Muhammad Ismoil. Oppoq gulday oydin xotira (hikoya)

Yoshing o‘tgach, shaxsiy munosabatlarda shu qadar injiqlashib qolarkansan-ki, ehtimol-u-shubhalarni birma-bir tusmollab chiqib, hadiksirashga xojat yo‘qliligiga ishonch hosil qilmaguningcha, bir ishni boshlashdan xayiqib turaverarkansan kishi. Xuddi, hujjatli filmlarda qarigan sher ko‘zini loqayd yumgani kabi, sen ham qarshingda turgan kishi hali og‘iz ochmasdan, unga nima deb javob berish kerakligi bo‘g‘zingda yetilib turgan bo‘ladi. Kim nima demoqchi, bundan unga nima foyda-yu, senga nima ziyon, hammasi betinim ravishda tarozi pallasiga tushib-chiqib turaveradi. Va nihoyat charchaysan. Dunyoda beminnat biron narsa bormi o‘zi? Birov sen uchun o‘zidan kechib, biron narsa qilganmi? Xotiralaring bu yaqin oraliqdan hech narsa topolmay, olislarga, yoshlik, bolalik yillaringga yetaklaydi.
Bu voqea miyamga shu qadar muhrlanib qolgan-ki, agar shu ketishda borsa, vaqti kelib, dorilbaqoga safar qiladigan bo‘lsam, bunday o‘tmish bilan yaratgan Parvardigor oldida nima deb javob beraman ekan-a, deya o‘ylanib qolaman. Lekin, nima qilaylik, yoshlikning ko‘zi ko‘r deyishadi, oldinda bizni nimalar kutayotgani yeti uxlab tushimizga kirmasdi.
U zamonlarda bunday tashviqot poyezdlari butun O‘rta Osiyo bo‘ylab sang‘ib yurar, yoshlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgani uchun, qandaydir ma’ruzalar o‘qilar, keyin kontsert, ikki-uch soatga cho‘zilgan yig‘in, diskoteka bilan yakunlanardi.
Turkiston shahridagi yig‘inimiz ham avvaldan belgilab qo‘yilganday ketayotgandi. Men ham o‘rtaga chiqib she’r o‘qigan, menga ham chalingan qarsakdan xijolat tortib, yelkamdan tog‘ tushganday, chetroqda aylanib yurardim. Kech tusha boshlagandi. Poyezdimiz yana ikki-uch soatdan so‘ng, kechasi bilan yo‘l yurib, boshqa shaharga yetib borishi kerak edi.
Musiqa qattiq chalinib, o‘yinga chorlay boshladi. Qorong‘u tushib ulgurmagan, rang-barang chiroqlar, umum xursandchiligiga qorishib, mislsiz fayzli ohangraboni tashkil etardi.
Shu payt, oppoq ko‘ylakli qiz, yig‘in tashkilotchilaridan shekilli, barchani davraga tortib yurganiga ko‘zim tushdi. Qiz malikalarga o‘xshardi. Sochlari kesilgan, yuzlari oppoq, qora ko‘zlari yoqutday jilvalanardi. Atrof shu qadar g‘arib tuyulib ketdi-ki, naqadar aftodahol, yupun, safarda yuraverib, kir-chirlariga botib ketganim va olam bu qadar ham go‘zal bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylamaganimdan, o‘zimni butunlay yo‘qotib qo‘ygandim. Oradan bir lahza o‘tmagan edi-ki, qiz aylanib yonimga kelib qoldi.
-Yur, o‘yingga tushamiz!
-E, men bilmayman.
-O‘zim o‘rgataman, kelsang-chi.
Bir soniya ikkilanib tursam, bu qiz boshqa hech qachon kelmasligini sezib, beixtiyor ergashdim:
-Agar chaqirmaganingda, oldingga kellmasdim.
-Nega?
-Negaki sen juda chiroyli ekansan.
-Seni mehmon dedim-da!
– Rahmat, sen mehmon deyapsan-u, lekin sen bilan o‘ynayotganimni ko‘rib, anovi bolalar, kaltaklashga shay turishibdi.
-Endi, bu yerdan tashqariga chiqma. Ketar chog‘ingda ham, o‘rtoqlaringning o‘rtasida ket.
-Nima, ularning ichida yigiting bormi?
-Yo‘q. Yigitim Moskvada o‘qiydi.
-Bular-chi?
-Ular meni qizg‘anishyapti xolos.
-Men seni uyinggacha kuzatib qo‘ymoqchiman.
-Buning iloji yo‘q. Ular ko‘pchilik. Qrong‘ida ayab o‘tirishmaydi. Bu qilig‘im uchun, balki meni ham sog‘ qo‘yishmas.
-Uying uzoqdami?
-Uzoqda. Lekin sen mendan xavotirlanib o‘tirma.
– Hech narsadan xavotirlanganim yo‘q. Senga bor-yo‘g‘i bir gapni aytmoqchiman xolos. Shuning uchun, albatta kuzatib qo‘yaman. Meni qo‘rqoq deb, o‘ylamay qo‘yaqol.
– Senga nima bo‘ldi? Axir sen yo‘lni qaytishda topib kelolmaysan-ku. Bu yerning ko‘chalari qorong‘u bo‘lsayam, chiroq yoqib qo‘yishmaydi.
-Bir gap bo‘lar. Iltimos, yo‘q dema, seni kuzatib qo‘yay.
-O‘zing bilasan.
So‘ngra rosa o‘yinga tushdik. Nihoyat, hech kimga bilintirmay davrani tark etdik. Rosti, unga aytadigan hech qanday gapim yo‘q edi. Tilimga biror tuzukroq gap ham kelaqolmasdi. Faqat u bilan yolg‘iz qolishga harakat qilayotgandim, xolos.
Biz qorong‘u ko‘cha bo‘ylab sekin yetaklashib ketayotgan edik-ki, besh-olti bola biz tarafga yugurib kelayotganini ko‘rdik. Shunda u qo‘limdan ushladi-da, shiddat bilan zim-ziyo ko‘cha qa’riga boshlab ketdi.
Unga ergashib yugurar ekanman, bolalarning harakatga tushib qolganini, baqir-chaqir qilib so‘kinayotganini, nihoyat, qaysidir biri tosh otganini, ish xavfli tus olayotganini anglab yetdim. Endi, oldingidan ham tezroq yugura boshladik. Endi, uning qo‘lidan ushlab olgan, qayerga bo‘lsa-da, qochib qutulish payida chopardik.
Toshlar zuv-zuv uchib, yonimizga tusha boshladi.
– Nihoyatda jahlim chiqib ketdi. Agar bironta tosh Zauret (u qizning ismi shunday edi) ga tegsa, hammasini urib, boshini yoraman degan fikr charxpalak bo‘lib xayolimda aylanardi. Shu payt oyog‘im tosh to‘kilgan uyumga tegib, shartta to‘xtadim. Ataydan, toshlarni har tarafga shu qadar ko‘p otdim-ki, uylarning oynalari, shiferlari sinib, itlarning tinimsiz vovullashi to‘rt tarafni bosib ketdi. Men odamlar ko‘chaga chiqsa, anavilar quvishdan voz kechib, qochib qolishadi – deya, jon jahdim bilan zuvullatib tosh otardim.
Shovqin-surondan sarosimaga tushib qolgan bolalar, orqaga qochishdi shekilli, so‘kinishlari uzoqdan eshitila boshladi. Biz esa, uy egalari yugurib chiqmasdan tun qa’riga g‘oyib bo‘ldik.
Bu shaharni mutlaqo bilmasdim. Yurib-yurib kichkina xiyobon yonidan chiqdik. Xiyobon tepasida neon chirog‘i yonib turar, xiraligidan, haykalchaning kimligini bilib bo‘lmas edi. Oyning yarqiroq nuri, shabodalar g‘irillab turgan bo‘m-bo‘sh ko‘chalar, bo‘m-bo‘sh xiyobonni osmon bilan yuog‘lab yuborgandi.
Qayerga kelib qolganimizni chamasi Zauret ham bilolmayotgandi. Mening esa poyezdim ketib bo‘lgandi.
-Seni rosa izlashsa kerak?
-Izlashadi. Xayfsan ham yozib qo‘yishgandir.
-Kuatib, bekor qilding.
Hech ham bekor emas. Hademay tong otib qoladi. Uyingni bir amallab topib olsak, bo‘ldi. Men ham tong otguncha sen bilan shu yerda o‘tiraman. Uyga taklf qilardim-u, otam bilib qolsa, naqd o‘ldiradi. Hozir meni uzatish payiga tushgan.
-Kimga uzatmoqchi?
-Bir yigitga. Lekin uni yaxshi ko‘rmayman.
-Birontasini yaxshi ko‘rganmisan o‘zi?
– Har xil bo‘lgan. Balki sevgandirman. Balki yo‘q. Bilmayman.
Lekin kimga bo‘lsa ham tegib ketaverish yoqmayapti.
-Yoqadigani topilmasa-chi?
Balki meni yoqtiradigani chiqib qolar. Yigit sevsa, ayol kishi yaxshi ko‘rib ketaveradi.
-Men senga, yaxshi ko‘rib qoldim desam, ishonasanmi?
-Yshq.
-Nega?
-Negaki, sen tong otishini kutayapsan, xolos.
Aksincha, shu oy sening yuzingni tong otguncha yoritib tursa, sen kulib tursang, tiz cho‘kib har oqshomni shunday o‘tkazishga tayyorman.
Zauret, boshimni ko‘kragiga qo‘yib quchoqladi. Uning ko‘kraklaridan xushbo‘y hid kelar edi. Belidan quchoqlagancha, oppoq siynalaridan o‘pa boshladim. So‘ngra uning haroratli, kuydirguvchi, jazillab turgan otash lablari, titroq lablarim bilan birlashar ekan, butun a’zoyi badanimni o‘t bo‘lib yondira boshladi.
Keyinchalik, bu holat xotiramda nogiron umrimga berilgan sadaqaday muhrlanib qoldi.
Turkistonda uch kun qolib ketdim. Kun bo‘yi shahar aylanardik, kechqurun u uyiga ketar, men mehmonxonada tunardim. Ketar kunim kechqurun uni mehmonxonada qolishga undadim. U “yo‘q” dedi. Uni yozg‘irib, mehrsizlikda, bag‘ritoshlikda ayblay boshladim.
Uning ensasi qotdi:
Nima, men bilan tanishganingga, afsuslanasanmi? Sen bilan shuncha gaplashib yurganim yetmaganday, hali yotmoqchi ham bo‘lyapsanmi? Muhabbat deganing shumi? Men hali qiz bolaman. Istasang, sen bilan yotib qolishim mumkin. Agar maqsading shu bo‘lsa, yur.
– Meni kechir, Zauret!
– Sen meni jismimnigina emas, qalbimni ham sevishingni istayman. Shunday sevgmiz abadiy bo‘ladi.
– Meni kechir, qo‘lingdan bir marta o‘pganmning o‘ziga, bir umr quling bo‘lishga roziman. Hech kim meni senchalik sevmagan.
– Sevgi haqida hali gapirishga erta!
Bilmadim. Sen menga o‘zingni fido qilyapsan. Men esa… ertaga ketaman.
– Nima qipti? Buyog‘ini kelajak ko‘rsatadi. Istasang, xabar olarsan, istamasang, seni kutib yashayveraman.
-Biz, albata ko‘rishamiz!
O‘shanda, xayrlasha turib ikkimizning ham ko‘zimizdan yosh chiqib ketgandi.
Oradan ming-ming kunlar, xuddi bir siqim qum singari xotiralar yig‘indsiga aylanib, o‘tib ketdi.
Qancha azobli, iztirobli, omadli va baxti qaro kunlar, yuragimga bir changal zahar tashlaganday, tahlika va sarosimalarga solib o‘tib ketdi. Hayotimdagi ayovsiz zirqiratgan yolg‘izlik silsilalari, abgorlik tahlikalari davri tugul, eng baxtli kunlarda ham o‘sha tunni, o‘sha xiyobonni, uning ochiq yelkalarini, suyub erkalashlarini unutolmadim.
U bilan o‘tgan lahzalar, endi menga tentaklikning uchiga chiqqan ko‘rinishi bo‘lib tuyulsada, nega o‘sha paytlarni ko‘p eslayman. Hayotimdagi o‘sha daqiqalarni nega sog‘inaman? Nega, yuragim orziqib ketadi? Nega uni eslagan, diydorini izlagan, ko‘zlaridagi olovli qarashlar o‘rtagan damlarda o‘zimni qo‘yishga joy topolmay qolaman?