Qasos tug‘lari qachon ko‘tarildi, alam kalxatlari qachon ustimizda ucha boshladi, kin josuslari qachon ichimizga kirdi, adovat qilichi qachon qayrala boshladi? Biz qachon bir-birimizga toqat qilolmaydigan xunxor dushmanlarga aylandik? Kudurat qachon ko‘nglimiz mehrobiga o‘tirib oldi, nafrat hidi bizni qachon mast qila boshladi? Ehtimol, tiriklik haqida har birimiz o‘z matlabimiz sari og‘ishmay ketishni tanlagan paytlardandir? Yoki hayotning chalkash, boshi berk ko‘chalariga kirib qolib, undan chiqish yo‘lini izlab, hech qachon bir to‘xtamga kelmay, bir-birimizga terslik paydo bo‘lgan lahzalardadir? Yoxud faqat javobsiz savollar o‘rmonida adashib qolganimizdadir? Yoki umid murdalari to‘la ko‘chalarni kezgan, karvonimiz ketayotgan sahro hech qachon tugamasligini anglagan, bosgan qadamimizni poylab turgan qismat qopqonlariga duch kelgandadir? Nima bo‘lganda ham, hozir tafsilotlari esimda yo‘q – esimda qolgani shuki, ikkalamiz endi qanchalik murosa qilishga urinmaylik, baribir endi avvalgiday tanu jon bo‘lolmaslimigiz, bundan buyon hech qachon bir-biriga tutashmaydigan ikki qirg‘oq kabi bir-birimizdan mosuvo va ayro yashashga mahkumligimizni alal-oqibat tushunib yetgandik. Har qalay, uning menga nisbatan shafqatsiz, murosasiz bo‘lib qolganiyu qoboqlarida hamisha qahr va istehzo qo‘ng‘iroqlari jaranglab turganiga qarab shunday o‘ylayman. Bularni anglab yetgan kunimdan boshlab qanday bo‘lsa ham undan qutulishni o‘ylay boshlaganim rost, buni yashirmayman, ammo buni avval u istadimi yo men, buni bilmayman, bilganim, menda unga nisbatan g‘ayirlik uyg‘ongan kundan e’tiboran zimdan o‘zimcha turli rejalar tuzishga kirishdim. Nafsilamrini aytganda, uning zug‘umlari va u menga ravo ko‘rayotgan sitamlarga boshqa chidab bo‘lmasdi. U bor ekan, men yo‘q edim, u bor ekan, men zabun edim, u bor ekan, men xo‘rlanaverar, sha’nim toptalaverar, unga toqat qilgan sayin battar nestu zabun bo‘laverardim. U sog‘lom ekan, men majruh edim. U kulol bo‘lsa, men loy edim. Men uning xohish-irodasini aks ettirgan parchalanishga, bo‘laklanishga, titilishga, sinib, yo‘q bo‘lishga mustahiq oddiy sopoldan boshqa narsa emasdim. Uning xohishi bor ekan, men tuproqdan, qumdan, kesakdan boshqa narsa emasdim; u olov bo‘lsa, men kul edim, u osmon bo‘lsa men yer edim, u tiklanuvchi bo‘lsa, men buziluvchi edim. U bor ekan, mening yelkamga oftob tegmasligi ayon edi. Uning ismi mening yonimda turar ekan, men shunchaki shaklu shamoyili, ismi va jismi yo‘q bo‘shliq edim, shamollar-da olib uchadigan xazonu xas edim. U bor ekan, men hech qachon ro‘shnolik ko‘rolmasligim kunday ayon bo‘lgandi. Men uchun chiqqan quyosh uning bog‘iga nur sochardi. Faqat uning inon-ixtiyori bilan yashashga mahkumligim mening nafsoniyatimni o‘ldirardi, anduh sherlariga yem qilardi. Uning bosimini har lahza, har soniya his qilib turardim: uning quyuni meni kechmishim dashtida changu g‘ubor qilib uchirib yurardi.
Uni deb ne kunlarni boshimdan o‘tkazmadim, ne xo‘rliklarga va haqoratlarga, sha’nsizlik va sharafsizliklarga chidamadim? Uni deb nimalardan voz kechmadim? Nimalarni qurbon qilmadim? Lekin u xuddi qadim bitiklardagi ma’bud kabi mendan betinim qurbonlik, betinim judolik talab etdi, o‘zimni yo‘q qilib, o‘rnimda o‘zini paydo qilishimni, tog‘larimda qoya, dengizimda mayoq, janglarimda yalovbardor bo‘lishimni, hududlarim, sarhadlarim uning nazoratiga o‘tishini istadi. Ba’zida u meni beadad qiynoqlarga duchor qilardiki, ko‘z oldimdagi dunyo do‘zaxga aylanardi. Taqdir charxpalagimni faqat u aylantirardi. Qo‘lida mening qo‘l-oyoqlarim bog‘langan iplarni ushlab turar, bu iplar orqali u meni xohlagan ko‘yiga soladi, nimaga tavoze qilishni, nimaga muhabbat, nimaga mehr ko‘rsatish, kimdan nafratlanishimni, kimdan voz kechishim, kimni topishimni, kimga suyanish, kimdan voz kechishni, nimaga ko‘ngil qo‘yish, nimadan o‘zimni qutqarishimgacha u belgilardi. U qanchalar zug‘um qilsa, menda unga nisbatan isyon shakllanib bordi, ichimda nimadir unga qarshi bosh ko‘tara boshladi. U meni yo‘q degani sayin mening mavjudlik hissim kuchaydi. Nihoyat toqatim tugadi: vujudimni bir savol qamrab oladi: qachongacha bu xo‘rlik davom etadi? Qachongacha uning qo‘g‘irchog‘i, qachongacha ov iti bo‘laman? Nahotki uning xohish-irodasini amalga oshirish, uning inon-ixtiyori mahkumi va asiri bo‘lib yashab o‘tish uchun bu dunyoga kelgan bo‘lsam?
Endi men uchun hammasi ayon bo‘lgandi: biz hech qachon bir xil qarorga, bir hukmga kelolmaymiz. Yo u meni, yo men uni mahv etishimiz shart edi.
Boshqa u bilan bir daqiqani ham birga o‘tkazishga qodir emasdim. U sabr kosamni to‘ldirib bo‘ldi. Undan qutulish kerak degan fikr butun shuurim qadahini limmo-lim to‘ldirdi. Ha, birdan-bir yo‘li undan xalos bo‘lish edi.
Nihoyat uzoq ikkilanishlardan so‘ng men undan butunlay qutulishga, o‘zimni o‘zim ozod qilishga ahd qildim. Bunday uqubatda, bunday xo‘rlikda, bunday tahqirda yurgandan ko‘ra uning qotili sifatida zabtu zindon bo‘lganim afzal degan o‘y meni qilichday qayray boshladi.
Niyatim jiddiy edi. Ahd qilib bo‘lgandim. Endi meni bu yo‘ldan hech narsa qaytarolmasdi. G‘aflatda qoldirish uchun uni uzoq poylab yurdim va nihoyat bir kuni tin olgan, mening isyonimni kutmagan payti niyatimni amalga oshirishga kirishdim. U qarshisida qanday paydo bo‘lganimni ilg‘amay ham qoldi. Kutilmaganda naq giribonidan oldim. Kekirdagini omburday qisib turgan qo‘llarimni ko‘rdiyu hammasini tushundi: bu changallar endi o‘ljasini joni uzilmaguncha hech qachon qo‘yib yubormasligini his qilganini ko‘zlari aytib turardi. Meni ajablantirgani shuki, u bir kuni kelib xuddi shunday bo‘lishini, bizning munosabatlarimiz xuddi shunday yakun topishini bilganday men kutganchalik jon-jahdi bilan qarshilik qilmadi: qismatni tan oldi. Buni tig‘day botib, vujudimni nimtalab tashlaydigan, ichimni ham ko‘rib turishga qodir ko‘zlari aytib turardi. Havo yetishmasligidan xiralashayotgan ufq kabi bu ko‘zlarda ayni paytlarda nimalar yo‘q edi? Shuncha yillar meni ta’qib ostiga olgan, o‘nlab tazarrularimni qabul qilgan, mendan o‘ziga sodiq g‘ulom chiqarishga urinib, oxir-oqibat o‘zining qotiliga aylantirganidan pushmonlik, afsus, nadomat aks etib turgandek edi. Muqarrarlik sodir bo‘lgandi. Uning bunday ojizligi menga shunchalar zavq bag‘ishladiki, ko‘p yillardan beri tanamda bunday lazzatni his qilmagandim. Bir paytlar menga sohib bo‘lishni istagan nigohlar ko‘z oldimda kulga aylanayotgan cho‘g‘ kabi so‘nib borar, u qurgan haykallar qular, qoyalar o‘pirilar, devorlar yiqilar, qo‘rg‘onlar vayron bo‘lar va o‘ljasini tutib turgan, burgut changalidek bo‘yin tomirlarigacha botib ketgan panjalarim orasida yulqinib, xirillardi. Nafrat va adovat kuch bergan tirnoqlarim bilan uning vujudidagi hayot nishonini butunlay so‘rib olishga urinardim.
Shu daf’ada u emas, men g‘olib edim. Unga bergan uqubatlari, sitamlari, xo‘rliklari uchun birato‘la jazo berayotgandim. Unga shuncha yillar sabr qildim. Shuncha yillar u boshlagan ko‘chalarda sargardon yurdim, shuncha yillar uning etagini tutdim, ammo hech qachon birim ikki bo‘lgan, ko‘nglim istaganday kun ko‘rgan emasman. Hayotda topganim faqat nestu zabunlik bo‘ldi. U boshlab borayotgan yo‘l meni abgor qilishini, u bor ekan, men hech qachon o‘zim istagan cho‘qqilarga chiqolmasligimni, u bor ekan, men uchun hayot ne’matlari tatimasligini bilardim. Mana, endi uning bir paytlar menga valine’matlarcha boqqan ko‘zlarida tiriklik shamlari so‘nib borar, menga esa yana u hukmi hoziq payti tashlab ketgan maylu istaklar, kuch va quvvat qaytayotgan, ojiz, ilojsiz titrashlari menga huzur bag‘ishlardi. O‘z raqibing, yana hamiisha seni ta’qibga, bu dunyoning xo‘rlik va haqoratiga, qurtday, qumursqaday tiriklikka mazax bo‘lib yashashga mubtalo qilgan qahhorning halokatini ko‘rish qanchalar zavqli edi! Qanchalar kuchli bo‘lmasin, baribir dosh berolmadi: ko‘zlari olaydi, ulkan tog‘ qulagandek men avvaldan kechalari bilan undan yashirinib yasab chiqqan qatl kundasiga bosh qo‘yib yiqildi. Endi u mening oyoqlarim ostida xirillab yotar, lekin hamon nafas olardi. Uni yotgan yerida yer bilan bitta qilib bo‘g‘ishga tushdim. Agar uni hozir gumdon qilmasam, u yana nafas olishni boshlaydi, o‘zini tiklab oladi, keyin oyoqqa turib, meni butunlay mahv etadi. Agar u qayta kuchga kirsa, mening bu dunyoda changu g‘uborim ham qolmaydi. Shunday ekan, unga bu imkonni bermaslik kerak. Hozir vaziyat va zafar men tarafda ekan, bundan foydalanib qolish, bir umr meni zabtiga olgan, har savolimda o‘zining oyboltasini ko‘targan qasosimni oxiriga yetkazishim kerak. Jazavaga tushgancha duch kelgan yeriga alam bilan tepib, tanasini oyoqlarim ostiga olib, bundan bir o‘zgacha rohat-farog‘at tuyib ezg‘ilay boshladim. Har tepkida menga bergan azob-uqubatlari yodimga tushar, shuning uchun keyingi zarbam avvalgisidan ham kuchliroq, aniqroq, zarbliroq bo‘lardi. Men uni bu dunyoga kelib, nestu zabun bo‘lgan ko‘rgiliklarimni eslab tepkilardim: hammasi uchun, hayotim uchun, shu kungacha o‘nglanmagan nasibam uchun, menga ravo ko‘rgan taqdiri azali uchun momatalog‘i chiqib ketgunga qadar telbalarcha tepkiladim, ezg‘iladim. Nihoyat qumi to‘kilgan qopday charchab, shalpayib qoldim.
Oyoqlarim ostida uning sovigan va momatalog‘i chiqqan jasadi yotardi. Har ehtimolga qarshi og‘ziga yuzimni tutib ko‘rdim. Yo‘q, u abadiy uyquga ketgandi. Mana, nihoyat undan qutulgandim. Uning boshini kundaga qo‘ydim. Shu bilan yengil tortdim. Uning boshi qatl kundasida jonsiz yotardi. «Ey yulduzlar, men uni oxiri o‘ldirdim, ey hilol, men undan qutuldim, ey tun, men g‘olibman, ey dunyo, sen endi uning emas, mening izmimdasan! Ey hayot, endi sen yolg‘iz menikisan!»
Ammo kutganim ro‘y bermadi. O‘zimni qanchalar muzaffar sezmay, ich-ichimda muzaffarlikni his qilmadim. Aksincha, o‘zimni bo‘shab, huvillab qolgan qo‘rg‘onday his qildim: go‘yo ichimdagi hamma narsa u bilan to‘kilib, sochilib, parchalanib ketganday edi – men shunchaki vayrona o‘rnida paydo bo‘lgan bir uyum tuproqqa aylanganday edim. Quvonchdanmi yoki bir umr qo‘rquvda, hadikdan qutulganimdanmi, bilmadim, bo‘g‘zimdan bir o‘kirik otilib chiqdi. Ammo ko‘zlarimga yosh kelmadi.
Oldimda uning sovigan jasadi yotar, men esa o‘zimning ozodligimni bo‘g‘zim to‘la o‘kirik, labimda esa zaharxanda kulgi bilan nishonlardim.
Birdan hushyor tortdim: birov ko‘rib qolmasdan jasadni bir yoqli qilishim kerak edi. Jasadni sudragancha qabriston tomon jo‘nadim. Nihoyat yetib bordim. Minglab qabrlar bor edi bu yerda. Ufqdan shafaqqa qadar bepoyon zamin qabrlar bilan to‘la edim. Qabrni qazishga hojat yo‘q edi. Bu yerdagi go‘rlarning yarmi o‘z mayitlarini kutib ochiq turardi. Men qazib qo‘yilgan qabrlarning biriga olib kelgan jasadni joylashtirdim. Keyin lahad ustiga o‘tirib oldim. Shunda ko‘nglim to‘lib ketdi, ko‘zlarimdan yosh jola bo‘lib quyildi. Go‘yo butun zamin men bilan qo‘shilib yig‘layotganday, aza tutayotganday edi.
Bir mahal ortimdan qadam tovushlari eshitildi. Ammo men o‘zimni yig‘idan to‘xtatib, unga qarashga kuch topmadim. Qadam tovushlari yaqinlashdi, beso‘naqay, loy va tuproqqa botgan oyoq izlari ro‘paramga kelib to‘xtadi. Keyin ulkan, xuddi ertaklardagi devday qomatli, qarimsiq, ko‘rimsiz, tanasidan tuproq va mozor hidi anqib turgan gavda yonimga zilday cho‘kdi. Ko‘zim uchida qaradim. Bu go‘rkov edi. Uni ko‘rib, ko‘nglim yana to‘lib ketdi. Unga qaragancha xuddi madad va tasalli kutgandek yig‘lay boshladim. Go‘rkov yelkamga otalarcha qoqib qo‘ydi, keyin so‘radi:
– Nega bunchalik anduh? Ko‘nikib ketasan. Saldan keyin eslamaysan ham.
Nimadandir ayrilganga, nimadandir mosuvo bo‘lganga o‘xshardim, bo‘m-bo‘sh ichim quvurga o‘xshab huvillardi – dalani kezib yurgan shamol bo‘g‘zimga kirib olib, meni surnay kabi chalardi, u yerdan motam kuyi kelardi.
– Bu lahadda kimim yotganini bilasizmi? – dedim alam va zarda bilan. – Kimning jasadi ustida yig‘lab o‘tirganimni bilasizmi?
U qo‘li bilan qabr to‘la bepoyon zaminni ko‘rsatdi.
– Bilaman. Mana bu qabrlarda ham sen olib kelganga o‘xshagan jasadlar yotibdi. Sen birinchi ham, oxirgi ham emassan. Qolgan lahadlar ham o‘z egalarini kutib turibdi.
Uning ovozi falakdan yog‘ilgan toshlar kabi guvillab ustimga yog‘ildi. Go‘rkov bilan birga ochiq turgan lahadni ko‘mdik. Do‘mpaygan yana bir qabr paydo bo‘ldi.
Men o‘zimning qabrimga bir zum ko‘z tashladim-da, go‘rkovning izidan yo‘lga tushdim.