Muhammad Ali. Ulug‘bek Mirzo sharofati (parcha)

Mordin qamali qariyb ikki oyga cho‘zildi.
Ikki oy davomida juvonmarg o‘g‘li Umarshayx Mirzoning siymosi Amir Temur ko‘z o‘ngidan ketmadi. Shartaki, biroz qo‘rs tabiatli, yumaloq yuzli, ko‘zlari onasiniki — sohibqiron kanizak To‘lun oqani jayronniki singari chiroyli chashmi shahlosi tufayli dildan suyardi. Ismiga munosib to‘lin oyday go‘zal ayol edi To‘lun oqa!
Ko‘ngli besaranjom bo‘lib har uch kunda Sultoniyaga chopar yo‘llar, yangiliklar bormi, deb so‘ratar, kelishini kutmay, yana yangisini yuborar, Saroymulkxonimdan xabarlar tilardi. Kenja kelini, Shohruh Mirzo xotini Gavharshodbegimning oy-kuni yetib turibdi… Olloh qanday nabira ato etar ekan? Bersa, umri bilan bersin ishqilib…
Barcha malikalarning onaxoni bo‘lib yig‘lay-yig‘lay, Umarshayx Mirzoning dastlabki marosimlarini o‘tkazgan Saroymulkxonim, Sherozdan Sultoniyaga tezroq qaytish chorasini izladi. Uning tashvishi ham o‘sha… o‘n besh yoshli kelinchak, saltanatning nufuzli amirlaridan G‘iyosiddin tarxonning qizi Gavharshodbegim… Shohruh Mirzo xonadonida birinchi farzand kutilmoqda….
…Milodiy 1394 yil Navro‘z kunlari butun Turon mamlakati uchun qutlug‘ keldi:
— Sohibqiron kelinlari, malika Gavharshodbegim saltanatga pahlavon o‘g‘il hadya etdilar! — suyunchiladi chodirdan chiqqan doya xotin.
— Voy, o‘g‘il!.. O‘g‘il!.. Oh-oh! — Saroymulkxonim qichqirib yubordi. U o‘zidan ko‘ra ham, sohibqironning qanchalar quvonishini xayolidan o‘tkazdi.
Mahdi ulyo doyaga tayyorlab qo‘ygan suyunchi — popukli guldor hamyonni uzatdi. Chaqaloqning qulog‘iga azon aytdirib, Turon tuprog‘idan oldirib turpoqlatdi. Irim qilib, kichik chillasini o‘tkazgachgina, sohibqironga chopar yo‘llamoqni ko‘ngliga tugdi. Keyin o‘ylab-o‘ylab, xushxabarni hazratga birov orqali emas, o‘zi yetkazishi lozimligini angladi. O‘zi borib qutlasin, sohibqironning Umarshayx Mirzo musibatidan cho‘kib qolgan ko‘zlarida shodlik uchqunlari chaqnaganini ko‘rib, o‘zi ham quvonsin… Chaqaloqqa ism aytsunlar, suyunchisini ham uzatib qo‘ysunlar… Keyin, boshqa zarur gapi ham bor katta malikaning…
Mordin qal’asi esa hamon bo‘y bermasdi. Baland qoyadagi shohchodirda mashvarat chaqirildi. Kechagina Andxoydan qaytgan piri murshid Mir Sayyid Baraka, valiahd Muhammad Sulton, Mironshoh Mirzo, amirlar, sarkardalar sohibqiron so‘zlarini eshitishga mushtoq edilar.
— Olloh shohiddurki, insofga chorlaymiz, deb shuncha vaqtni boy berdik. Sabr etagini tutduk… Qal’a bamisoli bokira qizdek yoniga kimsani yaqinlashtirishni istamaydur… qo‘rg‘onimiz eng baland qoyada joylashgan, birovning qo‘li yetmaydi, deb xomtama bo‘lg‘onlar shekilli… Endi o‘zlaridan ko‘rsunlar! Qal’a tag-tugidan qo‘porilsun! Mordin ham, ichindag‘i qal’ai al-Boz ham! Manjaniqlar ishga solinsun! Ko‘chma minoralar tiklansun! Shafqat qilinmasun!
Amir Temurning qarori qat’iy edi. Xuddi Umarshayx Mirzoning o‘limiga Xarmotur qal’asidagilar emas, balki mordinliklar aybdorday tuyuldi sohibqiron nazarida… Shu topda o‘zi ham jangga otiladiganday alfozda, sabrsizlangancha u yoqdan-bu yoqqa yurardi.
— Hali ular bizni yaxshi bilmaydurlar, bilg‘onlarida kech bo‘ladur! — dedi qal’a yoqqa tikilarkan sohibqiron.
Garchi hukmdorning aytgan so‘zi otilgan o‘q ekanligini bilsa ham, Muhammad Churog‘a dodxoh noumid-shayton, qabilida ish tutib, bir urinib, sohibqironni niyatidan qaytarmoqchi bo‘ldi. Ammo Amir Temurga boqib dahshatga tushdi! Hamisha sohibqiron chehrasini bezab turadigan muloyim nigohlar yo‘q, aksincha, ko‘zlar qisilgan, qo‘l soqol uchida, purg‘azab hukmdor favqulodda junbushga kelgan… Shunday holat Isfahon voqeasida, dastavval isfahonliklarning uch ming soliqchini nohaqdan o‘ldirganlarini bilganida, keyin esa o‘lganlar kallasidan minora yasaganlarini eshitganida yuz berganligini Muhammad Churog‘a dodxoh o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
Dodxohning ko‘nglini, shubhasiz, amirzodalardan biri, Mordin hokimining beadabligi tufayligina shunday mustahkam qal’a buzilib tashlanadirmu, saltanatga mustahkam qal’alar ham kerak-ku, afv etingiz, deya so‘raydi, degan umid ilitib turardi. Balki piri murshid so‘zga og‘iz ocharlar?
Ammo hech kim so‘z qo‘shishga botinmadi. O‘zi endi gapirmoqqa taraddudlana boshlagan ham ediki, sohibqiron buyurdi:
— Mamat! Farmon qo‘shinga yetkazilsun!
Ortiqcha gapga o‘rin yo‘q edi. Mashvarat tugagach, barcha qal’a taraf yo‘naldi.
Amir Temur shohchodir oldidagi muvaqqat taxtda asabi taranglashgan holda o‘ltirar, keng peshonasidagi tirish sira ketishni istamasdi. Mir Sayyid Baraka taxtning o‘ng tomonida, Muhammad Churog‘a dodxoh chapda yozilgan to‘rt qavat ipak ko‘rpachalarga tiz cho‘kdilar.
Burg‘ular o‘krab, nog‘oralar chalinib, karnaylar sado berdi. Dahshatli jang boshlandi. Odatda, navkarlar qal’a ro‘parasiga to‘rt qavatli dabbaba — ko‘chma minoralar o‘rnatishar, uni yuruvchi qal’a ham deyishardi; jur’atli navkarlar qo‘rqmasdan mustahkam sandiqlarda qal’a og‘zigacha ko‘tarilishar, mardona jangga kirishardilar. Hozir ham shunday bo‘ldi… Qal’aning to‘rt tomonida ko‘kka bo‘y cho‘zgan adil teraklarday o‘sib chiqqan minoralar mordinliklar yuragiga qo‘rquv soldi. Tepaliklarga o‘rnatilgan arrodalar1 tinimsiz yog‘dirgan toshlardan qal’a devorlarida raxnalar ko‘payib borar, har joy-har joyda shotini shotiga ulab, devorga tirmashayotgan jasur jangchilar ko‘zga tashlanardi. Borliqni chang-to‘zon qopladi, suron qo‘pdi.
— Mamat! Misr sultoni Barquq “he” yo‘q, ”be” yo‘q, hali buning javobi bor, deb o‘ylab o‘ltirmasdan, Bag‘doddan yuborilgan elchimizni qatl qildiribdur, elchilik rusumida bu oqlanmaydur… Sababi nimada erkan? — so‘radi bosiq Amir Temur. — Maktublarimizga javob yubormaydur. G‘ulomimiz Otlamishbek bir yildan o‘tdi, hamon zindonda yotibdur… Nahot yaxshilik yo‘li birlan buni hal etish mumkin ermas?
— Ting‘chilarning xabarlari rost chiqdi, Amir sohibqiron! — vaziyatni izohlashga urindi Muhammad Churog‘a dodxoh. — Sizga aytsam, Misr sultoni Barquq Rum imperato‘ri Boyazid Yildirim bilan til topishgan shekilli. Bir-birlaridan is olishgani aniq. Shunga ishonib, nojo‘ya xatti-harakatlarga bormoqda. Yildirim Misr bilan do‘stlashish bahonasida qo‘shinlariga hamma chegaralarni buzib, Mosulgacha borishni buyuribdi. Sinjar va Qaysariya hokimlari sulton Barquqqa elchi yuborib, o‘zlarining tobe’ ekanliklari va uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilayotgani haqida suyunchiladilar… Sulton Barquq Sulton Ahmad jaloyirni tag‘in Bag‘dod taxtiga o‘tqazish niyatidadur…
— Oqil kengashingizga quloq solmasa, bu ularning yaxshi-yomonning farqiga bormay qolg‘onlaridan dalolatdur, Amir sohibqiron! — dedi xayollarga berilgan Mir Sayyid Baraka.
Jimlik cho‘kdi. Qal’a tomonga tikilarkan, Amir Temur nihoyat so‘zga lab ochdi:
— Misr sultoni dushmanimiz Sulton Ahmad jaloyirga boshpana berdi, uni o‘z mamlakatidan chiqarib yuborish haqidagi talabimiz ham bejavob qoldi…
— Kecha so‘nggi maktubimizga Sulton Barquqdan javob oldik, Amir sohibqiron…
— Shundaymi?
— Bildirishga jur’at yetmadi… Bu badxoh elchilarimizni o‘ldirtiradur, zindonga tashlatadur, o‘zini osmon fahmlaydur, borgan odamlarimiz oldida: ” Men faqat Boyazid Yildirimdan qo‘rqamen! Boshqasi pisand emas!” — der emish har gapida…
— Birovdan qo‘rqish-qo‘rqmaslik har kimning ko‘ngil xohishi, ammo hurmat aylamog‘i shart! — dedi sohibqiron, keyin o‘ylangancha qo‘shib qo‘ydi: — Ha, ular bizni bilmaydurlar, ammo bilganlarida kech bo‘ladur.
Jang raft-omadini kuzatar ekan, Amir Temurning ko‘zi, ittifoqo, kunchiqar tomonga, Ko‘kcha dengiz yo‘liga tushib qoldi. Olisda katta ug‘ruq qorasi ko‘rindi. Tuya ustida mahobatli yashil taxtiravon chayqalib kelardi. Yuragi bir qalqdi. Nahotki, bu, o‘sha aziza-yu mukarrama mahdi ulyo Saroymulkxonim maofasi?! Tug‘i o‘xshab turibdi. O‘shamikin? Sohibqironning yuragi qattiq-qattiq ura boshladi.
Shu palla mulozim Muhammad Churog‘a dodhohga Shirvon sultoni Shayx Ibrohimdan chopar yetganligini bildirdi. Dodxoh maktubni ikki qo‘llab sohibqironga tutar ekan, tashvishlanganini yashira olmadi:
— Tinchlik bo‘lsin, ishqilib… Xudo poshsho egam, deganlar.
— Savog‘ini yech-da, maktubni och! — buyurdi xotirjam Amir Temur.
Sohibqiron maktubni o‘qiy boshladi, u qisqa va lo‘nda yozilgan edi:
“Sohibqironi komkor Abulmuzaffar Amir Temur Ko‘ragon hazrati oliylariga yetib ma’lum bo‘lg‘aykim, Ollohning panohida to‘rt ko‘z tugal yuribdurbiz. Yurtu el omonda, sarhadlar tinchu dorilomon… erdi. Butun fikru xayollari, sa’yu sabotlari Ollohning bandalarini baxtli aylamak yanglig‘ olamjahon tashvish birlan band valine’mat sohibqiron farog‘atlarini buzmakka jur’at etg‘onimdan bag‘oyat ozurdamen… Bir oy avval Oltin o‘rda xoni To‘xtamishxon oqibatini o‘ylamay, Shirvon tuprog‘iga oyoq qo‘ydi… Iddaosi kuchli, qatli om qilmak aning maqsudi erdi. Yurtga adashib kirib qolg‘on daydi shamolg‘a tog‘dek ro‘baro‘ bo‘lduk. Oqibat ul badbaxt Tarak suyi ortiga chekindi. Nobakorning tutumini ko‘rsunlarkim, Shayx Ibrohim Darbandiyning Sohibqironi muazzam o‘g‘li va tobe’ini, Shirvonning esa soyai davlatlarida erkonlig‘ini bila turib, pisand etmay badkorliq yo‘lini tanlabdur…
Ting‘chilarim so‘zlariga qaraganda, To‘xtamishxon, Iroq poshshosi Sulton Ahmad jaloyir, qoraquyunlilar hokimi Amir Qora Yusuf va Misr sultoni Barquq, Rum sultoni Abu Yazidlar birlan, bir qoshiq qonimdan kechsunlar, o‘zlariga qarshi ot surmakchi ermishlar… Xayol qilurbizki, rostdan ham ul beboshvoqning tanobini tortib qo‘ymak fursatlari kelibdur! Baloni qanchalar tez daf qilinsa, shunchalar savobdur, deydilar. Agar o‘zlarining tabarruk qadamlari tuprog‘imizga yetib, muborak nafaslaridan quvvatlansak erdik, suyangan tog‘imiz yonimizda erkonlig‘idan o‘zimizni naq osmonlarda sezib, sadoqatu ixlos kamarini belimizga yana ham qattiqroq bog‘lag‘on bo‘lur erdik… ”.
— Ikki qilich bir qinga sig‘maydi-yu, bular to‘rttasi bir quyushqonga sig‘moqni o‘ylabdi! — zaharxandali kuldi Amir Temur qo‘li iyagiga cho‘zilarkan. Dodxoh uning keng peshonasida yana tirish ko‘rdi. — Eshitdingizmu, hazratim?.. Bandasi ko‘rnamak ersa, uning chorasi yo‘q erkan-da… hadisda aytilmish, yomon odam o‘ziga yaxshilik qilgan odamga to yomonlik bilan javob bermaguncha bu dunyodan ketmaydi, degan hikmat nechog‘lik haq… Dushmanlarni ham do‘stga aylantirishga tirishmoq kerak, buning uchun mol-dunyoni ayamasmen, hamisha kechirimlik maqomini mahkam tutamen, murosaga boramen, urushning oldini olish uchun elchilar yuboramen, kengashamen…
— Bor sa’y-harakatlaringizdan Ollohning o‘zi shohid, Amir sohibqiron, — dedi piri murshid. — Ko‘ngulni keng tutsunlar!
— “Tuzuklar”da bitg‘on erdingizki, Amir sohibqiron, — eslatdi Muhammad Churog‘a dodxoh sohibqironni chalg‘itish maqsadida. — Menga yomonlik ko‘rgizib, boshim uzra shamshir ko‘tarib, ishimga ko‘p ziyon yetkazg‘onlarni ham iltijo bilan tavba-tazarru aylab kelgach, hurmatlab yomon kirdikorlarini xotiramdan o‘chirdum, martabalarini oshirdum, deb…
— Bu — rost. Biroq To‘xtamishxon boshqacha xilidan chiqdi. To‘xtamishxonni o‘g‘lim deb atag‘onimdan keyin to‘rt marta kechiribmen, non-tuz hurmatini o‘rniga qo‘ymag‘on “o‘g‘lim”ning insofga kelishiga ishoniblar yuribmen men sodda… Yo rabbiy! Kamina hali qafasda bo‘ronni tutmoqqa umid bog‘ladimmu? G‘alvirda suv olamen deb xomxayolga bordimmu hali?.. Ammo biror marta ham uning noshudligini yuziga solmadum, bu To‘xtamishxonning yigitlik, erkaklik sha’nini yerga urg‘on bo‘lurdi. Erkakning sha’nini yerga urmoq eng dahshatli narsa. Er kishining bor davlati — uning sha’ni. Agar erkak sha’ni poymol bo‘lsa, u holda unda nima qoladi?..
Muhammad Churog‘a dodxoh sohibqironning kengfe’lliligidan yana hayratlandi. O‘zi shamshir o‘qtalib, dushmanlik ko‘rgizib turibdi, bunday murdorlikni, qabihlikni uning betiga ochiq aytish sha’nini yerga urish emish. Astag‘furillo! qanaqa sha’n? Sha’ni bormi o‘zi?.. Xudo poshsho egam, deganlar!
— Turon saltanati sha’ni-chi? Amir Temur Ko‘ragon sha’ni-chi?.. — so‘radi dodxoh, nazarida rad etib bo‘lmaydigan dalillar keltirib.
— Kechirimlilik rasulillohdan ummatlarga meros, bunga qattiq rioya qiladurlar, Amir sohibqiron. Lekin dodxoh janoblarining kuyib-yong‘onlari o‘rinli. Har qanday tutumning ham chegarasi bor…
— Chegarasi bor, bor… Andishaning oti qo‘rqoqqa chiqmasligi lozim. Maqsadingizni angladim, pirim! — dedi Amir Temur. — Agar To‘xtamishxonga qarshi yurilsa, uning Sulton Barquq, Amir Qora Yusuf, Sulton Ahmad jaloyir, Boyazid Yildirimlar kabi ittifoqchilari bilan birlashishiga yo‘l qo‘ymay, amalga oshirish kerak… Tobakay Oltin O‘rda bor ekan, Turonga tinchlik kelmas… Tinchlik uchun urushmak lozim…Turon tursa bo‘ron bo‘lishidan, afsuski, g‘animlar g‘ofildurlar, bilganlarida kech bo‘ladur…
Ting‘chilarning yangi xabarlari ham bor edi, Muhammad Churog‘a dodxoh ularni hozircha aytmaslikka qaror qildi.
Amir Temur yaqin orada Samarqandga qaytish fikridan endi aniq umidini uzdi. Samarqandni, uning bog‘larini, Urgut tog‘larini, Taxti Qarocha yo‘llarini, Shahrisabzni sog‘indi, osmono‘par Oqsaroyni ko‘rgisi kelib ketdi, juldurvoqiga o‘ralib pinhona darvesh sifat shahar kezish odati esiga tushib, ko‘ngli orziqdi. Oh, shunday emin-erkin yurmoq ba’zan poshsholikdan ming bor afzal ko‘rinib ketadi! Ajabo, saltanat masnadiga o‘ltiribdiki, mamlakat osoyishtaligini asrash muammosi oldida ko‘ndalang turadi. To‘xtamishxonni ham ana shu niyatda “o‘g‘lim” deb atagandi. Aslida To‘xtamishxon yomon bola emas, lekin uning buzg‘unchilar yo‘liga yurishi yomon! Yigirma yildirki, bunday xavfning oldini olish kerak bo‘lgan “o‘g‘il”ning o‘zi baloyi ofatga aylanib o‘ltiribdi!..
Sohibqiron yana Ko‘kcha dengiz yo‘liga qaradi: yashil taxtiravon xiyla yaqinlashib qolgandi. Ha, bu Saroymulkxonim ug‘ruqi ekan!
Chindan ham, mulozim Safarbergan viqorli malika mahdi ulyo Saroymulkxonim tashrifidan xabar yetkazdi. “Ne bois, qanchadan-qancha mulozimlar bor esa-da, shundog‘ uzoq yo‘lga katta malikaning o‘zlari otlanibdurlar?.. “ — degan fikr kechdi Amir Temur xayolidan.
Taxtiravondan xuddi yosh qizlardek chaqqon va nazokat bilan tushgan Saroymulkxonim yuzidagi harir pardasini xiyol ko‘tarib, sohibqironni tavof etdi, to‘nining peshini uch marta o‘pib, ko‘zlariga surtdi. Qalqib chiqqan ko‘z yoshlarini zarrin chopon bariga ohista artib olishga ulgurdi. Amir Temurga xush yoqadigan sirib kiyilgan to‘qjigarrang kimxob to‘n, malikaning xushbichim qaddi kamolini bo‘rttirib turardi.
— Suyunchi bersunlar, hazratim, suyunchi!.. — dedi mahdi ulyo sal ortiga chekinar ekan ta’zim qilib.
Sohibqiron shoshilgancha yonchig‘ini qidirar ekan, izlaganini dabdurustdan topa olmas, “Ie!”, “Ie!..” derdi xolos. Muhammad Churog‘a dodxoh ko‘rdi: sohibqironning haligina g‘azabdan cho‘yanday qorayib ketgan yuzlariga nur inib, chehrasi ochildi. Peshonasidagi tirish ham g‘oyib bo‘libdi.
— Suyunchi sizdan aylansun, Bibi!..
— Shohruh Mirzo xonadonida o‘g‘il tug‘ildi! O‘g‘il tug‘ildi, hazratim!
— Qutlaymiz, Amir sohibqiron! Umri bilan bersun, ilohi! — duoga qo‘l ochdi piri murshid. — Nabira muborak, mahdi ulyo hazrati oliyalari!
Saroymulkxonim “qulluq” deganday bosh egdi.
Amir Temur mamnun taxtda o‘tirgan joyidan turdi. Xalloqi bezavolga sallamno! Axir kechagina edi, Shohruh Mirzo dunyoga kelganida suyunchilar ulashib yurgani! Endi esa o‘g‘li o‘g‘il ko‘ribdi! Yo rabbiy! Zamon yeldek oqmoqda!.. Quvonchdan ko‘zlariga yosh quyilib kelar ekan, qo‘llarini ochib, xudoga shukurlar qildi. Ammo bir so‘z demadi. Darhol munajjimu donishmandlar chaqirtirildi:
— Qutlug‘ amirzodaning tole’ mavludini ko‘zdan kechirsunlar! — buyurdi sohibqiron.
Munajjimlar kengasha boshladilar. Chaqaloq tug‘ilgan paytda burjlarning joylashish o‘rni, tole jadvalining holati, quyoshning qaysi burjga bosh qo‘ygani, saodatli kunlarga to‘g‘ri kelish-kelmasligi va hokazolar haqida bahs ketdi.
— Bolaginamning bolasi, qantak o‘rikning donasi! Danagidan mag‘zi shirin, deganlari rost. Voy, biram shirinki, hazratim!
Umarshayx Mirzo fojiasidan hanuz dilgir yurgan Amir Temurni favqulodda quvonch chulg‘adi. Olloh bergan umrning hammasi ham kulfatdan iborat ermas! Farog‘atlari-da bor!.. Bir payt egachisi rahmatli Qutlug‘ Turkon oqa, nima bersa o‘zi beradi, o‘zi oladi, degandi. Shukurkim, mana, o‘zi olib, yana o‘zi berdi…
— Amir sohibqiron! — bashorat qildi nihoyat yoshi ulug‘ munajjim. — Tole’ mavludidan ayondurki, shahzodai oliynasab dunyoga podshoh bo‘lg‘ay va xatu ilm bobida benaziri jahon atalg‘ay! Hukumat rusumida zamon Luqmoni martabasi aning nasibasidur!..
— Nasibasidur! Nasibasidur! — deb qichqirishdi boshqalar ham.
— Og‘zingizga bol! — bosh tebratdi sohibqiron. — Mamat! g‘aznachiga buyurgil, munajjimu donishmandlarga sarpolar in’om etilsun!
Saroymulkxonim ma’noli jilmaydi:
— Endi ism qo‘yib bersunlar! Tayyorlab qo‘yg‘on otlari bor-ku…
— Otalar, bobolar umrini farzandlar, nabiralar davom etdirajaklar! Ollohdan umidimiz shuldur, inshoolloh! Kecha… tongga yaqin bir tush ko‘ribdurmen, Bibi… Padari buzrukvorim birlan yurg‘onmishmiz. Nechundir gapirmas emishlar. Tashvishlarga botib andak faromush etdik shekilli… — xijolat chekdi Amir Temur. — Nabiramizni eski udumlarga ko‘ra, otamizning ismlari birlan atag‘oymiz! Toki ul zot ruhlari shod bo‘lsun, har lahza, har on yodlanib tursunlar! Bas, uning nomi Muhammad Tarag‘aydur!
— Muhammad Tarag‘ay!
— Muhammad Tarag‘ay!
— Biroq uni chorlag‘onda tabarruk ismni ulug‘lab, urintirmaslik lozim, inchunin, laqabini “Ulug‘bek” deb tanladuk. Olloh taolo anga ulug‘lik, buyuk martaba ato etsun!
— Al-asmou tanzilu minas-samo,2 Amir sohibqiron! — dedi Mir Sayyid Baraka. — Qo‘yilg‘on ot azaliydur. Ulug‘bekning manglayini yorug‘ qilsun!
“Ulug‘bek bo‘lsun!”, “Ulug‘ qilsun!” “Ollohu akbar!”, degan so‘zlar eshitildi.
Mordin qamali davom etardi.
Pastdan shu palla Axiy Jabbor bahodirning shohchodir tomon yugurib chiqayotgani ko‘rindi. U o‘n qadam narida to‘xtadi-da, tiz cho‘kdi:
— Amir sohibqiron! Cheriklar to‘rt tarafdan suron solib, itob aylab qal’a ustiga chiqdilar! Shahar tarafga yo‘l ochildi, dushman har tomon sochildi! Eng avval qal’aga shimol yoqdan valiahd shahzoda Muhammad Sulton lashkari qadam qo‘ydi! Qal’a ahli rahm-shafqat so‘rab yolvorishga tushdi, son-sanoqsiz hadyalardan to‘qqiz-to‘qqiz yuborishga tayyordurlar, niyoz yo‘lini tutib, xiroju molu manol to‘lashga hozir ekanliklarini bildirdilar! Shavkatli amirzoda Mironshoh janoblari ushbu xabarni muborak quloqlariga yetkazib qo‘yishimni buyurdilar!
Amir Temur xushnudu mas’ud, ohista kezib yurarkan, changu to‘zon ichida qolgan qal’adan odamlarning qichqirig‘i, xotin-xalaj faryodi aniq eshitilardi.
— Olloh taolo bizga nabira ato etdi! — dedi sohibqiron Mordin tarafga ko‘z qirini tashlab. — Haq o‘z bandalariga ravo ko‘rgan yaxshi odatlardan biri, shukur aylamakdur. Alhamdilulloh, shukur qilamen, shukronasiga Mordin elining joni-molidan kechamen! Ulug‘bek Mirzo sharofatidan Mordin ahlining gunohlaridan o‘tdum! Qatli om to‘xtatilsun, barchaga omonlik berilsun!
— Olloh umringizni uzoq qilsun, Amir sohibqiron! — mamnunligini yashirmadi piri murshid.
Qiyqiriq atrofni tutdi. Ayniqsa, bu Muhammad Churog‘a dodxohga juda xush keldi. U Amir Temurning uzugiga pinhona qarab qo‘yganini fahmladi.
— Amir sohibqiron saltanatlari bardavom bo‘lsin, ilohi! — duoga qo‘l ko‘tarishdi yelkalariga sarpolar tashlangan munajjimlar. — Dorilomon zamonlar kelg‘oniga shukurlar etaylik!
Munajjimlar ta’zim-la asta tashqariga chiqdilar.
— Bahodir! — qaradi Axiy Jabbor bahodirga Muhammad Churog‘a dodxoh. — Shitob bu farmonni cherik ahliga yetkazaylik! Toki bandalar qoni to‘kilmasun! Ajab tole’i ochiq manglayi yorug‘ banda, javonmarddursenki, o‘lim haqida xabar evaziga hayot haqida mukofot bila qaytayotirsen!
— Qulluq! Qulluq! Yaratganning buyurg‘oni… Ko‘nglimiz ochiq, dodxoh janoblari!..
Ular Mordin tomonga yo‘naldilar. Ko‘p o‘tmay qal’a devoriga chiqqan jarchilarning o‘ktam saslari yangradi. Yig‘i va kulgu ovozlari eshitila boshladi.
Amir Temur katta malikani boshlab shohchodirga kirdi. U masrur edi, xuddi Ulug‘bek Mirzo tug‘ilib, saltanati umrini abadiyatga ulab qo‘yganday tuyulib ketdi. Olam go‘zal, dunyo shirin, qutlug‘ mujda yetkizgan Saroymulkxonim oftobday balqib, chodir ichini yoritib yuborganday bo‘ldi. Beixtiyor suyukli xotinini quchog‘iga oldi, soqolini botirib malikaning hamisha bo‘salariga mushtoq chap yuzidagi chiroyli qora xolidan o‘pib-o‘pib qo‘ydi. Saroymulkxonimning vujudiga shirin titroq yugurdi, o‘zini tanish tuyg‘ulardan behol sezdi…
______________
1 Arroda — jangda, qal’a devorini buzishga, katta toshlarni uzoqqa otishga moslangan maxsus qurilma.
2 Ismlar osmondan inadi(arabcha ibora)