Uorren Berrou mashinasini bir yonga og‘ib qolgan eski temir darvozali hovli yonida keskin to‘xtatdi va hovli ichkarisiga chopib kirib: “Genri!.. Kim bor?” — deya bir-ikki bor ovoz berdi. Javob bo‘lmagach, xobxona eshigini ochib, ichkarini ko‘zdan kechirdi. Hech kim yo‘q. Uorren ikki hatlashda mehmonxonaga ham o‘tdi-yu, ko‘ksiga naq dastasigacha pichoq sanchilgan Genrining ko‘zlari olaygancha yotganini ko‘rib, dahshatdan qotib qoldi!
Shu payt kimdir turtganidan seskanib sergak tortgan Uorren cho‘chib orqaga o‘girilib qaradi-yu… vahimadan tamom esdan og‘gan odamday ko‘zlari ola-kula bo‘lib, jon alfozda dodlab yubordi…
— Mana bu – men senga bir vaqtlar aytgan qurilmam – Kvanspent. Qo‘limdagi – boshqaruv pulti. Pultda joylashgan har bir tugmacha ma’lum bir vazifani bajaradi. Qara.
Maxsus qurilma pult orqali ishga tushdi: monitordan turli xil ko‘z, qosh, soch, lablar… xullas, inson tanasining barcha uzvlari birin-ketin o‘ta boshladi.
— Bu bilan biror kishining tashqi qiyofasi chiziladi. – Genri Uorrenga pultni uzata turib, qaysi tugmachalarni bosish lozimligini aytdi. – Shundan so‘ng, mana bu tugmachani bossang, o‘sha sen chizgan «odam»ning golografik tasviri shu zahoti-yoq qarshingda namoyon bo‘ladi.
Bu tugmachani bossang, o‘sha «odam» — hozircha shartli ravishda odam, deb atab turamiz – bergan buyrug‘ingni so‘zsiz bajaraveradi. So‘zsiz! Mutlaqo gapirmaydi, shunisi yomon. Ha, mayli, keyinroq bu qurilmani takomillashtirarman… Qalay, senga ma’qulmi?
— Zo‘r! – Uorren hayajonini ichiga sig‘dira olmay, iljaydi. – Ta’rifga so‘z yo‘q! Lekin… boya meni yomon qo‘rqitding-da.
— Ha-ha-ha! Ochig‘ini ayt, meni arvoh deb o‘ylading-a?
— Farishta deb! Kulasan. Tasavvur qil, mening jasadim boshida tursang-u, nogahon birov seni turtsa va sen o‘girilib, mening tirjayib turganimni ko‘rsang, xo‘sh, qanaqa holga tushgan bo‘larding?
— He-he-he.
— Kulishni bas qil-e. Aqalli, o‘takasi yorilib, o‘lib qolsa nima bo‘ladi, deb ham o‘ylamadingmi?
— Bir hazillashgim keldi-da, og‘ayni. Rostini aytsam, bugun men uchun juda quvonchli kun! Necha yillardan beri orzu qilib kelgan rejam ro‘yobga chiqdi. Bu olamshumul kashfiyot, tushunayapsanmi?
— Mayli, mayli, faqat mana bu ta’viyangni ko‘zimdan yo‘qot. Ko‘rsam, ko‘nglim aynayapti.
— Darvoqe, yodimdan ko‘tarilibdi, qarab tur, – Genri pultdagi tugmachalardan birini bosgan edi, boyagi jasad asta-sekin kichiklashganicha, yuqoriga ko‘tarila boshladi va Kvanspentning ichiga singib ketdi. Endi, «murda» Kvanspentda aks etardi. — Hozir, bunga buyruq beraman. — Monitorda dastur loyihalari yozila boshladi va o‘sha «Genri-murda» Kvanspentdan chiqib, o‘ziga-o‘zi pichoq urdi-da, «gurs» etib yiqildi. — Ko‘rdingmi, — Genri mamnun holda kaftlarini bir-biriga ishqaladi. — Mana endi, ba’zi bir yaramaslarning kirdikorlarini fosh qilish fursati yetdi. Haligina sim qoqib, seni bu yerga chaqirishimdan maqsadim, tuzib qo‘ygan rejalarimga ko‘maklashsang. Faqat, oldin ham aytib o‘tganimdek, bu qurilma haqida hech kimga «churq» etma! Agar birortasiga beixtiyor og‘zingdan gullab qo‘ygudek bo‘lsang, Kvanspentdan ajralib qolishimiz, eng dahshatlisi — u yovuz niyatli kimsalar qo‘liga tushib qolishi mumkin. Endi asosiy masalaga o‘tamiz. Diqqatingni to‘rt xil rangdagi tugmachalarga qarat. Ko‘rdingmi, oq, kulrang, qizil, ko‘k.
Oq tugmachani bossang, istagan odamingni uxlatib qo‘yishing mumkin. Shu tugmachani yana bir bossang, uxlatib qo‘ygan odaming uyg‘onadi.
Endi, navbatdagi — kulrang tugmacha haqida tushuntiraman: buni bossang, sen istagan kishingning qo‘l-oyog‘ini vaqtincha ishlamaydigan qilib qo‘ya olasan. Yana bir bossang, qo‘l-oyog‘i avvalgidek harakatga keladi. Bundan tashqari, ovozi ham bo‘g‘ilgandek sekin chiqadigan bo‘lib qoladi. Baqirib-chaqirishga ming chiranmasin, bari behuda…
Qizil tugmachani bossang, u odam istagan buyrug‘ingni bajo keltiradi. O‘sha odamning inon-ixtiyori butunlay sening qo‘lingda bo‘ladi.
Ko‘k tugmachani bossang — pultning mana bu kichkinagina teshikchasidan ko‘kimtir «linza» nuri chiqa boshlaydi. Nur jilosini kimga qarab yo‘naltirsang, o‘shani bu nur kuydiradi va u narigi dunyoga safar qiladi. Qalay?
Uorren bir nuqtaga tikilganicha o‘ylanib o‘tirardi.
— Nega xayol surib qolding?
— Do‘stim, meni kechirasan-u, lekin bu qadar dahshatli qurolni yasashingdan asl maqsading nima, ochig‘i, tushuna olmadim. Odamlarni zaharlash, o‘ldirish, qiynash, ongini o‘zingga tobe qilib olish… senga nima uchun kerak?! Dahshat-ku bu!
— Bekorga meni ayblayapsan, Uorren, — dedi Genri ranjigan bo‘lib. — Bu qurolni faqatgina yovuz niyatli, qabih odamlarga qarshi ishlatamiz. Yer yuzini yomon odamlardan tozalash kerak! Butunlay! — Genri qizishib ketdi. — Ular, axir sodda, sofdil yaxshi odamlarning oyog‘idan chalish payida bo‘lishadi, kezi kelganda, qiynashadi, xo‘rlashadi. Xo‘sh, bizlar tokaygacha ular bilan olishib, umrimizni qisqartiramiz? O‘zi shundoq ham odamzotning umri qisqa, shunga qaramay besh kunlik dunyoda ham janjallashib, tortishib, qiynalib yashaymiz! Oqibatda, asablarimiz ishdan chiqadi, so‘ng — yurak xuruji, yurak o‘ynog‘i, yana bir balo dard! Agar asabni saqlay olsak, yuz yillab yashagan bo‘larkanmiz, yuz yillab-a! Mashoyixlar shunday deyishgan.
— Xo‘p, gaping to‘g‘ri, e’tirozim yo‘q ham, deb hisoblaylik, lekin sen birdaniga yer yuzidagi yomon odamlarni qirib tashlamassan?
— Qirib emas, faoliyatidan mahrum qilaman! Bu ishni kimdir qilishi kerak-ku! O‘sha odam men bo‘laman!
— O‘h-ho‘-o‘!..
— O‘h-ho‘lama. Sen aytganchalik, birdaniga barcha yovuzliklarni batamom tugata olmasman, lekin hamma narsa ham asta-sekinlik bilan amalga oshadi. Noumid shayton…
— Ehtimol.
— Mana, misol uchun. Kelvin Erikni olaylik. Mirshabboshi bo‘laturib, yordam so‘rab kelgan kishilardan katta pora undiradi. O‘zi so‘ramasa ham, malaylaridan ayttirib yuboradi. Ko‘chadan tutib kelingan fohishalar bilan o‘zi aysh qiladi. U ham mayliku-ya, qizlarni badnom etadi.
Sevib, ardoqlab kelgan Luizamni ham o‘sha bulg‘adi!.. Puli ko‘p-da, o‘sha mo‘may poralar quturtirgan uni! — Genri boshini ikki kaftining orasiga olib, ko‘zlarini yumgancha uzoq jim qoldi. Uning qo‘llari bilinar-bilinmas titrashidan juda ham asabiylashayotgani yaqqol sezilardi. — Men endi hammasini bilaman… Luizamning o‘zi zahar ichayotib… zor-zor yig‘lab yozib yuborgan. O‘sha Kelvin Erik degan yaramas shaxs — mafiyaning boshlig‘i ekan. O‘z yugurdaklariga ko‘cha, xoli joyda birorta qizning yolg‘iz yurganini ko‘rsanglar, shartta moshinaga bosib, huzurimga olib kelaveringlar, der ekan. O‘sha sho‘rlik qizning burniga uxlatuvchi dori bilan ho‘llangan dastro‘molni tutishib, uxlatib qo‘yisharkan. Keyin o‘zlarining xosxonalariga olib kirib, qizni yechintirisharkan! So‘ng nimalar qilishar ekan degin?..
— Nomusiga tegishsa kerak.
— To‘g‘ri, ammo ular faqat shugina bilan kifoyalanib qolishmas ekan. Videotasvirga tushirisharkan, rasmga olisharkan…
Qiz o‘ziga kelganida, bizning aytgan hamma shartlarimizga ko‘nasan, seni rozi qilamiz, bo‘lmasa, mana bu video lavhalarni videobarlarda qo‘ydirtiramiz, rasvoyingni chiqaramiz… Rasmlaringni bo‘lsa, qanday holatda tushgan bo‘lsang, shundayligicha qarta qildirtirib sottiramiz, bekorga sharmanda bo‘lasan, deb po‘pisa qilgancha, qizning yuragini olib qo‘yisharkan. Qiz sho‘rlik nima qiladi? Xo‘sh, seningcha nima qiladi?!
— Qo‘rqqanidan rozi bo‘lar.
— Agar u qiz iffatli, oriyatli bo‘lsa-chi?! Mening Luizamday…
— Nega endi darrov o‘lim?.. Yuqori tashkilotlarga arz qilib borsa bo‘ladi-ku.
— Unda o‘sha qizni videobarlar, qartalar orqali «mashhur» qilishadi.
— O‘zini o‘ldirgandan keyin-chi? Qayoqdan biladi videoda ko‘rsatishayaptimi-yo‘qmi? O‘lganidan keyin uning rasmlarini «mashhur» qilmasliklariga kim kafolat beradi? Undan ko‘ra, o‘lmasidan oldin, ularning sharmandasini chiqazish kerak, keyin marhamat, o‘zini poyezd tagiga tashlaydimi, tomirini kesadimi, bu uning ishi. Biroq avval ularning rasvosini chiqazish kerak, toki hamma ularning qanaqa ekanliklaridan ogoh bo‘lishsin!
— Qozikalonning o‘zi xotiningning xushtori bo‘lsa, arzu-dodingni kimga aytasan, degan ekan bir bechora. Foydasi yo‘q, tushunsang-chi… Mirshabboshining o‘zi unaqa ishlarni qilib turganidan keyin… Buning ustiga, qonun-qoidani suv qilib ichib yuborgan, kerak bo‘lsa, qizning o‘zini tuhmatchiga yoki fohishaga chiqazib qo‘yish uning uchun hech gap emas… Yana qamatib yuborishi, telbaga chiqazib, jinnixonaga yuborishi mumkin. U yerda rostakamiga jinni qilib qo‘yadigan dorini emlashadi. Kelvin Erikning buyruqlari, mo‘may pora uzatganlarning evaziga. Eh-he-e, yo‘li ko‘p. Bitta ishoraning o‘zi hamma narsani hal qiladi…
Endi munozaraga hozircha chek qo‘yib turaylik-da, asosiy ishga o‘taylik. Komissar Kelvin Erik ishdan chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri xushtori Samantaning qoshiga boradi, — dedi Genri intiqom tuyg‘usidan entikib. — Har payshanba bu odatini kanda qilmaydi. Men Kvanspentim orqali uning barcha xatti-harakatlarini har kuni kuzatayapman.
Genri boshqaruv pultidagi tugmachalarni bosa boshladi va bir ozdan so‘ng ekran tiniqlashib, unda Kelvin ko‘rindi.
Uorren bilan Genri Kelvin ishxonasidan chiqib, xushtorinikiga yo‘l olishini sabrsizlik bilan kuta boshlashdi… nihoyat, Kelvin nimagadir fuqaro po‘rimida idoradan chiqib, moshinasiga o‘tirdi va «Sietl» mehmonxonasining qarshisiga kelib, moshinasini to‘xtatdi.
— Hozir u yer osti yo‘lagidan o‘tayotgan chog‘ida mana bu tugmachani bosib, yonimizga kelishga majbur qilamiz.
Chindan ham Genri uzatgan fikriy to‘lqin ta’sirida Kelvin mehmonxonaning qarshi tarafidan chiqib, g‘ira-shira yorug‘likda hech adashmasdan, Genrining uyi tomon kela boshladi.
Genri darvozani lang ochib, komissarni tavoze bilan kutib oldi.
— Ie-iye, xush kelibsiz, Assalomu alaykum! Xush ko‘rdik, qaysi shamol uchirdi? Uorren, nega ta’zim qilmayapsan? Ta’zim qil, hoziroq, axir, bilasanmi, qarshingda kim turibdi. Mirshablar komissari-ya! Kulbai vayronamizga qadam ranjida qilganingizdan boshimiz ko‘kka yetdi, bu biz uchun saodat…
— Ukalar, men qayerdaman o‘zi? — Komissar uyqusidan endigina uyg‘ongan odamni eslatardi. U ajablangancha Uorren bilan Genriga tikildi, ammo ularni biror yerda ko‘rganini eslay olmadi. — Qayerga kelib qoldim? — bu yerda qay tariqa paydo bo‘lib qolganiga hamon aqli bovar qilmayotgan komissar savolini takrorladi: — Ukalar, men qayerdaman o‘zi?
— Katta xolangizning uyidasiz! — Genri asabiy kuldi. — Samanta xonimning uyidasiz Ha-ha, Samanta xonimning!..
Komissar Genriga xo‘mrayib, o‘shqirdi:
— Nimalar deb aljirayapsiz? Qanaqa Samanta xonim haqida gapirayapsiz o‘zi?
Genri komissarga qarab, yomon o‘qraydi. So‘ngra zaharxandalik bilan miyig‘ida kuldi:
— Hali sen ablah, tonasan hammi? To‘ng‘iz! — Genri pultdagi kulrang tugmachani bosib, komissarning betiga boplab tupurdi.
G‘azabdan betiga qon tepchigan komissar tupukni artaman, deb kaftini yuziga olib bormoqchi bo‘lgandi, lekin qo‘lini qimirlatishga majoli yetmadi va alamidan ingrab yubordi.
— Ha, qo‘l-oyog‘ing ishlamay qoldimi? Avval kallang ishlamasdi, endi navbat qo‘l-oyog‘ingga kelibdi-da, — dedi Genri kibr ila. — Sen bilan qachondan beri uchrashishni orzu qilib yurgandim, mana, nihoyat uchrashdik ham. Sen razil qanchadan-qancha odamlarning hayotiga zomin bo‘lding… — komissar nimalardir deb g‘udrana boshlagan edi, Genri battar tutaqib ketdi: — Jim bo‘l, ko‘ppak! G‘ingshimay tur! Qancha oilaning boshiga yetding, ne-ne qizlarni yo‘ldan urding…
— Axir…
— Gapimni bo‘lmay, eshit! Farzanding tengi qizlarning nomusini toptashga uyalmadingmi? Bu hamma-hamma qilmishlaring uchun javob berasan! Endi gapir!
— Tuhmat qilishga uyalmaysizmi, uka? — dedi komissar zaif ovozda. Chunki Genri kulrang tugmachani bosgani uchun uning tovushi sekin chiqayotgandi. — Nahotki, men — mirshablar komissari shunaqangi g‘ayriqonuniy ishlar bilan shug‘ullansam?! Bu bo‘htonlarni sizga kim o‘rgatdi, ukajon? Balki meni ko‘rolmaydiganlar…
— Luiza.
Komissar xushtorining uyiga soqchilari bilan bormaganiga o‘kindi.
– Soqchilaring bilan birga borganingda ham foyda qilmasdi, — dedi Genri. — Fikrimni qanday o‘qiyapti ekan, deb ajablanayapsan-a, shundaymi? Anovingga bir qara.
Kvaspentda komissarning pinhon o‘ylari yozilgandi…
Komissar darrov qaltis vaziyatga moslashishga, hech narsa haqida o‘ylamaslikka, o‘zini dovdirlikka solishga urindi.
— Bu gaplarning menga daxli yo‘q… Men xalqimizning posboniman. Fahsh ishlar bilan umrimda shug‘ullangan emasman. Aksincha, fohishalarga qarshi kurashganman, yig‘latganman…
— To‘shakda! Shundaymi? Unda, marhamat qilib ayting-chi, hozir nima uchun mehmonxonaga borgan edingiz?
— Xizmat vajidan, albatta.
Genri kvanspentni ishga soldi: ekranda shinamgina xona va bir chiroyli juvon ko‘rindi.
— Taniyapsanmi Samantangni?
— Kim bu? — talmovsiradi komissar. — Birinchi marta ko‘rib turishim. Bu chiroyli qiz kim ekan o‘zi, sizlarga tegishlimi?
— Hozir bilamiz-da.
Genri tugmachalardan birini bosdi. Kvanspentda komissarning gologrammasi aks etdi. Genri golografik tasvirni o‘sha ayol turgan xonada paydo qildi.
— Voy, Kelvi-i-n! Qachon keldiyiz? — Ayol quvonib, chapak chalib yubordi. — Hozir-hozir. Qahva tayyorlayotgandim, qo‘limni yuvib kelay, jonginam…
Ayol narigi xonaga chiqqan edi hamki, Genri tugmachani bosib, gologrammani yo‘qotdi…
Genri komissarga nafrat bilan tikildi.
— Endi nima deysan? — dedi tishlarini g‘ijirlatgan ko‘yi. — Isbot qil, deding, isbotladim! Yoki yana biror dalil kerakmi? Nega indamaysan?.. Ha-a, bahona izlayapsanmi? Gapir!
— Gapirmayman!— komissar ham qaysarlikka o‘tdi.
— Gapirtiraman, kerak bo‘lsa, it bo‘lib akillaysan!
— O‘zingni bosib olgin, og‘ayni, — dedi Uorren Genrini tinchlantirishga harakat qilib. — Qo‘y, o‘zing aytarding-ku, asabni avaylash kerak, deb. Qo‘ni-qo‘shnilar eshitsa, nima deydi?
— Eshitsin! — Genrining jazavasi tutdi. — Butun dunyo eshitsin, bilsin! — Genri qizil tugmachani bosib, komissarga «it bo‘lib vovulla!» deb buyruq berdi. Komissar irillab, akillaganicha hura boshladi.
— Ha-ha-ha! Endi bir raqsga tushib ber-chi!
Komissar tarvuzday qornini selkillatganicha muqom qilib, yarashmagan bir alfozda o‘ynab ketdi. Genri bundan zavqlanib, mazax qilishda davom etdi: — Ha, chaqqon-chaqqon! Ha, ota o‘g‘il. Bo‘sh kelma! Mana bu boshqa gap… endi to‘xta.
Jiqqa terga botgan komissar hansirab-pishillardi.
— Qalay, senga saboq bo‘layaptimi? — Genri yana kulrang tugmachani bosib, komissarning qo‘l-oyog‘ini qimirlatmaydigan qilib qo‘ydi.
— Ukalar, jon ukalar, mendan nima istaysizlar o‘zi? Pul kerakmi? Qancha kerak… faqat bu qiynoq, xo‘rliklarni bas qilinglar, yetar. Meni tinch qo‘yinglar, Xudo haqqi, pulim ko‘p, — dedi komissar hiqillab. — Istagancha olinglar…
— Poradan orttirgan boyligingni menga tuhfa qilmoqchimisan? Tashakkur! Uorren, mingtalik puling bormi?
— Bor, — Uorren cho‘ntagini kovlab, pullarining orasidan bitta g‘ijimlangan mingtalikni ajratib oldi. — Mana.
Kvanspentda ming so‘mlik pul namoyon bo‘ldi va bir ozdan so‘ng ming so‘mlik pullar kvanspentdan birin-ketin chiqib, ularning oyoqlari ostiga sochila boshladi.
— Mana senga pul, — dedi Genri. So‘ng Uorrenga yuzlandi. — Uorren, hozir qarshimizda turgan hurmatsiz komissarning qizini bu yerda paydo qilaman. Bir aysh qil!..
Genri kvanspent tugmachasini bosganda, komissarning uyidagi xonalardan biri ko‘rindi: komissarning o‘n to‘qqiz yashar qizi Izabella uxlab yotardi. Genri yana tugmachalardan birini bosuvdi, Izabella o‘rnidan turdi-da, kvanspentdan chiqib kelib, uyqusiragan ko‘yi bu yerda paydo bo‘ldi.
— Uorren, qani bo‘l, boshla…
— Vahshiylar!!! — dedi komissar titrab-qaqshab. — Dod! Ablahlar!!! Tegma, qamatib… ey, insofsizlar!
Komissarning ovozi hamon g‘oyat past chiqardi.
— Ie, komissarda insof paydo bo‘lib qolibdimi? — dedi Genri kinoya ila. — Qachondan beri? Ishqilib, biz insofsizlarni qamatib qo‘ymaysizmi? Endi, yigitchilik-da! Siz Samantaxonimga o‘xshagan dilbar qizlarni xushnud qilasiz, bizga Sizning qizingiz ham bo‘laveradi. Uorren, boshla! Hurmatsiz komissarning qanday holga tushishini o‘z ko‘zim bilan bir miriqib tomosha qilay. — Genri behayolarcha kula boshladi.
— Qani bo‘l, imillama! Bo‘la qolsang-chi, ayab o‘tirma! Ko‘ylagini yechmay, ikkiga ayirib qo‘yaqol.
Uorren boshini quyi solgancha, «miq» etmay turaverdi.
— Senga aytayapman, Do‘stim. Ko‘p kuttirma, iltimos!
— Bu ish qo‘limdan kelmaydi, — dedi Uorren pichirlab. — Axir, qizda nima gunoh? Farzand otasi uchun javob bermaydi-ku!
— Shuni bilki, ilonning bolasi ilon, chayonning bolasi chayon bo‘ladi!.. Bo‘pti bo‘lmasa, o‘zim eplashtiraman.
Genri pultdagi oq tugmachani bosdi.
— Ana, bo‘ldi. Endi, hech narsani sezmay, maza qilib uyquni uraveradi, biz bu yoqdan maza qilib-a?..
Joyidan qo‘zg‘olishu baqirib, odamlarni yordamga chaqirishdan mahrum komissarning ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday kattardi. Uorren yugurib borib, osuda pishillab uxlayotgan qizga yaqinlashayotgan Genrini yelkasidan itarib yubordi:
— Qoch! Bas qil!
— Yaqinlashma menga! — dedi g‘azab bilan Genri. — Bo‘lmasa, seni ham vaqtincha qo‘l-oyog‘ingni shol qilib qo‘yaman!
— Qo‘y, do‘stim, shu qizchaga tegma, bu niyatingdan qayt! Kel, qo‘y!
— Men komissarga o‘zining usuli bo‘yicha bir saboq bermoqchiman! Bechora qizlarning ham ota-onalari, sevgililari, aka-ukalari borligini, ular ham kimningdir suyukli yori, sevikli qizi, singlisi, opasi bo‘lishganini bilib qo‘ysin!
— Agar shu gaplaringga o‘zing amal qiladigan bo‘lsang, bu qizcha ham sening singling, axir! Teginma shu qizga, iltimos!
— Yaxshi, — Genrining labida nim istehzo paydo bo‘ldi. — Demak, men unga yaqin yo‘lamasam bo‘ldi-a? Boshqa shartlari yo‘qmi?
— Yo‘q!
— Yaxshi… unda hozir komissarning qizi oldimga o‘zi kelib, o‘zi menga yopishib oladi, qarab tur.
Genri pult orqali qizga fikriy to‘lqin yuborgandi, qiz o‘rnidan turib, Genri tomonga quchog‘ini keng ochib kela boshladi. Do‘stining muddaosini anglagan Uorren unga yopishdi. Genri jon holatda Uorrenni itarib yuborgandi, qo‘lidagi boshqaruv pulti ham yerga uchib tushdi. Zarb bilan tushgani uchunmi, pultning ba’zi tugmachalari bosilib ketdi. Natijada komissarning qo‘l-oyog‘iga jon kirdi. Uorren bilan Genri to‘shamada dumalashib, bir-biri bilan olishayotganini ko‘rgan komissar, bora-sola pultni qo‘liga oldi-yu, tugmachalarni shoshib-pishib birin-ketin bosavergandi, birdaniga qizi havoga singib ketgandek g‘oyib bo‘ldi-qoldi.
— Ahmoq, bu komissarning haqiqiy qizi emas, gologrammasi-ku! — qichqirdi Genri Uorrenning temirday changalidan qutilishga urinarkan. — Haqiqiysi uyida uxlab…
Xuddi shu lahzada komissar ketma-ket bosayotgan tugmachalar o‘z ishini qilib ulgurdi. — Genri bilan Uorren olishayotgan hollaricha haykalday qotib qolishdi.
— Hozir senlarni ham akillataman, cho‘chqa qilib, hurillataman, eshak qilib hangrataman! — komissar jon-jahdi bilan tugmachalarni bosishda davom etardi. Ko‘k tugmacha ham nogahon bosilib ketdi-yu, pultdan chiqqan nur kvanspent oynasiga urildi va kuchli portlash yuz berdi. Uy ichi gurillab yona boshladi. Qo‘rqib ketgan komissar qo‘lini kuydirguday qizib ketgan pultni uloqtirib yubordi. Qo‘ni-qo‘shnilarning baqir-chaqiri, chop-chopi eshitildi. Kim telefonga yugurgan, kim paqirda suv tashigan, kim uyidagi buyumlarni ko‘chaga tashishga tushgan.
Mana shu taloto‘pda komissar pusibgina uydan eson-omon chiqib oldi-da, engil-boshini qoqib, mehmonxonaga — Samanta xonimning huzuriga yo‘l oldi…
Uy ichida esa ikki yigit — ikki tirik haykal gurillab yonardi…
“Sirli olam” jurnali. 1991 yil