Muhammad Ali. Altoyir yulduzi (hikoya)

Bundan bir necha lahzagina Movarounnahr hukmdori bo‘lgan, “onhazrat”, “etta iqlim shahanshohi” va hakazo unvonlar sohibi Mirzo Ulug‘bek ko‘hna Ko‘ksaroy pillapoyalaridan tushib kelar ekan, ajabo, o‘zini bag‘oyat yengil sezdi. Ollohga shukur! U ortiq mashhur saltanat podshosi emas, uning yelkasida ulkan mamlakat tashvishi turgani yo‘q… U ham el qatori bir odam, xudoning bandasi. Mudarris, Ko‘hakdagi rasadxona mutasaddiysi…
Mirzo Ulug‘bek shu tobda qayoqqa borishini ham bilmasdi. U vaznsiz, yeru osmon o‘rtasida gard misoli havolanib borardi. Jonajon Samarqand osmoni zulmatlarga chulg‘angan, ajabo, bironta ham yulduz o‘z o‘rnida yo‘q…
Mirzo Abdulatifning Movarounnahr taxtiga chiqishini qutlashga kelgan a’yonlar Ko‘ksaroyni to‘ldirib bazmi jamshid qildilar. Shomdan beri o‘yin-kulgu avjida, qiyqiriq sadolaridan Ko‘ksaroy qasri ham o‘zini o‘ng‘aysiz sezayotgandek edi. Mirzo Ulug‘bek kichik o‘g‘li Mirzo Abdulaziz bilan poygakda tiz cho‘kdilar. Amirzoda ham birdan g‘oyib bo‘lib qoldi, uni kimdir qaygadir chaqirib ketdi. Mirzo Ulug‘bek barchani kuzatib o‘ltirar ekan, buqalamun zamonning nayranglariga yana bir bor tan berdi. Kechagina Mirzo Ulug‘bek poyini o‘pib, to‘nining peshini ko‘ziga surtishni orzu qilgan kimsalar endi boshqaning atrofida parvona! Ular qirq yil sultonlik masnadida o‘ltirgan sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon nabirasini endi tanishmaydi. Vodarig‘!
Ko‘ksaroyning kenggina ko‘rinishxonasi torayib qisib kelayotgandek bo‘la boshladi Mirzo Ulug‘bekning nazarida. Nechundir o‘smirligida Shayx Farididdin Attorning zavq bilan o‘qigan bir risolasi yodiga tushdi. O‘sha risolada Shayx bu dunyoni quduqqa o‘xshatgandi. Chindan ham dunyo bir quduq kabidur, quduq bo‘lganda ham, suvi qurigan quduq… U esa ana shu quduqqa tushib qolganday edi.
To‘rda, taxtda shirkayf yastangan Mirzo Abdulatif padari buzrukvorining poygakda qolib ketgani bilan ishi yo‘q, taqdir siylovidan mamnunu masrur edi. Boshiga yoqut ko‘zli toj qo‘ndirgan yigitchaga termilib, nahotki shu mening zuryodim bo‘lsa, deya o‘ksindi Mirzo Ulug‘bek. Nahotki ?… Rasadxonada tongda Ali Qushchi bilan Altoyir yulduzini kuzatishar ekan, sulton o‘z shogirdiga yuragini to‘kib soldi:
– Siz o‘g‘lim qatorisiz, balki undan ham ortiqroqdursiz, mavlono Ali! Sizdek farzandi arjumand yanglig‘ bir shogird ato qilg‘oniga parvardigorga shukurlar deyman, ota o‘g‘li!
– Qulluq, ustoz! Kaminani bag‘oyat qarzdor etdilar!
– Farzandlar… Yo, olloh! Bir bandangda nima qasding bor ediki, farzandlardan… Yo‘q, yo‘q, farzandlarning boriga shukur! Qani, bandasi farzandning bir mo‘yini, bir tirnog‘ini yaratib ko‘rsin-chi! Farzandni ham parvardigor berg‘onga beradi! Lekin nega farzandlarim bir-birlari bilan inoq emaslar-a?.. Nega? Nega ular otalarining bag‘rini tilayotg‘onlarini bilmaydilar, bilishga urinmaydilar ham?.. Axir ota ham dunyoda yakka-yagona-ku! Nega farzandlar otalarini o‘tga otishlari kerak? Ota bo‘lg‘onligi uchunmi? Shu yorug‘ dunyoga kelishlarida sababchi bo‘lg‘oni uchunmi?.. E, xom sut emgan bandalar!
– Afu etadilar, ustoz, — dedi Ali Qushchi. – Onhazratning bunchalar nadomat to‘riga tushib qolishlariga, tushub qolish emas, balki o‘zlarini o‘sha to‘rga otishlariga vaj yo‘qdur! Shukur qilmoq kerak…
– Shukur qilamen beshak, ota o‘g‘li, shukur qilamen! – xasta ovozda so‘zlandi Mirzo Ulug‘bek. – Shundoq yaratg‘oniga shukur! Ammo, farzandlar… Men farzandlarimni yomon demaymen. Qaysi ota o‘z pushti-kamaridan bo‘lg‘on dilbandini yomon deydi? Ammo, men ularni el suyadurg‘on, ulus koriga yaraydurg‘on vallamatlar bo‘lib voyaga yetishlarini istar edim-ku! Axir men ularni otalarining qadriga yetadurg‘on, bir og‘iz kalomini yerda qoldirmaydurg‘on, izzat-ikromini joyiga qo‘yadurg‘on elning oqil o‘g‘illari bo‘lib bo‘y cho‘zishlarini xohlar edim-ku? E, parvardigor! Nechun orzularim aro yo‘lda qolib ketdi? Nechun? Oh!..
– Nimalar deyapsiz shundog‘ muborak kunda? – eshitildi kimningdir dag‘alroq ovozi. – Shodlik ayyomida nechun nadomat, oh-vohlar?..
Mirzo Ulug‘bek o‘ziga ikkita odamning qattiq tikilib turganini ko‘rdi. Ko‘zlarini kattaroq ochib qaradi. Atrofda qiyqiriq avjga mingandi.
– Boyadan beri ozmuncha gaplarni gapirmadingiz, naq ilon po‘st tashlasa arziydigan gaplar-a!
– Movarounnahr sultoni eshitib qolsa, nima deydir? Joningizga jabr qilmoqchimisiz? Xushingiz joyida emas shekilli…
– Bexud bo‘lib qolg‘on… Ko‘rinib turibdi, — so‘zga uchinchi odam aralashdi. – Yo‘q esa, shunday gaplarni og‘izga olarmidi!..
Voqea boshqalarning ham diqqatini torta boshladi. Nariroqda turgan ikki amir shiddat bilan shu tomonga yo‘naldi.
Mirzo Ulug‘bek hammaning ko‘zida hasrat, g‘azab, achinish alomatlarini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu o‘zining bu yerda mutlaqo begona ekanligini his etdi. Bas, ortga tisarilib, sezdirmay tashqariga chiqib olmoq kerak… Shunday qildi. Xayriyat, hech kim uni to‘xtatib qolishga urinmadi.
Ko‘chada odamlar siyrak edi. Muyulishlarda qo‘yilgan fonuslar yo‘lni g‘ira-shira yoritar, odamni esa tanib bo‘lmasdi. Ahyon-ahyonda shaqildog‘ini o‘ynatib mirshab o‘tib qoladi. Mirzo Ulug‘bek qayoqqa ketmoqda – buning farqi yo‘q, ishqilib qayga bo‘lsa ham, shu yerdann yiroqroq ketsa bas…
– To‘xta! Qayon yo‘l tutursen? – dag‘dag‘ali so‘rab qoldi muyulishda turgan mirshab. – Bemahalda nima qilib yuribsen?
Mirzo Ulug‘bek bir lahza kalovlandi, keyin nimadir deyish zarurligidan, shartta miyasiga kelgan fikrni aytdi:
– Musofirmen… Karvonsaroyga borayotg‘on erdim… Ota o‘g‘li…
Shundoq dedi-yu tomog‘iga bir narsa tiqilganday bo‘ldi. Musofir! O‘z shahrida, o‘z elida, bobo yurtida… musofir!
Mirshab fonus tutib Mirzo Ulug‘bekka razm soldi, musofirligiga ishonch hosil etdi shekilli, dedi:
– Shaharda taxtdan ketgan Ulug‘bek Ko‘ragon odamlari yurganmish. Movarounnahr sultoni Mirzo Abdulatifdan farmon yetdikim, shundog‘ kishilar duch kelsa, shitob hibsga olinsun, deb… Sen, mabodo, o‘shalardan emasmusen, ey umringni bergur?
– Yo‘g‘-e! Men qayoqda-yu Ulug‘bek Ko‘ragon odamlari qayoqda! Bir bechora odammen… Shoshdan kelmakdamen, uy-makonim yo‘q. Boshpana izlab yuribmen
– Avval hech Samarqandda bo‘lganmusen? – so‘radi yana mirshab, Mirzo Ulug‘bek uning o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlarda ekanligini ko‘rdi. – Bunday sal shaharni bilarmusen, ey umringni bergur?
– Yo‘q… Hech bo‘lmag‘onmen… – javob qildi Mirzo Ulug‘bek. – Samarqandda ilk bor bo‘lishim…
-Esa to‘g‘ri yo‘ldan borasen, chorrahadan chapga burilasen, adashma! Karvonsaroy so‘l tomonda.
“Ollohga shukur!” – suyundi ichida Mirzo Ulug‘bek va yo‘lida davom etdi.
Karvonsaroyga yaqinlashgan sari uning ko‘ngli yorisha boshladi. Ajabo, u bu yerga shuursiz, beixtiyor yo‘l tutdi, lekin bundoq o‘ylab qarasa, boshqa boradigan joyi ham yo‘q ekan. Dunyoning o‘zi ham karvonsaroy-da, bir jihati…
So‘l tomonda Isfahondan, sog‘ tomonda Xo‘tandan kelgan ikki karvon ahli joylashish umidida u yoqdan-bu yoqqa ivirsinib yurardi. It egasiga boqmaydi. Shu palla:
– Tezroq jo‘namoq darkor. Bu yerda turgim kelmay qoldi…Yurt juda notinch ekan… – degan so‘zlarni eshitdi Mirzo Ulug‘bek. Nariroqda chakmonli ikki kishi bir-biri bilan suhbatlashib turardi.
– Biroz nafas rostlasak kifoya, hali safarimiz yiroq, – javob qildi boshqasi. Qorong‘uda uning yuzi ko‘rinmasdi. – Zimiston qishga qolib ketmay Rumga yetib olg‘aymiz, inshoollo.
– Haligi otliq podshoning chopari nima deb baqirib yuribdi?
– Movarounnahr sultoni Ulug‘bek Ko‘ragon taxtdan badarg‘a qiling‘on emish. O‘rniga o‘g‘li Mirzo Abdullatif podsho bo‘libdi. Mirzo Ulug‘bek qochib yurg‘onmish. Agar biron bir karvon o‘ziga qo‘shib olsa-yu yashirsa…
Shu payt chap tarafda bir ot qattiq kishnab yubordi, unga ikkinchisi qo‘shildi. Mirzo Ulug‘bek gapning davomini eshita olmadi.
– …Bildingizmu? Shuning uchun ko‘z-quloq bo‘lingiz siz ham! Mirzo Ulug‘bekning yuragi bulk etdi. Ko‘nglida, biron karvon bilan tezroq yurtdan chiqib olmoq, haj tomonlarga bosh olib ketmoq niyatida edi. Baski, bunga ham yo‘l yo‘q…
U bildirmay nari ketdi. Tanib qolishmasin, deya hadik bilan atrofga qarar ekan, qayergadir yashirinishi, qaydadir qo‘nim topishi lozimligini sezardi. Qayoqqa borsin, qayerga bosh ursin?..
Nogahon Mirzo Ulug‘bek o‘ng tomonda kunjakda g‘ira-shirada uymalashib o‘ltirgan odamlarni ko‘rib qoldi. O‘rtada yagona sham lipillab yonar, o‘ttiztacha odam uning atrofida parvonalar singari xush kayfiyatda chaqchaqlashib o‘ltirishar, ularning shu tobda dunyo past-balandi bilan ishlari yo‘q edi. Uy-joysiz musofir kishilarning qanday tashvishlari bo‘lishi mumkin? Tepada yonib turgan xira fonus shu’lasida har kim timirsklanib nima bilandir mashg‘ul: kimdir uxlash payida boshiga g‘ishtdan yostiq qilmoqda, kimdir etigini yechib paytavasini quritish bilan ovora, kimdir allaqachon xurrakni boshlab yuborgan… Norg‘ul bir odam esa atrofiga odamlarni to‘plab gap bermoqda, gap orasida soqiylik qilib ham qo‘yadi – davradagilarga oz-ozdan may ulashadi.
Mirzo Ulug‘bek dunyoni suv olsa to‘pig‘iga chiqmaydigan bu odamlar yonida bir lahza to‘xtab qoldi. Norg‘ul odam kimningdir qarab turganini sezdi:
– O‘ylanmay kelaver! Bag‘rimiz ochiq, ey musofir! – so‘z qotdi u. Barcha Mirzo Ulug‘bekka o‘girildi. Hash-pash deguncha bo‘lmay, ikki odam shart o‘rnidan turib, Mirzo Ulug‘bekning qo‘ltig‘idan olishib davraga qo‘shib qo‘yishdi. Norg‘ul odam shu zahotiyoq unga may uzatdi-da, xotirjam dedi:
– Mana buni sipqarib yubor! Yo‘q, desang, og‘zingdan quyamiz. Shartimiz shunaqa!
– Men… men… may ichmasmen, ota o‘g‘li… – o‘zini tortdi mehmon.
– Otilsun! –buyurdi norg‘ul odam.
Yana ikki kishi shartta unga tashlanishdi, yotqizib og‘ziga may quyishmoqchi bo‘lishdi. Ularning bunday xatti-harakatini ko‘rgan Mirzo Ulug‘bek, ollohning o‘zi afu etsin, o‘zi ko‘rib turibdi, bu dunyoning zahar-zaqqumini, azobini ichsam ichib yubora qolay, dedi-da, maykosani qo‘liga oldi. Ko‘zlarini chirt yumib, ichib yubordi. Davrada qiyqiriq sadolari yangradi. Mirzo Ulug‘bek ta’siri o‘tkir mayning birdan miyasiga urganini sezdi.
– Davomini eshitaylik! – norg‘ul odamga murojaat qildi zanchalish ovoz. – Shu damlarda Ulug‘bek Ko‘ragon qayerda ekan? Birov ko‘ribdimi?
Mirzo Ulug‘bekning ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi. Xuddi uning shu yerdaligini bilib qolishganday gapga aralashishga shoshildi, maqsad diqqatni o‘zidan qochirish edi:
– Ulug‘bek Ko‘ragonni… tutib olishibdimi?
– Yo‘-o‘-o‘q! Hozircha yo‘q, — javob qildi norg‘ul odam. – Lekin baribir tutib olishadi-da. Qayga qochib borardi bechora…
Bechora! Haligina Ko‘ksaroyda u begona edi, ko‘chaga chiqqanda musofirlik martabasiga mindi, mana endi bechoralik toji ham unga nasib etib turibdi…
– Kosani aylantir, akang aylansun! – so‘z qotdi kimdir.
– Garduni dun yanglig‘ kosa aylansun! – qo‘shildi ikkinchi odam.
– Garduni dun yanglig‘ kosa sendan aylansun!
– Ko‘p aylantirma, tez quy!
Chaq-chaq kulgu ovozlari jarangladi. May kosa aylanishda davom etdi.
Sarxush Mirzo Ulug‘bek navbatdagi kosani sipqarib uzatar ekan, norg‘ul odamga mulozamat ko‘rgizmoqchi bo‘ldi:
– Podsho… podsho emas, asil podsho sen ekansen! Quy, ota o‘g‘li!
Kayfdan qiyshayishib qolganlar safi ko‘payib, davra siyrak tortib borardi. Mirzo Ulug‘bekning boshi aylana boshladi. Norg‘ul odam ham sarmastlikdan tebranib zo‘rg‘a o‘tirardi. U qandaydir bir qo‘shiqni xirgoyi qilishga turdi.
– Maying… o‘tkir ekan… Kam bo‘lma, birodar… – Mirzo Ulug‘bek norg‘ul odamning yelkasiga qoqdi. – O‘tkir ekan…
– Urgutning sharobi!.. Dunyoning rohati shu-da!..
Norg‘ul odam tamshanib qo‘ydi-da, yotishga hozirlandi.
– Men podshomen… – dedi Mirzo Ulug‘bek birdan norg‘ul odamga qarab. – Podsho-o-men!.. Podsho-o-o!
– Ha… Hammamiz ham podshomiz… – o‘ziga-o‘zi aytgandek beparvo dedi norg‘ul odam iljayganicha. – Ammo, men katta podshomen, sen kichkina podshosen! Bildingmu?… Xo-xo-xo!
Davradagilarning ko‘pi o‘zlarini chekka-chekkaga tortishib uyquga ketishgandi.
– Men senga aytsam… kulma!.. — Mirzo Ulug‘bek usruk ko‘zlarini suhbatdoshiga tikdi, norg‘ul odam o‘tirgan joyidayoq uxlab qolibdi.
– Men podshomen, deyapman! — Mirzo Ulug‘bek norg‘ul odamni turtib uyg‘ota boshladi. – Podshomen! Angladingmu?
– Xo‘p, xo‘p… Podshosen… – Norg‘ul odam erinchaklik bilan ko‘zlarini ochdi-yu yumdi. – Kechayam bitta podsho kelgandi…
Mirzo Ulug‘bek mast odamlarga xos qaysarlik bilan sherigiga baqirdi:
– Men – Ulug‘bek Ko‘ragonmen! Ulug‘bek Ko‘ragon! Bildingmu?.. Men…
Mirzo Ulug‘bekning so‘zi og‘zida qoldi:
– Yo‘-o‘-o‘-q! Sen Ulug‘bek Ko‘ragon emassen! – Baqirish navbati navbati endi norgul odamga keldi. – Sen Amir Temur Sohibqironsen! Chingizxonsen! Bo‘ldimi? Bor endi, ko‘zimga ko‘rinma! Yo‘qol!
Norg‘ul odam shunday dedi-da, yerga cho‘zilgancha uyquga ketdi.
Mirzo Ulug‘bek atrofga nazar soldi. Haligina karvonsaroy darvozasi oldida uymalashib yurgan odamlar ham endi qaygadir g‘oyib bo‘lishgan, shovqin-suronlar eshitilmasdi. Davradoshlari esa qattiq xurrak otish bobida bir-birlari bilan bahs boylashar edilar. Mirzo Ulug‘bek shu palla o‘zining dunyoda naqadar yolg‘izligini his qildi! Biron bir yaqin kishisi yo‘q. Padari buzrukvori hoqoni sayid Shohruh Mirzo uch yil avval u dunyoga rihlat etdilar. Volidai muhtaramalari Gavharshod begim esa Hirotda, uzoqdalar…
Endi nima qiladi? Yorabbiy!..
Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmadi. U bir payt ohista turdi-da tashqariga yo‘naldi, ammo qayerga borayotganini fahm etmasdi. Ishqilib, shu karvonsaroydan nari ketsa kifoya. Soqchining ko‘zi ham biroz ilingan ekan, darvozadan sezdirmay chiqib oldi. Ko‘chada odam zoti ko‘rinmasdi. Xayollari parokanda Mirzo Ulug‘bek birdan o‘ziga keldi, maydan asar ham qolmagandi. Tevarakka olazarak boqdi. Nazarida ortidan qandaydir sharpa kuzatib kelardi, mirshablardan birimi edi, bilmaydi. Ana, otlar dupuri ham eshitilganday… U birdan chopa boshladi! Birozdan so‘ng to‘xtadi-da, quloqlarini berkitib oldi. Yana quloq soldi. Aniq: kimningdir, mirshabniki bo‘lsa kerak, “Qochmang!”, “Qochmang!” degan ovozini ham eshitdi. U tag‘in ham qattiqroq yugura ketdi.! Qayerga yashirinish mumkin? Koshki, shu topda bu olamdan qochib chiqib ketish mumkin bo‘lsa!.. Halloslab borar ekan, kutilmaganda uning oldidan eski bir quduq chiqib qoldi. Shu quduqqa yashirinsam-chi, hech kim meni topa olmaydi, degan fikr miyasiga chaqmoqday urildi! Shayx Farididdin Attor ham dunyoni quduqqa qiyos etgan edi-ya! O‘sha quduq shu bo‘lsa kerak…
Mirzo Ulug‘bek apil-tapil quduqqa tusha boshladi. Allaqachonlar suvi qurigan quduq tagiga tiz cho‘kdi-da, sassiz yuqoriga quloq tutdi…
Borliq olam sukunat qo‘ynida g‘arq, tepadan bir parchagina osmon ko‘rinib turardi xolos. Ajab, yashash, umr, olam hozir o‘sha bir parchagina osmondan iborat edi. Nogahon quduq tepasida bir chaqnoq yulduz jamol ko‘rgizdi.
– Altoyir!.. – shirvirladi Mirzo Ulug‘bek, shivirlarkan, butun a’zoi badaniga titroq yugurdi. – Tanidim seni! Holimdan xabar olgani keldingmu? Ey, sadoqatli do‘st!
Shu palla yulduz tomondan:
– Ustoz! Ustoz… – degan nido eshitildi. Yulduz nido qilardi! Mirzo Ulug‘bek birdaniga olam sukunatini buzib o‘krab yig‘lab yubordi. Altoyir yulduzi Mirzo Ulug‘bekni tubsiz quduqda yolg‘iz qoldirishni istamaganday, joyidan jilmay kuzatib turardi.
– Ustoz! Ustoz… – iltijo qilardi Altoyir yulduzi…
“Lohavlo valo quvvato illo-billoh! – dedi o‘ziga o‘zi Mirzo Ulug‘bek yig‘idan to‘xtab. – Ollohning karami keng!..”
– Ustoz! Ustoz…
– Ha, ha… Altoyir! Altoyir!..
– Ustoz! Ustoz… – nido qilardi yuqoridan ovoz. – Ali Qushchiman…
– Ha, ha… Altoyir! Al… Ali Qushchiga aylangan Altoyir!
Mirzo Ulug‘bek bir parcha osmonga tikilar ekan, chaqnab turgan yulduzdan boshqa hech narsani ko‘rmasdi.
– Yugurib izingizdan yeta olmadim… Izlamagan joyim qolmadi. Xudoga shukur, topdim, ustoz…
Chindan ham ovoz Altoyirning ovoziga o‘xshardi… Mirzo Ulug‘bek negadir o‘zini tutolmay tag‘in yig‘lab yubordi. Yorabbiy! Bir bandangni tubsiz quduqda yolg‘iz qoldirmaganingga shukur!
– Tepaga chiqingiz, ustoz!.. – Ali Qushchining o‘pkasi to‘lib ketganligi sezilib turardi. – Ustoz… Ustoz…
Ko‘ngli yorisha boshlagan Mirzo Ulug‘bek dunyoning bir parcha osmondangina iborat emasligiga imon keltirdi.
Dunyo keng, hali yulduzlar sanoqsiz, umr bepoyon tuyuldi uning nazarida. U quduqdan Altoyir yulduzi tomonga chiqa boshladi. Shu topda Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi, Movarounnahrning qirq yillik sultoni Mirzo Ulug‘bek umridan bor-yo‘g‘i bir kungina qolganini xayoliga keltirmas edi…

1994