Ma’suma Ahmedova. Yashil palto (hikoya)

Otam To‘xtamurod Ahmedov xotirasiga bag‘ishlayman

Nimadir kerak bo‘lib, eski qutilarni titkiladi. Shu mahal quti ichi aralash-quralash bo‘lib, bir narsa gilamga tushib, yumaladi. U egilib, qo‘liga oldi: yaltiroq, yashil tugma. Ko‘ngli yorishdi. Beixtiyor yodiga beg‘ubor talabalik yillari, olis yetmishinchi yillar ortida qolgan yoshlik davri tushdi.

* * *

Shundoq yonginasidagi kurant soati o‘n beshta kam oltiga kelib bong urdi. Havo tund, sovuq. U birgina yengil ko‘ylakda, ustida ko‘k rangli jun jemper. Xudoga shukr, kiyimlari yap-yangi. Bu yil o‘qishga kirdi, onasi avji pishiqchilik payti hovlidagi shotutni terdi, bozorga ukasini jo‘natib, sottirdi, puliga ana shu ko‘ylak bilan jemperni olib berdi. Yangi kiyim yaxshi-da. Kiysang, o‘zingni erkin sezasan, kayfiyating ham ko‘tarinki bo‘ladi, muhimi, atrofdagilarning kamsitganday nazarlarini payqamaysan. Qiz kiyib olgan kiyimlari tuzukligi uchun ham avtobus bekatida bemalol turaverdi. Kun esa sovuq edi, axir dekabr kirdi.
Mana, qor ham uchqunlab turibdi, avtobusdan esa darak yo‘q. Eti junjikdi. U jemperini badaniga yaxshilab o‘rab oldi: ana endi sovqotmaydi. “Men sovqotmayapman, sirayam”, – o‘ziga-o‘zi qat’iy shunday dedi. Bu so‘zlar yordam berdimi, sovuqni sezmay qo‘ydi.
Bekatda anchadan beri unga hamroh bo‘lib turgan ona-o‘g‘il avtobus kutib charchadimi, o‘rinlaridan turib, piyoda ketishdi, nariroqqa borib, taksi tutishdi-yu, jo‘nab ketishdi. Endi avtobus bekatida yakka o‘zi qoldi. Kurant soati yana bong urdi.
Qor uchqunlari havoda chirpirak bo‘lib o‘ynadi. Boshini ko‘tarib, kurantga qaradi. Qor uchqunlari ko‘zlariga kirdi, qorni kaftlari bilan artib, soatga yana qaradi: millari oltini ko‘rsatib turib qoldi. Hozirgina uchqunlagan qor endi rasmana yog‘a boshladi.
Izg‘irin turdi, sovuq jun jemperini teshib o‘tib, badaniga qadaldi: “Yo‘q, men sovqotmayapman!” Qiz bekatda u yoqdan-bu yoqqa yurdi, nazarida vujudi ilidi. Bir, ikki, uch… Ha-ya, nega xayoliga kelmagan ekan, yurib sanasa, vaqt ham o‘tadi, sovqotmaydiyam. Sanayverib, ikki yuztaga yetkazgan edi hamki, uzoqda, yog‘ayotgan qor to‘zoni ortida avtobus ko‘rindi-da, qor pardasini yorib o‘tib, bekat sari yaqinlashib kelaverdi.
Qiz quvonganidan sakrab ketayozdi: mana, axiri avtobus ham keldi, u bo‘lsa sira-sira sovqotmadi!

* * *

Kuni kecha bo‘ralab yoqqan qor bugun butkul eridi, sovuq tashladi. Achinish aralash kibrli nazar bilan boqqan o‘ziga to‘q xonadon qizlari bo‘lmish ayrim kursdoshlari endi uning birgina jigarrang ko‘ylagu ko‘k jemperda yurishiga ahamiyat bermay qo‘ydilar. Balki ular bunga ko‘nikishgandir? Qiz o‘jarlik bilan qo‘l siltadi: endi shular ola qaraydi, deb o‘qishga ham kelmasinmi? Hecham-da!
U sovqotmayman, deya birgina ko‘ylagu jemperda haftani salkam poyoniga yetkazdi. Nihoyat shanba kuni yetib keldi.
Talaba zoti borki, uyga borar kunni intiq bo‘lib kutadi. Avvalo sog‘inch, keyin uydagilar mehri, hali dilidan ketmagan o‘smirligu bolaligining shirin lahzalari, qadrdon joylar havosi, ayting, kimni chorlamagan?
Avtostantsiyadan uyi tomon shoshildi: tez yurganidan nafasi o‘pkasiga tiqilayozdi. Azbaroyi tez yurganidan terlab ham ketdi, isib, jigarrang ko‘ylagi badaniga yopishdi. Ana, ana, olisdan uyi ko‘rindi!
Uzoqdan ukalari-yu, singillari unga peshvoz yugurdilar: “Ana, opacham kelyapti!”
Uni katta xushxabar kutayotgan ekan! Uka-singillari shoshib, hovliqib, undan suyunchi olmoqqa chog‘landilar:
– Opacha, opacha, dadam sizga palto sotib oldilar!
– Shunday chiroyli, yam-yashil! – shoshib, hovliqib dedi singlisi Fazilat.
– O‘ziyam qimmat, oltmish to‘rt so‘m ekan! – dedi kattalarday, xuddi kissasidan naq oltmish to‘rt so‘m chiqarib, palto sotib olganday ukasi Ne’mat.
– Endi hadeb menga u kerak, bu kerak, deb xarxasha qilavermay yaxshi o‘qilaring, dedilar oyim. Axir opangga palto sotib oldik, dedilar! – nasihat qilgannamo dedi singlisi Adolat. – Bitta biz emas, siz ham yaxshi o‘qing!
Ular shu zaylda quvonishib, hovliqishib uyga kirib kelishdi. Qiz poyaf­zalini yecha solib, uyga kirdi. Yuragi sevinchga to‘ldi, to‘lqinlanib pitirladi: endi uning ham paltosi bor!
Dadasi, oyisi bilan naridan-beri ko‘rishib, paltoni kiyib ko‘rishga oshiqdi. Ha, Fazilatning maqtaganicha bor ekan, palto yam-yashil, shunday chiroyli, shunday chiroyli! Tugmalari yaltiroq, ko‘zni olib tovlanadi, yoqalari ham bejirim! Issiq! U paltoni yechgisi kelmay uy ichida aylandi.
– Yoqdimi, qizim? – so‘radi dadasi mamnun jilmayib.
– Yoqmaydimi! – dedi u dadasiga minnatdorligini qanday bildirishni bilmay.
U o‘sha qishda ham, undan keyingi qishlarda ham chinakamiga sira sovqotmadi. Hozirgacha o‘sha yashil palto taftini his qiladi. Bundan ke­yin umrida qancha-qancha paltolar kiydi, lekin hech biri esida qolmadi.
Hozir o‘ylasa, o‘sha yashil palto birgina uning emas, oiladagi uka va singillarining zimmasiga ham mas’uliyat yuklagan ekan: avvalo yaxshi o‘qish, yaxshi yurish, tarbiyali, odobli bo‘lish, borini tejash, bariga qanoat qilish…
Ha, mana, oradan qirq-qirq besh yillar chamasi vaqt o‘tibdi. U o‘sha paytlar bu tuyg‘ularni hozirgiday his qilmagan edi chog‘i: aslida yashil palto oiladagi hammaga, ayniqsa, unga bir sinov, qilajak yaxshi ishlari, sabrlariga ibrat bo‘larli mukofot bo‘lgan ekan.
U qo‘lidagi tugmani avaylab yana qutiga solib qo‘ydi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 4-son