Mengziyo Safarov. Baxmal (hikoya)

Urushning ko‘pi o‘tib, ozi qolgan bo‘lsa ham onasi hamisha ikki gapning birida:
– Urushni kimki unutsa ko‘r bo‘ladi. Og‘ir kunlarni tez-tez eslab-eslab turgandagina yaxshi kunlarning qadriga yetasizlar, – derdi.
Bola esa o‘sha kezlarda go‘dak bo‘lib, bu gaplarning ma’nosiga yetmasdi.
Es-es xotirlaydi: uzoq kahraton qish oqshomlari onasi sigirni yerto‘ladan chiqarib, o‘zlari yotadigan xona dahliziga bog‘lab qo‘yardi. Sigir tun bo‘yi kurtillatib xashak chaynar, kavshanar, bola esa uning o‘qtin-o‘qtin pishqirishini tinglay-tinglay uyquga ketardi. Onasi sigirga juda mehribon edi. Buni, aftidan, sigir ham sezar, hamisha onasi «Baxmal», deb chaqirganida, u emranibgina onasi yoniga kelar va dumini silkitib erkalanardi. Onasi o‘z g‘amini yemasa-emas, biroq sigirini hech qachon unutmasdi.
Bir kuni akalaridan biri sigirga qilinayotgan bunchalik g‘amxo‘rlik boisini so‘rab qoldi. Ona, yerto‘la sovuq, boz ustiga, qishloqqa o‘g‘ri oralagan, xudo ko‘rsatmasin, sigirga biron kasofat tegsa, biz sag‘irlarning kunimiz bitadi, dedi. U paytlarda tirikchilik ana shunday tahlikali kechardi. Onasi sigirning o‘rtancha akasi bilan tengdosh ekanini va har yili kanda qilmay tug‘ib beradigan buzoqni katta qilib sotib, ro‘zg‘or koriga ishlatayotganini aytdi. O‘sha yili Baxmal o‘n to‘rtinchi buzog‘ini tug‘ib bergan edi.
Oilaning yakkayu yagona ilinji shu sigir edi. Ona uni yeru ko‘kka ishonmasdi. Ba’zan bolalardan ortgan sut-qatiqni qo‘ni-qo‘shnilarga bir taqa talqon, don yoki boshqa narsaga almashtirar, qaymog‘ini kuvida pishib, yog‘ qilib sotardi. Oila baxtiga Baxmal chindan ham sersut va serqaymoq edi. Birinchi marta esini tanib, maza qilib yegan shirguruch ham o‘sha sigir sutida pishgani xotirida. Undan totlirok shirguruchni ungacha va undan keyin ham yeganini eslay olmaydi. Umoch oshni aytmaysiz-mi! Hozir umoch oshni kamdan-kam uchratasiz. O‘sha og‘ir yillarda har bir narsa — sut ham, non ham, umoch osh va go‘ja osh ham g‘oyat antiqa taomlar edi…
Urush tugadi. Uning odamlar yuzidagi, dilidagi ko‘lankasi asta-sekin ko‘tarila bordi. Bolaning frontga ketgan katta akasi ham qaytib keldi. Urushdan eson-omon qaytgan yigitlar mehnat quchog‘iga o‘zlarini urishdi. Bora-bora oromi buzilgan qishloq va odamlar hayoti yana izga tushib ketdi.
Bu orada sigir ham, bolaning onasi ham keksaydi. Ayniqsa, sigir o‘zini tamom oldirib qo‘ygan edi.
U keksalikning bedavo dardiga chalindi. Baxmal butun oila ko‘z o‘ngida kun sayin cho‘kib borardi. Onaning sigir atrofida girdikapalak bo‘lishi, zo‘r berib yemish yeyishga qistashlari ham foyda bermadi.
Ro‘zg‘or tashvishlari boshiga tushgan, oilaga egalik qilgan to‘ng‘ich o‘g‘il kunlarning birida onasiga:
— Ena, sigirni so‘ysak, — dedi-yu, lekin shu ondayoq o‘z gapidan o‘zi cho‘chib ketdi.
— Nima deyapsan? So‘ysak dedingmi?
— Harom o‘lib qolmasin, deyapman. Uvol bo‘ladi. Buning ustiga bechora rosa qiynalib ketdi, gunohiga qolamiz. O‘rniga boshqasini olib beraman…
Ona o‘g‘lining fikriga qo‘shilgandek ancha vaqt sukut saqlab qoldi. Peshonasidagi ajinlar quyuqlashdi. Keyin to‘satdan butun gavdasi silkinib, yig‘lay boshladi. To‘ng‘ich o‘g‘il o‘rnidan turib ketdi. Shu-shu bo‘ldi-yu, qaytib sigirni so‘yish to‘g‘risida gap ochmadi. Biroq Baxmalning kuni qisqa ekan. Qish chiqib, mol-holning og‘zi ko‘katga yetganda oila madadi, suyanchig‘i Baxmal o‘lib qoldi.
Uni ajriqzorda yotgan paytda yer haydayotgan traktor oqshom g‘ira-shirasida bexosdan turtib ketdi. Bola ajriqzorga onasi bilan yugurib borganida sigir hali tirik ekan. Ammo uning boshiga qarab bo‘lmas, a’zoyi badanini traktor tishlari timdalab, tilka-pora qilib yuborgan, chang yopishgan junidan rangsiz qon sizib turardi. Sigir har zamonda jonholatda boshini ko‘tarishga urinar, og‘ir pishqirardi. Ona uning qoqsuyak boshini qo‘liga oldi. Baxmal bir amallab tilini chiqardi-da, kulfatdoshi, mehribon kampirning bilaklarini yaladi. Ona yuzini sigirning yuziga bosdi. Bola shunda Baxmalning ko‘zlaridan oqqan yoshni ko‘rdi. Hasratli kunlarni birga, yelkama-elka kechirgan onasi ham unsiz yig‘lardi.
Baxmal kampirning qo‘lida jon berdi. Farzandlar uni keksa onalari iltimosiga ko‘ra ehtirom bilan ko‘mdilar.
Yillar biri birini quvib o‘tdi.
Endi o‘sha sevimli Baxmal ham, undan ham suyumliroq mushtipar ona ham yo‘q. Har ikkalasi ham bu yorug‘ dunyoni tark etishgan. Ammo yigitning ma’sum qalbida chuqur o‘rnashib qolgan o‘sha manzara hamon butun borlig‘i bilan namoyon bo‘ladi: ajriqzorda chala o‘lik yotgan sigir va uning boshi uzra qaddi egilgan ona. Ularning ko‘zlaridan oqib tushayotgan sho‘rtak yosh sitamkor kunlar, bedor va tahlikali kunlar, mudhish damlarni manguga yuvib ketgandek.