Muhammad Sharif. Hadik (hikoya)

Kim bo‘ldi ekan tong saharda bezovta qilgan?! Namuncha dag‘dag‘a qilmasa?! Quyosh hali bosh ko‘tardimi yo‘qmi o‘zi?! Yozning bunaqangi uzun kunlarida quyosh soat sakkizdan keyin, kunchiqardagi ikki qavatli uyning tomi osha uning hovlisiga mo‘ralaydi. Bunga qadar uning sersoya hovlisi tonggi sokinlik va salqinlik og‘ushida mudrab yotadi.
Kim bo‘ldi ekan, mirshab emasmikin? Avval qo‘ng‘iroqni bosim ushlab, ortidan temir darvozani ham daranglatib urdi. Bunday dag‘dag‘a mirshabda bo‘lishi mumkin, xolos. Nega keldi ekan? Yaqin o‘rtada qishloqdan qarindoshlari kelgani yo‘q. Odatda mirshab bayramlardan oldin keladi, uyda begona bormi yo‘qmi, deb. Uyda xotin, bola-chaqam bo‘lsa, begonaga pishirib qo‘yibdimi, deging keladi.  Ba’zan o‘z uyingda o‘zing ro‘yxatda turasanmi yo‘qmi deb boshingni qotirishi ham bor gap. Bayramlarga hali ancha bor. Mahallada begonalardek yalt ko‘zga tashlanadigan uzoq qarindoshlar ham yaqin o‘rtada kelmadi. Demak boshqa birov bo‘lsa kerak!?   
Mahallaboshi bo‘lishi mumkin. Unda ham ba’zan o‘dag‘aylash odati bor. Xalqning darvozasini daranglatib tepadigan salobati bor. Yo‘g‘-ey, oshirib yubordi chog‘i, nazarida tashqaridagi kimsa darvozani tepgani yo‘q, mushtlab urdi, xolos. Lekin tepgandek bo‘ldi o‘ziyam.  Nima ishi bo‘lishi mumkin uning. Anov kuni kelganda  jahlini yomon chiqardi. Nima emish, katta o‘g‘ling qayerda, deb so‘raydi. Ha, qayerda bo‘lardi, el qatori Rossiyaga ishga ketgan desa, manzilini ayt, qachon ketgan, qaysi shaharda ishlaydi, deb ezvordi. Ha enag‘ar, bola meniki bo‘lsa, seni nima ishing bor, dedi jahli chiqib. Hokimdan buyruq tushgan, qolaversa, buyruq bo‘lmagan taqdirda ham biz bilishimiz kerak, kim qayerda yurganini, deydi. O‘g‘lim telefon qilsa, Tambovdagi manzilini aniq so‘rab qo‘yaman, deb qutildi. Shu manzilni so‘rab keldimikin, lekin o‘g‘li hali telefon qilgani yo‘q.
U ust-boshiga bir qarab oldi. Egnida yengil, kulrang yo‘lli pijama, shu kiyimda chiqaversam bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Lekin chap oyog‘idagi paypoqdan boshmaldog‘i mo‘ralab turganini ko‘rib, ikkilandi. Tufli kiyib olsa, paypoqning yirtig‘i ko‘rinmasa kerak. Pijamaga tufli yarashmaydi-ku, mayli chap oyog‘ini darvozadan tashqari chiqarmaydi. Lekin odatda mahallaboshi betoqat bo‘lardi, qo‘ng‘iroqni chalgandan keyin “kim bor uyda?” deb baqirib qo‘yardi, maylida, baqirsa baqirsin, boradigan joyi ko‘p uning. Baqirmadi-ku, demak boshqa odam.   
Lo‘li bo‘lsa-chi!? Lo‘li yomon ko‘paydi-ki shu kunlarda. Birining izi qurimay turib ikkinchisi keladi. 200 so‘m bersang jahli chiqadi, besh ming ber, deydi yuzingga baqrayib. Darvozangga qulf solinmagan bo‘lsa, kirib kelaveradi tap tortmay. Ichkaridan ovoz chiqmasa, ko‘zi tushgan narsani ko‘tarib ketadi, ayniqsa eski mis va alyumin idishlarga o‘ch bo‘ladi, enag‘arlar. Lo‘li bo‘lsa darrov bilinardi. Darvozani qoqqandan keyin baqirib qo‘yadi, sadaqa qiling, deb. Qolaversa, lo‘li tong sahardan kelmasdi shekilli. Soat to‘qqizdan boshlanadi ularning ko‘chama-ko‘cha yurishi. Xuddi idorada ish boshlagandek, soat belgilab olgani-chi bularning. Hali galstuk taqib kelmasa bo‘ldi bular. Lekin baribir lo‘li kelishiga hali erta. Kim ekan?
U hovli o‘rtasiga kelib dahlizning devorida osig‘lik turadigan soatga oynavand eshik osha qaramoqchi bo‘ldi, lekin quyuq bargli o‘rik shoxlarining oynadagi aksi bois hech narsa ko‘ra olmadi.    
Eski “Moskvich” mashinasida piyoz-kartoshka sotib yuradigan mayda savdogar bo‘lsachi!? Bozordan halloslab kartoshka ko‘tarib kelgandan ko‘ra, biroz qimmatiga bo‘lsa-da eshik tagidan olgani ma’qul ish. Sabzavotfurushga berilgan biroz oshiqcha pul baribir yo‘lkiraga ketadi-ku. Buni tushunmagan xotin zotining tixirlik qilgani yomon: “kartoshkasi mayda, ustiga ustak taxir, yana qimmat, bozorda shirin kartoshkalarni tanlab-tanlab olsa bo‘ladi,” deb ertalabdan ko‘ngilni xira qiladi. Avtobusda terlab-pishib, turtinib-surtinib bir xalta kartoshka ko‘tarib kelgandan ko‘ra, xotinning g‘ishavasiga chidash osonroq emasmi.  U beixtiyor pijamasining cho‘ntagini kovladi, hech qursa uch-to‘rt kilo olib qo‘ysa, bozorga borish bir-ikki kun ortga suriladi-ku. Lekin darvozani daranglatgan “moskvichli” sabzavotfurush bo‘lsa, mahallaga kirishi bilan mashinasi signalini qisir moldek bo‘kirtirgan bo‘lardi-ku.
Yo‘q, bu sut-qatiq sotuvchi xotin! Qatiq ichib turish lozim. Ayniqsa o‘ziga o‘xshagan ko‘p chekadigan kishi. Ba’zan hayajonlangan kezlarda tamakini ketini ketiga ulab chekadi. Negadir hayajonli damlar ham tobora ko‘payib borayotganga o‘xshaydi. Anov kuni kichik o‘g‘li mashinani beruxsat haydab chiqib ketibdi. Qattiq siqildi, ko‘p tamaki chekib yubordi. Mashina-ku eski, lekin o‘g‘il hali yosh-da, qiziqqon, biroz hovliqmaligi ham bor. Ko‘chada yurishning o‘zi bo‘ladimi bugun. Shu, qatiq ichib turishi kerak, yaxshi ivitilganmi yo‘qmi, baribir ichish kerak. Issiq taftini ham oladi-da. U hovlining o‘rtasida turgancha, bir dam o‘ylanib qoldi, uyga kirib kiyimini almashtirib chiqsamikin yoki xotinini uyg‘otsinmi, balki darvozadan faqat kallasini chiqarar, bor bo‘y-basti bilan sutchi xotinning oldiga chiqib borishi shart emas. Lekin baribir ichkaridan pul olib chiqishi kerak. U ichkari qadam tashlamoqchi bo‘ldi, biroq darrov fikridan qaytdi. Ayol kishi darvozani bu qadar qattiq dang‘illatmasdi chog‘i. Keyin sutchi xotin ham ovoz chiqargan bo‘lardi “Yog‘li qatiq, sut-qaymoq keldi” deb. Demak boshqa birov.    
Ochiq-sochiq joylar bo‘lsa ekan-ki, o‘tirgan-turgan joyingda “kim u?” deb baqirsang.  Lekin shaharda hech kim bunaqa baqirmaydi. Ohista, zalvorli qadam tashlab borib, eshikni ochmoq joiz. Chunki har xil odam keladi. “Kim u?” deb baqirganing birovga yoqadi, birovga yoqmaydi. Qo‘shnilarning ham g‘ashi keladi. Tashida bo‘lmasa-da ichida aytadi “bo‘laring bo‘pti-ku, ketingni ko‘tarolmay qoldingmi endi” deb.
Hamshira bo‘lishi mumkin-ku. Yoz keldi, bu faslda ular ichburug‘dan ogohlantiruvchi varaqa tarqatib yurishadi. Suvni faqat qaynatib ichinglar, deya tayinlaydi. Ichburug‘dan ogohlantirgani haqida qo‘l qo‘ydirib oladi. Hozir nima ko‘p, kasallik ko‘p, Xitoyda yana qush tumovi chiqibdi, yana allaqaysi mamlakatda bezgak qayta xuruj qilganmish, o‘zimizda pashshaning yangi turi chiqibdi, chaqqan joyi katta yaraga aylanib, bir umrlik chandiq qolarmish, ishqilib tinchlik bo‘lsin-da. Yaqinda shu hamshira begonalarga eshik ochmanglar, gaz, elektr xodimlari niqobi ostida o‘g‘rilar to‘dasi yurgani, kelganlarning hujjatini ko‘rib, keyin eshik ochish haqida ham ogohlantirgan edi. “Iltimos, agar tekshiruvchi kelsa, men bilan birga mirshab ham kelgani haqida ayting,” deb so‘radi. Yana boshqa bir to‘da tovlamachilar chiqqandir-da. Hamshiralar avvalgidek  mirshablarga yordamga chaqirilgan bo‘lsa ehtimol. Biroq hamshira yoshgina, sabr toqatli, tarbiya ko‘rgan qiz, darvozani bu qadar qattiq taqillatmaydi. U darvozani ohista chertganu uzun yo‘lak tovushni kuchaytirib yuborgan chog‘i.  Lekin hamshiralar soat sakkizdan keyin ish boshlaydi, hozir endi oltidan o‘tdi shekilli.  
Gaz, elektr haqini yaqinda to‘ladi, yer-mulk solig‘iga o‘tgan hafta kelgan. Kimdir qarz so‘rab kelgan bo‘lsachi. Qarindoshlar, tanishlar, qo‘shnilar orasida ham qarz so‘rab turadigani ko‘p. Juda xijolatli ish, hech kim avval boshdan o‘zi puling bormi yo‘qmi, deb so‘ramaydi. Gapni uzoqdan aylantiradi, nima ish boshlaganiyu qanday katta natijalar kutayotgani haqida erinmay so‘zlaydi. Sen esa gapning oxiri qarzga kelib taqalishini bilasan, javobing ham avvaldan tayyor, biroq odob yuzasidan qarz so‘rab kelgan odamning uzundan-uzun hikoyasini tinglashga majbursan. Ayniqsa mehmonnning yuzidagi iltijoli ifoda, ko‘zida yiltillab turgan umid uchquni qay tariqa so‘nib, o‘rnini sovuq va qo‘pol nigoh egallashini, yuzi zahil tortishini kuzatish og‘ir. Puling yo‘qligidan, qarz so‘ragan kimsa sening gaplaringga zarracha ishonmaganidan qizarib, xijolat tortasan. U esa bu xijolatpazlikni yolg‘on ro‘kach qilinganiga dalil sifatida qabul qiladi. Juda sovuq xayrlashadi. Bu noo‘ng‘ay manzara anchagacha yodingdan chiqmaydi. Zada bo‘lganingdan telefon jiringlasa ham ko‘ngling bir ko‘chib tushadi. Qarz so‘rash ehtimoli bor odamlarning qo‘ng‘irog‘iga javob berilmaydi. Ular ham buni biladi, shu bois tikkasiga uyingga keladi.
Lekin qaysi ahmoq kallai saharlab qarz so‘rab keladi. Ular kechki payt yoki kechqurun keladi. Kattaroq qarz so‘ramoqchi bo‘lgani to‘rtta non, to‘rtta tuzlangan bodring va bir shisha aroq ko‘tarib oladi.  Va odatda juda po‘rim kiyingan bo‘ladi, tuflisiga surilgan moy va sochiga sepilgan gel yaltillab turadi. Ba’zan anchadan buyon ko‘rmagan tanishing bashang kiyingan holda dabdurustdan kelib qolsa, juda boyib ketibdi, oladigan qarzni aytgan vaqtidan ham avval, balki ustamasi bilan qaytarsa kerak, deya o‘ylaysan. Aslida ham shunday yo‘l tutish kerak emasmi. Mana o‘zidan qiyos, birovdan qarz so‘ramoqchi bo‘lsa gapni po‘stkallasini aytadi-qo‘yadi. Shu sabab birovdan qarz so‘rab uddalay olgan emas.  
Bir zamonlar ayiqdek ag‘anab kun choshgohga kelguncha uxlardi. Xotinning dod-voyi, birovning eshik tagida chaqirib turishi parvosiga kelmasdi. Qayerga  ketdi u shirin uyqular!?
Endichi, tong bilan teng uyg‘onadi, ko‘zlari o‘z-o‘zidan kirt ochilib ketadi. Kallai saharlab ishga urinadi. Ish bo‘lmasa, hovlining bir chetidagi so‘rida yonboshlab, kallasida ming bitta ishni rejalaydi, oladigan daromadini sarhisob qiladi. Ming bitta ishdan bittasi ham do‘nmasa-da, ko‘nglini ko‘targani qoladi. Harqalay intilish, g‘oya bor-ku. Bugun ham tongning musaffo havosida xayol surib o‘tirish uchun olahakka hovli oralamay so‘riga chiqib olgandi. Qo‘shnining tomiga qo‘ngan qushlarning harakatini kuzatib yotgandi, bir hakka keladi qag‘illab, bir olaqonot qo‘nadi shaqillab. Ketma-ket chalingan qo‘ng‘iroq, keyin darvozaning daranglashi xayolini chilparchin qildi. Yuragi ham bir qalqib tushdi, tavba, yaqin-yaqingacha yurak qayerda joylashgan, bilmasdi.
Nazarida, qarz so‘ramoqchi bo‘lgan odam bunday tiqilinch qilmaydi, biroz iymanib chaqiradi. Aftidan bu odam shoshayotganga o‘xshaydi. Kim shoshilishi mumkin tong saharda? Shoshilinch xabar keltirgan odammi? Uning badani ilkis jimirlab ketdi. Qishloqdan biror xabar keldimikin!? Tinchlikmikin? Tuni bilan telefon qilib tusha olmagan bo‘lsachi? U kalovlanib qoldi. Darhol so‘riga qaytib, bolish tagida qolib ketgan qo‘ltelefonini shosha-pisha olib, biror qo‘ng‘iroqni o‘tkazib yubormadimmikin degan o‘yda qo‘ng‘iroqlar ro‘yxatini tekshira boshladi va shu asnoda darvoza tomon yo‘naldi.  Ikki kun bo‘ldi onasi bilan gaplashganiga, qon bosimi oshib turganini aytmasa, ahvoli durust edi. Otasi saksonga borib qolgan, oxirgi marta ko‘rganida juda oriqlab ketgandi, lekin badanida tetiklik bor edi. Ha, tog‘asi o‘sal yotgandi. Telefon bo‘lmadi-ku. Ammo lekin hozir qo‘ltelefonlarga ham ishonch yo‘q, to‘lqin bir bor, bir yo‘q, ba’zan kun bo‘yi mum tishlagandek miq etmaydi. Harqalay birov kallai saharlab  to‘yga taklifnoma tashlab ketmas. Dastlab allaqayerdagi kishilar, mayda-chuyda ro‘zg‘or tashvishlari xayoliga kelganidan o‘zini o‘zi koyidi, o‘zidan o‘zi xafa bo‘ldi. Nega darhol onasi, otasi haqida o‘ylamadi. O‘sal yotgan tog‘asi-yu xayolining bir chekkasidan ham o‘tgani yo‘q. Tog‘asining mototsiklini o‘g‘irlab mingani yodiga tushdi, qo‘shnisining tutiga tikka borib urganda mototsiklning old g‘ildiragi qiyshayib ketgandi, biroq tog‘asi hech narsa demagan, o‘zingga zarar yetmadimi deb, qo‘llarini, oyoqlarini bir-bir ushlab ko‘rgandi, xolos. Lekin telefonda birorta ham javobsiz qolgan chaqiruv yo‘q. U darvozaga yaqinlashganda qo‘ng‘iroq yana bir marta oshig‘ich jiringladi. “Hozi-i-i-r!” dedi u beixtiyor xavotirli ovozda yuragi titrab.  
Chaqirguvchi kim bo‘lishidan qat’i nazar, u xayolidagi ming bir gumon va xavotirni sezdirmaslik uchun  darvozaning kichik qanotini shiddat bilan lang ochdi.     
Darvoza tagida kunbotishdagi qo‘shnisining bolasi tirjayib turardi, qo‘lida bir shoda kalit. “Akam o‘qishdan kelsa kalitni berib qo‘ying, men maktabdagi imtihondan keyin to‘g‘ri oppoqdadamlarnikiga ketaman”, dedi bolakay va kalitlarni uning qo‘liga tutqazdiyu, ko‘cha boshiga qarab chopqillab ketdi. U endi bosh ko‘tarayotgan quyosh ko‘chani nurga to‘ldirib yuborgani, daraxtlar, uylar, gulzorlar yog‘duga chulg‘anganini ko‘rdi. Tutam-tutam nurlarni tutamlab olsa bo‘ladigandek edi go‘yo.
“Bugun ajoyib kun bo‘ladi shekilli,” dedi u quyosh tomon chopayotgan bola ortidan ko‘zlari qamashgancha termilib. Keyin bugun kimlarga qo‘ng‘iroq qilishi lozimligi haqida o‘ylab qoldi.   
2013.