Otamiz ovchi edi. Biz – besh nafar o‘g‘ilga uning eski qo‘shotari va “mergan” laqabi meros qolgan, xolos. Og‘a-inilardan faqat o‘rtanchamizga ovchilarga xos sabr-toqat, qunt-hafsala, o‘qni bexato otish o‘tganday, qolganlarimizga ana shu xislatlarning yuqigina tekkan ko‘rinadi. Ov bahona miltiq talashishda va otgan o‘ljalarimiz qonli iz qoldirganicha o‘tib bo‘lmas changalzorga kirib ketganligi haqida maqtanishda bir-birimizdan o‘tamiz. Men otamizning ortidan dumdek ergashib yurardimu, ammo ovchilik sirlarini o‘rganish o‘rniga mo‘ljaldagi o‘ljalarini cho‘chitib yuborib ko‘proq zararim tegardi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, otamiz ovga hozirlik ko‘rayotganlarini ko‘pincha sir tutishga harakat qilardi, miltiqni qopga tiqqanicha o‘sha o‘rtanchamizga kishi bilmas topshirib, biror ma’lum butaning panasida kutib turishni tayinlab, o‘zi ham xuddi do‘kongami-sartaroshxonagami ketayotgandek uydan olislagach, orqasida biz kabi dumlar ta’qib qilmayotganiga amin bo‘lganidan so‘nggina yo‘lni to‘qayzorga burardi. Otamiz va o‘rtanchamiz ovga ketganligini ular kechki ovqat paytidayam ko‘rinmaganlaridan bilib qolganimizda esa rostakamiga kech bo‘lgan, chiyabo‘rilar uvillab chiqadigan to‘qayzorni oralab ularni topish uchun esa to‘rt og‘ayni-botirlarga otning kallasiday yurak zarur bo‘lardi.
Bizni chuv tushirib ketgan ovchilar ertasi kuni oftob tog‘lar ortiga yumalab ketganidan so‘ng bir-ikkita quyonmi, bo‘rsiqqa o‘xshagan o‘ljanimi yelkaga ilgancha kirib kelishardi. Kechki payt otam o‘z teng- to‘shlariga, birodarimiz esa o‘ziga o‘xshagan bola-baqralarga bemalol qancha payt o‘lja poylaganlariyu, qanday otganlarini hikoya qilib berishardi.
Bu orada yillar suvdek oqib o‘tib, besh og‘a-inining uchtasi uylanib, bola-chaqali va yangi hovli-joyli bo‘lib ketgach, otamizning ham ko‘zlari xiralashib qolganligi va shu paytgacha to‘kkan qonlari uchun tavba-tazarru qilish payti kelganligidan toat-ibodat qilishga tushib ketdi va turgan gapki, miltiq egasiz qolib, bizlar onda-sonda unga tikilib qo‘yardik. Ovchilikka uquvli birodarimiz zavodda ishlaydi, otameros kasbi bilan faqat mehnat ta’tiliga chiqqan paytlaridagina shug‘ullanishga imkon topadi, xolos. Qo‘shotar deyarli bizdek mavsumiy mehnat bilan band aka-ukalarga qolgandi. Ovchilikka ham azbaroyi uydagi muammolardan qochish, biror jilg‘a bo‘yida “yarimta”ni maydalab yotish uchungina otlanganimizdan, ko‘pincha to‘qaydan quruq qaytsak-da, ovdagi sarguzashtlarimizni eshitgani qo‘shnimizning do‘koni oldiga ancha-muncha pivoxo‘rlar yig‘ilib kelishardi. Menimcha, bizning ovchiligimizdan ana shu do‘konchi ko‘proq foyda ko‘rardi.
Kunlardan birida qishloqqa yovvoyi mushuk oralayotganligi haqida gap tarqaldi. Kimningdir to‘rtta tovug‘i, boshqasining kurkasi, osib qo‘ygan go‘shti, qaymog‘u saryog‘i yo‘qola boshladi. Balki, tulkidir degan gaplar ham bo‘ldi. Ammo uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarning aytishicha, salkam itday keladigan bu mushuk odamdan sira ko‘rqmay, baqrayganicha qarab turaverarmish-da, biror narsani otmoqchi bo‘lib harakat qilsang, o‘zingga tashlanguduk bo‘lib, pixillay-pixillay tishlarini ko‘rsatarmish. Katta odam-ku bunday paytda qutilib qolar, ammo yosh bolalarning qo‘lidan nimayam kelardi. Shu tufayli, onalar yosh bolalarini doim yonida olib yuradigan, sal ko‘rinmay qolsa vahima bilan chaqiradigan bo‘lib qolishdi.
Janjalkashlikda beqiyos Naima xola bir kuni bizga yopishdi:
– Hoy, ovchini bollari, sizlar qayoqqa qarayapsizlar! Miltiqni ko‘tarib yuravermay, qishloqni mushuk o‘lgurdan qutqarsanglar-chi! O‘ligini o‘zimga ko‘rsatasizlar, ana shunda u kimniki ekanligi ma’lum bo‘ladi!
Ovchining bolalari ekanligimizni isbotlash uchun qo‘shtig‘ni ketmondek yelkaga tashlagancha qishloqdan chiqib, rosa to‘qayzorni oralab, shimlarimizni tikanlar ilib, etiklarimizning poshnasi mayishib ketdiyamki, talonchi mushukka duch kelmadik. Qaytaga xotinlarimizdan gap eshitganimiz qoldi. Bu orada daydi mushuk yana besh-olti tovug‘u kurkalar boshiga yetdi. Bunday besamar sanqishlar jonimizga tegib, baliq ovlashni ma’qul ko‘rib ukam bilan qarmoqlarni qo‘lga olgancha soy tarafga jo‘nadik. Kuz kuni ham bir tutam. Har birimiz uch-to‘rttadan baliq tutgunimizcha tevarakka qorong‘ulik indi.
Muyulishda ukam bilan xayrlashdim-da, o‘z uyimga oshiqdim. Hovli yuzi lampa chiroq yog‘dusidan xiragina yorishib turibdi. Hamma yoq jim-jit. Shundagina peshin payti xotinim qizimni ergashtirib otasinikiga ketganligi esimga tushdi. Ko‘nglim xijil tortdi.
Qo‘limdagi hali tirik baliqlar pitillab qo‘yayotgan suvqog‘ozli xaltani salqin havoda aynimay turishini chamalab ayvon ustunidagi mixga osib qo‘ydim.
Choy-poy ichishga ham hafsala yo‘q edi.O‘zimni ko‘rpachaga tashlagancha dong qotib qolibman.
Tun allamahal bo‘lganida eshikning gursillab urilishidan uyg‘onib ketdim.
– Kim u? Eshik ilgaklanmagan! – deya qichqirarkanman, nogoh tun yarmida kim ham kelishi mumkinligini eslab qoldim. – Xotin, senmisan?!
Ammo eshikka nimadir qayta-qayta urilar, zarba eshikning pastki qismiga to‘g‘ri kelganligidan uni birov tepayotgandek tuyulib, battar o‘takamni yorardi. Joyimdan irg‘ib turdimu eshik ilgagini soldim, so‘ng sal narida yotgan otashkosovni qo‘lga oldim.
Bu orada eshikka tushayotgan zarbalar davom etsa-da, avvalgidek kuchli emasdi. Bora-bora ular tinibam qoldi. Men sekin eshikni qiya ochib, ayvondagi g‘aroyib manzaradan karaxt bo‘lib qoldim. Ayvonning xira lampochkasi boshiga suvqog‘oz kiyilib qolganligidan nafas ololmay, u yoqdan-bu yoqqa yumalayotgan kattakon jundor hayvonni yoritib turardi. Uzun dumini bilanglatishidan uni mushukka o‘xshatdim. Chamasi, u ustunga tirmashib chiqib, baliqli suvqog‘ozni yerga tushirib, baliqlarni paqqos tushira boshlayotganida suvqog‘oz boshiga o‘ralib qolganidan nafas ololmay, o‘zini har tarafga uraverganga o‘xshaydi. Balki qishloqdagilarning joniga tegib yurgan mushuk shuning o‘zidir! Hozir, qo‘limdagi kosov bilan uni bir-ikki yaxshilab tushirsam, ertaga akang qarag‘aydan yaxshi odam topilmaydi qishloqda. Ammo, shu zahoti ovchilik vijdonim uyg‘onib, shundog‘am o‘lim changalida yotgan jonivorni urib o‘ldirish niyatidan qaytdim. Mard bo‘lsang – maydonga chiqmaysanmi? Uy ichiga qaytib kirib, xontaxtada yotgan pichoqni olgancha tashqariga, jon talvasasida yotgan mushuk tepasiga keldim. Garchi, boshi suvqog‘ozga o‘ralib qolgan bo‘lsa-da, mushuk hamon ko‘rinmas dushmanga hamla qilgancha, to‘rttala oyog‘ini havoda o‘ynatar, o‘tkir tirnoqlari u yer-bu yerimni tirnab tashlashi, tirnalgan joylar esa kech kuzakda gazaklab, tuzalishi qiyin yaraga aylanib ketishi, qutirgan bo‘lsa yana-da yomon kunlarni boshimga solishi ehtimolidan unga g‘oyatda ehtiyotkorlik bilan yaqinlashib, qo‘limni cho‘zgancha pichoqning uchi bilan suvqog‘ozni bir hamlada tilib tashladim.
Teshilgan suvqog‘ozdan mushukning boshi ochiq havoga chiqdi va chaqchaygan ko‘zlari bilan menga bir lahza tikildi-da, butun qolgan baliqlarni hovli sahniga sochganicha sakray-sakray qorong‘ulik qo‘yniga ravona bo‘ldi…
Ertasi kuni hech kimga bu voqea haqida og‘iz ochmadim. Qo‘lginamga tushib turgan mushukni o‘ldirmay, qochirib yuborganim uchun tag‘in baloga qolishim mumkin edi.
Bu orada kunlar tobora qisqarib, ayrim kechalari ko‘rpa tagidayam sovqota boshladik. Hovlimizning ko‘cha devori ostida har yili burganlar odam bo‘yi o‘sib yotar, xotinim ularni atayin yulmay, kuzakda o‘rib olib, uzun-uzun ko‘chasupirgi bog‘latar, ba’zan uncha-munchasini bozorga eltib sotardi.
O‘roqni qo‘lga olib o‘sha bel barobar burganzorga yaqinlashdim. Endi bir tutam burganni o‘rgandimamki, vahimali vishillash qulog‘imga eshitilib, tarrakday qotib qoldim. Mendan ikki qadamcha naridagi burganga o‘ralgan ilon tilini chiqargan ko‘yi vishillar, unga o‘ralib olgan ikkinchisi ham sovuq ko‘zlarini menga qadab olgandi. O‘roqni o‘sha joyda qoldirgancha so‘ri tomon jon holatda qochdim.
– Ha, yana nima bo‘ldi?! – dedi xotinim ovsini kelgani sharofati bilan unnayotgan oshiga sabzi artishdan to‘xtab. – Buncha rangingizda rang yo‘q!
– Ilon! – dedim qo‘lim bilan devor tomonga ishora qilib, – Juda ko‘p!
Ha, qocha-qocha, burganzordan chiqqan besh-oltitacha ilonning qovoq palaklari tagigaga o‘rmalab ketganini ko‘rgan edim.
– Voy, qizlarimiz qani?! – xotinimning shu gapidan keyingina behi tergani ketgan qizlarimiz esimizga tushib, jon holatda ularni chaqirishga tushdik.
Qo‘llaridagi chelakni behiga to‘ldirgandan keyin ham gapga alahsigan dugonalar shosha-pisha bog‘chadan chiqib kelisharkan, onalarining vahimali tovushlaridan joylarida taqqa to‘xtab qolishdi.
– Voy, qanaqa erkaksiz, boring, qizlarni olib keling! – dedi xotinim so‘ridan tushishgayam majoli kelmay.
Uzun kaltak va o‘roq bilan qurollangan holda o‘n qadamlar narida qotib qolgan qizlarimizni so‘riga boshlab keldim. Osh oshligicha qolib, xotinim qizini olgancha ota-onasinikiga, kelinimiz bir chelak behini olgancha o‘zining uyiga ketdi.
…Kimsasiz hovlida qolishdan o‘zimam qo‘rqib, otamnikiga jo‘nadim. Nimaga kelganligimni aytib o‘tirmay, ertalab qo‘rqa-pisa hovlimizga qaytib keldim. Odam o‘z uyidan qo‘rqib qolsa yomon bo‘larkan.
Hovli o‘rtasida yotgan uzun kaltakni qo‘lga olgancha so‘riga yaqinlashdimu, oyoqlarimda mador qolmadi. Yarmi yerga osilib yotgan quroq ko‘rpacha ustida bir ilon cho‘zilib yotardi. Kaltak bilan uni bir chekkaga uloqtirib bildimki, gazanda o‘lib qolgan ekan.Uning bosh qismi uzilib terisigagina ilashib turardi…
Shu vaqt darvozadan otam, qaynotam, xotinim orqama-ketin kirib kelishdi.
– O‘ntadanam ko‘p edi, – dedi xotinim o‘lgan ilonni otamning panasidan tomosha qilarkan. – Bilakday keladiganlari bor. Bu uyda endi yasholmayman!
– Xudo biladi, – otam o‘lgan ilonni qo‘liga olib, aylantirib ko‘ra boshladi. – Urg‘ochisi ekan. Ikki yasharlar bor. Shu burganzorga balo bormi hovlida! Necha marta aytdim, yulib, tozalab, supirib qo‘yinglar deb. Hovlimas, to‘qay bu.
– Otajon, kamida yuzta supurgi chiqib turardi-da, – dedi xotinim bel barobar burganzorga xavfsiragancha tikilib. – Ilon yilimasmi bu yil?
– Sen o‘ldirdingmi buni? – so‘radi otam o‘zining gapiga o‘ziyam hayron bo‘lganicha. – Ilondan o‘larday qo‘rqarding.
– Voy, asta aytasizmi? – dedi xotinim endi o‘zining otasining panasiga o‘tib. – Xotinga zo‘r xolos, bu! Ilonni ko‘rsa uch kun ko‘rpa-yostiq qilib yotadi. Gapim shu, sovuq tushguncha otamnikida turaman. Buzoqni siz olib keting, ilon-pilon chaqsa o‘lib qolmasin tag‘in. Alohida uy qilib, endi molga yetgan joyim-a…
– Ko‘p vahima qilma, – dedi qaynotam. – Eshitgan quloqqayam yaxshimas. Kim ishonadi, ilondan qo‘rqib, otasinikiga kelibdi desa.
– Bu endi bittasi, ota, – dedi xotinim u yoq-bu yoqlarga alanglab. – Hali yana qanchasi bor-u… Ilonlarni qasoskor deb eshitganman. Mana buning o‘ligi uchun o‘ch olishga tushishsa-chi. Meni o‘ylamasanglaram, nevularingni o‘ylanglar! Gap shu, otamnikiga ketaman. Sovuq tushguncha o‘shaqda bo‘laman. Men kerakli narsalarimni tugib chiqay. Voy-ey, uyga qanday kiraman? Ota, yuring, menga hamroh bo‘ling! Qanday kunlarga qoldima-a…
Otam o‘ychan bir qiyofada hovlida kezinarkan, yana bitta ilon o‘ligini topib oldiyu, va himamiz bejiz emasligiga amin bo‘ldi…
… Mana bir haftadirki, xotinim bilan qizim – otasinikida, men bilan buzog‘im esa o‘z otamnikida, itimiz zanjiridan bo‘shatilgan, hovlimiz egasiz, baytalmon. Garchi hovlimizdan ilon chiqqanini birovga aytmagan bo‘lsam-da, allaqachon qishloqda gap bo‘lib ketgan edi.
Har kuni hovlidan xabar olgani goh bir o‘zim, goh otam yo biror ukam, yo sinfdosh jo‘ram bilan kelib ketardim. Kunda, kunora bitta yo ikkitadan ilon o‘ligini hovlining turli joylaridan topib olganimda bundan xursand bo‘lishniyam, xafa bo‘lishniyam bilolmasdim. O‘lgan ilonni daliliy ashyo sifatida biror xaltaga solgancha qaynotamnikiga yetib borardim. Xotinim ilonlar o‘ligi ortgani sari qaytishni orqaga surgani surgan edi. Sakkizinchi ilon o‘ligini topganimizdan so‘ng, otam folbinga uchrab, ularning soni qirqtachaligi, to ularning eng kattasi o‘lmaguncha hovliga qaytolmasligimiz haqida bilib qaytdi. Biror dami o‘tkir mullaga chilyosin qildirib tashlashimiz kerak ekan. Shunday ham qildik. Duoli qog‘ozni dam solingan suvda ezib hovli ichiga purkab chiqdik. Marosim oxirida o‘larday charchagan dami o‘tkir duoxonni eshagiga mindirib, ko‘cha boshigacha kuzatib qo‘ygach, otam meni qo‘yarda-qo‘ymay o‘z uyimda tunab qolishga ko‘ndirdi: “Ukangni jo‘nataman, ikkita erkak bir-birlaringga jo‘ra bo‘lib yotasanlar!”
Aka-uka yarim kilocha kolbasa sotib olib, hovliga g‘ira-shirada kirib naq to‘rtta ilonning o‘ligi ustidan chiqdik. Nima balo, bular bir-biri bilan urush qilib o‘lishyaptimi, deb rosa boshimiz qotdi.
Egalari kelib qolganidan xursand itimiz shundoqqina so‘ri yonida dumini o‘ynatib yotar, biz irg‘itgan kolbasa burdalarini yerga tushirmay, havodayoq ilib olardi. Tungi salqin tushganiga qaramay ikkalamizning ham uyga kirib yotishga yuragimiz dov bermaganligidan, bir-birimizga poyloqchilik qilgancha taxmondan ko‘rpalarni olib chiqib, so‘rida tunay qoldik.
– Hojatgayam ikkovlashib boramiz chog‘imda, – dedi ukam qo‘lfonarni o‘chirib-yoqib o‘ynarkan. – Birimiz chiroq tutib turamiz, birimiz ishimizni bajaramiz.
– Bir kecha bormayam qo‘yaveramiz, – dedim-u, qornimda sanchiq turayotganini his qilib, ukamga o‘qraydim, – gapirmayam o‘l! Yur, endi…
… Tun qanday o‘tganiniyam bilmay qolibman. Tonggi quyoshning o‘tkir nurlari ko‘zimga qadalganidan bildimki, sertashvish tun ortda qolibdi. So‘rining boshqa tarafida ko‘rpaga o‘ranib yotgan qorovul ukamning yonida yoniqligicha qolgan qo‘lfonarga ko‘zim tushib, uni o‘chirdim-da, hovlini ko‘zdan kechirish uchun o‘rnimdan turdim. Yo‘l-yo‘lakay ustunga sanchig‘lik o‘roqni qo‘lga oldim.
Tonggi sovuq kuz shamolidan badanlarim junjikadi. Xazonlarning namxush hidi dimoqqa uriladi.
Shu payt qulog‘imga g‘alati shitirlash eshitildi. Vahima bilan atrofga alangladim. Ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘lgan manzaradan tizzalarim qaltirab ketdi. Yirik bir ilon bilan mushuk ayovsiz olishardi. Sal narida yana bir gazandaning pajmurda tanasi bilanglab yotardi. Ha, bu o‘sha tunda men ko‘rgan mushuk. Ayni paytda u avvalgidan ham bahaybat ko‘rinardi. Tuklari bamisli jayranikidek dikkayib ketgan. U yon-bu yon yengil sakraydi, turli holatga kiradi, egiluvchan dumi har tarafga borib kelgancha ilonni chalg‘itadi. Yerdan tizza baravar ko‘tarilgan ilonning boshi mushukning dumiga hamohang tarzda tebranar, tebranibgina qolmay, ora-sira o‘qday otilib, chaqib olishga urinar va har gal xato ketardi. Bir ilongina emas, men ham mushuk dumining borib-kelishiga sehrlanib qolgandek, unga monand harakat qilardim.
Mushukning o‘tkir changali ilonning boshini aniq mo‘ljalga olganini gazandaning bir ko‘zidan qon tomchilab chiqqanidan bilsa bo‘lardi. Issiq qon ilonning yaltirab turgan po‘stidan yerga yetib, qonli izlar qoldira boshlagan paytidagina ukam kelib qoldi va baqirib yubordi. Mana shu lahzada taxmin qilgan xavotirim yuz berdi – mushuk to‘satdan paydo bo‘lgan ukamga e’tiborini qaratdi va paytdan foydalangan ilon o‘qday tashlanib, mushukning bo‘yniga tish botirishga ulgurdi. Garchi mushuk bir siltab, uni o‘zidan uzib tashlagan va ilonning boshini o‘tkir tishlari orasiga olishga erishgan bo‘lsa-da, uning qoniga o‘tgan ilon zahri o‘z ishini boshlab yubordi – ilonning jon tark etayotgan uzundan-uzun arg‘amchisi akashak bo‘layotgan mushukning tanasini so‘nggi bora og‘ushiga mahkam tortdi…
…Bu voqealar ancha paytgacha qishlog‘imizda shov- shuv bo‘lib yurdi. Hatto, tuman gazetasida “Xaloskor mushuk” degan kichkina xabar ham berildi. “Qahramon” mushukning hamqishloqlarning o‘nlab tovug‘u kurkalarini qirgani haqida lom-mim deyilmadi. Marhumlar haqida faqat yaxshi gaplarni gapirish kerak degan qoidaga amal qilgan bo‘lishsa kerak, hoynahoy…
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son