Karimberdi To‘ramurod. Jalasoyga muxbir keldi (hikoya)

1

Jalasoyni kichkina qishloq demang, ko‘zingizga do‘ppidekkina ko‘ringani bilan kunchiqari Shulluklidan kunbotari Kelingo‘zargacha, kungay beti Qozonariqdan tungay beti Shomqochdigacha Jalasoyning yerlari.
Jalasoyni andak-mundak qishloq ham demang, birodar, Jalasoydan yozuvchi chiqqan. “O‘zingniki o‘zagingni yeydi”, deganlaridek, hozircha faqat o‘zimizning jalasoyliklarni yozib yurgani bilan ko‘rasiz, hali bir kuni Toshkondan ham chiqadi yozganlari.
Nima deysiz, bizning Jalasoyga xuddi ana shu Toshkondan muxbir keldi. Hammani choyxonaga yig‘di.

2

− Zamon o‘zgardi, − dedi gapni tepadan olgan muxbir. – Endi anavi raykom bobolarning, rais bobolarning zamoni o‘tdi.
− Ih, − deb qo‘ydi Rais bobo. – Toshkondan kelgan muxbir maylis qilsa, bama’ni maylis bo‘lar desam, bunisi ham bizlarga osildi-ku?
− Siz gapimni bo‘lmay turing, − davom etdi muxbir. – Endi zamon ishbilarmonniki, endi zamon tadbirkorniki. Yurt og‘alari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaymiz, deb turibdi. Tadbirkorlikka keng yo‘l, deyishayapti. Bizga ham qishloq joylardagi ishbilarmonlar, tadbirkorlar haqida yozing, ularni el tanisin, bilsin, deyishayapti. Qani, sizning qishlog‘ingizda ham tadbirkorlar bormi? Bo‘lsa, aytinglar, ular haqida katta ocherk qilamiz, ular mashhur bo‘lib ketishadi.
− Ha, Shahobiddinimizni yozar ekan, − dedi Dov bobo kerilib. – Oynali do‘kon shu bizning o‘g‘ilda bor-da.
− Yo‘q, Shahobiddiningizniki davlatning do‘koni, bular chasnini yozadi, demak, Bahodirni yozar ekan, − dedi mulla Safar bobo. – Jalasoyda birinchi bo‘lib eski avtobusni topib kelib, yo‘l chetiga o‘rnatib, ichiga do‘kon ochgan shu.
− Ha, yashang, shu Bahodirni yoki Dilshodni yozadi, Dilshod ham yaxshi do‘konchi, − suhbatga qo‘shildi choyxona egasi Habibulla aka. – Shoshmanglar, balki Sulton qassob bilan Barot qassobni ham yozsa bo‘lar?
− Do‘konchilaring bo‘lmaydi, hammasi aroq sotadi, qassoblaring ham bo‘lmaydi, ularning ishi tadbirkorlikka kirmaydi, muxbir bola sizlardan tadbirkor bormi, deb so‘rayapti, − dedi Rais bobo. – Bor ana shunday tadbirkor. Hozir hammangning kuningga yarayotgan kim? Bu elektrning yo‘qligida hammangni o‘zi yonar chiroqchalar bilan ta’minlayotgan kim? Gazning yo‘qligida, ko‘mirning yo‘qligida hammangni qirindi pechka bilan ta’minlayotgan kim? Ha, barakalla, Ashur muallim. Ana, hozir hammang maylisbozlik qilib o‘tiribsan, Ashur muallim maylisga ham kelgani yo‘q, tadbirkorligi bilan band. Hov, Pattaqulning o‘g‘li, sen muxbir amakingni to‘g‘ri Ashur muallimning qo‘shma korxonasiga olib bor. Qolganingga javob, borib ishingni qil hammang!
Muxbir “Rais bobolarning zamoni o‘tdi”, deganiga pushaymon bo‘ldi, Rais boboning bir og‘iz gapi bilan bir choyxona odam tarqadi-ketdi.
− Yuring uka, meni o‘sha Ashur muallim degan tabdirkornikiga olib boring, − dedi uning og‘zini poylab o‘tirgan Fattohqul akaning o‘g‘liga.

3

Ashur muallim hovlisida bir usta yigit bilan yuz litrlik eski bir bo‘chkadan pechka yasab turgan ekan.
− Sizlarnikiga Toshkentdan mehmon olib kelayapman, − dedi hovliga muxbirni boshlab kelgan Fattohqul akaning o‘g‘li. – Muallim, siz haqingizda gazetaga yozgani kelibdi.
Ashur muallim shoshib qoldi.
− Siz boravering, ertaga kelasiz, − deb ustaga javob berib yuborgan Ashur muallim qo‘lini yuvib, mehmon bilan ko‘rishdi. – Qani mehmon, ichkariga kiramiz!
Mehmonni mehmonxonaga olib kirar ekan, xotiniga ovoz berdi:
− Poti, choy opke, mehmon keldi! Ovqatga ham unna, mehmon Toshkenti azimdan kelibdi, ochiqib qolgan chiqar.
− Urgutda tushlik qilib oluvdim, − dedi muxbir.
− E, Urgutda yegan ovqatingiz bizning Jalasoyga kelguncha tushib ketadi, − kuldi Ashur muallim. Yo‘llarni ko‘rgandirsiz, shalog‘i chiqib ketgan? “Damas”da keldingizmi? Olib otaverib, ichingizni to‘kib tashlagandir?
− Chidasa bo‘ladi, − deb qo‘ydi muxbir. – Ammo ta’mirlash kerak ekan.
− Shu, Qoshi qoraning zamonida bir ta’mirlangandi, shungayam ellik yil bo‘ldi-yov? − dedi Ashur muallim. – Shundan beri birov qaramaydi bu yo‘lga.
Ashur muallimning xotini choy, patnisda shirinliklar olib keldi, dasturxon yozdi.
− Keling, mehmon? – Ashur muallim muxbirga savol nazari bilan qaradi. – Tinchlikmi, ishqilib? Birontasi ustimdan yozibdimi? Ammo aytib qo‘yay, men qonunni buzadigan biron ish qilganim yo‘q.
− Hech kim ustingizdan yozgani yo‘q, − dedi muxbir. – Men muxbirman. Ishbilarmonlar, tadbirkorlar haqida maqola yozgani kelganman. Qishloqdoshlaringiz eng katta tadbirkorimiz shu kishi, deb sizni aytdilar. Shunga siz haqingizda maqola yozgani keldim.
Ashur muallim to‘rdagi taxmonda yig‘ib qo‘yilgan ko‘rpalar qatiga qo‘lini suqdi va ikki bog‘lam pulni olib, muxbirning oldiga qo‘ydi.
− Uka, mana shuni oling-da, bir nima yozmay qo‘ya qoling!
− Siz meni tushunmadingiz, − dedi muxbir. – Men sizni yomonlab yozgani kelmadim, sizning ishlaringizni maqtab yozgani keldim.
Ashur muallim ko‘rpalar qatidan yana ikki bog‘lam pul oldi. Ularni ham muxbirning oldiga qo‘ydi.
− Uka, keling, shu maqtab ham yozmay qo‘ya qoling!
Muxbir pullarni o‘zidan nari surdi.
− Nega tushunmaysiz? Men siz haqingizda ijobiy maqola, ocherk yozmoqchiman. Buning hech qanaqa yomon tomoni yo‘q.
Muxbir Ashur muallimga o‘zining yaxshi niyatda kelganini tushuntirguncha Ashur muallimning xotini bitta xo‘rozni so‘yib, uni qovurib kelishga ham ulgurdi. Ana shu xo‘roz qovurmani yeb bo‘lishgandan keyingina gaplari qovushdi. Kim biladi, gapni qovushtirgan boshqa narsadir, Ashur muallimning o‘g‘li Bahodirning do‘koniga bir chiqib kelganday bo‘luvdi…

4

− Hammasi Eshmon svetchining urib, boshini yorganimdan boshlanuvdi, − deb intervyu berishni boshladi Ashur muallim. – O‘zi qishloqqa shu keyingi yigirma yildan beri svet kelmaydi.
− Elektr toki, − Ashur muallimning gapini to‘g‘rilab qo‘ydi muxbir.
− Ha, shu elektr toki yigirma yildan beri kelmaydi. Ammo xotin ikkalamiz ham muallim edik, har oy oyligimizdan oldin ellik ming so‘mdan olib qolishardi. Keyin yo‘q svetga, ya’ni elektr tokiga deb, yuz ming so‘mdan olib qoladigan bo‘lishdi. Yuz ming so‘mdan elektr tokiga, yuz ming so‘mdan gazga. Oxirgi marta gaz kelganda ana shu Qoshi qora tirik edi.
− Brejnevni aytasiz-da? – aniqlik kiritmoqchi bo‘ldi muxbir.
− Shunday. Xullas, bir kuni shu Eshmon svetchi “Elektrdan bir yarim million so‘m qarzingiz bor ekan, to‘lab qo‘ying!” deb keldi. “Eshmon svetchi, esing bormi o‘zi? Sen ham shu qishloqda yashaysan-ku, og‘zingga qarab gapir, qishloqqa svet kelmasa, katta xolangnikidan oldingmi buncha qarzni?” dedim. Bir oy o‘tib, yana keldi. Nima deydi deng? “Qarzingiz uch yarim millon bo‘libdi, to‘lab qo‘ying!” emish. “Enag‘ar Eshmon svetchi, bir oy oldin bir yarim million deganding, bir oyda ikki million qo‘shildimi? Mening svet bilan ishlaydigan zavodim bormi?” dedim. Yoqasidan olib, idorasiga sudrab bordim. Er-xotin davlatga to‘lab qo‘ygan pullarimizning kaptansalarini ko‘rsatib, hisob-kitob qildirsam, “Dehqonobod elektr tarmoqlari” degan idora bizdan yetti million so‘m qarzdor ekan. “Endi ham qarzdorsiz, deb borsang, boshingni yoraman”, dedim Eshmon svetchiga. Ikki oy o‘tmasdan “Mesh million so‘m qarz bo‘libsiz, hech bo‘lmasa, yarmini to‘lang”, deb keldi-da. “Yarmini to‘lasam, nima qilasan?” dedim. “Yarmini naqd menga to‘lasangiz, qarzingizni o‘chirib yuboraman, qarzdor bo‘lmaysiz”, dedi. O‘zi ko‘rib turibdi, qishloqda svet yo‘q, founs yoqib o‘tiribmiz. Qo‘limga fonusni oldim-u, “Svetga to‘layinmi?” dedim. “Ha, svetga”, dedi. “Mana shu svetgami?” dedim. “Qaysigaligining menga farqi yo‘q”, dedi. Fonus bilan kallasiga soldim. Naqd ikki bo‘lak bo‘ldi-yov kallasi. Eshmon svetchi bilan bir-ikki oy sudlashdik. Aytgan pulini unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar sifatida to‘ladim. Shundan keyin idorasining kattasini chaqirib, svetning simlarini kestirib tashladim. Gaz idorasining kattalarini chaqirib, gaz quvurlarini ham kestirib tashladim.
− Shundan keyin elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlardan qutuldingizmi? – so‘radi muxbir.
− Yaraga tuz sepadigan muxbir ekansiz-a? – dedi Ashur muallim. – Eng qizig‘i, shugndan keyin ham oyligimdan ikki yuz ming so‘mdan olib qolavergach, maktabning kattalaridan ham arazladim. Ishdan ketdim. “Ana endi ham mendan pul olib ko‘ringlar-chi?” dedim. Ammo yangangiz pensiyagacha ishlay, deb maktabdan ketmadi, ana, haligacha oyligidan ikki yuz ming so‘mdan ushlab qolishadi. Bo‘lmasa, RayONOdagilar ham bilishadi, men anovi idoralar bilan tortishib, gazni ham, svetni ham uzdirib tashlaganimni. “Baribir oyligingizdan ushlaymiz, tepaning ko‘rsatmasi shunday”, deydi mudir.
Bu orada Ashur muallimning ayoli Fotima opa meva-cheva olib kirib, intervyu bo‘lindi.

5

− Endi tadbirkorlikni qanday boshlaganingizni aytib bering, − gapni o‘zinin qiziqtirgan tomonga buradi muxbir.
− Endi bizniki siz muxbirlar aytadigandek, orzu yo havasdan boshlangani yo‘q, − dedi Ashur muallim. – Bizniki achchiq bilan boshlandi. Elektr tarmoqlari degan idora bilan tortishib qolganimdan keyin sizlar aytmoqchi, “Muqobil elektr energiyasi”ni axtardim. Bu ishga xitoyliklar usta ekan. Avvaliga ularning svet yonganida biror soat tokka ulab qo‘ysang, bir sutka uyni yoritib turadigan osma fonarlarini olib keldim. Odamlar biram oldi, biram oldi-ey! Har hafta mingtagacha olib kelaman, hammasi ketadi. Keyin bu matoh ham o‘tmay qoldi. Chunki qishloqqa svet bir soat ham berilmay qoldi-da. Ana shunda jonimga yana xitoyliklar oro kirdi. Xitoylik balo ekan, bizdagi ahvolni tinmay o‘rganib turishadi, shekilli, elektr toki bo‘lmasa ham yonadigan fonarlar ishlab chiqara boshlashdi. Ulardan batareya yordamida uzoq yonadigan fonarlarni olib kelib sotishni yo‘lga qo‘ydim. Xalq biram oldi, biram oldi-ey!
− Ammo ularning batareyasi tez tamom bo‘lib qoladi-ku? – dedi muxbir.
− Ana, o‘lmang, ana shu tomoni pand berib, bu matohga ham talab susaydi. Xitoylik buni ham sezdimi, deyman, batareyasiz ham yonadigan chiroqlarni ishlab chiqarishni boshladi. Men endi ana shunaqa fonarlarni olib kelib sotishni yo‘lga qo‘ydim. Kunduzi quyosh nuri tushib turadigan yerga qo‘yib qo‘ysangiz, bo‘ldi, oqshomi bilan fonarni yoqib, kitobni o‘qiyvering! Ana bunaqa fonar xalqning dilidagi narsa bo‘ldi. Xalq biram oldi, biram oldi-ey! Ana, kuni kecha Xitoydagi sheriklarim shunaqa fonarlardan yana besh mingtasini yuborishibdi.
− Bu fonarchalar yordamida bemalol kitob o‘qisa bo‘ladi, dedingiz, demak xalqimizni kitobxon qilishda ham bu fonarchalarning ahamiyati katta ekan-da? – dedi muxbir.
− E, nimasini aytasiz? Ishqilib, qishloqqa svet bermay turishsa, bo‘lgani. Svet kelsa, yoshlar yoppasiga televizor ko‘radi. Hammasi korey seriallariga mubtalo bo‘lgan endigi yoshlar. Kim biladi, balki bu dardga televideniye rahbarlari chalingandir. Xotinlarni aytmaysizmi, hammasi televizorga yopishib, “Ishani” ko‘rishadi. Svet bo‘lmagani yaxshi. Ham bizning savdo yurishadi, ham yoshlar bizning fonarchalar yorug‘ida kitob o‘qishadi. Ana, o‘zimning kenjam, kecha “O‘tgan kunlar”ni o‘qib bo‘libdi. Kollejda o‘qiydi. Biz bu kitobni yettinchi sinfda o‘qigan edik.
− Bu boradagi kelgusi rejalaringiz qanday? – so‘radi muxbir.
− Rejalarim katta, − dedi Ashur muallim salgina gerdayib. – Yilning oxirigacha Urgut tumanini quyosh batareyasi yordamida ishlaydigan fonarchalar bilan to‘liq ta’minlamoqchiman. Yana bir yaxshi niyatim bor. Xalqimiz dunyoda bo‘layotgan ishlardan bexabar qolib ketmasin, degan niyatda Xitoydagi hamkorlarimga o‘n mingta quyosh batareyasida ishlaydigan radiochalar buyurtma qildim. Dastlabki ikki mingtasini yuborishdi. E, odamlar biram olayapti, biram olayapti-ey! Hammasining qulog‘ida bizning radiocha. Bir-biriga yangiliklarni aytganini ko‘rsangiz. “Eshitdingizmi, endi biz kattalarga emas, kattalar bizga xizmat ko‘rsatisharkan”, deydi bittasi. “Xalq bizdan rozi bo‘lsin, deyishayapti, endi ishlarimiz yaxshi bo‘lib ketadiganga o‘xshaydi”, deydi boshqasi. “Endi tuyalar dumi uzun-uzun bo‘lib tug‘ilayapti emish”, deydi rais bobo bu gaplarga kulib qo‘yib, ammo o‘zi xalqaro yangiliklarga quloq soladi. “Shu Trapmni saylib, amerikaliklar adashdi-yov, u sog‘ emas”, deydi Rais bobo. “Eshitdilaringmi, Suriya ham tinchiyotgan emish”, deb qoladi ba’zida.
Fotima opa “Choylaringizni yangilab beray”, deb kirib, Ashur muallimning intervyusi uzilib qoldi.

6

− Gaz quvurlarini uzib tashlagan bo‘lsangiz, uyni qanday isitayapsiz? – so‘radi muxbir.
− Ha, yashang, ana endi asosiy savolni berdingiz, − dedi Ashur muallim. – Aslida, bizning tadbirkorlik ham ana shu gazdan, aniqrog‘i, gazning yo‘qligidan boshlandi. Nima qilsak, uyni kamxarajatroq isitar ekanmiz, deb ko‘p o‘ylandim. Chunki, haligi gap, gazning hidi ham yo‘q. Ko‘mirning narxi osmonda. Qoshi qaroning zamonida mashina bilan olib kelib ag‘dargan ko‘mirfurushlar endi ko‘mirni xaltalab, kilolab sotishdan or qilishmayapti. Ko‘mir olganing bilan uning ham o‘zi yonmaydi. Tagiga o‘tin qalash kerak. Anovi, ikki ming yettimidi, sakkizmidi, xullas, qish qattiq kelgan yili dasht tomonda tikka turgan daraxt qolmadi, barini odamlar kesib yoqdi. Yuz yillik tutlar ham kesilib ketdi o‘shanda. Hovlilardagi darxtlarini, toklarini kesib, o‘tin qilib yoqdi o‘shanda odamlar.
− Ha, o‘shanda qish juda qattiq kelgandi, − ma’qulladi muxbir. – Otam bu qishni 1969 yilning qishiga mengzagan edi.
− Ana shunda mening kallam ishlab qoldi-da, − dedi Ashur muallim. Pattaqul ustani olib kelib, eski bo‘chkadan bir pechka yasatdim. Ichiga yog‘och-taxta ustaxonalarida bosilib yotgan qirindilardan olib kelgan qipiqni to‘ldirib, ozgina kerosin sepib, yoqib qo‘ydim. Bir bo‘chkasi uyni ertalabgacha isitdi. Keyin shunaqa pechkalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Pechkamizga usta Pattaqul bilan maslahat qilib, “QP-2008” deb ot qo‘ydik.
− Nega otini “QP-2008” qo‘ydingiz? – so‘radi muxbir.
− Qirindi pechka, degani-da, − kuldi Ashur muallim. – 2008 uning ixtiro qilingan yili.
− Bu ixtirongizni ham ham xalq yaxshi qabul qildimi?
− E, xalq “QP-2008”ni biram oldi, biram oldi-ey! Haligacha buyurtma ustiga buyurtma tushib turibdi. Urgut tumani qishloqlarini “QP-2008” bilan ta’minlab bo‘ldik, hozir qo‘shni Tayloq, Samarqand, Jomboy tumanidagi qishloqlarning aholisiga ham ko‘p miqdorda “QP-2008” pechkalarini yetkazib bermoqdamiz.
− Bu pechkalarning qulaylik tomonlarini bildik, − dedi muxbir. – Uning noqulay tomonlari ham bormi?
− Afsuski, bor, − dedi Ashur muallim. – Avvallari ustaxonalarda, “pelarama”larda uyulib yotgan, shunchaki yoqib yuborilgan qirindi, ya’ni apilkalarning narxi ko‘tarilib ketdi. Oldin so‘rab borsak, ustaxonasini tozalab berganimizga xursand bo‘lib, tekin berib yuborgan, ustiga duo ham qilgan ustalar, yog‘och kesuvchilar endi qirindining bir mashinasini bir million so‘mga sotishayapti. Biz ham qarab turganimz yo‘q, korxonamizda arzon qirindi ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ydik. Aholidan yaroqsiz yog‘och buyumlarni olib, ularni qayta ishlab, ya’ni qirindi holiga olib kelib, yana aholining o‘ziga arzon narxlarda yetkazib berayapmiz.
− Ashur aka, korxonangizda necha kishi ishlaydi? – so‘radi muxbir. – Hozir yoshlarga ishchi o‘rni yaratish masalasi ko‘tarilgan, korxonangizdagi ish o‘rnini mahalla yoshlari hisobiga kengaytirish borasida rejalaringiz qanaqa?
− Hozircha qo‘shma korxonamizda o‘zimizning mahalladan ikkiga yaqin kishini kishini ish bilan ta’minlaganman, − dedi Ashur muallim. – Bu yil ishchilarim sonini mahalladaga kollej bitiruvchilari hisobiga ikki baravar oshirishni rejaga kiritganman. Usta Pattaqulning o‘g‘li qishloqdagi kollejning huquqshunoslik bo‘limini bitirayapti, shu bolani otasining yoniga ishga olmoqchiman. O‘zi shu bolaning ancha qo‘li kelib qolgan “QP-2008” pechkarini yasashga. O‘zimiz kejani ham uning yoniga qo‘shsak, ishchilarimizning soni hozirgidan uch baravar oshib turibdi-da, muxbirjon.
− Yaxshi. Men endi boray, − o‘rnidan qo‘zg‘aldi muxbir. – Mazmunli suhbatingiz uchun sizga katta rahmat, kelgusi ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman, sog‘ bo‘ling!

7

Muxbir kelib ketgani Ashur muallimning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shib yubordi. Ashur muallim Xitoydagi hamkorlaridan quyosh batareyalari yordamida ishlaydigan mitti televizorlarga buyurtma berdi.
− Jalasoyliklar ham dunyoda bo‘layotgan ishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak. Axir jalasoyliklar ham hech qachon hech kimdan kam bo‘lmagan. Bu qishloqdan tarixda zo‘r bosmachilar chiqqan. Kerak bo‘lsa, Usta bobo, Rabbim chol, Dona muallim, Xo‘jaqul bobolar urushda Berlingacha borgan, − dedi Ashur muallim choyxonaga chiqqanda. – E, hech kimdan kam bo‘lmaydi ham, kerak bo‘lsa, o‘zimizdan yozuvchi ham chiqqan.
Ana shunday. Jalasoyni andak-mundak qishloq demang, birodar, bu qishloqdan tadbirkorlar ham chiqqan, kerak bo‘lsa!