– Kampir o‘lsa uning o‘g‘il-qizlari, qarindosh-urug‘lari bilan aloqani batamom uzaman, – dedi to‘ng‘ich kelin. – Erimning topganlari o‘zimniki bo‘ladi, boshqalarni sherik qilmayman. Bolalarim bilan bamaylixotir yeb o‘tiramiz…
Kolxoz raisining erka va tantiq ayoli bo‘lgan to‘ng‘ich kelin bu gapni o‘ziga sirdosh bo‘lgan ayrim xotin-xalajlarga gohi-gohi aytib yurgich edi. Biroq hamma tomoni tosh devor bilan o‘ralgan gung, tosh bino ichida aytilgan har qanday gap ham yoki sodir etilgan ish (gunoh) ham bir kuni oshkor bo‘lgani kabi, kelinning bu gaplari kunlarning birida shamolga yoyilib ketdi.
Qaysar, o‘ziga bino qo‘ygan to‘ng‘ich kelinning bunday sovuq va yoki quloqqa yoqmaydigan tilaklari kampirning qulog‘iga ham yetdimi, yetmadimi, bundan bizning xabarimiz bo‘lmadi. Biroq ilohiy adolatning mo‘l-ko‘l berib turgan rizqi, suv-havosi, hattoki tirikligini ham boshqalardan qizg‘anayotgan to‘ng‘ich kelinning bunday gaplarini eshitgan oqibatli odamlar larzaga tushardilar, albatta.
“Agar suv bilan havo kelinning qo‘lida bo‘lsaydi, ehtimol qaynonasiga bir qultum ham suv va bir yutum ham havoni bermasdi”, derdilar uni biladiganlar. Ana shunday bir paytda, keksalikning xazonrez bog‘ida mahzun umrguzaronlik qilayotgan kampir erta-kech, o‘g‘li, kelini, ularning haqiga eng yorug‘ duolar, tilaklar bilan kun kechirardi. Joynamoz ustida qiblaga yuzlanib, so‘ragani faqat yaxshilik edi.
Inson ertaga boshidan nimalar kechishini bilmaskan. Illo, bilmaydi ham. Insonning baxti shundaki, ertangi kunning bo‘lajak voqealarini bilmaydi. Insonning fojiasi shundaki, erta bir kun hayotida yuz berishi mumkin yoki muqarrar bo‘lgan fojialardan ham g‘aflatda qoladi.
…Kunlari baxtga qorishgan damlarning birida to‘ng‘ich kelinga dard yopishdi. Uncha-muncha emas, balki zo‘r dard yopishdi. Avvaliga “O‘tar-ketar, shunchaki tumov bo‘lsa kerak”, deyishdi. Qarashsaki, tumovga o‘xshamaydi. So‘ngra shunchalar urinishdiki, biroq dardni kelindan, kelinni esa darddan ajratib ololmadilar. Noma’lum tarafdan kelgan dard uning vujudiga eski qadrdonlardek mahkam o‘rnashib olgandek edi. “Agar ketsam, shu ayol bilan birga ketaman…” deyayotgandek edi bu dard. Na professor shifokorlar, na folbin, na mulla uni yengillata oldi.
To‘ng‘ich kelin kun sayin og‘irlashib, ozib-to‘zib boraverdi. Najot eshiklari go‘yo “taqa-taq” bekilgandek edi. Ishtahasi hamisha “karnay” bo‘lib turadigan kelin bora-bora ovqatdan ham qoldi. Tiniq rang-ro‘yi bargdek so‘lib, bilqillab turgan vujudi kun sayin ozib keta boshladi.
Garchand kishi bilmas og‘ir dard uning vujudini, a’zoyi badanini tilka-pora qilayotgan bo‘lsa-da, biroq unda qandaydir behalovatlik, besaranjomlik asari ko‘zga tashlanardi. Tevarak-atrofga o‘qtin-o‘qtin olazarak, qizg‘anchiqlik va harislik bilan boqardi. Chamasi, bu dunyoning moddiy boyliklari, hoyu-havaslari kelinni tark etmayotgan edi. Yanayam aniqrog‘i, ularning bir-biridan ajralishlari juda og‘ir kechayotgandi. Liq to‘la sandiqlar, matolar, tillolar, hashamatli uy-joylarni bemavrid tashlab ketish fikri qiynoqqa solayotgan edi balki… Kim biladi, bandasining ko‘nglidan kechayotgan gaplardan yolg‘iz Yaratganning o‘zi voqifdir.
Bora-bora kelin tildan ham qoldi. Ilohiy adolatning mo‘jizasini, tengsiz muruvvatini, bandasining mushkulini oson qilganini ko‘ringki, raisning ayoli qancha zamonlardan beri butun borlig‘ini kemirib, bamisoli zulukdek yopishib yotgan nafsdan, molparastlik, buyumparastlikdan ham qoldi. Go‘yo uning ich-tashini kishanband etib yotgan dunyoviy havoyi nafs uzilib, parcha-parcha bo‘lib, to‘zg‘ib ketgandek edi. Chunki eng so‘nggi daqiqalarda kelinning yuzida bir yorug‘lik, qandaydir xotirjamlik va sokinlik zohir bo‘lganini yonidagilar sezdilar, ko‘rdilar. Chamasi, raisning ayoli borayotgan manziliga, hattoki sariq chaqani ham olib ketolmasligini ayon anglab yetgan edi yoki unga anglatilgan edi. Kelinning bu olamdagi baxti shunda ediki, o‘zi o‘lmasdan burun nafsi o‘ldi. Aslida bu ham bir davlatmandlik edi.
…Tong endi oqarib kelayotgan xira-shira palla edi. Sahardan beri qiblaga yuzlanib, tasbeh o‘girib o‘tirgan mushtdekkina kampirning huzuriga nevarasi ohista kirib keldi.
– Momo, hovv, momo! – derkan, nevarasi gapini oxirigacha aytolmasdan yig‘lab yubordi.
Kampir ziyrak edi, noxush bir voqea sodir bo‘lganini sezdi shekilli, seskanib tushdi.
– Nima gap, bolam, tinchlikmi o‘zi, nega yig‘layapsan, jon bolam?! – dedi ortiga o‘girilib xira ko‘zlari bilan qararkan kampir.
– Keliningiz… onam – derkan, nevarasi yana yig‘lab yubordi.
Bu sovuq xabardan kampirning vujudi larzaga keldi. O‘zini bazo‘r qo‘lga olib, duoga qo‘l ko‘tardi: “Yaratgan egam, kelinimning mushkulini o‘zing oson qilgin, oxirati obod bo‘lsin! Navbat aslida meniki edi-ku, navbatni men so‘rab turgan edim-ku! Kelinim tushmagur shoshibdi-da, shoshqaloqlik qilibdi-da, mening yo‘limni olibdi-da!” deya kampir nola qilardi. Keyin esa eshitilar-eshitilmas qilib dedi:
– Go‘dakkinalari endi nima bo‘ladi? Ey Xudoyim, o‘zing najot ber, sabri jamil ato et…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 5-son