Galatepada G‘uchchi chol quturarmish, degan gap oralab qoldi. Hammaning og‘zida shu: G‘uchchini besar it qopganmish, G‘uchchi quturarmish.
Jami ulus gapirganicha bor edi, negakim, Galatepa Galatepa bo‘lib birorta odam zoti quturmagan. Qishloq sho‘rosining keksa kotibi Qosimov domla bayram kunlarida, kolxozning yillik hisobot yig‘inlarida quturgan odamlar haqida gapirgani rost, lekin u sanagan odamlarning bittasini ham quturgan it qopmagan, ularning ko‘pi bosmachi, boy va yana bir balo bo‘lib o‘tgan yot unsurlar, keyin, Qosimov domlaning o‘zi, avomroq kishilar chalkash tushunmasin uchun: «Men buni ramziy ma’noda gapiryapman, o‘rtoqlar!», deb aytadi.
Abduvohid Odam ikkinchi xotini ham ketib qolganida rosa bir hafta bag‘rini zaxga berib yotuvdi. Uydan ko‘chaga chiqmagan, yemagan, ichmagan, gapirsang gapirmagan — misoli karaxt ilonday bo‘lib yotgan. Uniyam dastlab quturibdi-da, deb o‘ylashgan. Yaqinroq bir qarindoshi (otini aytishmaydi), rosti bilan quturgan bo‘lsa, ko‘p azob chekib o‘tirmasin, degan chog‘i boyaqishning ustida elak tutib, bir chelak suv elagan ekan, lekin Abduvohid Odamga hech korihol bo‘lmagan, qaytaga, sovuq suvdan tani junjikib, o‘rnidan sapchib turgan. Turayotgan mahali tirsagi ilkisroq tegib ketgan ekanmi, Abduvohid Odamning o‘rniga haligi jonachir qarindoshining o‘zi yiqilib tushgan. Uniyam betiga suv sepib hushiga keltirishgan. Keyin bir gal Sattorchaning quturgan itining ustidan ham shu taxlit suv elashgan. Lekin it o‘rnidan qaytib turmagan. Sattorchaning o‘zi itim quturgan ekan, ustidan suv elovdik, tinchgina yotib o‘lib qoldi, deb rosa ikki yil gapirib yurdi.
Xullas, Galatepada quturgan odamlar haqida uncha-muncha gap bo‘lgani bilan, ularni hech kim o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan. Quturgan itlarni ko‘rishgan, quturgan xo‘tiklarni ko‘rishgan. Manzar polvonniig sariq novvoschasi quturgan edi — uni ko‘rishgan. Manzar polvon novvoschani halollab qolishga ulgurdi, lekin bozorga olib chiqmadi, insof qildi, yerga ko‘mib qo‘ya qoldi. Keyin bir vaqtlar Galatepada mast nortuyalar ham bo‘lardi. Nortuyalar quturmagan bo‘lsayam, quturgandan kam emasdi. Qirq birinchi yil ekan, Jonuzoq arab Galatepaga ko‘chib kelib, o‘ttizta tuyasi bilan kolxozning pillasini Kattaqo‘rg‘onga tashigan. Galatepa asli o‘troq saroylardan emasmi, karvon qishloqni oralab o‘tganida ismi jon bor — hammasi ko‘chaga tomosha qilgani chiqardi. Karvonning boshida bo‘yniga qo‘ng‘iroq taqqan maydaqadam bir eshak yurguvchi edi, uning ortida — bosh tuya, ustida Jonuzoq yeru ko‘kka ishonmaydigan chuvakkina arab xotin bilan, keyin yana yigirma to‘qqiz tuya, barisi yukli, barisi zo‘r, har yonda uch-to‘rttadan bo‘taloq, p
ishqirib, atrofga og‘zidan ko‘piklar sochib, oyoq ostidagi zaminning changini naq samoga ko‘tarib… bu g‘aroyib tomosha uzoqdagi Kattaqo‘rg‘on tarafga yo‘l tortguvchi edi. Jonuzoq arabning o‘zi, ostida oq bo‘z oti, o‘ychan, qiyaga qo‘ngan qirg‘iyday tik, karvon yonida ketardi. Jonuzoqning eshagi ko‘p karvonchi eshak edi. Galatepadan chiqquncha karvonni sal sekin, maromida tortardi, keyin, qishloqning sarhadidan o‘tib, eshakkinaning o‘zi qadamini ildamroq bosardi, uning ortidan karvon ham, cho‘lning yolg‘izoyoq zarang yo‘liga marjonday tizilib olib, yurimini tezlatardi. Ko‘rmagan odamning tushunishi qiyin: bir yoqda qo‘ng‘iroqlar jiringlaydi, bir yoqda tuyalarning o‘rkachi chayqaladi, bir yoqda Jonuzoqning qoragina xotini, dunyo bilan ishi yo‘q, sekin mudraydi… E, ko‘p qiziq tomosha edi! Qishloqdan chiqib bo‘lgach, Jonuzoq karvondan sal orqaroqda qolardi, orqada qolardi-yu, olisdagi qirlarga qarab yakkayu yagona ashulasini boshlardi:
Ey sorbon, ohista ron, ki oromijonam meravad,
On dil ki bo xud doshtam, bo dilistonam meravad…
Shu qo‘shig‘ini aytganda, Jonuzoq arab ko‘p g‘am tortguvchi edi. Tarziga qarab turib, bechora arab, garchi forsida qo‘shiq aytsayam, o‘zining arabiy sahrosini, atrofini xurmo o‘ragan vohalarini kog‘inibdi-da, deb o‘ylarding. Lekin shuncha arabiy ma’yusligi bo‘lsa ham, Jonuzoq birorta arabcha so‘zni bilmasdi. Gapirganda o‘zbekchaga tojikchani aralashtiribroq gapirardi.
Galatepada u haqida har hil gaplar yurardi. Birovlar uni urushdan qochib yuribdi, deb ham o‘ylagan. Lekin Jonuzoq qo‘li-ko‘ngli ochiq, ko‘p yaxshi arab edi. Keyin o‘ttizta tuyasining sharofatidan kolxozga nafi tegardi. Shu sabab hech kim sen urushdan qochib yuribsan-ku, deb yuziga solmagan. Boshqa joyga ham xabar qilishmagan. Sho‘roning kotibi Qosimov domla, xabarkashroq odamlarga: Jonuzoqning aft-basharasiga durustroq qaranglar, bu bir yurgan boshi ochiq arab, turgan-bitgani mo‘y, shuncha mo‘yi bor odamning dum-pumi bo‘lsayam ajabmas. Agar uni askarlikka olsa, keyin bu palakat Xudo urib girmonga asir tushsa, ular muning dumini ko‘rsa, padarla’nati bir enlik dumining dastidan butun boshli qizil qo‘shinni beobro‘ qiladi-da, deb aytgan. Qosimovga hamma ishongan. Ishonmaslik gunoh edi. Negaki, Qosimov domla ko‘p rostgo‘y, farishtali odam bo‘lib, umrimda bor-yo‘g‘i uch marta, undayam uqubatli amir zamonasida yolg‘on gapirganman, deb naql qilguvchi edi.
Lekin biz salgina «o‘tlab» ketdik. Maqsadimiz sari — o‘sha tuyalarning o‘ziga qaytamiz. Ular ko‘klam chiqishi bilan g‘irt mast bo‘lib qolardi. Bir xillari borki, ko‘chaga g‘ov bo‘lib olib, odam o‘tkazmasdi. Jonuzoq arab Galatepada olti yil yashagan bo‘lsa, olti bor ko‘klamda Jomning cho‘liga ko‘chib, o‘sha yoqda tuyalarning masti tarqashini kutgan.
G‘uchchi cholni it qopganidan keyin galatepaliklar Barot Qiyshiqning choyxonasiga yig‘ilib, allamahalgacha Jonuzoq arabning tuyalaridan gap-gashtak qilib o‘tirishdi. Rahmatli Salim chinoqni eslashdi. Jonuzoqning nortuyasi chap qulog‘ini uzib oluvdi, bechora Salim shu bitta quloqsiz o‘lib ketdi-ya, deb eslashdi. Keyin gap quturgan xo‘tiklarga, ulardan sekin-sekin quturgan itlarga o‘tdi. Lekin G‘uchchi cholga yetmadi, shart uzilib qoldi. Endi hammaning o‘yi G‘uchchi cholda edi. Faqat birovi gapirgani ham jur’at qilmadi. Nihoyat, mulla Sunnatning o‘g‘li Nazar Maxsum chidab turolmadi, ko‘nglidagini aytdi: «Tamom!—dedi u.— Endi G‘uchchining bolasi zanjir izlasin!..»
Shu gapni yetkazishganda G‘uchchi chol avval beg‘arazgina kuldi, keyin jiddiy tortdi, Nazar Maxsumni «yag‘ir xo‘tikcha», deb atadi, keyin yana bir marta, bu gal sal og‘rinibroq kuldi.
Nazar Maxsumning bashoratidan keyin odamlar G‘uchchi cholning uyiga serqatnov bo‘lib qolishdi. Kimsa borki, kelib, undan hol so‘raydi. Shundan G‘uchchi chol sal sergak tortdi. Avval u itning qopganini o‘ziga o‘y qilib o‘tirmagan edi: endi bu bir it, it bo‘lgandan keyin itligini qiladi, huradi, qopadi… Yarasi ham arzimas edi, bitib ketar, dedi-yu, do‘xtirga ham bormadi. Endi qarasa, yo‘q, hech bo‘lmaydigan, hamma uni ko‘rgali kelyapti, keladi-yu, biror sinoati bormikin, rostdan ham quturganmikin, deb ko‘zlaringga qarab turadi. Ular gap so‘raydi, sen bo‘lsang, xuddi aybdorday, tiling kalimaga kelmaydi, go‘yo seni rostdan quturgan it qopgan-u, lekin sen nomardlik qilib shuncha kelgan musulmonni aldab o‘tiribsan! E, munaqada quturgan it qopmasayam quturib ketasan!..
G‘uchchi chol oshnasi Ibodullo Maxsumga gap soldi; «Siz yonimda o‘tirsangiz, Maxsum,— dedi u.— Siz bo‘lsangiz, kelgan birov menga oshirib gapirolmaydi…» Ibodulla Maxsumning tomorqada oz-moz ishlari bor edi, lekin jo‘rasining sazasini o‘ldirolmadi. Xotini bilan andak g‘ijillashib olgach, G‘uchchi cholning uyiga jo‘nadi.
Mana, to‘rt kundirki, do‘stining uyida kunni kech qiladi. U kelgandan keyin mehmonlar ham juda ozayib qoldi. Kelgani ham itdan emas, boshqa chet-chaqadagi narsalardan gapiradi. Birovlari mutlaqo gapirmaydi, tiliga tushov tushib, Ibodulla Maxsumning rivoyatlarini eshitadi, keyin hech gap-so‘zsiz, ko‘ngillari qisir bo‘lib qaytib ketadi.
Payshanba kuni odamlarning qadami uzildi. Kechgacha behuda mehmon kutdilar, keyin, shom mahali, Ibodullo Maxsum aytdi: «Mening mehmonligim cho‘zilib ketdiyov, aka?» G‘uchchi chol yurak oldirib qo‘ygan ekan, ko‘nmadi: «Yana ikki kun mehmon bo‘p keting, Maxsum», deb yalindi. Ibodullo Maxsum o‘ylab qarasa, oshnasi haq, hozircha hol so‘rab kelganlarning hammasi qiziqqanidai kelgan, qasd qilganidan emas. G‘uchchi quturganmish degan mish-mishni eshitganu ichiga sig‘dirib o‘tirolmagan. Ibodullo Maxsum bu gapni kim tarqatganini bilolmay garang edi. Uzunquloq gap kimningdir og‘zidan chiqqandirki, ulusning orasiga tushibdi? Tarqatgan odam bo‘lmasa mish-mishni Xudo tarqatadimi? Yo‘q, u hali keladi. Kelmasdan, G‘uchchi cholning ahvoliga maza qilib tomosha qilmoqdan boshqa iloji yo‘q — ichi qarolarning taomili shu.
Ibodullo Maxsum kutgan odam shanba kuni choshgohda keldi. Bu zamon ikki oshna bog‘ning to‘ridagi chorpoyada qiroat qilib o‘tirardi. G‘uchchi chol kelgan odamni sezmadi, lekin Ibodullo Maxsum sergakroq edi, darchaning ochilganini eshitdiyu o‘qiyotgan kitobidan boshini ko‘tardi. «Keldi, aka,— deb shivirladi u.— Kelarini biluvdim, aka». G‘uchchi chol darcha tarafga qaradi, qaradiyu To‘raboyni ko‘rdi. «Ketmang, Maxsum,— dedi u oshnasiga.— Bu dayus yomon, menga zo‘rlik qiladi…»
Darchadan kirgan odam, ya’nikim To‘raboy jussasi kichik, dumaloqqina bir odam edi. Yuzi qora, soqoli oppoq, soqoli oqligidan yuzi battar qora bo‘lib tuyuladi. Mulla Doniyorning aytishicha, bu odamning ichidagi qorasi yuziga tepgan ekan. Keyin u ikki dunyodan ham umidini uzgan bir do‘zaxi ekan, oxirati yo‘qligini o‘zi ham bilarkan, shu barobar, musharrafi jannat musulmon bandalarning ko‘zlariga o‘zgacha bir qabohat bilan, ya’nikim, ilon avrash qilib tikilarkan… Qabohati bormi, yo‘qmi va magar bo‘lsa, nechog‘lik va ne turfa, bunisini Xudo biladi, lekin To‘raboy tikilishning hadisini olgan — ixlos bilan tikilsa, o‘tirgan joyingga mixlab qo‘yganday bo‘ladi. O‘ziyam qarashining zo‘rligini biladi, chini bilan tikilsam, toshni yoraman, deb o‘ylaydi.
Xullas, shanba kuni choshgohda To‘raboy keldi. G‘uchchi chol bilan Ibodullo Maxsum uning istiqboliga chiqmadi. Uchovi ham iyaklarini silkitib, soqolsalom qilgan bo‘lishdi. To‘raboy xashaki olmalar ostidan yo‘lchadan mayda qadam bosib keldi. Chorpoya yonida turgan oftobadan suv quyib, belbog‘iga artindp. Peshvozning sovuqligidan ko‘ngli lat yedi, lekin sezdirmadi, qaytaga o‘ziga o‘zi suv quya turib jilmaygan bo‘ldi. Keyin qo‘l artgan qiyiqchasini chap yelkaga tashlab, chorpoyaga chiqdi. Ibodullo Maxsum andek surilib, bo‘shatgan joyda chordona qurib, yuziga fotiha tortdi-da, biqiniga bolish oldi… Bir muddat jim o‘tirishdi. Keyin G‘uchchi chol sekin gap ochdi:
— Keling, To‘raboy,— dedi u sekin.
— Keldik,— dedi To‘raboy.
— Nega keldingiz?— deb so‘radi Ibodullo Maxsum.
Bu xil navozishdan so‘ng G‘uchchi chol o‘zining mezbonligini esladi. O‘ng tarafga qo‘zg‘algan bo‘lib Ibodullo Maxsumning o‘ngiridan sekin pastga bosdi. To‘raboy buni ko‘rib turdi, lekin ko‘rmaganga olish o‘ng‘ayroq edi — ko‘rmaganga oldi. Bir ko‘ngli Ibodullo Maxsumga bosibroq tikilmoqchi bo‘ldi, lekin uning ters o‘girilib o‘tirganini ko‘rib, dog‘da qoldi.
— Keldik,— dedi u sal turib.
— Hech ko‘rinmaysiz, To‘raboy?— deb so‘radi G‘uchchi chol.— Kecha bozorda ham ko‘rinmadingiz. Kasal bo‘p qoldimi, deb o‘yladik.
— Men kasal bo‘lmayman,— dedi To‘raboy.
— Sog‘ odamning hammasi bozorga boradi,— dedi G‘uchchi chol.
— Ish ko‘p,— To‘raboyning javobi muxtasar bo‘ldi.
— Ishlayapman deng?..— gapga qo‘shildi Ibodullo Maxsum.— Hech bir tinmadingiz-da, To‘raboy! Mana biz, akam bilan qiladigan ishimiz yo‘q, o‘tgan-ketgandan gaplashib o‘tiribmiz.
— O‘tgan-ketgandan gapirgan yaxshi,— dedi To‘raboy, keyin G‘uchchi cholning chopon tagiga yashirilgan qo‘liga tikilibroq qaradi.— Machitdan kelyapman. Machitda bir xil gaplar bo‘ldi.
Ibodullo Maxsum To‘raboyning quturgan itdan gap ochishi tayinligini sezdi-yu, gapni boshqa tomonga burdi:
— Machitda odamlar gaplashmaydi, To‘raboy, machitda namoz o‘qishadi.
— Yo‘lda gaplashdik,— dedi To‘raboy.— Machitda namoz o‘qidik, gapni yo‘lda gaplashdik.
— Munisi boshqa gap, — dedi Ibodullo Maxsum.— Magar gaplashgan bo‘lsangiz, yolg‘iz emas ekansiz. Yana kimlar bor edi?
— Hammasi bama’ni odamlar,— dedi To‘raboy.
— Kim ekan?— qiziqsindi Ibodullo Maxsum.
— Mulla Nishon,— dedi To‘raboy,— keyin Nazar Maxsum bor edi.
— Mulla Nishon savodsiz odam,— dedi Ibodullo Maxsum.— Haftiyakni bitirmay madrasadan qochib kelgan. Nazar Maxsum yolg‘onni ko‘p gapiradi, muning ustiga to‘ng‘iz go‘shti yegan.
— Yo‘g‘-e, u to‘ng‘iz go‘shti yemagandir, Maxsum,— G‘uchchi chol oshnasining niyatini anglamadi chog‘i, sekin e’tiroz qildi.— To‘ng‘izning go‘shti harom-ku, Maxsum!..
— Nazar Maxsum to‘ng‘iz go‘shti yegan,— o‘jarlik bilan takrorladi Ibodullo Maxsum.
To‘ra Qora yengilganini payqab talvasaga tushdi.
— Mulla Doniyor bor edi, mulla Doniyor bama’ni odam-ku!—dedi u fig‘oni chiqquday bo‘lib.
— Mulla Doniyor bama’ni odam,— dedi Ibodullo Maxsum.— Lekin u indamay o‘tirgan. Mulla Doniyor ahmoq odamlarning gapiga qo‘shilmaydi. O‘zingiz ayting, u sizga gap qo‘shdimi?
— Men gapirganim yo‘q,— dedi To‘raboy.
— Balli!—dedi Ibodullo Maxsum.— Odamlarga gap bo‘lsa bas, yo‘qdan yo‘ndirishadi. G‘uchchi akamni mo‘ltonidan adashib qolgan bir tozi andak tirnaganday bo‘luvdi, shuniyam gap qilishgan chiqar?..
— Gap qilishdi, — To‘raboyning tan olishidan o‘zga chorasi qolmagan edi.— Har kim har xil gapiradi, Maxsum. Lekin men gap qo‘shmadim.
— Ma’qul, bu ishingiz ma’qul, To‘rabey!..— Ibodullo Maxsum uni maqtab qo‘ydi.
Maqtov To‘raboyga ko‘p yoqmadi. Ichida, meni go‘dakka o‘xshatib laqillatdi, degan hayolga bordi, jahli qo‘zg‘adi. Ibodullo Maxsum uning tek qolganini ko‘rib, endi xavf o‘tdi, degandek, oshnasiga qarab iljaydi. G‘uchchi chol buni rag‘bat tushunib, yarador qo‘lini chopon chokidan chiqardi. To‘raboy uning salla yirtig‘i bilan o‘ralgan qo‘lini ko‘rdi. Ko‘zlarida bir nima yilt etganday bo‘ldi-yu, tag‘in o‘chdi. G‘uchchi chol o‘zining sal shoshganini payqadi. Lekin endi qo‘lni qaytadan yashirish foydasiz edi…
* * *
G‘uchchi chol quturmaganini ko‘rsatmoq istab, o‘zicha bama’ni gaplardan gapirmoqchi bo‘ldi. Lekin bama’ni gap deganlari hadeganda tiliga kelavermadi. Shunda u yarasi arzimasligini namoyish qilmoq bo‘lib, chap qo‘li bilan ko‘rpachaga tayandi. Qo‘li qattiq og‘ridi. Shunday og‘ridiki, manglayiga sovuq ter chiqib ketdi. To‘raboy uning ahvolidan ogoh bo‘lib, mamnun iljaydi, so‘ng, tag‘in jiddiy tortdi, kishi bilmas quvonch bilan hol so‘radi:
— Yomon tishladimi, akam? Tishiyam ancha botgandir?..
G‘uchchi chol bezovtalandi.
— Itning nasli yomon ko‘rinmovdi,— dedi G‘uchchi chol,— ayb bizning o‘zimizdan o‘tdi.
— Nima balo, siz o‘zingiz tishlagin, deb aytdingizmi?
— Yo‘q,— dedi G‘uchchi chol.— Tishlagin, deb aytganim yo‘q, lekin tishladi.
— Quturgan it gapni bilarmidi!.. G‘uchchi chol bu gapni javobsiz qoldirdi.
— It quturmagan, yaxshi it,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Bo‘lmasa, nega tishlaydi?—To‘raboy baralla kulib so‘radi.— Mana, G‘uchchi aka, qarang, qo‘lingizni boylab olibsiz. Itning qopgani rostdirki, siz qo‘lingizni boylabsiz?..
— Maxsumning sallasi…— dedi G‘uchchi chol. Ibodullo Maxsum o‘ng‘aysizlandi. G‘uchchi choldan sal norozi bo‘ldi. Uning boshiga o‘raganidan bo‘lak, uyda yana uchta sallasi bor edi. Oshnasini tozi qopgan kuni buxori sallasidan bir bo‘lak yirtib boylagan, lekin buxori sallamdan yirtib boylayapman, deb hech o‘ylamagandi.
— Gap salladami, aka?— dedi u sekingina. G‘uchchi chol indamadi. Maxsumga qarab ma’yus jilmaydi. Ko‘zlari ozgina yoshlanganday bo‘ldi. «Ko‘ngli bo‘sh odamman», deb o‘yladi u, lekin ko‘ngli bo‘shligidan uyalmadi, qaytaga ichi yorishib ketganday bo‘ldi.
— Siz ko‘p kuyunavermang, To‘raboy,— dedi Ibodullo Maxsum.— Har kim o‘z aravasini o‘zi tortadi.
— Oq qo‘yniyam, qorasiniyam o‘z oyog‘idan osishadi,— dedi To‘raboy.
— Yaxshi gap bilan ilon inidan, yomon gap bilan musulmon dinidan chiqarmish,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Ilonni yomon ko‘raman,— dedi To‘raboy.
— Men ko‘rgan yerimda boshini tosh bilan urib, yanchaman,— Ibodullo Maxsum sal qizishdi.
— Ayamang, Maxsum!.. Lekin ilon deganingiz ham xudoning yaratgan maxluqi.
— Xudo ilondan kechgan,— Ibodullo Maxsum bo‘sh kelmadi.— Shayton uning og‘zidan kirib, dumidan chiqib ketgan.
— Qayerda?— To‘raboy isbot talab qildi.— Ayting, qayerda?
— Jannatning darbozasida,— dedi Ibodullo Maxsum.— Ilon bilan tovus qorovul turgan joyda.
— Baribir ilon xudoning maxluqi,— dedi To‘raboy.
— To‘raboy, asli sovuq odamsiz-da!..— dedi G‘uchchi chol.— Ilonni himoya qilganingiz nimasi!..
G‘uchchi chol asli soddaroq odam edi, umrida birorta zarbulmasal yozmagan, zarbulmasal qilib gapirishlarini ham ko‘p anglamasdi. Bu gal u nimanidir anglaganday bo‘ldi, anglaganday bo‘ldi-ku, lekin ichiga sigdirib turolmadi. Ko‘ngliga kelganini aytdi. Aytib bo‘lgach, sal oshirib yubormadimmikin, deb o‘ylanib qoldi. Keyin, agar sal oshirgan bo‘lsam, To‘raboyni ozgina silab-siypashim kerak, degan niyatga bordi.
— Otangiz yaxshi odam edi, — dedi u bir oz turib.— Men u kishini yaxshi bilaman, bugungiday esimda turibdi…
— Sizning otangiz ham zo‘r odam edi.— To‘raboy, garchi u G‘uchchi cholning otasini ko‘rmagan ersa-da, tantilik qildi.— U kishini zo‘r sakboz deyishardi.
— Xudo bir uloqni yaratmish, unga atab bir tup shuvoqni,— dedi Ibodullo Maxsum.
G‘uchchi chol oshnasi o‘zini uloqqa mengzaganidan og‘rinmadi, aksincha uning gaplarini ma’qullab bosh irg‘adi.
— Mening birovga ziyonim tegmagan,— dedi u.— Uyda bitta kafanligim bilan tablada bitta otim bor.
— Otingiz yugurikroq, shunisidan qo‘rqaman,— dedi To‘raboy.
— Yaxshi ot egasini ranjitmaydi,— dedi G‘uchchi chol.— Mening otim yuvvosh, ustini xuddi taxtiravon deysiz!..
— To‘raboy otni bilmaydi,— dedi Ibodullo Maxsum,— siz buyoqdan buqalarni so‘rang, bostirmasida uchtasi boylog‘liq turibdi.
— Bari bir, ehtiyot bo‘ling, G‘uchchi aka,— dedi To‘raboy.— Yiqitib ketsa chatoq bo‘ladi, qariganda suyakning bitishi qiyin…
— Go‘rga piyoda bormasman,— dedi G‘uchchi chol. Keyin u chorpoya ustida g‘oz turib, hovlining narigi burjiga ovoz berdi. Zum o‘tmay, Ergashning ikkita qizalog‘i choy keltirdi. G‘uchchi chol Ibodullo Maxsumning piyolasini o‘zi taraf olib, choynakning ikkinchisini To‘raboyning oldiga surib qo‘ydi.
— O‘zingiz bir maydalaysiz…
To‘raboy choyni qaytardi. Bir-ikki xo‘plam ichib, G‘uchchi cholga yuzlandi;
— Kampiringiz ko‘rinmaydi?
— Bizning kampir sal pastroq,— dedi G‘uchchi chol.— Bir hafta burun hovlidan chiqib ketgan. Shu, mening o‘zimga qolsa…
— Nevaralarimdan tag‘in ranjibdi-da, aka?— Ibodullo Maxsum sal chaqqonlik qildi.
— Men G‘uchchi aka bilan g‘ijillashibdimi, deb o‘ylabman,— dedi To‘raboy.
— Yo‘q, nevaralar bilan,— dedi G‘uchchi chol.— Menga gap qaytarib ko‘rsinchi!..
Aytgan yolg‘onidan o‘zi ham qizardi. Ko‘rpacha chetida yotgan sochiqni olib, bir-ikki yelpingan bo‘ldi.
— Kun sal dim keldi,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Ha, Maxsum, kun dim keldi,— G‘uchchi chol uning gapini tasdiqladi.
— Mening mijozim sovuqroq,— dedi To‘raboy.— Men dimligini sezmadim.
— Siz hali yoshsiz, To‘raboy,— dedi Ibodullo Maxsum.— Siz hali muni sezmaysiz.
To‘raboy piyolasini yerga qo‘ydi-yu G‘uchchi cholga tikildi. Unisi ikkita qarg‘ashoyi gulli piyolani yonma-yon tizib, quygali choynakni ko‘tardi, lekin shu tobda ko‘zlari To‘raboyning sinchkov nazariga duch kelib, bezovtalandi, choynak tutgan qo‘liga titroq kirdi. Choy choynakning jo‘mragidan dasturxon ustiga to‘kilaverdi.
— It quturgan emasdi,— dedi u titrab-qaqshab.— Tozi edi, biz o‘zimiz unga ozor berdik, boylab olmoqchi bo‘ldik…
— Choydan bosibroq iching, yengil tortasiz!..
— Ichaman, To‘raboy, mana, ichyapman-ku!..
G‘uchchi chol sal garangsidi. Ibodullo Maxsum o‘tirgan joyida bir-ikki g‘imirladi, lekin biron narsa demadi. To‘raboy — mehmon, uning o‘ziyam mehmon, G‘uchchi chol bo‘lsa — mezbon edi.
G‘uchchi chol oshnasining piyolasini to‘ldirishni unutib, faqat o‘ziga qo‘ydi va atay xo‘rillatib icha boshladi.
— Men choyga ko‘p o‘rganmaganman,— dedi u.— Yilqining ortidan ko‘p yurganmiz, ko‘zani suviga o‘rganib qolganmiz.
— Yilqidan gapirmang, G‘uchchi aka,— dedi To‘raboy.— Bitta toy kamomad qilgansiz.
— Yo‘q,— deb e’tiroz bildirdi G‘uchchi chol.— Men umrimda kamomad qilmaganman. Uyurim doim tus-tugal bo‘lardi.
To‘raboy aytayotgan bo‘z toyning tarixi uzun edi. Uni G‘uchchi chol Payshanbaning bozoridan sotib olgan. Odamlar uyuridan o‘maribdi-da, deb o‘ylamasligi uchun, bo‘z toyga qo‘shib, yana bitta qari baytalni ham ikki barobar qimmatiga savdo qilganu yetaklab kelavergan. So‘ng biror oylar chamasi shu yag‘ir baytalni minib guzar aylangan, guzarda duch kelgan ismi mardumga: «Yaxshi baytal, zotli, zotli-ku, lekin yoshdan qolgan, chanochqoqda quluni tablada turibdi», deb gap uqtirgan. Gapiga birov ishonmagan. Bo‘z toy o‘sha qirchang‘i baytalga o‘xshamasdi — hurkak, tolmabo‘yin bir toychoq edi…
— Xudo begunoh qulunning payini qirqqanga hech ro‘shnolik bermasin!..— dedi Ibodullo Maxsum.
Ikki oshna baravar yuzlariga fotiha tortishdi. To‘raboy ularga qo‘shilmadi, ma’yuslandi… Aslida uning gunohi ko‘p emasdi. Aksiga olib, o‘shanda yo‘ng‘ichqa ayni gulga kirgan mahali edi. Agar toychoq shu gulga kirgan yo‘ng‘ichqani payhon kilmaganida balki payi ham qirqilmagan bo‘lardi. Buning ustiga, gulga kirgan yo‘ng‘ichqa payhon qilingan kecha sutday oydin edi, agar kecha sutday oydin bo‘lmaganida, balkim, bo‘ztoyni birov ko‘rmagan ham bo‘lardi… To‘raboy keyinchalik payi kesilgan toychoqqa ko‘p achindi. Lekin bo‘lar ish bo‘lgandi; bo‘ztoy yo‘ng‘ichqani poymol qilgandi, yo‘ng‘ichqa esa, endi gulga kirgan edi, buning ustiga, kecha oydin edi, bedapoya uvatida yotgan chalg‘ining o‘tkir tig‘i ham shu oydinda o‘zgacha bir yaltirab ko‘ringan edi…
— Maxsumga balli,— dedi G‘uchchi chol.— Shu toyni odam qildi. Payini yamagani qurbi yetmadi, lekin…
— Qo‘ying, aka, — dedi Ibodullo Maxsum. — Qo‘ying, gapirmang…
— Gapiraman, dedi G‘uchchi chol.— Axir, siz uni aqalli bir marta minmagandirsiz!..
Uning gapida biror xilof joyi yo‘q edi. U o‘sha bo‘z toy toki ot bo‘lib, keyin o‘z ajali bilan ketganiga qadar biror marta ustiga egar bosmagan edi. Bo‘z toy, keyinchalik xomsemizroq (u chopmaslikdan semirib ketgandi) ot, bir umrga oqsab qoldi. Ibodullo Maxsum shu oqsoq otni yetaklab yurishni yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, To‘raboyning ko‘k temir darvozasi yonidan o‘tishni yaxshi ko‘rardi. Odamlar uning cho‘loq otga bo‘lgan mehrini ko‘p tushunmadi, birovlar hatto g‘alatiga chiqardi, savdoyi atadi…
Ibodullo Maxsum birovdan ortiqcha gumon ham qilgani yo‘q. Bor-yo‘g‘i ikki marta guzardan toy yetaklab o‘tdi, xolos. Keyin… yakshanba kuni bo‘z toyni yetaklab bozordan qaytayotgan To‘raboy bilan yonma-yon biror yuz qadamcha yurib ko‘rdi, uning rang-ro‘yiga, oyoq olishiga razm soldiyu hamma gapni payqadi. Mana, biror o‘ttiz yildirki, u bilan To‘raboyning orasida bittagina sir botin yashaydi. To‘raboy tashvishi ko‘p odam,— ba’zida haligi sirni unutib qo‘yadi, qo‘liga erk beradi, tiliga erk beradi. Lekin Ibodullo Maxsum xudolig‘ni unutmagan, insofni biladi, olijanoblik qilib, eski, unutilib ketay degan sirni qaytadan To‘raboyning esiga soladi.
— Men mudirligimda ikki tonna arpa kamomad qiluvdim,— To‘raboy birdan pastg‘a tushdi.— Munaqasi bo‘p turadi, aka…
— Bilmadim,— dedi G‘uchchi chol.— Men umrimda kamomad qilmaganman.
— Mening aybim kamomadim, sizniki shu bitta – toy…
— Balkim, meningam aybimni aytarsiz?— deb so‘radi Ibodullo Maxsum.
To‘raboy kalovlanib qoldi. Uning baxtidan bo‘lib hovli darvozasidan G‘uchchi cholning o‘g‘li Ergash kirib keldi. Chorpoyadagilar bilan uzoqdan bosh irg‘ab salomlashdi. So‘ng, astoydil tikilib, To‘raboyni tanidiyu qiziqishi ortdi. Lekin u chorpoyaga kelib ulgurmadi. Ochiq qolgan darvozadan jikkakina bir g‘unajin kirib, so‘ramay-netmay, o‘zini kampir o‘tqazgan kichkina gulzorga urdi. G‘unajinning shahdi baland edi — qo‘yib bersa, kampirning gulzorini ship-shiydam qiladigan. G‘uchchi chol avvaliga hay-haylashga chog‘landi, lekin sal turib, fikridan qaytdi. «Battar bo‘lsin!—deb o‘yladi.— Qariganda gul ekishni unga kim qo‘yibdi, chalpakka o‘rab otsang it yemaydi-ku, yana xina bilan rayxon ekkaniga o‘laymi!..»
Ergash shart ortiga qayrilib, qo‘liga tayoq oldi va yugurib kelishda g‘unajinning quymichiga kaltak soldi. Ibodullo Maxsum jonivorning kaltak yeganini ko‘rmayin deb, ko‘zini chirt yumdi. G‘uchchi chol indamadi, ichida Ergashni so‘kdi. «Sadqai mol ket!» To‘raboy bo‘lsa, chorpoyada cho‘kkalab oldi-da, Ergashga pishang bera boshladi:
— Ha, domullo, uring! Padarla’natini yaxshilab uring!.. Urib oyog‘ini sindiring, domullo! Shoxiga, shoxiga uring! Qaytib birovning tomorqasiga kirmaydigan bo‘ladi… Biqiniga, och biqiniga uring! Og‘rimaydigan joyiga uring!.. O‘roq-po‘roqdan yo‘qmi, domullo? Olib, biqiniga sanchimaysizmi, axir?! Bo‘shashmang, domullo, uring, savilni uring!..
Ergash To‘raboyning baqirig‘idan bezor bo‘ldimi yoki o‘zining ham rahmi keldimi, g‘unajinga qaytib tayoq ko‘tarmadi. Bir-ikki po‘pisayu do‘q bilan g‘unajinni darvozaga qaratib haydadi. G‘unajin darvozadan beriroqda o‘sgan bir tup semiz supurgini tomir pomiri bilan qo‘porib, ko‘chaga qochib chiqdi…
— Yaxshi g‘unajin,— dedi To‘raboy qaytib o‘tirgach.— Mamasolining g‘unajini. Sal ovchiligi bor, birov urib o‘ldirmasa, yaxshi sigir bo‘ladi.
— Qisir qolgan,— dedi Ibodullo Maxsum.— Yanagi yili yana qisir qoladi. Oyoq olishi yomon muning…
— To‘raboyda uchta buqa bor, shunga oborsa bo‘larkan,—dedi G‘uchchi chol.
— Opkeluvdi,— dedi To‘raboy.— Lekin buqaning haqini bermadi.
— Siz sigir boshiga necha puldan olasiz?— deb so‘radi Ibodullo Maxsum.
— Uch so‘mdan,— dedi To‘raboy.— Buqalarning yemishiga kerak.
— Buqa asrab savob ish qilasiz,— dedi G‘uchchi chol.
— Har kimning ko‘ngli tusagani,— dedi To‘raboy.— Mana, akam, siz ot asraysiz, men buqa asrayman.
— Akam otni ko‘ngil uchun asraydi,— dedi Ibodullo Maxsum.— Siz buqani bo‘rdoqiga asraysiz. G‘uchchi akam otini o‘zi boqadi, siz buqalarni hech boqmaysiz. Boqasiz-ku, lekin o‘zlarining topgan puli hisobiga boqasiz.
— Har kimning ta’bi,— dedi To‘raboy.— G‘uchchi akam ot asraydi, men buqa asrayman.
— Buqani minib bo‘lmaydi,— dedi Ibodullo Maxsum. U negadir shu topda To‘raboyni kamsitishni istab qolgandi.
To‘raboy bu gapga e’tiroz bildirolmadi.
— Hindular xo‘kiz minarmish…— sekin gap qo‘shdi G‘uchchi chol.
— Bari bir, ho‘kiz otday chopolmaydi,— dedi Ibodullo Maxsum, so‘ng oshnasiga ranjibroq qaradi.—Shu, aka, hindu bilan tuyaning farqi o‘zi kam, qilgan ishining hammasi teskari bo‘ladi…
* * *
G‘uchchi chol darvozani bekitib kelayotgan Ergashni ko‘rib, chorpoyadan turdi, keyin ota-bola uzoqroqqa, bog‘ning to‘ridagi xashaki olmalar tagiga o‘tishdi.
— Xo‘sh, ota?..— deb so‘radi Ergash.
U muallim edi — so‘roq so‘raganida chap qoshi xiyolgina ko‘tarilib tushardi.
G‘uchchi chol indamadi. Ergash boshqa gap so‘rashdan iymandi, ko‘zlarini chang yuqqan poyabzaliga bir muddat qadab turdi, so‘ng yerda yotgan eski boltani olib, olmaning ayrisiga qistirdi.
— Sen menga munday gapirma,— dedi G‘uchchi chol.— Hali yoshsan. Men gapirsam yarashadi… Qachon manavi olmalarni qirqib tashlaysan?!— kutilmaganda baqirdi u. Ayriga qistirilgan boltani olib, daraxt tanasiga soldi. Bolta o‘tmas edi, lekin G‘uchchi chol andog‘ urdikim, zarbning kuchidan olmaning oq-sarg‘ish tanidan bir parchasi ochilib qoldi. — Nima, boltaniyam o‘zim charxlab beraymi?
— O‘zim charxlab olaman,—dedi Ergash.
Ota-bola ozroq tumtayib turishdi. Keyin Ergash gap qotdi:
— Menga bir gapingiz bormidi, ota?
G‘uchchi chol unga o‘qrayib qaradi. O‘g‘li hozir o‘y o‘ylashga xalal berardi.
— Salomingni ayamasang bo‘ldi, bolam,— deb achitdi u.
— Mehmoningiz bor ekan…— Ergash mojaroning bemavridligini eslatishga urindi.
G‘uchchi cholga uning pisandasi hech yoqmadi.
— Hm…— dedi u.
— Charchadim, ota,— dedi Ergash.
— Charchabsan-da?—o‘smoqchiladi G‘uchchi chol.—Nima, laylak haydadingmi, o‘g‘lim?
— Kuchuk axtaladim!..— Ergash o‘zini tutib turolmadi, portlab ketdi.— Nima qilasiz tergab?
— Men seni tergadimmi hali?..— G‘uchchi chol miyig‘ida iljaydi.
— Bo‘lmasa nima?— Ergashning chap qoshi yana xiyol ko‘tarildi.
— Qoshingni kerma, — dedi G‘uchchi chol. — Nega qoshingni kerasan? Xotinga yarashadi! Erkakmisan o‘zi? Enang o‘g‘il tug‘dim deganday bo‘luvdi-ku?..
Ergash og‘rindi. Bir hayoli shart burilib ketish ham bo‘ldi, lekin chol… «Chol hafa bo‘ladi,—deb o‘yladi u.— Keyin ikki dunyodayam qutulolmaysan…»
— Baxudo,— dedi Ergash,— Baxudo, ota so‘kinmang!..
— Tojikcha gapirma,— dedi G‘uchchi chol.— Besh yil shaharda o‘qib, menga topib kelgan gaping shu bo‘ldimi?
— Ota!..— dedi Ergash.— Mening sizga tili-jag‘im tegmadi.
— Enangga o‘xshaysan,— dedi G‘uchchi chol.— Uyam tili-jag‘idan gapiradi.
— Meni tinch qo‘ying, ota, — yalindi Ergash. — Men sizga yosh bola emasman.
— Battarsan!..— dedi G‘uchchi chol.— Sen bilan gaplashib bo‘lmaydi.
— Bo‘lmasa gaplashmang!
— Oq qilaman!..— do‘q urdi G‘uchchi chol.
— Bilganingizni qiling!..
G‘uchchi chol Ergashning jahldan bo‘g‘riqqan yuziga bir muddat zavqlanib tikildi. «O‘zimga o‘xshaydi,— deb o‘yladi.— Dag‘alroq bo‘lgani ma’qul, halimday eshilib tursa, muning erkakligi qoladimi…»
— Menga ko‘p aql o‘rgatma,— dedi u.— Xohlagan paytimda hovlidan quvib solaman.
Bunisi endi lalmi do‘q edi, lekin Ergash cholning yumshaganini tushunmadi.
— Mayli, mayli,— dedi u.— Shu yerdan ketganim ma’qul. Meni sharmanda qildingiz, ota!
— Ota, dema meni!..— baqirdi G‘uchchi chol, so‘ng chorpoyada o‘tirgan mehmonlarni o‘ylab, birdan past tushdi. — Sen hali burningni terlatib non topib berganing yo‘q… Bor, bitta uloqni so‘y!..— bexosdan buyruq berdi u.— Xotiningga ayt, barini qozonga tashlasin!..
Ergash bu gapni hech kutmagan edi — angrayib turaverdi.
— Yo men o‘zim so‘yaymi?—deb so‘radi G‘uchchi chol.— So‘yardim-ku, lekin ilojim yo‘q, qo‘l yaramaydi.
— Uyda go‘sht bor.
— Uydagi go‘sht ozlik qiladi.
— To‘raboyga shuncha izzatmi?-— deb so‘radi Ergash.
— To‘raboyga bo‘lmay, Maxsumgami?—dedi G‘uchchi.— Maxsum menga do‘st odam, bir burda nonimgayam qanoat qiladi.
— Tuzuk,— dedi Ergash.
— Nimasi tuzuk?
— Tuzuk,— dedi Ergash tag‘in. Boyagi jahlidan asar ham qolmadi. Otasining chinoqligini o‘ylab, sal iljaydi ham.— Lekin uloqqa enam pul bergan-ku, ota?
— Enangning mahrini men berganman,— dedi G‘uchchi chol.— Bor endi, mening aytganimni qil!..
* * *
Biror uch soatlardan keyin, chollar o‘tirgan chorpoyaga bir lagan serpiyoz qovurdoq keltirishdi. Taomni Ibodullo Maxsum boshladi. Keyin To‘raboy bilan G‘uchchi chol ham yenglarini shimarib, laganga yaqinroq surildilar.
— Serpiyoz bo‘pti.— dedi To‘raboy katta bir luqmani qo‘liga olib.— Men piyozni yaxshi ko‘raman Maxsum…
— Men piyozni yaxshi ko‘rmayman, lekin bari bir yeyman,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Men ertalab uyda sho‘rva ichuvdim, — dedi To‘raboy.— Lekin uloq go‘shti shirin, ko‘ngil tortadigan bo‘pti. Shu bir zamon bo‘lsa-da, oyoqni uzatib yotib faqat uloq go‘shti yesang!
— Xadeb uloq go‘shti yegan maza qilmaydi,— dedi G‘uchchi chol.— Jonga tegadi. Mana, men oshniyam yaxshi ko‘raman.
— Bari bir, oshning tagiga uloq go‘shtidan bosasiz,— deb e’tiroz bildirdi To‘raboy.
— Molning go‘shtiyam bo‘laveradi,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Manzar polvon guruchli taom yemaydi,— dedi G‘uchchi chol.— Yesa, tomog‘iga tiqilib qoladi. Birovlar osh yeganda yetimchaday qarab o‘tiraveradi. Keyin lagan bo‘shagandan keyin tagida qolgan yog‘ning yuqi bilan maxsisini moylaydi.
— Bari bir moylarkan-ku,— dedi To‘raboy.— Har na nafi borku!.. Lekin menga qolsa, doimo uloq go‘shti yerdim.
— Kunora yeng, To‘raboy,— Ibodullo Maxsum To‘raboyning o‘jarligini ko‘p yoqtirmadi.— Bo‘lmasam, bo‘kib qolasiz. Uyingiz do‘xtirdan olis. Do‘xtirga opketsa, buqalarga kim qaraydi?
To‘raboy qaltisroq gapirmoq bo‘lib, qo‘lini dasturxondan tortdi. Lekin qovurdoqni ko‘zi qiymadi. Chimirilgan o‘siq qoshlari tag‘in yoyildi, bir qultum yaxna choydan simirib, laganga yaqinroq surildi.
— O‘ldirsa, uloqning go‘shti o‘ldirsin!— dedi u xushhollik bilan.
— Ora-sira boshqa taomdan ham yeng,— dedi Ibodullo Maxsum.— Kelinga ayting, yalpizdan ko‘proq qo‘shsin. Yurakkayam, miyagayam foydasi bor.
— Mening yuragim tuzuk, Maxsum.
— Miyangizchi? — deb so‘radi Ibodullo Maxsum. To‘raboy bu gapni eshitmadi.
— Yalpizning endi ikki quloq chiqargani durust,— dedi u.
— Yo‘q, To‘raboy,— dedi G‘uchchi chol.— Yalpizning miyaga ziyoni bor. Bizning ola mushuk shu yalpizdoridan ichib xarob bo‘ldi.
To‘raboy quvonib ketdi. G‘uchchi cholni xuddi telbani tomosha qilgandek, alohida bir diqqat bilan ko‘zdan o‘tkazdi.
— O‘ldirdingizmi, ishqilib?
— Juda berahm odamsiz-da. To‘raboy!..— dedi G‘uchchi chol ranjib.
To‘raboy gapni o‘ziga yuqtirmadi. Kuldi. Kulganida ustki labi jiyrilib, sarg‘aygan milklari ko‘rindi.
— Kulmang, To‘raboy,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Men kulmadim, Maxsum, o‘lay agar, kulmadim,— To‘raboy kulganini tan olmadi.— Akamning mushugi qiziq ekan-da o‘zi!..
— Uyam xudoning yaratgani,— dedi Ibodullo Maxsum.— Bizning mushuk haftasiga bittadan ilon o‘ldiradi. Poylab turib, panjasi bilan bitta uradi -tamom, o‘ladi-qoladi!
— Bijjiki pashtroqidi, Maxshum,— dedi G‘uchchi chol g‘o‘ldirab.— Men shuni yebbo‘vay, keyin…
— Yeng, aka osh bo‘lsin! Yeb bo‘lgandan keyin aytasiz.
G‘uchchi chol og‘zidagi luqmani yeb bo‘lib, Ibodullo Maxsumga qaradi:
— Yeb bo‘ldim, Maxsum.
— Endi gapiring, aka,— ruxsat berdi Ibodullo Maxsum.
— Bizning mushuk piyonista edi, Maxsum,— dedi G‘uchchi chol.— Kampir yuragiga deb yalpizdori ichadi deng… Qayoqdanam mushugi tushmagur shunga o‘rgandi. Kampir dorisini ichib yurganida tuzuk edi, bechora qolgan-qutgan yuqini yalab kun o‘tkazardi. Lekin kasofat qurumsoqlik qilib dorisiniyam ichmay qo‘ydi. Keyin mushukning miyovlab behuzur bo‘lganini ko‘ring!..
— Ih!..— dedi Ibodullo Maxsum.—Men mushukni munchalar bo‘lar deb o‘ylamovdim!
— Bo‘larkan-da, Maxsum,— dedi G‘uchchi chol.— Bahor payti ariq labiga tushib, balchiqdan endi bodrab chiqqan yalpizni panjasi bilan o‘ziga qayirib oladi, keyin tepadagi ikki quloqchasini kurt-kurt qilib yeydi. Necha marta ariqqa tushib ketdiyamki yana qaytib boradi!.. Bo‘lmasam mushuk deganingiz suvdan qo‘rqadi.
— Quturgan odam ham suvdan qo‘rqadi,—dedi To‘raboy.
Jim qolishdi. G‘uchchi chol hikoya bilan ovora, tuzukroq ovqat ham yeyolmadi, battar ochiqqanini sezdi, lekin shuncha gapdan keyin maosh qilishni o‘ziga ep ko‘rmay, qo‘lini dasturxon chetiga artdi. Ibodullo Maxsum ham o‘zini tiydi.
To‘raboy laganning ko‘p buzilmagan chetini o‘ziga qaratib, ishtaha bilan yeya boshladi. Yegandayam chapillatib yedi. Boya gap ustida ko‘p sezilmagan ekan, hozir eshitib, Ibodullo Maxsumning g‘ashi keldi.
— Chapillatmang, To‘raboy!—dedi u toqati toq bo‘lib.
To‘raboy bunisini kutmagandi — og‘zidagi og‘zida, bo‘g‘zidagi bo‘g‘zida qoldi. Qaytarib tashlay desa — oldida dasturxon, chaynab yutay desa, bunisiyam og‘ir. Bechora bir muddat baqrayib qoldi. O‘zigayam ko‘p ta’sir qildi. Nihoyat, og‘zidagi luqmani chaynamay-netmay, bir amallab yutdi. Ustidan bir piyola yaxna choyni ko‘tarib, Ibodullo Maxsumga sanchibroq tikildi. Lekin Ibodullo Maxsum G‘uchchi cholga o‘xshagan bechidam emasdi, To‘raboyning ko‘zlariga kulib qaradi.
— Men sizga aytsam, Maxsum— deya gap boshladi To‘raboy.
— Ayting, To‘raboy, armoningiz qolmasin,— dedi Ibodullo Maxsum.
— Ovqatdan keyin aytsa nima bo‘ladi, Maxsum?— deb so‘radi G‘uchchi chol. U o‘zining mezbonligini unutolmay garang edi. — Xo‘p deng, Maxsum, shuni ovqatdan keyin aytsin.
— Mayli, hozir aytaversin.
— Men yoshroq bo‘lganimda, sizni bir urardim, Maxsum,— dedi To‘raboy.
— Menga G‘uchchi akam yordam berardi,— Ibodullo Maxsum gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi.
— To‘g‘ri,— dedi G‘uchchi chol.— Meni Juman g‘alcha o‘g‘illari bilan qo‘shilishib urgan. U paytda Maxsum Buxoroda o‘qib yurardi.
— Ming o‘qigani bilan, bari bir mullalik qilolmadi,— dedi To‘raboy.
— Qilolmadim emas, qilmadim.
— Bari bir, Maxsum, men sizni urardim…
— Menga bir qarang, To‘raboy,— dedi Ibodullo Maxsum jahllanib. — Avliyoga atalgan uloqday holingiz bor, bir mushtimdan ortmaysiz. Yoshlik paytimda bir ursam, sizni Sigirtepaning ortidan topib kelishardi!
— Uzoqmasmikin?— deb so‘radi To‘raboy.— Siz asl nokas odamsiz, Maxsum. Menga hasad qilasiz!
— Hoy, To‘raboy, siz kimsizki Maxsum sizga hasad qilsa!..— dedi G‘uchchi chol g‘azabidan bo‘zarib.— Siz Maxsumga ko‘p ta’na qilmang!
— Qo‘ying, aka,— dedi Ibodullo Maxsum.— Muning gapiga ko‘p e’tibor bermang, bu kishi birovning payini qirqib turmasa bo‘lmaydi.
To‘raboy birdan pusib qoldi. Ne qilsa ham, payi kesilgan bo‘z toy uning zaif joyi edi. Ba’zida To‘raboyning o‘zi ham shunga ajablanardi: endi odam deganing borki, dunyoga kelib gunohdan forig‘ bo‘lmaydi. Sutday oq bo‘lishning hech iloji yo‘q. Bo‘lmasam, xudoga shukur, shu bo‘z toydan boshqa ayblari ham oz emas. Lekin ularni hamma biladi. Ularni deb allaqachon sharmanda qilishgan. Qaytaga sharmanda bo‘lganing ham durust, sharmandalik bir kun, bir oy, boringki, bir yil cho‘zilar, keyin borib unut bo‘lib ketadi. Ibodullo Maxsum shu bitta bo‘z toyning gapini gap qilib olgan, istasa eslatadi, istamasa — yo‘q… Lekin haligi oshiqcha. Tilini sug‘urib olgan kamlik qilar!.. Bir toychoqning xuni o‘zi qancha, kesilsa, payi kesilibdi, shuni yashirding nimayu yashirmading nima? O‘zi-ku, shuni aytsang, tinchishing tayin. Maxsumning shamalariga chidab yurgandan ko‘ra, bir yo‘la sharmanda bo‘lda, qo‘y!..
To‘raboy sharmanda bo‘lishga ahd qildi.
— Birovning payini qirqqan yomonmi, Maxsum?— deb so‘radi u.
— Bilmadim, qassob bo‘p ko‘rmaganman,— dedi Ibodullo Maxsum. U To‘raboyning shum niyatini allaqachon payqagan edi.
— Aytaylik, G‘uchchi akamning otining payini qirqsam nima bo‘ladi?—deb talmovsiradi To‘raboy.
G‘uchchi chol eshitgan gapiga ishonmay, o‘rnidan sapchib turdi.
— Og‘zingizga qarab gapiring, To‘raboy!—dedi u.— Men otimni siz bilan qo‘shib bitta tablaga bog‘lamasman!
To‘raboy tag‘in amalga yetmadi. Dog‘da qoldi. Ichida G‘uchchi cholni so‘kdi: «Galvars! Bilishniyam istamaydi!..» Keyin ko‘zlarini G‘uchchi cholning salla bilan chirmalgan yarador qo‘liga tikdi:
— Qo‘l endi ko‘pkariga yaramaydi-ku, yurt og‘asi! G‘uchchi chol besaranjom bo‘ldi. Qo‘lini chopon ostiga yashirmoqchi edi, bo‘lmadi, oshnasi «qo‘yaver!» degandek ishora qildi.
— Quturmagan bo‘lsayam, qopganini qarang!— dedi To‘raboy.— Birovning zanjirdagi iti bo‘lsayam bir gap edi, lekin u mo‘ltonidan qolgan ekan. Mo‘ltoni xalqi ahmoq emas, shaytonga dars beradi, sog‘ itni hech mahal tashlab ketmaydi, o‘zi bilan opketadi!..
G‘uchchi cholning yuragiga vahima tushdi.
— Men hech belgisini sezmadim, To‘raboy,— dedi u.
— Birdaniga belgi nima qiladi!— G‘uchchi cholning soddaligidan kuldi.— Sal turib belgi beradi-da, axir!.. Ishtahangiz ham yo‘qolgan ko‘rinadi. Bilsangiz, G‘uchchi akam, quturgan itning ustidan g‘alvirda suv elashadi.
— Men suvdan qo‘rqmayman, To‘raboy,— dedi G‘uchchi chol.— O‘zingiz ko‘rdingiz, bemalol choy ichib o‘tiribman.
— Endi bu bir misol-da, G‘uchchi akam…— dedi To‘raboy.— Agar yana bir misol opqarasak, mana, siz… biror kimsaga tish solarmidingiz?
— E, men itmidimki, birovni tishlasam!— ajablandi G‘uchchi chol.
— Men sizni itga mengzamadim,—dedi To‘raboy.— Endi bir misol qilib gapirdim. Men birovni to‘satdan tishlab olgingiz kelmaydimi, deb so‘rayapman.
— Itga mengzamadim deysiz-ku, lekin tishlaging kelmaydimi, deb so‘raysiz. Endi itga mengzaganingiz shu-da, To‘raboy?
— Yo‘q, bu gaplardan xudo asrasin!— dedi To‘raboy.—- Minba’d munday gapirmang!
— Bo‘lmasa nima?—G‘uchchi cholning daf’atan qahri keldi.— Men sizga bo‘yinsa bo‘lmasam, yoshim biror o‘n yosh katta bo‘lsa, nega menga munday hazil qilasiz?
— Men sizga hazil qilmadim.
— Bo‘lmasa, chiningizmi bu?- deb so‘radi G‘uchchi chol.
To‘raboy javob o‘rniga qiqirlab kuldi. Shu paytgacha hurpayib o‘tirgan Ibodullo Maxsum boshini ko‘tardi.
— Siz akamning quturmaganiga hafasiz chog‘i, To‘raboy?—deb so‘radi u.
— Xudo ursin!— To‘raboy qo‘shqo‘llab yoqasini ushladi.— Agar shunday o‘ylagan bo‘lsam, tongga yetmay o‘lay!..
— Sizning akam qutursa suyunishingiz tayin,— dedi Ibodullo Maxsum.— Juman g‘alcha akamni o‘g‘illariga qo‘shilib urgan. Siz shu odamning jiyanisiz. Sizning suyunishingiz tayin.
To‘raboy bunday keskin da’voni kutmagan ekan, ko‘zlari pir-pir ucha boshladi. G‘uchchi cholga madad so‘rab tikildi.
— Juman g‘alcha meni urgan,— dedi G‘uchchi chol.
— Ursa u uribdi, mening aybim nima?— deb so‘radi To‘raboy.
— Juman g‘alcha jonday tog‘angiz edi,— G‘uchchi chol unga aybini eslatdi.
To‘raboy ko‘p mulzam bo‘ldi. G‘uchchi chol haq edi. Yaxshimi, yomonmi, Juman g‘alcha uning tog‘asi.
— Alam qilyaptimi, To‘raboy? — surishtirdi Ibodullo Maxsum.
— Alam qilyapti,— deya tan oldi To‘raboy.
— Alam qilgan joyiga tuz seping,— dedi Ibodullo Maxsum.
To‘raboy avval bo‘zardi, keyin qizardi, o‘zini har ne tutgali urindi-ku, ilojini topmadi, xunuk bir tirjayib, bori-yo‘q zahrini to‘kib soldi:
— Sizam quturibsiz, Maxsum!
Oradagi ilinibgina turgan ip chirs etib uzildi. G‘uchchi chol Ibodullo Maxsumga yalt etib qaradi. Lekin Ibodullo Maxsumning yuzi qilt etmadi.
— Bir oyoqning chigilini yozsak, To‘raboy,— deb taklif qildi u. — Yuring, bir oyoqning chigilini yozaylik.
To‘raboy uni o‘zicha tushundi.
— Yoshingiz bir joyga borib qolgan, Maxsum,— dedi u.— Sizni urish menga uyat..
— Boshqa gap bor, To‘raboy,— dedi Ibodullo Maxsum. To‘raboy unga ishonqiramay qaradi.
— Shuni ertaga gaplashsak bo‘lmaydimi, Maxsum?..
Ibodullo Maxsum tahqirli sukut bilan javob qildi. To‘raboy noiloj chorpoyadan tushdi.
— O‘zingizni kalishingizni kiying,— dedi Ibodullo Maxsum.— Meniki hali yangi, to‘yga kiyib boradigan…
To‘raboy battar kalovlandi, Ibodullo Maxsumning kalishini yechib, o‘zining uvadaroq juftini oyoqlariga ildi. So‘ng Ibodullo Maxsumga ergashib, boyagina G‘uchchi chol bilan o‘g‘li Ergash gaplashgan joyga – qari xashaki olmaning tagiga bordi. To‘xtadilar. Ibodullo Maxsum choponining barlarini qayirib, belbog‘iga qistirdi, so‘ng To‘raboy tarafga bir qadam bosdi. To‘raboy ortga tislandi.
— Hazillashmang, Maxsum, oxiri yomon bo‘ladi,— dedi u, so‘ng gapining isboti uchun ikki-uch marta yer depsindi.
— Quturgan it meniyam qopgan,— dedi Ibodullo Maxsum.— Sizam men bilan ehtiyotroq bo‘p gaplashing.
— Hazillashmang, Maxsum, jahlim chiqsa, aqlim ketadi,— dedi To‘raboy.— Joningizga rahmingiz kelsin, Maxsum!
— Bo‘g‘zingizdan bir tishlaymi, To‘raboy?— deb so‘radi Ibodullo Maxsum, so‘ng rostdan tishlamoqchi bo‘lganday, tishlarini takillatdi.— Xo‘p deng, kekirdagingizdan bir tishlam uzib olay, To‘raboy?
To‘raboy cho‘chidi. Yana ikki qadam ortga tislandi, tislanish asnosida darvoza tarafga o‘g‘rincha qarab oldi. Negadir ko‘ngliga ma’yuslik cho‘kdi. Ibodullo Maxsumdan azbaroyi hafa bo‘ldi chog‘i, ikki marta chuqur xo‘rsindi. Keyin uni chetlab o‘tib, darvozaga yo‘naldi. Ibodullo Maxsum uning ortidan yurdi. To‘raboy ildamladi. Ibodullo Maxsum ham qadamini tezlatdi. To‘raboyning o‘zi to‘lagina, choponi taniga ham xiyol tor edi. Tezroq yurganidan keti chopon tagida qalpanglab borardi. Ibodullo Maxsumning hayoliga nogahon bir shum fikr keldi, iljaydi, bir-ikki bor o‘zining o‘ng oyog‘iga, keyin To‘raboyning ortiga qarab oldi. Lekin har qalay oyoq ko‘tarmadi — insof qildi. Garchi To‘raboyning ortiga tegmagan bo‘lsa-da, shu o‘yning o‘zidanoq zavqlandi. Xatto, shu o‘y barobarida ko‘nglidagi ozmi-ko‘p xusumatni ham unutganday bo‘ldi. Go‘yoki tepki bilan xusumat orasida hech bir aloqa yo‘qday edi… Tepging keldi, tepmoqchi ham bo‘lding, lekin tepmading… Bari bir, deb o‘yladi Ibodullo Maxsum. Tepmoqchi bo‘lganingning o
’ziyam yaxshi. Odamning miyasiga shunday hayolning kelganiga qarang… Kekirdagingni uzib olaman deding-ku, lekin uzib olmoqchi emasding, lekin tepaman, deb aytmasang ham — tepging keldi…
Ibodullo Maxsum ilgari hech bunday tarzda o‘ylamagan edi. Shu sabab o‘yning zavqini tuyish o‘zgacha bo‘ldi. Mabodo, To‘raboy aqalli bir bora ortiga qayrilganda edi, balkim, Ibodullo Maxsumning quvonchini ko‘rib, rosa ajablangan bo‘lardi. Haytovur, u ortiga qayrilmadi. Ibodullo Maxsum uning qayrilmog‘ini o‘ylab, o‘zini yig‘ishga, sal-pal qovoq uyishga urindi. Lekin ilojini topmadi. Keyin u oshkora iljaydi. Ibodullo Maxsum darvoza oldida to‘xtadi. To‘raboy esa ko‘chaga chiqqandan keyingina qadamini sekinlatdi. Ortiga hadik aralash boqdi. So‘ng ta’qibchisining ichkarida qolganini ko‘rib, to‘xtadi, dadillashdi va etagini qoqdi: endi bu yerni yelkamning chuquri ko‘rsin!
O‘sha kuni kechasi G‘uchchi chol Galatepadan bosh olib ketishga ahd qildi.
Yozning dim, issiq tunida uzoq o‘ylab yotdi. Qazogacha yoru-do‘stning oldida qolgan ma’qul edi, deb o‘yladi. Lekin taqdir deganing teskari keldi, mundayroq o‘lim bilan o‘lsam bir gap, lekin quturib o‘lish… Hech kim seni ayab o‘tirmas, tinch o‘lsang — o‘lganing, bo‘lmasa, shartta ushlab, daraxtning tanasiga zanjirband qilishadi, vassalom!..
Xullas, u bosh olib ketgali ahd qildi: uydagilarga shaharga ketdim, deb aytadi, keyin bir pana-pastqam joyni topib… kutadi. O‘tsa, o‘tib ketgani — kuning uzoq ekan, magarkim, o‘tmasa… E, shuniyam o‘y qilib o‘tirasanmi!.. Odam deganing bir marta dunyoga keladi. Bir boshda bir o‘lim, beshikka tekkan yelka tobutga tegmay qolarmidi!..
Ertasi kuni tong mahali G‘uchchi chol kunchiqarga qarab yo‘l tutdi. Birov ko‘rmasin deb, soyu soya joylarni tanlab yurdi. Choshgohda tog‘ning etagiga yetib bordi, lekin o‘rlamadi, kuchini ayadi, archazorni oralab o‘tgan tekisgina so‘qmoqdan ketaverdi. Tog‘ning narigi belida bu so‘qmoq birdaniga tik oldi, Cho‘nqaymishga ketadigan dovonga qarab burildi. G‘uchchi chol janubroqqa, sarg‘ish o‘t-o‘lan qoplangan cho‘lga tomon tushib bordi. Galatepa uzoqda, archazor kumush bo‘lib yaltiragan tog‘ tumshug‘i ortida qolib ketdi. G‘uchchi chol xiyla charchadi, terga botdi. Uyqusiz tun uni azoblab qo‘ygan ekan, a’zoi-badani zirqirab og‘riy boshladi. Bekorga ot minmabman, deb o‘yladi u, hech kim gumondor bo‘lmasdi, toqqa ketyapti, deb o‘ylashardi, xolos… Kimning mening quturib o‘lganim bilan bir pullik ishi bor?.. Otni ayadim, zavol bo‘lmasin, dedim. Sirasini aytsa, otning o‘zi nimaga keragi bor? Azroilni piyoda yurib ham topib olarman!..
Birdan u qo‘ng‘iroq tovushini eshitdi. Avvaliga qo‘y-qo‘zini ergashtirgan serka bo‘lsa kerak, deb hayol qildi, lekin harchand tikilmasin, yaqin-atrofda qo‘y zotini ko‘rmadi. Qo‘ng‘iroq tovushi ham goh kuchayib, goh susayib, tog‘ bag‘ridagi yaylovdan emas, butkul ters tarafda-n — ro‘paradagi toshloq qirlar ortidan kelardi. Yarim soatlar o‘tgach, qarshisidagi qir o‘rkachida bitta otliq paydo bo‘ldi, uning ortidan uchta tuya bodrab chiqdi. G‘uchchi chol ko‘zlariga ishonmay, bir zum tek qotib qoldi.
Kichkina karvon tobora yaqinlashib kelaverdi. Nihoyat, G‘uchchi chol karvonboshini tanidi: bu o‘sha ma’lum va mashhur Jonuzoq arab edi. Karvonboshi ham uni tanidi chog‘i, otining jilovini tortdi.
— Assalomu alayxum, G‘uchchi aka, — dedi Jonuzoq arab horg‘in bir ovozda. — Bu dunyoda tirik bormisiz, aka, joningiz tinchmi?..
— Birnav, — dedi G‘uchchi chol.
— Kattaqo‘rg‘onga ketyapman, — dedi Jonuzoq arab. — Qarib qoldim. Kattaqo‘rg‘onning tuzi tortdi… Juda qaridim, G‘uchchi aka…
G‘uchchi chol uning qariganini o‘zi ham ko‘rib turardi: soch-soqolidan tortib, to gardanidan chiqib turgan mo‘ylarigacha oppoq, yuzlari cho‘tir, battar qoraygan…
— Ko‘p kasal bo‘ldim, — dedi Jonuzoq arab. — Chechakka chalindim.
— Men esa uloqib kelyapman, — dedi G‘uchchi chol.— Besar it qopti. Quturgan, deb aytishyapti. Tozi edi, menga o‘rgansa, mo‘ltonini esdan chiqarar, devdim… Mo‘ltonining iti itlik qilmas ekan, Uzoqboy. Bilasiz, bitta qo‘shquvur miltig‘im bor, endi tozi asrasam, deb o‘ylovdim. O‘zingiz o‘ylang, umrim uyur ortida o‘tdi, bir yoqqa chiqolmadim, chiqarga. vaqt bo‘lmadi. Endi qarigan chog‘imda otga minib, miltiqni olib, keyin bitta tozini ortimdan olib, bir joylarga ovga chiqaman degan niyatim bor edi. Yoshligimdan shuni o‘ylardim Uzoqboy, faqat burgutim yo‘q. Bir kuni Cho‘nqaymishdan burgutning jo‘jasini sotib oldim. O‘n so‘m berdim, tumshug‘i qoraysa ovga opchiqarman, dedim, lekin burgutning bolasi quzg‘un bo‘p chiqdi…
— Yomon bo‘pti, — dedi Jonuzoq arab. — Burgutning quzg‘un bo‘p chiqqani yomon, G‘uchchi aka. Quzg‘un ovga yaramaydi.
— Bilaman, — dedi G‘uchchi chol. — Lekin bechora qush quzg‘un bo‘larga ham ulgurmadi. Men Payshanbaga ketuvdim, uydagilar tuzlangan go‘sht berib o‘ldirib qo‘yibdi… Balkim, ular qasddan qilmagandir, lekin quzg‘un bari bir o‘ldi. Burgut bo‘lmasayam, bechora qushga ichim achidi. Uydagilar mening otimniyam yomon ko‘radi, Uzoqboy, sotgin deb aytadi, bo‘lmasam, seni bir jar-parga tashlab ketadi, deyishadi…
— Ular otni bilmas ekan, G‘uchchi aka! — ajablandi Jonuzoq arab. — Bilsa, muncha yomon hayolga bormasdi. Yo‘q, G‘uchchi aka, otni birovga sotmang!
— Kimgayam sotardim, — dedi G‘uchchi chol. — Jonivor o‘zimga bosh qo‘yib qolgan. Sotsam, sayisligini kim qiladi? Yaqinda kasal bo‘luvdi, bir pudcha sabzi yedirdim, qoni tozalandi. Yo‘q, Uzoqboy, boshqa birov otni xarob qiladi. Uydagilar hammasi mendan hafa. Bir hafta bo‘ldi, kampir singlisini ko‘rgani ketgan. Ozroh hafalashgan edik, shu paytda ketgani yomon bo‘ldi, odamlar uni arazlab ketdi, deb o‘ylayapti. Omadim yo‘q ekan, Uzoqboy.
— Mening xotinim uyda o‘tiradi, — dedi Jonuzaq arab. — Avval karvon bilan yurardi, endi uyam qaridi… Boradigan qarindoshiyam yo‘q, o‘zimga o‘xshagan yetim. Sizam biror yetim qizga uylansangiz bo‘larkan, G‘uchchi aka.
— Menam shuni o‘ylovdim, — dedi G‘uchchi chol.— Lekin buyam yomonmas, insofi bor. Boshqasini olsam, balkim, yomon bo‘larmidi, o‘zingiz o‘ylang, men yilqi ortida yursam, uyga haftada bir kelamanmi, yo‘qmi…
— Endi biz qarib qoldik, G‘uchchi aka, – dedi Jonuzoq arab. — Endi tinchroq o‘tirsak bo‘larmidi.
— Hech iloji yo‘q, Uzoqboy…
— To‘g‘ri, iloji yo‘q. Siz, G‘uchchi aka, shu mo‘ltonidan qolgan toziga tegmasangiz bo‘larkan.
— Tozi yomon emasdi… O‘rgatib olgim keldi. Maxsum aytdi, qo‘ying, aka dedi, bu bir besar it, tishlab-netib yurmasin… Yo‘q, qulaq solmadim, endi eshitsam, quturgan tozi ekan. Men kutib o‘tirmadim, Uzoqboy.
— Kutmaganingiz yaxshi, — dedi Jonuzoq arab. — Mana, men shuncha yil yana Kattaqo‘rg‘onga boray dedim, qarasam, endi qartayib qolibman. Boshqa o‘tirolmadim… Nega piyoda ketyapsiz, G‘uchchi aka? Esimda, bitta saman otingiz bo‘lardi, zo‘r edi, Sigirtepaning tagida poyga bo‘lsa, o‘zingiz birinchi bo‘p kelardingiz. Hoziram o‘sha yerda uloq bo‘ladimi?
— Endi ko‘p uloq chopishmaydi, Uzoqboy,— dedi G‘uchchi chol g‘amgin turib. — O‘sha saman otim ham endi yo‘q, endi mening boshqa otim bor-qizil qashqa ot… Ko‘rib turibsiz, Uzoqboy, bosh olib ketyapman. Bo‘lmasam, meni daraxtga bog‘lab qo‘yishadi. O‘zingiz o‘ylang, Uzoqboy, men daraxtni shu niyat bilan o‘tqazibmidim? Yo‘q, munga chidashim qiyin. Mundan ko‘ra, biror cho‘li-biyobonda o‘lib ketganim ma’qul…
— Siz Qiziltoshga boring, — deb maslahat berdi Jonuzoq arab.— Suvi yaxshi joy. Hammayoqda qizil tosh, zarra qumigacha qizil…
— Menga suvning keragi kam, — dedi G‘uchchi chol.
— Bari bir Qiziltoshga borganingiz ma’qul. Men u yoqda doim qizil o‘tov tikardim. Qiziltoshning toshiyam qizil, mening o‘tovim ham qizil bo‘lardi. Borib yana o‘tov tikardim-u, lekin yosh o‘tib qoldi. Ular oldidan Kattaqo‘rg‘onga borib kelsam, shuyam katta gap. Uyda tinch o‘tirolmayman, G‘uchchi aka. O‘tgan kuni hech chidayolmadim, uch tuyani yetaklab yo‘lga tushdim. Indin choshgohda Kattaqo‘rg‘onga yetaman, ertaroq yetishim qiyin, tuyalar qarib qolgan.
— Tuyani nima qilasiz, Uzoqboy?— deb so‘radi G‘uchchi chol. — Hammasi salt ekan-ku?
— E, tuyasiz bo‘larkanmi, G‘uchchi aka!.. — ajablandi Jonuzoq arab.— Tuyasiz yo‘l yo‘lga o‘xsharmidi!.. Axir men… Kattaqo‘rg‘onga tuya tortardim-ku, esingizdan chiqdimi, G‘uchchi aka?
— Kattaqo‘rg‘on yaxshi shahar, — dedi G‘uchchi chol. — Odamlariyam yaxshi.
— Qiziltosh ham yaxshi, — dedi Jonuzoq arab.— Siz xo‘p deng, G‘uchchi aka, Qiziltoshga boring. Siz u tarafda necha yil yilqi boqqansiz!
— Unga ko‘p bo‘ldi, Uzoqboy! Eh-he, juda ko‘p bo‘ldi!..
— Haliyam kech emas. Siz Qiziltoshga boring. Piyoda yurganga uzoq, yaxshisi, mening baytalimni oling. Xurjunniyam oling, men tuyada bir amallab yetib borarman.
G‘uchchi chol yo‘q deyolmadi. Jonuzoq arab unga baytalining jilovini tutqazib, o‘zi tuyalardan biriga amr qildi:
— Cho‘k, cho‘k, jonivor!
Tuya cho‘kkaladi. Jonuzoq arab uning o‘rkachiga chiqib o‘tirgach, tuya o‘rnidan turdi. Har kim o‘z yo‘liga keta boshladi. Biror yuz qadam bosib, Jonuzoq arab G‘uchchi cholni chaqirdi:
—Sal bo‘lmasa, esimdan chiqay debdi, G‘uchchi aka! Oti Sanobar!
— Kimning oti? — tushunmay so‘radi G‘uchchi chol.
— Baytalingizning oti!..
Shu so‘zlarni aytib, Jonuzoq arab qir ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
G‘uchchi chol ertasi yarim tunda Qiziltoshga borib tushdi. Baytalini eski rabot burjidagi yulg‘un tupiga bog‘lab, xurjunini nuragan paxsa devor tagiga oldi. Rabotning usti o‘pirilib tushgan, darbozaxonasida sayrayotgan boyqush odam isini sezib jim bo‘lib qoldi, keyin yana boshladi. So‘ng xas-xashak ostidagi chigirtkalar, kavaklardan sudralib chiqqan ilonlar… Basma-bas sayrashga tushdilar.
Atrof sutdek oydin. Oydinda rabotning xarobasi ulkan ko‘rinadi. Vaqt ham negadir sustlashib qolgan.
G‘uchchi chol yolg‘izlikdan endi cho‘chidi. Ko‘ngliga cho‘kkan vahimadan qutulmoq istab, baytalining yoniga bordi, bo‘ynidan mahkam quchoqladi, yuzini uning to‘s-dag‘al yollariga bosdi. Baytalga hojisining qilig‘i xush yoqdi, bo‘ynini tag‘in ham quyi egdi, so‘ng yuganini bir-ikki silkitib, nozli kishnadi. G‘uchchi chol baytalning og‘zidan so‘lig‘ini chiqarib, o‘tlagani qo‘ydi. O‘zi kamzulini yerga tashlab, xurjunni yostiq qildiyu oyni, xira yulduzlarni kuzatib yotdi…
Sal o‘tib, yuragi siqildi. Nariroqqa o‘tlab ketgan baytalni chaqirdi:
— Beh-beh, jonivor, beri kel!
Baytal sezindi. O‘tdan bosh uzib, G‘uchchi cholning yoniga keldi. Uning yuzlarini hidladi. Baytalning og‘zidan achchiq kakra hidi ufurdi. G‘uchchi cholning ko‘ngli buzildi.
— Hammamiz o‘lamiz, Sanobar, — dedi u baytalga. — Menam, meni gapga qo‘ygan To‘raboyyam, hammamiz… Bir-birimizning dilimizni bekorga og‘ritganimiz qoladi. Hech kim dunyoga ustun bo‘lolmaydy. Eshityapsanmi, jonivor?
Baytal ikki marta bosh siltab tashladi.
— Xudoyam bir kun borib o‘tib ketadi, — dedi G‘uchchi chol.— Odamlar bo‘lmagandan keyin xudoning nima keragi bor?
— Biz-chi? — deb so‘radi baytal. — Bizlar qolamiz-ku?
— E!.. — deb qo‘l siltadi G‘uchchi chol. — Barisi bir emasmi? Nima, ot odammidiki…
U birdan jimib qoldi. Baytalning ko‘nglini og‘ritganini sezdi.
— Sen boshqa gapirmagin, jonivor, — dedi u sal turib.—Bari bir seni tushunolmayman. Otmisan, odammisan ishqilib, dunyoga bir kunlik mehmonsan. Endi shuniyam gap qilib yuramizmi?
Baytal o‘sal bo‘ldi. Boshini bir silkitib, yuganini chiqarib tashladiyu boshi oqqan tarafga yo‘rtib ketdi. G‘uchchi chol o‘zining vahmi bilan ovora bo‘lib yolg‘iz qolganini payqamadi ham.
«Yaxshi bo‘lmadi, —deb o‘yladi u. — Xudoga shak keltirdim! Xudo bo‘lmasa… bo‘lmaydi-ku, axir?!» Nazarida xudo yo‘qolib, dunyo yetim qolganday edi.
* * *
Alqissa, G‘uchchi chol ancha kundan so‘ng Galatepaga sog‘-omon qaytib keldi. Kelgan kuni kechqurun guzarga chiqdi, odamlarni to‘plab ularga Jonuzoq arab, uning baytali haqida naql qildi. Lekin ishongan odam kam bo‘ldi.
— Jonuzoq har qadamda bittadan ot hadya qiladigan ahmoq emas, — dedi choyxonachi Barot Qiyshiq. — Galatepaning tuzini totgan edi, qadrdonligimiz bor edi. Nega o‘zi kelmadi?
— Kattaqo‘rg‘onga ketayotgan ekan, — dedi G‘uchchi chol. — Men piyoda ketayotuvdim, ot bilan bir xurjun yegulik berdi.
— Yegulik qani, G‘uchchibek? — deb so‘radi Nazar Maxsum.
— Yegulikni yedim.
— Xurjuningiz qani?
— Xurjun eskiroq edi, rabotda qoldirdim.
— Tuzuk, tuzuk, — deb salmoqladi Barot Qiyshiq. — Mayli, xurjunni nari qo‘yaylik, siz ayting, G‘uchchi buva, Jonuzoq arab hadya qilgan otning o‘zi qani?
— Ot ketib qoldi, — G‘uchchi chol rostini aytishga majbur bo‘ldi. — Mendan arazlab ketdi.
Gurung ahli uning gaplaridan kulgan bo‘ldi.
— Siz bir qiziq odamsiz, — dedi choyxonachi. — Hamma sizdan hafa bo‘ladi, arazlaydi, ketib qoladi. Avval kampiringiz ketuvdi, endi baytal ketibdi…
— Kampir kelgan, — dedi G‘uchchi chol. — Singlisini ko‘rib keldi.
— Ketib qolganda hafa bo‘lgandirsiz? — gapini qo‘ymadi choyxonachi.
— Nega hafa bo‘laman, u qochib ketgani yo‘q-ku?..
— Mo‘ltonining tozisi-chi, tozi qochib ketgani rost-ku?
G‘uchchi chol kalovlanib qoldi. Xayriyat, mulla Doniyor uning joniga ora kirdi.
— Siz choy opkelsangiz bo‘lardi, Barotboy, — dedi u choyxonachiga qarab, so‘ng, Barot Qiyshiq o‘choq boshiga ketgach, yana G‘uchchi cholga murojaat qildi.
—Qaytganingiz tuzuk bo‘pti, G‘uchchi. Bular bekorini aytibdi, men Jonuzoqning ot hadya qilariga ishonaman. Xudoga shukr, tirik ekan, men avvalroq bir rahmatli bo‘p ketgan, deb eshituvdim.
— Hali tirik ekan, — dedi G‘uchchi chol. — Ancha cho‘kib qopti. Kattaqo‘rg‘onga borgisi kep yo‘lga chiqibdi.
— Biz sizni yo‘qolib ketdi, deb o‘ylovdik, G‘uchchibek, — deb gap qo‘shdi Nazar Maxsum. — Men bir shahar borsammi ham dedim, harne, o‘g‘limiz Sanobek hukumatning odami, sizni izlagani birovni qo‘yarmidi…
— Yo‘qolganim yo‘q. Qiziltoshga boruvdim. Jonuzoqboy otini berdi. Ko‘p aqlli baytal edi, odamga o‘xshab gapirardi.
Mulla Doniyor bilan Ibodullo Maxsumdan bo‘lak hamma uning gapidan kuldi.
— Yaxshi baytal edi, — davom etdi G‘uchchi chol.— Musulmon baytal edi. Shayton yo‘ldan urib, xudoga shak keltiruvdim, shunga hafa bo‘ldi.
Bu gal undan oshkora xoxolab kulishdi. G‘uchchi chol nima deyarini bilmay, tek qoldi. Shuncha gap yetmagandek, mulla Nishon uni kofirlikda aybladi:
— Siz xudoga ishonmaysiz, G‘uchchi, — dedi u. — Shu sababkim, shaytoni alayhila’na baytalingizning taniga kirib olibdi. Tilga kiribdimi, uning taniga shayton oralagan. Siz kofirsiz, G‘uchchi, g‘irt kofirsiz! Faqat kofirning boshiga shundayin kasofat savdolar tushadi!
G‘uchchi chol gapirolmay qoldi. Baxtiga, Ibodullo Maxsum gapga aralashdi:
— Esingizda bo‘lsin, Nishonboy, shayton odamning tanidan o‘zga joyni o‘ziga makon qilmaydi, — dedi u. — Siz tuzuk odamsiz-ku, lekin mullalikdan mazangiz yo‘qroq. Baytal jonivorning biror fisqu fasodi, bizga o‘xshab g‘ayirligi bo‘lmasa, nega siz unga munday tuhmat qilasiz? Xudoning ko‘rsatgan karomati deng, ajabmaski, shu baytal keyin odamga aylangan bo‘lsa…
— Maxsum hindu ekan!.. — deb qichqirdi mulla Nishon mulla Doniyorni guvohlikka chaqirib. — Eshityapsizmi, Maxsum hinduning mullasiga o‘xshab gapiryapti. Bitta kofir kamlik qiluvdi, endi, manavi Maxsum ham kofir chiqdi!.. O‘zingiz ayting, Doniyor aka, baytal ham hech zamonda odamga aylanadimi?
— Munisi tadriji xudoga bog‘liq, — dedi mulla Doniyor mujmalroq qilib.
— Yo‘q, Doniyor aka, baytal odamga aylanmaydi. Sizam baytalning odamzoddan bo‘lmish farqiga bormaysiz ekan!
— Bo‘lmasa, nega Murod juvozkashning xotinchasi baytalga o‘xshab kishnaydi? — deb so‘radi mulla Doniyor.
Qolgan mardumlar ham uning gapini bir og‘izdan tasdiqlashdi. «Murod juvozkashning xotini rostdan ham ikki yashar baytalchaga o‘xshab kishnaydi», deb aytishdi.
Mulla Nishon ko‘p mulzam bo‘ldi. Chandon o‘yladi hamki, munosib javob topolmadi. Qeyinroq borib, hayolida g‘alati-g‘alati gumonlar tug‘iladigan bo‘ldi. Deylik, xotini Hanifa kulsa, «Nega kishnayapsan, baytalcha?», deb so‘raydi. Shu-shu, bechora Hanifa kulishni ham bas qildi. Endi uni qitiqlab ham kuldirolmaysan. Zavqi oshib-toshib ketganida, labining bir burchini ko‘tarib iljayadi, xolos. Qeyin birdan xo‘rligi keladi. Lekin tuzukroq xo‘rsinishi ham qiyin. Mulla Nishon uning xo‘rsinganini eshitsa bo‘ldi, «Nega pishqiryapsan, baytalcha?», deb so‘raydi.
Mashoyixlar aytganidek, yurt ayvoni keng, bu ayvonda ming alvonda odam, ming alvon odamning ming turfa tashvishi bor. Mulla nishonning tashvishi — gumon qilmoq. Hanifaning tashvishi — kishnamaslik, bizniki… Kim bilsin, bizning nima tashvishimiz bor?.. Munday qarasa, tashvishimiz qolmadi hisob. Burchimiz roviylik edi, bo‘yin tovlamadik va manzilga yetdik. Manzilga yetgan kimsaning bitta niyati bo‘ladi:
Tanimiz sog‘, jonimiz tinch bo‘lsin!