Normurod Norqobilov. Kapalak (hikoya)

Ota bolakayni shaharga olib ketish uchun kelgan kuni oshxona tomida birinchi qizg‘aldoq ochilgan edi.
Qip-qizil…
Bolakay uloqchaday o‘ynoqlab ko‘chaga otildi, jo‘ralariga maqtandi… Qo‘radagi jajji qo‘zichoqlar, kuni kecha tug‘ilgan targ‘il buzoqcha ham uning ertangi safaridan “bexabar” qolmadi. Keyin tomga chiqib, qizg‘aldoqqa o‘z quvonchini bayon edi:
– Eshitdingmi, men ertaga shaharga ketyapman!..
Kun quyoshli bo‘lgani bois, supaga joy qilingan edi. Qo‘sh qavat atlas ko‘rpacha ustida beo‘xshovroq chordona qurgancha, tomdagi bolakayning quvnoq xatti-harakatlarini zimdan kuzatib o‘tirgan ota – Haydarali uning bu gapini eshitib, kulib yubordi. Bunga javoban Maxsum bobo jiddiy e’tiroz bildirdi:
– Bolaning ustidan kulmaydilar, ulim. Ko‘ngli o‘ksiydi.
Bu paytda bolakay qizg‘aldoq tevaragidagi mayin maysalarni har yon tarab, uni o‘t-o‘lanlar qurshovidan xalos etmoqda edi.
– Uling juda alomat-da! – dedi chol nevarasiga mehri tovlanib. – Eshit, shamol turganda g‘umaylar qo‘shiq aytib, otquloqlar chapak chalarmish… Umring uzoq bo‘lgur, xo‘p gaplarni topadi-da!
– Bunaqa bekorchi narsalarga alaxsigandan ko‘ra, harf o‘rgansa tuzuk bo‘larmidi… – deya to‘ng‘illadi ota.
– Men nulevoyga bermoqchi edim, enang qo‘ymadi, – dedi Maxsum bobo oshxona tomonga imo qilib. – Halitdan maktabingiz nimasi, bola bolaligini qisin-da, deya turib oldi.
– Endi buningiz bizni ancha qiynaydi, – dedi ota o‘sha norozi ohangda. – Hozirgi bolalar maktabga borguncha alifbeni sharillatib o‘qiydigan bo‘lishi kerak. Buningiz esa qizg‘aldoq bilan gaplashib, g‘umaylar qo‘shiq aytadi, deb yuribdi. Haddan ziyod erkalatib yuborgansizlar buni, ota!
– Bekor aytibsan! – dedi boyadan beri o‘g‘lining, xuddi begonaday, qovushmay o‘tirishidan g‘ashi kelib turgan Maxsum bobo, zardasi qaynab. – Bu o‘zi bo‘lakcha! Ana, ukangdi bachalari, osmondan qizil qor yog‘adimi, jala o‘rniga tosh yog‘adimi, sira pinak buzishmaydi, xuddi shunday bo‘lishi kerakday, bari o‘ta loqayd. Uling esa tiyrak – yo‘q-bor narsadan o‘zicha ma’no qidiradi, hayratining esa cheki yo‘q. Menga o‘xshabdi deysanmi? Bekor gap! Buning yoshida sen o‘r eding, to‘ng eding, pulga juda o‘ch eding. I-ya, nechun jahling chiqadi? Esingdami, ammang rahmatli qidirib kelganida, yonida yotgan kishi bo‘lib, sochbog‘idagi hamma tangalarni kesib olgansan… Tag‘in kulasan-a! Shuni bilib qo‘y, nevaramni shaharga oborib sindirib-netib qo‘yar bo‘lsang, o‘zim seni sindiraman! Uqdingmi?!
Bolakay shaharda tug‘ilgan. Ota – talaba, ona – talaba, yoshiga to‘lib-to‘lmay qishloqqa tashlab ketishgandi. O‘qishlari bitgach esa, ular shaharda muqim turib qolishdi. Har gal qishloqqa kelishganda, bolakayni o‘zlari bilan olib ketmoqchi bo‘lishardi-yu, biroq Maxsum bobo: “Hech qursa, maktab yoshiga yetsin”, deya izn bermay kelardi. Bu safar o‘g‘lining niyati jiddiyligi bois, noiloj royish bildirgandi.
Oqish binoli Temur yo‘l bekati yaqin bo‘lgani sabab, ertasi ota-bola kunbotishdagi bedazor oralab ketgan so‘qmoq bo‘ylab yo‘lga tushishdi. Qizigan havoda ko‘kat hidi anqiydi. Hozirgina bekatdan qo‘zg‘algan yuk esheloni saldan so‘ng ingichka, qoramtir tasma singari olis ufq qa’rida ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Poyezdlar harakatini tomdan turib ko‘p bora kuzatgani uchun bu manzaraning bolakayga hech bir qizig‘i yo‘q, qop-qora munchoqday ko‘zlari tevarakka yugurgilab, qizg‘aldoq qidiradi. Aksiga olganday, yaqin o‘rtada ular ko‘rinmaydi, borlari ham uzoqda.
Birdan bolakayning ko‘zlari shodlikdan chaqnab ketdi, so‘qmoqning shundoq yoqasida, qalin o‘t-o‘lanlar orasida bir juft qizg‘aldoq misli cho‘g‘day lov-lov yonib turardi. U, quvonchi ichiga sig‘may, qizg‘aldoqlarni avaylab uzib olarkan, ularning biridan ari havoga ko‘tarildi. Ana shundagina bolakay har yonda arilar g‘uvullab, maysalar orasida hasharotlar qimirlab, so‘qmoqda esa chumolilar karvoni g‘imirlab yurganini payqadi.
Bundan yuragi battar entikdi.
Bolakay azaldan ko‘m-ko‘k maysalar ustiga mukka tushib, g‘imirlab yurgan turli jonivorlarni, ayniqsa, tinim bilmas chumolilar karvonini soatlab kuzatishni yoqtirardi. Ba’zida devor taglarini cho‘qilab, zaxda yotgan biror qirqoyoqni cho‘pga ilashtirib olardi-da, uni chumolilarga tashlardi. Boisi, qirqoyoqni jinidan yomon ko‘radi. Qaysidir yili shofyor amakisining qulog‘iga qirqoyoq kirib qolib, sho‘rlik rosa azobini tortgan. Shu-shu qirqoyoqni ko‘rdi deguncha, uni chumolilarga talatadi. O‘zi esa tepada, xuddi bobosi to‘yda kurash tushayotgan polvonlarga pishang bergandek, “Ha, bo‘sh kelmanglar!” deb turadi. Oqshom esa amakisiga hisobot berardi: “Amaki, men bugun yana bitta qirqoyoq o‘ldirdim. Endi mashinangizga mindirasiz-a?” Amakisi doimo va’dani quyuq qiladi-yu, biroq hech vaqt so‘zining ustidan chiqmaydi. Bolakay bobosiga shikoyat qiladi. Bobosi: “Ha, unimi, kelsin hali, bir qulog‘idan cho‘zib qo‘ymasam-mi!..” deya po‘pisa qilgan bo‘ladi. So‘ng uni ergashtirib, soy bo‘yidagi sayhonlikka olib tushadi. Tevaragi daraxtlar bilan qurshalgan sayhonlikda bobosining o‘ndan ziyod asalari qutilari bor. Bobosi boshiga to‘r qalpoq kiyib, qutilar orasida uzoq ivirsiydi. Bolakay esa, tevaragida viz-viz uchayotgan minglab arilardan birortasi ham o‘ziga tegmayotganidan o‘zida yo‘q quvonadi: “Ari tilini bilaman-da, shuning uchun ular menga qotinmaydi!” deb o‘ylaydi. Arilar tilini bobosidan o‘rgangan. Bir kuni, arilar nima deyapti, deb so‘raganida, bobosi, “bekor turmay, ishlash kerak-ishlash kerak deyapti”, degan. Bolakay ajablangan: “Shundan bo‘lak aytar gapi yo‘qmi ularning?” Bobo degan: “Bo‘lak gap aytishga ularning fursati yo‘q”.
Bolakay qo‘lidagi qizg‘aldoqni avaylab tutib, bir muddat u yon-bu yon uchib, so‘ng maysalar orasida g‘o­yib bo‘lgan arini kuzatib turarkan, birdan ari tilini bilishini aytib, otasiga maqtangisi keldi.
– Ota, bilasizmi, ari nima deb g‘o‘ng‘illaydi?
Qo‘lida zalvorli portfel, egnidagi qora charm kurtkasi quyoshda qizib, tanini qizdirayotganidan lohas tortib borayotgan ota malollanib ortiga o‘girilarkan, archilgan tuxumdek silliq yuzida norozilik ifodasi paydo bo‘lib, to‘ng‘illadi.
– Uf-f, egningni kir qilmasang-chi!
Bu xil qo‘rs muomalani sira kutmagan bolakayning ko‘ngli cho‘kdi. Egnidagi ohori to‘kilmagan kiyimlariga tumshayib qarab qo‘ydi. Bu kiyimda o‘zini juda noqulay his etmoqda edi.
– Qizg‘aldoqni nima qilasan? – deb so‘radi ota, uning qo‘lidagi chechaklarga endi e’tibor berib.
– Enamga oboraman!
– Tashla!
– Yo‘q! – Bola qo‘lidagi qizg‘aldoqni ortiga yashirdi.
– Borguncha, baribir so‘lib qoladi.
– So‘limaydi.
– Agar tashlasang, shaharga borgach, o‘zim senga bozordan bir dasta lola olib beraman. Xohlasang, bir quchoq.
– Ie, lolani ham sotishadimi? – Bolakay taajjublandi.
– Ha, sotishadi.
Bolakayning hayrati yanada cheksizlandi. Xuddi momosi gohi kunlari qirdan tushib keladigan geolog amakilarga tovuq yoxud tuxum sotganday, lolani ham sotishlari mumkinligini tasavvur doirasiga aslo sig‘dirolmadi – ishonmadi.
– Aldaysiz.
– Yetar! – Ota jerkinib, yo‘lida davom etdi. – Chalg‘imasdan yetishib yur! Aks holda…
Bola unga yetishib yurishga urinarkan, biroq ko‘zi g‘umay bargida o‘rmalab borayotgan xonqiziga tushgach, tag‘in alaxsidi. Xonqizini avaylab kaftiga oldi-da, ko‘rsatkich barmog‘ini tik tutib, shodon ovozda qichqirmoqqa tushdi:
– Uch! Uch! Boyning qizini olib beraman! Uch! Uch! Boyning qizini olib beraman!
Xonqizi uning barmog‘i uchigacha ko‘tarilib, xiyol taraddudlanib turdi-da, so‘ng qora xolli qizg‘ish qanot qabiqlarini g‘alati kerganicha, vizillab uchib ketdi. Bolakay uning ortidan zavqlanib qarab qolarkan, quvonchi ichiga sig‘may, turgan yerida sho‘xchan irg‘ishladi. Keyin birdan ancha nariga borib qolgan otasining o‘zi tomon xo‘mrayib qarab turganini payqab, qimtingancha unga yaqinlashdi.
– Men senga chalg‘imay yur dedim-ku!
Bolakay jajji tuflichalari uchiga termulgancha, yer suzib turaverdi.
– Seni yaxshi desam, gap uqmaydigan bola ekansan-ku, a?!
Ular yana yo‘lda davom etishdi.
Bolakay birpas tinch bordi.
Atrof esa g‘oyatda fusunkor edi: kuchsiz epkinda tebranayotgan maysalar, viz-viz uchayotgan arilar, so‘qmoqni u yon-bu yon kesib o‘tgan chumoli karvonlari, shishadek tiniq osmonda muallaq turib qolgan to‘rg‘ay, huv naridagi yassi tepalik bag‘rini qizartirgan alvon rang qizg‘aldoqlar, keng bedazorning hali u yeridan-hali bu yeridan duv ko‘tarilayotgan chumchuqlar galasi, bedanalar sayrashi… Buning bari bolakay uchun g‘oyatda qiziq, g‘oyatda jozibali edi.
– Ota, to‘rg‘ay nega osmonda bunaqa qilib turadi-a? – deya so‘radi allaqachon ginasini unutgan bolakay qo‘llarini qanot qilib.
Ota tepaga qaradi.
Elkasini qisdi.
To‘rg‘ay nechun bu tarzda muallaq turishini hech o‘ylab ko‘rmagan ekan.
Bu orada bola ikkinchi savolni berdi:
– Nega chumchuqlar bunaqa turmaydi, a, ota?
– Bilmadim.
– Shaharda chumchuqlar bormi?
– Bor shekilli.
– Musicha bilan to‘rg‘ay-chi?
– Bor, – Ota shunday dedi-yu, o‘z-o‘zidan hayratlandi. Chunki shuncha yil shaharda yashab, har ikkala qushning bor-yo‘qligini tuzukroq bilmas ekan. Darvoqe, bir gal ochiq deraza raxiga qo‘nib turgan musichaga ko‘zi tushganday bo‘luvdi. Lekin to‘rg‘ayni-chi?.. Yo‘q, ko‘rmagan ekan. Battar ajablandi: “Tavba, “dom”da turganingdan keyin, ahvol shu ekan-da!..”
– Shahardayam qushlarni rogatkada otishadimi, ota?
– Uf-f, buncha bijildoq bo‘lmasang! – Otaning tag‘in jahli qo‘zidi.
Bolakayning yuragi siqilib, polaponday hurpayib oldi.
Shu sozda picha sukut saqlab jim bordi.
Biroq ko‘p o‘tmay, kapalakka alaxsidi. Kapalak gulxayri yaprog‘iga qo‘nib, qora dog‘li oppoq qanotlarni mitti yelpig‘ichday dam-badam silkib-silkib turardi. Kapalakka ko‘zi tushgach, u oyoq uchida yurib, unga yaqinlashdi. Kapalak uchib borib, naridagi maysalardan biriga qo‘ndi. Keyin bu hol yana tak­rorlandi. Bunga sari bolakayning battar havasi qo‘zib, o‘t-o‘lanlarni oralagancha, uning ortidan ergashdi. Kapalak tag‘in uchdi, goh pastlab, goh yuqorilab, o‘n-o‘n besh odim nariga borib qo‘ndi. Bolakay uning izidan qolmadi.
– Nusrat!
Bu bexos chaqiriqdan cho‘chib ketgan bolakay, bir xayoli, otasi tomon yugurib bormoqchi bo‘ldi. Ammo shundoq burni tagida dirillab, yal-yal tovlanib turgan kapalakni tashlab ketishga ko‘zi qiymadi. Boshidan soyaboni uzun kepkasini qo‘liga oldi.
Tap!..
Kapalak qo‘lga tushdi.
Bolakay tipirchilayotgan kapalakning qanotlaridan avaylab tutib, tanglayini taqillatgancha, uni u yon-bu yon aylantirib tomosha qilarkan, hayajondan tomog‘iga nimadir tiqilib: “Vuy, buncha chiroyli! – dedi-da, so‘ng samimiy ohangda qo‘shib qo‘ydi: – Qo‘rqma, hozir seni qo‘yib yuboraman!
– Nusrat!
U kapalakni ehtiyotlab tutgancha, otasi tomon yugurdi.
– Ota, qarang, biram chiroyli!
Ota xo‘mraygancha, avval uning o‘tdan ko‘kargan shimiga, oqish ko‘ylagiga, so‘ngra qo‘lidagi kapalakka razm solarkan, g‘azabdan bo‘g‘riqib, bir muddat tik turib qoldi. Keyin to‘satdan kapalakka chang solib, kaftida g‘ijimlab yerga itqitdi, so‘ng bunga ham qanoat etmay, oyog‘i bilan ezib, tuproqqa qorishtirib tashladi.
– Nima balo, yiling cho‘chqami, ahmoq!
Bolakayning rangi dokadek oppoq oqarib, baqraygancha turib qoldi. Qarshisida otasi emas, ertaklarda tasvirlangan yovuz ruh turgandek, beixtiyor ikki odim ortga chekindi. Orada cho‘p uchidagi qirqoyoq to‘yqusdan barmog‘iga yopishganday, g‘alati tarzda bir-ikki seskanib ham oldi. So‘ng ko‘zlariga yosh qalqib, pushtirang lablari titrab, keskin ortiga burildi-da, huv uzoqda, yassi do‘ngliklar ortida qolgan qishloq sari yelday uchib ketdi.
– Nusrat! Nusrat!..
Ota uning ortidan yugurdi va birinchi qadamdayoq bolakay tushirib qoldirgan ikki dona qizaldoqni bosib, yanchib yubordi.
– Nusrat! Qayt izingga! Nusrat!..
Bolakay tobora uzoqlashib borar, shu tobda u boyagina yashil maysalar uzra charx urib yurgan oppoq kapalakka juda-juda o‘xshab ketardi.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 1-son