Tong otar, kun botar, umr o‘tar edi…
Turkiston tizmalari etaklariga bu sana kuz kech kirdi. Dastlab yong‘oq yaproqlari sarg‘ayib, kuzdan ilk mujda berdi. Sariqdan qahva tusiga kirgan barglar salqin mezon epkinlarida chirt-chirt uzilib, ona og‘ochdan uzoqlashar, shamol uni kuchi yetgunga qadar uchirib ketar edi.
Azamat yong‘oqlarga havas bilan qarab turgandek ko‘kka bo‘y cho‘zgan zardolilar avval sarg‘ish, so‘ngra oltinrang qizg‘ish tusga kirgan barglarini yana bir ikki haftacha tutib turadigandek qilt etmasdi.
Turnalarning issiq o‘lkalar tomon yo‘lga tushishlariga hali bir oz vaqt bor, qarg‘alar esa hademay qish kelishidan darak berib, haydov bo‘lib qolgan bedapoya va angorlarda bemalol lapanglashishar, viqor bilan to‘rt tarafga qarab qo‘yib, yer cho‘qilashardi.
Odatdagidek erta turib, bomdod namozini o‘qigan amir Muhammad Tarag‘ay Bahodir hovliga chiqib naridan beri yurarkan, ko‘chadan kirishda, sog‘ tarafdagi xonada ixlos va e’tiqod bilan namoz niyatini qilayotgan o‘n to‘rt yoshli o‘g‘li Temurning xatti-harakatini kuzatgancha, joyida turib qoldi. Amir bu yaqin vaqt orasida bunchalik mehr-muhabbat bilan yaratganga iltijo qilgan kishini uchratganini eslay olmadi. Nigohi tushgan holat va manzaradan shu qadar ta’sirlandiki, beixtiyor bo‘g‘ziga xo‘rsiniq kelib, ko‘zi yoshovladi.
— Egamga shukr! Avlodimning qalbiga shul qadar Olloh mehr-muhabbatni solganiga shukr! Inshoolloh bunday e’tiqodli farzand hayot yo‘lida adashmagay! O‘zing shafqatingdan darig‘ tutma, Egam! Elu ulus barobarida bizni ham yorlaqagin! Lo iloha illololoh, ashshuadanan Muhammadur rasululloh!
Amir ohista so‘zlarkan, yuziga fotiha tortdi. Barmoqlari beixtiyor ko‘z yoshlarini artib ketdi. So‘ngra, qo‘lro‘molchasini olib, kuz tongining salqinidan yoshlangan ko‘zlarini artayotgandek bo‘ldi.
— Assalomu alaykum, qiblagoh!
— Vaalaykum assalom, avlodim! Olloh ibodatingni qabul etsin! — dedi o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha otasiga termulib turgan o‘g‘li Temurbekka qarab. — Yaratgan Ollohim shu beg‘ubor tongda pok yurak ila qilgan iltijolaringizni qabul etsin! Barcha qatori bizni ham mehr-muruvvatidin darig‘ tutmasun! Omin!
Ota-o‘g‘il barobar yuzlariga fotiha tortdilar. Sochlariga oq oralab, polvonsifat yelkalari ixcham tortgan, uzun-uzun qo‘llarining tomirlari o‘ynab, qiyofasida keksalik alomatlari ko‘rinib qolgan amir shunday deya beixtiyor bosh farzandini ohista bag‘riga bosdi. Yana ko‘ngli to‘lib ketdi. O‘g‘il ham otasini bag‘riga bosgancha sukut saqlab turar edi.
— Voy, saharmardondan bir-birini bag‘riga bosgan ota-boladan aylanayin!
Hovliga chiqqan Tegina xonim ota-bolaning bu holatini avval tushunmay, bir lahza sukut qilgan, ma’nisiga yetgach, mehri tovlanib ketgan edi. Odam bolasi ham bu qadar mehr-muhabbatli bo‘ladimi?!
Voy ko‘zlarining dardini olay Temur bolam! Otaginasining yagona orzu-umidi, armoni! Tangrim yomon ko‘zlardan asrasin seni!
Tegina begimning bu iliq va allalovchi so‘zlari ular ruhiyatidagi holatga shu qadar mos ediki, onasi yana bir oz shu ohangda so‘ylasa Temurning ichidan to‘lib toshgan bir yig‘i bo‘g‘zidan otilib chiqadigandek edi.
— Safar oldidan ota-bola bir-birimizni bag‘rimizga bosdik-da, enasi. Inson zoti bir-birini sog‘inib yashamas ekan, uning hayotida zavqu shavq qolmaydi, — dedi amir xonimning so‘zlariga javob qilgan bo‘lib hamon ro‘molchasi bilan ko‘z yoshlarini artarkan.
— Otang o‘zi shunaqa, bolam! Ko‘ngli bo‘sh. Sal narsaga ko‘zining yoshi oqib ketaveradi. Lekin sen otangga o‘xshama! — Tegina xonim tabiatan ziyrak va zukko, gapga chechan bo‘lsa-da, ko‘p gapiravermas, eri, nozikta’b Tarag‘ay Bahodirning ko‘ngliga xush yoqadigan paytlardagina ochilardi. — Ko‘ngilchang bo‘lsang, hamma narsadan quruq qolasan. Mana otang, beklikka xon famonini ola turib, uni birovga berib o‘tiribdi! Bu kishim bilgan qon-qarindoshlikni ular hisobga olishgani yo‘q!
— Qo‘y, enasi, bunaqa gaplarni! — Tarag‘ay Bahodir o‘g‘lining oldida xijolat chekib, xotiniga tanbeh berdi-yu, lekin uning gaplaridan og‘rinmadi, qaytaga o‘g‘li bilan shu mavzuda suhbatlashish imkoni tug‘ilganidan xursand bo‘ldi. — Xudo rizqingni butun qilsa bekmisan, amirmisan farqi yo‘q. Muhimi, xudo yarlaqamoqdan qo‘ymasin! Yaxshisi, bizga nonushta hozirla. Bekzoda o‘g‘ling bilan bir Atabek amakimizni ko‘rib kelaylik. Ancha bo‘ldi ko‘rishmaganimizga. Hozir yo‘lga chiqsak, shom namoziga qadar yetib borsak ajab ermas…
— Amakingizni ko‘rishga faqat siz borasiz. Tumanli boyman deb ul kishi bizning taraflarga faqat to‘yu marakada keladilar, — og‘rinib so‘zladi Tegina xonim.
— Ha endi, ul kishining yoshlari ulug‘. Shunday ekan, biz u kishini borib ko‘rmoq va o‘g‘limiz Temurbekni tanishtirib qo‘ymoq majburiyatidamiz. Bu eskidan, ota-bobomizdan qolgan urf-odatdur, enasi. Hamma narsani mendan yaxshi bilasanu, hech narsani bilmagandek takrorlayverasan.
— Bolalaringiz ham bilsin, deyman-da. Bolaga boshdan tushuntirmoq, qulog‘iga quymoq lozim. Shukrlar bo‘lsinkim, Temurbek mana er yetay deb qoldi. Balandni pastdan, oqni qoradan, do‘stni dushmandan endi ajratmog‘i lozim. Tegishli gaplarni o‘z vaqtida qulog‘iga quyib qo‘yingki, yo‘lidan adashmasin. Chunki obro‘ oshdan, g‘avg‘o qarindoshdan, deydilar.
— Haqsan enasi, haqsan. Haq bo‘lmasang hech bir qo‘nuda og‘iz ochmaysan. Bu odat senga rahmatli otamiz, shayxulislom hazratlaridan o‘tgan. Sen yo‘l ko‘rsat, men nasihat berayinkim, bolamiz odam bo‘lsin. Elning oldida yursin. Ulug‘ avlod-ajdodlari sha’n-shavkatini saqlay bilsun!
Tegina begim otasini eslab bir entikdi. Buxoro shayxulislomining qizi Tegina begim taqvo bilan birga tabiiy fanlardan ham savod chiqargan, shu bois, Temurbekning chuqur bilim olishiga xayrixohgina bo‘lib qolmay, shaxsan o‘zi nazorat ham qilardi.
— Mehmonxonada nonushta hozir, siz yaxshi ko‘rgan qurtavadan qildirdim. Kechgacha suv ichib ketaverasizlar, — ota-o‘g‘ilni yemakka da’vat etdi Tegina begim.
— To‘riq bilan Samanni safarga hozirla, — Qulmon otchiga ish buyurdi bek mehmonxona tomon yurarkan. — Choy-poy ichdingmi?
— Ichdim, bek og‘a. Enam avval bizning qornimizni to‘yg‘izadilar. Olloh ul kishimdan rozi bo‘lsin!
— Sendan-da egam rozi bo‘lsin, Qulmon! Enang do‘stu dushmanga birdek yaxshilik tilovchi inson. Tili o‘tkirroq bo‘lsa-da, yuragida yomonligi yo‘q. Otlarga amirona egar-jabduqlarni ur. Yollarini tara. Ko‘p suv ichirma!
Bek shunday deb nonushta hozirlangan mehmonxona tomon yurdi. Ortidan o‘g‘li va xonimi ham kirdi. Tegina begim yumshoq echki junidan tikilgan dasturxonga qozonda qotirilib, o‘choqda toblanib pishiriladigan turkpatirni o‘rab qo‘ygan edi. Xona sut va saryog‘ga qorilib pishirilgan patirning isiga to‘lgan, bu hid mehmonxonaning bolor va vassajuftlari tog‘ archasidan bo‘lganligi uchun doimo anqib turadigan archa hidi ila uyg‘unlashib, g‘aroyib bir bo‘y taratar edi.
Tegina begim kattakon lagandek keladigan issiq patirning o‘rtasiga bir kuvilik sariyog‘ qo‘ydi. Xonadon a’zolari tuzlangan, qorinda saqlanadigan sariyog‘ yeyishga odatlanishgan. Tegina xonim bahordan boshlab, o‘zi xizmatchilarning boshida turib, yog‘li qatiqdan kuvi pishar, olingan har bir yumaloq yog‘ni suvi sirqib ketgunga qadar qo‘lda chekib, me’yorida tuzlangandan so‘ng, yangi so‘yilgan qo‘yning obdon tuzga bo‘ktirilgan qoriniga havo kirmaydigan qilib joylar edi. Omborxonaning yerto‘lasida qishlik uchun kamida yigirma qorin yog‘ turardi.
Dasturxonga saryog‘ qo‘yilgan qurtava keltirildi. Tegina begimning oshchilari yemak hozirlamoq borasida hassos edilar. Bularning barchasiga oshchilikni xonimning o‘zi o‘rgatar, yemak hozirlamoqqa tabiatan uquvi yo‘q qizlarni oilaning boshqa ishlarini bajarmoqqa yo‘naltirar, tirikchilik uchun yumush istab kelgan hech bir kimsani bo‘sag‘adan umidsiz qaytarib yubormas edi.
— Bul musofirparvarligingizdan so‘ng bek janoblari so‘yadigan qo‘ylar ham yeyilmay qolib ketadigan bo‘ldi-ku, enasi, — dedi amir huzur qilib patirdan yeyar ekan.
— Boy zoti shunaqa. Dasturxonga qo‘yganini qanchalik yemasangiz shunchalik xursand bo‘lishadi, — odatdagidek xo‘jasiga hazil qildi begim. — Suv ham qattiq yerda turadi. Yumshoq yerga tez singib ketadi.
— E-e, sizga bir gap deb bo‘lmaydi-da enasi, — odatiga ko‘ra, hazil-mutoyiba yoki jiddiy biror masalani so‘zlashganda xonimini sizlar edi bek. — Boylarning barisi ham shunday bo‘lmasa kerak. Mana o‘zingiz ham boy xotinisiz. Qo‘lingiz va ko‘nglingiz beg‘ubor osmondek ochiq, — umr yo‘ldoshiga mehri tovlanib so‘zladi amir va qo‘shib qo‘ydi. — Ammo qurtavani boplabsiz, hididan bilinib turipti.
— Qurtavani hech kim rahmatli enangizdek hozirlay olmas edi, — dedi begim sopol kosadagi qurtavani xo‘jasi oldiga o‘z qo‘li bilan qo‘yar ekan. — Rahmatli qaynonam uni maromida qaynatishni bilar edilar. U kishim shunday isitardilarki, chalob ham irimas, piyoz ham tobida so‘lar edi. Saryog‘ni eritib, to‘rtasini yog‘log‘i ostida qoldirib, betidagi ko‘pigini qurtava yuziga solar edilar. Qurtava qilmoqni men ul kishimdan o‘rgandim. Bizning Buxoroyi sharifda qurtava odatiy yemak emas edi.
— Qurtavayu turkpatir bizga o‘xshagan sahroyi qavmlarning yemagi. Siz shaharliklar saboh nonushtada husayni uzum bilan obinon yoki qaymoq bilan obinon yeysizlar, — xotinining og‘zidan gapini oldi amir Muhammad va beixtiyor, Teginaxonimga uylangandan so‘ng bo‘lib o‘tgan bir voqeani esladi.
Begimning kelinlik chillasi chiqmagan payti edi. Ayvonda yosh amir, onasi va kelin nonushta qilishar, hovlidagi sadaqayrag‘och ostida uch nafar xizmatchi ham choy ichmoqqa o‘tirgan edi. Oshchi qiz xonadon sohiblari sufrasiga pishgan qaymoq, non, soyaki mayiz, yong‘oq hamda shinni keltirdi. Xizmatchilar dasturxonida esa obinon, shinni va xom qaymoq bor edi.
Qaynona choyni ichib bo‘lib uyga kirib ketganida Tegina begim beixtiyor, biroz qizarinqirab eriga yuzlandi.
— Aybga buyurmasangiz, bir so‘z demoqchi edim, — dedi xijolatdan terga tushib.
— So‘zlang, begim, — dedi yosh amir kelinchakni xijolatga solgan ne ekanligiga hayron bo‘lib, unga tikilarkan.
— Biz biroz yanglish ish, qilmoqdamiz amirim, — dedi zo‘rg‘a tili aylanib.
— So‘ylang! Ne yanglish ish qo‘limizdan kelsa tuzataylik, — choy ichayotgan piyolasini qo‘lda tutgancha xonimining yuziga qarab qolgan edi bek.
— Biz o‘zimiz nimaniki yesak, qo‘l ostimizdagi kishilarga ham shuni bermog‘imiz lozim. Ular biz nimalar yeganimizni ko‘rib turishibdi. Otamiz: o‘zingga nimaniki ravo ko‘rsang, yaqinlaring va qismati senga bog‘liq odamlarga ham shuni lozim ko‘r, deganlar.
— Ne demoqchiligingizni angladim, begim. Bugundan boshlab bu xonadonda kim ne yemak-ichmakligi, xullas, oilaning oziq-ovqat ila ilgili uvol-savobini bo‘yningizga olishingizni so‘rayman. Zotan, enamlar ham sizni biroz bizning sharoitimizga o‘rganishingizni beklab turgan bo‘lsalar kerak.
Shu-shu bu gap er-xotin orasida hazilu chin askiya, mutoyiba mavzusiga aylanib qoldi. Xonimi gohida xizmatchilarga qattiqqo‘llik qilganida bek xonimning o‘sha gapiga ohista pisanda qilar edi.
— Xullas, beku bekzoda to‘nlarimizni kiyib yo‘lga chiqamiz, o‘g‘lim. Yigit yursa yo‘li ochiladi, deydilar. Siz yurt kezing, odam taning. Shunda odamlar ham sizni taniydilar. Tan oladilar. Musofir bo‘lmasdan musulmon bo‘lmaysan, ham deydilar. Haqiqiy do‘st sayohat chog‘i, og‘ir-engil kunlari sinovdan o‘tadi. Boisi do‘stlikning qadru qiymatini bilmagan kishi insonlikni-da joyiga qo‘ya olmaydi. Meni sizning urug‘imizning keksa, taniqli kishilari bilan tanishtirib, ular suhbatlarini olmog‘ingizni istayman. Ular g‘animat insonlardir. Hayotimda bir narsaga iymon keltirdimki, shu so‘zlarimni qulog‘ingizga quyib oling o‘g‘lim, bu yorug‘ dunyoda molu mulking yoki puling tugab qolganida, xoh yaqin, xohi begona bo‘lsin, undan qarzga biror narsa yoki aqcha olib turishing mumkin. Aql-hushi joyida odamni biror narsaga muhtoj bo‘lish, hayotidagi yetshmovchiliklar ham izdan chiqara olmaydi. Harakat qilsa inson bolasi ochidan o‘lmaydi. Biroq hayotda inson kabi yashashingda, yo‘lchi bo‘la oladigan, og‘ir kunlaringda haqiqiy to‘g‘ri maslahatni bera biladigan insonni topish mushkul ekan. Boisi, har qanday boshi yumaloq, buti ayri odam ham bugundan ertasini ko‘ravermaydi. Har kimda ham to‘g‘ri yashay bilish zakosi takomilga yetgan bo‘lavermaydi, bolam.
O‘spirin amirzoda yetti yoshli Samanning naqshli egari qoshini chap qo‘li bilan mahkam tutgancha, otasining so‘zlarini jon qulog‘i bilan tinglab borar edi. Otasi mingan o‘n yoshli zotli To‘riq Samandan ikki qadamcha oldinda borar, o‘zining va egasining yo‘lboshchilik mavqeini ta’kidlagandek, yon-veriga sollanib bosh tashlar, yollarini silkitib viqor bilan yo‘rg‘aladi. Temurbek mingan Saman ham undan qolishmas, egasini o‘z ustida go‘yoki dengizda suzayotgan qayiq kabi ohista chayqaltirayotganga o‘xshardi. Uzangiga salgina oyoq tirasa, orqasi egarga tegmay havoda muallaq uchib borayotgandek his etardi o‘zini. “Darvoqe bekorga otning devi bor, demaydilar. Bu jonivor o‘ziga inson kabi munosabatda bo‘lmoqni istaydi va ana shu e’tiborga bir necha hissa ortiq sadoqat bilan javob qaytaradi”, xayolan fikr qildi Temurbek.
Tog‘ etaklari, yaylovlar, bug‘doy arpasi o‘rib olingan sayxonliklar kuzning och sariq rangiga burkanib, kishini o‘yga toldiradigan bir qiyofaga kirgan, qish tashvishiga tushgan to‘rg‘aylarning chuldirashi eshitilmas, cho‘qqilardagi qorlar erib ketganligidan o‘zani torayib ingichka tortib qolgan soylar sharqirashi quloqqa chalinmas edi.
Har soy yoki irmoqchani kesib o‘tishganida otlar suv ichmoqchi bo‘lar, sohiblari bunga izn bermay, suvliqni tortishardi. Terlab kelayotgan otga suv ichirmaydilar. Sovub, hovridan tushgandan keyingina sug‘orsa bo‘ladi. Aks holda, bebaho zotdor tulpordan ajrab qolish hech gap emas. Otning ichi kuyib, til tortmay o‘ladi.
— Boya volidangiz so‘z ochgan farmon xususida sizga bilgi berib qo‘ymog‘im lozim, o‘g‘lim. Toki, siz bir qorindan talashib tushgan akam Hojibek Barlos ila oramizda bo‘lib o‘tgan voqealarni har kimdan eshitib hayron bo‘lib yurmang, — deya o‘g‘lining dilidagi savolga javob bermoqqa kirishdi amir Muhammad.
— Darvoqe, anchadan beri bu gap qulog‘imga chalinib yuradi, Qiblagoh. Biroq so‘ramoqqa jur’atim yetmaydi, — deya Samanni niqtab, otasiga yaqinlashdi bekzoda.
— Ma’lumingizkim, biz, amakingiz bilan shu yuk zimmamizga tushgandan beri birgalikda, o‘zimizning turkiy barlos qavmimizni boshqarib kelamiz. Barcha amiru umaro kabi ulusimiz bilan birgalikda Movarounnahr sultonlarining ichki va tashqi ishlarida, lozim bo‘lganida urushu savashlarida birdek qatnashamiz. Bundan o‘n to‘rt yil burun sulton Elchig‘day qo‘shini safida Kebakxonga qarshi savashdik. Hal qiluvchi jang men boshchilik qilgan minglik chekiga tushdi. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinkim, yuzimizni yerga qaratmadi. Sulton hazratlari jangu jadal g‘olibi deb meni va cherigimni e’lon etdi. Hamda menga Bahodir unvonini berdi. Xon hazratlarining taqdirnomasi bu bilan cheklanmadi, Kesh hokimi etib tayinladi. Keshda akam Hoji Barlos hokim ekanligini, undan bu rutbani olishim odob yuzasidan munosib emasligini xonga aytib bo‘lmas edi. Boisi, xon akamning Keshda hokim ekanligini va uning kimligini mendan kam bilmas edi. Bundan tashqari, xon bu yorliqni mening huzurimda imzolab qo‘limga bergani yo‘q. Savashdan so‘ng, men hamon yurtga qaytgan edim. Xon yorlig‘ini devondan olgan chopar Kesh sari yo‘lga chiqqan. Mening na yorliqdan va na chopardan xabarim bo‘lmagan. Amakingiz buning barchasidan ogoh bo‘lgan. Yorliq bilan ot choptirib kelayotgan choparni tutib oldirib, sharobga to‘ydirishganu, so‘ngra xuniga zomin bo‘lishgan. Eng yomoni bu qotillik amakingiz, mening akam Hoji Barlosning amri bilan bo‘lgan. Yorliqni shahid chopar qo‘ynidan olib, mening nomim o‘rniga o‘zinikini yozdirgan.
Amir terlagan bo‘yni va peshonasini artmoq uchun ko‘ylagi ustidan bog‘langan belbog‘ini yechdi. Peshonasini artarkan ko‘zini yumib, chuqur nafas oldi. Temurbek og‘ir o‘yga tolgancha, otasining qosh-qovog‘iga qarab otning jilovini bo‘sh qo‘yib borar edi.
— Telbaning ishini xudo o‘nglaydi deganidek, amakingizning xudoga bir aytgani bor ekan. Shu voqeadan bir oy o‘tar-o‘tmas sulton Elchig‘day Tug‘liq Temur bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ldi, rahmatli. Yopig‘lig‘ qozon yopig‘ligicha qoldi. Biz aka-uka betma-bet kelib, bu haqda so‘zlashmadik. Akam menga Qo‘rg‘oncha tumanini boshqarishni topshirdi. Men endi uylangandim. Arzimagan ko‘ch-ko‘ronimni ikki tuyaga ortib jo‘nab ketdim. Xo‘jailg‘or qishlog‘ida Olloh sizni ato etdi. Qissadan hissa shulkim, hech qachon inson qonini nohaq to‘kmaslik kerak…
Amir shunday deb ot jilovini tortdi. Sayxonlikdagi buloq bo‘yiga yetib qolgandilar. Doimo safarga chiqqanlarida shu yerga yetganda dam olish uchun to‘xtashar edi. Temurbek otlarni chashma bo‘yidagi yakkatutga bog‘ladi. To‘riq va Saman bo‘ynilarini cho‘zgancha, tut barglarini yulqilar va suvliqlari bilan birga qo‘shib chaynashardi.