Mana, Vatan oldidagi yigitlik burchimini o‘tab kelganimga ham bir oylar bo‘ldi. Xizmatdoshlarim bilan o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozni qo‘lga kiritganimizda va’dalashganday yana uch kundan so‘ng shaharda repetitornikida uchrashamiz. Mening esa sira borgim yo‘q. Sababi… To‘g‘risi, sababini bilmayman. Balki buning boisi rostdan ham Saidadir, kim biladi yana. O‘zi ham juda alomat qiz-da tushmagur. U mendan ikki sinf pastda, Sardor ukam bilan birga o‘qigan. Avvalari maktabdagi faolar yig‘inida ko‘rishib turardik. O‘sha paytlarda umuman e’tibor bermagan ekanman. Qolaversa, u bizning uydan to‘rt devor narida turardi. Harbiydan qaytganim munosabati bilan keldi-ketdi bo‘ldi. Saida ham xizmat qilib yurdi. Ilk bor yo‘limiz-yo‘limizga, ko‘zimiz-ko‘zimiga to‘qnash keldi. U qizarib yerga qaradi, ko‘zlarini olib qochdi. Yuragim allanechuk bo‘lib ketdi. Qayerdadir o‘qiganim yodimga tushdi. So‘zma-so‘z eslay olmayman-u taxminan shunday: xaloyiq Arastuning qizidan “Go‘zallik nima?” deb so‘rashganda, u “Qiz bolaning hayodan qizargan yuzi”, – deb javob bergan ekan. Nazarimda, bu aynan Saida haqida aytilganday edi. Qiz degani xuddi shunday bo‘lishi kerak. U meni tamoman o‘ziga rom etdi. Shu-shu Saida haqida shirin xayollar sura boshladim. Shifokor bo‘lish orzuimdan voz kechmagan bo‘lsam-da, lekin shu topda nimagadir hech narsa qilgim kelmayatdi. Faqat shirin xayol so‘rishdan boshqa…
* * *
Onam kechki ovqatga chaqirdilar. Xonamdan chiqdim, qarasam onamning yaqin dugonasi, narigi mahalladagi Roziya xola kelibdi. Shu xolani yoqtirmayman, onamga yaqin bo‘lganligi uchun hazil- hazil qilib qizi Ohchani menga pichaveradi. Salom-alikdan keyin bazo‘r ularga qo‘shilib, chimsalanib ovqatlana boshladim.
Roziya xola har galgidek meni maqtay boshladi:
– Zo‘r, o‘ktam yigit bo‘pti-da, o‘g‘lingiz ko‘z tegmasin.
– Ha, undan umidimiz katta, – dedi onam.
– O‘qishga qachon ketmoqchisiz? – yana so‘radi mehmon.
O‘zi borgim kelmay turgan bo‘lsa ham sir boy bermay, “ uch kundan keyin”, – deb dadil javob berdim.
– Ohchaxon ham sigirni sog‘ib, sutini sut, qaymog‘ini qaymoq qilib o‘tiribdi. Ketganigizcha bitta bonkada qaymoq, bittasida do‘ltali saryog‘ qilib beradi, – dedi Roziya xola.
– Ha, Sardorbek ham bug‘doyni tegirmonga olib ketdi, un qilib kelsa yog‘liq patir qilib berar ekanmizda-a – dedi onam Roziya xolaga ma’noli qarab.
Bu qochirim gap menga yoqmadi, shartda omin qildim-da, turib ketdim.
– Ovqatingni yemaysami? – deb hoy-hoylaganicha qoldi onam.
– To‘ydim, – dedim.
* * *
Xonamga kirar ekanman yana o‘sha xayollar og‘ushiga chorlaydi. Kitob varaqlab o‘tirsam-da ko‘zimga hech narsa ilinmaydi. Shuurim ham karaxt bir holatda.
Ayvondagi telefonning jiringlashi xayolimni bo‘ldi. Go‘shakni oldim.
– Allo… Sardor aka, – dedi nihoyatda tanish, yoqimli muloyim ovoz.
– Allo, kim u… – dedim.
– Iy… – deb go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Bu Saidaning nafis ovozi edi. Bir qancha vaqt esankirab qoldim. O‘zimga kelganimda go‘shakdan uzuq-uzuq tuvilloq tovush eshitilib turardi. Go‘shakni joyiga qo‘yib, xonamga kirdim. Xonamga emas, ming bir xayol ko‘chasiga kirdim.
Nima, Saida Sardorni so‘radimi? Nega, nima uchun? Unda nima ishi bo‘lishi mumkin? Ehtimol shunchaki sinfdosh sifatida hol-ahvol so‘ragan bo‘sa kerak? Unda nega so‘ray qolmadi? Soat kech bo‘lganda, hol ahvol so‘rashi nimasi. Qolaversa, “Allo… Sardor aka” degan so‘zlari juda boshqacha, juda samimiy, juda iliq… Qandaydir sirli ohangda erkalangannamo, o‘ta sehrli, bu o‘zgacha bir tarzda aytildiki, uning so‘zlarida, ohangida sog‘inch, ha, ha sog‘inch mujassam edi. Sog‘inch bo‘lganda ham sevgilisini, suyuklisini, yorini sog‘ingan malakning navozishi edi u. Buni his etmaslik, anglamaslik uchun inson inson emas, boshqa maxluqot bo‘lish kerak. Ming afsuski, bizni xudo odam qilib, ongli qilib, ustiga-ustak his eta oladigan qilib yaratgan. Demak, Saida Sardorni yaxshi ko‘radi. Sardor-chi? U ham sevarimikin. Agar sevsa mendan ortiqroq sevarmikin yo kamroqmi? Uni o‘lchaydiga uskuna bormikin? Yo mezonlar bormi? Agar kim ko‘proq sevsa, qiz o‘shaniki bo‘larmikin? Yo qizdan ham so‘ralarmikin? Ota-onasidan-chi? Menga nimalar bo‘lyapti o‘zi, nega nafasim bo‘g‘zimga tiqilyapti. Nega asabiylashyapman? Nima, Saida meni yaxshi ko‘rarmidi o‘zi, dil izhor qilganmidim? Yo‘q, sevgimni aytishga ham fursat bo‘lmadi, shekilli. Unda kimdan va nimadan o‘pkalayapman?
Eh, Saida, Saida, nimasini yaxshi ko‘rasan o‘shani. Ukam bo‘lsa ham to‘g‘risini aytaman. U ko‘cha bezorilarning bittasi-ku, menimcha, uni yaxshi bilmaysan. Bilganingda, ehtimol bu fikringdan qaytarmiding, yana kim biladi…
Qizlarga ham qoyil emasman. Saidaga ham besh ketmadim, kelib-kelib shunaqa bezorini sevadimi? Sardorning nimasiga uchgan bo‘lishi mumkin. Hayotda qo‘liga kitob olmagan bo‘lsa, meni o‘qigan kitoblarni taroziga qo‘ysak, naqd bir tonnadan oshadi. U bo‘lsa bitta risolani ham oxirigacha o‘qimagan, nuqul ko‘chada maza-bemaza ishlar bilan yuradi.
Men hayotda hamisha to‘g‘ri yashashga, yaxshi bo‘lishga harakat qildim. Onam bizlarni otasiz katta qilganligi uchun: “Sen oilamiz kattasisan, og‘irroq bo‘lishing, ukangga o‘rnak bo‘lishing kerak” deb uqtirar edilar. Men hech qachon onamning gapini ikki qilgan emasman. Ichma, chekma, bezorilarga qo‘shilma, dedilar. Barcha aytganlarini qildim. Birinchi yil ToshMIga imtihon topshirib, o‘z kuchim bilan kontraktga kirdim. Tog‘am “Shartnoma asosida o‘qisang, onangga jabr qilasan, yaxshisi, armiyaga bor, imtiyoz olib qaytsang, keyingi yilga byudjetga kirasan”, dedi. Menga shu gap ma’qul keldi. Umuman, har doim onam, tog‘amni, kattalarning chizgan chizig‘idan chiqmadim. Ular yaxshi bo‘l dedi, men yaxshi bo‘lay dedim.
Ukam aksincha, o‘z bilganidan qolmaydi. Kimnidir to‘yida aroq ichganmish, ichgandan keyin chekmaydi deb kim kafolat beradi. Maktabda birinchi ataman. Bolalar undan qo‘rqadi. To‘g‘ri, sport bilan shug‘ullangani uchun qomati menga qaraganda ancha kelishgan. Lekin “Bilagi zo‘r birni yiqitadi, bilimi zo‘r mingni” degan naql bor-ku. Gap kuchda emasdir.
Eh, Saida, Saida, qanday qilib sendek go‘zal, aqlli, farosatli qiz uning qarmog‘iga tushib qolding. Axir sen eng a’lochisi eding-ku, menga o‘xshab ertayu kech kitobdan boshingni ko‘tarmas eding-ku. Saida, seni nima jin urdi o‘zi. Men seni chin dildan sevaman, seni baxtli qilishni xohlayman.
Nega bu dunyo teskari, nega beshafqat, nega adolat yo‘q, men qanchalik yaxshi bo‘lishga urinmay, atrofdagilar meni tushunmayotgandek, anglamayotgandek. Mana endi Saida ham…
Mana, kechagi kuni uyni ta’mirlash uchun bir moshin qum to‘ktirdik. Qo‘shnimiz Bahodirlarnikiga chiqib aravangni berib tur desam, “o‘zim ishlatyapman”, deb, bermadi. Sardor chiqib, Bahodirni aravasiga qo‘shib olib chiqdi. Qoyilmisiz? Ikkita og‘aynisi o‘tib ketayotgan edi, ularni to‘xtatib yordam berishni iltimos qildi. Ular ham rozi bo‘ldi. Sardor belkurakka suyanib faqat gap sotib turdi, xolos. Biz tashidik. Gaplarining ham ma’nisi yo‘q, falonchi fermer bilan anavi qishloq Ambulatoriyasi hamshirasi o‘rtasidagi ishqiy munsabatlar haqidagi bo‘lar-bo‘lmas uydirma, mish-mishlar, bolalarga ham shu kerak. Tag‘in deng, voqeaning qiziq joyiga kelganda “Bor – ey, aravani bo‘shatib ke, sen kelguncha qolganini aytmay turaman”, deydi xuddi olamshumul voqeani bayon qilayotgandek. U qumni to‘kib kelguncha qolganlarga latifa aytadi, yana hiring-hiring. Menga uning na mish-mishlari, na latifasi yoqadi. Bema’nilar… Sen bilmaysan-da uning asli qanaqaligini. Eh, Saida… Saida…
* * *
Men o‘rtoqlari bilan ko‘p martda bahs-boylashganman – morojniydanmi, limonaddanmi? Lekin bir-birimizdan yutq talab qilmaganmiz, chunki oshna-og‘aynigarchilik deganday, qolgani muhim emas.
Sardorchi? Do‘stlikni bilarmidi-u. Qishlog‘imizda bir oila bor. Ular har yil erta bahorda qishloq aholisi qo‘ylarini yig‘ib, yaylovga olib chiqib boqib, kuzda qaytishadi. Har bir qo‘y boshiga kelishilgan narxda pul to‘lanadi. O‘sha oilaning katta o‘g‘li ko‘y boqadi, kichigi Sardor bilan sinfdosh. Ikkala o‘rtoq futbol ustida bahs boylashibdi, qanaqadir Barsami-e, Riyalmi degan jamoa o‘ynasa, “El klassika” deyilar ekan. Biri Barsani tanlabdi, ikinchisi Riyalni debdi. Xullas, bahs shartiga ko‘ra Sardorning jamoasi yutsa, o‘rtog‘i ikkita qo‘yni bahordan kuzgacha tekinga boqtirib beradigan bo‘pti. narigi jamoasi yutsa, Sardor bitta qo‘y beradigan bo‘libdi. Omad Sardorga boqib, ikkita qo‘yni yaylovga jo‘natibdi. Elning og‘ziga elak tutib bo‘ymaydi. Bu voqea onamga ham yetib kelibdi. Tabiyki, onam tog‘amga aytgan. Bir kuni ko‘chadan kelsam, ayvonda tog‘am, onam, so‘ppaygan Sardor o‘tiribdi. Ular bilan ko‘rishgach, gap ohangidan jiddiyligini bilgach, aralashgim kelmadi uyga kirib ketdim. Tog‘am nuqul tutoqib, asabiylashib, Sardorni urishar, onam indamay ko‘z yosh qilib o‘tirardi. Men uyda bo‘lsam-da, ovozlari bemalol eshtilib turardi.
– Xo‘sh, yutqazib qo‘yganingda nima bo‘lardi? – dedi tog‘am zarda bilan.
– Yutqazmasdim, yutqazsam yozi bilan ishlab, kuzda qo‘ylar qaytguncha o‘rniga tiklab qo‘yardim, – dedi xotirjam Sardor.
– Ey, seni gapga o‘qitgan o‘shani… Qaytib garov o‘ynaganingni eshitsam, nima qilishni o‘zim bilaman, eshitdingmi? Hayvon, rasvo… Birinchisi ham oxirgisi ham shu bo‘lsin. Tushundingmi, tushundingmi, deyapman. Senga aytayapman, ey, – dedi tog‘am baqirib.
Sardor miq etmasdi. Shunda tog‘am jahl bilan:
– Bor yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma, ahmoq, – dedi ovozi titrab.
Sardor uydan chiqib ketdi. Onam otasiz bola o‘stirish azobini aytib, yig‘lay boshladi. Shunda tog‘am onamni yupatish uchunmi, yo rostdan ham shundaymidi, bilmadim, har holda shunday dedi:
– Ke, xafa bo‘lovurma… Lekin shu Sardoring bo‘ladigan bola, – dedi onamga.
* * *
Bugun ertalabki voqea-chi, Sardorning o‘rtog‘laridan birining otasi tegirmon yurgazadi. Og‘aynisi o‘sha yerda ishlaydi. Sardorga “Bir qop bug‘doydan, yarim qop oppoq un chiqadi, lekin menga tegirmonda bir kecha yordamlashsang, yonimdan qo‘shib bir qop oppoq un qilib beraman”, debdi. Bug‘doyni velosipedga ortib ketayotgan Sardorni to‘xtatib:
– Bolam, ishlayman deb, o‘zingni urintirib qo‘ymagin yana, – dedi kuyinib onam.
– Nimalar deyapsiz, Jaqini o‘zi ishlaydi, biz buyoqda qarta o‘ynab, gap berib turamiz, – dedi Sardor qopni mahkamroq joylar ekan.
– Ie… hali qimor o‘ynaysizlarmi? – dedi onam kapalagi uchib.
– Qanaqa qimor, shunchaki zerikmaslik uchun qarta o‘ynaymiz, – dedi onamni tinchlantirib.
– Yo‘q, bormaysan. Tag‘in bir nimani boshlab yurmagin, akang boradi, – dedi onam battar xavotirlanib.
– O‘zim boraman, bo‘pti qarta o‘ynamayman. Menga ishonmaysizmi? Qarta o‘y-na-may-man bo‘ldimi? – dedi ukam onamning yuzlarga qarab.
Onam hech narsa deyolmay, turgan joyida qoldi.
* * *
To‘g‘ri, ehtimol, Saidaga munosib emasdirman. Lekin Sardor munosib deb, kim ayta oladi. Bahs boylashaman. Agar hozir tegirmonga borsak, aniq bilaman – ukam qarta o‘ynab o‘tirgan bo‘ladi, to‘g‘ri, puldanmas, gugurt cho‘pidan o‘ynashadi. Nima farqi bor? Qimor o‘ynamayotgandir. Lekin onamga qarta o‘ynamayman deb va’da bergan edi-ku, o‘z onasini aldagan bola qanday qilib yaxshi inson bo‘ladi. Bunga nima deysan, Saida ertaga seni ham aldamaydi deb kim kafolat beradi. Men seni baxtli bo‘lishingni xohlayman, xolos…
Tog‘amga ham tan bermadim. Shuncha gap-so‘zdan, so‘kishdan keyin “bo‘ladigan bola”ga balo bormi? Agar u to‘g‘ri qilgan bo‘lsa, nima keragi bor edi shuncha urishishni, asab, buzarlikni, undan ko‘ra “Barakalla – jiyan zo‘r qilibsan” deb maqtab qo‘yaqolsin edi. Kattalarga ham hayronsan – til boshqa, dil boshqa. Agar men tog‘amning o‘rnida bo‘lganimda Sardorni o‘lguday kaltaklardim, toki qizlarga ko‘rinolmay yursin. Keyin cho‘ponga qo‘yni boqqani uchun beriladigan pulni berib, jiyanim bir ahmoqlik qilib qo‘yibdi, deb uzr so‘rardim. Odam degan mard bo‘lishi kerak. Ammo… ammo tog‘amda ham ortiqcha pul yo‘qdir, uni ham tushunish kerak.
* * *
Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda juda go‘zal sinfdosh qizlar bo‘lardi. Nimagadir chiroyli qizlarning hammasi a’lochi, a’lochi qizlar hamisha chiroyli bo‘lishadi. Bunda qanday bog‘liqlik bor, aqlim yetmaydi. Sinfdagi eng go‘zal qiz Zarnigor edi. Uni hamma yigitlar yaxshi ko‘rardi, menga ham yoqardi. Unga hech qachon yaxshi ko‘rishimni aytmaganman, chunki meni nazariga ilmasligini bilardim. Hozir o‘ylab ko‘rsam, o‘sha Zarnigor ham sinfmizning eng bezorisi G‘affor bilan sevishar edi. Xuddi Sardor va Saidaga o‘xshab.
Avvallari Saida osmondagi yulduz bo‘lsa-da, xohlagan paytimda qo‘l cho‘zsam yetadiganday tuyulardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, unga sevgimni izhor qilishga shoshilmagandirman. Ehtimol. Endi-chi, u shu qadar olisdaki, unga yetmoq tugul bir qiyo boqish amrimaholga ham o‘xshab qoldi.
Eh, Sardor, Sardor, bolaligida suvga cho‘kib ketayotganda uni qutqarib qolgandim. Agarda uni qutqarmaganimda, cho‘kib ketganda, hozir sevgimga to‘g‘anoq bo‘magan bo‘larmidi? Kim biladi deysiz, agar u bo‘lmaganda Saida meni degan bo‘larmidi? Ey xudoyim, nimalar deyapman? Sevgi ko‘zimni ko‘r qildimi? O‘z ukamga, jigarimga o‘lim tilayapmanmi? Agar Sardorga biror gap bo‘lsa, onam bechora buni ko‘tarolarmidi? Keyin onamsiz nima qilardim? Muhabbat insonni tarbiyalaydi, ulug‘laydi, o‘zgartiradi, der edilar. Nega men borgan sari xudbinlashib, tubanlashib ketyapman.
* * *
Sardor bilan Saidaning munosabatlarini tahlil qila boshladim. Ularni qayerda, qachon, qanday holatda uchratardim… Bir-bir eslay boshladim. Bir kuni Saida bir qo‘lida bir chelak suv, ikkinchisida cho‘mich bilan Sardorni qarshisidan chiqib qolgandi:
“Suv ichasizmi?” – erkalangandi Saida o‘shanda. “Yo‘q” – degandi ataylab jig‘iga tegish uchun Sardor iljayib. “Mayli, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q” – degandi noz-karashmalar bilan Saida. “Hazillashdim, ke bitta ichay” – deb Sardor ko‘zlari kichraytirib, “Endi yo‘q, boshqalardan ichavering” – deb jo‘rttaga arazlab olgandi Saida. “Sen turganda boshqasiga bolo bormi?” – dedi Sardor uni nigohlari bilan erkalagandi. “Rostdanmi, gapingizda turasizmi?” – degandi Saida tabassum bilan suv uzatar ekan. O‘shanda ko‘zlarida baxt porlar edi. Ular yo‘l-yo‘lakay to‘qnash kelib qolsalar, yuzlarida qandaydir ko‘tarinki kayfiyat paydo bo‘lardi. Ular go‘yo Farhod va Shirin, Tohir va Zuhra, haqiqiy Sardor va Saida edilar. Nega bularni ilgariroq sezmadim. Men ular shunchaki tengdosh, sinfdosh, do‘st bo‘lganligi uchun ochilib-sochilib gaplashishar deb o‘ylar edim. Bilsam, shunchaki munosabat emas, balki muhabbat rishtalari bor ekan. Unda men bilan Saida o‘rtasida qanday munosabatlar bor edi?
U meni ko‘rganda qizarib, yerga qarab zo‘rg‘a salomlashib o‘tib ketardi. Xo‘sh bu nima? Nima bo‘lishi mumkin… Miyamga yashin tezligida bir fikr keldi. Bu bo‘lg‘usi kelinlarning bo‘lg‘usi qayinakalarga bo‘lgan munosabati emasmidi? Nahotki, shuni tushunmadim, bilmadim. Saida meni ham qayinota, ham qayinaka deb bilgan bo‘lsa, neajab. Shunchalik, shuqadar ham befahm, befarosat bo‘lamanmi? Shu qadar ham ahmoq bo‘ladimi? Ahmoq ham gapmi, ablahman, dunyoda eng yomonlarning yomoni. Axir Saidaga kitob kerak bo‘lsa, doim Sardor orqali so‘ratar edi-ku, nahot shuda ham anglamadim-a. Meni kechir Saida, meni kechir, Sardor, axir men o‘qigan kitoblarda bu to‘g‘rida yozilmagan, aytilmagan edi-da, kechiringlar.
* * *
Ertaga Sardor bug‘doyni un qilib keladi, Roziya xola jo‘natadigan do‘ltali saryog‘dan patir qilinadi. Indinga tog‘am devzira guruch olib keladi, undan keyin Sardorni urishqoq xo‘rozi so‘yiladi. Palovxonto‘ra, bayram qilinadi, tantanali kuzatish marosimi. Yo‘q… yo‘q… Men bunga munosib emasman. Ko‘zlarim tinib ketdi. Hammayoq zimiston, ichimda qandaydir bir kuch “sen ketishing kerak” deb hayqiradi. Hech kimni qo‘ziga ko‘ringim kelmayapti. Go‘yo bir katta xato qilganmanu boshqalarga bildirmaslik uchun hoziroq, shu tobda ketish, olislarga ketish kerak. Men shaharga borish uchun barcha narsalarni bir hafta oldin tayyorlab qo‘ygandim. Vaqt yarim tun, agar hozir yo‘lga chiqsamu, yo‘limdan och bo‘ri chiqib qolsa ham shak-shubhasiz ketishga tayyorman. Menda qandaydir g‘ayritabiiy kuch bor ediki, u ayni paytda hamma narsaga qodir go‘yo…
Sumkamni olib ayvonga chiqdim, taqur-tuqirni eshtib onam yugurib chiqdi. Onam meni bunday avzoyi buzuq holda hech qachon ko‘rmagan edilar. Nimadir ro‘y berganini sezdi shekilli…
“Qayerga, yo‘l bo‘lsin dedi” xokisor ovozi bilan. “O‘qishga dedim”, alamli ko‘zlarim bilan. “Qutlug‘ uydan quruq chiqib bo‘lmaydi, bolam,” deydi iltijoli ko‘zlari bilan. “Men quruq qolib bo‘ldim dedim”, norizo nazar bilan. “Yarim tunda yo‘lga chiqishning xosiyati yaxshi bo‘lmaydi bolam dedi”, sarosimali nigohlari bilan. “Men aynan shuni izlab ketyapman” dedim vajohatli qiyofam bilan.
Onam meni ilgarilari hech bunday ahvolda ko‘rmagan edilar. Shunga bo‘lsa kerak, bahsni davom ettirishdan tiyildi-da, huddi ibodatdagidek qa’da o‘tirib, qo‘llarini duoga ochdilar, men ham qo‘limdagi sumkamni yonimdagi stulga qo‘yib, tik turgan holda duoga qo‘l ochdim. Onam pichirlab duolarni boshladilar. Biroz vaqt o‘tdi shekilli oyoqlarim tola boshladi. Bu uxlamaganimdan bo‘lsa kerak deb o‘ylab, stuldan sumkani olib pastga qo‘ydim-da, stulga o‘tirib duoga qo‘l ochdim. Onam nigohlarini bir nuqtaga tikib hali ham duoda edilar. Endi qo‘llarim tola boshlagandi, tizzamga qo‘yib oldim. Onam bo‘lsa hali-hamon duo qilishda davom etardilar. Shunda “Bir katta Sahroi kabirga o‘xshash joyda bir to‘da olomon ko‘rindi, qandaydir hayqiriq eshitildi. Hamma shoshib qaygadir keta boshladi. Ovoz qaysi tomondan kelayotganini anglash uchun uyoq-buyoqqa qaradim, shunda kimdir menga turtilib o‘tdi”. Uyqu elitgan shekilli seskanib uyg‘onib ketdim. Qancha vaqt o‘tganini bilolmadim, qarasam onamning qo‘llari ochiq, pichirlab hali ham duo qilyaptilar. Darrov o‘zimni o‘nglab yana duoga qo‘l ochdim.
Onam keksa bo‘lsalar ham titroq qo‘llari shu paytgacha hech tolmaganiga hayron qoldim. Olis-olislardan azon ovozi kela boshladi. Bu tongdan, yangi kundan darak. Nihoyat onam qo‘llarini tabarruk yuzlariga tortib uzundan-uzoq duolarini yakunladilar. Onam “Balki endi niyatingdan qaytarsan deganday” menga tag‘in mehr bilan iltijoli boqib turardi. Mendagi vajohat qaygadir gumdon bo‘lgan, qandaydir shalvirab qolgan edim. Lekin shunga qaramay o‘zimga-o‘zim “baribir yo‘lga chiqish kerak” dedim.