Karavot mungli g‘ichirladi. Ona birpaslik uyqusidan uyg‘onib ketgan, lekin ko‘zini ocholmay yotardi. Ko‘rpachada tizzasini quchoqlagancha mudrab qolgan Qamariddin shoshib ko‘zini ochdi-da, onasi tomonga surilib, uning yuziga tikildi. “Chaqirsam uyg‘onarmikan?”, deya xayolidan o‘tkazdi, keyin bir lahzada ko‘nglidan kechgan vahimalarga berilib, yarim musht bo‘lib turgan o‘ng qo‘lini labiga bosdi. Ona ko‘zlarini xiyol ochib, yana yumdi. Qamariddin dadillanib, yengil tomoq qirdi.
– Oyi, tuzukmisiz? Ko‘zingizni oching, jon oyi. Yaxshisiz-a, endi? Choy ichasizmi?
Onaning lablari qimtildi. Toshdek og‘ir qovoqlarini arang bo‘ysundirib, nursiz ko‘zlarini o‘g‘li tomonga og‘dirdi. Uning lab qimirlatishga ham holi yo‘q, bordi-yu butun kuchini to‘plab og‘iz juftlaganida ham, tiliga so‘z kelmasdi. Demoqchi bo‘lganlari xayolida aylanardi. Xayolni esa eng yaqin odamingga ham so‘zsiz bildirolmaysan. Odamning xayoligina o‘ziniki bo‘lar ekan. Axir, ko‘nglingni birovga berasan, umringni − bolangga. Xayolni esa birovga berib bo‘lmaydi. Kimdir deydiki, fikrning tarjimoni til bo‘ladi. Bekor. Bir fikratni tarjima qilish uchun yuzta til kerak. Odam o‘yiga kelganlarining yuzdan birinigina tiliga chiqaradi. Ammo ona bugun bolalariga aytadiganlari ko‘pligini anglab, battar qiynalib yotardi.
“O‘g‘lim, seni azobga qo‘ydim. Yaxshiyam o‘zing borsan. Xudo xohlasa, tuzalganimdan keyin hammasini esingdan chiqaraman”.
Qamariddin hamon onasining sarg‘imtil yuziga iltijoli tikilib o‘tirar, uning biror ishora qilishini: suv ber yoki kelinimni chaqir deyishini kutar edi. Shuning barobarida onasining sochlarini qulog‘i orqasiga o‘tkazib, biroz qiyshayib qolgan ro‘molini to‘g‘riladi. Onaning ko‘zlaridan chakkasi tomonga dumalayotgan ko‘zyoshlari bir lahzada o‘g‘ilning ham ko‘nglini bo‘shatgan, ko‘ziga yosh chaqirgan edi.
Eshik ochilib, ostonada Basida ko‘rindi. Qamariddin ko‘zlarini yengiga bosib-bosib oldi-da, xotiniga qaradi. Basida qo‘lidagi dazmol urilgan kiyimlarni tokchaga joylashtirar ekan, Qamariddinga “Nima gap, nima qilay?“ degandek imo qildi. Yana har doimgidek javob ololmagach, karavot choyshabini to‘g‘rilab qo‘yib, jimgina tashqariga yo‘naldi. Qamariddin: “Hoy, qayoqqa?” dedi past ovozda.
– Ovqatga qaray-chi. Hozir bolalar ham kelib qolishadi.
– Ovqatingning suvidan olib kel, – dedi Qamariddin.
Basida bosh irg‘ab eshikni yopdi.
Ona birdan ingradi. Keyin birpas qosh chimirib turdi-da, bir muddatni o‘tkazib ko‘zlarini ochdi. Qamariddinning chehrasi yorishib ketdi. Onacining yuzini bir qo‘li bilan ushlaganicha, entikib dedi:
– Oyi! Xayriyat. Yaxshisiz-a endi? – Qamariddin xursandligidan poyma-poy gapirar edi. – Choy olib kelaymi yo ovqatning suvini ichasizmi?
“O‘g‘lim, boringga shukr. Qizlaringni sog‘indim. Nega narigi uyga kiritib yuboryapsan? Oldimda ko‘p-ko‘p o‘tirishsa, diydorlariga to‘ysam. To‘polon qilishadi, deysanmi? Menga o‘shalarning to‘poloni malham-ku. Ularni ko‘rib turmasam, siqilib ketaman, bolam”.
Qamariddin onasining oriq qo‘llarini uqalar ekan, endi nima qilishni o‘ylar edi. Shokirjon akani yana aytib chiqay desa, hali ishdan qaytmagan; hamshiraning ukoliga ham ancha vaqt bor.
“Qo‘llaringdan aylanay, bolam. Orqalarimni bir silab qo‘ysang-chi. Juda og‘rib ketdi”.
O‘g‘il sochiq bilan onda-sonda uchragan pashshalarni haydar edi. Ostonada bir qo‘lida kosa, bir qo‘lida kichik choynak ushlagan Basida paydo bo‘ldi. Qaynonasining ko‘zini xiyol ochganicha o‘ziga qarab turganini ko‘rib, siniq jilmaydi. Mastava bilan choyni xontaxtaga qo‘yib, karavotga yaqin keldi.
Qamariddinga “gapiraveraymi”, degandek bir qarab oldi-da, past ovozda:
– Oyi, tuzukmisiz? Ozgina mastava ichasizmi? – dedi.
“Yo‘q, rahmat, bolam. Negadir ishtaham yo‘q. Xudo xohlasa tuzalganimdan keyin icharman. Qamarjonimga quyib bering. Menga qarayman deb, tuz totgani yo‘q. Ilohim, shirin-shirin qizlaringizdan qaytsin”.
Ona bolalariga o‘z og‘zi bilan bir qoshiq ham ovqat o‘tmasligini bildirolmay, boshini bilinar-bilinmas chayqatar edi.
Qamariddin kosani qo‘liga oldi. Basida onaning boshini salgina ko‘tarib yana bir yostiq qo‘ydi. Ona bir qoshiqdan keyinoq ko‘zini yumib boshqa ichmasligini bildirdi. Farzandlari uning yonida nima qilishni bilmay kalovlanishar, bunga sari onaning ko‘ngliga bir xayollar kelar ediki, bu xayollar orasida dil-dilidan Xudoga o‘tinardi: “Ishqilib tezroq tuzalib ketayin. Bo‘lmasa, bu soddagina bolalarim el ichida uyalib qolishadi”.
Biroz o‘tkazib Basida Qamariddinga ovqat olib kirdi, ammo eri qosh chimirib rad qildi-da, bosh eggancha o‘tiraverdi. O‘g‘lining o‘ziga olib kelingan ovqatni qaytarganini ko‘rib tiliga borib yetgan so‘zlarni ayta olmay qiynalayotgan ona ingrab yubordi. Boshining orqasiga kirib o‘rnashib olgan tovoqdek bir narsa yanada og‘irlashgandek, kattalashgandek bo‘ldi. U biladi: tez kunda sog‘ayadi. Axir kechagidan ko‘ra ancha yaxshi. Ko‘zlari ham xira tortgan edi. Mana, ravshanlashdi. Kecha mana bu qotmagina kelinini anchagina qarab turib keyin tanigan edi, bugun yuzini aniq-tiniq ko‘ryapti.
Bechora kelin. Bu ham qaribdi. Qanday yoqimtoy edi. Kelin bo‘libdiki, kamgap. O‘zi ham shu kamgapligi uchun kelin qilgan. To‘rt hovli narida turadigan qo‘shnisi Manzuraning qizi. Olti qizning oltinchisi. Onasi o‘tgan yili qazo qildi. Basida battar kamgap bo‘lib ketdi. Dard-dardi ichida. O‘zi ham besh marta qizli bo‘ldi. Xudo o‘g‘il bermadi. Har gal tug‘ruqxonadan kelgan Qamariddin yo‘liga chiqib, ko‘ziga javdiragan onasiga mulzam tortibgina: “Yana qiz-ku, oyi”, der edi. Aslida u shu xabarni yetkazgani zahoti onasi har gal aytadigan bir dunyo ovutmachoq gaplarini eshitish uchun ham uyga shoshardi, qolaversa, uning ota bo‘lganidan chinakam xursand bo‘ladigan odam onasi edi. U har gal:
– Bolaning yaxshisi – qiz, Qamarjon. Akangdan keyin qizli ham bo‘luvdik. Juda chiroyli qiz bo‘ladigan edi. Xudo o‘ziga yaratgan ekan. Bir kechada oldi-qo‘ydi. Mana endi qizimning yo‘qligi ham bilinmaydi. Ular seniki emas, meniki. Menga qolsa yettita qizing bo‘lsa. Turmushga bersang-u, haftada bir martadan kelishsa, har kuni uyimiz to‘ladi, bolam. Sen shoshilma, qiz bergan Xudo o‘g‘ilniyam beradi… – derdi.
Qamariddin uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi marta qizli bo‘lganini birgina akasiga aytishga juda qiynalgandi. Akasida bir emas, uch o‘g‘il. Sayfiddin bu yangilikni telefonda eshitadimi, ukasining o‘z og‘zidanmi, ishqilib, Qamariddinni mazax qilmay qo‘ymasdi.
– Qamar, o‘zing ham qiz boladay yumshoqsan, – derdi u.
Gap Qamariddinning xotini to‘g‘risida aylanishib qolsa:
– Xotining ham qiz ko‘paytirishda onasidan ta’lim olgan ekan-da, – deb pisanda qilar edi.
U akasining gaplaridan sira ranjimagan. Negaki akasi o‘zidan yetti yosh katta bo‘lganidan esini tanigan vaqtlarda ham, uning yelkasida o‘tirib erkalanganlari ko‘z oldidan ketmaydi, qichqirib kulganlari o‘z qulog‘iga eshitilaveradi. Qamariddinga, onasining so‘zi bilan aytganda, “kichik o‘g‘lining dunyoga kelganini ham ko‘rolmay ketgan” otasining yo‘qligi u qadar sezilmagan.
Toshkentda o‘qib, o‘sha yerda ishlab qolgan Sayfiddin chirchiqlik kursdoshiga uylandi. Ishlari yurishib, katta tashkilotga rahbar bo‘lib ketdi. Onasi Qamariddin yangi uylangan vaqtlarda bu yigirma sotixli, ilon tiliday uzun hovlining etagiga o‘zlari o‘tirgan uyga qaratib Sayfiddin uchun bir uy solish kerakligini bot-bot takrorlardi. Keyingi yillarda negadir shu gapini aytmay qo‘ydi.
Qamariddin devordagi soatga tez-tez qarar, hamshira bu gal ham kechikmasa edi, deb asabiylashar edi. Birdan darvoza oldiga qandaydir mashina shitob bilan kelib to‘xtadi-yu, taxmon pardalarini to‘g‘rilayotgan Basida, onasining oyog‘ini uqalashga o‘tgan Qamariddin bir-birlariga shoshib qarashdi.
– Akam shekilli, – Qamariddinning ko‘zida g‘alati bir quvonch uchqunladi.
Ikkisi hovliga otilishdi. Sayfiddin ikki, ikki yarim oyda bir keladi. Ishlari ko‘p, axir. Oilasi bilan kelgan vaqtlari juda kam bo‘lgan. Kelganda ham onasining sog‘ligi, ahvolini surishtiradi, tezgina maktabga xabar yuborilib chaqirtirilgan Qamariddin bilan so‘zlashib, uning ishlari haqida so‘raydi, soatlab dars o‘tishga qanday toqat qilishiga hayron bo‘lib, har gal boshini sarak-sarak qiladi, qizlarining o‘qishlarini so‘raydi, hovlining bog‘ tomonini aylanib mevali daraxtlar, sabzavotlarni tomosha qiladi. Keyin shundaygina ko‘chalari boshidagi guzarga chiqib ketadi. Bu yerda qishloqning katta yoshli kishilari shom mahaligacha gaplashib o‘tirishadi. Sayfiddinning kelganini uning mashinasi motori sovumasdanoq bilishadi. Ko‘chadagi suhbat ham joniga tegib, uyiga kirib ketganlar Sayfiddin kelgan bo‘lsa zerikmaymiz, deb yoki yangiliklardan qolib ketmaylik deb, bir-birlarini xabarlab chiqib keladi. Ularning ko‘pi dadasining oshnalari bo‘lganidan Sayfiddinni o‘z o‘g‘illaridek ko‘radilar. Yana uning kam kelishi tanishlar orasida bir qadar qadrini oshiradi.
Sayfiddin ularning hammasidan hol-ahvol so‘raydi. Shahardagi ishlari, eng muhim yangiliklar, o‘g‘illarining aqlli ekani, onasini olib ketay, desa ko‘nmayotgani, ukasiga ham yaxshi ish topib berishi mumkinligi-yu, uning esa shu yerda ham yaxshi, aka, deyishdan nariga o‘tmagani, ularning yashashni bilmayotganlarigacha gapiradi. Mahalladagilarga, ayniqsa, Toshkentning kundan-kunga o‘zgarayotgani, yangi ixtirolar va shunga o‘xshashlar to‘g‘risidagi xabarlar juda yoqib tushadi.
Sayfiddin qo‘lidagi non, qand-qursni Basidaga tutqazib, Qamariddin bilan quchoqlashayotganda xavotir bilan “Nima gap?” dedi-yu, javobini ham kutmay, uyga yugurdi. Karavot yoniga tiz cho‘kkancha, onasining qo‘lidan tutib, yuziga tikilib ancha vaqt jim qolib ketdi. Keyin orqasida bo‘ynini qisib turgan Qamariddinga “Xo‘sh”, degandek qaradi.
– To‘rt kun bo‘ldi: bog‘da u-bu ishlar bilan aylanib yuruvdik, birdan “Sal mazam bo‘lmayapti”, dedilar. Uyga yetaklab olib keldim. Joy qilib yotqizib Shokirjon akani aytib chiqqunimcha, shunaqa bo‘lib qoldilar.
Sayfiddin jahl bilan qarab nimadir demoqchi bo‘lgan edi, ona tomoq qirishga o‘xshash bir ovoz chiqardi.
– Oyi, meni eshityapsizmi? Oyi, uyg‘oqmisiz?
Qamariddinning ko‘ziga yosh quyildi. Axir akasi onasining ovozini eshitolmaydi. Ishqilib, Xudo tezroq shifo bersin.
– Nega gapirmayaptilar? Nima bo‘ldi o‘zi? Yaxshi yurgan edilar-ku, – Sayfiddin ukasining qo‘lidan tortib yoniga o‘tirg‘izdi. – Do‘xtirga ko‘rsatdingmi? Nima deyishdi? Sendan so‘rayapman, Qamar!
Qamariddin yosh boladay burnini torta-torta:
– Avval sal-sal gapirib tushuntirayotgandilar. Ikki kundan beri… – Qamariddin hiqillab to‘xtab qoldi.
– Nima “ikki kundan beri”?
Ukaning qolgan gapi yig‘i aralash bo‘g‘iq chiqdi:
– Gapirmayaptilar.
Sayfiddin onasining yuziga tikildi. Peshonasini siladi. Salobatiga yarashmagan iltijoli tovushda:
– Oyi, eshityapsizmi, men keldim, – dedi.
Qamariddin o‘rnidan turib derazaga yaqinlashgancha, tinmay ko‘ziga ro‘molcha bosar edi.
“Sayfijonim, o‘zingmisan? Keldingmi, bolam? Xayriyat. Juda sog‘ingan edim. Seni bag‘rimga bosolmayman, holim yo‘q, o‘g‘lim. Hidlaringni sog‘indim. Ana, uyga hidlaring to‘lib ketdi. Chaqaloqligingda ham xuddi shu hidni uyimizga olib kelganding. Yaqinroq kel. Yuzimga yuzingni qo‘y, yelkalarimdan tutib ko‘targin, quchoqlashib ko‘rishaman devdim-a”.
Ona g‘amgin ingradi. Sayfiddin dast o‘rnidan turib ketdi. Ushoqqina gavdasi keyingi kunlarda yana-da kichiklashib qolgan ukasiga yaqin keldi.
– Menga qara, qaysi do‘xtir ko‘rdi o‘zi?
– Shokirjon akani chaqiruvdim, “Eng to‘g‘ri yo‘l – shu: qimirlatmaysiz, bezovta qilmaysiz. Xudo shifo bersa, sekin-sekin yaxshi bo‘lib ketadilar”, dedi.
– Topgan odamini-chi buning. Xudo deb o‘tiravergin, deyishga o‘qigan ekanmi kasofat? Ukol qilmadimi? Nimaga kasalxonaga yotqizmadi?
– Ukol olyaptilar, aka. Birpasdan keyin Feruza chiqib ukol qilib ketadi.
– Ey, sen nima deyapsan o‘zi-a? Nima qilib qo‘yganingni bilasanmi? Tamom qilibsan-ku onamni.
Ona esa boshini sarak-sarak qilar edi:
“O‘g‘lim, unday dema. Men yaxshiman. Kechagidan ancha yaxshiman-ku. Qo‘y, urishma ukangni. Necha kundan beri kechasi ham uyqu yo‘q bolamda. Undan ko‘ra ko‘nglini ko‘tarsang-chi. Senga qo‘ng‘iroq qildirganiga ham uch kun bo‘ldi. Shu uch kun menga uch yil bo‘lib ketdi, bolam. Men tuzalib qolaman, hech qayerim og‘riyotgani yo‘q. Sen qo‘limni ushlab o‘tirgin. Ikkalang yonimda bo‘lsang eng yaxshi davo – shu”.
Sayfiddin ukasini deyarli itarib yuborib, vaysaganicha, ko‘chaga yurdi. Ona uning muddaosini tushunib turardi. Allaqanaqa odamlarga ko‘rsatmoqchi.
“Sayfijon, jon bolam, kerakmas. Meni begonalarga ro‘para qilma. Ukang qaratyapti. Tuzukman axir”.
Ona yana yurakni ezadigan ovozda ingray boshladi.
Sayfiddin oldin kelganda ham uyda ko‘p turolmas, onasining so‘roqlari tugaganda ko‘chaga otlanardi. Ona esa keliniga aytib eng tansiq ovqatlarni tayyorlatar, u ko‘chadan kirguncha dasturxonni turshak, qand-qursga to‘ldirib yuborardi. Sayfiddin charchaganidan bo‘lsa kerak, tez uxlab qolardi. Onasi tuni bilan uning yuziga tikilib o‘tirardi. Ertalab ona kelinini shoshirib dasturxon tuzattirar, lekin o‘g‘li tura solib jo‘nab qolar, onasining hay-haylashiga ham qaramasdi. Ona kuni bo‘yi o‘g‘lining nahor ketganidan keliniga, Qamariddinga, nabiralariga shikoyat qilib yurar, shahardagi katta kelinini, bolalarini olib kelmagani uchun yanib qo‘yardi.
Sayfiddin tuman markazidan bir shifokorni olib keldi. U ham “Endi bemorni qimirlatmagan ma’qul”, – dedi-yu, Sayfiddinning “Nima kerak bo‘lsa topib kelaman”, – degan gapidan so‘ng qog‘ozni to‘ldirib nimalarnidir yozdi.
Sayfiddin u bilan chiqqanicha, bir xalta dori-darmon ko‘tarib keldi. Ona tinmay ingrar, ukol-dorilarsiz tezroq tuzalishiga ishonib turganini aytolmay battar azob chekardi.
Kechki paytga borib ona birmuncha tinchlandi. Qamariddin deyarli tovush chiqarmas, Sayfiddin esa baland ovozda gapirib o‘rgangan, u gapirganida onasining qovoqlari biroz ko‘tarilar, lekin ko‘zlari ochilmasdi. Sayfiddin tokchadagi o‘zi olib kelgan yelimxaltani ochib, ichidan yumshoq non oldi-da, onasiga yaqin keldi. Hozir labini qimirlatishga ham holi bo‘lmagan onaga non yeyish haqida gapirish juda noo‘rin bo‘lsa-da, boshqa gap topolmay:
– Oyi, yeysizmi, siz yaxshi ko‘rgan nondan olib keluvdim, – dedi.
“O‘g‘lim, boshimda bir og‘ir narsa bor-da. Shundan qutulsam otdek bo‘lib ketaman. Ukangning tug‘ilgan kuniga kelasanmi, deb rosa ko‘z tutdim. O‘zing-ku, mayli, loaqal Sanjarbekni yubormaysan. Axir katta yigit bo‘lib qoldi. O‘tgan gal borganimda menga bir qizning rasmini ko‘rsatuvdi. Yaxshi ko‘rar emish. Sizlarga aytgani uyalarmish. Keyingi gal kelganimda bir yo‘la oying bilan sovchilikka boramiz, degan edim. Tag‘in boshqa darvozani ochib qo‘ymagin, demoqchiydim. Sen kelganingda gapirolmay o‘tirganimni qara. Esingdami, uyingga yaqin joydagi kabobpazdan kabob olib berganding. Xotining maqtaganicha bor ekan. Mazasi og‘zimda qoluvdi. Qaysi kuni biram yegim keldi. To‘rttagina ko‘tarib kelib qolsa-ya, deb kechgacha eshikka qarabman. Odam yoshi ulg‘aygani sari go‘dak bo‘lib qolarkan-da. Bu safar kelsa, birga ketib Toshkentlarni aylanib ikki-uch kun turib kelaman, deb turuvdim. Mayli, yaxshi bo‘lib qolarman. Bolalaringni nega olib kelmading-a? Shunaqa sog‘indimki. Aytgan bilan tushunarmiding. Hali o‘zing ham nabirali bo‘larsan. Bilsang, senga aytadigan gaplarim ko‘p edi”.
Bemorni ko‘rishga chiqqan ikki qo‘shnini Basida uyga boshlab kirdi. Ular ovoz chiqarmay imo-ishora bilan salom-alik qilishib, bosh chayqashar, shunday ajoyib qo‘shnilarining birdan bunday bo‘lib qolganiga achinishardi. Sayfiddin hovliga chiqdi. So‘ri yonida turgan Qamariddinni yana ayblay ketdi:
– Odam ham shunaqa beparvo bo‘ladimi? Bundoq yaxshiroq yashashniyam o‘ylash kerak-da. Qachon qarama, oyim yo jo‘yakning orasida, yo molxonada. Boqolmasang aytgin edi, o‘zim majburlab bo‘lsa ham olib ketardim.
Yo‘g‘on tok zangiga qo‘l tirab turgan Qamariddin dedi:
– Qo‘ying, o‘zimiz qilamiz desam, hech ko‘nmaydilar, zerikib qolaman, deydilar.
Sayfiddinning jovlishlari qo‘shnilar chiqib ketib, aka-uka uyga kirishganida ham tinmadi. Bu vaqtda ona yengil xurrak tortib uxlamoqda edi.
– O‘zing ham juda bo‘shang bo‘lding-da. Ikkita kitob qo‘ltiqlab maktabingga borib kelgan bilan bo‘ldi-ketdimi? Shuncha uddasizliging ustiga yana mol ko‘paytirganingga odamning g‘ashi keladi. Hadeb xotinning izmiga yo‘rg‘alaguncha, o‘z kallangni ham ishga solsang bo‘lmaydimi?
Qamariddin akasining oldingi gapini eshitib, sut-qatig‘i qizlaridan ortmaydigan sigirini ko‘z oldiga keltirayotgan edi, keyingi gapidan so‘ng yer ostidan dasturxonga non keltirib qo‘yayotgan Basidaga qaradi. Basidaning yuzi xiyol oqarib tushdi-yu, o‘zi tezgina hovliga chiqib ketdi. Qamariddin bildi: akasi atayin shunday qildi. Basida o‘zi haqidagi fikrimni eshitsin, dedi. Bo‘lmasa, yo‘qligida ham aytaverardi. Qamariddin baribir akasining kelganiga xursand edi. Kecha mahalla raisi kirib onasini ko‘rib chiqar ekan, Qamariddinga achinib qaraganida, u o‘zini juda yolg‘iz, ojiz sezgan edi. Kim bilsin, chindan ham, Shokirjon aka yaxshi do‘xtir emasdir. Akasi ham bir narsani bilsa kerak-da, o‘zi harakat qilyapti. Shoyad onasi tezroq tuzalsa. Akasi nima desa ham mayli. Mana, haliyam bir narsalar deyapti.
Chindan ham, Sayfiddin tinmay javrar, shuncha ishlab uyini zamonaviy ta’mir qilmagani uchun ukasini ziqnalikda ayblardi. Ertaga el-xalq kelsa, o‘ziga kulib ketishi haqida ham gapirar, Qamariddin esa el-xalqning qachon kelib, qachon kulib ketishini anglab yetmas, fikri-yodi onasining tezroq ko‘zini ochib, tezroq gapirishi, sog‘ingan o‘g‘lini ko‘rishi, juda xursand bo‘lib ketishi haqidagi xayollar bilan band edi. U gap topib javob qilishni o‘ylamasdi. Xayollari betartib edi.
Birdan ona qo‘li bilan o‘z peshonasini silab, ustidagi yengil to‘shak chetini qayirdi. O‘g‘illari shoshib unga qarashdi. Qamariddin onasining xurragi qachon tinganini sezmay qolganidan ajablanib, xayolida: “Akam to‘g‘ri aytadi: o‘zim ham onamga beparvoman”, – deb o‘yladi. Ikki o‘g‘il karavotga yaqin kelib, onalarining yuziga tikilishar, ona esa buni sezib turardi.
“Sayfijon, o‘g‘lim, sen ukangdan bekor xafa bo‘lyapsan. Xotiniyam, o‘ziyam qachon bir narsa desam, xo‘p deb bosh egib turadi. Kelinim ham tillaga bergisiz chiqdi. Hali ukangga tik qarab gapirgan emas. Bittagina ukang, ahil bo‘linglar, deyman. Sen ham o‘sha yoqlarda qolib ketmassan. Qaytib ham kelarsan. Oldinlari hovlini ikkovingizga bo‘lib beraman, deb yurardim. Keyin o‘ylasam, mana ukangning ro‘zg‘ori ham katta bo‘lib ketdi. Yaxshisi, senga qishloqning chiqaverishidan uchastka olsak. Balki biror bog‘ sotilib qolar. Ukang ham qarab turmaydi: bog‘dagi dehqonchiligi, qo‘y-po‘yi degandek, sotib, pulini beradi. Yaxshi bo‘lib qolishim bilan o‘zim ham pensiyamni jamg‘arishga kirishaman. O‘g‘il uylashingdan avval shu ishni bitiramiz, bolam”.
Sayfiddin homuza tortdi – yo‘lda charchagan edi. Qamariddin hushyorlik bilan buni ilg‘ab, Basidani joy soldirish uchun chaqirdi.
Kechki payt Sayfiddin telefonda kim bilandir qattiq ovozda gaplashdi. Onasining og‘ir betobligini, uch-to‘rt kun borolmasligini, u yog‘iga ham bir nima deb bo‘lmasligini aytdi. Ona bezovta bo‘ldi. Qamariddin shuncha og‘iz juftladi-yu, lekin akasiga: “Tashqarida gaplashing, oyim eshitmasinlar”, – deya olmadi. Shu kuni onaning ingrashlari ko‘paydi. Hamshira ham ukol qilishga qiynalib ketdi. Uyalganidanmi yo chindanmi, “Tomirlarida ukol yurmayapti”, – deb qo‘ydi. Sayfiddin o‘sha shifokorni olib keldi. U uzoq eshitib, tekshirdi. Xonadan indamay chiqdi. Darvoza oldidagina Sayfiddinga nimalardir dedi.
Shu kecha tun yil bo‘lib ketdi. Ertalab Sayfiddin negadir besaranjom bo‘ldi. Saharda Mingbuloqda yashaydigan yakka-yagona tog‘alari, qishloqning Yong‘oqzor deb atalgan bir burchida dehqonchilik qiladigan kichik amakilari qayerdandir eshitib yetib kelishdi. Qamariddin g‘alati alfozga tushdi. Kelganlar juda g‘amgin edi. Qo‘shni xola hammani so‘riga chiqardi. Dam soladigan odamni toptirib keldi. Kattalarning gapi bilan ko‘rgani kelayotganlar ham boshqa uydan kuzatiladigan bo‘ldi, onaning yoniga o‘g‘illaridan boshqa hech kimni kiritmay qo‘yishdi. Bu vaqtda onaning ko‘zlari qovoq ichida aylanar, ba’zida yengil xurrak bilan uxlar edi. Hamshira bu gal ukollarni qiynalmay tomirdan yubordi. U chiqib ketgach, ona bir amallab ko‘zini ochdi. O‘g‘illarining tashvishli ko‘zlari unga og‘ir botdi.
“Bolalarim, men tuzalib ketaman. Sizlar ham Xudodan so‘ranglar. Hozirdanoq ikkingiz namoz boshlang. Mening hali qiladigan ishlarim ko‘p”.
Shu vaqtda Sayfiddin tomdan tarasha tushgandek:
– Oyi, meni ko‘ryapsizmi? – dedi. Ona “Ha”, degan ishora bilan ko‘zini bir yumib ochdi. Shunda Sayfiddin Qamariddinning ham asabiga qattiq botadigan bir savolni berdi:
– Men kimman?
Ona ko‘zini chirt yumdi, avvalgidan ham dardliroq ingradi. Shundan keyin qaytib ko‘z ochmadi, ertalabgacha jim yotdi. Xurrak ham tortmadi. Tongdayoq bemorni ko‘rgani kelganlar so‘rini to‘ldirdi. Sayfiddin o‘zini shahardan turib yo‘qlayotgan ishxonasidagilar bilan telefonda so‘zlashar ekan, tashqariga – ko‘pchilik oldiga chiqishdan ko‘ra shu yerda javob qilishni ma’qul topdi. Karaxt holdagi Qamariddin o‘z onasining o‘limini u qadar kuyunmay kutib turgan akasining yuziga ajablanib qarar, onasining birdan yotib qolgani, akasining har galgidek, erta turib ketolmay, zarur ishlarini telefonda kimlargadir tayinlayotgani, qarindoshlar, qo‘shnilarning ma’yuslanib hovlida yurishlari – hamma-hammasi bir uzun tushdek tuyulardi. Choshgohda Sayfiddin soatga qarab bezovta bo‘ldi. Uzoq jimlikdan so‘ng ukasi va tog‘asiga:
– Men uyga borib bolalarni olib kelay. Bunaqada kechasiga boradilar shekilli, – dedi.
Qamariddin chidolmadi. Akasiga burilar ekan, qat’iy, lekin past ovozda xitob qildi:
– Bas qiling!
Sayfiddin yonida turgan tog‘asiga:
– Buni qarang, o‘zi pishirib haqqa yetkazib bo‘ldi. Yana do‘q urishi ortiqcha, – dedi. Keyin onasining qo‘lini ushlab rangi oqarib turgan Qamariddinga yaqin keldi-da, pishqirib ketdi. – Sen tuzuk odam bo‘lganingda onamni kasal bo‘lgan zahoti markazga yetkazib bormasmiding. Mana, onam, sening bolalaringni opichlab katta qilib, ro‘zg‘oringni butlayman, deb oxiri tugab bo‘ldi. Sen ham erkakmisan? Maktabingga ertalab ketganingcha, kechqurun kelasan. O‘zing eplab qaramagandan keyin nima qilasan bog‘ ekib?
Tog‘a o‘rtaga tushmasa, yana qancha gaplar Sayfiddinning ichida qolib ketmay chiqib kelar edi. Qamariddin onasidan ko‘z uzmay turar, yuzi, jahldanmi, bo‘takaday qizargan edi. U faqat onasining bu gaplarni eshitmayotganiga umid qilardi. Negaki, onasi baqir-chaqir, urush-janjalni yomon ko‘rar, biror qo‘shnining uyidan qattiq ovoz, yig‘i-sig‘i eshitilsa, ruhi cho‘kardi.
…Ona jim yotar, endi kipriklari ham qimirlamas, faqat ko‘ngli uyg‘oq, xotiri but edi. Jon ko‘ngil bilan bir bo‘lar ekan. Kim bilsin, ko‘ngil jonning ichidami yo jon ko‘ngil deganimi. Ko‘ngilni dunyosidan uzish nechog‘liq qiyin. Tanangdagi biror uzving pand berib, o‘z ishini bajarmay qo‘ysa, noiloj, ketishga to‘g‘ri keladi. Biroq fikringdan nimalardir o‘tib turar ekan, o‘sha fikrlarning o‘zi dunyosida qolmoq uchun bir ilinj. Eng oxiri taslim bo‘luvchi ham shu ilinj, shu umid.
Onaning keyingi so‘zlari, to‘g‘rirog‘i, o‘ylari jonidan ortiq bilgani, kam ko‘rishib ko‘p sog‘ingani Sayfiddinga qaratilgan edi:
“Sayfi, sen nega kelganding o‘zi? Qani endi kasalimni eshitmagan, kelmagan bo‘lsang. Seni shu umidda o‘stirganmidim? Meni o‘z og‘zing bilan kechasi o‘ladi, deb turibsan-a? Onangman-ku. Dadang betob bo‘lganida, sen go‘dak eding, lekin dadang menga: “Shahodat, men o‘g‘limga ishonaman. Seni kaftida tutadi, sira yig‘latmaydi”, – degan edi. Kelmaganingda ukang meni oyoqqa turg‘izib olardi”. Onaning yuzida nimgina jilmayish ko‘ringandek bo‘ldi. “Qamarjonim, meni kechir, to‘ylaringda yoningda turolmas ekanman. Ko‘zimga buving bilan bobong ko‘rinyapti, ana, dadang ham. Qizlaringni ehtiyot qil. Akang hali seni ko‘p ranjitadi. Baribir aloqangni uzma. Odamlar nima deydi? Men ham otangga nima deyman? Shu gaplarimni o‘zingga aytsam qaniydi. Mendan rozi…”
Onaning boshida nimadir qaynoq simdek “chirs” etdi…
Ta’ziyada odam ko‘p bo‘ldi. Onaning shahardagi kelini, nabiralarini Sayfiddinning haydovchisi tashlab ketdi. Xotinlar chuvvos solishdi. Qamariddinning qizlari yig‘idan ko‘zlari qizarib “buvim”lab yurishar, buvisini juda yaxshi ko‘radigan Sanjar ovoz chiqarmasa ham, tinmay yig‘lar, ikki ukasi esa hayron bo‘lgancha, yig‘lamsirab chetda turishar, Basidani latta-putta yo boshqa yumush bilan har tomonga chaqirishar, Qamariddin esa ko‘rayotganlari o‘ngi ekaniga hali ham ishonmas, o‘zi suratga aylangandek ahvolda kattalar nima desa so‘zsiz bajarar, tiliga bir kalima so‘z, ko‘ziga bir tomchi yosh kelmasdi. Orada xotinlarning yig‘isini Sayfiddinning “Onam-ov”lab yig‘lagani bosib tushar, shunda boshqalarning ham yig‘isi tomog‘idan otilib kelar edi.
Tuproqqa qo‘yib kelishganidan so‘ng holsiz, ikki bukilgan Qamariddinni uzoqroq qarindoshlari Raim aka xoli joyga chaqirib:
– O‘zingni tut, o‘lim haq. Hammamizning boshimizda bor. Endi mana bu uzoqdan kelgan mehmonlarga qara. Ular – Shahodatning mehmonlari. Yaxshi kuzatsang, onangning ruhi shod bo‘ladi, – dedi.
Qamariddin qo‘shnisi Azamat aka joy hozirlash uchun taxta so‘ragani sabab yerto‘laga tushdi. Taxtalardan birini tortayotganda tepadan ayollarning gaplari eshitildi:
– Sayfiddin yomon kuyib ketdi, bechora. Onasiga juda mehribon edi-da. Shahodat opam ham uni yaxshi ko‘rardi, – dedi ulardan biri. Boshqasi gapga aralashdi:
– Rost aytasiz. Uydagi o‘g‘ilning ovozi ham chiqmadi.
– To‘g‘ri, yig‘lamasa ham, juda g‘alati bo‘lar ekan, – dedi yana boshqasi.
Qamariddin bitta taxtani olib chiqib tashqariga qo‘ydi-yu, bir nuqtaga tikilganicha, qolib ketdi. Boshqalar chaqirib biror ishga buyurmasalar, o‘ziga kelishi gumon edi.
Bu kecha eng qora kecha bo‘ldi. Osmonda oy ham yo‘q. Sayfiddin yotgan zahoti uyquga ketdi. Qamariddin onasining karavotiga termilganicha, ko‘ziga bir chimdim uyqu kelmay tong ottirdi.
Sayfiddin bir haftadan so‘ng ishlarimni bitirib kelarman, deb ketdi. Shu bilan qirqqa bir kun qolganda keldi. Xotini ham bir tog‘ora qatlama pishirib keldi. Marosimning ertasiga nonushtadan so‘ng bog‘ tomonga o‘tib hayallagan akasining ketidan kirgan Qamariddin uning teraklarning bo‘yiga qarab aylanib yurganini ko‘rib ajablandi. Akam dov-daraxtga qiziqyapti, shekilli. Zora qishloqqa qaytib kelsa, deya ko‘nglidan o‘tkazdi u. Akasi Toshkentga qaytib ketganidan to shu kungacha u onasisiz o‘zini juda g‘arib, yolg‘iz sezib har kuni Sayfiddinning kirib kelishini kutgan, kelgan zahoti quchoqlab: “Endi ketmang, shu yerda qoling”, – deyishni diliga tukkan edi. Akasi kelganda esa bunday qilolmadi.
Sayfiddinning nega bog‘ aylangani keyin ma’lum bo‘ldi. Bir oydan so‘ng u qo‘shni mahalladagi terakfurushlar bilan kirib keldi. Marzadan pastdagi hamma teraklarni baholatdi. Ukasi-ku, izoh so‘rolmasdi, lekin hayron bo‘lib turganini ko‘rib yaqiniga keldi-da tushuntirdi:
– Oyim hov bir gal kelganimda bog‘ seniki. Borligimda teng bo‘lib o‘lchab ol, meva-chevasiyam senga, devdilar.
Qamariddin gapning yolg‘onligini bildi, chunki onasi hech qachon tirikligimda unday qilinglar, demasdi. Ana, Gulshan xola, to‘qson yetti yoshga kirdi. Juda tetik bo‘lmasayam, bolalarining davlati bo‘lib o‘tiribdi. Onasi esa endi oltmish ikki yosh bo‘lgandi. Biror marta sog‘lig‘idan shikoyat qilmasdi. Akasi uni beparvolikda ayblaganida, o‘zi ham o‘zini aybdor deb bilib ich-etini yeb yurgandi. Buning ustiga akaning qaytib kelib shu yerda yashashi haqidagi umidlari ham birpasda chippakka chiqdi.
Ertasiga o‘nga yaqin odam kelib, teraklarni kesishga tushishdi. Qamariddin uzun arqon topib berdi-yu, necha yildan beri bo‘yiga havas qilib qarab yurgani – teraklarning kesilishiga qarab turolmasligini anglab, uyga kirib ketdi. Teraklar har gal gursillab tushganida, ko‘ksida nimadir uzilar, ko‘ngliga og‘ir-og‘ir toshlar qulagan kabi bo‘lar edi. Derazaning eng yuqori oynasidan unga so‘nggi marta qo‘l silkiyotgan adl teraklarning uchlariga qaragancha, oriq yuzini ikki qo‘li orasiga olib o‘tirgan Qamariddin yelkasiga kelib tekkan qo‘lni sezib ortiga qayrildi: katta qizi choynak-piyola ushlab turardi:
– Dada, siqilmang, mana, oyim qaynoq choy olib kir, degandilar. Iching.
Qamariddin qizini bag‘riga bosdi. Xo‘rligi keldi, lekin ko‘zyoshini amallab ichiga yutdi.U hamisha qizlari oldida nochor ko‘rinmaslikka tirishardi.
– Bog‘dagilarga ham choy berdinglarmi? – so‘radi undan. Qizi bosh silkidi. Ikki soatcha vaqt o‘tib, bog‘dan Murod terakfurush chiqib keldi:
– Uka, endi “Ha” deb yuborsangiz, teraklarni tashqariga chiqarib olsak.
Qamariddin bog‘ tomonga o‘tdi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi. Bor ekinlar betartib qulatilgan teraklarning yo‘g‘on tanalariyu quyuq shox-shabbalari ostida payhon bo‘lib yotardi. Eng yomoni – onasi o‘z qo‘li bilan ko‘tarib bog‘lagan pomidor poyalaridan birortasi ham tik qolmagan edi. Uning ko‘zidan o‘t chiqib ketdi. Onasi istaklarni shunday tekis bog‘lar ediki, hamma qo‘shnilar havas qilardi.
Ishini tugatib ketayotgan terakfurush rahmat aytish uchun Qamariddinga yaqin keldi.
– Shuni kuzda kessa bo‘lmasmidi? – dedi Qamariddin.
– Ekinlar payhon bo‘lganiga aytasiz-da, – dedi Murod terakchi biroz o‘ng‘aysizlanib, – Sayfiddin akam kesaveringlar, ekinining pulini beraman, degandilar.
– Chekkadayam joy bor edi-yu… – Qamariddin gapining davomini aytolmay kirib ketdi.
Yoz oxirlarida Sayfiddin bir necha kishi bilan keldi. Qamariddin hali ishda edi. Hammalari bog‘ tomonga o‘tib ketishdi. Basida hayron bo‘lib, qizlaridan birini dadasini chaqirib kelishga jo‘natdi.
Sayfiddin ukasi bilan yaxshigina salomlashgach, uni o‘zi bilan kelgan qorindor kishining yoniga boshlab bordi:
– Bu kishi mening joyimga xaridor. O‘zing bilasan, dacha qilyapman. Oyim aytganlaridek, o‘lchab ikkiga bo‘laylik, deb markazdan Maqsud akaniyam olib keldim, – dedi u narida turganlarga ishora qilib. – Bog‘ tomonni narxlasak, pulini dachaga ishlatardim.
Taxtadek qotgan Qamariddin, o‘zi sezmagan holda, boshini sarak-sarak qilar edi. Birozdan so‘ng u, hammaning hayron qarab turganini ko‘rib, shoshib qoldi-da:
– Yaxshi, aka, – dedi. Uning so‘zidan dadillangan akasi yana bag‘ritoshlik bilan:
– Endi ikkalamizning ham o‘z ulushimiz bor-da. Undan keyin sening bolalaring hammasi – qiz. Chiqarib yuborganingdan keyin senga joyning ham keragi bo‘lmaydi, – dedi.
Qamariddinning boshida bir og‘riq turdi, ko‘ksi achishdi. Ters burilib, uyiga kirib ketdi.
Narxlar har ikki tomonda ikki xil bo‘lib, sekin-sekin ikki tomon bir-biriga yaqin bo‘luvidan belgi topdi. Biroq xaridor yana bir narsa dedi-yu, tortishuv boshlandi. Sayfiddin xit bo‘lib Qamariddinning oldiga kirdi. Akasining bu tarzda shoshilinch qaror berishlari, hamma narsada o‘z fikrini to‘g‘ri deb o‘ylashlari, ukasini bir og‘iz ogohlantirib qo‘yishni ham lozim topmay, bir vaqtlar chopqillashib katta bo‘lgan hovlilarini hech ko‘ngli buzilmay sotish fikriga tushishlaridan lol bo‘lib, butunlay garangsib qolgan Qamariddin akasining yana bir marta tomdan tarasha tashlashiga amin bo‘lib dast o‘rnidan turdi. Hozirgina oyoqlarida jon yo‘q edi, ammo allaqanday kuch go‘yo uni turtib, turg‘azib yubordi. Sayfiddin ukasiga birpas tikilib turdi-da:
– Yo o‘zing olib qo‘ya qolasanmi ? – dedi.
Aka chindan ham u sira kutmagan taklifni bermoqda edi. Buni qara-ya. Shu narsa xayoliga kelmabdi. Balki, keyinroq kelardi, ammo unda kech bo‘lardi. Akasi baribir aqlli. Endi nima qilish kerak? Axir bu – o‘zining bog‘i. To‘g‘ri, ichida deyarli ekini qolmadi. Hatto mevali daraxtlar ham terak kesilganda xalaqit bergani uchun kesildi yo sinib ketdi.
Qamariddin bog‘ning narxini eshitib, bir cho‘chib tushdi, lekin bugun olmasa, keyin afsus qiladi.
Birozdan so‘ng u mahallasidagi sinfdosh og‘aynisining uyiga shoshib borardi. Umarning puli bor. Keyin beraman, desa, yo‘q demas. Sira birovdan qarz so‘ramagan edi. Umarga nima deydi? O‘zimning bog‘imni sotib olyapman, demaydi-ku.
Sinfdoshi juda hayron bo‘ldi:
– Juda katta pul-ku, nima qilasan shuncha pulni?
– Kerak bo‘lib qoldi. Menga emas, akamga. Uch kunda yarmini beraman. Senga zarur bo‘lmasa, qolganini sal keyinroq, Umar.
– Nima bo‘ldi o‘zi? Hovlingdagi teraklarniyam kesib sotib bo‘lganmishsizlar? Tinchlikmi ishqilib?
– Tinchlik, akamga juda zarur ekan-da.
Umar yana birpas o‘ylanib turdi. Keyin kirib ketib, ancha vaqtdan so‘ng mashinasini haydab chiqdi. Qamariddin kalovlanib Umar ochgan eshikdan mashinaga o‘tirdi.
– Oldim pulni, lekin kelasi oy katta tovar keladigan joyi bor. Undan keyin, to‘g‘risini aytsam, ukamga mashina olamiz, deb yig‘ib turgandik. Iloji bo‘lsa, shu yil olishimiz kerak-da. Sayfiddin akamgayam tayinlab qo‘yayin, uyingdamilar hozir?
Qamariddin shoshib qoldi. Ko‘zlarini katta-katta ochgancha, oshnasining yelkasidan ushladi.
– Umar, menga ishonmaysanmi? Beraman. Senga zarur bo‘lib qolsa boshqadan olib bo‘lsa ham beraman. Hozir uyimga bormagin. Boshqa kuni borarsan. To‘xtatgin mashinangni.
Umarning hayronligi yana ortdi. Mashinani to‘xtatmay turib dedi:
– Shuncha pul og‘ir bo‘larkan-da. Qanday ko‘tarasan? Tashlab qo‘yaveray.
Qamariddin rulga yopishdi:
– Ko‘tarib ketaveraman. Ovora bo‘lma. Pul berganingning o‘ziyam katta gap.
Umar mashinani chetga oldi. Orqa o‘rindiqdan katta bozor sumkani tortib chiqardi. Keyin oshnasining qo‘lidan ushlab to‘xtatdi:
– Qamariddin, o‘zingni juda oldiribsan. Nima bo‘lyapti? Menga aytarsan axir. Yaqin orada rangingga bir qaradingmi o‘zi?
Qamariddin lablari titrayotganini sezdirmaslik uchun og‘zini qattiq yumib birpas turdi-da:
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q, – dedi va sumkani ortmoqlab tuzuk rahmat ham aytolmay tez-tez yurib uzoqlashdi…
Sayfiddin shu ketganicha, negadir jimjit bo‘lib ketdi. Avvallari Qamariddin o‘zida telefon bo‘lmaganidan ko‘chadan yo biror o‘rtog‘inikidan qo‘ng‘iroq qilib turardi. Endi esa, mana akasining ketganiga ikki oy bo‘ldiki, ukaning ham akadan hol so‘ragulik kayfiyati yo‘q .
Bir hafta avval Qamariddin oylik maoshini ertaroq olish uchun ariza yozgan edi. Mana, bugun oldi. Uyda biror uloqchasi ham qolmadi. Hammasi sotildi. Bugungi maoshiniyam Umarga bersa, ancha yengillaydi. Garchi Umar “O‘zingni qiynama, qolganini kelasi yil bersang ham mayli”, – degan bo‘lsa-da, baribir qarz – qarz. Qancha tez to‘lasa, shuncha yaxshi.
Keyingi oylarda kayfiyati bugungidek yaxshi bo‘lmagandi. Hozir bozorchadan qizlariga biror narsa xarid qiladi. Shu xayolda uch-to‘rt qadam tashlagan edi, katta dorixona oldida turgan sotuvchi Qamariddinni ko‘rib unga yaqinlashdi:
– Domla, yaxshi yuribsizmi? Juda xijolatli-ku, lekin bizniki ham hisobli ish-da. Agar hozir ilojingiz bo‘lsa, o‘shanda xolam uchun olingan ukollarning pulini tashlab ketsangiz. Sayfiddin akam uydagilardan berib yuboraman, degandilar.
Qamariddinning rangi qum o‘chdi. Qancha vaqt sotuvchining oldida turgani-yu, sotuvchi nimalar deganini ham bilmaydi. O‘ziga kelganida, sotuvchi yuring degan bo‘lsa kerakki, dorixona ichida turardi. U pulni to‘ladi. Bunaqa to‘lashlar nima ekan. Bir umr to‘laysan. Goho pul, goho tovon. Faqat… pulni to‘layotganda ich-ichidan bir qaltiroq kelib, pullar qo‘lidan tushib sochilib ketishiga oz qoldi. Buni sotuvchi o‘zicha tushundi.
Qamariddin dorixonadan chiqib uyiga tomon ketarkan, hech kimni ko‘rmas, shuning uchunmi, unga qarab bosh irg‘ab salomlashmoqchi bo‘lganlarni ham lol qilib, jim ketib borar, nazarida butun dunyo bema’ni, sovuq va yoqimsiz edi. Inson dunyo ertaga yanada rangli bo‘ladi, deya ishonadi. Ko‘rgan yaxshi kunlari hali ko‘rmaganlari oldida hech narsa emasdek tuyuladi. Hatto keksalikda ham shunday.
Uning shuuriga biror ma’noli fikr kelmas, hech narsani anglamas, shunda ham oyoqlari o‘zi har kuni yurib o‘rganganidan bo‘lsa kerak, qadrdon hovlisi tomonga to‘g‘ri yurib borardi. Darvozasiga yuz qadam qolgandagina, esini yig‘ib atrofiga qaradi. Bir dam to‘xtab qoldi. Tevarak uning nazarida oq va qora ranglardangina iboratdek, tezroq uyiga kirib ketmasa, shu ranglardan ham faqat bittasi qoladigandek edi.
Oy yangi bo‘ldi. Yaxshi ham ish bor, tili bir-biridan shirin qizlari, hangomatalab do‘stlari, har burchagi qadrdon hovlisi, yomg‘ir-qordan saqlaydigan uyi bor. Bularning barisi ko‘zyoshini jilmayishga, ko‘ngil dog‘ini malhamga, aziyatni marhamatga, arazni kechirimga almashtirishga qodir.
Qamariddin maktab binosida eshigiga “Tarix xonasi” deb yozilgan yorug‘ xonada qog‘ozlarga ko‘milib o‘tirardi. Uzun yo‘lakdan eshitilayotgan “taq-tuq” oyoq tovushlariga hayron bo‘lib turgan edi, ostonada ishga yangi kelgan qiz Zahro paydo bo‘ldi.
– Kechirasiz, ustoz, sizni ko‘chada kelinoyim chaqiryaptilar.
Qamariddin dast o‘rnidan turdi. Basida hech qachon maktabga uning ortidan kelmagan. Nima bo‘ldi ekan? O‘zi anchadan beri parishonxotir bo‘lib yuruvdi. Ie, yonidagi katta opasi-ku. Qizlarning birortasi… Yo‘g‘-e! Qaysi kuni opam bilan do‘xtirga borib bir ko‘rinib kelay, tobim yo‘q deganmidi? Bugun hamma o‘qituvchilar hovliga chiqib olishganmi? Akam keldimikan? Basidaning boshi nega egik?
Qamariddin oyoqlari chalishib-chalishib, o‘ylari chalkashib-chalkashib darvozadan chiqib, o‘zini kutib turganlarga yaqinlashdi. Salom bergan bo‘ldi.
– Tinchlikmi, nima gap?
– Ha, domlajon, tinchlik, − dedi Basidaning opasi shoshib. − Uyga ketsangiz birga gaplashib ketarmiz, deb men chaqirtiruvdim. Do‘xtirga boruvdik. Hammasi joyida ekan, qizlaringizning onasi sog‘-salomat ekan. Shunga xursand bo‘lib sizga yetkazay dedim ertaroq.
Basida esa savol nazari bilan o‘ziga tikilib turgan erining nigohiga dosh berolmay, yana yerga qaradi, lekin past ovozda tushuntira boshladi:
– Haligi, opam yana qiz bo‘lsa, o‘zingni qiynab o‘tirma, devdilar, keyin… unaqa emas ekan.
Qamariddin gapni tushunib yetgunicha yo‘l chetidan tanish xotinlar kelib qolishdi-yu, Basida bilan opasi ayollar bilan ko‘risha ketishdi. Qamariddin xo‘shlashishni ham unutib xotinlar yonidan o‘tib maktab hovlisiga kirib ketdi.
Choshgoh mahali u uyga yurmadi − onasini yo‘qladi. Qabr tepasida uzoq o‘tirdi. Qancha alamlari, hasratlarining, ko‘ngil dardlari-yu anduhlarining, sanab yurgan baxtlariyu keyingi shodligining behisob yoshlarini to‘kdi. Onasi hayotligida aytmagan, lekin hozir tirik bo‘lganida ham uning o‘ziga baribir hech qachon aytolmaydigan gaplarini aytdi, aytaverdi:
– Oyi… bilaman siz hali ham tepamizda turib… bizga tilak tilaysiz. Akamni ham, meni ham kechirgan bo‘lsangiz kerak, oyi. Mana, nasib etsa, o‘g‘illi bo‘larkanman. Bir narsa so‘rasam… mayli deysizmi? O‘g‘limning otini Sayfiddin qo‘yaman. Chunki… chunki… akamni yaxshi ko‘raman. Sizga va’da beraman. Uni sizning ko‘nglingizdagidek qilib tarbiyalayman. U bizning − men bilan akamning xatolarini takrorlamaydi. Men unga… ham dada, ham aka bo‘laman. U menga ham o‘g‘il, ham uka bo‘ladi, oyi… Men uni yolg‘izlatmayman. U esa bizni boshida ko‘taradi, keksarganimizda avaylaydi. Va’da beraman, oyijon. Bilaman, siz o‘shanda osmonlarda turib bizdan juda xursand bo‘lasiz…
Qamariddin aytib-aytib yig‘lar, ko‘zyoshlari hech to‘xtamas, yurak-yuragining tugunlarini bo‘shatib, ko‘ngil g‘uborlarini yuvib turganida, yaxshiki, qabristonda hech kim yo‘q edi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 12-son