Muhammad Sharif. Safar daftaridan hangomalar

O‘ZBEKISTON QAYDADUR?

Londonga kelganimdan keyin dastlab qiladigan ishim bankka borib hisob raqami ochish edi, shu sabab erta turdim. Mehmonxonaning chog‘roq oshxonasida nonushta qilish uchun hammadan birinchi bo‘lib tushibman. Yo‘q, bu kitoblarda o‘qiganim, kinolarda ko‘rganim an’anaviy ingliz nonushtasi emasdi: stolda inglizlar tuxumning uchini ayricha epchillik bilan piyolaning tagidek silliq kesadigan pichoq va tuxumdon tugul tuxumning o‘zi ham yo‘q edi. Javdar noni, sariyog‘, murabbo, sut va bo‘tqa uchun quritilgan meva bor, va albatta apelsin sharbati, qora choy va qahva.
Metrogacha ancha masofa. Londonning tirband va tig‘iz ko‘chalarini tasvirlash va his qilish uchun piyoda yurib ko‘rish kerak. Mashinadan esa xuddi televizorda ko‘rgandek bo‘ladi  kishi. Qadimiy binolar qad rostlagan tor, lekin batartib ko‘chalar, Londonning ramzlaridan biriga aylangan ikki qavatli qizil avtobuslar bekatlarga ketini ketiga ulab keladi. Harakat tig‘izligidan imillab yuradigan bu avtobuslarning orqa eshigi yo‘q, shoshilgan yo‘lovchilar yurib ketayotgan avtobusga ham sakrab chiqib oladi yoki tushib qoladi. Oltmishinchi yillardagi “Volga” avtomobiliga o‘xshab ketadigan, Blekkab deyiladigan qop-qora taksilar, son-sanoqsiz piyodalar va velosipedchilar oqimi ichida ketib boryapman, harakat yo‘lning chap tomonida bo‘lgani uchun boshim ham aylanayotganga o‘xshaydi, ayniqsa yo‘lni kesib o‘tishda, chunki biz yo‘ldan o‘tishda avvalo o‘ng tomonga qarashga o‘rganganmiz. Biror mashina tagida qolib, o‘lib ketmasaydim shu joylarda, deb qo‘rqaman. Lekin tez orada imillab yuradigan avtomobillardan ko‘ra yoningdan shamoldek g‘izillab uchib o‘tadigan velosipedchilar xavfliroq ekan, degan xulosaga kelaman.
Yo‘laklarda odamlar izdihomi, shovqin-suron, motorlarning tinimsiz guvillashi quloqni batang qiladi. Bunaqa shovqinda odam yo‘lini yo‘qotish u yoqda tursin aqlini yo‘qotib qo‘yishi ham hech gap emas. Lekin bir jihatdan dunyoga dong‘i ketgan shaharning qoq markazida ketib boryapman, degan o‘ydan kishining boshi yetti osmonga yetgandek bo‘ladi. Xullas, cheksiz hayajon, biroz hadiksirash va anchagina begonasirash. Shahardagi binolar aksar kulrang, ustiga-ustak havo hamisha tundligi bois osmon qo‘rg‘oshindek og‘ir tuyuladi va bu hol quyoshli o‘lkadan kelgan mendek bir musofirning yuragini biroz siqib turadi. Lekin kulrang osmonda baliqdek oppoq qornini jimirlatib samolyotlar to‘xtovsiz uchib o‘taverganidan kishi o‘zini xuddi dengiz tubida yurgandek ham his qiladi.
Metroning qizil liniyasidagi Holborn bekatidan chiqib, qo‘limdagi xaritaga qarab bankka tomon yo‘l oldim. Hamkasblarim “qaysi bankda hisob raqami ochish ixtiyoriy, lekin Lloyds banki xorijiylar bilan ishlashda ancha tajribasi bor” deb tavsiya bergandi. Piyoda o‘n besh daqiqalik yo‘ldan keyin o‘rta asr ingliz me’moriy obidasi hisoblanmish binoda joylashgan bankka yetib keldim.
Bank xodimlaridan biriga yaqinlashib nima maqsadda kelganimni aytdim. Xodim xushmuomalalik bilan biroz kutib turishimni aytdi. Besh daqiqalardan so‘ng yosh, ko‘hlikkina bank xodimasi qo‘lida qora jildi bilan kelib meni hashamatli zalning chap tomonidagi kompyuterlardan biri yoniga taklif qildi. Shaxsiy hujjatlarimni olgach, bir talay qog‘ozlarni to‘ldirish asnosida turli savollar bera boshladi. Onangizning turmushga chiqmasidan avvalgi familiyasi qanday deya so‘raganida chinakamiga ajablandim. Ularda tartib-qoida shu ekan. Keyin xodima mendan qaysi mamlakatdansiz, deb so‘radi.
“O‘zbekistondanman”, dedim faxr tuyub.
U mening yuzimga bir tikilib oldi va hech narsa bo‘lmagandek savolini takrorladi:
“Qaysi mamlakatdan kelgansiz deb so‘rayapman”.
Men ham uning yuziga tikilib oldim va talaffuzimni iloji boricha inglizlarga yaqinlashtirib:
“Uzbekistan”, dedim.
Qizgina tushmagur hech narsa bo‘lmagandek yoki mening gapimni eshitmagandek yana o‘sha savolni takrorladi.
Men ancha baland pardada “Uz-be-kis-tan”, dedim hijjalab.
U mening yuzimga qarab jilmaydi, lekin bu jilmayish unga malol kelayotgani shundoq ko‘rinib turardi.
“Men sizdan mamlakatingiz nomini so‘rayapman. Mana masalan, men Britaniyalikman, millatim ingliz, mamlakatim Britaniya”.
Shundagina men gap nimadaligini tushundim. Qizgina tushmagur jo‘g‘rofiyani maktabda yaxshi o‘qimagan yoki keyingi yillarda dunyo xaritasida yuz bergan olamshumul o‘zgarishlardan butkul bexabar. Meni esa ingliz tilini tushunmayapti, deb o‘yladi chog‘i. Men endi unga boshqacha tushuntirish majburiyatini sezdim.
“Mening millatim o‘zbek, mamlakatim O‘zbekiston, bundan roppa rosa olti yil avval mustaqillikka erishganmiz, avval sobiq Sovet Ittifoqi respublikalaridan biri bo‘lganmiz. Jo‘g‘rofiy jihatdan mamlakatim Markaziy Osiyoda joylashgan”.
Bu gaplarimdan keyin qizgina kompyuterini biroz titkiladi, mening ham ko‘nglim joyiga tushgandek bo‘ldi. Biroq, ne ajabki, bank xodimasi yana o‘sha-o‘sha avvalgi nigoh ila eski savolini takrorlab turibdi-ku!
Bosiqlik bilan yana o‘sha javobni takrorladim. U mendan O‘zbekiston nomini ingliz tilida yozib berishimni so‘radi. So‘ng kompyuterni biroz titkilagach, boyagi savolomuz nigohi bilan menga  tikilib qoldi. Shunda u tomonga engashib kompyuterida jahon  mamlakatlari ro‘yxati turgani va unda Qozog‘istonga ko‘zim tushdi.
“Qarang, mana Qozog‘iston! Bu davlat bizga qo‘shni bo‘ladi, chegaradoshmiz, u ham sobiq Ittifoqdan ajralib chiqqan mamlakat, demak kompyuteringizda O‘zbekiston ham bor,” dedim ancha dadillashib.
U esa soatiga bir qarab oldi, demak shoshilyapti, boshqa mijozlar kutmoqda chog‘i.
“Bilasizmi, hisob raqami ochish uchun aslida mamlakatning u qadar ahamiyati yo‘q, keling sizni Qozog‘istondan deb yoza qolaylik, aytdimku, bu judayam ahamiyatsiz,” dedi u menga umidvor mo‘ltirab.
“Kechirasiz, lekin bu men uchun judayam ahamiyatli,” dedim unga qat’iy qilib. Keyin “agar mumkin bo‘lsa kompyuteringizga shundoq ko‘z tashlasam maylimi”, deya so‘ragan edim, u rozi bo‘ldi. Men kompyuter tugmachasidan pastga qaratilgan belgini beto‘xtov bosib ro‘yxatning oxiriga keldim:
“USA
Uruguay
Uzbekistan”
“Mana O‘zbekiston”, dedim unga yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘lib, va ayni paytda cheksiz g‘urur bilan.
Qizgina bir muddat so‘zsiz qotdi.
“Buni qarang-a, oxiri topdik-a!,” dedi ming bir xijolat ila jilmayib. Bu gal uning jilmayishida samimiylik bor edi.
Bankdan chiqar ekanman qizginani nafaqat jo‘g‘rofiya, balki jahon siyosiy maydonidagi ulkan o‘zgarishdan boxabar etganimdan o‘zimcha xursand edim.  

London. 1997 yil

“WELCOME TO LONDON!” YoKI HAMMA YO‘LLAR HAM RIMGA ELTMAYDI

Men yashayotgan to‘rt qavatli, xonalari tor va zinalari tik Bamont Hauz nomli kichik mehmonxona Londonning markazi, sayyohlar shaharchasida joylashgan. Sayyohlar shaharchasi deyishim boisi, atrof to‘la mehmonxonalar, eron, arab, turk va yana bir qancha milliy restoranlar bilan gavjum, ko‘chalar sayyohlarga g‘ij to‘la.
Mehmonxonaga dastlab qo‘ngan kunim eshiklarning ko‘pligi meni hayratga solgandi. Ko‘cha eshikdan kirib ikkinchi qavatdagi xonamga yetguncha sakkizta eshikni ochib-yopdim. Bizda buning uchun faqat ikkita eshikni ochish kifoya. Keyin bilsam bu yong‘in xavfsizligi uchun qilingan ekan. Ikkinchi qavat deyishim ham bu o‘rinda noto‘g‘ri, inglizlar birinchi qavatni “graundflor” ya’ni, yerqavat deb, sanoqni ikkinchi qavatdan boshlar ekan.   
Ko‘chaga chiqilsa, Bobil minorasi qurilayotgan zamonga kelib qoldimmi, deb o‘ylaydi kishi. Bu dunyoda neki til bo‘lsa barchasi birdek qulog‘ingga chalinayotgandek bo‘ladi. Ayniqsa, metroga tushishda, do‘konlar, restoranlar yonida bir paytning o‘zida o‘nlab tillardagi so‘zlashuvlar eshitiladi. Kim qaysi tilda gapirayotganini anglash tugul bu tillarning ohangini ilg‘ashning o‘zi bir muammo.
Bu yerga kelganimning birinchi yakshanbasida Kvinsvey atrofidagi ko‘chalarda daydib, sayyohlar shaharchasini o‘zimcha kashf eta boshladim. Har qadamda hayrat, har burchakda bir yangilik, biroq bu hayajonli taassurotlarni o‘rtoqlashay desang o‘z tilingda gapiradigan biror tanish yo‘q. To‘xtovsiz va cheksiz taassurotlardan ba’zan miya zo‘riqib, shuurimda himoya qobig‘i hosil bo‘ladi, zavqlanish o‘rniga barcha narsaga tund qarash boshlanadi. Keyinchalik Londonda yashab qolgan jo‘ram Xayrullo kelganidan so‘ng bu ko‘chalarni qaytadan kashf qilib chiqqanmiz, albatta. Biroq hozir yolg‘iz edim. Londonni “zabt” etgan ilk o‘zbeklardan biri bo‘lmish Hamid akaga qo‘ng‘iroq qilib hayajon va hayratimni aytishdan iymanardim.
Bir kiyim do‘koniga kirib borgan edim, sotuvchining qiyofasi o‘zimiz tomonlarning odamini eslatdi. U ham meni ko‘rib kimnidir esladi chog‘i yuziga iliqlik yugurdi. Markaziy Osiyo yoki bizga yaqin mintaqadan, yuz-ko‘zi o‘xshab turibdi-ku, musulmon bo‘lsa kerak, bu ham bo‘lmasa musofirligi aniq deb o‘yladim. Mendan avval u gap boshladi.
“Ha, hamyurt, qayerdansan?”
“O‘zbekistondan, o‘zingchi?”
“Afg‘onistondan…bizda o‘zbeklar ko‘p”
“O‘zbekcha bilasanmi?”
“Bir-ikki so‘z ayta olaman, lekin o‘zbekcha gapirsang oz-moz tushunaman. Nima qilib yuribsan bu yerlarda?”
“Olti oyga kelganman. O‘zingchi, qachon kelgansan?”
“Akam bilan birga Afg‘onistondan chiqib ketganimizga besh yil bo‘ldi. Avvaliga Frantsiyada yashadik. Ikki yil bo‘ldi bu yerga kelganimizga.”
“Yurtingni sog‘ingandirsan?”
“Nima desam ekan, u yerga qaytib borishni tasavvur ham qila olmayman, urush, hamma tomon vayrona, xarob bo‘lgan. Hozircha shu yer yaxshiroq menga. O‘zingchi?”
“Kelganimga ikki kun bo‘ldi, hoziroq yurtimga qaytib ketgim kelyapti”.
“Ha, yolg‘iz bo‘lsang qiyin bo‘ladi, zeriksang kirib turgin. Narigi ko‘chadagi do‘konda ham afg‘onlar bor”.
U bilan xayrlashib ko‘chaga chiqdim. Yana olomon, rang-barang qiyofalar, ajabtovur hidlar, turli tillarda gurunglar…
Mehmonxonadan chiqib besh daqiqa yurilsa, Londoninng markaziy ko‘chalaridan biriga chiqiladi. Yo‘lning narigi beti kattakon park – mashhur Hayd Park. Adl qayinlar, zarang va arg‘uvonlar tig‘iz, yam-yashil xiyobon,  o‘rtasida sayozroq bir ko‘l. Ko‘lda oqqushlar, g‘ozlar va o‘rdaklar suzib yuribdi, tepasida chag‘alaylar tinimsiz charx uradi. Yo‘laklardan olmaxonlar chopqillab o‘tib qoladi, ba’zan taqqa to‘xtab, yo‘lovchilarga bir lahza tikilib oladi-da, yana zabardast qayin daraxti tanasidan tepaga tirmashib, qalin shoxlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Xiyobonning bir chetida o‘sha paytlar “Xalq malikasi” deb nom qozongan malika Diana yashaydigan qasr qad rostlab turibdi. Park markaz tomon bir-ikki chaqirim cho‘zilgan bo‘lib, u boshqa bir parkka ulanib ketar ekan. Ko‘llarning esa sanog‘i yo‘q. Maysazorning yashilligidan ko‘zlar jimirlab ketadi.
Biror kun Beysvoterdagi sport kiyimlari do‘konidan  ertalab yugurish uchun zarur bo‘lgan ust-bosh sotib olishga qaror qildim. Hartugul malika Dianani ham ko‘rib qolarman. Qolaversa, erta tongda shudring bosgan ko‘m-ko‘k maysazorda chopish, yovvoyi yong‘oq mevalarini terayotgan olmaxonlarni hurkitib o‘tish, qarshingdan yugurib kelayotganlarning jilmayib bosh irg‘ashiga javoban kulib qo‘yish, ko‘l bo‘yida biroz nafas rostlab, chirpirak uchayotgan chag‘alaylarni tomosha qilishga ne yetsin.
Men tushga qadar parkni bir-boshdan aylandim. Tushdan keyin bog‘nning markaziy Oksford Strit ko‘chasiga tutash burchagidan chiqdim. Oksford Strit Londonning eng gavjum savdo ko‘chalaridan, har ikki yuzi dunyoning dong‘i ketgan brendlariga qarashli do‘konlarga to‘la: “Debenham”, “Marks end Spenser”, “Gap” kabi.
Ko‘cha tirband, yo‘laklarga odam sig‘maydi, bu taloto‘pu olomonni ko‘rgan kishi beixtiyor yerning kindigi shu yerda bo‘lsa kerak, degan o‘yga boradi.
Do‘konlarga kirmay faqat ko‘chadagi harakatni biror soat kuzatgach, ortga qaytdim. Yotoqxonagacha ikki metro bekati bor ekan, piyoda yurishni ma’qul ko‘rdim, kalamushdek yer tagida yurgandan ko‘ra, ko‘chalarni tomosha qilib ketishga nima yetsin. Lekin bir chaqirim yurgandan keyin charchaganimni sezdim, qadamimni sekinlatib, katta yo‘l yoqasidan bamaylixotir keta boshladim. Bir payt yonimga qora “Mersedes” kelib to‘xtadi va haydovchi meni ishora bilan o‘ziga chorladi.
Qiziq, Londonda “Mersedes” minib yuradigan tanish orttirishga ulgurganim yo‘q edi. Lekin baribir mashina yoniga bordim. Haydovchi tim qora ipak kostyum-shimda, to‘q havorang ko‘ylak va alvon shoyi galstuk taqqan, sochlari silliq taralgan va gel surtilgani tufayli yaraqlab turibdi. Bank xodimi bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
“Italyano?” dedi u menga qarab.
“No”, dedim unga.
“Ispanola?”
Uning mushkulini oson qilish uchun “O‘zbek” dedim.
Tabiiyki, u hali o‘zbekni uchratmagan chog‘i ancha tushuntirishga to‘g‘ri keldi.
“Sobiq Sovet Ittifoqini bilasanmi, o‘sha imperiyaning bir katta bo‘lagi edik, hozir mustaqil bo‘lganmiz, bilmagan bo‘lsang bilib ol, O‘zbekiston”.
Sobiq ittifoq nomini eshitgandan so‘ng u qayerdandir o‘rganib olgan bir-ikki ruscha so‘zlarni aytdi:
“O, drug, tovarish!”
Uning kallasida ne reja borligini bilolmay betoqat bo‘lganimdan “Tezroq maqsadingni ayta qolgin, shoshib turuvdim,” dedim.
“Buni qara, mening rus do‘stlarim ko‘p edi, sen ham o‘sha tomondan ekansan, mayli hozir boshqa-boshqa mamlakat bo‘lsalaring ham avval bitta bo‘lgansizlar-u. Buni qara-ya, deyarli do‘st ekanmiz. Bilasanmi, men italyanman, hozir o‘z shahrimga, Rimga ketyapman”.
Harqalay, Rimga qanday borsa bo‘ladi deya yo‘l so‘ragani to‘xtatmagandir, degan fikr yashindek o‘tdi. U gapida davom etdi:
“Bilasanmi!? Benzinim juda oz qolgan, Rimga borish uchun hali menga ancha benzin kerak. Xullas, benzin olishga pulim ham tugab qolgan, qarz oladigan tanishlarim yo‘q. Senga o‘xshagan musofirman”.
Angliya orol mamlakat bo‘lsa, mashinasini dengizning ustidan haydab o‘tmoqchimi, degan fikr yarq etib xayolimdan o‘tdi.  
“Yo‘q-yo‘q, sendan qarz so‘ramoqchi emasman”,  gapida davom etdi u: “Menda ikkita toza teridan tikilgan kurtka bor. Agar shularni sotib olsang, og‘irimni yengil qilgan bo‘larding. Mana, qara biri “Versachchi”, ikkinchisi “Armani”. Do‘konda bu kurtkalarning har biri oltmish besh paunddan turadi, sen esa ikkovi uchun oltmish paund bersang bo‘ldi”.
U oxirgi fasonda tikilgan biri qora va ikkinchisi to‘q jigarrang charm kurtkani ko‘rsatdi. Tomdan tarasha tushgandek bu taklifga nima deyishimni bilmay avval hayron qoldim, keyin bu yerda bir gap bo‘lsa kerak degan shubhaga bordim. Boya uning so‘zlarini qiziqish bilan tinglagan bo‘lsam, birdaniga undan ko‘nglim sovib ketdi.
Meni ahmoq qilmoqchi, yo kurtkalar aslida bir chaqaga qimmat yoki uning kallasida boshqa bir reja bor. Ehtimol uning hozir Rimga ketayotgani g‘irt yolg‘on, lekin niyati bor-yo‘g‘i o‘sha kurtkalarni soliqdan tashqari sotish bo‘lgandir. Mayli, agar keyingi gal uchrab qolsa shu odamning ko‘ngli uchun birortasini sotib olganim bo‘lsin, deya xayolan o‘zimni ovutdim. Bu voqea tufayli ko‘zimga endi iliq ko‘rina boshlagan London yana o‘sha tund va sovuq holatiga qaytdi.
O‘ylanib qolganimni ko‘rib uning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shildi, kurtkalarni yana maqtay ketdi. Yonimda pulim yo‘qligini aytib, gapini cho‘rt kesdim va o‘z yo‘limga keta boshladim. U esa mashinasini o‘t oldirib, men bilan baqamti haydashga o‘tdi.  
“Yoningda bo‘lmasa, bankingda bordir, o‘tir mashinaga, yaqinroqdagi bankomatga boramiz”, dedi oynadan kallasini tashqari chiqarib.
Shunda tomog‘imga achchiq bir nima tiqilgandek bo‘ldi, rostmana jahlim chiqdi.
“Bankda ham pulim yo‘q”, dedim unga.
“Bu yerda pulsiz yashash mumkin emas-ku, qanday tirikchilik qilyapsan?”
Uning xira pashshadek yopishib olgani achchig‘imni o‘n chandon oshirdi. Beixtiyor metro bekatlariga tushishdagi “Beware of pickpockets!” (Cho‘ntakkesarlardan ehtiyot bo‘linglar!) degan yozuvlar ko‘z oldimga keldi. Uning yoniga yaqinroq bordim va engashib, asta qulog‘iga shipshidim:
“Cho‘ntak kesaman”.
Uning ko‘zlari qinidan chiqib ketayozdi, mashinasini bo‘kirtirib gaz bosgancha xayr-mazurni nasiya qildi. Yaraqlab turgan yangi “mersedes” ortidan tikilgancha kulib yubordim. Bu Londonga kelganimdan buyon ilk marta kulishim edi. So‘ng xuddi Hollivud kinolarida ko‘rganimdek “Welcome to London!” deb qo‘ydim.

London, 1997 yil.

“MAMMA MIA!”

Krismis, ya’ni, Mavlud bayrami kunlari butun Britaniya ko‘zni qamashtiradigan yaltir-yultur chiroqlarga ko‘milib deyarli bir hafta dam oladi. Odamlar haftalik oziq-ovqatni oldindan g‘amlab oladi, chunki do‘konlar surunkasiga taqa-taq yopiladi. Ichadiganlarning kuni tug‘adi: ishga chiqmay bir hafta ichadi ko‘pchilik. Ijarada turgan joyimda qo‘shnim bor edi, Chandra degan, asli Shri Lankalik hind ayol. Doktor bo‘lgani uchun ko‘p foydali maslahatlar olib turardik. Kichkina xususiy shifoxonasi bor edi. Suhbatlashib qolsak, nuqul inglizlarni yomonlardi:
“Odammas bular! Ichishdan boshqa narsani bilmaydi. Shuning uchun men birorta inglizni ishga olmayman. Mana o‘zing ayt, ijaraga uy qidirishda rosa qiynaldingmi? Ha, ana! Bolang borligini eshitsa, birortasi seni ijaraga qo‘ymaydi. Yo‘q, bularga bolang emas, it-mushuging bo‘lsa yaxshiroq. Chunki bolalar devorning qog‘ozguliga surat solishi yoki yirtib yuborishi, oromkursi ustiga chiqib sakrashi mumkin-da. Ustiga ustak erta-kech do‘pir-do‘pir yugurib qo‘shnilarni bezovta qiladi. It-mushuk bo‘lsa aytgan joyingda turadi, xarxasha qilmaydi. Bularning aksariyati, ayniqsa, keksa yoshdagilari bolalarga xuddi o‘zga sayyoradan kelib qolgan mavjudotdek qaraydi. Bular nevara boqmaydi-da, shu sabab ko‘pchiligi hatto bolalardan qo‘rqadi.”
Yoshi oltmishlarga yaqinlashib qolgan, siyrak moshkichiri sochlari doim patrab turadigan, biroz bukchayib, lekin dadil qadam tashlaydigan, zumrad rangli  “Toyota-Korolla” xechbek mashinasiga o‘tirganida kallasi zo‘rg‘a ko‘rinib tursa-da, gazni qo‘rqmasdan guvillatib bosadigan bu kampirning so‘zlarini tinglab turar ekanman, biroz oshirib yubormadimikin, deya mulohaza qilaman. Lekin o‘zim ijaraga uy qidirganda duch kelgan qiyinchiliklar, har tong turib ijara e’lonlari chiqadigan, sariq qog‘ozda chop etiladigan, bir paundlik “Loot” degan gazetani shoshilinch varaqlab, aksar e’lonlar shartida “No children” degan yozuvga ko‘zim tushib jig‘ibiyron bo‘lgan paytlar yodimga tushadi. Ko‘chada bir emas, besh-oltita it yetaklab yuradigan kampirlarni eslab, Chandra xonimning gapida ham jon bor, deyman.
Indamay uning so‘zlariga quloq solib turganimni ko‘rib, kampirsho gapida davom etadi:
“Mana, Krismis kelyapti, bu yerdagi ichuvchilarga xudo beradi. Bilasanmi, ba’zi inglizlar shunaqangi ichadi-ki, puli qolmasa, birovning uyiga tushib, bor-budini ko‘tarib chiqib, sotib ichadi.”
“Chandra xonim, siz o‘zingiz shu mamlakatga kelib doktorlik maqomini oldingiz, olti o‘rinlik xususiy shifoxonangiz bor, yaqinda qizingiz ham yangi shifoxona ochganini aytgandingiz. Bir muhojir bu yurtga kelib erishgan daraja shunchalik bo‘lar-da, bu sho‘ring qurg‘ur inglizlarni namuncha tanqid qilasiz?” degan gap tilimning uchida turadi, lekin indamayman, mayli, bir dardini to‘kib solsin, deyman. Kampir esa muddaoga ko‘chadi:
“Qizim yangi shifoxona ochganini senga aytgan edim. Hali ishga tushmagan, lekin yaqinda ta’mirdan chiqardik, hamma narsasi taxt. Men qizim va kuyovim bilan besh kunga Shri Lankaga ketyapman. Sendan iltimosim shuki, har kuni kechqurun borib bir xabar olib kelsang, chirog‘i yonib-o‘chib tursa, uyda odam borligi bilinib turardi, o‘g‘rilar yaqin kelmasdi. Aytdimku, bu Krismis payti daydi va alkashlar ichkilik uchun hech narsadan toymaydi. Shuni sendan iltimos qilishni o‘ylab yuruvdim. Bu yerdan uzoq emas, benzin pulingni ham to‘layman. Qani ayt, nima deysan?”
Doktor bo‘lgani uchun kampirga ishimiz tushib turadi, qolaversa, aytgan joyi uzoq ham emas ekan, rozi bo‘ldim. Ertasiga Chandra xonim ikki qavatli, Viktoriya rusumida qurilgan bejirim binodagi yangi shifoxonasini ko‘rsatdi va menga kalitini qoldirdi.
Har kuni kechqurun boraman, xonama-xona yurib, bezaklarini tomosha qilaman. Ijaraga zo‘rg‘a uy topgan paytlarim yoddan ko‘tarilib begona yurtda besh xonali, bizda villa deyiladigan uyning xo‘jayinidek his qilaman o‘zimni. Hech qursa to‘rt kun shu uyga xo‘jayinlik hissini sovg‘a qilgani uchun Chandra xonimga xayolan rahmat aytaman.
Yigirma beshinchi dekabr Mavlud bayrami kuni, inglizlarda sovg‘a-salom ulashish va ziyofatlar pallasi, kim eng katta kurka tovuq pishirgani haqidagi bahslar avjida. Shu kuni kechqurun menga ishonib topshirib ketilgan uyga soat o‘ndan keyin bordim. Xonama-xonib kezib, “xo‘jayinlik” hissiga to‘yganimdan keyin ijaragohga qaytdim. Yo‘lning ikki cheti bora-borguncha bir-biriga deyarli tirkab qo‘yilgan turfa rusumdagi avtomobillarga to‘la bo‘lsa-da, ko‘chalarning o‘zi bo‘m-bo‘sh, na bir tiq etgan tovush bor, na bir harakat qilgan mashina, na biror odam zoti ko‘rinadi, hamma uyidan chiqmay ziyofat qilib yotgan. O‘zimni hatto ko‘chaga ham xo‘jayin sezib, tor, lekin charog‘on ko‘chalardan yaqinda 300 paundga sotib olgan “Ford” kompaniyasining ikki eshikli, lekin to‘rt o‘rindiqli alvon rang “Fiesta” mashinasini guvillatib haydayman. Ha aytgancha, bizda ikki eshikli deyilsa-da, inglizlarda uch eshikli deyiladi, orqasidagi tepaga ko‘tarilib ochiladigan eshigi ham hisobga o‘tadi.
Bu mashinani bir qora tanli olibsotardan olganimga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q edi. Mashinani olgan kunim maqtanib qo‘yish uchun Hamid akaga qo‘ng‘iroq qilgandim. Kechqurun Hamid aka mashinamni ko‘rgani kelganida “Londrada mendan keyin mashina olgan ikkinchi o‘zbek siz bo‘ldingiz” degani yodimda. Britaniyada harakat yo‘lning chap tomonida bo‘lgani bois dastlabki kunlari rosa qiynaldim. Faqat tunda chiqaman mashina haydagani, chap tomonlama harakatga ko‘nikishim kerak-ku. Chorraha va burilishlarga kelganda o‘zimizning odatga ko‘ra yo‘lning o‘ng tomoniga o‘tib ketganimni bilmay qolgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Shu paytlar qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashina haydovchilari qolib, yo‘lakda sayr qilib yurgan ingliz cholu kampirlar ham menga baqirgan paytlari bo‘lgan. Eslasam, hozir ham xijolatga tushaman, lekin yurak ham bo‘lgan ekan-da o‘sha paytlar, deb qo‘yaman tasalli uchun.
Xullas, kimsasiz ko‘chadan ketib borayotgan paytim yo‘l chetida uch-to‘rt chog‘li odam qorasi ko‘rindi. Ulardan ikkitasi mening yo‘limga chiqib, to‘xtatish uchun qo‘l silkiy boshlashdi. Ikkovi ham davangirdek, gandiraklab yo‘lga chiqib keldi.
“Ana, Chandra xonim aytgan alkashlar shular bo‘lsa kerak”, deb o‘yladim-da, to‘xtamay g‘izillab o‘tib ketdim. Ularning ortimdan baqirib qolganini ko‘zgudan kuzatar ekanman, yo‘lakda yana bir ayol va zo‘rg‘a qadam tashlayotgan qari kampir borligini ham ilg‘ab qoldim. O‘z-o‘zidan tormozni bosdim. Mashina g‘iyqillab to‘xtadi. Ortimga o‘girilmay, ko‘zgu orqali bu odamlarni sinchiklab ko‘zdan kechirdim. So‘ng mashinani ortga haydab, ularga yaqinlashdim. Davangirlardan biri eshikni ochdi:
“Salom og‘ayni. Yo‘ling shu tomonga bo‘lsa, iltimos bizni ola ketgin. Qara! Ko‘chada ulov tugul odam zoti ko‘rinmaydi. Biz shu yerdan bir chaqirim narida turadigan akamning uyiga ketyapmiz.”  
Kampir oldi o‘rindiqqa o‘tirdi, ikki davangir va bir ayol orqa o‘rindiqqa zo‘rg‘a sig‘di. Anchagina cho‘kib olgan eski mashinam po‘rillab o‘rnidan qo‘zg‘alishi bilan yelkamga gurzidek qo‘l tarsillab tushdi:
“Rostini ayt, og‘ayni, to‘xtamoqchi emasding, onamni ko‘rib qolib qaytib kelding-a?”
Devdek odamning meni o‘ziga yaqin olib samimiylik bilan qilgan qilig‘idan yelkam og‘rib, g‘ashim kelsa-da, uning bayramona kayfiyatini buzmay bosh irg‘ab qo‘ydim.
“Ana ko‘rdilaringmi!? Men aytdimku, keksa onajonimizni ko‘rib bu yigit shuncha uzoqdan ortiga qaytib keldi. O‘zimizga o‘xshagan qariyalarni ardoqlaydigan yurtdan shekilli. Og‘ayni qayerdansan?”
Albatta, ularga O‘zbekiston qayerda joylashgani va qisqa tarixi haqida gapirib berishga to‘g‘ri keldi. Bir qahva ichgulik vaqt o‘tmay eshigi to‘q sariq, devorlari to‘q qizilga bo‘yalgan uy yonida to‘xtadik. Ular mashinadan qiynalib chiqishdi. Yelkamga qo‘l tashlagan davangir “Og‘ayni ketib qolmay tur, seni akamga tanishtirmoqchiman”, dedi.
Eshik ochilib, ichkaridan bu ikki davangirdan ham gavdali, yelkasidagi paylari futbolkasi choklarini so‘kkudek bo‘rtib turgan kishi chiqib keldi. Shu asnoda issiq hovur ichkaridan achchiq hind ziravorlari va mayonezga bo‘ktirib pishirilgan mazali kurka go‘shti hidini tashqaridagi dekabrning sovuq va namchil havosiga olib chiqdi-yu, atrofga duv taratib yubordi. Uch aka-uka xushchaqchaq baqirib-chaqirib, quchoqlashib ko‘rishdi, kampirni qo‘lidan asta yetaklab ichkari olishdi. Keyin haligi davangir akasiga meni maqtay ketdi.
Avval bularning hoy-hoylashiga qaramay to‘xtamay yonidan g‘izillab o‘tib ketganim, keyin imillab kelayotgan keksa onaxonni ko‘rib qolib, allaqancha uzoqdan erinmay mashinamni ortga tisaltirib kelganimni zavq bilan gapirdi. Davangirlarning kattasi men bilan quchoqlashib ko‘rishdi, ichkari taklif qildi, biz bilan bayram dasturxonida o‘tirgin, xursandchiligimizga sherik bo‘l, dedi. Men uyda oilam kutib qolganini aytib ko‘nmadim. Pul bermoqchi bo‘ldi, yana ko‘nmadim: o‘zi yo‘limning ustida ekan, arzimagan ish.
Shunda u shoshmay tur, deya tor yo‘lakda chopayotgan bolalarni boshidan bir-bir ushlab chetga surib, xuddi belga urib qolgan  ekinni payhon qilmaslik uchun egatda hali o‘ng hali chap o‘girilib ketayotgan dehqondek ichkari kirib ketdi-da, keyin qo‘lida bir shisha Shotland viskisini ko‘tarib chiqdi.
“Mana buni uyingga borganingda onajonimga ko‘rsatgan marhamating evaziga ichgin, onajonim sog‘lig‘i uchun ham bir marta ko‘tarsang, yana minnatdor bo‘lamiz”, dedi u. Keyin uchovlon quyuq xayrlashdi.
Kimsasiz ko‘chada yana mashinamni yeldek haydayman, yuz bergan voqea tufayli ko‘z oldimga Chandra xonim keladi.
“Chandra xonim, mana bular ham juda siz aytgandek odamovi emas ekan. Ona izzatda, uy tala farzand. Besh qo‘l barobar emas, degan o‘zbek maqoli hamma yerda ham birdek ekan”, kabi gaplar xayolimdan o‘tadi va vag‘illatib gaz bosaman, ko‘nglim toshadi, qishloqda qolgan onajonim yodimga tushadi.

Palmers Grin, London, 1999 yil.


HARLEYChI BAYKER METAFORASI

Milvoki shahri AQSh va Kanada chegarasidagi Buyuk ko‘llardan biri, Michigan ko‘lining sohilida joylashgani tufayli dengizbo‘yi shaharlari kabi erta-kech sovuq shamol esib turishi va kuchli yomg‘irlari bilan esda qoladi. Lekin ko‘l iqlimi bois bu yerlarda qish iliq kelsa-da, qor qalin yog‘adi, deyishdi.
Shaharning nomi hindular tilida Millioke, ya’ni “fayzli o‘lka” yoki “suv yoqasidagi qo‘nalg‘a” ma’nolarini berar ekan.  
Milvokining yana bir esda qolarli jihati – bo‘m-bo‘sh ko‘chalar. Bejirim va orasta bu shahar markazi aksar talabalar tufayligina gavjumga o‘xshaydi. Mashhur Markvet universiteti talabalari ko‘chaga chiqmasa, shahar xuddi huvillab qolgandek.
Dengizmonand ko‘l tufayli baliqchilik yaxshi rivojlangan, juma kunlari barcha restoranlarda dasturxonga fish fray, ya’ni  qovurilgan baliq tortiladi. Shaharda  dastlab olmonlar kelib pivo pishiruvchi korxonalar ochgani uchun hozirga qadar ularning an’anasi saqlanib qolgan. Ikki asr avval Milvoki “Pivo shaharchasi” nomi bilan ham tanilgan ekan. Mashhur va qadimiy Leykfront pivoxonasida arpa va bug‘doydan tashqari oshqovoqdan ham pivo pishirilishini ko‘rdik, ta’mi chuchuk, lekin yoqimli.   
Shaharning sayyohlar uchun diqqatga sazovor deya hisoblangan yana bir manzili tashqaridan kichkina, lekin ichkariga kirilsa xonalari hashamatli va zinalari keng uch qavatli, hozirda muzeyga aylangan tarixiy bino ekan. Uyni ikki yuz yillar avval olmon dengiz kapitani qurdirgan va xonadonida shaharning kazo-kazolariga ziyofat berishni odat qilgan ekan. Ikki yuzi o‘zimizning “besh yulduz” olmadek qip-qizil, semizligidan harsillab, baqbaqalarini silkitib, zavq bilan gapiradigan keksa olmon xonim bizni xonama-xona yetaklab, har bir narsaga batafsil ta’rif beradi.
“Mana bu vannada kapitanning o‘n yetti yashar qizi cho‘milib, keyin mana bu toshoynaga qarab sochlarini taragan,” deydi u gap orasida ko‘zguga qo‘l tekizmoqchi bo‘lgan hindistonlik hamkasbimga betakalluf tanbeh berib. Xonimning ortidan kapitan qizlari yotog‘iga o‘tar ekanmiz hind hamkasbim menga asta shipshiydi: “Ikki yuz yillik yodgorlik… biz esa ikki ming yillik obidalar o‘lkasidan kelganmiz…”
Keyingi kuni Medison tibbiy ilmgohida saraton kasaliga qarshi kurash yo‘lida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdik. Ilmiy laboratoriyada sun’iy o‘stirilayotgan inson hujayrasini zarrabin orqali ko‘rdik. Agarda shunday hujayra o‘stirish yo‘lga qo‘yilsa, saraton kasaliga davo topish mumkin bo‘ladi, deyishdi amerikalik olimlar.  
Markvet universiteti jurnalistika fakultetida bizni, ya’ni, Osiyo va Janubi sharqiy osiyo mamlakatlaridan kelgan jurnalistlarni juda iliq kutib olishdi, dars jarayonini kuzatib o‘tirishga taklif etishdi. Darslar erkin o‘tilar ekan, talabalar dars payti qahva ichib yoki bir martalik yelim idishlarda ovqatlanib o‘tirishibdi. Asosiysi natija, ba’zi darslar talabalarga qulay bo‘lsin deb kechki ovqatdan keyin o‘tiladi, deyishdi bizga.
Universitetda biz bir kunlik jurnalistika amaliy kursini ham o‘tadik. Bugungi jurnalistika ancha ilg‘orlab ketgan, bir paytning o‘zida xabar yozish, surat va  videoga ham olish talab qilinmoqda ekan. Aksariyatimiz tekst bilan ishlovchi jurnalist bo‘lganimiz uchun kun bo‘yi suratga tushirish, videoga olish va olingan tasvirni kompyuterda montaj qilish bilan mashg‘ul bo‘ldik. Bu ish anchagina qiyin ekan, ayniqsa videoni montaj qilish. Uch kishilik guruhlarga bo‘linib, har bir guruhga bittadan orqaga ilinadigan og‘ir sumka tutqazishdi, ichi to‘la anjomlar, diktofon, mikrofon, fotoapparat, viyedokamera va kompyuter. Xullas, bugungi amerika jurnalistining anjomlari. Ertasiga yakshanba bo‘lgani uchun har kim xohlagan mavzusida lavha tayyorlab kelsin, keyin muhokama qilamiz, deyishdi. Mening guruhimdagi jurnalistlarning biri qozog‘istonlik, ikkinchisi butanlik edi.     
Ertalab Viskonsin shtatining faxri hisoblanmish Harley-Devidson muzeyiga yo‘l oldik. Muzey bu ikki g‘ildirakli “duldul otning” yaratilish tarixi haqida hikoya qiladi. Bolalikdan do‘st bo‘lgan Vilyam Harley va Artur Devidson o‘zlarining dastlabki motorli velosipedini 1920 yilda, shu yerdagi kichik ustaxonada yaratishgan ekan. Keyinchalik Amerika yo‘llarini zir titratib yuradigan dunyoga dong‘i ketgan mototsikllarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishgan. Biz shu haqda qisqa lavha tayyorlamoqchi bo‘ldik.  
“Duldul ot” deb bekor aytganim yo‘q. Muzeydan hamkasblarimdan avvalroq tashqari chiqdim. Shu payt ikki nafar bayker (mototsiklchi) oxirgi rusumdagi, tsilindridan tortib tutunquvuriga qadar kumushdek yaltirab ko‘zni oladigan Harley-Devidson mototsiklini haydab kelib qoldi. Ikkovi ham soqol qo‘ygan, uzun sochini hindular kabi orqasiga turmaklagan va peshonasiga biri qora, biri qizil ro‘mol tang‘igan. Ulardan birining qulog‘ida sirg‘a, barmoqlarida odam boshchanog‘i shaklidagi kumush uzuk. Egnidagi qora charm kurtka va shimi  og‘irligidan askarlarning sovutiga o‘xshab ketadi.
Lavha uchun ajoyib qo‘shimcha bo‘ladi deya men ulardan intervyu so‘radim, ular bajonidil rozi bo‘lishdi. Hamkasblarim muzeydan chiqqandan so‘ng biri videokamerani, boshqasi fotoapparatni ishga soldi. Men qo‘limga mikrofon tutib, baykerlardan Harley-Devidson mototsiklari haqida so‘ray ketdim. Intervyuni yengil va jonli yakunlash uchun ularning biridan mototsiklini o‘t oldirib, bir gaz bosib ko‘rishni so‘radim. Baykerlardan biri buni qoyillatib bajardi va so‘ng “endi o‘zing ham bir sinab ko‘r,” dedi. Men gazni buragan edim, mototsikl bir gurilladi “dul-dul-dul” qilib, bu qudratga to‘la va ayni paytda tiniq ovoz edi. Xuddi uchar duldul ot pishqirib, yer depsinib turgandek. Mototsiklning qudrat bilan titrashi badanimni zirillatib, tomirlarimni o‘ynatib yuborgandek bo‘ldi. Go‘yo uning motoridagi quvvat mening bilagimda paydo bo‘lmoqda.
“Katta yo‘lda bu “duldul otni” choptirsang, zavqi boshqacha bo‘lsa kerak?” dedim unga mikrofon tutib.   
“You say it!? . It’s like as if … runs in your blood. You will forget everything, your work, your wife, your children,” dedi u go‘shtdor barmoqlarini bir-bir bukib, keyin baxtiyor iljaydi.
Xullas, buni katta yo‘lda haydaganingda “qoningda … ko‘pirib oqqandek bo‘ladi, ish, xotin, bola-chaqa, ro‘zg‘or degan narsani butkul unutasan,” dedi u.
Baykerning bu gapini hozir eslar ekanman, u metafora sifatida ishlatgan va men yuqorida uch nuqtalar orqali ishora etganim so‘zni yozsammi, yo‘qmi, deb uzoq o‘ylandim. Albatta, ertasiga biz tayyorlagan lavhada baykerning gapi to‘liq edi. Biroq bizning jamiyatda bu so‘zni metafora uchun qo‘llash giyohvandlik tashviqoti sifatida ko‘rilishi ham mumkinligi haqida o‘ylab qoldim. Oqibatda uning gapini “senzura” qilishga qaror qildim, yoki bu ishim noto‘g‘ri bo‘ldimi..? Yana bilmadim…

Milvoki, Viskonsin shtati, AQSh, 2008 yil.

MALBORO, BERETTA VA REMINGTON

Guruhimiz kechqurun shahardagi teatrda dovrug‘i ketgan yangi myuziklni ko‘rishga taklif qilingan edi. Ertasi tongda esa nam va sershamol Milvokiga safarimiz yakunlanib, qaydasan quyoshli San-Diyego deb mamlakatning janubiga, Meksika bilan chegaradosh shaharga uchishimiz kerak. Yunusobodning “Uch qahramon” bozoridan olgan jomadonim safar davomida samolyotdan samolyotga o‘tib, yukxonalarda irg‘itilaverib sillasi quribdi, qiltillab zo‘rg‘a turibdi, “ortiq chidolmayman” degandek. Yangisini olmay ilojim yo‘q edi, shu sabab kechqurungi tomoshaga bormaydigan bo‘ldim.
Avtobus guruhimizdagi jurnalistlarni teatrga eltgach, men haydovchi bilan ortga, savdo markaziga qaytdim. Haydovchi yoshi oltmishlarga yaqinlab qolgan jussasi kichik, kamgap oq tanli kishi edi. U bilan yo‘lma-yo‘l suhbatlashib keldik, matbuot ahvolidan gap ochilib qoldi.
“Bizda matbuot erkinligi borligiga sira ishonmayman. Mana, Barak Obamani prezidentlikka saylashda matbuotda faqat bir tomonlama  kampaniya bo‘ldi. Obamaga qarshi bo‘lganlarning ovozini hech kim eshitmadi. Birov quloq solmadi gapimizga. Bu katta o‘yin, Amerika matbuoti erkin deyilgani bilan baribir shu  o‘yindagi asosiy ishtirokchilardan bittasi. Qani shu gapni men aytib ko‘ray, kim buni gazeta yuziga chiqararkin, yo‘q, bularning bari bir go‘r”, deydi u qo‘l siltab.  
Savdo markaziga kelgach, haydovchi bu yerda to‘xtab turish mumkin emasligi, lekin  do‘kondan chiqadigan paytimga qaytib kelishini aytdi. Men do‘konda qancha vaqt bo‘lishimni bilmasligim va mehmonxona uzoq emasligi, o‘zim piyoda ketaverishimni aytdim. Lekin u meni to‘xtatdi:
“Sizlarga bu shahar, ayniqsa, mehmonxona atrofi xavfli hudud ekanini hech kim aytmagan ko‘rinadi. Shaharda qurol ko‘tarib yuradigan be’mani odamlar talaygina. Mayli, o‘zing ketmoqchi ekansan, ehtiyot bo‘l, zarur bo‘lsa menga qo‘ng‘iroq qil”, deya tashrif qog‘ozini uzatdi.
Do‘konga kirgach haydovchining tashrif qog‘oziga ko‘z yugurtirib, hayron qoldim. U xususiy izquvarlik firmasida ham ishlar ekan. Kecha nepallik hamkasbim shu haqda gapirayotgandi, AQShda doimiy yashaydigan bir tanishi kechasi ko‘chalarda o‘ta ehtiyotkor bo‘lish lozimligi haqida ogohlantiribdi. Men uning gaplariga e’tibor bermadim. Chunki hali Vashington shahrida ekanimizdayoq guruhimiz boshlig‘i Rayan degan yigitdan bu haqda so‘ragandim.
“Sen sira xavotir olma! Mulohazakor,  sezgir, atrofdagi vaziyatni hech qursa o‘rta darajada tahlil qila oladigan odam hatto tungi Nyu-Yorkda ham bexavotir yursa bo‘ladi”, degandi u.  Lekin odam yoshi ulg‘aya borgan sari qo‘rquv hissiga ko‘proq berilar ekan, ehtimol bu o‘ta ehtiyotkorlikdandir.
Biroq haydovchi-izquvar bekorga ogohlantirmadi-ku, izquvar bo‘lganidan keyin ko‘p narsani biladi-da. Shu o‘y bilan ulkan do‘konni kezar ekanman, kecha kechqurun internetda shahar tarixi haqida o‘qiganim bir qiziq voqea yodimga tushdi. Amerika tarixidagi eng shov-shuvli va jumboqli voqealar prezidentlar hayotiga suiqasd bilan bog‘liq. Milvoki shahrida 1912 yilning oktyabrida AQShning yigirma oltinchi prezidenti Teodor Ruzvelt joniga suiqasd qilingan ekan.
Ikki prezidentlik muddatidan so‘ng uchinchi marta o‘z nomzodini qo‘ygan Ruzvelt shahardagi Gilpatrik mehmonxonasi oldida xalq bilan  uchrashayotgan payt bir kishi unga yaqin kelib o‘ttiz ikki kalibrli o‘q bilan uning yuragini mo‘ljallab otadi. Buni  qarang-ki, prezidentning chap yon cho‘ntagidagi ko‘zoynak g‘ilofi va ikki buklangan ma’ruza matni tufayli o‘q sekinlab, uning yuragiga yetib bormaydi. Ruzvelt yengil et jarohati oladi, xolos. Prezident  nutqini belgilangan vaqtida boshlash uchun tanasidagi o‘q bilan saylovchilar huzuriga yo‘l oladi. Bir necha so‘zdan keyin u yon cho‘ntagidan teshilgan va qonga belangan qo‘lyozmani oladi:
“Ko‘rdingizmi? “Shoxdor bug‘u”ni o‘ldirish uchun bitta o‘q kamlik qiladi”, deydi u va bir soatga yaqin nutq so‘zlagandan keyingina shifoxonaga olib ketiladi.  Ruzveltning Respublikachilar partiyasidan ajrab chiqqan Taraqqiyot partiyasiga “Shoxdor bug‘u” laqabi berilgan. Ruzveltga “o‘zingizni prezidentlikka loyiq deb ko‘rasizmi” degan savol beriladi, u esa “xuddi shoxdor bug‘udek loyiqman” deya javob bergani tufayli bu laqab kelib chiqqan ekan. Uning “Shoxdor bug‘u” partiyasi 1914 yilga kelib tarqab ketadi.
Ruzveltning joniga qasd qilishga uringan Jon Shrank (John Schrank) degan kishi esa shahardagi restoran egasi bo‘lib, u darhol hibsga olinadi. U Ruzveltning uchinchi muddatga saylanishiga qarshi bo‘lgan ekan. Shrank ruhiy shifoxonaga jo‘natiladi va 1943 yili o‘sha yerda vafot etadi.          
Do‘kondan o‘zimga yoqqani – pishiq,  yaltiroq g‘ildiraklari xuddi sport mashinasini eslatadigan  jomadonni sudrab chiqdim-da, mehmonxona tomon yo‘l oldim. Shu payt yo‘lning narigi tarafidan signal chalindi, qarasam, avtobus haydovchisi qaytib kelib, meni kutib turgan ekan. Unga ko‘pdan-ko‘p rahmatlar aytib, mehmonxonaga yetib keldim. Xonamga chiqib, narsalarimni yangi jomadonga joyladim va eskisini tashqariga, axlat idishlari turgan joyga eltib, xursand holda xonamga qaytdim. Mana endi safarni davom ettirishga shayman. Biroq tamakim tugab qopti.
Ertalab yonimizdagi supermarket yopiq bo‘ladi, hozir borib kela qolay degan o‘y bilan oltinchi qavatdan yana pastga tushdim. Supermarket mehmonxonaning orqa tarafida. Oldida avtoulovlar qo‘yish uchun katta maydoni bor, doim bo‘m-bo‘sh turadi, lekin hozir ikkita mashina turibdi. Ikkovida ham  qora tanli kishilar tiqilishib o‘tirishibdi. Musiqa balandligidan mashinaning tomini o‘piradigan jahdi bor. Ular mening ortimdan shubhali kuzatib qolishdi. Do‘konga kirayotganimda mashinalardan birining eshigi ochilib, davangirdek bir qora tanli ham do‘kon tomon yo‘l olganini ko‘rdim.
Do‘konda ichida faqat  birgina, bo‘yi deyarli ikki metrga yaqin oq tanli kishi bor ekan. O‘ng tomondagi oynavandli xona ichida boshiga turban o‘ragan hind do‘konchi o‘tiribdi. Aftidan singx bo‘lsa kerak. To‘rt kun ichida undan ikki marta tamaki sotib oldim. U ham meni tanib qolgan, lekin sezdirmaydi. Betakalluf, boshidagi alvon rang turbanini aytmasa, yuzida istara degan narsa yo‘q. Xaridor do‘kondagi hamma narsani peshtaxtadan olishi mumkin, faqat tamaki mana shu oynavand xonanining ichida, do‘konchining ortidagi tokchaga terib qo‘yilgan. Shu sabab, yoqmasa-da, do‘konchiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Hozir u kompyuterda nimalarnidir hisoblab o‘tiribdi, lekin peshtaxtalar oralab yurgan anovi baland bo‘yli, yomg‘irpo‘shining yoqasini tikka ko‘tarib olgan oq tanli kishini zimdan kuzatyapti.  
Men do‘konchidan bir quti Malboro berishni so‘radim. Amerikada tamaki qimmat, bir qutisi 11 dollar turadi. Pulini to‘lash uchun karmonimni ochgan payt boyagi baland bo‘yli oq tanli kishi yonimga yetib keldi. Qaytimini olayotganimda hind do‘konchining ko‘zida paydo bo‘lgan xavotirdan yonimdagi kishining avzoyi yaxshi emasligini his etgandek bo‘ldim. Bunday paytlar notanish kishining ko‘ziga qaramaslik kerak, degan gap yodimga tushdi. Qanday voqea yuz berishi mumkin, degan o‘ydan yuragim shuvillardi.
“Hey, Og‘ayni! Menga uch dona sigaretangdan ber!” degan pixillash va pishshishlash aralash yo‘g‘on ovoz yangradi qulog‘im tagida. Shundagina bu oq tanli kishiga o‘girilib qaradim. Soqoli o‘sib ketgan, o‘tkir, chag‘ir ko‘zlari tikka boqadigan bu odam qo‘lidagi g‘ijim va kirlanib ketgan bir dollarni menga uzatib turardi. Men shosha-pisha tamaki qutisini ocha boshladim. Aksiga olgandek, qutini ochishga doimgidek qo‘lim kelmasdi. Vaqt rosa cho‘zilib ketayotgandek tuyuldi. Hind do‘konchi esa qilt etmay ikkovimizga qarab turardi. Nihoyat tamaki qutini bir amallab ochib, uch dona sigareta chiqardim. Qo‘qqis ortimdan oq tanli odamning ovozidan ham yo‘g‘onroq tovush momaqaldiroqdek gumburladi:
“To‘xta! Bu g‘irt ablahlik, o‘ta g‘irromlik-ku!”
Boya tashqarida ko‘rganim devqomat qora tanli kishi tepamda turardi.  
“Qanaqasiga uch dona!? Bir dollarga ikki dona sigareta bo‘ladi”, dedi u oq tanli odamga qarab.
“Seni nima ishing bor!? Bor, tezagingni ter!” dedi oq tanli darg‘azab.
“Nega ishim bo‘lmas ekan, sen g‘irt ablahlik qilyapsan-ku.”
“Ey, sen mag‘zava! Bu yer Amerika! Har kim bilganini qiladi. Hamma erkin va ozod!”
“Ha, ha! Biz Amerikada yashaymiz. Hamma erkin va ozod. Lekin har kim o‘z haqqini talab qilishga haqqi bor! Adolat hamma uchun.”
“Menga qara, maze… Barkashdek basharangdan enangni o‘chog‘idek darcha ochib qo‘ymasimdan tuyog‘ingni shiqillat bu yerdan”, dedi oq tanli Beretta to‘pponchasini qo‘ynidan chiqarib.
Qora tanli bo‘sh kelmasdi:
“Kuydirgan kallani ko‘rganmisan? Basharangni shanba kunlari onang chorbog‘da pishiradigan barbekyuga o‘xshatib qo‘yaman”, dedi u revolverini chiqarib, keyin  tepkisini chiqillatib yuqoriga tortib qo‘ydi.
Men tepamda bir-biriga o‘qtalgan ikki to‘pponchaga qaragancha qotib qolgandim. Boshiga turban o‘ragan hind hamon miq etmasdi, uchovimizga tikilgancha serrayib turardi.
“Bir dona sigaretaga ota go‘ri qozixonami? Mana uchta sigareta, puling ham kerak emas,” dedim nihoyat o‘zimga kelib.  
“Yo‘q, pulini ol, ikki dona sigareta ber!” dedi menga qora tanli oq tanlidan ko‘z uzmay.
“Yo‘q! Pulni ol-da, uch dona sigareta ber!” dedi menga oq tanli qora tanlidan ko‘z uzmay.
“Qani hammang tashqariga chiq, yo‘qsa hozir politsiya chaqiraman”, dedi hind peshtaxta tagidan Remington miltig‘ini chiqarib. Lekin u miltiqni kimga o‘qtalishini bilmay  garangsib qoldi.
Do‘konchi qorong‘u ko‘chaga haydab solsa, ish chatoq bo‘lishi tayin edi, jon kerak bo‘lsa ayni damda “otni qamchilab” qolish kerak.
“To‘xtanglar! Og‘aynilar, axir biz yosh bola emasmiz-ku!? Mana, men bir dollarni olaman, unga ikki dona sigareta beraman, va uchinchisini shunchaki, chin ko‘ngildan unga hadya qilaman, rozimisan?” dedim qora tanliga qarab.
Qora tanli bosh irg‘agandek bo‘ldi, lekin hech narsa demadi. Oq tanlining qo‘liga uch dona sigareta tutqazib, ezg‘ilangan bir dollarni oldim-da, do‘kondan zing‘illab chiqib ketdim.
Mehmonxonaga kirib xonamga qanday ko‘tarilganimni bilmayman. Tamaki qutisini stol ustiga irg‘itdim-da, o‘zimni yumshoq, lekin sovuq oromkursiga guppa tashladim. Keyin tamaki qutisidagi yozuvga ko‘zim tushib, negadir uni ovoz chiqarib o‘qidim:    
“Smoking kills.”

Milvoki, Viskonsin shtati, AQSh, 2008 yil.