Sahro so‘qmog‘ida boshin egib jim,
Bir kimsa ketmoqda, bilmasman u kim…
Abdulla Oripov
Biz hali Absal polvonni tanimas edik.
Ming to‘qqiz yuz sakson ikkinchi yilning bahorida, erta-indin jahon urushi boshlanar emish degan mish-mishlar xo‘b avj olgan kunlarning birida usta Abilning uyida qoramag‘iz, to‘zg‘in sochlari jingiltob, qoshlari qiyg‘och, kipriklari uzun-uzun, ko‘zlari ma’yus, yetti-sakkiz yashar qizaloq paydo bo‘ldi. Jangu jadal boshlanib, atom bombalari kasofatidan dunyoning kuli ko‘kka sovrilsa, molu mulkim kimga ham qolardi degan o‘yda iztirob chekib yurgan usta Abil sahar chog‘i bisotidagi bor-yo‘q ikki bosh oriq qo‘yni bir paytlar pochtachi Tog‘ay tog‘adan sotib olgan mototsikli aravachasiga yuklab viloyat markazi biqinidagi bozorga yo‘l olgan va kechga yaqin ko‘rganlarni hangu mang qoldirib shu qizchani olib qaytgan edi. Kimdir uni shahardagi tashlandiq bolalar internatidan xatlab olibdi desa, tag‘in birov usta qizchani bir bosh sovliq evaziga lo‘lilardan sotib olgani haqida gap-so‘z tarqatdi, ya’ni allakimning qasamlar ichib pichirlashicha, harbiy xizmat chog‘i Abil bilan do‘st tutingan marilik bir turkman chavandoz qiyomatlik birodari ko‘p yillardan beri tirnoqqa zor, aziyat chekib yurganiga chidayolmay o‘zining besh qizidan birini jo‘rasiga farzandlikka beribdi. Alqissa, bunday mish-mishlarning, shivir-shivirlarning uch-quyrug‘i yo‘q edi. Kimning gapi chin, kimniki o‘trik, birov aniq-tiniq bilmaydi. Ammo bir hol aniq ediki, o‘sha kuni Uldon checha eri boshlab kelgan qizaloqni ko‘z yoshu siniq tabassumlar bilan bag‘riga olgan, manglayidan o‘pib, sochlarini silagan, yuz-ko‘zida mamnunlik, minnatdorlik zohir bo‘lgan.
Kengsoyliklar bu mushtipar eru xotin tutgan yo‘lni ma’qullashdi, farzand bilan qutlab, ularning quvonchiga sherik bo‘lishdi, biroq Abil akaning otasi mulla Mirzagina to‘nni teskari kiyib oldi. U qizaloqni ilk ko‘rgandayoq shosha-pisha kalimai shahodatni tilga olib, qo‘lini yuziga pardalar qilib, buning eni boshqa, qavmi betayin, tezroq ko‘zdan daf qil, bu bola emas, balo bo‘ladi, deya arazlab hovlidan chiqib ketdi. Lekin oradan uch-to‘rt kun o‘tib, farzandli bo‘lganini el-ulusga bildirib qo‘yish ilinjida o‘g‘li o‘tkazgan kichkinagina ma’rakaga o‘zi bosh-qosh bo‘ldi, qari-qartanglarni qizaloq haqiga duo qilishga bot-bot undab turdi.
Qizchaning ismi Tanzila ekan! Abil aka keltirgan yaltiroq jild ichidagi hujjatlarda aynan shunday deb yozilgan edi. Mazmun-ma’nosi anchagina mavhum, ammo jarangdor, jozibali, sirlitob bu ism, ayniqsa, eru xotinga yoqib tushdi, mulla Mirzaning, hech qursa, otini o‘zgartiraylik, deya zorlanishlariga parvo ham qilishmadi.
O‘sha kezlar men to‘rtinchi sinfda o‘qir edim. Qo‘riqdagi bu befayz, besarishta posyolkaga tog‘ etagidagi katta qishloqdan atigi bir yil avval, otamning vafotidan keyin, tirikchiligimiz xiyla tanglashib qolgach, Quvondiq akani qora tortib ko‘chib kelgan edik. Quvondiq aka otamning eski qadrdonlaridan bo‘lib, tog‘ tomonlarga yo‘li tushgan paytlari ba’zan biznikiga ham qo‘nib o‘tar, momoqaldiroqdek guldirab gurungni gurungga ular, ora-chora jo‘rasini ham cho‘lga ko‘chib borishga da’vat qilar, mehmon ketgach, u haqida qiziqsinib so‘rab-surishtirgan chog‘imiz, otam do‘stining qo‘riqdagi yirik davlat xo‘jaliklaridan biriga rahbarligi, el ichida Quvondiq qaysar nomi bilan mashhurligi, mard, dovyurak, tanti inson ekanligi to‘g‘risida maroq bilan gapirar edi.
U otam ta’riflagandan ham ortiq odam ekan. Bizni ochiq chehra bilan kutib oldi, quyma betondan qurilgan to‘rt xonali uy berdi, akamni sovxoz garajiga ishga joyladi, onda-sonda ko‘rinib qo‘ysangiz bas, nevaralarning qand-qursiga yetadigan uch-to‘rt so‘m olib turasiz, deb, hatto onamni ham xizmatchi sifatida hujjatlarga tirkab qo‘ydi. Xullas, mulla Mirzaning ta’rifi bilan aytganda, ko‘z ochib yumguncha oylikxo‘r oilaga aylandik.
Chor atrof bepoyon dala-dasht. Ekin paykallari uzoq-uzoqlarga yastanib ketgan. Nari-beri kovlangan zovur ichlarida, suv ko‘llagan soyliklarda quyuq o‘siq qamishzorlar, yulg‘unzorlar daydi dasht shamolida vahimali shitirlab, chayqalib turadi. Tog‘ etagidagi bog‘-rog‘lar ko‘zimga singib ketganidanmi, harnechuk, unda-munda hurpaygan yakkam-dukkam qandaydir dov-daraxtlarni hisoblamaganda bu yerlar anchayin yupun-yalang‘och tuyulardi. Ellik-oltmish xo‘jalikka mo‘ljallab qurilgan, barchasi bir-biriga o‘xshash beton kottejlardan iborat posyolka rasmiy hujjatlarda “41-sovxoz” deb yuritilsa-da, bir chekkasi mashhur Kengsoy kengliklariga tutashib ketgani uchun ham ko‘pchilik uni Kengsoy qishlog‘i deb atardi.
Ko‘chib kelgan kunimiz uch-to‘rt bosh qo‘y-echkimizni o‘tlatib zovur tomonga borib qoldim. Bir payt baland-baland tuproq uyumlari ortidan o‘zim tengi besh-olti bola qiyqirishgancha otilib chiqib meni qurshovga olishdi. Hammasi yarim yalang‘och, kinolardagi hindularga taqlidan aft-angorlariga, badanlariga turli bo‘yoqlar surkab, boshlariga o‘ralgan ipga tovuq patlari qadab olgan, biri yog‘och miltiq, birisi o‘q-yoy tutgan edi. Boshqalariga qaraganda bo‘ychan va baquvvat, chayir bola safdan ajralib men tomon yurarkan o‘ng qo‘lini musht qilib boshi uzra baland ko‘tardi. Xuddi shuni kutib turgandek qolganlari bab-baravar qichqirib yuborishdi.
– Quyosh hali botmagan!
Men butkul dovdirab qoldim. Bolalarning bo‘yab tashlangan basharalariga qarab bir kulgim qistasa, bir ularning vajohatini ko‘rib ko‘nglimga g‘ulg‘ula oralardi. Oldga chiqqan bola yana hindu sardori kabi o‘ng kaftini avval manglayiga, labiga tegizdi, so‘ng boshi uzra bir aylantirib ko‘ksiga bosdi.
– Biz Kengsoy burgutlarimiz! Sen kimsan, ey, o‘g‘lon?
– Men… Norsoatman, – dedim o‘zimni tetik tutib, – bu yerga bugun ko‘chib keldik.
– Olishasanmi yo urushasanmi?
Biroz o‘ylanib qoldim. Urushsam, biror yerim jarohatlanishi mumkin, yaxshisi kurash tushganim ma’qul, juda zo‘r bo‘lsa, ko‘p cho‘zmay, yiqilibgina qo‘yaman.
– Nega jimsan, Norsoat? – dedi bola o‘sha tantanavor tovushda, – yo qo‘rqdingmi, o‘g‘lon?
– Qo‘rqqanim yo‘q, olishaman.
U oqsoqollarga xos tarzda bosh irg‘ab gapimni ma’qullagan bo‘ldi-da, to‘dadagi kirchil sochlari hurpaygan, yelkasiga kamon osgan bolaga im qoqdi. Bola o‘q-yoyini chaqqonlik bilan sheriklaridan biriga tutqazdiyu, irg‘ishlab o‘rtaga chiqdi. Men ham shalviragan yenglarimni shimarib raqibga ro‘baro‘ bo‘ldim. U, aftidan, bir hamlada meni qulatishni mo‘ljallagan shekilli, hanuz irg‘ishlagan ko‘yi atrofimda aylana boshladi. Tog‘dagi qishlog‘imizda kurashga qiziqmaydigan, unda-munda davraga tushib turmaydigan bolaning o‘zi yo‘q edi. Goh ko‘cha-ko‘yda, goh to‘y-hashamda bir-birimiz bilan yoqalashib qolardik. Hartugul, bo‘yinsalarimning ko‘pisidan ustun kelardim. Tog‘alarim ham polvon deb erkalashardi. Mana, ovloq cho‘l qo‘ynidagi ovloq bir joyda ilk raqibim bilan yuzlashdim. U anchagina tajribali ko‘rinardi. Ammo men uning ayyorona rejasini payqab qoldim. Bola atrofimda irg‘ishlay turib, chap to‘pig‘imning andak yuqorisiga tepki yo‘lladi. Shu barobarida chap bilagimdan chaqqonlik bilan ushlab tortdi. Biroq men u tepki yo‘llagan oyog‘imni darhol olib qochdim, bolaning zarbasi havoga ketdi. O‘zi esa muvozanatini yo‘qotib yerga chalpak bo‘lib tushdi. Men vaqtni boy bermay raqibning ustiga o‘zimni tashlab, kuraklarini yerga tegizdim.
– Halol. Sen g‘olibsan, Norsoat o‘g‘lon! – dedi Sardor o‘sha-o‘sha baland, tantanali tovushda. (Bolalarning gap-so‘zlaridan uning ismi Davronligini bilib qoldim).
Bu yog‘i tezlashib ketdi. Eng avval Davron, so‘ng to‘dadagi bolalar men bilan qo‘l berib ko‘rishib chiqishdi. Tanishdik, haligina qiyqirib, depsinib turgan jangari to‘da, oddiy, yuvosh va sho‘x kengsoylik bolalarga aylandi-qoldi. Zovur bo‘yida o‘tirib o‘zimizcha gurunglashgan bo‘ldik.
Davron Quvondiq akaning, otam aytganday, katta bir shirkat xo‘jaligi rahbarining o‘g‘li ekan! Ertasi kuni u meni maktabga boshlab bordi. Sinfdosh bo‘ldik.
Biz hali Absal polvonni tanimas edik.
Ko‘p o‘tmay uning, ya’ni hindular sardorining o‘ng qo‘liga aylandim. Chunki keyingi bellashuvlar ham mening shu lavozimga munosib ekanligimni ko‘rsatdi. Men Davrondan boshqa barcha bolalarni kurashda yiqitdim. Hatto, yoshi o‘zimdan katta ba’zi birlari ham mendan yengildi. Faqatgina Davronga kuchim yetmasdi. U chayir va baquvvat bo‘lishidan tashqari, qandaydir shiddat-shijoat va ehtiros egasi edi. Kurash payti shu qadar tez usullar qo‘llardiki, ko‘z ochib-yumguncha yulduz sanay boshlaganimni bilmay qolardim. Davron favqulodda dovyurak, chapani bola edi. Goho to‘p bo‘lib tuman markaziga borgan kezlarimiz, uning bir o‘zi o‘sha yerlik uch-to‘rttasi bilan birvarakayiga mushtlashib g‘olib chiqardi. Har lahzada qochib qolishga shay biz “Kengsoy burgutlari” uning jasoratidan ruhlanib, boshimizni mag‘rur ko‘tarardik.
Davron yaqinu yiroqda urushqoq, bezoriligi bilan nom chiqargan bo‘lishiga qaramay, hech kutilmaganda, maktabning eng a’lochi o‘quvchilaridan biri ham edi. Uning muk tushib, soatlab kitob o‘qib o‘tirganini ko‘p ko‘rardik. Dostonlar, har xil ertagu cho‘pchaklar, aftidan, Davronning jonu dili edi. Odatda, u o‘qiganlari ta’siriga tez berilib, goh Kenja botir, goh Alpomish qiyofasiga kirishga oshiqardi.
Biz ham sardorga ergashib o‘sha ertagu doston qahramonlariga xos tarzda kiyinishga, “qurollanish”ga majbur bo‘lardik. Davron qo‘y-qo‘zi ortidan yaylovga chiqishimizdan avval hammamizni safga tizib, libosimizdan tortib, yog‘och qilichu nayzamizgacha obdon ko‘zdan kechirib chiqar, hol-ahvolimizdan ko‘ngli to‘lsa, odatdagiday, o‘ng qo‘lini boshi uzra baland ko‘tarar, biz ham unga javoban bab-baravar havoga musht o‘qtalib, bab-baravar hayqirardik.
– Quyosh hali botmagan!
Davron o‘ta tegmanozik, arazchi bola edi. Arzimagan narsadan ham nafsoniyati qo‘zg‘alib qosh-qoboq uyib olar, uni hovuridan tushirish uchun xushomadlar qilingan sayin battar jazavasi tutar, o‘yin bo‘lsa o‘yinni, yig‘in bo‘lsa, yig‘inni tashlab qaylargadir ketib qolardi.
Bir kuni Davron maktabga, hali biz taraflarda urf bo‘lmagan kamzul, yangi tufli kiyib keldi. O‘sha saraton Sochi degan joyda dam olib qaytgan otasining sovg‘asi ekan. Sinfdoshimiz liboslarini ko‘z-ko‘z qila-qila shunday deb maqtandi. Biz hatto qo‘l tegizishga ham botina olmay, do‘stimizga yarashib turgan kamzul va tuflini havas bilan tomosha qildik. Ammo tarix darsi payti ko‘ngil xiralik ro‘y berdi.
“Kuyov jigit bo‘p ketibsiz-ku, Tirkaship”, – deb kulimsiradi muallim.
Davron ilkis bosh ko‘tardi. Lablari qimtilib, qoshlari chimrildi. So‘ng alam va achchiqdan qip-qizargan ko‘yi o‘rnidan irg‘ib turdi-da eshik tomon shitob bilan yurdi. Muallimning rangida rang qolmadi. Kimsan, rais, kimsan, Quvondiq qaysar bo‘lgan odamning bolasini xafa qilish qanday oqibatlarga olib kelishini u juda yaxshi bilardi. O‘qituvchi qo‘llarini qanotday yoyib arazchining yo‘lini to‘sishga urinarkan, yalinchoq bir tovushda:
“Davronjon, uzr, Davronjon, hazillashdim”, – deya bot-bot takrorlardi.
Ammo sarkash bola unga zarracha quloq solmay o‘zi tomon iltijo bilan uzalgan qo‘llarni siltab tashlab tashqariga otildi. Biz sinfdoshlar o‘rnimizdan duvva qo‘zg‘aldik.
“Iltimos, qaytaringlar uni, – dedi ustoz jonsarak tipirchilab, – Norsoat, G‘iyos, ortidan chopinglar!”
Sinfimizdagi deyarli barcha o‘g‘il bolalar “Kengsoy burgutlari”dan edik. Muallim aytmasa ham, sardorning izidan borishni burchimiz deb bilardik. Shu sababdan ham sinfdagi to‘qqiz bola tashqariga ola-tasir yugurgilab chiqdik.
Davron maktab hovlisida hanuz jazava bilan g‘udranib silkinib borardi. Bora-bora avval egnidagi kamzulni bir chekkaga uloqtirdi, so‘ng oyoqlarini galma-gal silkitganicha tuflisini yechib tashladi. Do‘stimning fe’l-atvori menga xo‘b tanish: ayni paytda oldidan borsang tishlaydi, ortidan borsang tepadi, yaxshisi, to o‘zi hovridan tushgunicha kutgan ma’qul. Biz shunday yo‘l tutdik. Mening ishoramga ko‘ra bolalardan biri uloqtirilgan kamzulni, biri esa tuflini yerdan oldi, sardorni ko‘zdan qochirmay izma-iz boraverdik. Davron shu ketishda qishloq pochtasi yonidagi onda-sonda tuman markazidan qatnovchi avtobus qayrilib oladigan bekatga yetdi-da, tarvaqaylab o‘sgan qayrag‘och tagidagi bir paytlar usta Abil to‘rt enlik taxtadan omonatgina yasagan o‘rindiqqa ket qo‘yib, tirsagini tizzasiga, kaftini iyagiga tirab xuddi mahkam tugilgan mushtdek bo‘lib o‘tirdi-qoldi.
Biz pochta binosining soyasiga qaldirg‘ochday tizilib sardorning jahldan tushishini sabr-toqat bilan kuta boshladik.
Saraton allaqachon chekingan bo‘lsa-da, jaziramaning hali-hanuz shashti baland. Yuz-ko‘zlarga gupillab hovur uriladi. Chor-atrof allaqanday oqish, sarg‘ish tusda jimirlab-jimirlab ko‘zga tashlanadi.
Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmadim, bir payt, hali-hanuz g‘ujanak tortib o‘tirgan Davron dik etib o‘rnidan turdi. Qo‘llarini beliga tirab, qad kerib, yuz-ko‘zi allanechuk yolqinlanib bir zum biz tomon tikilib turdi va… odatdagidek, mahkam siqilgan mushtini boshi uzra baland ko‘tardi. Biz ham, odatdagidek, qo‘llarimizni qilichdek havoga sermadik.
– Quyosh hali botmagan!
Bab-baravar hayqirig‘imizdan issiqdan mudrab turgan qishloq bir cho‘chib tushganday bo‘ldi. Omborxona biqinida traktor tirkamasiga o‘g‘it yuklayotgan uch-to‘rt ishchi, bekat ro‘parasidagi uyda, tandirga o‘t qalayotgan ayol biz tomonga taajjublanib tikilib qo‘ydi.
Davron hech nima bo‘lmagandek tirjayib yonimizga keldi. Biz ham hech nima bilmagandek, hech nima ko‘rmagandek uning kamzulini, tuflisini qo‘liga tutqazdik. Zavq-shavq bilan gaplashib, zavq-shavq bilan kulishib maktabga qaytdik.
Biz hali Absal polvonni tanimas edik.
Usta Abil viloyat markazidan Tanzila bilan qaytgan o‘sha yakshanba ham Davron ikkimiz biroz janjallashib qolgan edik. Hammasi arzimas bir tortishuvdan boshlandi. O‘sha paytlar boshqa joylarni bilmadimu, lekin qishlog‘imizda AQSh va SSSR o‘rtasida urush boshlanar emish, degan mish-mish avjiga chiqqan, ko‘cha-ko‘yda, to‘y-hashamlarda tinchgina boshlangan gurung oxir-oqibat shu mavzuga kelib taqaladigan bo‘lib qolgan edi. Biz bolalar ham kattalardan eshitganlarimizga o‘zimizdan biroz qo‘shib-chatib to‘plangan chog‘larimiz bir-birimizga yetkazardik.
O‘sha kuni ham qo‘y-qo‘zilarni ertalabdan dashtga haydar ekanmiz, gurungimiz o‘z-o‘zidan urush mavzusiga ko‘chdi.
– Baribir SSSR zo‘r, – deb qoldi Davron kimdandir eshitganlarini o‘z fikriday bayon qilarkan, – dushman raketasini osmonda eritib yuboradigan nur sochar qurollari bor.
– Amerikaning nur ham yetolmaydigan raketalari juda ko‘p, – deb e’tiroz bildirgan bo‘ldim men, chunki kechagina akam va do‘stlari aytgan gaplar esimda edi, – ular SSSRning hamma katta shaharlarini ko‘zlab turibdi, tugmachani bir bosib qo‘yishsa, tamom, hammasi kultepa bo‘p qoladi.
Davron keskin bosh chayqab tag‘in nelardir dedi. Men yana rad etdim. Tortishuv boshlandi. Harnechuk, men to‘plagan ma’lumotlar Davronnikidan ko‘proq ekan. Sardorni ko‘z ochirgani qo‘ymadim. U meni yengish uchun kerakli gapni topolmay jahldan qizarib-bo‘zarib ketdi. Atrofimizdagi “Kengsoy burgutlari” gap-so‘zlarimizni diqqat bilan tinglashar, boshlanishi tusmollanayotgan jahon urushidan ko‘ra ikkovimizning o‘rtamizda to‘qnashuv yuz berishidan xavotirga tushishgani shundoqqina aft-angorlaridan sezilib turar edi.
– Ey, sen, – deb qoldi Davron bir payt xalacho‘pni menga nuqib, – molingni ajratib ol, biz bilan dashtga bormaysan.
Odatda, u bundan tang paytlari darrov yakkama-yakka olishuvga chorlab qolardi. Hozir ham aynan shunday bo‘ladi degan xayolda qo‘rqib turgan kezim uning kutilmagan buyrug‘i jonga ora kirdi. Vaziyatning yengil tus olganidan bolalar ham yengil tortdi. Men suruvdagi to‘rt echki, uch qo‘yimni ajratib olib sayxonlik bo‘yida qoldim. Davron onda-sonda yer ostidan xo‘mraygan ko‘yi men tomon qarab qo‘yardi. Ko‘p o‘tmay dala-dasht bo‘ylab “Kengsoy burgutlari”ning odatdagi qiyqirig‘i jarangladi.
– Quyosh hali botmagan!
Ajralib qolganim yaxshi bo‘lgan ekan! Peshin payti Abil aka “Ural” mototsikli aravachasiga o‘tirg‘izib kelgan qizchani birinchilardan bo‘lib ko‘rdim. Bahor o‘t-o‘lanlaridan qorni to‘ygan mollarimni haydab uyimizga yetgan chog‘im qizchaga yana ko‘zim tushdi. U ustaning qiya ochiq darvozasidan tashqariga qo‘rqa-pusa mo‘ralab turardi. Bir payt u otilib tashqariga chiqdiyu katta yo‘l tomon chopib ketdi. Ajablangan ko‘yi uning ortidan qarab qoldim. Shu chog‘ darvozadan Uldon checha kalovlanganicha chiqib keldi.
– Soatjon, yugur anovining ortidan, – deya u qizcha tomon imo qildi, – qochib ketyapti, aylanay sendan, yugur, ushlab kel!
Men yugurdim. Qizcha ancha olislab ketgan bo‘lsa-da, unga tez yaqinlashib oldim. Ammo… ayni paytda… negadir o‘zimni quvlayotgan emas, qochayotgan boladek his qilardim. Chunki bu yerlarga ko‘chib kelgan chog‘larimiz men ham qadrdon qishlog‘imga xuddi shunday qochib ketishni juda-juda istaganman. Hatto, mashinalar serqatnov katta trassa bo‘yiga dovur yashirincha bir-ikki borib kelganman. Shu sababdan bo‘lsa kerak, ayni paytda qizchaga xayrixoh edim. Unga ikki hatlab yetishim mumkin bo‘lgan paytda ham atay, sekinlashib, o‘zimni charchab qolganga solardim. Bir payt qizcha qator tutlar panasiga yetgach, taqqa to‘xtadi. Yuz-ko‘zlarini qoplab tushgan jingil sochlarini ortga sidirib tashladi. Men hansiragan ko‘yi uning qarshisida to‘xtadim. Qizchaning yirik-yirik ko‘zlari jiqqa yosh edi.
– Nega meni quvlab kelyapsan? – dedi u tovushi titrab.
– Seni ushlab olishim kerak.
– Tegma menga, men… qochib ketyapman.
– Qayoqqa?
Qizcha izillab yig‘lab yubordi.
– Bilmayman…
Ayni paytda… negadir, unga qo‘shilib mening ham uvlagim kelardi. Bo‘g‘zimga nimadir tiqilib qult-qult yutindim.
– Qo‘y yig‘lama, kerakmas, – deb pichirladim arang.
– Ular meni qiz qilib olishdi.
– Ular yaxshi odamlar, – dedim qizcha aytgan gaplarning ma’nosiga ko‘p ham tushunmagan esam-da, – xafa bo‘lma.
– Uylari juda katta ekan, qo‘rqib ketdim.
– Qo‘rqma, katta uyda yashash mazza-ku.
– Mazza-ya, – dedi qizcha umid va iltijo qalqqan qaroqlari bilan menga termulib. U so‘zlarini tasdiqlashimni, bu yerlarda yashash chindan ham yaxshi ekanligiga ishontirishimni juda-juda istardi.
Men har ikki bosh barmog‘imni havoga nuqib, ko‘zlarimni suzdim.
– Mazza!
Qizcha qiqirlab kuldi.
– Yana bi-ir ayt, – dedi yalinchoq tovushda.
– Ma-azza-a-a!
Men bu gal barmoqlarimni yalab ham qo‘ydim. Qizcha yayrab-yayrab kuldi. Kula-kula yo‘l chekkasiga bir paytlar to‘kib ketilgan shag‘al ustiga o‘tirdi.
– Oting nima? – deb so‘radim undan.
– Tanzila. Seniki-chi?
– Norsoat.
– Soat deysanmi, – qizcha yana yayrab kuldi, – necha bo‘lding, soat, necha bo‘lding?
Balki boshqa joyda, boshqa bola shu tarzda, ismimni masxaralab kulsa jahlim chiqar, boplab ta’zirini berardim. Ammo ayni paytda qishlog‘imizda dabdurustdan paydo bo‘lgan qizchaning qiliqlari, kulgulari negadir menga juda-juda yoqardi. Hatto unga qo‘shilib baralla kuldim.
– “Norsoat” qiyin ekan, – dedi qizcha menga sho‘xchan boqib, – maylimi seni “Soat” desam?
– “Aka” deya qol.
– Xo‘p. “Akajon” deyman.
Quyosh qoq manglayimizda tantanavor porlab turardi. U go‘yo bu yerlarda besar yurgan bahorni jizg‘anak qilishga bel bog‘lagandek chor-atrofni ayovsiz qizdirardi. Bahor esa dov-daraxtlarning quyuq, yam-yashil yaproqlari qatidan, ariq-sayxonliklar chekkasida ko‘m-ko‘k ko‘kargan chechaklar, o‘t-o‘lanlar orasidan qo‘rqa-pusa mo‘ralaydi. Qaldirg‘ochlar havoda charx urib, chumchuq-chug‘urchuqlar bezovta chirqillab go‘yo uni qo‘riqlagan bo‘ladi.
Tanzila ikkimiz shodon kayfiyatda qishloqqa qaytdik. Uning kulishlariyu to‘satdan ma’yus tortib qolishlari ham, yuz-ko‘zini qoplab tushgan jingil sochlarini qo‘lchalari bilan tez-tez orqaga tarab qo‘yishlari ham, hamma-hammasi o‘ziga yarashardi. Men unga qarab to‘ymasdim. Tanzila goh men bilan qo‘l ushlashib olar, goh yo‘l chekkasidagi mayda toshchalardan terib qator tutzor tomon otar, goho o‘rmalab yurgan hashoratlarni, uchib-qo‘nayotgan qushlarni uzoq tomosha qilib qolardi. Sen aslida kimsan, bu yerga qanday kelib qolding, o‘zing qayerliksan, deb so‘ragim kelardiyu ammo botina olmasdim. Nazarimda bunday so‘rovlar Tanzilani qattiq xafa qilib qo‘yadigandek tuyulardi. Men esa uning xafa bo‘lishini, yirik-yirik ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lishini sira-sira istamasdim.
Bir payt qishloq tomondan lo‘killagan ko‘yi chopib kelayotgan usta Abilga ko‘zim tushib qoldi. Tanzila yalt etib menga o‘girildi. Uning qaroqlariga yana xavotir soya soldi. Men jilmaydim. Bosh barmog‘imni havoga nuqib, so‘ng yalab qo‘ydim. Tanzila yana kulib yubordi.
– Ertaga yana qochaman.
– Qachon?
– Shu payt.
– Bo‘pti. Men quvlayman.
Abil aka hansiraganicha yonimizga yetib keldi. Qop-qora, serajin manglayidan sharros ter quyilar, tugmalari chala qadalgan ko‘ylagi shalvirab osilib turar edi.
– Bolam, qizginam! – dedi u hovliqqan bir tarzda Tanzilani dast ko‘tarib olarkan, – kim seni xafa qildi? Nega qochib ketding, asalim?
Usta qizchani mehr bilan bag‘riga bosib, yuzlarini uning sochlariga surkar, ovozi hirqirab, titrab chiqar edi.
Nogoh Tanzila ham u kishining bo‘ynidan mahkam quchib oldi. Qucha-qucha men tomon jilmayganicha ko‘z qisdi, bosh barmog‘ini yalab-yalab qo‘ydi.
Abil aka qizchaning kutilmaganda quchib olishidan butkul yayrab, Tanzilani yana ham qattiqroq bag‘riga bosib, menga zarracha e’tibor bermay, alpang-talpang qadamlar bilan qishloq tomon jo‘nadi.
Usta xonadonida qizaloq paydo bo‘lgani, uning kelgan zahotiyoq qochishga uringani, qochoqni men ushlab kelganim haqidagi bo‘zadek ko‘pirib turgan mish-mishlar qishloqda juda tez tarqaldi. Favqulodda ko‘rsatgan jasoratim, shon-shuhratim sharofatidan bo‘lsa kerak, Davron ertasi kuni barcha araz-ginalarni unutib meni maktabda iljaygan ko‘yi qarshi oldi. Qizaloq haqida, uni qanday quvlaganim to‘g‘risida so‘rab-surishtirdi. Tabiiyki, bunday gap-so‘zlar payti barcha bolalar bizni qurshab olishadi.
– Huvv, hindcha kino bor-ku, ko‘rganmisan, bir qizchaning ota-onasini banditlar o‘ldirishadi, keyin qizcha zo‘r artist bo‘p ketadi, ko‘rganmisan o‘zi? – dedi Davron shang‘illab.
Men bosh irg‘adim.
– Ha, ko‘rganman.
– Aytishlaricha, usta opkelgan qizcha o‘shanga rosa o‘xshar emish, chinmi?
– O‘xshamaydi.
– Iya, nega o‘xshamas ekan, – deb chinqirdi bolalardan biri, – ana, hamma aytyapti-ku.
– O‘xshamaydi, bu o‘sha qizning o‘zi.
– Yo‘g‘-e?! – bab-baravar guvullab yubordi bolalar.
– Ha. Ota-onasi o‘lgandan keyin… mana, Abil akaga qiz bo‘ldi.
Bolalar men to‘satdan to‘qib tashlagan yolg‘onga obdon o‘ylab ko‘rmay chippa-chin ishonishdi. Bu mening kulgimni qistardi.
– Tez chopar ekanmi? Arang yetgandirsan-a? – deb shivirladi Davron dars payti, tafsilotlarga qiziqishi hanuz so‘nmay.
– Ha, bugun yana qochadi.
Bu gap beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi. Chunki aynan bo‘lajak quvlashmachoq haqida shirin xayol surib o‘tirardim. Men bu gapni shunchaki pichirlab aytgan bo‘lsam-da, Davron eshitib qolgan ekan.
– Nima?! – pichirladi u sergak tortib, – qachon qochadi?
– Bilmadim, – deb mujmal yelka qisdim.
Ammo Davron mendan ko‘zlarini uzmagan ko‘yi allanimalarnidir chamalay boshladi.
Men darsdan so‘ng uyga shoshildim. Chunki Tanzila bilan kelishgan paytimiz yaqin edi. Yuragim qandaydir quvonch va hayajon bilan gurs-gurs urardi. Uyga keldimu, papkamni bir chekkaga uloqtirib bir bo‘lak nonni tik turgan ko‘yi g‘ajiy boshladim.
– Hoy, orqangdan yov quvayaptimi, o‘tirib, odamga o‘xshab ovqatlansang-chi, – dedi onam yumushidan bosh ko‘tarib.
– Yana maktabga qaytib borishim kerak, shoshilyapman.
Shu payt qiya ochiq darvozamizdan Uldon checha bosh suqdi.
– Hamsoya-yu-yu…
– Kiravering, shu yerdaman, – deya onam unga peshvoz yurdi.
– Norsoatjon uydamikan? Anovi qiz tushmagur yana qochib ketdi.
Men otilib hovliga chiqdim.
– Shu yerdaman. Qani? Qachon qochdi?
So‘rashga so‘radimu, ammo javobini kutmasdan ko‘chaga yugurdim. Tanzila allaqachon tutzorga yaqinlashib qolgan ekan. Uning ortidan o‘qday uchdim. Onda-sonda ortiga o‘girilib qo‘yayotgan qiz meni ko‘rdiyu quvonch bilan bir-ikki irg‘ishlab qo‘ydi. Uzoqdan u qandaydir rangin kapalakka o‘xshab ko‘rinardi.
Men shamoldek yelib borardim. Yuz-ko‘zimni yalab o‘tayotgan iliq shabada zavqimni oshirardi. Ko‘p o‘tmay, oramizdagi masofa qisqara boshladi. Bir payt tutzorlar orasidan “Kengsoy burgutlari” qiyqirishgan ko‘yi otilib chiqib qizning yo‘lini to‘sishdi. Tanzila taxtaday qotib qoldi.
– Ey, nima qilyapsizlar! Tegmanglar unga! – jon holatda qichqirdim men.
Mashhur filmdagi qirq qaroqchi qiyofasiga kirib olgan bolalar menga e’tibor ham berishmadi. Ular ot mingan chavandozlarga xos irg‘ishlashib qiz tevaragida aylanishar, betinim vahimali qiyqirishar edi. Tanzila qo‘lchalarini yuziga bosib, chinqirib yig‘laganicha yerga o‘tirib qoldi.
Men jon holatda bolalar halqasini yorib o‘tdimu qizning qo‘lidan tortib o‘rnidan turg‘izdim. Qiy-chuv bir zumda tindi-qoldi.
Boshiga momosining oqish ro‘molini o‘rab, bir ko‘zi ustiga qora latta tang‘ib olgan Davron o‘zicha viqor bilan men tomon yurdi.
– Qochoqni birinchi bo‘lib biz tutdik! – dedi o‘sha tantanavor tovushda. – Uni egalariga biz topshirajakmiz.
– Yo‘q, u men bilan ketadi, – dedim Tanzilani beixtiyor o‘zimga yaqin tortib.
Qiz nogoh ko‘ksimga boshini qo‘ydi! Men andak dovdirab qoldim, lekin shu barobarida o‘zimni tog‘dek haybatli, Davronning ming bir qahramonlaridan-da jasur va qudratli his qildim.
– O‘rlik qilma, qizni qo‘yvor, – dedi sardor qo‘l cho‘zib.
Men uning qo‘lini qaytarib tashladim.
– Tegma dedim senga! Agar istasang, yakkama-yakka olishamiz!
So‘nggi so‘zlar og‘zimdan beixtiyor chiqib ketdi. Ko‘z qirim bilan xuddi najot so‘raganday bizlarga angrayib turgan bolalarga qaradim. Kutilmagan chorlovimdan ular ham hangu mang edi. Yo‘q, bir payt Davron, vajohatimdan cho‘chidimi yo boshqa sababdanmi, harqalay, istehzoli iljaygancha orqaga chekindi.
– Bo‘pti, qizni senga topshirdik, pishirib ye, o‘yinga chidaming yo‘q ekan.
Davron bir ishora bilan bolalarni boshlab yana tutzor oralab ketdi. Men ancha paytgacha ishonqiramay ularni kuzatib turdim. Tanzila andak hayrat, andak zavq bilan menga termulib turardi.
– Endi qochmaysan-a – dedim jilmayib.
– Yo‘q, qochmayman. Akajon, ular kim?
– Shu yerlik bolalar.
– Ular yomonmi?
– Yo‘-o‘q, yaxshi… o‘ynab yurishibdi.
– Men qo‘rqib ketdim.
– Qo‘rqma, o‘zim bor. Tanzila…
– Labbay, akajon.
– Agar qochish kerak bo‘lsa… bundan keyin ikkovimiz birga qochamiz, xo‘pmi?
– Xo‘p, akajon, – dedi qiz ko‘zlarimga tabassum bilan boqib.
Biz qishloq tomon xush-xandon qaytdik.
Xullas, Tanzila yangi xonadonga tez singishib ketdi. Abil akani “Dadajon”, Uldon chechani “Onajon” deb ataydigan bo‘ldi. Eru xotin quvonchdan yeru ko‘kka sig‘maydi. Kechayu kunduz qizaloqqa parvona. O‘zlari yemay unga yedirishadi, o‘zlari kiymay unga kiydirishadi. Raisimiz Quvondiq qaysar Tanzilaga atab bir sog‘in sigir hadya qildi. Bobo bo‘lmish mulla Mirzaning hayajonu sevinchdan hatto tuzukroq duoga ham tili aylanmay qoldi.
Quvondiq aka cholning jikkakkina gavdasini bahaybat quchog‘iga olib xoxolab kuldi. So‘ng kimdir shokosaga quyib uzatgan aroqni bir ko‘tarishda sipqorib yubordi-da, gazagiga bodring chaynab qizaloqning tug‘ilgan kuni bahonasida usta Abil tuzagan dasturxonni tark etdi. Na eru xotinning beadoq minnatdorchiliklariga, na elu ulusning olqishlariga e’tibor berdi.
Biz hali Absal polvonni tanimas edik.
Ha, Quvondiq qaysar shunday tanti va to‘pori rais edi. Kazo-kazo rahbarlar ham uni behad hurmat qilishar, maslahatu nasihatiga quloq solishardi. Quvondiq aka mehribon, hazilkash inson bo‘lishiga qaramay, ish, intizom masalasida juda qattiqqo‘l ekan. Bir gal traktorlarni o‘z vaqtida ta’mirlab shaylamagani uchun bu masalaga mas’ul jiyanini o‘n besh sutkaga qamatib yuborgan. Bir gal hasharchi talaba qizlardan biriga tajovuz qilgani uchun mashhur bir brigadirni avval o‘lasi qilib kaltaklagan, so‘ng butun oilasi bilan boshqa yoqqa ko‘chirtirib yuborgan. Quvondiq qaysarning fe’l-atvorini juda yaxshi bilgan kengsoyliklar hamisha uning oldida hadiksirab turishardi. Afsuski, har to‘kisda bir ayb deganlari chin ekan.
Rais qizlarini birin-ketin uzatib qutildi, ammo noshud va noqobil ikki o‘g‘ilning kasridan xo‘b ovorayu sarson bo‘ldi. Otasining dasti darozligi sharofatidan viloyat markazidagi institutlarning birini amal-taqal bitirib o‘sha joyda ishlab qolgan to‘ng‘ich o‘g‘il yoshi qirqni qoralab qolgan bo‘lsa-da, na biror bir ilmiy darajaga, na tuzukroq amalga erishdi. U bola-chaqasini big‘illatib har hafta qishloqqa qatnar, uch-to‘rt kunga yetgulik osh-ovqatini otasinikidan g‘amlab, olamshumul vazifani do‘ndirganday tevarakka mag‘rur ko‘z tashlab yana shaharga qaytar edi.
Aroqxo‘rlikka mukkasidan ketgan ikkinchi o‘g‘il esa xotinini haydab, uch bolalik, allaqanday o‘yinchi ayol bilan tuman markazida yashar, otarchilik, o‘rtakashlik bilan kun ko‘rar, ammo akasidan farqli o‘laroq, ota uyiga juda kam kelar, kelgan chog‘da ham hatto non-tuz tatinmay, biror bahona bilan markazga qaytar edi.
“Essiz shunday yigit, dushmanlari bunga duoibad yedirgan” – deyishardi u haqida ba’zi bir hamqishloqlar.
Quvondiq qaysarning yagona umidi kenja farzandi Davrondan edi. Uning tirishqoqligi, xuddi o‘ziday sarkash va sardorligi ko‘zini, ko‘nglini quvontirardi. Bir gal raisning mulla Mirza bilan idora biqinidagi ovloqroq joyda gaplashib turganini tuyqus ko‘rib qolganman. Ochig‘i, o‘shanda Quvondiq akani avval boshida taniy olmadim. U go‘yo qismati, hayot-mamoti qo‘lida bo‘lgan odam qarshisida turgandek xokisor va yuvosh tarzda egilib-bukilib turardi.
“Qo‘rqayapman, mullajon, qo‘rqayapman, o‘zingiz maslahat bering”, – derdi u yalinchoq bir tovushda.
“Karamxon eshonga uchrashib, bolaga ko‘zdan, suqdan asraydigan bir tumor obering”.
“U kishi har kimga ham tumor beravermaydi deb eshitgan edim… Mullajon, o‘zingiz bir oraga tushing”.
“Xo‘p… indin GRESda bir xudoyi bor. Uchrashib qolsak, aytaman”.
O‘sha pinhoniy gurungdan so‘ng, oradan bir haftacha vaqt o‘tib, Davronning bo‘ynida pishiq ipga osilgan, baxmal qoplamali tumor paydo bo‘ldi. Ota-onasi qattiq tayinlagan bo‘lsa kerak, do‘stim uni hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilardi. Bunday irim-sirimlar qanchalar naf bergan-bermaganini bilmadimu, lekin Davron yil-oy sayin emas, kun sayin o‘sib-ulg‘ayib, bo‘yiga – bo‘y, kuchiga – kuch qo‘shilib borardi. U, otam ta’riflaganday, yirik bir shirkat xo‘jaligining izzat-obro‘li, dasti daroz rahbarining arzanda bolasiga sira o‘xshamas, o‘zining kattakon otasi bilan hech qayerda, hech qachon maqtanmas, hammani teng tutib, barcha bilan baravar o‘ynab-kulib yurar, maktabda, mahalla-ko‘yda ba’zi bir xushomadgo‘ylarning yaltoqlanishiga parvo ham qilmas edi. Quvondiq akani o‘g‘lidagi aynan ana shunday xislatlar to‘lqinlantirgan, yomon ko‘zlardan panoh izlashga majburlagan bo‘lsa, ajabmas.
Kezi kelganda oz-moz maqtanib ham qo‘yayin: men ham do‘stimdan kam emas edim. Kundan kunga ko‘kraklarim, bilaklarim qabarib, kuchimga kuch, aqlimga aql qo‘shilib borardi. Onam tez-tez isiriq tutatib, boshimdan aylantirib olar, iloyo, ko‘z tegmasin, deb bo‘yi-bastimga tuflab qo‘ygan bo‘lar, ortimdan ko‘zlari namlanib kuzatib qolar edi.
Biz Davron ikkimiz bir-birimizga xiyla bog‘lanib qolgan edik. Birgalikda, bamaslahat har xil sho‘xliklar, nayranglar o‘ylab topardik. “Kengsoy burgutlari” hamisha xizmatimizga shay turishardi. O‘sha yilning yangi o‘quv mavsumi arafasida, yangi darsliklar olish uchun Davron ikkimiz maktabga borganimizda, Uldon chechga Tanzilani yetaklab direktor xonasidan chiqib kelayotganini ko‘rib qoldik. Qizaloqni uchinchi sinfga qabul qilishibdi!
– Ey, bir gap bor, – deb qoldi Davron to‘satdan, – birinchi sentyabr kuni Tanzilani boshqacha kutib olsak-chi.
– Qanday… – deb so‘radim qiziqsinib.
Davron qulog‘imga shivirlagan bo‘ldi. Uning taklifi menga ham ma’qul tushdi.
Nihoyat, o‘sha kutilgan kun yetib keldi. Oppoq, ohorli, qandaydir shaharcha fasonda tikilgan ko‘ylak kiyib, jingil sochlarini chiroyli turmaklab olgan Tanzila yana onasining yetovida, bir guruh qishloq qizaloqlari qurshovida maktab darvozasi yoniga yetib kelishdi.
Biz “Kengsoy burgutlari” panjara yonida askarlardek tizilib turardik. Tanzila shundoqqina qarshimizga yetgan payt Davron odatdagidek musht qilib tugilgan qo‘lini azot ko‘tardi.
– Quyosh hali botmagan!
Bizning jaranglagan jo‘r ovozimizdan hatto, maktab derazalari ham zirillab ketdi. Cho‘chib tushgan Tanzila onasining etagi ortiga yashirinib, biz tomon mo‘raladi.So‘ng jilmaydi. Jilmaya-jilmaya jajji qo‘lchalarini bizga taqlidan musht qilib baland ko‘tarib qo‘ydi. Nazarimda, u bolalar orasida meni ko‘rib kulganday, meni ko‘rib quvonib ketganday tuyuldi. Meni allaqanday sarxush hislar chulg‘ab oldi. Beixtiyor sardor o‘rnida qo‘l sermadim. Xuddi shuni kutib turganday bolalar bab-baravar hayqirishdi:
– Quyosh hali botmagan!
Bu bizning jangovar shiorimiz edi. Bu bizning kuchimizdan, jipsligimizdan, ishonchimizdan darak berardi. Biz hayqira turib o‘zimizni tog‘dek mahobatli, osmondek yuksak his etardik. Bu shiorni kim, qachon, qayerdan topgan, hech bila olmadim. O‘sha paytlar bir-ikki so‘raganimda Davron sirli iljayib, sirli ko‘z qisib qo‘ya qolgan edi.
Bir gal g‘alati voqea ro‘y berdi. Maktab hovlisida qandaydir siyosiy tadbir bo‘layotgan edi. O‘qituvchilar yonida bir necha a’lochi va faol o‘quvchilar qatorida Davron ham turardi. Siyosiy taomilga ko‘ra faol o‘quvchilardan biri “Pioner, kommunizm ishiga bo‘l tayyor!” deb chinqirishi, yig‘inda jamuljam bolalar esa “Doim tayyor!” deya tantanavor javob berishi lozim edi. Bir payt maktab direktori Davronga im qoqdi. Do‘stim bir-ikki qadam oldga chiqdi-da, bilibmi-bilmaymi, tuyqus qo‘lini boshi uzra baland ko‘tardi.
– Quyosh hali botmagan!
Nogoh jaranglagan bu hayqiriqdan yeru ko‘k larzaga kelganday bo‘ldi. Eng qizig‘i, nafaqat “Kengsoy burgutlari”, balki butun maktab o‘quvchilari babbaravar shiorni tilga olgan edi! Hayqiriqdan qizil mato yopilgan stol tegrasida o‘tirganlar sapchib o‘rnilaridan turib ketishdi. Ular orasidagi tuman rahbariyati vakili maktab direktoriga tahdid bilan chaqchaydi.
– Bu qanday maynavozchilik?
Davron sarosima ichida bir iljayib, bir bosh qashlab turardi. Direktor ildam intilib vakilning qulog‘iga allanimalarni shivirladi. Aftidan, u maynavozchilik qilgan bola raisning o‘g‘li ekanligini uqtirdi, shekilli, vakil vajohatidan tushib, sovuq tirjaygan ko‘yi joyiga qaytib o‘tirdi. Davronning o‘rniga otilib chiqqan faol qiz mash’um xatoni to‘g‘irlagan bo‘ldi.
Biz hali Absal polvonni tanimas edik.
Oltinchi-ettinchi sinflarda o‘qiyotgan yillarimiz Davron ikkimiz kurash bilan jiddiy shug‘ullana boshladik. Har kuni ertalab yuguramiz, maktabning sport maydonchasida har xil mashqlar bajaramiz. Bo‘sh vaqt topdik deguncha ikkimiz kurash usullarini mashq qilamiz. Jismoniy tarbiya bo‘yicha saboq beruvchi muallim goho bizni o‘zining “Moskvich” mashinasiga o‘tirg‘izib qishloq to‘ylariga olib borar, u yerdagi kurash tomoshalarida ikkimiz teng-to‘shlarimiz bilan bellashib goh mag‘lub, goh g‘olib bo‘lib, zavq-shavq bilan uyga qaytar edik. Bir kuni galdagi mashg‘ulotga chog‘lanib turgan paytimiz Quvondiq aka daladan kelib qoldi. Oyog‘ida qo‘nji qayrilgan etik, egnida oftobdan sarg‘aygan ko‘ylak, boshida ayvoni keng shlyapa.
– Ey, nonxo‘rlar, – deb bizni to‘xtatdi u, – chini bilan polvon bo‘lishni xohlasalaring buytib saltang-saltang yurmanglar. Men yozgi ta’til payti senlarni zo‘r ustozga obborib topshiraman. Bir oy shug‘ullanib kelasizlar.
U kishi qandaydir tanbeh ohangida gapirgan bo‘lsa-da, lekin intilishlarimizdan mamnun ekanligi yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Rais rostdanam o‘sha mavsum yozgi ta’til boshlangan kunlar ikkimizni “Niva” rusumli xizmat mashinasiga o‘tqazib bepoyon qo‘riq xo‘jaliklariga qon tomirlaridek taralib ketgan, shag‘al qoplamali yo‘llarning biri bo‘ylab allaqayoqqadir olib ketdi. Chor-atrof dala-dasht. Behudud ekin paykallari yam-yashil dengizdek mavjlanadi. Mashina ortidan qo‘zg‘algan chang-to‘zon xiyla payt havoda muallaq turib, yo‘l yoqasidagi tikanzorlar ustiga ohista yog‘iladi. Mashina o‘rindiqlari ortidagi bo‘lajak ustozimizga atalgan qo‘zi tumshug‘ini biz tomonga cho‘zib iskalanadi.
– Biz hozir Absal polvonning oldiga ketyapmiz, – dedi ulovni nopisand boshqarib borayotgan ota. – Eshitgansilarmi shunday odamni?
– Yo‘-o‘q, – dedik baravar bosh chayqab.
– Hozir ko‘rasilar.
Biz bir yarim soatdan mo‘lroq yo‘l bosdik. Aftidan, boshqa tuman chegarasida ketib borardik. Qo‘riq hududlar bir-biriga juda o‘xshash bo‘lganligi bois buni dabdurustdan payqash qiyin edi.
– Ana, keldik, – dedi Quvondiq aka “Niva”ni quyuq tollar panasidagi shiyponnusxa uy yonida to‘xtatar ekan.
Avval bahaybat bir ko‘ppak biz tomonga vovullaganicha yugurib keldi, ortidan uch-to‘rt bola-baqra chopib chiqdi.
– Ey, polvon qayerda, uydami-a? – deya gumburlagan ovozda so‘radi rais.
Bolalar javob bermay, yana uy tomon chopib ketishdi. Biz mashina ortidan xiyla semizgina shirbozni tushirdik. Quvondiq aka ust-boshining chang-chungini qoqib, tomoq qirib tupirindi. Shu payt tollar ortidan bo‘yi ikki qulochdan ham baland, sochini tap-taqir qirdirgan, yag‘rindor bir odam chiqib keldi.
– E-e, rais bova, xush kepsiz! – dedi u yo‘g‘on, do‘rillagan ovozda.
Quvondiq aka unga xush-xandon peshvoz yurdi.
– Chaqirmasangiz ham shuytib kelaberamiz-da!
Quvondiq aka sizlarni ustozga topshiraman deganida biz ikkovlon o‘zimizcha gavjum, sershovqin shaharni, keng-mo‘l, yorug‘ sport majmuasini, chekkalari qizil hoshiyali maxsus kiyimdagi murabbiyni tasavvur qilib, terimizga sig‘may sevinib, hayajonlanib yurgan edik. “Niva” qishloqdan chiqar-chiqmas ovloq dala-dasht yo‘lga burildiyu, bizlar bir-birimizga taajjublanib tikildik. Qayoqqa ketyapmiz, degan xayolda ko‘nglimizga xavotir oralagan edi. Tollar ortidagi shiyponni, undan chiqib kelgan devqomat, biroz dehqon, biroz cho‘pon sifat kimsani ko‘rib esa butkul hafsalamiz pir bo‘ldi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisining tinimsiz tashviqotlaridan bo‘lsa kerak, biz kurash bo‘yicha saboq beradigan ustoz oliy ma’lumotli, ba’zi bir rasmiy musobaqalar sovrindori, sport ustasi degan unvonlar sohibi bo‘lishi shart deb hisoblardik. Ammo Quvondiq aka bilan quchoqlashib ko‘rishgan, o‘sha kech mehmonlar sharafiga tuzukkina dasturxon tuzagan mezbon, aftidan, biror institut nari tursin, o‘rta maktabni ham to‘la-to‘kis bitirgani, kurash ilmidan xabardorligi gumon edi.
– Shuytib, inim, sizga ikki shogird opkeldim, – dedi ziyofat chog‘i Quvondiq aka yana maqsadga ko‘chib, – bularni tarbiyalab, Kengsoyning orini ko‘taradigan polvonlar qilib berasiz.
Mezbon kulimsirab bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Bularning xiyla suyagi qotgan ko‘rinadi-ku, sal ertaroq opkemabsiz-da, rais bova.
– E, polvonjon, ana, bugun, ana, ertan deb vaqtni boy berib qo‘ydik. Savil, hech qo‘l tegmaydi, deng, bilasiz, xo‘jaligimizning tashvishi ko‘p.
– To‘g‘ri, sizga qiyin. Bizga o‘xshaganlar bitta ro‘zg‘orni eplayolmaydi-yu…
Aft-angorimizdagi norizolik alomatlarini payqadi shekilli, mezbon goh choy, goh ovqat tashvishida biz o‘tirgan chorpoyadan uzoqlashgan payt Quvondiq aka pichirlab u kishini ta’riflashga tushib ketardi.
Asli ismi Abdusalom bo‘lgan bu kishi el-ulus orasida Absal, Absal polvon nomi bilan mashhur ekan. Xuddi Quvondiq aka va qo‘riq tumanlariga ko‘chib kelgan aksariyat cho‘lquvarlar kabi kunchiqar tarafdagi tog‘u toshlarda tug‘ilib o‘sgan ekan.
Abdusalom hech bir ustoz ko‘rmagan, hech bir mashq-mashg‘ulotda qatnashmagan, xuddi o‘rislarning Ivani kabi atoyi polvon emish. U bo‘z bolalik payti tog‘dan o‘tin kesib, eshagiga yuklab kelayotgan mahal, jonivor noboproq yerdan yiqilib, oyog‘i sinib, o‘rnidan turolmay qolibdi. Shunda u eshagini yuk-muki bilan yelkasiga olib, qishloqqacha ko‘tarib borgan ekan. Abdusalomning bu mo‘jizasini ko‘rganlar hangu mang qotib qolgan emish. Nega menga angrayib qoldinglar, nima, sizlar eshak ko‘tarib ko‘rmagansizlarmi deb hayron so‘ragan ekan o‘shanda. Chunki bunday ko‘tarishlar oddiy, kundalik ish, har kimning ham qo‘lidan keladi, degan xayolda ekan bu sodda va to‘pori yosh polvon.
Qishloqdoshlari qiziqsinib bir-ikki davralarda kurash tushirib ko‘rishibdi. Abdusalom nomdor raqiblarini birinchi qafasdayoq chalpak qilib yerga uribdi. Bu jigit bilan hazillashmang, hamisha izzatini joyiga qo‘ying, unga chilton pirlar polvonlikni g‘oyibdan yuqtirgan, deyishibdi kitob ko‘rgan, ne bir madrasa tuprog‘ini yalagan mullalar. Shu-shu, u Absal polvon sifatida el og‘ziga tushibdi.
Qancha-qancha to‘yu hashamlarda o‘z elining orini olib, dimog‘dor, nomdor kurashchilarning kuragini yerga bosibdi. Cho‘lga ko‘chib kelgan kezlari uning dovrug‘ini eshitgan tuman, viloyat rahbarlari polvon bilan bir ko‘rishib qo‘yish uchun atay uni izlab kelishgan ekan. Absal polvon besh-olti yil avval, yoshim qirqdan qiyib o‘tdi, endi davralarni yoshlarga bo‘shatay, deb el oqsoqollaridan fotiha olib, kurash bilan xayrlashibdi. O‘shandan beri bahor chog‘i shu shiyponga ko‘chib chiqib, kech kuzgacha dehqonchilik, chorvachilik bilan mashg‘ul bo‘lar, hosilni yig‘ib-terib olgach yana qishlog‘iga ko‘chib borar ekan. Ustoz deb ixlos qilib kelgan yosh-yalanglarga kurash sirlaridan saboq ham berar emish.
Biz Absal polvonni ko‘rdik, bildik.
Ammo o‘sha kech Quvondiq akaning sirli shivir-shivirlari ham baribir bizni hayratlantira olmadi. Raisning qahru g‘azabidan qo‘rqib, andak-andak qovog‘imizni ochib o‘tirardik, xolos. Ko‘z o‘ngimizda hali-hanuz charog‘on shahar, po‘rim ust-boshli murabbiy tumanday kezib yurardi.
Shiypon peshtoqidagi, tevaragida hashoratlar g‘ujg‘on o‘ynayotgan lampa yog‘dusida xira yorishib turgan chorpoyada biz qo‘noq bo‘lgan o‘sha kech bir holni o‘zimcha kashf etdim. Quvondiq aka va Absal polvon xuddi qo‘riq tumanlari kabi bir-biriga juda o‘xshardi. Bilmadim, bu balki, mulla Mirza bot-bot tilga olib yuradigan ibora bilan aytganda, barchalari Katta O‘raning bolalari bo‘lgani boismi, harnechuk, kelbat-savlat, rapidadek qo‘llar, guldiragan ovoz, imo-ishoralar, dag‘al gap-so‘zlar, hamma-hammasi bir-biriga monand edi.
Dasturxonlar yig‘ishtirilib, choynakdagi choy sob bo‘layotgan bir paytda Quvondiq aka yonidagi yostiqqa bag‘ir berib oyoqlarini uzatib yubordi.
– Qani, polvon, – dedi sirli bir ohangda, – endi-i… chaling, bir miriqaylik.
Mezbon avval biroz tixirlik qilib turdi, so‘ng intilib, chorpoya suyanchig‘iga tashlab qo‘ygan kamzulining cho‘ntagidan charm g‘ilofli allanenidir avaylabgina chiqarib oldi.
– Rais bova, mehmonning amri vojib, chalsak-chalamiz-da, – dedi u.
Absal polvon charm g‘ilof ichidan sug‘irib qo‘liga olgan narsaning neligini bilmay angrayib turganimizni payqagan rais:
– Bu sibizg‘a, – deb qo‘ydi kulimsirab.
Sibizg‘a deganlari bir enlik qamishdan yasalgan, puflab chalinadigan oddiy va jo‘n musiqa asbobi ekan. Absal polvonning uni ixlosu e’tibor bilan qo‘lga olishini ko‘rib, g‘oyat noyob narsa bo‘lsa kerak deb o‘ylabmiz.
– Qani, inim, boshlang, – dedi rais betoqatlanib.
Absal polvon sibizg‘ani bahaybat kaftlari orasiga olib qalin lablariga tegizdi. Tegizdiyu sibizg‘adanmi yo mehmonning ichidanmi bir nola otilib chiqdi. U bir zum havoda muallaq turib qolgach, mayin, hazin mavjlar bilan tun bag‘rini tilkalab chor atrofga tarala boshladi. Sibizg‘adanmi yo cholg‘uchi bo‘g‘zidanmi o‘rtanib chiqayotgan bu ohanglar kuy emas, faryod edi! Faryod emas, achchiq-achchiq bo‘zlov edi!
Absal polvon taralayotgan musiqaga mos tarzda tog‘dek tebranar ekan, nazarimda, hoziroq u qulab tushadigandek tuyulardi. Quvondiq aka ham uzalgan ko‘yi ko‘zlarini yarim yumib mastona chayqalar, ahyon-ahyon qaboqlarini kerganida yoshlangan qaroqlari chiroq yog‘dusida sarg‘ish shisha parchalaridek yaltirab ko‘rinar, Davron esa chorpoya suyanchig‘iga orqa tirab, siqilgan prujinaday g‘ujanak tortib o‘tirar, shu holatida qorong‘ulik qa’riga singib borar edi.
Nolakor kuy tobora avjlanardi!
Negadir xayolim olis tog‘lar etagida qolgan qadrdon qishlog‘im tomon uchdi. Jildirabgina oqib turuvchi sayoz soy, sertuproq yo‘llar va nogoh deraza tagidagi to‘shakda so‘nggi kunlarini o‘tayotgan, vassajuftli uy toqiga armonu iztirob bilan termulgan, sertitroq, ozg‘in qo‘llari bilan boshimni silayotgan otam, otajonim ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. So‘ng, qaroqlarim qarshisida boshim uzra isiriq tutatib, ko‘zlari namlanib, duo pichirlayotgan hamisha jonsarak onam, onajonim, uning ortidan, tutzor bo‘ylab chopib borayotgan, menga umid va ishonch bilan termulib “mazza-ya” deyayotgan Tanzila bir-bir jonlanib, go‘yo sibizg‘a bag‘ridan otilayotgan faryod, iltijo mening bo‘g‘zimga quyilayotganday, tomog‘imga achchiq va qattiq nimadir tiqildi. Beixtiyor yuzimni osmonga qaratdim. Qaratdimu hozirgina jimirlabgina turgan yulduzlar nolakor musiqadan go‘yo eriy-eriy qaroqlarimga tomayotganday, qaroqlarimdan toshib yonoqlarim tomon sizayotganday tuyuldi. Men shosha-pisha ho‘llangan yonoqlarimni artib oldim.
Nihoyat kuy tindi.
– E, yashang! – dedi Quvondiq aka chuqur tin olib, – qaysi kun duxturga klizma qildirganimda ham bunchalik huzurlanmagan edim.
Mezbon siniq jilmayib qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
Quvondiq aka sahar payti bizlarni Absal polvonga, Absal polvonni Xudoga topshirib Kengsoyga qaytdi.
Biz Absal polvonni ko‘rdik, bildik.
Shunday qilib bizning bir oylik shogirdlik faoliyatimiz boshlandi. Yeryong‘oq ekilgan paykal biqinida behafsala qurilgan chayla bor ekan. Ustoz shu yerga ko‘rpa-to‘shak qilib berdi. Kun tartibimiz oddiy: sahar turib besh-olti chaqirimga yuguramiz. Har xil mashqlar bajaramiz. Nonushtadan so‘ng tushlikkacha ustozga qo‘shilib uning mol-hollariga qaraymiz, ekinlarini sug‘oramiz, o‘toq qilamiz. Absal polvon hamisha tund va o‘ychan, onda-sonda po‘ng‘illab qo‘yganini hisoblamaganda biz bilan deyarli gaplashmaydi, egilib-bukilib ishdan bosh ko‘tarmaydi. Peshindan asrgacha orom payti: chaylaga kirib cho‘zilamiz. Ammo uyqu qayoqda, kun shu qadar issiqki, to‘rt tarafingdan hovur purkab turadi. Xuddi tandir ichida yotganday tipirchilab, g‘ingshib chiqamiz. Paxta paykallari boshlangan joyda poxol to‘shalgan maydoncha bor, kun qaytib, andak salqin tushgan payt ana o‘sha yerda kurash ilmiga sho‘ng‘iymiz.
Ustozning bizdan boshqa yana uch-to‘rt shogirdi bor ekan. Ular jazirama chekingan mahal mototsikllarini tarillatib, chang-chungga belanib qishloqdan kelishar, g‘ala-g‘ovur bilan maydonga tushishar edi. Ustoz ham biz qatori kurash libosi kiyib, mashq-mashg‘ulot qilib, har bir xatti-harakatimizni sinchkov kuzatib, ba’zan maqtab, ba’zan tanbeh berib turadi degan xayollarimiz ham chippakka chiqdi. Biz shogirdlar bir-birimiz bilan olishib yotgan payt Absal polvon ahyon-ahyon maydonchaga ko‘z tashlab qo‘yib allaqanday yumushlari bilan andarmon bo‘lib yurardi. Ba’zan o‘sha kuymalanayotgan joyida tovush berib qolardi.
“Ey, Xolboy, chap qo‘lini mahkam tutmay, chilga urinma, o‘zing uchib tushasan”.
“Sunnat-ey, bu qilig‘ing g‘irrom, ikkinchi ko‘rmay”.
“Tuzuk-tuzuk, Muxtorboy, ana shu usulni puxta o‘rgan”.
To‘g‘risi, ustozning ko‘rsatma-uqtirmalaridan ajablanib qolardim: xuddi yonimizda turganday, harakatlarimizni aniq-tiniq baholardi! Yana bir holning guvohi bo‘lganman. Men shogirdlardan biri bilan kurash tushayotgan paytim Absal polvon shundoqqina biqinimizda, og‘ir-og‘ir nafas olib turganini payqadim! Payqadimu yonimga yalt etib o‘girildim. Shu lahzadayoq og‘ildan chiqib kelayotgan ustozning tanbehi jarangladi:
“Ey, kengsoylik, xayolingni bo‘lma!”
O‘shanda Absal polvonda Xudo yuqtirgan qandaydir xislatlar ham borligiga o‘zimcha iqror bo‘ldim.
Qishloqdan kelgan shogirdlar kurash mashg‘ulotlaridan keyin, quyuq tollar tagiga tizilib o‘tirib, sibizg‘a chalish sabog‘ini boshlashar ekan. Ammo bu marosimga Absal polvon qandaydir mamnun qiyofada kelib astoydil bosh-qosh bo‘lardi.
Quvondiq akaning mashinasi shahar qolib, cho‘l qo‘yniga yo‘l olgandan beri chehrasi ochilmay, tajanglashib, g‘ingshib, so‘kinib, bu yerlardan qochib ketishga meni hech ko‘ndirolmay yurgan Davron bu holdan battar tutoqdi.
– Bir-ikki televuzurda ko‘rganman, – dedi u g‘ijinib, – qo‘lidagi xalacho‘pni silkitib-silkitib ko‘p odamga kuy chaldiradigan chollar bo‘lardi, shulardan buning farqi yo‘q ekan.
Men indamay bosh irg‘ab qo‘ya qoldim. Aslida Absal polvonning o‘zi ham, sibizg‘asi ham, fe’l-atvoriyu turmush tarzi ham negadir menga kun sayin yoqib, ustozga ichki bir hurmatim, ehtiromim tobora ortib borardi.
Shogird tushganimizning uchinchi yo to‘rtinchi kuni, kechki mashg‘ulot boshlanishidan andak avval Absal polvon ikkimizni yoniga chaqirdi.
– Sizlar sibizg‘a chalishni o‘rganmaysizlarmi?
– Biz kurash tushishni o‘rganishga kelganmiz, – deb qo‘rs bir ohangda javob berdi Davron.
– Kuy quvvatga quvvat qo‘shadi, – deb so‘z boshladi ustoz, biroq o‘ychan bir qiyofada yana jim qotdi, hoynahoy, bu gaplarni bizga aytish befoyda degan xayolga bordi, birozdan so‘ng ohista qo‘shib qo‘ydi: – Har bir polvonning o‘z sibizg‘asi bo‘lishi kerak, uni yurakning ustidagi kissada asrab-avaylab yurgan ma’qul.
Ochig‘i, men sibizg‘a chalishni juda-juda xohlayotgan edim. Ammo Davronning ko‘ngliga qarab, istagimni aytishga botina olmadim. Bir payt, ustozning yonidan uzoqlashayotgan mahalimiz, u kishi tuyqus meni to‘xtatdi.
– Inim, yuraging buyurgan ishni qilishga o‘rgan. Polvonlikning eng birinchi sharti shu.
– Buning polvonlikka nima aloqasi bor? – deya mahmadonachilik qildi sal narida turgan Davron, – yurak noto‘g‘ri yo‘lga boshlasa-chi.
– Unda yo sening polvonliging, yo yuraging borligi o‘trik.
Davron chimirilgan ko‘yi maydon tomon jo‘nadi. Unga shosha-pisha yetib olganimda odatdagidek g‘ijinib g‘udrandi.
– Nimalar deyapti anovi, o‘lay agar, birorta ham gapiga tushunmadim.
To‘g‘risi, ustozning so‘zlarini men ham to‘la anglab ololmadim. Anglaganim shu ediki, Absal polvon ko‘nglimda sibizg‘a chalishni juda-juda istayotganimni payqab qoldi. Xuddi shu hol meni ajablantirar, xayollarimni alg‘ov-dalg‘ov qilar, ustozda chindan ham ilohiy bir xislat borligiga ich-ichimdan yana bir bor ishonch qabarar edi.
Men o‘zimni g‘aroyib bir olamga tushib qolganday his qilardim.
Biz turgan joydan besh-olti chaqirim narida eni ellik qulochcha keladigan katta bir kanal bor ekan. Har ertalab yugurganimizda uning qirg‘og‘igacha borardik. Tag‘in cho‘mila ko‘rmanglar, sirtdan sokin ko‘rinsa ham, aslida tezoqar, ancha chuqur, deb Absal polvon borganimizning birinchi kuniyoq tayinlagan edi. Ammo Davron, rostdan ham ko‘ngli tusabmi yo ustozga atay terslik qilish niyatidami, cho‘milamiz deb har kuni meni garang qilardi. Men har xil bahonalar bilan taysallab yurardim.
Bir kuni peshin payti, orom istab chaylaga kirgan chog‘imiz Davron irg‘ib o‘rnidan turdi-da, he yo‘q, be yo‘q, qaynoq tuproq ko‘pchib yotgan yo‘l bo‘ylab chopib ketdi.
Odatda, u birovdan ranjisa, kimningdir gap-so‘zi ko‘ngliga og‘ir botsa shu taxlit jazavaga tushardi. Ammo ayni paytda do‘stginam xafa bo‘lgulik hech ne yuz bergani yo‘q: aftidan, bu uning otasiga, ustozga va jamiki ko‘rguliklariga qarshi isyoni edi.
Ko‘nglim bir noxushlikni sezib, ortidan otlandim. Davron shu yugurishda, yo‘l-yo‘lakay ko‘ylak-ishtonini yechib bir chekkaga uloqtirdi-da, to‘ppa-to‘g‘ri, kanalni ko‘zlab boraverdi.
– Ey tentak, to‘xta, qayoqqa? – deb ikki-uch chaqirdim izidan.
Biroq u qayrilib ham qaramadi. Men yo‘l-yo‘lakay to‘zib yotgan kiyimlarini yig‘ib qo‘ltiqladimu unga yetib olish ilinjida tezroq chopdim. Ammo baribir ulgurmadim. Mendan ancha ilgarilab ketgan Davron kanal qirg‘og‘ida bir zum nafas rostlab turdi-da, o‘zini suvga otdi.
– Ey! Ey! – deya oldim zo‘rg‘a, issiq va charchoqdan hansirab.
Davron qo‘l-oyoqlari bilan tez-tez moltib narigi qirg‘oq tomon suzib ketdi. Uning har bir xatti-harakatini jon hovuchlab kuzatib turardim. Kuzatardimu, do‘stimning bu qadar mohir suzuvchi ekanligini ko‘rib hayronu lol edim. Qishlog‘imiz paxta paykallarini oralab o‘tgan lotok ariqdagi loyqa suvga bir-ikki sho‘ng‘ib olganimizni aytmasa, shu paytgacha Davron bilan tuzuk-quruq cho‘milganimizni hech eslay olmayman. Ajab, do‘stim bunday mohirona suzishni qachon, qayerda o‘rgangan ekan? Aftidan, jazava va junun sharofatidan uning favqulodda yana bir iqtidori ochilib ketdi. Davron goh tez-tez moltib, goh suv sathi bo‘ylab yuzib o‘n-o‘n besh daqiqa ichida narigi qirg‘oqqa chiqib oldi. Chiqdiyu o‘ng qo‘lini boshi uzra baland ko‘tardi. Men ham quvonch va mamnuniyat bilan havoga musht sermadim.
– Quyosh hali botmagan!
Ikkimizning bo‘g‘zimizdan bab-baravar otilgan hayqiriqdan suv sathi bir mavjlanib olganday bo‘ldi.
Bir payt shundoqqina biqinimda Absal polvonning og‘ir-og‘ir nafas olib turganini payqadimu yalt etib o‘girilib qaradim. Chindan ham ustoz narigi qirg‘oqdagi Davron tomon tund va o‘ychan nazar tashlab turgan ekan.
Men xijolatdan bir zum kalovlanib qoldim.
– Chaqir uni, – dedi ustoz ko‘z qiri bilan narigi qirg‘oqqa ishora qilib.
Davron qo‘llarini beliga tirab mag‘rur va masrur qiyofada suv oqimini kuzatib turardi. Men bir chaqirimcha naridagi beton ko‘prik yoqqa ishora qilib qichqirdim.
– Ko‘prikdan o‘tib kel!
Davron bosh irg‘ab o‘sha tomon jo‘nadi.
– Yo‘q, – deb qoldi Absal polvon, – yana suzib o‘tsin! Xato qilib, xatosini tuzata bilish, qaltis qadam qo‘yib, qaltis yo‘lidan yana ortga qayta olish mardning ishi. Ana shunday odam polvon sanaladi.
To‘g‘risi, semiz-semiz kitoblarning isi keladigan bu gaplarning mag‘zini to‘la-to‘kis chaqa olmadim. Anglaganim shu bo‘ldiki, do‘sting mard bo‘lsa, yana suzib o‘tsin, deyapti u kishi.
– Ey! – qo‘limni karnay qilib qichqirdim, – qaytib suzib o‘t!
Davron hindu sardorlariga taqlidan o‘ng qo‘lini ko‘ksiga, labiga, manglayiga tegizdi-da o‘zini suvga otdi. Avvalgidan ham mohirona, chaqqon va yengil moltib biz tomon suza boshladi. Absal polvon o‘zini tund va beparvo tutsa-da, ko‘z qiri bilan qarashlarida, betoqat iyaklarini silab qo‘yishlarida xavotir alomatlari sezilar, oftobdan uniqqan ko‘ylagining tugmalarini chiqarib, beixtiyor ko‘makka shaylanar edi. Men do‘stimning mahoratidan, favqulodda dovyurakligidan g‘ururlanib, quvonib turardim. Davron moltib, havoga suv sachratib yaqin kelib qoldi. Ustoz uning eson-omon qirg‘oqqa chiqib olishiga ko‘ngli to‘ldi, shekilli, chuqur bir tin olib uy tomon qaytib ketdi. U xuddi yelkasiga og‘ir yuk ortilganday, qandaydir bukchayib, og‘ir-og‘ir odimlar edi.
Davron pishqirib, entikib qirg‘oqqa chiqib keldi. Men uning kiyimlarini uzatdim. Davron ustoz tomon bosh silkib ishora qildi.
– Anavi nima dedi?
Men Absal polvon aytgan gaplarni hijjalab takrorladim.
– Bu meni maqtagani bo‘lsa kerak-da, a? – dedi Davron qiziqsinib.
– Bilmadim. Xuddi kitobdan o‘qib berayotganga o‘xshadi.
– Topishmoq gaplarni ko‘p gapirarkan bu, lekin qiziq. Ma’nosini tushunib olay deb kechasi bilan o‘ylab chiqaman.
– Ey, – dedim Davronning yelkasiga turtib, – suzishni qachon o‘rganganding, pismiq?
Davron ko‘zlarini pirpiratib, yelka qisdi.
– O‘lay agar, o‘zim ham bilmayman. Suvga sakrab bunday qarasam, suzib ketyapman.
– To‘g‘risi, senga qoyil qoldim.
– Ey, – deb iljaydi do‘stim, – yo shaharga borib suzuvchi bo‘p ketsammikin-a, ko‘rding-u, suvga bir tushishda seni shuncha qoyil qoldirdim.
– Shaharda qizlar ham yalang‘och bo‘p cho‘milishadi.
– Maza-da, – deb orzumand tirjaydi Davron. – quyrug‘idan ushlab-ushlab olaman.
Men uyalib ketdim. Negadir ko‘z oldimda Tanzila jonlandi. Shunday paytda uni o‘ylaganimdan battar xijolat bo‘ldim.
Biz Absal polvonni tanidik, bildik.
Bir kuni kechki payt mashg‘ulotga qishloqdan odatdagi shogirdlarga qo‘shilib yana bir to‘p yosh-yalang keldi. Kelishdiyu hammalari uzuk-yuluq shivirlashib kurash maydonchasi tegrasiga davra qurib o‘tirib olishdi. Biz ularni ajablanib kuzatib turardik. Ko‘p o‘tmay, eski bir “Jiguli” shiypon yoniga kelib to‘xtadi va undan kurashchilar libosidagi alp qomat, sochini tap-taqir qirdirgan, qop-qora, qo‘rs qiyofali, qirq yoshlar chamasidagi kishi tushdi. U hech kimga lom-mim demay ayiqdek lapanglab maydonga kirdi-da, xuddi bellashuvga shaylangandek u yon-bu yon yurina boshladi. Shu payt ichkaridan bo‘zrang yaktak kiyib, beliga belbog‘ bog‘lagan Absal polvon chiqib keldi! Biz ustozni shu paytgacha chinakam polvonlik kiyimida ko‘rmagan edik. U ham hech gap-so‘zsiz, og‘ir-vazmin qadamlar bilan maydonga kirib bordi-da, boyagi barzangi bilan qo‘l uchida ko‘rishdi. So‘ng ikkisi kurash tusha ketdi! Ular bir-birlarini xuddi boqilgan buqalardek nari-beri surar, ixrab-uxrab usullar qo‘llashar, oyoqlari ostidagi poxol to‘shama to‘zib, quyuq chang-gard havoga ko‘tarilar edi. Biz, qishloqdan kelgan yosh-yalang, hammamiz ularning bellashuvini diqqat va qiziqish bilan kuzatar edik. Polvonlar qariyb bir soatcha vaqt davomida kurashdilar. Goh unisi, goh bunisi zo‘r kelar, so‘ng yana qayta bellashar, bet-bo‘yinlaridan qop-qora ter quyilar edi. Biri-birining kuragini yerga bosganda biz ham tomoshabin, ham hakam sifatida qiyqirishib, g‘olibni olqishlab qo‘yardik. Nihoyat, kurash poyoniga yetdi. Polvonlar yana bir og‘iz ham so‘z aytmay birgalikda kanal tomonga ketishdi. Keyinchalik bildikki, ustozimiz bilan bellashgan kishi mashhur Ahmad polvon bo‘lib, davradagi tomoshabinlarning yarmisi uning shogirdlari ekan. Har ikki ustoz hafta-o‘n kunda shu taxlit bellashib, o‘z shogirdlariga amaliy-namunaviy saboq berishar ekan. Bir oylik shogirdchiligimiz davrida bunday tomoshaga uch marta guvoh bo‘ldik.
– Qoyil, – derdi Davron ko‘zlari chaqnab, – haqiqiy polvonlar ekan.
Ammo men g‘alati bir hislar og‘ushida edim. Nazarimda ustozlar bir-biri bilan emas, ikkovlashib qandaydir ko‘zga ko‘rinmas, kuch-qudratli raqib bilan olishgandek tuyuldi. Bu haqda ancha paytgacha o‘ylab yurdim. Keyinchalik Ahmad polvon ham xuddi ustozimiz kabi odamovi, xilvatnishin, mohir do‘mbirachi ekanligini bildimu, taassurotlarim to‘g‘riligiga yana bir karra ishondim.
Ustozlar ikkinchi bor amaliy-namunaviy mashg‘ulot o‘tkazgan kunning ertasiga, tushlik payti, Absal polvon hech kutilmaganda yonimizga keldi.
– Qanday bo‘lyapti o‘zi, ukalar, – dedi u andak kulimsirab, – biror nima o‘rgana olayapsizlarmi?
– Ha, – dedi Davron shosha-pisha bosh irg‘ab.
Ammo ustoz negadir menga qarab gapirardi.
– O‘ylab o‘yingga yetdingmi?
Men dovdirab qoldim. Ustozning pinhona kechinmalarimni sezib qolayotganidan hayronu lol edim.
– Yo‘q, – dedim zo‘rg‘a pichirlab.
– Rais bova sizlarni menga ishonib topshirib ketgan, shuning uchun bir-ikki og‘iz nasihat qilib qo‘yishim kerak bo‘ladi. Bu ham mashq-mashg‘ulotimizga kiradi. Eshitayapsizlarmi?
– Xo‘p, ustoz, eshitamiz, – dedim bosh irg‘ab.
– Polvon odam uch narsaga hokim, uch narsaga qul bo‘lishi kerak.
– Men bilaman, – deb dabdurustdan gapga aralashdi Davron, – polvon nafsiga, shuhratparastlikka, manmanlikka hokim bo‘lishi kerak… bir kitobda o‘qiganman. Kallamga quyilib qolgan.
Do‘stginamning mahmadonaligidan karaxt bo‘lib qoldim. Maktabda hatto bilganlarini ham aytmay o‘qituvchilarni xo‘p kuydirardi, ammo hozir… aftidan, ustoz meni o‘ziga yaqin olib, yonimizda boshqa hech kim yo‘qday, yuz-ko‘zimga qarab gapirishiga qarshi isyon qilgan bo‘ldi. Bu beodoblikdan Absal polvonning jahli chiqib hoziroq uni jerkib tashlaydi, hatto quloq-chakkasiga shapaloq tushirib qoladi, degan xayolda qo‘rqib turardim. Biroq ustoz Davronga shunchaki xayolchan ko‘z tashladi. Nigohlarida andak malol, andak taajjub, qiziqish qorishib ketgan edi.
– Balli, inim, balli! Xo‘sh, keyin-chi, qolganini ham ayt-da.
– Polvon uch narsaga qul bo‘lishi kerak, – dedi Davron hech bir tap tortmay, – haqiqatning, or-nomusning…
Ammo uchinchi narsaning nomini topolmay bashara burishtirib, chaynalib qoldi.
– Ha, yaxshi, – deb bosh irg‘adi Absal polvon, – shu ikkovi ham hozircha sizlarga yetadi. Uchinchisi…
– Sibizg‘aning… – beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi mening.
Ustoz yalt etib o‘girildi. Uning yuz-ko‘zlari qandaydir yorishib ketganday bo‘ldi.
– Topding! Sibizg‘aning quli bo‘lishi kerak!
Absal polvon shunday dediyu, ko‘krak cho‘ntagidan charm g‘ilofli sibizg‘asini avaylabgina qo‘liga oldi.
– Yo‘q, sibizg‘a emas, kitobda unday deyilmagan. Usto-o-oz, o‘zingiz ayting, iltimos, uchinchisi nima edi, – dedi Davron astoydil qiziqib.
– Uchinchisini, ukalar, hali bilib olasizlar. Uning o‘zi o‘zini bildirib qo‘yadi. Qo‘rqmanglar, ko‘p kutib qolmaysizlar. O‘sha narsa hayot yo‘llaringizda ilhaq-intizor. Erta bir kun nasib etsa, unga duch bo‘lasizlar. U sizlarni kuldiradi, kuydiradi, u sizlarni bor qiladi, yo‘q qiladi. Ana shunda juda-juda sibizg‘a chalgilaring kep qoladi. Boya Norsoat to‘g‘ri topdi desak ham bo‘laveradi. Polvon quli bo‘lishi kerak bo‘lgan uchinchi narsa, bu sibizg‘a! Kelinglar, hozircha uni shunday deb atab turaylik. Hayotda o‘ziga yo‘liqqanlaringizda, nima deb nom qo‘ysalaring qo‘yaverasizlar.
Davron ikkimiz bir-birimizga angraygan ko‘yi bir zum qotib qoldik. Axir shu paytgacha Absal polvonning bu qadar uzun gapirganini eshitmagan edik. Ustiga-ustak, uning aytganlari bizni battar qiziqtirib, aqlimizni shoshirib qo‘ydi.
– Yana topishmoq, – deb ming‘irladi Davron nadomat bilan bosh irg‘ab.
Ustoz bizga e’tibor bermay sibizg‘asini g‘ilofidan chiqardi-yu, chuqur tin olib, chalishga tutindi.
Nazarimda, butun borliq sukutga tolib, nafas olmay, sibizg‘aning nolakor sadolariga quloq osganday tuyuldi. Go‘yo musiqaga oshufta oftob ham ko‘k toqida to‘xtab qolganday, otash-olov barkashi boshimizga ag‘darilib ketganday, uning kasridan toshu tuproq, dov-daraxt, o‘t-o‘lan kuyib, tutab yotganday edi.
Sibizg‘aning avjli-mavjli ohu fig‘oni yeru ko‘kni tutdi. Xayollaru tuyg‘ularni ortidan mastona ergashtirib, bir najot, bir taskin, bir panoh izlab giryona charx urar, go‘yo izlaganini topolmay, sahro saroblariga qorishib, sarg‘aygan dala-dashtni battar sarg‘aytirib, olis ufqlarga singib ketar edi. Uzoq-yaqindagi ekin paykallari suvsirab emas, sibizg‘a bo‘g‘zidan otilayotgan bo‘zlov, dardu hasrat hovuridan qop-qorayib ketganday, kunbotardagi tap-taqir qir-tepaliklar bag‘ridan ko‘tarilgan quyun sibizg‘aning achchiq-achchiq nolalaridan mastu mustag‘riq bo‘lib, jazava bilan ko‘kka o‘rlab borayotganday tuyulardi.
Nihoyat, sibizg‘a sadolari tindi. Absal polvon lom-mim demay manglay terlarini kaftiga arta-arta chayladan chiqib ketdi. Adashmasam, ana shu bizning ustoz bilan so‘nggi suhbatimiz, sibizg‘a tilida so‘nggi sirlashuvimiz bo‘ldi.
Biz Absal polvonni tanidik, bildik.
Oradan bir haftacha o‘tib Quvondiq qaysar bizni olib ketish uchun yuborgan mashina o‘sha quyuq tolzor oldida qantarildi. Bir oylik shogirdlik davomida cho‘l qo‘ynidagi bu ovloq go‘shaga, Absal polvonga, uning tinch-totuv oilasiga xiyla ko‘nikib qolgan ekanman. Mashina yetib kelgan payt Davronga qo‘shilib bir-ikki shodon irg‘ishlab qo‘yganimdan hatto xijolatga tushdim. O‘zimni go‘yo ustozga xiyonat qilgandek, shu paytgacha yaxshi shogird sifatida uni aldab yurgandek his qildim.
Absal polvon mashina kelishidan ancha avval meni yoniga chaqirib oldi. Indamay qo‘limga yap-yangi sibizg‘a tutqazdi.
– Yaqinda sen uchun yasadim. Ol, mendan esdalik.
– Rahmat, ustoz, – dedim allanechuk to‘lqinlanib, – ko‘z qorachig‘iday asrayman buni.
– Asrama, tez-tez chalib tur. Sizlarga qo‘shni qishloqda Safarmurod degan oti yo‘g‘u nomi bor chavandoz yashaydi, taniysanmi?
– Taniyman, ko‘p ko‘rganman u kishini. Shunqor Hobil degan shoir u haqida “Jazirama” nomli asar yozgan ekan, adabiyot muallimi aytgan edi.
– Ana, ko‘p narsani bilarkansan, shu odam sibizg‘a chalishga usta. Ikki-uch kun qatnasang, bip-binoyi o‘rganib olasan.
– Siz aytganday bo‘ladi, ustoz. Biznikiga mehmon bo‘lib boring.
– Xo‘p, inim, xo‘p. Ha, aytgancha…
Endigina qayrilib ketayotgan joyimda ustozim yana to‘xtatdi.
– Avval ham aytgandim-ov… mayli, yana takrorlayman. Kurash payti atrofingga ko‘p alanglama, davraning salobati bosadi, sust tortib qolasan, kuching qochadi. Ikki ko‘zing faqat raqibda bo‘lsin, tushunding-a.
– Tushundim.
Men Absal polvon bergan sibizg‘ani xuddi ustozga taqlidan ko‘krak cho‘ntagimga avaylabgina solib qo‘ydim.
Ochig‘i, qishlog‘imizni ko‘p sog‘inib ketgandik. O‘n besh kuncha avval Quvondiq qaysarning yugurdaklaridan biri go‘sht-yog‘, qovun-tarvuz, asalu yong‘oqdan iborat bir dunyo osh-ovqat keltirib bergandan beri u yoqdan hech xatu xabar olmadik. Tezroq mashinaga o‘tirib jo‘nab ketishni sabrsizlik bilan kutardik.
Mana, nihoyat biz o‘tirgan mashina ohista qo‘zg‘aldi. Bizni Absal polvon bola-chaqalari bilan tolzor biqinida kuzatib qoldi. Men ahyon-ahyon mashinaning orqa oynasidan izimizga qarab qo‘yardim. Qo‘llarini beliga tirab, hali-hanuz biz tomon tikilib, baland chinorday qad kerib turgan ustoz tobora kichrayib borar edi. Beixtiyor cho‘l qo‘yniga ko‘chib kelgan kunlarimiz yodimga tushdi. O‘shanda ham qadrdon qishlog‘imdan ko‘ngil uzolmay mashinaning orqa oynasidan bot-bot termulganman. Termulganim sayin ulkan tog‘lar mitti-mitti tepaliklarga aylanib qolganini ko‘rib yig‘lab yuborganman. Mana, bu gal ham ustozning tobora uzoqlashib, tobora kichrayib borayotganini ilg‘ab negadir ko‘nglim buzildi. Davron esa bir gapirib, o‘n kulardi.
– Ey, jo‘ra, – deb qoldi u bir payt, – mening burgutlarim nima qilishyapti ekan-a…
Men indamay yelka qisib qo‘ydim. Oradan roppa-rosa ikki soat o‘tib ma’lum bo‘ldiki, “Kengsoy burgutlari” qishloqqa kiraverishda, tutzor bo‘yida bizni kutib turishgan ekan. Aftidan, ular bizni tantanavor qarshi olishmoqchiga o‘xshardi. Bir payt tanasi yo‘g‘on tut panasida g‘ira-shira ko‘rinib turgan qizga ko‘zim tushib qoldi. U Tanzila edi! Negadir yuragim gurs-gurs urib ketdi.
– Iya, ana, – deb qoldi bir payt Davron, – Tanzila ham meni kutib olgani chiqibdi! Kel, shu yerda tushib qolamiz.
Davronning talabiga binoan mashina to‘xtadi.
– Narsalarimizni uyga berib qo‘ying, biz bir pasdan keyin boramiz, – dedi do‘stim haydovchiga.
Biz xuddi uzoq safardan qaytgan sayyohlardek, yo‘q, yo‘q, qattol yovni tor-mor etib, yurt ostonasidan g‘olibona oyoq oshirgan botirlardek bolalar tomon mag‘rur-masrur yurdik.
– Quyosh hali botmagan!
Bolalarning tuyqus qiyqirig‘i hatto asta-sekin ufqqa og‘ib borayotgan quyoshni ham cho‘chitib yuborganday tuyuldi. Biz ham qo‘l sermab ularga jo‘r bo‘ldik. Bir zumda dalayu dasht quvnoq kulgular, beozor hazil-huzullar bilan to‘lib-toshdi.
Men bolalar bilan ko‘rishib, galma-gal hol-ahvol so‘rashayotgan bo‘lsam-da, ammo fikru zikrim sal narida hali-hanuz chala-yarim yashirinib turgan, boya bolalarning qiyqirig‘iga qo‘l silkitib o‘zicha jo‘r bo‘lgan Tanzilada edi! Ichki bir ishtiyoq meni u tomonga tortqilar, yuragimda ajib bir hislar kezinardi. Ammo Davron meni yana ortda qoldirdi.
– Bolalar, men hozir, – dedi u atrofini g‘ala-g‘ovur bilan o‘rab turgan do‘stlari davrasini yorib qiz tomonga yurarkan, – Tanzila, salom, qalaysan?
Tanzila bir dona tut yaprog‘ini qo‘lida g‘ijimlagan ko‘yi uyalinqirab panadan chiqdi.
– Assalomu alaykum, akajonlar, yaxshi yetib keldilaringizmi?
– E, so‘rama, Tanzila, – dedi Davron oliftalarcha qo‘l siltab, – rosa boplandik, tinkamiz quridi. Essiz, shaharga bormadik-da, senga zo‘r sovg‘a olib kelgan bo‘lardim.
– Menga hech narsa kerakmas, – dedi qiz battar uyalib.
– Kutib olishga chiqqan qizga albatta sovg‘a berish kerak, nima, kinolarda ko‘rmaganmisan?
– Men… men kutib olishga chiqmadim. Sigirlarni haydab kelayotgandim… sizlarni ko‘rib to‘xtadim.
Qizning gaplariga chippa-chin ishongan Davronning hafsalasi pir bo‘ldi.
– Seni qara-yu, – dedi u bolalar tomon yurarkan, – meni kutgani chiqqansan deb quvonib o‘tiribman.
– Davron, – deb qichqirdi bolalardan biri, – biz zo‘r stadion qurdik, yur, senga ko‘rsatamiz.
– Qani, yuringlar!
Bolalar duvva yo‘lning narigi tarafiga o‘tib olishdi.
– Men hozir yetib olaman, boraveringlar, – dedim ular orasidan sekin sirg‘alib chiqarkanman.
– Yaxshi, sen Tanzilani uyiga olib borib qo‘y, – dedi Davron qandaydir buyruq ohangida, – kechqurun qishloq oralaymiz. Bugun uyqu yo‘q. Shu paytgacha chaylada miriqib dam olganimiz yetar.
Men Tanzilaning yoniga keldim.
– Assalomu alaykum, aka, yaxshi keldingizmi? – dedi u qizarib-bo‘zarib.
– O‘zing qalaysan?
– Yaxshi. Hozir kanikul. Uy ishlariga qarashib yuribman, – Tanzila gapirardiyu, sog‘inch, quvonch limmo-lim nigohlarini har yon olib qochardi. – Mana, sigirlarni haydab kelayapman.
– Qani ular?
– Uyga yetib qolgandir.
– Esli sigirlar ekan.
Tanzila qiqirlab kulib yubordi.
Biz gaplashib qishloq tomonga yurdik.
– Chin polvon bo‘p ketibsiz, – dedi Tanzila menga mehr bilan ko‘z tashlab.
Uning so‘zlaridan, qarashlaridan yayrardim.
Biz Absal polvondan uzoqlashgan edik.
Tanzila o‘sha yoz beshinchi sinfni tamomlagan, chiroyiga chiroy, bo‘yiga bo‘y qo‘shilib qolgan edi. Usta Abil uni yeru ko‘kka ishonmay parvarishlar, topgan- tutganini unga atar, har gal shaharga borganida, qizi uchun atay nimadir olib kelar edi. Yengi, etagi kalta, shaharcha fasondagi kiyimlariga, tilla-kumush taqinchoqlariga, shaloladek yoyilgan soch turmaklariga qishloq qizlari havasu hasad bilan qarashardi. Mulla Mirza nevarasining shaharcha yasan-tusanini, o‘z ta’biri bilan aytganda, shaytoniy nag‘malarini ko‘rganda odatdagidek kalimai shahodatni tilga olib, qo‘lini yuziga pardalar qilib panaga qochar, ammo Tanzila bobosini uchratgan joyida mehr bilan bo‘yniga osilib yalab-yulqab tashlar, noqobil, noaql farzandlaridan ro‘shnolik ko‘rmagan qariya mumdek erib ko‘zlariga yosh olar, nevarasini alqab erkalar, goho uni qo‘msab, sog‘inib o‘g‘linikiga izlab borar edi.
Men Absal polvon hadya etgan sibizg‘ani yashirib qo‘yishni qayta-qayta tayinlab onamga topshirdim va uni qaytib hech qachon so‘ramadim.
Biz Absal polvondan uzoqlashgan edik. Holbuki, o‘sha yillar shu ustozning ta’limi sharofatidan teng-to‘shlarimiz orasida polvon bo‘lib tanildik. Kurash davralarida nomlarimiz alohida e’tibor bilan tilga olinadigan bo‘ldi. Ayniqsa Davronning shashti baland edi. Bu orada uning zo‘ravonlik, jangarilik tomiri ham qabardi. Tevarakdagi shaharu qishloqlarda o‘zicha adolat tiklab, o‘zicha kengsoyliklar or-nomusini himoya qilib yurardi. Hatto kimnidir kallasini yorgani uchun, kimnidir kaltaklab qo‘lini sindirgani uchun viloyat markazida ikki-uch marta militsiyaga ham ishi tushdi. Ammo otasining ko‘magida hammasidan op-oson qutilib chiqdi.
O‘z sovug‘idan o‘zi junjikib qish endigina kirib kelayotgan kunlarning birida qishlog‘imizda katta to‘y, katta kurash tomoshasi bo‘ldi. Unga uzog‘u yaqindan nomdor, unvondor polvonlar tashrif buyurishdi. Shahardan mashhur bir sambo bo‘yicha sport ustasi ikki nafar, bizlar tengi shogirdini ergashtirib kelgani haqida eshitdik.
– Bittasiga sen, bittasiga men chiqaman, – deb tantanavor e’lon qildi Davron, to‘yxona tevaragida janjal talab izg‘ib yurgan paytimiz, – enag‘ar shaharliklarga bi-ir ko‘rsatib qo‘yaylik. Ikkinchi bu yoqlarga oyoq bosmaydigan bo‘lishadi.
Biz rizolik, hamfikrlik, hamnafaslik alomati sifatida odatdagidek qo‘llarimizni musht qilib baland ko‘tardik.
– Quyosh hali botmagan!
Ammo o‘sha kech ilk bor quyoshimiz botganday bo‘ldi. Kurash davrasi guvullab turardi. Goh g‘ala-g‘ovur, goh qiyqiriqlar osmonga o‘rlaydi. Qo‘shni qishloqlik, to‘y egasiga qandaydir qarindosh bo‘lgan, o‘zining qattiqqo‘lligi, adolatparvarligi bilan nom qozongan Ergash mirob bosh bakovul edi. U o‘zining jez jarangiday qattiq va tiniq tovushi bilan goh davrani tinchlantirar, goh maydonga chiqqan polvonlarni tanishtirib, sovrinni e’lon qilar, ora-chora hazil-huzul, qochirim gaplar bilan tomoshatalablarni kuldirar edi. Biz qishlog‘imizning atoqli polvonlari to‘pida payt poylab o‘tirardik.
– Davron, chiq! – deb qoldi bir payt bizga bosh-qosh bo‘lib turgan Karimboy muallim, – anovi shaharliklarning biri davra aylanayapti, jussasi ham ko‘p katta emasakan, tezroq chiq.
“Shaharlik Husan polvonga talabgor bormi? – deya uchinchi bor e’lon qilayotgan bakovul Davronga ko‘zi tushib, mamnun bosh irg‘adi.
Shaharlik raqib kurashchidan ko‘ra sartaroshga ko‘proq o‘xshardi: orasta sochlari sip-silliq, rang-ro‘yi oppoq.
Ammo… bakovul polvonlarni el-xalqqa tanishtirib, solimni aytib, raqiblar bir-biriga hamla boshlagandan bu yog‘iga atigi ikki yo uch daqiqa o‘tdi. Chalpak bo‘lib tushgan Davronni raqibi ko‘kragidan bosib turardi! Bu qanday sodir bo‘ldi, hatto ilg‘ayolmay qoldim.
– Halo-o-ol! – hayqirib yubordi davra.
Biroq Ergash mirob martabali mehmonlar qatorida tog‘day tebranib o‘tirgan Quvondiq qaysarga bir qarab qo‘ydi-da, keskin bosh chayqadi.
– Yo‘q, bu g‘irrom! Qayta boshdan kurashinglar, polvonjonlar!
Davra norizo guvillab qo‘ydi. Husan polvon raqibini qo‘yib yuborar ekan, bir bakovulga, bir tarafdorlari yoqqa ajabsinib tikildi.
– Qani, davra sovub qolmasin, polvonjonlar, olishinglar! – deb hech nima ko‘rmaganday u yon-bu yon yurindi Ergash mirob.
– Ey!
Bu o‘rnidan irg‘ib turgan Davronning qichqirig‘i edi.
– Ey! – dedi u bakovulning yelkasiga turtib, – nima deyapsiz o‘zi? Qanday g‘irrom, halol tashladi-ku?!
Davron shunday dediyu shiddat bilan davradan chiqib ketdi. Men uning odatdagidek jazavasi tutganini tushundimu, bolalar ushlab turgan Davronning qalin kamzulini, botinkasini olib orqasidan yugurdim.
Ana u! Ustidagi yaktakni yechib duch kelgan yoqqa uloqtirdiyu qorong‘ulik qa’riga o‘zini urdi.
To‘yxona tarafdan yallachining baland xonishlari jaranglardi.
Otib tosh menga tonding-ku,
Bo‘lar endi, bo‘lar endi.
Og‘ir kunlarga solding-ku,
Bo‘lar endi, bo‘lar endi.
Men Davronni ko‘zdan qochirmaslik uchun yugurgiladim. Havo xiyla sovuq, qor isi kelardi. Yeru ko‘k qop-qora, to‘rt qadam naridagi sharpani ham ilg‘ab olish qiyin. Men do‘stimning shamollab qolishidan qo‘rqardim. Ammo hamishagidek jazava payti unga yaqin borish xavfli ekanligini bilardim.
Davron kimningdir darvozasi yoniga to‘kib qo‘yilgan g‘o‘zapoya uyumiga borib o‘zini tashladi. Tashladiyu g‘ujanak tortib tek qotdi. Men biroz narida ikki-uch daqiqa uni kuzatib turdim. To‘yxona tarafdan yallachining xonishlari, kurash maydoni yoqdan tomoshabinlarning qiyqirig‘u g‘ala-g‘ovuri baralla eshitilib turardi. Hoynahoy, sovqotdi, shekilli, andak vaqtdan so‘ng Davron yotgan joyidan turib, bukchaygancha o‘tirdi.
– Ma, kurtkangni kiyib ol, – dedim yoniga borib.
Do‘stim men uzatgan kiyimlarni ters bir harakat bilan egniga oldi.
– Sharmanda bo‘ldim, – deb g‘o‘ldiradi u botinkaga oyoq suqarkan, – bir qo‘ldan qoldirmadi-ya?!
Men do‘stimni avaylabroq ovutishga urindim.
– Ong ketting-da.
– Haqiqiy sambochi ekan. Qanday usul qo‘llaganini ham bilolmay qoldim… odam nonni katta tishlasayam, katta gapirmasligi kerak ekan. O‘zimizcha maqtanib yuribmiz-a.
– Xafa bo‘lma, Davron, kurashda doim zo‘r kelib bo‘lmaydi, chidash kerak.
– Men otamdan xafaman.
– Nega?
– O‘shanda bizni qandaydir sibizg‘achiga topshirmay, shaharga oborganida, hozir zo‘r sambochilar bo‘p ketardik, har xil musobaqalarda qatnashib mashhur bo‘lardik.
– Noshukurlik qilma, – dedim Davrondan astoydil ranjib, – o‘zing ko‘tarmalik qilib yiqilding, bunga ustozni ayblama, u kishidan ko‘p narsa o‘rgandik-ku.
Shu payt uch-to‘rt sharpaning qadam tovushlari bizga yaqin kelib qoldi. Ular “Kengsoy burgutlari” ekan.
– E, bu yerda o‘tiribsizlarmi, – dedi Shayxali halloslab, – izlamagan joyimiz qolmadi.
– Hamma ustimdan kulib yotgan bo‘lsa kerak u yoqda, – deb po‘ng‘illadi Davron.
– Nega kularkan, – deb entikdi G‘iyos, mard polvon ekan deb maqtab yotishibdi.
Do‘stim bilagi bilan manglayini qashladi. Odatda, mamnun bo‘lsa, nimadandir ko‘ngli to‘lsa shunday qiliq qilardi.
– Yengilganini tan olish mardning ishi, – deb qo‘ydim yana bir karra unga dalda bo‘lib.
Davron irg‘ib o‘rnidan turdi. Biz ham shuni kutib turgandik.
– Quyosh hali botmagan!
Jo‘shqin, tig‘day keskir hayqirig‘imiz tund bulutlar bag‘rini burdalab o‘tib, marjon-marjon yulduzlarga tegib aks-sado berganday bo‘ldi. Ishonchu umidga, orzuyu ishtiyoqqa limmo-lim ana shu hayqiriq mavjlarida sollanib kunlar, oylar, yillar o‘tdi. Zavqli-shavqli kunlarning birida, nihoyat, o‘rta maktabni bitirib, yetuklik attestatini qo‘lga oldik. Beg‘ubor bolalik, uchqur xayolot, sertuproq yo‘llarning chang-to‘zoniga qorishib ortda qolib ketdi. Chang-to‘zonlar buluti aro shijoatga, kurashga, birdamlikka undovchi baland ko‘tarilgan o‘sha qo‘llargina, o‘sha jangovar, jarangdor hayqiriqgina izimizdan qolmay ergashib kelar edi.
– Quyosh hali botmagan!
Maktabimiz direktori mustaqil hayotga qadam qo‘yganligimiz bilan bizlarni qutlagan, quvnoq qiyqiriqlar, beozor hazil-huzullar, sirli suhbatlar avj olgan o‘sha bitiruv kechasi ham shonli-shukuhli shiorimiz shu taxlit yana bir karra jarangladi. Unga o‘g‘ilu qiz, o‘qituvchiyu o‘quvchi, barcha-barcha bab-baravar jo‘r bo‘ldi. Hammasi, odatdagidek, shahzodalardek yasangan, bir gapirib o‘n kulayotgan, har bir xatti-harakati o‘ziga yarashib turgan, hammadan ko‘rkam, hammadan o‘ktam Davronning birgina ishorasi bilan xuddi kelishib qo‘yilgandek bir lahzada sodir bo‘ldiyu, hayqiriq shiddatidan yeru ko‘k larzaga keldi.
Mening esa dilim xufton, ko‘nglim vayron edi. Yetuklik hujjatini emas, shafqatsiz hukm nusxasini qo‘liga olgan mahbusdek karaxt turardim. Axir bugun biz butkul tark etishga chog‘lanayotgan, negadir buni tantanali nishonlayotgan mana shu maktab, uning tosh-beton ichu tashi, sinfxonalari, hovlisi, hamma-hammasi menga g‘oyat aziz va muqaddas edi. Chechak oftob nuriga intilgandek, men ham maktab bag‘ri sari talpinardim, topinardim. Go‘yo bu yerga o‘qish-o‘rganish uchun emas, yashash-yashnash uchun kelardim. Chunki… chunki tomirimda qon o‘rniga ishq-muhabbat olovi oqardi.
Men… men betoqat, beqaror, behalovat oshiq edim. Maktab quchog‘idagina go‘zal va oqila Tanzilani ko‘rib, quvnoq kulgulariyu shirin so‘zlarini eshitib xuddi labiga obihayot tomizilgan og‘ir bemorday jonlanib, qalbim, o‘y-xayollarim, tuyg‘ularim taskin topardi.
Sevgining bunday o‘t-otashiga qachon yo‘liqdim o‘zi?! Axir Tanzilani qishlog‘imizda endigina paydo bo‘lgan damlaridan beri bilaman-ku?! Yo‘llardagi quvlashishlar, tutzordagi uchrashuvlar, goho birga mol haydab, goho birga maktabga kelishlar, beg‘ubor, beozor hazil-huzullar, sodda-jo‘n suhbatlar, hamma-hammasi esimda-ku?! Balki… balki qiya ochiq darvoza yonida hurkib, jovdirab turgan qizchaning ma’yus ko‘zlarini ilk ko‘rganimdayoq yuragimning tub-tubiga sevgi cho‘g‘ tashlagandir? O‘yinqaroq bolalik, polvon bo‘lish orzusi ortidan yugurib-elib balki buni payqamagandirman? Sho‘x-sha’n qiyqiriqlar, kurashdagi ketma-ket yutuqlar zavq-shavqi o‘sha lag‘cha cho‘g‘ni ko‘mib ketgandir? Ulg‘ayib, bo‘ynimiz, bilagimiz yo‘g‘onlashib nozik qad, gulgun yuz qizlar qiziqishlarimizni qitiqlay boshlagan chog‘lar ko‘z qirim bilan o‘sha qo‘shni qizni zimdan izlab qolishlarim nedan darak edi?
Bo‘yiga bo‘y qo‘shilgan sayin o‘zini mendan olib qocha boshlagan, ora-chora duch kelgan payt salom-alikdan nari o‘tmay, qimtinibgina uzoqlashadigan Tanzilaning ortidan entikib, hayajonlanib qarab qolishlarim nedan xabar berardi? Bu yuragimning tub-tubida ko‘milib qolgan, o‘sha lag‘cha cho‘g‘ tobora yashnab, yonishga, kuydirishga shaylanayotganidan mujdalar emasmidi? Nihoyat, u lovullab alanga oldi! Nihoyat, u meni rohatbaxsh ishq gulxaniga tashladi! Bu hol to‘qqizinchi sinfda o‘qiyotgan chog‘larim, borliq bahor bo‘yog‘iga bo‘yanib, o‘z yasan-tusaniga o‘zi mahliyo bo‘lib turgan kunlarning birida sodir bo‘ldi.
Maktab bo‘yicha shanbalik o‘tkazayotgan edik. Qay bir sinf dov-daraxtlarni butoqlashga, qay bir sinf ko‘cha-ko‘yni tozalashga, ba’zilari sinfxonalarni ta’mirlashga safarbar etilgandi. Ustachilikka andak uquvim bo‘lgani uchun meni fizika o‘qituvchimiz chaqirib, direktor xonasidagi bo‘g‘inlari bo‘shashib qolgan stolni tuzatib berishimni iltimos qildi.
Rahbarning kabineti uzun yo‘lakning oxirida, nim qorong‘u burchakda edi. Tayinlangan ishni bir pasda tindirib, direktorning kursisiga o‘tirib xonani tomosha qila boshladim. Orqa devorda, ixchamgina javon tepasida kalta soqol dohiy surati, burchakda eski bir televizor, men tuzatgan stol ustida bir taxlam gazeta-jurnallar. Negadir ichkariga ochiladigan qo‘shtabaqa eshik tepasiga darz ketgan. Xonadan zax va bo‘yoq isi anqiydi.
Bir payt tashqarida tapir-tupir qadam tovushlari, qizlarning sho‘x-sha’n kulgulari eshitildi. Aftidan, ular bir-birini quvlashib kelayotganga o‘xshardi. Sergaklandim. Qadam tovushlari direktor xonasi tomon yaqin kelib qoldi. Hoynahoy, qizlardan biri uzun yo‘lakning nim qorong‘u burchagiga yashirinish ilinjida edi. Sabrim chidamay yo‘lakka qaramoqchi bo‘lib shasht bilan eshikni tortib ochdim. Ochgan zahotimoq eshikka endigina suyangan bir qiz muvozanatini yo‘qotib ichkariga, ochiqrog‘i, to‘ppa-to‘g‘ri mening ko‘ksimga yiqildi.
– Vu-uy!
Quchog‘imdagi jingiltob sochlari to‘zg‘in, qiyiq qoshlari qop-qora, lo‘ppi yuz, aqiq labli bu suluv Tanzila edi! U uzun-uzun kipriklarini pirpiratib, yuz-ko‘zimga bir lahza hayronu lol tikildiyu bir talpinib qad rostladi. Qad rostladiyu shiddat bilan tashqariga otildi. Men karaxt qotib qolgan edim. Butun vujudimga hali menga notanish yoqimli bir titroq indi. Allanechuk iforlardan ko‘zim mastona tinib, boshim yengil aylanar edi. O‘sha kun direktor xonasidan qachon, qanday chiqqanimni, qachon, qay tarzda shanbalik yakunlanganini bilmayman. Bilganim shulki, hurkak nigohlar, qo‘rquv va uyatdan bir oqarib, bir qizargan gulgun chehra ko‘z o‘ngimdan sira ketmay qoldi. Yo‘laklardan, maktab tevaragidan, to‘p-to‘p qizlar orasidan kishi bilmas Tanzilani izlayman. Ammo uni uchrata olmadim.
O‘sha kun, o‘sha lahzadan boshlab Tanzila menga tutqich bermay qo‘ydi. Maktabda, ko‘cha-ko‘yda uni zoru intizor izlardim. Tanzila doimo dugonalari davrasida yurar, meni ko‘rib ko‘rmaslikka olar, nogoh duch kelib qolgan chog‘, yengil bir salomlashib, ortiqcha og‘iz ochishga imkon bermay, oldimdan chaqqongina uzoqlashar edi. Bir kuni singilchamni, akamning qizchasini Tanzila opasini chaqirib chiqishni tayinlab usta Abilnikiga yurak yutib kirgizib yubordim. Shom qorong‘uligi quyilib kelayotgan payt edi. Oradan bir soatcha vaqt o‘tdi. Na qizaloqdan, na Tanziladan darak bo‘ldi. Toqatim tugab, endigina uy tomon burilganimda cho‘ntak to‘la konfet bilan singiljon chiqib kelib, Tanzila opasi chiqolmasligini, ishi juda ko‘pligini tantanavor e’lon qildi. Yeli chiqqan pufakday bo‘shashib qoldim. Dardu dunyom qorong‘u bo‘ldi.
Biz Absal polvondan uzoqlashgan edik.
Ishq-muhabbat meni beomon kuydirardi. Na uyga sig‘ardim, na ko‘chaga! Dardimni Davronga aytishga bir-ikki og‘iz juftlagan paytlarim ham bo‘ldi. Ammo kulguga qolishdan cho‘chib unga ham lom-mim demadim. Shu taxlit beqaror, behalovat kunlar o‘tib borardi. O‘sha o‘quv mavsumi oxirlab qolgan kezlar, tugab borayotgan bahor yana qayta gurkirab, chor-atrofni rang-barang chechaklarga, turfa iforlarga burkab yuborganday bo‘ldi! Tanzila, mening tutqich bermas Tanzilam birozgina shashtidan tushdi! Meni ko‘rgan mahal avvalgidek hurkib qochmas, hol-ahvol so‘rashar, uzuq-yuluq, dovdir-dovdir gaplarimni toqat bilan tinglar, o‘zi ham nelarnidir so‘ragan bo‘lar, goho, dabdurustdan uyimizga kelib, onamning, yangamning u-bu ishlariga qarashar, ko‘nglimni quvonchu hayajonga to‘ldirar edi. Qizdagi bunday kutilmagan o‘zgarishlar sir-asrorini ba’zan o‘zimcha, to‘g‘rirog‘i, xudbinlarcha tushunib badxohlik bilan iljayardim.
O‘sha paytlar qizlar o‘rtasida “Xotira” degan daftar tutish keng an’anaga aylangan bo‘lib, uni o‘zlari istagan sinfdoshiga, tanish-bilishlariga tutqazar, daftar qo‘liga tekkanlar unga o‘z tilaklarini, she’r yo biror matal bitib egasiga qaytarar edi. Ajoyib kunlarning birida Tanzila iymanibgina ana shunday “Xotira” daftarini uzatdi, esdalik yozib bersangiz dedi. Men olam-olam quvonchu hayajonga ko‘milib, qiz qo‘lidan daftar emas, mulla Mirza ta’biri bilan aytganda, farishta ilkidan nomai a’molini olganday bo‘ldim. Dunyo ko‘zimga charog‘on ko‘rinardi.
“Xotira”ga sinfdoshlaridan boshqa “begona”lar hali “mehmon” bo‘lmagan ekan! Demak, Tanzila birinchilardan bo‘lib mening yozib berishimni istabdi! Bunday ashyoviy dalillar men uchun yorug‘ va farahli mujdalar berardi. Yeru ko‘kda beqanot uchib yurardim.
Tanzila tag‘in takalluf etgan o‘sha kuni tun bo‘yi daftarni silab, o‘pib, hidlab chiqdim. Nazarimda, undan sevgi va baxtning xushbo‘ylari anqiyotgandek, kimlardir, qachonlardir sahifalariga yozgan tilaklar, niyatlar aslida allaqachon ikkimizning manglayimizga bitilgandek tuyular edi. Ammo tez orada jiddiy muammoga yo‘liqdim: daftarga nima deb yozishni bilmay boshim qotdi. Bilganlarimning, o‘ylaganlarimning barchasi oddiy va jo‘n tuyulardi.
Ertasi kuni bir bahona bilan maktabga bormay “Xotira”ga hech kimnikiga o‘xshamagan, yuragim harorati, sevgim, muhabbatim sezilib turadigan so‘zlardan terib-terib tilak yozish bilan ovora bo‘ldim.
Ming tirishib urinishimga qaramay, kechgacha menga ajratilgan sahifalarning arang yarmisini to‘lg‘azdim. Adabiyot muallimi qo‘yarda-qo‘ymay yodlatgan darsliklardagidan boshqa birorta ham she’r bilmasligim xo‘p pand berdi. Kechki payt velosipedga o‘tirdimu Davronlarnikiga jo‘nadim. Bilaman, do‘stimning uyida she’rlar, g‘azallar bitilgan semiz-semiz kitoblar juda ko‘p. Davronning o‘zi ham qanchasini yoddan biladi, bayram-tantanalarda aytib yuradi.
Hovliqib kelganimni ko‘rib do‘stim ajablandi.
– Ha, nima qilib yuribsan?
– Zo‘r she’rlar yozilgan kitoblaringdan berib tur, kerak bo‘p qoldi.
– Ha, shundaymi, – dedi Davron hafsalasi pir bo‘lib, aftidan, u biror bir janjalli masalani hal qilishga ishtiyoqmand turardi. – Anovi “Xotira” daftarga yozmoqchimisan?
Negadir uyalib ketdim.
– Ha… Bittasi iltimos qilgandi. Kallaga hech narsa kelmayapti.
– Tanzila bo‘lsa kerak-a, – dedi Davron uzundan-uzoq esnab, – qaysi kuni menga bermoqchi edi, olmadim daftarini, hozircha ishim ko‘p, keyin yozib beraman dedim. Tumtayib ketib qoldi. To‘g‘risi, qizlarning shu “Xotira”si ham rosa jonga tegdi.
Boshimga to‘qmoq tekkanday bo‘ldi: “Demak, Tanzila eng avval Davronga uzatgan ekan-da?! Bu nimadan darak? Yo… yo‘q, yo‘q, bo‘lishi mumkin emas!”
– Ha, nega garangsib qolding, – dedi do‘stim aft-angorimga ajablanib qararkan, – qo‘rqma, qizg‘anmayman, eng mashhur she’riy to‘plamlardan beraman senga.
Birozdan so‘ng to‘rxalta to‘la kitoblarni olib qaytarkanman, boshqa bir o‘ydan ichim ilib qoldi: “Axir… axir Tanzilaning daftarini qanday rad etish mumkin?! Demak… do‘stimdan xavotirlanmasam ham bo‘ladi…”
O‘sha tun kitob titib, she’rlar o‘qib, o‘zimga yoqqanlarini “Xotira”ga ko‘chirib chiqdim. Mening dalli-devonalarcha shug‘ullanib yotganimni ko‘rib onaginam, bolam, darslarga berilib ketdi, ko‘z tegmasin, degan o‘yda bo‘lsa kerak, mamnun bir qiyofada oldimga goh choy, goh qand-qurs keltirib qo‘yadi. Men… men esa uni deyarli ko‘rmayman. Butun xonani, xayolotimni Tanzilaning go‘zal, jozibali surati egallab olgan. Men kichkinagina xontaxtam ustiga muk tushib emas, go‘yoki, Tanzilaning oyoqlari ostida egilib-bukilib ixlosu ikrom bilan daftar qoralayman. Lablarim she’riy satrlarni emas, go‘yo yuragimdan qaynab-toshayotgan sevgi izhorlarini bayon etadi.
Nihoyat, tongga yaqin ish bitdi. Ertasi kuni katta tanaffus payti Tanzilani bir amallab yolg‘iz uchratdim-da, go‘yo yovuz devni o‘ldirib, uning kokilini vasl umidida malikaga keltirgan botirday, qizning omonatini qo‘liga tutqazdim. Tanzila uyalgannamo “rahmat” dediyu, sinfxona tomon chopqillab ketdi. Bir gal tarix fani bo‘yicha tuman olimpiadasiga qatnashib, berilgan savollarga uch soatcha javob yozib topshirgan edim. So‘ng go‘yo hayot-mamotim shunga bog‘liqday hayajon-hadik og‘ushida natijasini roppa-rosa o‘n besh kun kutdim.
O‘sha kuni ham Tanzilaga “Xotira”sini qaytarar ekanman, o‘zimni xuddi o‘sha jiddiy bir imtihon topshirgan, kelajagi, tirikligi hal bo‘layotgan o‘quvchidek his etdim. Nazarimda, Tanzila yozganlarimni o‘qib, ohu nolamni anglab, sevgimga iqror bo‘lib, sochlari to‘zg‘in, ust-boshi yupun, yalang bosh holda, parishon bir tarzda qarshimga chiqishi, ko‘zlaridan achchiq-achchiq yosh oqib, boshini ohista ko‘ksimga qo‘yishi shart edi. Yo‘q, yo‘q, unday emas, nazarimda Tanzila bitiklarimga ko‘z tashlab, qalbimni anglab, maktabdan qaytar chog‘i meni zimdan kutib turishi, tunda qochib ketaman, quvlaysizmi, deya pichirlashi, so‘ng kelishilgandek, oy balqib turgan kechada, u tutzor bo‘ylab laylivash-laylivash yugurib ketishi, meni uni tutib olib dast ko‘targan chog‘, ko‘ksimga ohista bosh qo‘yishi zarur edi. Ammo… ammo o‘ylaganlarim sahro sarobi bo‘lib chiqdi. Tanzilada hech bir o‘zgarish sezilmadi. U hamishagidek gulgun yashnab, goh dugonalari bilan pichirlashib, goh qah-qah otib kulib o‘z-o‘zicha, parvoyi palak yurardi. Shunday beshafqat, beparvoliklar aro o‘quv mavsumi ham bitdi. Sershovqin maktab yana huvillab qoldi. Mening nazarimda butun dunyo huvillab qolganday bo‘ldi. Chunki men Tanzilani, go‘zal Tanzilamni tez-tez ko‘rish, uning jingil-jingil sochlarini, qiyiq, qayrilma qoshlarini, durkun, kelishgan qomatini, pana-panadan tomosha qilish imkonidan ayrildim. Ustiga-ustak, ta’til boshlangach, hammamiz to‘zidik. Mulla Mirza Tanzilani olib tog‘lar bag‘riga, allaqanday qarindoshinikiga ketdi. Yangamning aytishicha, tog‘da ular bir oycha yurib, o‘sha paytlar tabiblik talabida yurgan qariyaning amaliy faoliyati uchun har xil giyohlar yig‘ishar ekan. Eh, bu fitnakor rejadan avvalroq xabardor bo‘lganimda, biror bahona bilan ularga qo‘shilib olishim mumkin edi. Hartugul, mulla bova meni yaxshi ko‘radi, har uchratgan mahali, Norsoatboy, sizda so‘pilik siyog‘i bor, vaqt topsangiz, sizga “Haftiyak”dan saboq beraman, keyingi paytlar, eskicha biladigan odam qolmayapti, to‘y-ma’rakalarni o‘tkazibgina yurasiz, deb iltifot ko‘rsatardi. Mayli, har qanday balolarga tayyorman, ishqilib, Tanzilamning yonida yursam, yirik-yirik ko‘zlariga to‘yib-to‘yib boqsam, bas. Biroq tirikchilik tayog‘i xuddi ko‘k rang yo‘l belgisi kabi meni boshqa yoqqa boshqarib turardi. Ta’tilimiz boshlangan kunlar onam cho‘lning qaysi bir posyolkasida istiqomat qiladigan opamnikiga mehmon bo‘lib borib kelgan edi. Norsoat ham kap-katta yigit bo‘p qoldi, yozda bekor yurmasin, kelib, mening dala ishlarimga qarashsa, uch-to‘rt so‘m haq beraman, kelgusi o‘quv mavsumiga ust-boshini butlab oladi, debdi pochcham. Men noiloj rozi bo‘ldim. Axir, bu yerda nima ham qilaman. Tanzila, mening Tanzilam yo‘q! Davron ham tez orada otasi bilan allaqanday sanatoriyga ketishga chog‘lanib yuribdi.
O‘sha yoz cho‘lu dasht jazirama quyoshdan emas, mening ko‘ksimda lovullab turgan ishq-sevgi olovidan lov-lov yondi. Uzoq-yaqinda jimir-jimir ko‘rinayotgan saroblar, telbavor esayotgan garmsel mening ohimdan, mening iztiroblarimdan ko‘tarilar edi. Negadir goh ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lagim, goh qah-qah urib kulgim, ba’zan baralla ma’yus va hazin qo‘shiqlar aytgim kelardi. Pochchamning “Vesna” deb nomlanadigan magnitofoni hamisha yonimda: eng mashhur hofizlarning ishq-sevgi, vafo-sadoqat, yor iztiroblari vasf etilgan qo‘shiqlarini berilib tinglayman, o‘z yuragim suratini ko‘rganday bo‘laman. Sog‘inch, sog‘inch va yana sog‘inch meni beomon o‘rtardi. Pochchamga tegishli ekin dalalarida, loyqa suvli kanal bo‘ylarida majnunvash kezinardim. Ich-ichimni bir dard, bir og‘riq kundan-kunga kemirib borardi. Bu dard, bu og‘riqqa na Tanzila terib yurgan giyohlar, na Davron do‘stim dam olayotgan joylardagi shifobaxsh suvlar malham bo‘lardi. Shunday dilgir, zerikarli kunlarning birida nogoh sibizg‘a chalgim, sibizg‘a sadolarini tinglagim kelayotganini payqab qoldim! Ko‘z o‘ngimda Absal polvon jonlandi. Jonlandiyu ustoz aytgan so‘zlar xayolimda chaqmoqday chaqib o‘tdi.
“Polvon quli bo‘lishi kerak bo‘lgan uchinchi narsa bir kun o‘zi sizlarni topib oladi. Kuydiradi, kuldiradi”.
Men ekin dalasi biqinidagi chaylada mahzun o‘tirarkanman, xayolimga tuyqus kelgan fikrdan yashnab ketdim:
“Demak, polvonni qul qila oladigan, Davron ham chiranib eslay olmagan narsa – muhabbat!”
Men o‘z kashfiyotimni hoziroq do‘stimga aytmoqchi bo‘lganday atrofimga alangladim. Ammo… ayni paytda Davron tog‘u bog‘larga burkangan go‘shada dam olardi. Tevaragim olov purkayotgan oftob ostida hansirab, lohaslanib yotardi.
– Ukajon, sening bir kasaling bor-ov ichingda, – dedi bir kuni opam meni tuzukroq boqolmayotganidan afsuslanib.
– Buning dardi ma’lum, – deb ayyorona iljaydi pochcham, – bovrini yerga berib, faqat “Munojot”ni eshitishidan ham bilmayapsanmi, menga juda tanish ahvol.
Nelarnidir g‘ira-shira anglagan opam achchig‘langannamo chimirildi.
– Qo‘ying-e, Norsoatga unday narsalarga hali erta.
– Ayni payti-da, – deb bo‘sh kelmadi pochcham.
Men chopiq kutib qolganini bahona qilib, qizara-bo‘zara o‘rnimdan turdim.
Biz Absal polvondan uzoqlashgan edik.
O‘sha yoz ikki oylik mardikorchilik kasridan, ichikish, orziqish, intizorlik oqibatidan kuyib qop-qora kosovga aylandim.
Ustiga-ustak, qishloqqa qaytishimdan sal avval, qo‘yarda-qo‘ymay sochlarimni orastalab qo‘yish niyatida qo‘liga qaychi olgan shirakayf pochcham tepa sochimning tubidan tig‘ solib yubordi. Oqibatda, xumday kallani butkul qirtishlab tashlamoqdan boshqa chora qolmadi. Holi zabunimga boqib, o‘kirib yig‘lagim kelardi. Axir bu ahvolda Tanzila nari tursin, hatto mulla Mirzaga ham ko‘rinib bo‘lmaydi. Aft-angor – qop-qora, kalla yetimqirday tap-taqir, pochcham qilmishiga jarima tariqasida olib bergan ola-chipor kostyum-shim, egnimda xuddi poliz qo‘riqchisiga o‘ralgan jandaday shalvirab turibdi.
Qishloqqa amal-taqal yetib keldimu o‘zimni ichkariga urdim. Bu yog‘i maktab ochilishiga atigi o‘n kuncha vaqt qolgan. Demak, shu fursat ichida soyadan chiqmay biroz oqarishim, andak bo‘lsa ham sochni o‘stirishim kerak. Onda-sonda biror bahona bilan uyimizga Tanzila kirib keladi. Uni hayajonu quvonchga qorishib eshik tirqishidan yo deraza ortidan yashirincha kuzataman.
Tanzila! Chinakam tog‘ chechagiday ochilib ketibdi! To‘lishgan, tip-tiniq yuzlari, durracha qirralaridan ko‘pirib turgan sochlari, sarg‘ish-qizg‘ish libosi sirib turgan qomati meni ohanraboday o‘ziga tortardi. U goh onam, goh yangam bilan gaplashib turarkan, xuddi nimanidir, nenidir izlayotganday, atrofiga kishi bilmas ko‘z yugurtirib qo‘yardi. U meni qidiryapti, meni, degan o‘ydan boshim ko‘kka yetgudek bo‘ladi, ammo… ming afsuski, qizga ko‘rinish berishga, salomlashishga mavjud talofatlar mone’lik qilardi.
O‘sha mavsum sentyabrning ilk kuni qishlog‘imizda, to‘g‘rirog‘i, maktabimizda hind kino yulduzi Raj Kapur, yo‘q, yo‘q, mashhur farang artisti Alen Delon paydo bo‘ldi! Ha, ha, o‘sha yoz allaqanday mashhur sanatoriyda dam olib qaytgan Davron do‘stim o‘sha dovrug‘i doston yulduzlardan sira-sira farq qilmas edi. Orasta, silliq taralgan sochlari, oqarib, to‘lishgan yuzlari, tik qomatiga yarashib tushgan yap-yangi, kulrang kostyum-shimi, chap qo‘liga taqib olgan allaqanday uzuk har kimni suqlanib qarashga majbur qilardi.
– Iya, qamalib chiqdingmi? – dedi u meni ilk ko‘rgandayoq hangu mang bo‘lib.
Do‘stim bilib-bilmay yaxshi bir bahona topib bergan edi.
– Ha, – deb bosh irg‘adim, – opamlarning qishlog‘ida ikkitasining surobini to‘g‘irlab qo‘ygandim, bir oyga tiqib qo‘yishdi. Pochcham aralashib arang qutqarib oldi.
Davron ham, uni qurshab turgan “Kengsoy burgutlari” ham gaplarimga chippa-chin ishonishdi. Iljayib-tirjayib meni bosh-adoq kuzatib turganlarning yuz-ko‘zida izzat-ixlos paydo bo‘ldi. Ammo bu yolg‘onimdan baribir ichim ilimadi. Axir, do‘pposlashib, qamalib chiqib shu ahvolga tushdim deb qizlarga, ayniqsa, Tanzilaga aytib, tushuntirib yurolmayman-ku! Yaxshiyam Davron hammaning diqqat-qiziqishida edi. Sinfdoshlar u bilan andarmon bo‘lib menga, taqir kallamu shalviragan kiyimlarimga ko‘p ham e’tibor berishmadi. Umumiy planda qisinib-qimtinib yuraverdim.
O‘sha yili g‘alati voqea bo‘ldi. Ilgari maktab ochilmasdanoq o‘quvchilarni paxta yig‘im-terimiga haydaydigan ma’muriyat bu gal maktabimizni tinch qo‘ydi. Butun mamlakat bo‘yicha kattakonlar shunday buyruq berganini keyin bildik. O‘zgarishdan hamma xursand edi.
Kunlar shu taxlit o‘tib borardi. Ilgarilari ham Davron haqida sirli pichirlashib yurgan qizlarning sabr kosalari to‘lib-toshib, unga sevgi xatlari yog‘dira boshlashdi. Men Tanziladan xavotirda edim. Davron bir kuni uni maktab hovlisida, katta tanaffus payti namoyishkorona yoniga chaqirib, qizga yaltiroq qoplamali quti uzatdi.
– Esingdami, bir mahallar shaharga borsam senga albatta sovg‘a olib kelaman deb aytgandim, mana, va’damni bajardim.
Tanzila biroz uyalib, andak nozlanib, biroq yal-yal yashnab, dugonalar qiyqirig‘i ostida sovg‘ani oldi-da, ichkariga yugurib ketdi.
O‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim.
O‘sha mavsum, o‘sha sentyabr yuragimda ilk bor hasad sharpasi paydo bo‘ldi. Men kimman-u, Davron kim, degan savolning, so‘roq belgisining ilmoqli uchi ko‘ksimga qadaldi. Tunlari bezovta to‘lg‘onib ikkimizni qiyoslab chiqaman. Davron boy-badavlat, izzat-obro‘li xonadon farzandi, yegani ham, yemagani ham oldida, istasa, sanatoriyda dam oladi, istasa osmondagi yulduzni yulqib olishi mumkin. Ustiga ustak, kelishgan, polvon, po‘rim yigit. Men-chi, yetim o‘sgan bir bechora. Birovlar mashhur go‘shalarda, maishat og‘ushida yurgan payt, cho‘lning it topmas bir burchagiga borib, uch-to‘rt so‘m ilinjida yoz bo‘yi kosovday qorayib yer chopaman, ekin sug‘oraman, yon-atrofda birov tanib, birov tanimaydi.
Men tunlarni kunlarga, kunlarni tunlarga ulab shu taxlit taqqoslashga berilar ekanman, Davron mendan xiyla uzoqlashib, ulkan qoyaga aylanib borayotganini, o‘zim esa kichraygandan kichrayib, mitti hashoratga do‘nib qolayotganimni payqayman. Taqqoslashga berilganim sayin Tanzila mendan olislab, Davronga yaqinlashib boraverardi. Nazarimda, ularning darajasi bir-biriga tengdek tuyulardi.
Men ham do‘stimdan, ham sevgilimdan muqarrar ayriliqni bo‘ynimga olib, tushkunlikka tusha boshladim.
Dardu dunyom qorong‘u, xayollarim parishon edi. Shunday befayz, behalovat kunlarning birida kechki payt darvozamizdan otasiday gumburlagan ovoz berib, qandaydir yaltiroq tugunchani qo‘ltiqlab Davron kirib keldi. Egnida o‘sha qimmatbaho kulrang kostyum-shim, oyog‘ida uchi ingichka tufli, hamishagidek orasta, hamishagidek ko‘rkam.
– Mehmonni kutib olmaysanmi, do‘stim! – dedi u tantanali tovushda.
Uning shodon qiyofasidan negadir ensam qotdi. Zo‘raki iljayib, istamaygina ko‘rishdim. Ichkaridan onam otilib chiqdi. Odatdagidek Davronni quchib, alqab, manglayidan o‘pib qo‘yarga joy topolmay qoldi. Bu orada yangam mehmonxonani hozirlashga ulgurdi. Onam oshxona tomon shoshildi.
– Bugun tug‘ilgan kuning, – dedi Davron xontaxta yoniga yastanib o‘tirarkan, – o‘zing bexabar-ov…
Men sarosimalanib qoldim. Balki o‘lgan kunimdir, balki ko‘mgani kelgandirsan, dedim ichimda g‘ijinib. Negadir do‘stimning har bir quvnoq gapi, kulgulari tobora asablarimni egovlab borardi. Shu orada mehmonxonaga jonsarak onam kirdi. Davron bilan yana qayta hol-ahvol so‘rasha ketdi. Hech chehram ochilmayotganini sezdimi, do‘stim biroz bo‘shashib qoldi.
– Qarasam, bugun Norsoat do‘stimning tug‘ilgan kuni ekan, bi-ir tabriklab kelaymi deb chiqqandim, – dedi u xuddi o‘zini oqlayotganday.
– O‘lay senga bolam, – dedi onam xijolatlanib, – biz bunga odatlanmaganmiz-da, shuytib hamishagidek o‘tirib edik. Yo‘qlab kelganing uchun, qulluq, bolam. Xudoy seni izzat qilsin.
Davron boya qo‘ltiqlab kelgan tugunni yechishga unnadi.
– Ena, – dedi u negadir menga qaramay, – Norsoatga arzimas bir sovg‘am bor edi. Sanatoriydan opkelgandim. Tug‘ilgan kuni beraman deb saqlab yurgandim.
Do‘stim chaqqongina tugun ichidagi tugunni ham yechib, ichidan… ichidan xuddi o‘zinikidaqa kostyum-shim chiqardi!
– Iyy… ovora bo‘psan, bolam, – dedi onam battar xijolatlanib.
– Norsoat bilan xuddi egizday bir xil kiyinib yuramiz degan niyatda olgandim. Ena, iltimos, shuginani do‘stim hoziroq kiyib yonimga o‘tirsin.
Men beo‘xshov iljaygancha o‘rnimdan turdim. Qahrim, nafratim, noumidligim, barcha-barchasi, qaynoq suv sepilgan qorday erib borardi. Onamning, do‘stimning betinim qistoviga go‘yo arang ko‘ngan bo‘lib uyga o‘tdimu sovg‘ani kiyib chiqdim.
– Voy, bolam! – dedi onam ko‘zlari yoshlanib, – ko‘z tegmasin sizlarga.
Kulrang, qimmatbaho kostyum-shim chindan ham menga yarashib turar, faqatgina tikanaksoch bosh xush manzarani biroz buzib turar edi.
Ajab, hamma muammo kulrang kostyum-shimda ekan, shekilli, necha-necha kunlardan beri qarshimda qoyaday yuksalib meni Tanziladan, kelajakka bo‘lgan umid-ishonchdan to‘sib turgan Davron yana o‘zim bilan bo‘yinsa, sho‘x-shovvoz do‘stga aylandi-qoldi. Onam alqagandan-alqab, duolar ketidan duolar qilib, chiqib ketgach, shu orada tuzukkina tuzalgan dasturxon yonida ikkimiz ziyofatga o‘tirdik. Akam ham Davron bilan ko‘rishgali birrov kirib, imi-jimida bir shisha vino tashlab ketgan edi. Undan ham o‘zimizcha kattalarga taqlidan qadah so‘zlari aytib oz-moz no‘sh etdik. Dimog‘imiz chog‘, vaqtimiz xush edi. Qizg‘in suhbatimiz goh kurash, polvonlar haqida, goh… qizlar to‘g‘risida borardi.
– Ey, do‘stim, qizlar toza badimga urib ketdi, – dedi ichkilikdan yonoqlari biroz qizargan Davron, – maktab boshlanganidan beri beshovidan sevgi xati oldim. Mana, bittasi hali ham yonimda yuribdi. – Davron kostyumi cho‘ntagidan qat-qat buklangan varaqni chiqardi. – Eshit, o‘qib beraman, sen ham ko‘nikaver.
Negadir uning bu niyati menga yoqmadi. Yarim tunda xontaxtaga muk tushib, ming bir xijolatu umid bilan qog‘oz qoralayotgan qiz ko‘z o‘ngimda jonlandiyu, ozorlardan, ovozalardan himoya qilgim kelib ketdi.
– Davron, qo‘y, kerakmas. Eshitgim kelmayapti.
– Nega?
– U senga yozilgan. O‘zing o‘qi, yoqmasa, yirtib tashla. Bu ikkingizning o‘rtangizda qolishi kerak.
Davron bir zum yuzimga o‘ychan tikilib, so‘ng iljaydi.
– Ba’zan qoyil qolaman senga. Xuddi olimlarday gapirib yuborasan. Manovi aytganlaring menga yoqdi. Chin, hech o‘ylab ko‘rmabman, ovoza bo‘p ketsa… sinfdosh sharmanda bo‘p qoladi. Ahmoqona qiliqlarim ko‘p-da.
Shu payt negadir pochchamning dalasida dalli-devona yurgan paytim chala qolgan jumboqni yechganim esimga tushib qoldi.
– Ey, Davron, – dedim hovliqib, – esingdami, polvon uch narsaning quli bo‘lishi kerak degandi ustozimiz. Sen ikkovini topganding, birovi hech kallangga kelmagandi. Absal polvon ham aytmay kuydirgandi.
– Ha, esimda. Rosa bo‘larimiz bo‘lgan.
– O‘sha uchinchi narsani topdim.
– Topding? Nima ekan?
– Sevgi. Polvon or-nomusning, sevgining quli bo‘lishi kerak ekan. O‘zim o‘ylab topdim.
– Bunday narsani o‘ylab topib bo‘lmaydi, kalla – deb kinoyali kuldi Davron, – kitobni izlash kerak. Yoz bo‘yi ko‘p asar o‘qib tashlabsanmi degan xayolga boribman.
Men ham bo‘sh kelishni istamadim.
– Bu sevgi, aniq sevgi.
– Bo‘pti, sen aytgancha bo‘la qolsin. Lekin men gapingga qo‘shilmayman. Mana, masalan, men ham polvonlikka talabgorman, lekin sevgiga hech qachon qul bo‘lmayman! Kerak bo‘lsa, sevgini qul qilaman! Har qanday qizni sevdira olaman, xohlaganim meniki bo‘ladi. Ishonasanmi shunga?
Men qizg‘in bosh irg‘adim. Rost, dovyurak, shijoatli Davrondan har balo kutsa bo‘ladi. Uning o‘z-o‘ziga ishonchi ham, imkoni ham baland edi.
Xullas, o‘sha kech men tug‘ilmadim, qayta tirildim. Do‘stimning yo‘qlab kelgani, samimiy suhbati, albatta, qimmatbaho sovg‘asi shubhalarimni, anduhlarimni tumanday tarqatib yubordi.
Men sport bilan yana ham jiddiy shug‘ullana boshladim. O‘qishim, bilimim haminqadar, porloq kelajagim faqat kurash davralarida, deb o‘zimcha xulosa yasadim. Qolaversa, Tanzilaning ko‘z o‘ngida polvon sifatida tanilib, shon-shuhratga belangim, uning qalbini, hech qursa, shu yo‘l bilan zabt etgim kelardi. Ajab, sevgi ham qon bosimiga o‘xshar ekan. Xuruj qilgan paytlari dardu iztirobdan o‘zingni qo‘yarga joy topolmaysan, maromida bo‘lgan mahallar, shirin-shirin xayollar og‘ushida huzurlanib yurasan.
O‘sha yilning kuzi va qishida to‘y-tomoshalar mo‘l bo‘ldi. Kurash davralari vulqonday guvillab, qizib turdi. Davron ikkimiz o‘zimizga yarasha izzat-obro‘, shon-shuhrat topdik. O‘sha mavsum polvonlikka ko‘p berilib ketdimmi yo tantiq tuyg‘ularim buyrug‘iga bo‘ysundimmi, har qalay, Tanzilaga zor-intizor intilishlarimdan tiyildim, hatto ba’zi paytlar, qarshimda uchrab qolgan kezlar o‘zimni majburlab yo‘limni chap soldim, u tomonga qayrilib qaramadim.
Bir kuni kechki payt qo‘shni qishloqdagi to‘yga taraddud ko‘rib turgan chog‘im darvozamiz ohista taqilladi. Yangam og‘il tarafda mol-hol bilan ovora edi. Onam ham hovlida ko‘rinmadi. Noiloj, o‘zim borib temir eshikni ochdim. Darvoza yonida qandaydir sarosimalanib Tanzila turardi.
– Vuy, kechirasiz…– dedi u uyalib, – men… Rayhon chevarga shogird tushgandim. O‘rganishga manavini tikdim.
Qizni ko‘rgandayoq hayajondan tilim, aqlim lol bo‘lib qolgan edi. Tanzila anchadan beri uzatib turgan tugunchani keyin ko‘rdim. Ko‘rdim-u, shosha-pisha qo‘lga oldim.
– Rahmat… nima bu o‘zi?
– Ochib ko‘rganda bilasiz, – dedi Tanzila xuddi yov quvganday iziga qaytib ketar ekan.
Men gangib bir tugunchaga, bir chopqillab ketayotgan qizga qarab biroz turib qoldim.
O‘shanda Tanzila menga atab qalin, pishiq matodan polvonlik yaktagi tikkan ekan! Uning har qati, har chokidan mahbubamning hayodan lov-lov yongan yuzlari, hurkak, xumor ko‘zlari ko‘rinib, pinhona pichirlashlari eshitilib turar, o‘rtangan yuragimni taskinga, yorug‘ umidlarga to‘ldirib sirli mujdalar berardi. Yana tinchim, oromim yo‘qoldi. Nihoyat, Tanzilaga ko‘ngil yorishga, sevgi izhor etishga ahd qildim.
O‘sha yili cho‘l qishi qorli, bo‘ronli keldi. Hammayoq baxtiyor kelinchakday oqlikka burkangan. Ko‘cha-ko‘yda, maktab tevaragida uzundan-uzoq davom etuvchi sahro jaziramasidan bezillab qolgan bolalar qiyqirib, og‘iz-burunlaridan hovur purkab qorbo‘ron o‘ynashadi, shishaday yaltillagan muzliklarda sirpanishadi.
Men ko‘chamiz muyulishida katta qayrog‘och yonida qandaydir qat’iyat, ishonch bilan, Tanzilani kutib turardim. Hoziroq unga sevgimni aytaman, sen menga keraksan deyman, kechqurun uchrashuvga chaqiraman, deb o‘zimcha shaylangandim.
Ana u! Egnida uncha-muncha cho‘llik qizlarning tushiga ham kirmaydigan mo‘yna yoqali palto, boshida oppoq tivit ro‘mol, oyog‘ida… oyog‘ida qat-qat qo‘nji naq tizzasiga yetadigan qizg‘ish etik! Ochig‘i bunday etikni mening ham birinchi ko‘rib turishim edi. Qizning oyog‘iga beixtiyor angrayib qoldim.
Tanzila to‘g‘rimga kelib, qadamlarini sekinlashtirib yengil bosh irg‘adi.
– Assalom…
– Bugun necha soat o‘qidilaring? – dabdurustdan bergan savolim shu bo‘ldi.
– Besh soat.
– Biz to‘rt soat o‘qidik, – deb iljaydim xuddi ko‘p ishi tindirganday, – adabiyot muallimi ko‘pkariga ketgan ekan, shuytib erta qaytdik.
Qiz javrashlarimni yerga tikilgan ko‘yi eshitgan bo‘ldi-da, indamay keta boshladi.
– Tanzila!
U to‘xtadi. Qor qo‘ngan kipriklarini pirpiratib men tomon hurkibgina ko‘z tashladi.
– Anovi… anovi… – men eng zarur, o‘ta zarur so‘zni aytishga chog‘landimu… ammo og‘zimdan boshqa gap chiqdi, – yaktak uchun senga rahmat, qo‘ling gul ekan. – Shu orada maqtanib qo‘yishga ham ulgurdim. – Sen bergan yaktakni kiyib bir to‘yda uchta polvonni terib tashladim.
Tanzila yengil kuldi, go‘yo kulgusini yashirmoqchiday, o‘ng qo‘lini lablariga tegizib qo‘ydi.
– Uni o‘rganchikka tikkandim. Sizga yoqqan bo‘lsa xursandman. Kuchingizga kuch qo‘shilsin, aka.
Qiz yerga tikilgan ko‘yi yana keta boshladi.
– Tanzila!
Bu gal alam-iztirobdan tovushim keskinroq chiqdi, shekilli, Tanzila xuddi nimadir kutganday, xuddi nenidir ilhaq izlaganday ilkis burildi. Burildiyu jovdiragan ko‘zlariga ko‘zim tushib butkul dovdiradim. Xayolimda charxlanib, tilimning uchida turgan so‘zlar tupugimga qo‘shilib yutilib ketdi.
– Etiging muncha chiroyli, – dedim bazo‘r, – qachon olding, hech ko‘rmagan ekanman.
Tuyqus qizning yuz-ko‘zlari yashnab ketganday bo‘ldi.
– Buni Davron akam sanatoriydan opkelgan ekan…
Tanzilaning boshqa gaplarini deyarli eshitmadim. Boshim g‘uvillab, quloqlarim shang‘illab, ko‘z oldim tinib ketdi. Qahratonning qahri endi menga yetib kelganday, ichu tashim muzlay boshladi. Holim zabun, tilim tanglayimga yopishgan edi. Ortiq so‘z demay bosh eggan ko‘yi ketib borayotgan qiz izidan karaxt qarab qoldim. Qizg‘ish etikning baland poshnalari qorga qo‘shib sevgimni, umidu ishonchimni toptab, to‘zg‘itib borardi.
“Davron akam dedi-ya?! Erkalanib, suyub aytdi-ya?! Hammasi hal bo‘lgan, allaqachon hal bo‘lgan! Men tentak, men notavon nimalarni orzu qilib yuribman-a. Avvali, o‘rganchikka tikkan yaktagini menga, mehr bilan tikkan zarto‘nini Davronga bergan bu qiz. Yo‘q, Tanzilani boshqa sevmayman, ishqida ortiq kuymayman.Bunday arzanda, tantiq qizlarga Davronlar kerak. Men kimman axir?! Onam aytganday, ko‘rpamga qarab oyoq uzatganim ma’qul. O‘zimga munosibini topaman. Boshqa choram yo‘q”.
Tegramda qor uchqunlari, xayolimda shunday tig‘li o‘ylar charx urardi. Ko‘chada qolgan daydi itday dovdir-dovdir keta boshladim. Qayon borayotganimni o‘zim ham bilmasdim, bilganim shulki, qaylargadir bosh olib, yo‘qolib ketgim kelar, qadamlarim goh sokin, goh tezlashardi. Chor-atrofim oppoq ko‘ylak-ishton kiygan cholday qaltirab yotibdi. Qip-yalang‘och dov-daraxtlar ko‘kka iltijo bilan cho‘zilgan qadoq qo‘llarga o‘xshaydi. Yon-verimdan ayovsiz urilayotgan qor uchqunlari, bamisli karrak parchalariday yuz-ko‘zimni timdalab, kuydirib borardi. Bilmadim, qaylarga kelib qoldim, qarasam, tevaragim jim-jit, kimsasiz, qarshimda qor ko‘rpasiga burkangan paykallar.
Men… horib-charchab qalin qor ustiga tiz cho‘kdim, so‘ng… yuztuban yiqilgan ko‘yi baralla yig‘lab yubordim. Yig‘ladim… yig‘ladim… shu alfozda qancha yotganim menga qorong‘u, bir payt kimdir, nimadir, boshimni, yelkalarimni erkalab silaganday, mehribonlarcha ovutganday bo‘ldi. Ilkis qad rostladim.
Qarasam, bahor! Charaqlab, yaraqlab yana ko‘klam kelibdi. Qadrdon quyosh yana hamishagidek parvona!
Ha, ha, o‘sha qishni alam-iztirob, ko‘z yoshlarga qorishib o‘tkazdim. Butun borliq qoru muzga, men esa aldamchi dunyo, aldamchi do‘st, aldamchi qizlarga atalgan g‘azab va nafratimga burkandim. Tanziladan butkul yuz o‘girdim, uni ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka harakat qildim. Ammo qiz beomon isyonimdan bexabar shekilli, hamishagidek uyimizga kirib-chiqib yurar, duch kelgan chog‘lar odatdagidek qisinib-qimtinib salomlashar, xuddi tog‘asidan shirinlik umidvor qizaloqday, men tomon ba’zan hurkibgina, jovdirabgina ko‘z tashlab qo‘yardi. Hatto yangi yil, erkaklar bayrami sifatida harbiylar kuni bilan qutlab “otkritka” taqdim etdi. Tabriknomani oldimu panaga o‘tib, ularni nafrat bilan yirtib tashladim.Bilaman, u bitta menga emas, butun sinfdoshlarimga yozib chiqqan, bu qizning ana shu saxovati meni xo‘b kuydirardi.
Ammo… bahor keldiyu, qor-muzlarga qo‘shilib g‘azabu nafratim ham erib bitdi. Yuragimda bahor boychechagi kabi yana sevgi ko‘karib chiqdi. Qir-adirlarda barq urgan dasht gul-chechaklari xuddi kurash yaktagiga tikilgan chirozday yana o‘y-xayollarimni o‘g‘irladi, yana umid, ishonch iforlari dimog‘imni qitiqlab qochdi. Harnechuk hammasi xotin-qizlar bayrami arafasida boshlandi. Biz bolalar sinfdosh qizlarga sovg‘a-salom hozirlashga kirishgandik.
– Ey, jo‘ralar, – deb qoldi kimdir, – pastki sinflarda o‘qiydigan qizlarni ham tabriklaymizmi? Masalan, anovi Tanzilani. U har bayramda bizlarga otkritka beradi-ku.
Davron chimirilab, g‘ijinib qo‘l siltadi.
– E, umi… o‘ziyam erinmagan qiz ekan. Yozgani yozgan, bu bayramda indamay qo‘ya qolaylik, ikkinchi tabriklamaydigan bo‘ladi.
– E, unday qilmaylik, – deb tumsaydi sinfdosh, – xafa bo‘lishadi. Bu yog‘i… mana, maktabni bitiryapmiz, esdalik bo‘p qoladi-da.
Davron bosh qashlab og‘ringan ko‘yi biroz o‘ylanib turdi.
– Ha, mayli, sen aytgancha bo‘la qolsin. Lekin har birimiz tabriklab yurmay, butun sinfimiz nomidan bitta duxi, bir dona otkritka beramiz, shu yetarli. Esam… bularning qay biriga sovg‘a yetkazamiz.
O‘sha kuni do‘stim qanchalar chimirilib, qanchalar g‘ijinsa, mening shunchalar chehram ochilib, kuylab yuborgim kelib qoldi.
“Demak, oralarida hech gap yo‘q, – deb o‘ylardim to‘lqinlanib. – Avzoyini qara buning, agar sevishgan bo‘lganida, boshqacha qarab, boshqacha gapirardi”.
Men yana baxtiyor oshiqqa aylandim-qoldim. O‘sha kunlar Tanzila bahoriy liboslarda bahorday barq urib, hamishagidan go‘zal, hamishagidan jozibali bo‘lib ketgan edi. Goho o‘sha uzun yo‘lakning, o‘sha nimqorong‘u burchagiga beixtiyor borganimni o‘zim ham sezmay qolaman. Tasavvurimda Tanzila tag‘in chopib kelib quchog‘imga yiqiladiyu, men uni shartta o‘pib, qulog‘iga sevgi izhor qilaman. Ammo bu shirin, entiktiruvchi bir xayol edi, xayol! Men Tanzilaga sevgi izhor qilishga boshqa jur’at etolmadim. Uni cho‘chitib yuborishdan, maktabda, ko‘cha-ko‘yda uchrashib turishdan ham mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqdim. Shunday jonsarak, beqaror kunlar ketidan kunlar shitob bilan o‘tib ketdi. Hash-pash deguncha maktabni ham tugatdik.
Nazarimda, men uchun hayot tugaganday bo‘ldi. Qo‘limdagi yetuklik attestati emas, go‘yo ayriliq safariga berilgan chipta edi. Hamma shodumon, qiyqirib o‘ynayotgan o‘sha bitiruv oqshomida men bir chekkaga o‘tirib o‘z yaqin kelajagimni tasavvur qilishga urinardim.
Erta-indin Davron ikkimiz biror institutga ilinish ilinjida poytaxtni ko‘zlab jo‘naymiz. O‘qishga kirolmasak, armiyaga chaqirishadi. Har ikkisi ham meni Tanziladan uzoqlashtiradi. Men esa… uni ko‘rmasam, so‘zlarini, kulgularini eshitib turmasam… dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib qoladi. Shunday ezgin, dilgir o‘ylar iskanjasida turgan paytim, davrani bermay, o‘ynab yotgan Davron iljayib, mastona chayqalib yonimga keldi. U shirakayf odamday suzilayotgan bo‘lsa-da, bilaman, do‘stim ham xuddi men kabi sharob ichmaydi. O‘sha biznikida o‘tirib, kattalarga taqlidan, tug‘ilgan kunimni nishonlab bir-bir qultum vino no‘sh etgan oqshomimiz ikkimiz ichmaslikka, chekmaslikka, faqat sport bilan shug‘ullanishga, dunyoga dovrug‘ qozongan polvonlar bo‘lib yetishishga ahdu paymon qilganmiz. Biz so‘zimizda turdik. Sinfdoshlarimizning deyarli hammasi goh oshkora, goh yashirin chekishar, tug‘ilgan kun bazmlarida, to‘y-hashamlarda bemalol sharob shishalariga qo‘l cho‘zishar, Davron esa do‘st-yoronlar yolvorib-yalinishganda ham ichishdan qat’iy bosh tortar edi. Hatto bitirish oqshomida ba’zi bir xushomadgo‘y muallimlarning taklifini ham rad etdi.
– Ha, do‘stim, – dedi Davron yonimga o‘tirib yelkamga qo‘l tashlarkan, – o‘ynamaysan, kulmaysan, tinchlikmi?
– Maktabdan ayrilish yoqmayapti.
– O‘zi darslarga arang sudralib kelarding-ku, endi maktabdan ketging kelmay qoldimi? Yo‘q, sening boshqa darding bor-ov…
– Do‘stlardan ayrilgim kelmayapti, – dedim o‘zimcha xatoimni to‘g‘irlab.
– Bir do‘sting men bo‘lsam, sendan hech qachon ayrilmayman, – dedi Davron yelkamdan qattiqroq quchib, – yaqinda birga Toshkentga ketamiz, birga o‘qishga hujjat topshiramiz, nasib etsa, birga o‘qiymiz. Ikkimizning tomirimiz tutash, jo‘ra, hech buyog‘idan qayg‘urma, qosh-qobog‘ingni ochib, sinfdoshlarga qo‘shilgin. Hademay hammamiz to‘zib qolamiz.
Rost, ko‘p o‘tmay to‘zib qoldik. “Kengsoy burgutlari”ning ba’zilari institutlarda o‘qish niyatida turli shaharlar sari yuzlandi, ayrimlari, ortiqcha tixirliksiz, ketmonlarini yelkaga tashlab odatdagidek dala-dashtga singib ketdi.
Biz Absal polvonni unutgan edik.
Davron ikkimiz zilday-zilday chemodanlarimizni ko‘tarib Toshkentga ravona bo‘ldik. Quvondiq qaysarning o‘zi bizlarni poyezdga chiqarib, kuzatib qo‘ydi. U o‘zining odatdagi gumburlagan tovushida butun vokzalni boshiga ko‘tarib, goh nasihat qilib qolar, goh ko‘rsatma-uqtirma berib jonimizni halqumga keltirar edi.
– Dovdiramanglar, bolajonlar, dovdiramanglar. Tayinlab qo‘yippan, sizlarni kutib olib, joylashtirib qo‘yishadi.
Quvondiq aka chin aytgan ekan. Bizlarni poytaxt vokzalida olifta, dimog‘dor, allaqanday institutda o‘qiydigan ikki yigit qarshi oldi.
Aftidan, kimningdir iltimosiga ko‘ra chiqishgan shekilli, bizlarni nazar-pisand qilmay, tuzuk-quruq gaplashmay, qandaydir o‘ris kampirning tor, isqirt hovlisidagi katalakday hujraga joylashtirib, ertasi kuni, talab va istaklarimizga ko‘ra, universitetning huquqshunoslik fakultetiga hujjat topshirishimizga ko‘maklashishdi.
– Bu yog‘ini endi sekin o‘zlaring ko‘raverlaring, – dedi ulardan biri bizlarni yana ijaraxonamizga tiqib qo‘yarkan, – bizlani vaqtimiz yo‘q senlar bilan ertayu kech yurishga, agar biror problema bo‘lsa, kecha yozib bergan raqamlarga qo‘ng‘iroq qillaring, ana, kampirning uyida telefon bor.
U g‘o‘dayganicha ko‘chaga chiqib ketdi. Davron uning izidan g‘ijinib, tajanglashib qarab qolarkan, bosh chayqadi.
– Qaysi go‘rdan chiqqan bodi bu?! Yana bir og‘iz ortiqcha gapirganida tumshug‘iga aylantirib solardim.
Qo‘rs rahnamodan qutulganimizdan yengil tortdik.
Men viloyat markazida poyezdga chiqqandayoq qishloqni, uyimni, ayniqsa, Tanzilamni sog‘ina boshlagandim, barcha narsadan voz kechib, ortga qaytgim kelardi.
Davron esa bir hafta ichida qip-qizil shaharlikka aylandi-qoldi. Ust-bosh, yurish-turish, poytaxtcha shevada bemalol gapirishlar, hamma-hammasi meni angraytib tashladi.
Do‘stim bu yerda tekkanga teginib, tegmaganga kesak otar, ko‘cha-ko‘yda urush-janjal izlab, bolalarni atay turtib o‘tar, meni yurak hovuchlatib, ming bir sarosimaga solar edi. Bilmadim, yo haqiqiy zo‘rlar yo‘liqmadi, yo do‘stimning yuz-ko‘zidagi shijoat chindan ham cho‘chitarmidi, ishqilib, turtilgan-surilgan bolalar ham Davronga botinib biror so‘z demay, ortidan ajablanib, taajjublanib qarab qo‘yishardi, xolos. Bular mayli-ku-ya, kalta, yubqa kiygan shaharlik qizlar Davronning yana bir iqtidorini ochib yuborganday bo‘ldi. U yon-veridan o‘tib-qaytayotgan, o‘zining ta’biri bilan aytganda, hurliqolarga yutoqib qarar, ba’zilarining bel-bilagiga qo‘l tegizar, ayrimlarini cho‘lpillatib o‘pib olar, evaziga qarg‘ish, haqorat eshitsa-da, pinak buzmay, iljayib, ko‘z qisib ketaverardi. Men do‘stimning bunday qiliqlaridan uyalib, qo‘rqib beixtiyor duch kelgan tomonga qochib qolardim.
Kunlarim tahlikada o‘tardi, muqarrar bir baloga yo‘liqishimizdan xavotirda edim. Nihoyat, o‘sha kutilgan kun ham yetib keldi.
“Salom” degan choyxonada tushlik qilib, sho‘x-sha’n o‘ynoqlab yana hujramizga qaytib kelardik. Bizdan besh-olti qadam oldinda, sochlari chiroyli turmaklangan, oq-pushti rang, yeng-etaklari kalta ko‘ylagi qaddi-qomatini sirib turgan qiz bel-biqinlarini qimirlatib xayolchan ketib borardi. Unga ko‘zi tushdiyu Davronning ko‘zlari chaqnab, og‘zining tanobi qochdi.
– Ey, haddingdan oshma, – dedim uning qo‘lidan tortib, – tinchgina yur, mazang qochib qolmasin tag‘in.
– Shu oxirgi marta, – dedi Davron atrofga bir alanglab olib, so‘ng yugurib borib haligi qizning yonog‘idan o‘pib oldi.
Cho‘chib ketgan qiz qo‘llari bilan yuzlarini to‘sib orqaga tisarildi. So‘ng nafrat to‘la ko‘zlarini Davronga qadadi.
– Bu nima qilganing, jinni?! Sumkam bilan bir urib basharangni bo‘yab qo‘yaman hozir.
Davron tashlangan qiz emas, bizdan besh-olti yosh katta juvon ekan! Do‘stim xijolatomuz ishshayib qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
– Kechirasiz, sizni birovga o‘xshatibman.
– Qanaqa birovga?! – deb battar jazavaga mindi ayol. – Ko‘zing ko‘rmi? O‘zing tengiga hazil qilsang o‘lasanmi?
– Sizni Tanzila deb o‘ylabman.
– Tanzila?! Kim u Tanzila-Panzilang?
Men sevgilim, mohitabonimning nomi tilga olinganini eshitib toshday qotdim. Boshimga kimdir gurzi bilan urganday ko‘z oldim tinib ketdi.
– Shoshma-shoshma, – dedi haligi ayol barmog‘ini Davron tomon nuqib, – senlar Dusya xolanikida turasanlar-a! Sanlani taniyman. Ana, endi mendan ko‘rasanla, qishloqila. Sanlani ko‘zlaringni kattaroq ochib qo‘yaman. O‘shanda Tanzilangni yaxshigina tanib olasan.
Juvon shaxdam qadamlar bilan olg‘a yurib ketdi.
“Davron nega Tanzilani tilga oldi? – shu savol xayolimni tinimsiz tirnoqlardi. – Nima, ular… o‘pishib yurishganmi?”
Men to‘lin oyim, quyoshim bo‘lgan qizni Davronning quchog‘ida tasavvur qilarkanman, g‘azab va alamdan qo‘llarim musht bo‘lib tugilardi.
Ayol ketgach, bosh qashlagan ko‘yi yonimga qaytgan do‘stim, asabiy hurpayib turishimni o‘zicha tushunib xijolatomuz ming‘illadi.
– E, uzr, jo‘ra, shunday bo‘p qoldi-da. Enag‘ar, katta ayol ekan. Qiz bo‘lganida oson qutulardik.
– Ey, – dedim g‘azabimni arang bosib, – nega… nega sen Tanzilani tilga olding? Nima haqqing bor, iflos ishlaringga pokiza qizlarimizni tiqishtirib?!
– Nima, Tanzila demay, Jarqinoy deyinmi? Bahonam sal ishonchli chiqishini o‘yladim-da. “Tanzila”! Qara, haqiqiy shaharcha ism.
Do‘stimning gaplari jo‘yali tuyuldi. Men yana shashtimdan tushdim. U o‘shanda qoq qanshariga tushadigan mushtdan qutulib qoldiyu, ammo haligi opadan qutulolmadi. U allaqanday amaldorning xotini ekan! Kechga yaqin ikki nafar militsioner bizni mahkamaga olib ketdi. Bir-ikki soat u eshikdan bu eshikka sudraklashgach, Davronni olib qolib, meni qo‘yib yuborishdi. Tun yarmida ijara uyimni arang topib oldim. Ertasi kuni birinchi imtihonga kirishim kerak edi! Ammo men sahar turib universitetga emas, yana mahkamaga yugurdim. Davronni uch sutkaga qamashgan ekan. Uch kun goh tush payti, goh oqshom do‘stimga ovqat tashidim.
– Ey, – deb so‘rab qoldi u mahkamada ilk ko‘rishgan chog‘imiz, – imtihonga kirib chiqdingmi, necha baho olding?
Men kuldim.
– Esingda yo‘qmi, tentak. Ikkovimizning tomirimiz bir-ku, sen bu yerda bo‘lsang, men qanday qilib imtihonga boraman?
Davron bir zum menga mamnun-minnatdor tikilib pichirladi:
– Chin do‘stimsan…
Ketar chog‘im Davronga qarab, o‘ng qo‘limni baland ko‘tardim. U ham shunday qildi. So‘ng past, lekin shavqli-zavqli bir ovozda bab-baravar takrorladik.
– Quyosh hali botmagan!
Oradan bir haftacha o‘tib biz universitetga bordik. Qabul hay’ati bizning hech bir bahonamizga ishonmay hujjatlarimizni qo‘limizga tutqazdi. Avvallari qishloqni qo‘msab, qadrdon qishloqqa qanchalar oshiqqan bo‘lsam, pattalar qo‘lga tekkach, shunchalik ketgim kelmay qoldi.
– Kel-e, sentyabrgacha shu yerlarda tomosha qilib yuramiz, – deb qoldi kutilmagan ko‘ngilsizlikdan hanuz xijolat chekib yurgan Davron, – menda pul bor, ikkovimizga yetadi.
Roppa-rosa bir oy shaharda kezib yurdik. Qishloqqa qaytish onlari yaqinlashgan sayin bir-birimizga ma’yus, savolchan qaraymiz. Qanchalik o‘zimizni beparvo, shodon tutsak-da, ichimizni afsus, alam va uyat kemirib borardi.
Biz Absal polvonni unutgan edik.
O‘sha yili “Kengsoy burgutlari”dan ikki bola viloyat markazidagi institutga, tag‘in biri Samarqanddagi universitetga ilashibdi. Tanzila…mening Tanzilam, bilmadim, avvaldan rejalashtirganmi, yo tuyqus shu qarorga kelganmi, ishqilib, viloyat markazidagi pedagog kadrlar tayyorlovchi texnikumga kiribdi. Kimlarning astoydil achingan, afsuslangan, kimlarningdir istehzoli, kinoyali nigohlari ostida qishloqqa kirib kelarkanmiz, yon-atrofdan eshitgan xabarlarimiz ana shular bo‘ldi.
Biz uch kun uy-uyimizdan chiqmay yotdik. So‘raganlarga mandat tanlovidan o‘tolmadik, hatto o‘sha yerdagi imtihon olgan domlalar ham bizning omadimiz yurishmaganidan kuyinib qolishdi, deb qo‘ya qoldik.
Bir haftacha qishloq bo‘ylab izg‘ib yurdik. O‘qishga kirgan do‘stlarni tabrikladik, kurashlar, ko‘pkarilar haqida gaplashdik, xullas, o‘zimizni ovutgan bo‘ldik.
Shu orada Tanzilani uchratdim. Viloyat markazidan kelayotgan ekan. Shaharcha fasondagi soch turmaklari, sarg‘ish ko‘ylagi o‘ziga xo‘b yarashib turardi. Yuz- ko‘zida mamnuniyat, tabassum kezinib yurardi.
Hayajon, xijolat, quvonch butun vujudimda qorishib ketgan edi.
– Tabriklayman, o‘qishga kiribsan, – dedim salom-alikdan so‘ng. – Biz esa chappa bo‘p yiqildik.
Tanzila afsus bilan bosh chayqab, astoydil hamdardlik bildirdi.
– Huquqshunoslikka kirish qiyin-da. Qattiq tayyorlanish kerak bo‘ladi.
– Armiyaga opketmasa kelgusi yil yana ko‘ramiz. Sizlar-chi, o‘qishni boshlab oldilaringmi?
– E, o‘lsin, – deb chimrildi Tanzila, – hammamizni paxtaga haydayapti. Dushanba kuni texnikum yopilib, Ganjirga yotoloqqa opketishadi. Ikki kunga uyga ruxsat berishdi. Yaxshilab ovqatlanib kelinglar deyishdi.
Biz kulishdik. Kulgan payt Tanzilaning ko‘zlari allanechuk xumor-xumor suzilib ketardi. Men unga mahliyo tikilib qoldim.
– Tanzila, seni ko‘rgani boraman.
Qiz uyalib ko‘zlarini opqochdi.
– Cho‘lu biyobonda adashib ketmaysizmi?
– Yo‘q, dunyoning narigi chekkasiga bo‘lsayam adashmay seni topib boraman.
– Qarang, – deb kulimsiradi Tanzila, – yana qiynalib qolmang.
U uylari tomon tez-tez yurib ketdi. Men hayajondan yuragim gurs-gurs urgan ko‘yi izidan bir zum qarab qoldim. Bu qadar dadil va qat’iy gaplashganimga o‘zim ham hayron edim. Hartugul, ikki oylik Toshkent safari besamar ketmaganga o‘xshaydi.
Qishloqdagi teng-to‘shlarimiz qatori Davron ikkimizga ham harbiy xizmatga chaqiriq qog‘ozi keldi. Ko‘p o‘tmay tuman harbiy komissariatida sochlarimizni tap-taqir qirib jo‘natishdi. Bir-birimizga qarab miriqib kulishdik. Qishloqqa qaytgach, goh u, goh bu ketarmannikida xayrlashuv ziyofatlari boshlanib ketdi. Vaqt tez o‘tib borardi. Mening esu hushim Tanzilada edi. U bilan tuppa-tuzuk sochim bor paytlar xayr-xo‘shlashib olmaganimga afsuslandim. Ammo… nima bo‘lgan taqdirda ham uni ko‘rishim, sevishimni aytishim, va’dasini olishim shart. Tanzilalar paxta terib yurgan o‘sha maskan Kengsoydan ikki yuz chaqirim uzoqlikda bo‘lib, menga o‘xshagan piyodalarga, ayniqsa, yig‘im-terim qizigan, qatnovlar kamaygan payti u yoqqa borib kelish mushkuldan-mushkul edi. Chora izlab, boshim qotib, kalovlanib yurgan kezlarim Davrondan taklif chiqib qoldi.
– Yur, ertaga Tanzilani ko‘rib kelamiz. Otamdan “Jiguli”ni bir kunga so‘rab olaman.
Ko‘nglim xijil tortgancha rozi bo‘ldim. Nega undan tuyqus bunday taklif chiqib qolgani ichimga g‘ulg‘ula solardi. Yelib borayotgan mashina derazalaridan namxush shabada emas, yana shubha-gumonlar yopirilib kira boshladi.
– O‘sha sovxozda xolam yashaydi, – dedi “Jiguli”ni chapdastlik bilan boshqarib borayotgan Davron, – borgin, xolang bilan xayrlashib kelgin, deb onam bir haftadan beri garang qilib yuribdi. Oxiri, ko‘ndim. Qaysi kun Uldon chechani ko‘rib qolgandim, Tanzila ham shu yoqda terimdaligini aytib qoldi. Yaxshi bo‘ldi, birato‘la uni ham ko‘rib qaytamiz, xursand bo‘ladi.
Men quvonchdan qiyqirib yubordim.
– E, kalla, darrov shunday demaysanmi? Men ham xolangni yaxshi ko‘raman, duosini olib qaytaman.
Davron ham mamnun iljayib bosh irg‘ab qo‘ydi.
Biz qoq tush payti ko‘zlangan manzilga yetdik. Davronning xolasi bilan diydorlashdik. Mehribon va g‘amxo‘r xolajon bizni tovuq go‘shti solingan dimlama bilan mehmon qildi. So‘ng yo‘l uzoqligini bahona qilib, xola va uning bolalari, nevaralari bilan xayrlashdik.
Quyosh ufq tomon qiyalab qolgan edi. Chor-atrof uch-quyruqsiz dalalar, ekin paykallari. Hammayoqdan qandaydir pishiqchilik isi anqiydi. Yo‘llar, ko‘cha-ko‘ylar kimsasiz, jim-jit. Hoynahoy, barcha paxta yig‘im-terimi bilan andarmon bo‘lsa kerak. Sertuproq yo‘l bo‘ylab tag‘in yarim soatlar chamasi yurib, Tanzilalar paxta terayotgan paykal boshiga yetdik.
Zardobtus, ko‘z ilg‘amas yerlargacha cho‘zilib ketgan paykalda oqargan, qizargan, qoraygan sharpalar to‘zib yurardi. Bizdan ancha narida tushlikkacha terilgan paxta yuklangan traktor tirkamasi, bir necha yengil mashina baland qayrag‘och shox-shabbalari aro g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi.
Bizning “Jiguli”ga ko‘zi tushgan terimchilar qiyqirishgan ko‘yi qo‘l siltashdi. Ba’zilari etaklarini yelkaga tashlab shu tomonga yura boshladi.
– Voy-bo‘y, hammasi qizlar ekan, – dedi Davron paykalga sinchiklab ko‘z tashlab. – Chuvullashini qara-ya.
Men ariq labidagi tosh-tuproq ustiga sakrab chiqdimu qo‘limni karnay qilib qichqirdim.
– Tanzila-a-a! Tanzila kerak bizga!
Besh-olti terimchi birvarakayiga biz tomon chopqillab kela boshladi.
– Nima balo, hammasi Tanzilami bularning, – deb po‘ng‘illadi Davron.
Uzun-keng kiyimlar kiyib, boshlarini oppoq surp ro‘mol bilan o‘rab olgan qizlar chuv-chuvlashgan ko‘yi yonimizga yetib kelishdi. Kelishdiyu, boshlaridagi ro‘mollarini yechib, hiring-hiring kulishib, bir-birlarini sirli turtkilashib ariq labida turib qolishdi. Ular orasidan ajralib chiqqan Tanzilani arang tanidik. Yuzlari qorayib, lablari po‘st tashlab, qomati qandaydir to‘lishib qolibdi. U qiyofasi qandayligini yaxshi bilsa kerak, uyalib, qimtinib yonimizga keldi.
– Assalom…
– E-he-e, – dedi Davron qiz bilan qo‘l berib ko‘risharkan, – kinolardagi xizmatkor qizlarga o‘xshab qolibsan-ku.
Men unga norizo ko‘z tashlab qo‘ydim. Chunki Tanzila shu ahvolda ham men uchun hamma qizlardan go‘zal va latofatli edi.
– Sizlar ham juda ochilib ketibsizlar, – dedi ariq labidagi sho‘x qizlardan biri, kepka qo‘ndirib olgan taqir boshlarimizga ishora qilib.
Hammalari qah-qah otib kulib yuborishdi. Tanzila ham qavargan lablarini qo‘li bilan yashirib jilmaydi.
– Qalaysan, Tanzila? – deb men ham u bilan so‘rashgan bo‘ldim, – charchamayapsanmi? Mana, sen bilan xayrlashgani keldik.
– Armiyaga ketyapsizlarmi? – deb so‘radi qiz boshlarimizga zimdan ko‘z tashlab qo‘yib.
– Ha, shanba kuni jo‘naymiz.
Shu payt o‘sha traktor tirkamasi turgan tarafdan ikki militsioner rezina tayoqlarini ko‘z-ko‘z qilib biz tomon yurdi.
Men bu yerda, bu holatda ko‘ngil sirlarimni Tanzilaga ayta olmasligimni, u bilan ahdu paymon qila olmasligimni ichimda sezib, yuragim birdan g‘ashlanib qoldi.
– Agar… agar rozi bo‘lsang, xat yozishamiz, – dedim arang.
– Voy, albatta yozishamiz, – dedi Tanzila kulimsirab, – uylaringizdan adresingizni olaman.
Allaqachon ariqdan hatlab o‘tib terimchilar to‘piga o‘zini urgan Davron nelarnidir gapirib qizlarni kuldirardi.
– Ey, bollar, qani, jo‘nanglar bu yerdan, – shu orada yetib kelgan militsionerlardan biri biz bilan so‘rashishni ham ep bilmay, birdan po‘pisaga o‘tdi.
– Armiyaga ketyapmiz, singillar bilan xayrlashgani keldik, – dedi Davron ham qo‘rs bir ohangda. Men uning odatdagidek jazavasi tutib, qo‘riqchilar bilan yoqalashib ketishidan qo‘rqib turardim.
– Bunday bahonalar ketmaydi, salkam bir soatdan beri turibsizlar, qani, jo‘nanglar.
Men shosha-pisha mashina yukxonasini ochdimu, Tanzilaga keltirgan yeguliklarimizni tutqazdim.
– Arzimas narsalar, ye-eb bizni eslab yurasan.
– Bekor ovora bo‘psizlar-da, ovqat ko‘p bizda, – dedi Tanzila andak erkalangan ohangda.
– Xatlaringni kutaman, intizor kutaman, Tanzila.
– Albatta, yozaman. O‘zingizni ehtiyot qiling.
Qiz shivirlabgina aytgan, qandaydir mehr, ayricha bir g‘amxo‘rlik va allanelar aralashib ketgan so‘nggi so‘zlar yuragimning tub-tubigacha uzoq kutilgan malhamday singib bordi. Butun vujudimda harorat, halovat his etdim.
– Qani, qizlar, hamma dalaga, yetar, shuncha vaqt gap sotganlaring, – dedi militsiya xodimi Davrondan uzoqlashishni istamayotgan qizlarga qarata.
Davron qo‘riqchilar tomon bir o‘qrayib qo‘ydi-yu, baraka topgur, bu gal ortiqcha gap-so‘z qilmay, ariqdan yana hatlab o‘tdi. Hartugul, poytaxtdagi uch sutkalik ta’lim-tarbiya behuda ketmaganga o‘xshardi.
Biz quyuq-suyuq xayrlashib, mashinaga o‘tirdik.
– Xay-ir! Oq yo‘l! – guvillashib qolishdi qizlar.
Men Tanzila bilan ahdu paymon qilolmagan bo‘lsam-da, lekin uning o‘sha so‘nggi so‘zlari ta’sirida ichu-tashim yorishib turardi. Davronning ham ko‘zlari porlaydi.
– Zo‘r qizlar ekan, – deydi orzumand bosh chayqab, – hali Tanziladan hammasining adresini olib, xat yozaman. Ayniqsa, anovi Guli degani menga yoqib qoldi.
Men o‘girilib ortga qaradim. Shag‘al to‘kilgan yo‘ldan ko‘tarilgan quyuq chang-to‘zongina izimizdan ergashib kelardi. Bu chang-to‘zon, bu gard-g‘ubor, yaqin yillar ichida hayotimni butkul qoplab olishini men hali bilmasdim.
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 1-son.