Mahmud Rajab. Ustun (hikoya)

Aka-uka bolalar hech chiqisholmay, jiqqamusht bo‘laverganidan so‘ng bobo ukani ayab, akani ustunga bog‘lab qo‘ydi.

Havoning issig‘i, oyoq-qo‘llarning toliqishi va zerikishdan bolakay ustundan sirg‘alib yerga o‘tirib oldi. U har har zamonda eshik tomonga besaranjom qarab qo‘yardi.

Bobo o‘zini qo‘yarga joy topolmay, hovlining atrofini aylanib yurib, orqa tomondan ichkariga kirdi va derazadan qaradi.

Uka akaning qarshisida noilojdek turardi. Aka suv so‘radi. Uka qumg‘onni kran tumshug‘i ostiga qo‘yib, bor kuchi bilan dastakni bosdi. Kuchi yetmaganidan dastakka sollanib oldi. Ko‘p mashaqqatlar bilan bir piyolacha suv olishga erishdi. Qumg‘onning jo‘mragini akaning og‘ziga to‘g‘rilab, suv ichkizdi.

Boboning yuziga tabassum yugurdi. U nimalar haqdadir o‘ylab qoldi.

Ertasi kuni akasi maktab ki­yim­la­rini kiyayotganda uka yugurib borib uning botinkasini toza­lashga kirishdi. Ustun voqeasidan keyin qirpichoq aka-ukalar o‘rtasida qandaydir mehr uyg‘ongandek bo‘lganini ko‘rgan bobo qachonlardir onasidan eshitgan bir voqeani esladi.

– Katta opang hali yosh edi, – degandi onasi. – Bir kuni tinmay yig‘lab turganida otangning akasi kelib qolib, erkalash o‘rniga unga qattiq-qattiq gapirib chiqib ketdi. Men nima qilishimni bilmay, to‘nkarilgan yashik ustida indamay papiros chekib o‘tirgan otangga: “Nega u bizning bolamizni urishadi, siz esa indamadingiz” dedim.

– Akamiz, axir, nima qilsa haqqi bor, – dedi u.

Onasidan bu gapni eshitib, katta opasining yoshligida yig‘lab o‘tirganini tasavvur etib:

– Otamning akasi yomon ekan-da, – degan edi u.

– Yo‘q bolam, – bosh chayqagandi onasi. – Aslida u mehrli, g‘amxo‘r edi.

U onasi o‘shanda bu gapni behuda aytmaganini endi fahmlagandek bo‘ldi.

Ustun voqeasidan keyin qish­loqda mish-mish tarqaldi.

– Nima emish, falonchi jimitdek nevarasini ustunga bog‘­lab savalabdi, nonsiz, suvsiz qo‘yibdi, – odamlar orasida shivir-shivir ko‘paydi. – Qariganda miyasi ketibdi chog‘i.

– Mahallaga aytib, jazosini berish kerak.

– Bolalarning haq-huquqlari haqida qonun bor.

– Melisaning qo‘liga tushsa bilardi ustunga bog‘lash qanaqaligini.

Bu gaplar qulog‘iga yetib kelsa-da, u o‘zini bosdi. Eshitib, eshitmaslikka oldi.

Bir kun o‘tib u tush ko‘rdi. Tushida yer bir tomonga og‘a bosh­labdi. Pastlayotgan to­monda yerning oxiri o‘pirilib tubsiz jarlikka qulayotgan emish. Osmondagi shafaq jar­likdagi olovning yolqini emish. Qizillikka qarab yuraklari hap­riqqan bolalar otalarining qo‘llaridan tortib o‘sha tomonga ketayotgan emish. U ham o‘sha tomonga intilayotgan nevaralarini tutib olib yuqoriga harakat qilar, oyog‘i to­yib yo‘li unmas, odamlar uning ustidan goh kulib, goh zahrini sochar, yer esa tobora og‘ib borardi. Odamlar sirg‘alib pastga keta boshladi. U bor kuchi bilan yuqoriga intildi. Bir mahal qarasa o‘choq yonidagi ustunga yaqin joyda ekan. Chiranaverib badanidagi hamma tomirlari bo‘rtib ketdi. Bir mahal qo‘llari ustunga yetdi. Ustunni quchoqlab birpas nafas rostladi va katta nevarasini unga mahkam bog‘ladi. Boshqa ip yo‘q ekan. Qumg‘onning jo‘mragidan oqqan suv arqonga aylanib ilonday aka-ukani o‘rab oldi. Yassi Yer asta o‘z o‘rniga qayta bosh­ladi. Kelin qayoqda qoldi ekan deb atrofga alangladi. Qarasa, shundoq yonginasida o‘choq boshida kir yuvib o‘tirgan emish.

Ustun voqeasidan so‘ng bolalar yoqalashmay ovqatlanadigan bo‘lishdi. Hech kim o‘rgatmasa ham dasturxondagi narsalarni bir-biriga uzatishni o‘rganishdi.

Ustun voqeasidan so‘ng…

Aka-uka bir-biriga mehr qo‘yish­di.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 41-son