyishtalik va ichki shiddat keyinchalik uning afti-angori, yurish-turishida muhrlanib, butun hayotida saqlanib qoldi.
U ko‘ngil uchun bitta-yarimta she’r yozgan — shoirlikni da’vo qilmasdi. Shunga qaramay, jismi-jonida shoirona bir ruh balqib turardi. Osmon va qushlar, oqar suv, gullar, giyohlarni yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, daraxtlarni! Unga shamolda shoxlari silkingan daraxtlar uchayotgandek bo‘lib tuyulardi.
* * *
Juda chiroyli edi.
Kiyinishi ham chiroyli.
O‘zini tutishi ham.
Birov bilan uchrashganda ko‘zlari porlab, samimiy jilmayishi…
Eslayman, bir kuni Madaniyat vazirligi eshigida domla Sharif Yusupovni ko‘rib qolib, undan-bundan so‘zlashib turgan edik, u o‘tib ketayotgan ekan, biz ko‘rishgani yo‘nalishga ulgurmay biz tomon yo‘naldi. Hol so‘rashib, bizdan uzoqlashganida Sharif aka dedilar:
— Insonda hamma narsa go‘zal bo‘lishi kerak, degan gap mana shu O‘lmasga to‘g‘ri keladi. Har jihatdan to‘kis…
Yana eslayman, u vafot etgan kunning ertasi ularning hovlisida Said Ahmad aka allanechuk ovozi titrab:
— Kecha men uni ko‘rdim, — dedilar. — Xudoyo tavba, odamning mayiti ham shunday chiroyli bo‘lar ekan. Xuddi Tohir!
Chindan u tobutda oltmishga kirgan, og‘ir xastalikni boshdan kechirgan kishi emas, chiroyli — yosh yigit kabi yotar edi.
* * *
Bundan qirq yilcha muqaddam biz, adabiyotga qiziqqan, o‘zi ham oz-moz qalam tebratgan dorilfunun talabalari ba’zan yozuvchilarning umumiy yig‘inlariga borar edik. Shu davrada unga dastlab ko‘zim tushgan. U bilan Farhod Musajonov O‘zbekiston radiosida ishlashar, yig‘inlarga ko‘pincha birga kelishar edi. Ular yozuvchi sifatida tanila boshlaganidan, biz ularga havas qilardik. O‘lmas aka, ayniqsa, “Sevgim, sevgilim” qissasi yangi bosilib, katta shuhrat qozongan payt edi. Men o‘shanda hali vaqti kelib besh-o‘n yil uning qo‘li ostida, radioda ishlashim, keyin yana kino sohasida “yonida yurishim”ni hattoki tasavvur qilolmas edim.
O‘qishni bitirib, ma’lum muddat bolalar matbuotida ishlaganimdan so‘ng, O‘lmas aka meni ishga oldi. Radioning Adabiyot bo‘limi bu pallada eski katta binodan chetda, tunuka tomli mo‘jazgina uyda joylashgan edi. Yo‘lakdagi ensiz-tor xonada matn ko‘chiruvchi Xadicha opa va Katya opa deganimiz, nisbatan keng ichkari xonada katta va oddiy muharrirlar — Farhod aka, Nasiba Ergasheva, Bahodir Abdullayev. Kamina kichik muharrir bo‘lib ularga qo‘shildim. Bizning xonamiz belida ikki eshik. Choqqina xonalardan birini rus tilida eshittirish tayyorlagan Lola degan ayol, ikkinchisini bosh muharrir O‘lmas Umarbekov egallagan.
Besh-o‘n yil ichida — zilzila ro‘y berib, Sulton Akbariy aytmoqchi, “Toshkent radiosi chodir ichida” ishlagan davr ham, radio ko‘p qavatli binoga ko‘chib kirgan davr ham bo‘ldi… Ijodkor yoshlikda o‘zi ko‘rgan ba’zi voqealar bir kuni tarixga aylanishini bilmas, aniq yozib qo‘yishga hafsala qilmas ekan! Shaxsan menga bu borada, afsuski, vaqtida hech kim tarbiya bermagan. Mana, O‘lmas akani eslab, radioda, kino sohasida birga ishlagan yillardagi butun munosabat, barcha holatlar va suhbatlarimizni xotiramda tugal tiklayolmayapman. Faqat uzuq-yuluq manzaralar xayolimdan kechadi.
* * *
Ikkimiz avvalida keskin bir to‘qnashganmiz.
Uni hurmat qilardim. U rahbar, men oddiy xodim. U adib va arbob, men boshlovchi-havaskor, hali biron kitobim chiqmagan. Buning ustiga, u mendan yetti yosh katta, tabiiy — hurmat qilishim kerak.
Lekin “yoshlik — beboshlik”, hech bir asossiz va ba’zan negaligini o‘zing anglamagan holda g‘ururlanish, oliftalik, deymizmi! Birovning oldida past kelmaslik! Bu — ehtimolki, ishonch. Yoshlik yillari bu ishonchsiz yashash ham mumkin emas.
Qisqasi, oxirgi ish kuni — juma edi. Kechga tomon taxminan o‘n besh-yigirma kishilik davraga to‘plandik. Said Ahmad aka, xalq artisti Nabi Rahimov, radioning boshliqlaridan o‘zini Adabiyot bo‘limiga yaqin tutgan Burhon Ziyoyev, kino arboblaridan Sobit Saidov — bir necha oqsoqollar davrani bezashgan. Suhbat qurib o‘tirar edik. Kutilmaganda O‘lmas aka bilan bahslashib qoldik. Nazarimda, u buxoroliklar to‘g‘risida nojo‘ya bir gap aytgan edi — menga bu “tegib ketib”, o‘zimni kamsitilgandek sezdim.
Aslida, O‘lmas aka odamlarni teng ko‘rgani kabi viloyatlar — yaxlit O‘zbekistonni ko‘ksida ilitib yurgan, mahalliychilikni aksincha noxush qabul qilgan kishi. Men buni tushunib yetganim — keyin! O‘sha kuni esa orada o‘t chiqdi. Oqsoqollar amallab ikkimizni ikki yoqqa ajratishdi.
Shanba va yakshanba kuni toza xunob bo‘ldim. O‘zimni haqli deb bilardim. Bunaqa odam bilan ishlamayman, deb o‘yladim. Ishdan bo‘shash haqida ariza yozib, cho‘ntagimga solib qo‘ydim.
Dushanba ertalab idoraga kirib borayotsam, naq ro‘paramdan O‘lmas aka kelayapti. U sen-bolani yo‘q qilaman, ildizingni quritaman, deyishi mumkin edi. U adabiyotda yo‘lingni to‘saman, qayerga borma, senga kun bermayman, deyishi ham mumkin edi. Yashirib nima qildik, hayotda shunday “aka”larimiz bo‘lgan! U jilla qursa, men kimu sen kim, deyishi yoki yuzini chetga burib shart o‘tib ketishi mumkin edi… Ammo O‘lmas aka yaqinlashayotib, sal qizardi va ochiq-beg‘ubor jilmaydi.
— Omon! O‘sha kuni ikkimiz ham yengiltaklik qilibmizmi! — dedi.
Men oliyhimmat bu insonning “aybni o‘zidan ham qidirgani”-yu ezgulik tomon birinchi bo‘lib qadam tashlaganidan shu qadar ta’sirlanib ketdimki! Dovdirab qoldim.
— Kechirasiz, O‘lmas aka! Men yoshlik qildim, — dedim.
Bu voqeadan keyin “rasmiy” hurmat o‘rnida unga nisbatan ko‘nglimda chinakam hurmat va mehr uyg‘ondi. U bilan ortiq hech qachon bahslashmaslikka qaror qildim. Yillar davomida qaytib oramizda — Xudoga shukrki, — biri-biriga ozor yetkazgan biron dam uchramaydi… Umuman, hayot yo‘lida O‘lmas aka va Farhod aka menga ko‘p mehribonlik ko‘rsatgan. Unutmayman.
* * *
Dunyoning g‘aroyibligi!
Inson tabiatida kamtarlik, ichki xokisorlik bilan o‘z qadrini bilmaslik, har kimga egilib eshilish farq qilar ekan. O‘zini munosib tutish bilan kekkayish, birovga himmat ko‘rsatish, xolis bag‘rikenglik bilan manfaatparast yaxshilik ham farq qiladi.
O‘lmas aka, bir xil ko‘rinishga ega, birdek rangda tovlangan, lekin biri-biriga zid bu xislatlarni avvaldan odamlar orasidagi munosabatda farqlay olar edi. To‘g‘rirog‘i, ota-bobolardan kelgan ko‘rkam fazilatlar bolalikdan Bu Odamning fe’li-atvoriga aylangan. Uning kamtar holatida mutelik, o‘zini munosib tutishida mag‘rurlanish, bag‘rikeng muomalasida manfaatparastlik yo‘q edi… U radioda Adabiyot bo‘limini boshqarganida ustozlar G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhordan tortib O‘lmas akaga tengdosh avlodgacha, bundan qo‘liga endi qalam olgan yosh ijodkorlargacha muttasil ostona hatlab, eshittirishlarda o‘z asarlari bilan qatnashishar edi. Esimda, G‘afur aka qachon radioga kelsa, O‘lmas shu yerdami, deb so‘rar, O‘lmas aka bilan ko‘rishib ketar edi. Abdulla aka bir gal kelib O‘lmas aka bilan yarim soatdan ko‘proq suhbatlashib ketgani ham esimda — hozirgi avlod bilmaydi, Abdulla aka so‘zga, suhbatga “xasis” edi, o‘ziga ham, boshqalarga ham qattiq talab qo‘yardi. Said Ahmad aka O‘lmas akani o‘z ukasidek yaxshi ko‘rardi. Keyinchalik O‘lmas akaga bag‘ishlab alohida bir qissa ham yozdi… Katta-kichik adiblardan kimdir qo‘li qisqalikdan qiynalib qolgan bo‘lsa, O‘lmas akaga murojaat qilardi. O‘lmas aka o‘sha kuniyoq adibning hikoyami, she’rlarimi — asarini “efirga uzatib”, ertasi kuniyoq qalam haqi olishini uyushtirar, nochor holdagi kishining bir hafta-o‘n kun uyida qozoni qaynar edi. Bu ijodkorlardan birovning O‘lmas akaga ortiqcha “o‘tqazib qo‘ygan” joyi yo‘q! O‘lmas aka ularga mehribonlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlashni o‘z vazifasi deb bilardi.
Oltmishinchi yillar oxiri, yetmishinchi yillar boshlanishida “Adabiy-dramatik eshittirishlar redaktsiyasi” kengayib, shu davrda Cho‘lpon Ergash, Tursun Ibrohimov, Mashrab Boboyev, Tohir Malik, Erkin A’zam, Mirhamid Ahmedov, Matluba Islomova, Esonoy Sodiqova va boshqalar bu yerda xizmat qilgan. Ma’lum muddat Adabiyot bilan Musiqa bo‘limi birlashganidan, adashmasam, o‘ttizga yaqin kishi ishlar edi… O‘lmas aka goho bizning xonamizga kirib, yuz-ko‘zi porlagan mamnun holatda qo‘llarini biri-biriga ishqagancha:
— Yigitlar, bugun kechqurun bo‘shmisizlar? O‘zimiz bir oz suhbatlashib o‘tiraylik, — derdi va… kichik bir dasturxon tuzash uchun pul ham qoldirardi. Keyin… rasmiyatsiz, o‘zini bizga teng tutib yarim soat-bir soat biz bilan gaplashib o‘tirar, kimning qanday tashvishi, nima kamchilik borligini shunchaki gap orasida aniqlashga urinardi. Bunday dilkash suhbatlardan biz har gal ruhlanib ketar, ertasi kuni ishga “qanot qoqib” borar edik.
* * *
U, yozganim yaxshimi, yomonmi, meniki, deb bilardi shekilli, kam holda asarini birovga qo‘lyozmada o‘qib berar yoki o‘qitar edi. Birga ishlab yurib, uning hikoyalari, qissalari bilan aksar matbuotda, kitob bo‘lib bosilganida tanishardik.
Faqat ba’zan (ehtimolki, ikkilanganida) Farhod akaga o‘qib bergan, o‘qitgan paytlari bor. Ba’zan menga.
Qo‘l mehnati, qayta-qayta yozishdan erinmasdi. O‘zi, xulqi singari xati nihoyatda chiroyli edi. Qiziq joyi, harflar allaqanday ko‘tarilib-tushganidan, uning yozuvi “yurak urishi”ga o‘xshardi.
Shu o‘rinda aytay. U — milliy yozuvchi, asarlarida bizning “hayot va adabiyotda bo‘lgan kuchli va ojiz tomonlarimiz”ni aks ettiradi. Uning asarlarida yana, nasrdan ko‘ra she’rga xos ruh ustun turadi. Bu — O‘lmas akaning shoirona ruhidan kelib chiqqan bo‘lsa kerak… Men o‘zbek adiblarini boshqa bir adabiyot vakillariga qiyoslashni uncha xush ko‘rmayman. Lekin gohida ijod yo‘nalishini aniqlash uchun qiyoslashga ham to‘g‘ri keladi. Uning nasrida buyuk qalam sohiblaridan Turgenev (aslida Turg‘unov, ajdodlari mo‘g‘ul edi) asarlariga “ichki yaqinlik” ko‘zga tashlanadi. Shuning barobarida O‘lmas aka “o‘z ildizlarimiz”ga suyanib “ayovsiz realizm”ga qarab bordi.
Qisqasi, u qo‘lyozmani birovga ko‘rsatdimi, goh indamay, goh sal asabiylanib bo‘lsa-da, fikrni qabul qilardi. Yoshi kattami, kichikmi qaramasdi.
Bir kuni ot to‘g‘risida hikoya yozgan ekan, o‘qib berdi.
— Hikoya yaxshi. Birgina mulohaza, hikoyada ot “sizniki” emas, — dedim.
O‘lmas aka hech narsa demadi. Keyin matbuotda bosilgach o‘qidim, ancha o‘zgartirish kiritgan edi.
Go‘zal asarlaridan biri — “Bulg‘or qo‘shiqlari” u yer-bu yerda parcha-parcha e’lon qilingan. Kitob tuzishga tayyorlayotgan payti fikrlashdi:
— Shuni she’riy satrga solish kerakmikan? Ko‘ring-chi!
Uch-to‘rt kundan so‘ng:
— O‘lmas aka, asar buziladiganga o‘xshaydi, — dedim.
— To‘g‘ri, men ham o‘yladim. Nasriy shaklda qolavergani yaxshi ekan, — dedi. Bunday biri-biri bilan ijodiy fikrlashlarimiz ko‘p bo‘lgan.
Oradan yillar o‘tib, O‘lmas aka Madaniyat vazirligida ishlar edi. Men nashriyotda muharrirlik qilish bilan birga, Yoshlar teatrida adabiy maslahatchi edim. O‘lmas aka o‘z qissalaridan birining sahna variantini yozgan ekan, asar “Otilmagan o‘q” degan nom qo‘yilib sahnada shakl-shamoil kasb eta boshladi. Ammo mening sinfdoshim, teatrning bosh rejissyori Baxtiyor Ixtiyorov asardagi bir ko‘rinish o‘rniga tushmayapti, deb qoldi. Ko‘ngli to‘lmayotgan edi. Ikkimiz nimadir yozib-chizib “qo‘shish”ga urindik. Natija chiqmadi.
— O‘lmas akaga aytish kerak, — dedi Baxtiyor.
— Og‘ir olishi mumkin, — dedim.
— Men o‘zim bir gaplashib ko‘ray-chi, — dedi Baxtiyor.
Ikki kundan keyin O‘lmas aka qo‘lyozmani yetkazdi. U butun ko‘rinishni qaytadan maromiga yetkazib yozgan edi.
Adabiyotga jiddiy, mas’uliyat hissi bilan qarardi. Boshqalardan ham shuni kutardi.
Ammo u birovning qo‘lyozmasi borasida fikr bildirganida, shu qadar beozor, samimiy so‘zlar ediki! Maqtov yoki tanqid emas, har xil takliflar bilan senga yo‘l ochib bergandek bo‘lardi.
* * *
“O‘zbekfilm”da direktor lavozimini egallagach, qo‘ng‘iroq qilib ishga chaqirdi. Bir joyda bo‘laylik, dedi.
Kino sohasida mening ishim yurishmadi. Shunga qaramay, O‘lmas aka sharofati bilan bu sohani ozmi-ko‘pmi o‘rgandim, ma’lum ishlar qildim. Muhimi, radio va kinoda ishlaganimda, O‘lmas aka sharofati bilan Shukur Burhon, Olim Xo‘jayev, Razzoq Hamroyev, Hamza Umarov, Lutfixon aya, Sora Eshonto‘rayeva, Mukarram Turg‘unboyeva — buyuk san’atkorlarni ko‘rish, ularning ovozini yozib olish yoki xizmat bahonasida “bir chimdim” bo‘lsa-da, suhbatlaridan bahra topish nasib etdi. O‘lmas aka bevosita rahnamolik qilmaganida, menga, ehtimolki, bu baxt buyurmas edi.
U “qo‘l yetmas” katta lavozimlarda ishlaganida ham, muomalasi bir xilda barchaga teng, oddiy edi. Dabdabaga, balandparvozlikka toqati yo‘q, rasmiyatsiz ish tutardi.
Bir kuni kechki soat yettilarda uyiga borishimni so‘radi.
Borganimda:
— Hozir Farhod bilan Uchqun Nazarov kelishadi. Boshqa hech kim, o‘zimiz! — dedi. Keyin sekin qo‘shib qo‘ydi. — Bugun tug‘ilgan kunim edi…
O‘lmas aka hayotidagi katta sanalarga ham shunday beparvo qarardi. Uning ellik va oltmish yoshga to‘lishi uyida, tor doirada nishonlangan. Yetmish yilligini keng jamoatchilik nishonladi, ammo bu to‘yga u “etib” kelolmadi…
* * *
U men uchun — ham aka, ham do‘st, ham ustoz qatorida edi. Unga lutf ko‘rsatish, yaxshi bir gaplar aytishni ko‘p o‘ylaganman. Aytishga botinmaganman. Gap shundaki, O‘lmas aka doim menga rahbar edi va bu xushomadga, biron manfaatni ko‘zlashga o‘xshar edi. Bundan tashqari, hurmat, mehr ko‘rinib turgach, so‘z shartmi, degan fikrga borganman…
* * *
Kuzning oxirgi kunlari.
Keyin qish…
Shamolda shoxlari silkingan daraxtlar menga parvoz qilayotgandek bo‘lib tuyuladi.
Ular negadir har gal menga O‘lmas aka hayotini eslatadi.
Uni har gal eslaganimda, endi dunyo go‘yoki ko‘z oldimda bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoladi…