– Qadim-qadimdan udum shu, elga biror dard dorisa, oti aytilmaydi, long oraladi, deb qo‘yishadi. Chunki u otini eshitsa, battar kuchayar ekan.
Uch kun avval xotini aytgan shu gap Safarmurod oqsoqolning tuyqus xayolidan kechdi.
“Juda topib gapirdi-da, – deb o‘yladi u miyig‘ida kulib, – aytganlari chin”.
Toshbibi checha horg‘in va ezgin ahvolda eshikdan kirib kelgan, bir paytlar dovruqli chavandoz bo‘lgani bo‘yi-bastidan, lapanglab qadam tashlashlaridan bilinib turgan eriga peshvoz yurdi.
– Ko‘p yuguryapsiz, charchayapsiz, bovasi, – dedi u bezovtalanib.
Oqsoqol xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday ming‘irladi.
– Long kuchayib borayapti. Bugundan hamma qatnovlar to‘xtatildi. Hech kim hech yoqqa chiqmaydi. Long yomon, momosi, long yomon.
– Zarurat bo‘lganki, shunday chora qo‘llashgan.
– Nochor oilalar bor, ular qanday kun ko‘radi endi?
– Davlat qarashar-da.
– Qarashadi, – dedi Safarmurod ishtahasiz non chaynarkan, – lekin qishlog‘ingga qachon son tegadi, Xudo biladi. Bu yog‘i, hokimiyatdan bizga yordam qani deb so‘ray olmayman, to o‘zlaridan biror gap chiqqunicha. Chunki, ko‘rib turibsan, ahvol ancha og‘ir, bunday paytda hukumatni bezovta qilishga ham betim chidamaydi. Lekin nochor ro‘zg‘orlarning holiga beparvo qarashga ham haqim yo‘q. Eh, long yomon, momosi, long yomon.
– Nima qilmoqchisiz unda?
– Bilmadim, boshim qotib qoldi.
– Qishloqdagi jonliroq odamlarni himmatga chaqirsangiz-chi.
– Buning uchun avval o‘zim ibrat ko‘rsatishim kerak, – dedi Safarmurod ovqatdan bo‘shagan kosani nari surib. – Keyin birov-yarimni himmatga chaqirsam bo‘ladi.
– Sizning qo‘lingiz kaltalik qiladi.
– Men… bir xayolga borib turippan.
Toshbibi checha sergaklandi.
– Xay, gapiring-chi.
– Kenjaning to‘yiga deb yig‘ib qo‘yganimizdan oz-moz ehson qilsak, – dedi Safarmurod ming bir istihola bilan, – baribir endi kuzgacha kelin ololmaysan.
Toshbibi checha dasturxon popugini xayolchan o‘ynaganicha ming‘irladi.
– Yig‘laganga qo‘shilib yig‘lashingiz hech qolmadi-da, bovasi. Uch-to‘rt chaqangiz qanchaga ham yetardi.
– E-e, – dadil qo‘l siltadi er, xotini osongina bo‘shashganidan quvonib, – hammasiga emas, eng nochor bir-ikki xonadonga yordam berib turamiz. Eh, long yomon, momosi, long yomon.
Oqsoqol xotini yana aynib qolishidan qo‘rqqanday shosha-pisha o‘rnidan turdi.
* * *
Bir qop un, bir idish yog‘, tag‘in allaqancha mayda-chuyda mahsulotlar tashlab ketganini ko‘rgan domla Xurramovich o‘g‘ri mushukday poylab mulla Mirzaning hovlisiga kirdi.
– Assalo‘o‘m, yaxshilar!
Keltirilgan narsalarni mamnun ko‘zdan kechirayotan jikkakkina chol bo‘sag‘ada temir tishlarini ko‘rsatib irjayib turgan, butun tumanu viloyatda arizabozligi bilan nom qozongan qo‘shnisini ko‘rib ensasi qotdi.
– Keling, hamsoya.
– Vaqtincha qo‘l berib ko‘rishmaymiz, hozir tartib-qoida shunday, – dedi domla o‘zining intizomli fuqaro ekanini ta’kidlamoqchiday, – xapa bo‘maysiz, mulla buva.
– Yaxshi qilasiz, esam, yana qo‘l yuvishim kerak bo‘ladi, – dedi qariya ham bo‘sh kelmay.
Domla Xurramovich mahsulotlarga ishora qildi.
– Bular nima-ey…?
– Nochorlarga yordam ekan, baraka topsin, Saparboy tashlab ketdi, tuvrisi, sal qiynalib turgandik o‘zi.
– Buni qayoqdan olibdi oqsoqol?
– Bilmadim, surishtirmadim, yurtboshimizning, xalqning haqiga duo qilib qo‘ying, balolar tezroq arisin dedi.
– Demak, bu davlatning yordami, – deya Xurramovich o‘zicha mulohaza yuritdi. – Hukumat tang paytda nochorlar uchun katta mablag‘ ajratgan, kecha hokimiyat joylarga tarqatgan, Saparboy ham ulush olgan.
– Xay, bo‘lsa bordir, yurtboshimizga, hukumatimizga ming rahmat!
Domla Xurramovich pixillab kuldi.
– Juda go‘lsiz-da, mulla buva, go‘lsiz. Sizni laqillatib ketibdiyu, Saparingiz.
– Bu nima deganingiz?
– Sizga bundan uch karra ko‘p narsa berishi kerak edi. Aldabdi. Hammaga shunchaginadan tarqatib chiqib, qolganini o‘zi o‘zlashtirmoqchi u.
Mulla Mirza go‘ng pashshani haydaganday qo‘l siltadi.
– Qo‘ying bu gaplarni, sizga yarashmaydi, hamsoya. Berganiga, yetkazganiga shukr!
– Xay, o‘zingiz bilasiz, lekin biz bu masala bilan shug‘ullanamiz, haqiqatni joyiga qo‘yamiz.
Domla Xurramovich dimog‘ida pishqirgan ko‘yi chiqib ketdi.
* * *
Kechga yaqin uyiga qaytgan oqsoqolni Toshbibi checha andak zarda bilan kutib oldi.
– Ashir bilan Saypiga ham aytganingizday qilib berib yubordim, – dedi u dahlizga ko‘rpacha to‘shar ekan.
Oqsoqol o‘zini oqlay boshladi.
– Lop etib ikkovi oldimdan chiqib qoldi, noiloj jo‘natdim.
– Nega noiloj bo‘lasiz? Otangizdan qolgan xazina bormi bu yerda, – deya battar tutoqdi ayol. – Mulla Mirzaga o‘zim ehson qildim, dep tuvrisini aytsangiz bo‘lmasmidi?
– Tuvrasini aytsam, ehson riyoga aylanib qoladi deb qo‘rqdim. Keyin, baribir ular gapimga ishonishmasdi, rahbarlarga arz qilishardi.
– Arz qilsa, qilaverishsin, rahbarlar ham to‘g‘ri tushunar.
– Momosi, – Safarmurod xotiniga iltijoli tikildi, – hozir hukumatni har xil shikoyatlar bilan chalg‘itmaslik kerak, qo‘ldan kelganicha og‘ir vaziyatni yengil qilaylik, long yomon, momosi, long yomon.
Toshbibi chechaning baribir chehrasi yorishmadi.
– O‘zingizdan ko‘ring, endi qutula olmaysiz bulardan, to‘p-to‘p bo‘lib kelishaveradi. Qolqonip muallimga, Ergash akaga deb atab qo‘yganlaringizni anovilarga berib yubordim. Endi bu yog‘iga nima qilasiz, o‘zingiz bilasiz.
Xuddi shu gapni kutib turganday darvoza yonida domla Xurramovich ko‘rindi.
– Assalo‘o‘o‘m, yaxshilar! Kim bor?
Safarmurod istar-istamas unga peshvoz chiqdi.
– Nima gap, domilla, uyda o‘tirmay, nima qilib yuribsiz? Long yomon.
Xurramovich og‘iz-burniga tutgan niqobni iyagiga tushirib qo‘ydi.
– Men ham ulush olgani keldim. Jo‘jabirday jonmiz.
– Sizga ulush yo‘q.
– Nega?
– Bir qo‘ra molingiz bor, katta tomorqangiz bor, uyalmaysizmi, ko‘mak so‘rashga?
– Rais, – deya xezlandi domla, – men sizdan biror nima tilanib kelganim yo‘q, hukumatimizning qonuniy yordamini so‘rayapman.
– Kimga nima bergan bo‘lsam, o‘z hisobimdan chiqim qildim, – deb dangaliga ko‘chib qo‘ya qoldi oqsoqol.
Xurramovich unga bir zum sinovchan – savolchan qarab turdi.
– Tushunarli, demak, hukumat mablag‘lariga ham egasiz, yaxshi, buni bir surishtirib ko‘ramiz.
– Domilla, uyingizga boring, bu yerda ko‘p turmang, long yomon.
Xurramovich nopisand tirjayib tashqariga chiqib ketdi.
Safarmurod uning ortidan xomush qarab qolarkan, qorachiqlari bir zum xira tortganini, yuragida, orqa kuragi ostlarida qandaydir sanchiq turganini sezdi. Shu og‘riq, behollik kechki taom payti ham, keyin televizorga parishon tikilib o‘tirgan chog‘i ham tark etmadi.
– Momosi, bugun sal ertaroq cho‘zilay, – dedi u ichkari xona tomon jo‘narkan.
Shu payt qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Oqsoqol istar-istamas telefon ekraniga ko‘z tashladi. Tashladiyu tuman hokimi o‘rinbosarining ism-sharifiga ko‘zi tushib shosha-pisha qulog‘iga tutdi.
– Alyo, assalomu…
Safarmurodning salomi ham og‘zida qoldi.
– Ey rais, qanaqa odamsiz o‘zi, – nogoh qahru g‘azab sochildi narigi tarafdan, – nega xalq orasida vahima qo‘zg‘ab yuribsiz?! Tafsilotlarni saharlab borib aniqlashtiraman! Lekin siz egallab turgan joyingizga noloyiqsiz.
– Men haligi…
Safarmurod gapirishga ulgurmadi. Aloqa uzildi. Dahliz o‘rtasida qaqqayib turgan oqsoqolning qo‘lidan telefon apparati tushib ketdi. O‘zi ko‘ksini changallagan ko‘yi devorga arang suyanib qoldi. So‘ng sirg‘alganicha ko‘rpacha ustiga quladi.
* * *
U g‘ira-shira hushiga keldi. Yumshoq to‘shak ustida yotganini, qo‘liga tomchi dori moslamasi ulanganini sezdi. Ammo qaboqlari shu qadar og‘ir ediki, harchand urinsa ham ko‘zlarini ocholmadi. Qulog‘iga elas-elas tovushlar eshitildi.
“Oqsoqolning tobi qochib qolganini aytdim, tushuntirdim”. Bu ovoz ayoliniki edi.
“Bo‘ldi, qishloqqa ajratilgan yordamni o‘zim opkelaman”. Bu uchastka militsiya nozirining tovushi edi.
Yana ayolining shikasta sasi eshitildi:
“Anovi darvoza ortida turgan hamqishloqlarni uy-uyiga jo‘natib yuboring, iltimos, kasal ko‘ramiz deb ertadan beri turishibdi, mening gapimga ko‘nishmayapti”.
“Bo‘ldi, hozir hal qilaman”.
Qadam tovushlariga qaraganda uchastkavoy chiqib ketdi.
Safarmurod bilagiga qadalgan ignani kimdir sug‘urib olganini sezdi. Bir amallab qovoqlarini ko‘tardi. Oq qalpoq, oq libos kiygan shifokorni g‘ira-shira ilg‘adi. Shifokor ham bemorning ko‘z ochganini payqadi.
– E-e, rais buva, – dedi u jilmayib, – shunday qiling-e, juda qo‘rqitib yubordingiz odamni.
Toshbibi checha ilkis intilib erining tepasiga engashdi. Ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh aylanardi.
– Bovasi… – dedi arang.
– Qayerdaman, – pichirladi Safarmurod quruqshoq lablarini yalab.
– Uydasiz, bovasi, uydasiz. Markazdan do‘xtir kelgan, Normurod do‘xtir. Kechadan beri boshingizda dori berib o‘tiribdi.
– Men ham anovi… longga chalindimmi?
– E-e, Xudo saqlasin, – dedi Normurod do‘xtir bemorning boshiga engashib. – Kunu tun tinmaysiz, biroz toliqibsiz, insultni oyoqda o‘tkazib yuboribsiz.
– Insult deysizmi?
Toshbibi checha shosha-pisha shifokorni qo‘llab-quvvatladi:
– Ha, shunday, bovasi, oyoqda o‘tkazib yuboribsiz, dam oling desak gapga kirmaysiz.
– Insult bo‘lsa, yaxshi, Xudoga shukr, – mamnun pichirladi Safarmurod oqsoqol. – Long yomon, momosi, long yomon.
Uning yuzlariga rang, lablariga tabassum yugurganday bo‘ldi.
“O‘zAS”dan olindi.