Nazar Eshonqul. Ajr (hikoya)

«…Sen qo‘shiq ayt, Zubayda, yonib-yonib qo‘shiq ayt – o‘zing ko‘rmagan bu dunyoning ranglari haqida, oftob nuri, buloq suvi, daraxt gullari, chechaklar va qizg‘aldoqlar haqida qo‘shiq ayt; sen yig‘lab-yig‘lab xirgoyi qil-u, bu qo‘shiq meni mana shu to‘qaydagi qoqi guliga, hechqursa yovshonlardan biriga aylantirsin, men seni ko‘rish va mudom birga bo‘lish uchun toki shu yulg‘unzorda qolib ketay, sening oyoqlaring tagiga qovjirab to‘kilay, mayli, g‘uborga aylanib sochlaringga qo‘nay, faqat sening bo‘yningdan ufurayotgan gul hidini hidlab tursam bo‘ldi, sening baxtu muhabbat istab titrat turgan ko‘kraklaringga boqib tursam bo‘ldi…
Men seni ovuta olmayman, Zubayda. Seni qushlar chug‘uri, qanday ochilishini sen hali ko‘rmagan gullar, sening shivirlaring kabi yer yuziga bodrab chiqqan maysalar, sochlaringni sog‘ingan shabadalar, jimir-jimir yog‘ayotgan yomg‘ir, tonggi shafaq ovutsin…
O, nafaqat sen, nazarimda yaratgan ham unutib qo‘ygan bu to‘qayga quyoshning bir parchasi sinib tushgan, yo‘q, yo‘q, seni parvardigor yulduzlar ichidan topib olgan. Sening og‘ushing oftobning yotog‘iga o‘xshaydi, badaningdan behisht yalpizining bo‘yi keladi, ko‘kragingdan olma hidi anqib turadi…
Men sening ko‘zlaringga termulib-termulib o‘tirgim keladi, sening ko‘zlaringdagi ko‘lga cho‘kkim keladi. Sen bu zulmat dunyoda sakrab-sakrab o‘ynab yurgan nursan, bu tubanlik shomi cho‘kkan dunyoning bag‘riga tushib turgan yog‘dusan. Hali bu mudhish dunyoga quvilmasdan oldin, chechaklar gul-gul ochilgan va daraxtu ko‘katlarga, hasharotu hayvonlarga hali ism qo‘yilmasdan burun, hali o‘lim va hayotni kasb qilib olmaslaridan oldin odamzotning farishta bo‘lgani to‘g‘risida falakning bir tuyqus iqrorisan sen… Sen jamiki tiriklik o‘latdan qirilib ketgan, jamiki o‘simlik quvrab-qovjirab qolgan, qip-qizil bo‘lib jizg‘anagi chiqib yotgan sahroda, qarg‘ish tekkan bu biyobonda ochilgan bir to‘p nafarmon gulsan.
Ko‘zlaringda farishtalar cho‘milgan qora tunning bir parchasi qolib ketgan, yo‘q-yo‘q, senga shaydo bo‘lganlarni hibs etish uchun falak sening ko‘zlaringda zindon qurgan. La’natga yo‘oiqqan biyobondagilarni ogoh etish uchun esa sening ko‘kraklaringda bu dunyoga bir juft mashhar qo‘ng‘irog‘ini jo‘natgan, nelarga qodirligingni ko‘rsinlar deb, seni – behisht gulini qabr ustiga qo‘ygandek bu olam ostonasiga tashlab qo‘ygan, yo‘q,yo‘q. borliq sening qarshingda chala tug‘ilgan go‘dakday xunuk bo‘lib qolishini bilgan falak bu ayanch dunyoni ko‘rmasin deya sening ko‘zlaringni bog‘lab qo‘ygan…»
…Atrofga siyohrang tuk cho‘kkan edi. Yo‘l dala uzra oltin kalavadek cho‘zilgan – havo dim va tevarak jizg‘anak bo‘lib kuyib yotardi, yulduzlar lipillay-lipillay so‘nardilar – havodan kuyindi hidi kelar va qoq o‘rtasidan yolg‘izoyoq yo‘l kesib o‘tgan dala tutab yotardi. Yo‘lda yalangoyoq ketayotgan barvasta gavdali odam tutunning achchig‘idan o‘pkasi uzilayotgandek tez-tez va po‘k-po‘k yo‘talardi. Uning egnida juda ohorli kamzul osilib turar, ko‘ylagining zarhal tugmalari so‘nayotgan yulduz shu’lasida yarqillab ketardi. Uning yelkasida patak soqolli, beqasam chopon kiygan, jikkakkina chol oyoqlarini osiltirib o‘tirardi.
Kech tushganiga ancha bo‘lganiga qaramay, tuproq issiq edi, barvasta odam hansirab-hansirab, zo‘rg‘a ketib borardi.
– Esingdami, – derdi chol o‘g‘lining harsillab qolganiga yuragi achishayotgandek va atrofdagi mudhish sukunatdan cho‘chiyotgandek shivirlab, – o‘n yilcha oldin shu yo‘lni tush ko‘rgan eding. Aynan shu yo‘lni. O‘sha tushni sen bilan bir kechada men ham ko‘rgan edim – axir qonimiz bir-da! O‘shandayoq senga rahmim kelgan edi, ham bag‘rim manavi daladay tutab ketgandi! Anavi tepalik ham kirgan edi, esingdami, o‘zing ham bir haftagacha o‘sha tushni eslab, xufton bo‘lib yurganding. Har qalay shu tushingni sotib yemagandirsan? Yo, uni ham biron narsaga almashtirib yubordingmi? Yo‘l, dala, tutun, o‘kiriklar, yig‘i-sig‘i – esingdami?
– Esimda, – xirilladi o‘g‘il, – hammasi esimda.- O‘shanda men ham bir necha kun uxlay olmagan edim, bu yo‘lgan qanday o‘tarkansan, deb. U tush emas, yosdig‘ edi. O‘sha kechasiyoq sening peshonangga yozib qo‘yilgandi. Men shundan qo‘rqqan edim. Sen axir u paytlari peshonangga yozilgani shu desa kular eding-da. Sizlar bu dunyodagi hamma narsaning oyog‘ini osmondan qilib tashladilaring. Hamma narsa muallaq bo‘lib qoldi. Qayoqqa qarama, yovuz niyatni ko‘rasan. Sizlar qilgan va qilayotgan ishlarni ko‘rib, odamzod hamon yashab kelayotganiga ishonmay qolaman. Axir sizlarning ko‘ngillaringizda tirnoqcha ezgulik qolmagan bo‘lsa, boshqa qanday xayolga borish mumkin. Oldinlari odamlar ishonishardi, yaxshi kunlar kelishiga, bolalariga, qo‘shnisiga, bir-biriga. Sizlar mana shu ishonchni o‘g‘irlab qo‘ydilaring. Endi odamlar hech narsaga ishonmaydi, yo tavba, hatto bolasiga ham. Oriyat, nomus qolmadi odamlarda. Sizlar ularni ishton kiygan hayvonga aylantirdilaring. Qanday isnod! To‘rt kishiga boshliq bo‘lish uchun xotinini qo‘shib qo‘yishdan ham toymaydi bular. Hammasi senga o‘xshaganlarning kasofati. Yo gapim yolg‘onmi, a?!
O‘g‘il indamadi – ikki-uch marta ich-ichida ingrab qo‘ydi. Qayeridir chidab bo‘lmas darajada og‘riyotgandek ko‘zlarini yumib ochdi. Peshonasidan oqib tushgkan terdan ko‘zi achishardi. Darmoni qurigan, yiqilay-yiqilay deb ketib borardi. Tevarak-atrofga quloq bitib qoladigan darajada bir necha soniyaga sukunat cho‘kdi, go‘yo tun ham, tutab yotgan dala ham, goh-gohida qaydandir eshitilib qoladigan bo‘rinikiga o‘xshash uvillashlar ham o‘g‘ilning iqrorini eshitish uchun bir zum tin olganday edi. Har qanday savol ham javobsiz qolmasligini, ertami-kechmi, baribir javob topilishini, faqat savolga javob bergani, uni oshkora tan olgani odamning yuzi chidamasligini, biroq ko‘ngilning bir chekkasida bu savoldan alangalangan javob butun yurakni kuydirib turishini chol ham, o‘g‘il ham sezar, shunday bo‘lsa ham o‘g‘il miq etmas, go‘yo gapirsa yiqilib tushadiganday hansirar va ship-ship etgan tovushdan boshqa sas chiqmasdi undan.
Sukunatni yana otaning tovushi buzdi.
– Hech narsa deyolmaysan! Qaysi yuz bilan gapirasan?! Sendaylardan tug‘ilmaslaringdan oldin voz kechish kerak edi. Lekin, afsus, sizlar tug‘ildilaring, unib-o‘sdilaring, so‘ng unib-o‘sgan yerlaringga tupurdilaring, unib-o‘stirgan odamlarni ….dilaring. Yana ko‘kraklaringga mushtlab «xalqparvarmiz, … parvarmiz» deb da’vo qildilaring.
– Bo‘ldi…- ingradi o‘g‘il. – Bo‘ldi, bas… qirq yildan beri shu bir gapni takrorlaysiz… Charchab ketdim. Bas!
– Men-chi, men charchamadimmi? – Cholning tovushi zorlanib chiqdi. – Menga osonmi?!
– Axir qirq yil bo‘ldi! Qirq yildan beri shu savolni takrorlaysiz…
Qirq yildan beri shu gap, shu ta’na! Adog‘i bormi bu yo‘lning?! Men ham odamman axir…
– Oz qoldi. Juda oz qoldi. Yelkangdan tushamanu men o‘z yo‘limga ketaman, sen o‘l yo‘lingga… Boshqa qaytib ko‘rishmaymiz… Ko‘rishmaganimiz ham tuzuk. Men o‘zim o‘stirgan terakning qanday yonayotganini ko‘rishni istamayman. Men o‘sha, sen bilan oxirgi marta yurgan qoya ostidagi g‘orga ketaman, mening u yerlardan bosh olib ketishim mumkin emas, mening qonim to‘kilgan u yerlarga. O‘sha qoya esingdami? Sen meni Buxorodagi tabibga ko‘rsatish uchun olib chiqqan eding, esingdami?
– Esimda! – xirilladi o‘g‘il. – Hammasi esimda! Nega buncha egzasiz?
– Xayriyat, – dedi chol, – aqalli shunga ham shukr. Har qalay o‘sha kunni sotmabsan, shunga ham shukr. Yoi bu xotiraning – isliqi bir cholning o‘limi to‘g‘risidagi xotiraning hech kimga keragi bo‘lmadimi? Yoki sotishga, o‘zigni oshkor etishga qo‘rqdingmi?! Mayli, shunga ham shukr, ba’zan qo‘rqoqlik ham imonni asrab qoladi. Mayli, shukr…
Siyohrang tun quyuqlashib borar edi. Tutun ko‘zni achishtirar, dimog‘ni kuydirar, o‘g‘il tinmay yo‘talardi, tevarakka pala-partish tashlangan yalang oyoqlarning besaranjom saslari taralardi. Havo dim va bo‘g‘iq, yo‘l esa benihoya edi.
– Sizlarning katta xatolaring shuki, Uni ta’qib qildilaring. Unga qo‘shib, hamma narsani ta’qib qildilaring. Aslida hamma narsaning boshlang‘ichi U edi. Chunki U dunyoning ismi edi, U bu azaliy dunyoga ism bergan, zeb bergan usta edi. Dunyoni Undan ajratib olib bo‘lmasdi… Sizlar buni tan olmadilaring…
– Charchadim, – dedi o‘g‘il astagina. – Bunchalik og‘ir bo‘lmasangiz? Yelkam ezilib ketdi. Oyog‘imda darmon qolmadi.
– Buni men emas, sening o‘zing istagansan… O‘zing meni shunga undading. O‘sha kuni bu mening xayolimda ham yo‘q edi. Sendan hatto minnatdor edim – kasal otasini kuzatib borayotgan shunday o‘g‘lim bor deb… Bu yo‘lni sening o‘zing tanlagansan.
O‘g‘il ixrab-ixrab ketardi. Uning pishnashi demasa hamon vahimali sukunat hukm surardi, faqat atrofda qandaydir sassiz sharpalar aylanib yurar, ular juda ko‘p edi, aftidan. Butun dala bo‘ylab yugurib yurishar, lekin qadam tovushlari eshitilmas, ba’zan yo‘lga yaqinroq bostirib kelishar, so‘ng hansirash va pishnashni eshitib orqaga chekinishardi.
– O‘shanda men xarsanglar orasidagi tashlandiq g‘orga kirib ketdim, – davom etdi chol, – kun sovuq edi, undan keyin birov mening sharpasni sezib qolishidan qo‘rqardim. Birinchi kunlari juda zerikdim, atrofda gaplashadigan hech kim yo‘q edi; kundazlari tog‘ma-tog‘ sakrab tog‘ echkilarini quvib yurardim. Toki onang xabar topguncha, men shu holatda yolg‘iz yashadim. Bir kuni kechqurun g‘orga onang kirib keldi – xudo rahmat qilsin, u juda yasharib ketgan edi, u hammasini kimdandir eshitibdi, shu sababli mendan hech narsa so‘ramadi, faqat «Qoyadan nariroq yursangiz bo‘lardi-ku, axir uning bir kuni shunday qilishini bilardingizku?» dedi. Sho‘rlik, qanchchalik qilmishingdan ezilmasin, seni nogahon qarg‘ab yuborishdan qo‘rqardi; ikkalamiz ham tilimizni tiyardik, o‘sha kunni eslamaslikka harakat qilardik, agar ozgina qarg‘asak ham u dunyoyu bu dunyo kuyib ketardi. Onang o‘sha kezlari har kuni kelib turardi, u yoqlarda qayoqdan kelyapsan deb so‘ralmaydi, bunga hojat yo‘q, hamma marhumlarning borar va kelar joyi bitta. Biz g‘orda toshga bosh qo‘ygancha sening qanday tug‘ilganingni, qanday toy-toy bo‘lganingni, cho‘g‘ga qo‘lingni qanday bosib olganingni eslab o‘tiraodik: u yoqlarda faqat xotiragina kishiga huzur beradi, boshqa hech narsaning mazmuni qolmaydi; men senga achinaman, sen axir bu dunyodagi qilgan ishlaringni qanday qilib eslaysan – eslashing bilan arvohlar quzg‘uni boshingga baloday yopiriladi. Senga achinaman… seni hech kim ayamaydi… bir necha kundan so‘ng kechasi g‘orga qilich-qalqon taqqan otliq kishilar kirib kelishdi; ular uch kungacha g‘orda qolib ketishdi, negadir g‘orda meni ko‘rib ajablanishmadi; ular bu g‘orda har xil qo‘noqlarni uchratishga odatlanib qolgandilar chog‘i, bizning tilimizda, sal burab gapirishardi, dubulg‘achilarning biri oqsoq edi; mening g‘orga kelib qolish sarguzashtimni eshitishgach, sendan juda g‘azablanishdi, hatto oqsoqrog‘i hozir borib chopib tashlayman deb irg‘ib turdi, lekin men ko‘nmadim, o‘g‘lim aybdor emas, o‘zim yiqilib tushdim deb aldadim. Dubulg‘a kiyganlar men bilan uch kuncha yashashdi. Ular ham menga o‘xshab o‘z ajali bilan o‘lmagan edilar, gaplariga qaraganda biri jangda, biri suiqasdda, biri kasal bo‘lib o‘lgandi. Otliqlar yuz yillardan beri bir vaqtlar o‘zlari zabt etgan mamlakatlarni aylanib yurisharkan va har yili qish tushishi oldidan Chinmochinga yurish uyushtirishar va har doim mag‘lubiyatga uchrasharkan. Keyin ular meni o‘zlari bilan olib ketmoqchi ham bo‘lishdi, biroq oqsog‘i ko‘nmadi, aftidan, u menga ishonmadi. Bir qancha vaqt o‘tgach, yana yurish uyushtirish uchun o‘zlarining o‘liklardan iborat lashkarlarini yig‘ishga jo‘nab ketishdi. Men g‘orda yana yolg‘iz qoldim. Faqat kunora xabar olgani onang kelib turar, menga sen haqingda va shotirlaring haqida hikoya qilib berardi; men uning gaplariga hech bir ajablanmasdim, shusiz ham sening qilmishingdan xabardor edim; o‘ho‘, sen qanchadan-qancha odamlarga jabr qilmading, qanchadan-qancha begunohlarni qamab yoki otdirib tashlamading. Sen qilgan har bir ish uchun meni ularning ota-bobolari qistovga olishardi, men esa o‘sha yoqda endi yovuz niyatingning navbatdagi qurboni kim bo‘larkan, uning marhum qarindoshlari ko‘pmikan deb, yurak hovuchlab turardim. Seni qanchadan-qancha arvohlar qarg‘amadi. Sen odamlarning o‘zingdan qo‘rqishini, zor titrab turishini orzu qilarding, ularning ojizligi va nochorligi senga huzur bag‘ishlardi. Ular hayotda o‘z tashvishlaridan ham muhim narsalar borligini xayollariga ham keltirmasdi, sen buni bilarding, bilib turib qilarding barcha yaramasliklarni. Sendan yovuz odamni bu tog‘lar hali ko‘rmagan… tuf… Endi ham ko‘rmasin… Sen oxirgisi bo‘l! Sening qilayotgan ishlaringga Karab turib har doim o‘lik senmi yoki menmi deb o‘ylardim, tani o‘lgandan so‘nggina odamning o‘lik yoki tirikligi ma’lum bo‘ladi. Xomtama bo‘lma, lekin sen fanoda birormarta ham tiriklarga xos ish qilganing yo‘q, sen nimaiki qilgan bo‘lsang, o‘zim uchun qilding. Shunday! O‘lim – man tiriklik! Sen o‘liklar orasida qayta tirilar ekansan, hatto oddiygina, «nima uchun yashadim? Degan savolga ham javob berolmaysan. Seni hatto oddiy o‘liklar ham o‘z saflariga qo‘shmaydi, sen qum quyuni qoplab olgan sahroda yolg‘iz o‘zing abadiy kezib yurasan, abadiy! Bu sahro hech qachon tugamaydi; oylar, yillar, avlodlar tugaydi, lekin bu sahro hech qachon tugamaydi; ana shunaqa. Hu, ana, qorayib ko‘rinayotgan g‘or – o‘sha sahroning eshigi… Yo‘ling seni to‘g‘ri o‘sha yoqqa olib boradi. Yaqinlashib ham qoldik. Men seni o‘sha yergacha kuzatib qo‘yaman. Dadil bo‘l. Hechqursa g‘ordan o‘tayotib meni uyaltirma, shusiz ham mening yuzim shukut bo‘lib qolgan…
– … Anavi qz kim? Nega to‘qayzorda yolg‘iz o‘zi yuribdi? Qadam tashlashlari ham bejo.
– Ne’mat kalning tng‘ich qizi. Har doim shu to‘qayda qo‘zi boqib yuradi.
– Nega qo‘lini oldinga cho‘zib yuradi?! Ko‘rinishi abgor, nima, esi pastroqmi?
– Esi-ku joyida, unda balonning esi bor. Lekin u baxtiqaro bo‘lib tug‘ilgan. Hamma balo shunda. Bo‘lmasa bunday suluv qiz bu o‘rtada topilmaydi. Uning ko‘zlari basir. Chippa ko‘rmaydi. Ona qornidan shunday bo‘lib tushgan. Shuning uchun ham qo‘llarini oldinga cho‘zib yuradi…
– U hech kimning kuzatuvisiz yuradimi?! Shu holida-ya?!
– E-e, uni kim ham kuzatib yurardi. Otasining bundan boshqa olti qizi bor, tashvishi shusiz ham yetarli… Bu esa otasiga qo‘zi boqib beradi. U qo‘zilarni isidan taniydi. Qo‘zilar uni hech qachon tashlab ketishmaydi, shu atrofda o‘tlab yurishadi. Kech bo‘lgach, uyga o‘zlari aytadi. Ana shunday u qiz…
Eshikni yamoq to‘n kiygan o‘rta yashar odam ochdi. U ichkariga qo‘rqa-pisa nazar tashlab, o‘ziga qattiq tikilib turgan ko‘zlarni his etgach, sekin ichkariga kirdi. Izidan eshik sekin g‘ichirlab yopildi.
– Xo‘sh, nima gap? – dedi ichkaridagi ovoz.
Tirqishdan sirg‘alib kirayotgan xiragina oy nurida uning charm kamzuli yaltirab ketdi. Kirgan odam ostonadayoq tizzalab o‘tirib oldi. Gap boshlashdan oldin kamzulli odamning avzoini bilmoqchidek, unga zingil solib qaradi. Biroq shilpiq ko‘zlari barvasta sharpa ustida qalqib turgan xumday qoradan boshqa hech narsani ko‘rmadi; uning nazarida ichkaridagi odamning na yuzi, na ko‘zi, na labi bor edi, faqat chuur g‘orda yoqib qo‘yilgan bir juft shamday ikkita ko‘z o‘ziga qadalib turganini his etar va o‘ng‘aysizlanardi.
– Nima gap? – dedi yana ichkaridagi ovoz.
– Men… men… – Kelgan odam qorong‘ulik qa’riga tikildi, lekin boyagi shaytonning soyasiday sharpadan boshqa hech narsani ilg‘amadi, – men pastki chorbog‘da o‘t o‘rayotgandim… bu yil beda erta quvrab ketdi.
– Xo‘sh, gapir…
– Shunday yo‘lning bo‘yida. Oy yorug‘ida ham o‘raqolay deb hali uyga ketmagandim.
– Bu yerda nega kelding? – o‘shqirdi ichkaridagi ovoz. – Senga bu yerga kelma degandim-ku?!
Ostonadagi odam cho‘chib tushib, gapini yo‘qotib qo‘ydi, tili og‘ziga kosovday tiqilib qoldi, uni harakatga keltirish uchun xiyla qiyin kechdi, bir necha bor qizarish va qaltirashdan so‘ng bo‘g‘zidan daf’atan otilib chiqqan tovush hech qanday ma’no ifodalamadi.
– Shu… shu… o‘rayotandim… Keyin birdan…- O‘zini tutib oldi u oxiri. – Keyin birdan ov… ovozidan tanidim. Yo‘lda Begmat polvon bilan Hasan cho‘loq o‘tib borishayotgan ekan. Ular ertalab Ko‘chabuloqqa – Sori Haydarnikiga ta’ziyaga o‘tib ketishgandi, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandim. Ular bir-biriga shivirlab gaplashib boryapti ekan…
– Nimani? Eshitdingmi?…
– Ha, sizni… sizni, otasini o‘ldirgan, padarkushlik qilgan deyishyapti…
Ichkaridagi odam shu’la tushib turgan derazani aylanib o‘tib, burchakka borib keldi. Yana avvalgi joyiga kelib derazaga orqa o‘girib turib oldi.
O‘rtaga bir zum sukunat cho‘kdi.
– Tuhmat qilma! Zang‘ar!!!
– Tuhmat bo‘lsa tosh bossin. Ichkaridagi odam boshini quyi egib oldi. Oraga yana jimlik cho‘kdi. Uning nafas olishi og‘ir va xirildoq edi. Bu sukunat naqadar xatarli ekanini sezgan ostonadagi odam bezovta bo‘lib, qimirlab qo‘ydi. Ichkaridagi odam unga e’tibor bermadi, tizzalariga tikilgancha uzoq turib qoldi.
– Mulla Xidirnikida nima gap? – dedi u so‘ng mutlaqo boshqa ohangda.
– Poylab yuribman. – Ostonadagi odam birdan yengil tortib javob berdi.
– Sayful eshon bilan Shukur qizil kelib ketdi. Lekin nima olib kelganini ko‘rolmadim, ichkariga kirib ketishdi.
– Mayli, sen endi boraver, lekin bundan buyon kela ko‘rma, kerak bo‘lsang o‘zim oldingga boraman. Mullanikini yaxshilab kuzat. Kim, qachon, nima olib keldi, hammasini bilib ol. Agar biron kori xol bo‘lsa, o‘zing qulog‘ingni ushlab ketasan.
Ostonadagi odam itoatkorona bosh irg‘adi. Eshikni ochar ekan, qayrilib yana ichkariga qaradi, yana barvasta sharpadan boshqa hech narsani ko‘rmadi. Bu o‘zi qandaydir sharpaga o‘xshaydi, – o‘yladi ichida u. – Chiroq yoqibo‘tirsa nima qilarkin? Yo yorug‘likdan qo‘rqarmikin.
– Samad o‘zinggunohingni bo‘yningga ol, shunday qilsang, jazong ham yengil bo‘ladi.
– Mening hech qanday gunohim yo‘q. Axir buni senga necha marta aytdim.
– O‘ylab ko‘r. Balki eslarsan.
– Axir o‘n kundan beri jslolmadim. Meni bu yerga nima uchun olib kelishdi, hech bilolmayapman.
– Gunohsiz kishini bu yerga olib kelishmaydi. Yaxshilab eslab ko‘r.
– Yo‘q eslolmayman, kallam shishib ketdi. Yo meni otib tashla, yo qo‘yib
yubor. Ortiq bu azobga chiday olmayman. Meni sharmanda qilma.
– Buni jinoyat qilmasdan oldin o‘ylab ko‘rish kerak edi. Endi kech.
Yaxshisi, o‘zing bo‘yningga ol. Tavba qilib keldi, deb yozib qo‘yamiz
– Aybm bo‘lsa, shartta aytu jazoimni ber. Nega menga azob berasan! Har narsa to‘g‘risida o‘ylayverib adoyi tamom bo‘ldim.
– Shukur qizilnikida qo‘shiq aytganmiding? Nima deb aytganing esingdadir?
– Aytgandim. Nima, qo‘shiq aytish mumkin emasmi?!
– Mumkin, mumkin. Sizlarga mumkin.
Barvasta odam bir uyum qog‘ozlar ichidan bir varaq qog‘oz olib, Samad baxshiga uzatdi.
– Mana bu qo‘shiq senikimi?!
Baxshi qog‘ozga ko‘z yugurtirirdi
– Men o‘qishni bilmayman.
– O‘qish shart emas. Darrov esingga tushdi. O‘zing mug‘ombirlik qilyapsan. Otasini o‘ldirgan, g‘am-anduhga to‘ldirgan kim ekan?! Biz emasmi?! Sen bu yerda bizni nazarda tutmayapsanmi?!
O‘chib xamrohiga tikilib qoldi.
– Bu qo‘shiqni bizning ota-bobolarimiz to‘qigan.
– Lekin sen aytgansan…
– Men bunday demoqchi emasligimni sening o‘zing bilasanku?!
– Nega?! Masalan men xuddi shunday deb o‘ylayman. Keyin buni men emas, o‘sha to‘yda bo‘lgan hushyor odamlar yetkazishgan.
– Yolg‘on! Hech kim bunday demagan.
– O‘kirma, bu yer otangning uyi emas. To‘yda qatnashganlarning hammasini bir-bir chaqirdik. O‘n yetti kishi buni tasdiqladi. Mana, ko‘r. Ular aynan shunday tushunishgan. Xo‘sh, endi tan olarsan kimga sotilganingni?!
– Men hech kimga sotilmaganman.
– Unda o‘zing buzg‘unchi ekansanda- Mayli shunday deb yozib qo‘yamiz.
– Nega endi bilib turib zug‘um qilayotganingni men tushuna olmayapman.
– Tezda tushunib olasan. Sen ko‘p aqlli bo‘lib ketding. Har qo‘shig‘ingda qandaydir otasini o‘ldirganlar to‘g‘risida javraydigan bo‘lib qolding. Endi aqlingni peshlab kel. Sen qo‘rqma, Sibirga jo‘natmayman, sen cho‘lga borasan, cho‘lni o‘zlashtirasan. Agar ongli ravishda o‘z xatoingni yuvsang, qaytib kelishga ruxsat berishadi.
– Meni sharmanda qilma. To‘rtta bolam bor, ularning qarg‘ishiga qolma!
– Bolalaring to‘g‘risida qayg‘urmay qo‘yaqol.. O‘zimiz g‘amxo‘rlik qilamiz. Agar sening yoningda bo‘lsa, ularni ham dushman qilib tarbiyalaysan.
– Ko‘zingni och! Bu turishda yaqinda butun ahar huvillab qoladi.
U yana nimadir demoqchi edi lekin xonaga kirgan ikki kishi uni olib chiqib ketdi.
– Biz yo‘limizga kim to‘siq bo‘lsa, hammasini yo‘qotamiz, hech kimni ayamaymiz, – baqirdi uning izidan ichkaridagi odam. – Qishloq bo‘shab qolsa, boshqa odamlarni ko‘chirib kelamiz…
«Bu qo‘llar emas, seni nogiron qilib yaratgan dunyoning bag‘riga sanchilgan xanjarlardir, Zubayda. Kipriklaring u osmon shohining tasbehidir, o, yo‘q, bu ko‘ngil qushlariga qo‘yilgan tuzoqdir…
Meni sendan tortib olishadigandek bo‘ynimdan quchoqlab yig‘laganingda, bu ovloq to‘qayni pichir-pichirlaringga to‘ldirganingda, labingda tushuniksiz savollar qotganidaYu bu sirli olamga yorib chiqib va o‘chdida va meni o‘zingga ham ishonmay o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun jajjigina yuraging ko‘ksingning qafaslariga gurs-gurs urganida, bu dunyodan baxt izlab cho‘zilgan qo‘lingning qon hidi tutgan sochlaringni silaganida sen uni topdingmi, Zubayda?!
…Kel, meni quchog‘ingga ol, oftobni ko‘mganday meni og‘ushingga ko‘m. Mayli, ko‘zlaring qo‘rg‘oniga qamab qo‘y, mayli, kipriklaringga bog‘lab qo‘y, faqat bu dunyoning qarg‘ishlaridan meni sochlaring qatiga, lablaring qa’riga yashirsang bo‘ldi.
Men seni izlab bu yerga har kun kelgim, bu to‘qayga umr o‘tovini tikkim keladi, sening bosgan izlaringga o‘zimni ko‘mgim keladi. Kel, panjalaringni ko‘zlarimga sanchib qo‘y, toshlar tilgan oyoqlaringni ko‘kragimga ekibyu qo‘y, shivirlaringni qulog‘imga qok. Sen mening izlay-izlay topib olgan baxtimsan, sen mening to‘qayzorga qadab qo‘ygan tug‘imsan. Mayli, hamma yuz o‘girsin, mayli, hamma tashlab ketsin, faqat sen meni tashlab ketma, sen tashlab ketma… tashlab ketma…»
«…Sening zilol suvlarinni ichganimda, ko‘rpa bo‘lib to‘shalgan ko‘katlaring ustida yayrab yotganimda hayotga qaytadan kelgandek bo‘laman. Men sening tuproqlaringdan yaralganman, bu ulug‘vor qoyalar ham, undagi xarsang toshlar ham, ilon izi yolg‘izoyoq so‘qmoqlar ham mening tanim. Men ular bilan birga nafas olaman. Ko‘ragon tog‘idan mayin shabada esyapti, ko‘katlarning hidi dimoqni qitiqlaydi. Qandaydir qushlar sayrayapti. Hoynahoy, moda kakliklar bo‘lsa kerak…»
«Aftidan ko‘klam kelganga o‘xshaydi. Dimog‘imga olma gulining hidi kelyapti. Pastdagi to‘qayda bolalar shovqini eshitilmoqda. Ular chillak o‘ynayotgan bo‘lsa kerak, har-har damda qaysisidir g‘uvillab yuguradi. Uning oyoqlarining shitiri mening suyaklarimni yayratadi, men bu tovushdan huzur qilaman, men uning maysalar yalagan, shabnam yuvib qo‘ygan jajjigina tovonlaridan o‘psam deyman, yotgan joyimdan tepaga – ularga mo‘ralab qaragim keladi. Ular oyoqlari tagida odam suyaklari qaqshab yotganini, zaxda chirsillab sinayotganini, chiriyotganini, eng qizig‘i, mening uyg‘oqligimni, ularni kuzatib turganimni, tovushlarini eshitayotganimni bilisharmikan? Agar menga u dunyodagiday ovoz ato etishganda mana shu go‘rimda turib, ularga qarata: «Sizlar g‘aflatda qolmanglar, hushyor bo‘linglar! Bobolaring ruhi uyg‘oq, uyg‘on!» deya qichqirgan bo‘lardim…»
«Narigi qabrning atrofini kimdir supurib-sidirayapti, supurgi shitiri eshitilayapti. Mening yonimda yotgan bolakay uyqu aralash hiringlab kulib qo‘ydi; kimdir tush ko‘rdi, shekilli, balkim tushiga onasining mammalari kirgandir; yuqoridagilar uning kulgusini eshitishdimikin?!.. Yer osti dunyosi naqadar bepoyon! Bu yerga odam qayta o‘lmaslik uchun keladi. Bu yerda u dunyodagi umr ko‘z ochib yumishday gap. Yashayverasan, yashayverasan, bu yashashning, qani, oxir-nihoyasi bo‘lsa. Faqat sen shu zim-ziyo qo‘rg‘ondagina yer bilan abadiy birga ekaningni anglaysan…
…Mening yon tomonimdagi qiz yana xo‘rsinib-xo‘rsinib yig‘ladi. Oshiq yigiti bilan topib olishgan akalari uni naq qoyadan uloqtirishgan. U dunyo naqadar mudhish. Odamlar ustida hamisha yovuzlik hukmron bo‘ladi…
…Uh yana qanday shovqin?! Naq ustimda qiyomat qoyim boshladi chog‘i. Nimaning tovushi bu?! Muncha vahimali?! E-e, bular mozoristonni buzishyapti-ku! Aqldan ozishibdi u dunyodagilar… Ha, aniq, buzishyapti, yana, o‘sha mudhish qiyomat tovushi tobora yaqinlashib kelyapti. O, sen, ona yerim, momo yerim, mana endi ular meni sendan judo qiladilar, suyaklarimni abgor qiladilar. O, yaramaslar, haromilar, padarkushlar!..»
– O‘rtoq boshliq biz Ne’mat kalni olib keldik.
– U nima gunoh qilibdi? Nega uni bog‘lab tashladilaring?
– U katta qizini mana bu bolta bilan chopib o‘ldiribdi. Qizi kimdandir bola orttirgan ekan. Bolasini ham chopib tashlabdi. Bu o‘sha – biz to‘qayda ko‘rgan qiz. Uning qoq peshonasidan bolta uribdi. Tili bir qarich chiqib yotibdi…
O‘g‘ilning sillasi quriy boshlagan edi: uning peshonasidan reza-reza ter oqar, yuzi tobora bo‘g‘riqib, ko‘karib borardi, oyoqlari chalishib ketardi. Lekin yo‘lning adog‘i hali beri ko‘rinmasdi – butun borliqni tun shohi timqora chodiri tagiga yashirib olgan edi.
Yo‘l naq jahannamga olib borayotganday harorat tobora ko‘tarilardi.
– Biz hech kimga hech narsa qilmagan edik, – derdi chol o‘g‘lining jimib qolganidan va bu kimsasiz sahroda yolg‘iz ketayotganidan bir oz cho‘chib. – Biz hech kimning yeriga bostirib bormadik, biz hech kimga zug‘um qilmadik. Tinchgina yashab yurgan edik: qo‘sh haydardik, bug‘doy yanchardik, tiriklik toshini sekin tortib yuruvdik. Biz emas, ular bostirib kelishdi, tinch hayotimizni ular buzishdi. Sizlarday aqlimiz o‘tkir emas edi, har narsani ham darrov tushunmas edik. Biz faqat eski osoyishta hayotimizni qurolli kishilardan qurol bilan qaytarib olmoqchi edik. Bor gunohimiz shu edi, boshqa hech narsa! Eshityapsanmi, boshqa hech narsa.
– Bilaman, – dedi o‘g‘il. U g‘ilt etib yutindi. Yuzi ko‘m-ko‘k ganch haykal rangiga kirgandi, tovushi bo‘g‘izidan emas, go‘yo yer ostidan, naq jahannamdan guldirab chiqayotganday eshitildi.
– Bilasan? A? Demak, otangni bilib turib o‘ldirgan ekansan. Qoyil. Sizlar kimdan ta’lim oldilaring, bilmadim. Otasining gunohi yo‘qligini bilib turib, ataylab o‘ldirgan emish? Otam tirik tursa, o‘sha shaloq kursimga o‘tirolmayman, boshliq bo‘lolmayman deb qo‘rqdingmi, a? Shundan qo‘rqdingmi?
– Bo‘ldi, – ingrab yubordi o‘g‘il otasini silkib, o‘ngarib ko‘tarar ekan, – bo‘ldi deyapman…
– To‘g‘ri, shundan qo‘rqding. Otang tirik tursa, senga nozik joylarni ishonib topshirmasdi, parvozing baland bo‘lmasdi, har ikki daqiqada otang uchun so‘roq berib turishingga to‘g‘ri kelardi. Sen buni juda yaxshi anglarding. Otangni deb, senga g‘animlaring tinchlik bermasdi. O‘lib ketsa hech kim notayin odamni surishtirmasdi ham. Sen shunday deb o‘ylaganding. Afsus o‘sha kuni – dedi qoya orqali olib o‘tayotganingda buni sezmagan edim. Sen hammasini osongina hal qilib qo‘yaqolding. Qoya ustiga kelganimizda mening ostimdagi otga qamchi bosding. Ot hurkib, oldinga tashlandi, men hatto nima bo‘lganini bilolmay qoldim, faqat qoyadan toshdan-toshga urilib uchib tushayotganim esimda. So‘ng men bir zum zulmat ichida qoldim, qayta tirilganimda sen mening jasadim ustida yig‘lab o‘tirarding va nariroqdagi ikkita cho‘ponga nimalardir deb tushuntirarding. Sen juda qo‘rqoq eding, qilgan padarkushligingni birov bilib qolmaslik, shubhalanmaslik uchun og‘zingni sasitib so‘kinganingda, go‘yo alamdan aqlingni yo‘qotganday, og‘zidan qon kelib, ixrab yotgan otni ham otib tashlading. Sen otdan ham qo‘rqding, otarkansan, uning javdiragan ko‘zlariga qaray olmading… Men esa hammasini kuzatib turardim – shundoq oldingda, yoningda kuzatib turardim. Hatto ikki marta mauzeringni olib, nishon qadalgan ko‘kragingdan otib tashlagim keldi. Lekin bizga bunday huquq berishmagan. Men jasadim ortilgan aravani Ko‘kqiyagacha kuzatib bordim-da, so‘ng g‘orga qaytdim. Lekin, sen mening jasadimni qanday ko‘mganingni ko‘rib, sezib turardim. Sen boshliqlaring oldida bir tomchi quzyosh to‘kmading. «Otam yot odam edi, o‘z o‘limini o‘zi topdi» deding. Sening ahvolingni ko‘rib ular ham ich-ichidan kuldi – axir ularni ham ota yaratgan-da. Agar yig‘laganingda ham hech kim hech narsa demasdi. Faqat sen ustasi farang odam eding. Unsur otasining ustida yig‘lagandi degan gapni ko‘targing, kelajagingni havf ostiga qo‘yging kelmadi. Sen yig‘lamading, yig‘larmikansan, tavba qilarmikansan, deb men uch kungacha uying atrofida aylanib yurdim. Yo‘q, yig‘lamading. Sendaylar asli yig‘lashmaydi. Odamlarning o‘limidan rohatlanishadi. Qanday uyat?! Hali bizning ajdodimizda ojizaga zug‘um qilish hodisasi bo‘lmagan. Sen esa hech narsadan tap tortmading. Mana, oqibati… Ana ko‘ryapsanmi, izingdan qanchadan-qancha arvohlar bo‘riday ergashib yuribdi, yolg‘iz qolsang, tappa bosishai. Ular juda quturgan… O‘sha sovuq yurtlardan seni deb aytib kelishgan. Endi har kecha yo‘lingni to‘da-to‘da bo‘lib poylab yotishadi. Har birining sen bilan o‘z hisob-kitobi bor… Senga achinaman, biroq nachora bu yo‘lni sen o‘zing tanlagansan…
– Ota, esingdami men hali juda-juda yosh edim, mishiqisi arimagan qizcha edim, hammasi qo‘rqinchli tushdek elas-elas esimda, sen g‘oz qotib turarding, yo‘ldan esa arava-arava odamlar o‘tardi, yo‘llar tiqilib ketardi, xuddi chumolilar iniga shoshayotgandek aravalar qaylargadir imillab borardi, odamlarning esa rangi qochgan, senga goh sezdirmay, goh oshkora adovat bilan tikilib-tikilib qo‘yardi, sen esa pinak qoqmay turaverarding, aravalar hes tugamasdi, turna-qator bo‘lib tongdan shomgacha, shomdan tonggacha o‘taverardi,hatto yarim kechalari ham yo‘ldan aravaning g‘iyqillagan tovushi, zorlanishi eshitilib turardi, ularni qandaydir askarlar qo‘riqlab borishardi, sen esa o‘sha yerda qotib turaverarding, ikki kunmi, uch kunmi vaqt o‘tib, aravalar yana kunchiqar tarafga qarab yo‘l olishardi, yo‘ldan birin-ketin o‘tishardi, aravachilar ham boshlarini egib olgan, atrofiga qarashdan qo‘rqqanday, uyalganday otlarini qichab haydab borishardi, aravalar g‘iyqillardi, askarlar so‘kinardi, to‘da-to‘da aravalar kunchiqarga yo‘l olishardi, lekin bo‘m-bo‘sh bo‘lardi, bu aravalar, ota, xuddi keraksiz toshlarni qaygadir, xilvatroq joyga to‘kib qaytishayotganday, aravalar bo‘m-bo‘sh bo‘lardi, yana bir necha kundan so‘ng arava-arava odamlarni olib qaylargadir jo‘nardi, sen esa, o‘sha bahaybat xarsang oldida g‘oz qotib turaverarding, o‘sha odamlarni qayga olib ketishardi, ota? Nega ularning ko‘zlari senga bunchalik kin bilan tikilardi, nega seni bunchalar yomon ko‘rishardi ular?! Esingdami, ota? Yo tushmidi bu? Men, o‘sha mishiqi qizaloq bularning barini tush ko‘rganmidim?! O‘sha aravalar tushmidi, ota?!
– Bilmadim, qizim, bular mening esimda yo‘q… Hoynahoy sen tush ko‘rgan bo‘lsang kerak…
– O‘sha paytlari odamlar go‘yo bu yerlarda yovuz bir sharpa oralab yurganday hamisha nimadandir qo‘rqib , hadiksirab yurishardi. Bir-biriga shubha bilan tikilishardi, hatto bolalarni ham bir-biri bilan o‘ynatgani qo‘ymasdi, bolalar uylaridan chiqmay qo‘ygan edi. Hamma xuddi yovuz sharpa sening tanangga yashiringanday, senga qo‘rqib-pisib qarashar, sen bilan duch kelib qolsa ko‘zlaridagi g‘azabni yashirib, go‘yo joni sening qo‘lingda turganday yaltoqlanib, egizib-bukilib o‘tardi, bellar esa… ayollar sening nomingni qo‘shib qarg‘ashardi, seni ko‘rganda etaklarini ko‘tarib, orqalarini ko‘rsatishar va endi bu yerimni ham ol deb shang‘illashardi. Nega shunday deyishardi, ota? Nega kechalari qishloqlar mozoristondek jimib qolardi, ota; nega odamlar bir-biriga yeb qo‘yguday tikilishardi, bir-biridan nega qo‘rqardi, ota?!
– Bilmadim, qizim. Hoynahoy sen adashtiryapsan. Bularning hammasi tush bo‘lsa kerak. Hammamiz tush ko‘rganmiz, qizim, shu sababli u zamonlarni yaxshi eslolmaymiz… eslaganimiz ham tuzuk.
– Men esa kechalari uyg‘onib ketaman, nazarimda, hali ham yo‘ldan aravalar g‘iyqillab o‘tayotganga o‘xshaydi, gohida kuppa-kunduzi ham yo‘lga tikilib qarasam, aravalar hamon o‘tib borayotganini ko‘raman, ular avval kun botishga qarab o‘tadi, so‘ng kun chqarga… Ba’zan bu umr bo‘yi tugamaydigandek, oxiri yo‘qdek tuyuladi menga. Go‘yo endi bir umr qulog‘imizdan aravalar g‘iyqillashi arimaydigandek, ko‘zlarimiz oldida endi faqat aravalar o‘tib turadigandek tuyuladi menga. Yarim kechalari uyg‘onib ketaman…..
– Bilmayman, qizim. Men keksayib qoldim. Menga bunday savollar berma! Hech narsa esimda yo‘q! Esimda bo‘lmagani ham tuzuk.
– Kimdir shu tarafga kelayotganga o‘xshaydi, ota.
– Ular aftidan ikki kishi bo‘lsa kerak, yaxshilab qara-chi.
– Ikki kishi ekan, biri sal orqaroqda kelyapti. Sen ayerdan bilding?
– Kecha xabar berishgan edi. Ularni men ertaroq kelsa kerak deb o‘ylagandim.
– Qiz bir zum angrayib qarab qoldi.
– Kim ekan ular?
– Cho‘lga ketganlar. Begmat polvon bilan Hasan cho‘loq
– Axir ularni o‘ldi deb xabar kelgandi-ku.
– Ular allaqachon o‘lib ketishgan, o‘lmaganlarida bu yerlarga qaytib kelmasdi…
…Yo‘lning intihosi ko‘rinmasdi. Ship-ship etgan qadam tovushlari eshitilar, ular ketayotgan yo‘lga yulduzlar uchib tushardi. O‘g‘il yurib borar, ota esa uning yelkasida yalpayib o‘tirgancha yo‘lning adog‘iga tez-tez ko‘z tashlardi. Aftidan, u ham o‘g‘lining yelkasida o‘tiraverib charchagandek edi. Yo‘l kesib o‘tgan dala esa huvillab yotardi, atrof ularning sharpasidan kukunday to‘zg‘ib ketayotgan kuyindi suyaklar bilan to‘lgandi; tong go‘yo bu yerlarga tashrif buyurishni unutib qo‘yganday ularning ustida besarhad tun sim-simi to‘shalib yotardi.
Yo‘l esa benihoya edi…