O‘zini topmay kezar.
Adashar o‘zining oppoq jismida.
Shamol shunday esar.
Federiko Garsia LORKA
Shomga yaqin edi. Bahorning ilk yakshanbasi. Dam olish kunini faqat bir mashg‘ulot bilan o‘tkazayotgan Saydali sehrli ohanglar tugashi bilan magnitofonni o‘chirdi-da, oshxonaga o‘tdi. Kechki ovqatga non yo‘q edi. Derazadan tashqari qaradi: kun hali yorug‘.
Saydali uy pod’ezdidan chiqib kelganda ko‘chada tumonat odam edi. Asosan xotin-xalaj, qiz-juvonlar. Bir-biriga gal bermay gap sotadi. Shaqirlab kulayotganlari qancha. Ulardan sal nariroqda, Qo‘qonning do‘ppisidek keladigan bolalar o‘ynaydigan maxsus maydonchada bir gala qizaloq baqir-chaqir qilib halinchak uchmoqda. Saydalining birinchi qavatda yashaydigan Farhod aka degan qo‘shnisi bor. Bu odamning ikkita mashinasi bo‘lib, qimmatrog‘ini uyidan nariroqda, o‘ziga qarashli garajda saqlaydi. Kunda tindirmay haydab yuradigan ikkinchi «to‘lpor» uchun esa shundoqqina balkonining tagiga tsement to‘shab, gir atrofini temir panjara bilan o‘rab, qo‘lbola ochiq «garaj» qurgan. Saydali ana shu «garaj» yonidan o‘tayotib taqa-taq to‘xtadi. Xuddi ko‘ksiga xanjar qadalgan jangchidayin ilkis joyida qotdi. U ko‘rdi: uch nafar bola, olti-etti yoshlardagi uch o‘g‘il bola Saydali nazdida nomaqbul yumush bilan band edi. Bolalar «garaj» ostonasiga bir nechta to‘rtburchakli katakchalar chizib, yapaloq toshni ularga navbatma-navbat tashlab, so‘ng goh o‘ng, goho chap oyog‘ida sakrab, qoidaga ko‘ra, kezi kelganda qo‘shoyoq bo‘lib sapchiydi. Otilgan yapoloq toshga yetib borar, so‘ng uni yo o‘ng, yo chap oyog‘i bilan, ikkinchi oyog‘ini ortga ko‘tarib bukkan holda surib, kataklar bo‘yicha yurgizar edi.
Bu o‘yinni «makushka», «mak-mak» deb ham atashadi.
Saydali bir muddat turgach, «garaj» panjaralariga yaqinlashdi. Bir chimdim qahr aralash bolalarga buyruq berdi:
— Hoy, buyoqqa kelinglar-chi!
Uchovlon duv etib Saydaliga qarashdi. O‘yinni to‘xtatishdi. Saydalining g‘azab to‘lib turgan qovog‘iga tikilgancha go‘yoki qandaydir noxushlikni sezganday sergaklik bilan yaqin kela boshlashdi.
— Isming nima? — so‘radi Saydali ular ichidagi qoruvliroq, baroqqosh, sarg‘ish yuzli bolaga qarab.
— Me-e-ningmi? — dedi bola hadik quv ichida xuddi bir ayb qilib qo‘yib, kechirim so‘rashga chog‘langan odamday dovdirab. — Ismim Yoqubjon…
— Seniki-chi? — so‘radi Saydali ikkinchi bolaga yuzlanar ekan.
— Buning ismi Diyor! — jo‘rasining o‘rniga ham javob berib yubordi qoruvli Yoqubjon. So‘ng keyingi savolni kutib o‘tirmasdanoq uchinchi bolani tanishtirdi: — Manavi esa Botir!
Yoqubjonning hozirjavobligi va dadilligi Saydalini jindek hovuridan tushirganday bo‘ldi. Biroq ahdidan qaytarolmadi. U biror jiddiy gap aytmoqchi bo‘lsa, har doim dangal yo‘lni tanlardi. Gaplarini lag‘mondan cho‘zib o‘tirmasdi, shartta-shartta aytardi. Hozir ham u odatiga binoan darhol muddaoga o‘ta qoldi:
— Menga qaranglar, Yoqubjon, Diyorboy, Botirbek! Bugundan boshlab bu o‘yinni umuman o‘ynamanglar, xo‘pmi?
Tabiiyki, Saydalining tomdan tarasha tushganday dabdurustdan nega bunday deb qolganiga bolalarning hecham aqli yetmadi. Bir-biriga savol nazari bilan qarashdi. So‘ng, kutilmaganda:
— Nega? — deya birvarakayiga savol berishdi.
— Chunki bu qizlarning o‘yini. O‘g‘il bolalar o‘ynasa uyat bo‘ladi.
— Shu o‘yinga qiziqamiz-da, — dedi boyadan buyon miq etmay turgan Botir o‘ychanlik bilan.
— Qiziqsang ham o‘ynamaysan! — cho‘rt kesib ogohlantirdi Saydali. — Qiziqsang, ana, o‘g‘il bolalar o‘yiniga qiziq. Futbol o‘yna, xivichu tayoq minib, ot-ot o‘yna, hech bo‘lmasa bekinmachoq o‘yna! Lekin buni o‘ynaganlaringni boshqa ko‘rmayin!
Qo‘shni bolalar avvaliga bir necha soniya jim qotishdi. Saydalining vajohatidan qo‘rqishdimi yo gapni anglab yetib, mag‘zini chaqqanday bo‘lishdimi, ishqilib, bir paytda jo‘rovozlik qilishdi:
— Xo‘p bo‘ladi!
Saydali bolalarning har birining, ayniqsa Yoqubjonning ko‘ziga yaxshilab sinovchan tikildi-da, yo‘liga ravona bo‘ldi.
«Baribir «makushka» o‘ynashadi»
Magazinda non olayotganda ham, kechki ovqatni tanavvul qilayotganda ham, dushanba kungi ishlarini rejalashtirayotganda ham shu fikr unga tinchlik bermadi. Ana, chakka tomirlari bo‘rtib, yaqqol ko‘rinib qoldi. Odatda asabiylashsa, shunday bo‘ladi. Qon bilan kirgan xislat bo‘lsa kerak-da. Saydali og‘ir gavdasini yana karovotga tashladi. Titrab ketayotgan ko‘rsatkich barmog‘i magnitofon tugmasiga cho‘zildi. Bizga tanish sehrli kuy to‘xtagan joyidan davom etadi. Mumtoz kuy. Do‘mbira sasi. Baxshining yo‘g‘on esa-da, shirali, do‘rillagan ovozi bizni bir fursat maftun etib, jozibasi quliga aylantiradi. Siz-u biz Saydali bo‘lib, Saydali esa bizga aylanib, dostonga quloq tutamiz.
Baxshi esa «Alpomish»dan oladi!
«… Alqissa, Alpomish Boychiborni asta-asta haydab Oqsuv daryoning ko‘ziga sayoz ko‘ringan joylaridan o‘tib ketdi.
Shu haydashdan qistab otdi, chataniga qamchi chotdi, qamchi qursin simday botdi, jonivor Boychibor o‘zini sermab otdi, soyu qirdan oshib o‘tdi, qarang Alpomish vallomatdi o‘tdi, vaqt kun botdi, holsirab lablari botdi, ertalab yana tong otdi, jeldirab-jeldirab Oqdobon tepaga jetdi.
Chiborini qistab haydab Oqdobon tepaning ustiga chiqib qaradi, qarasa, yuragi yonib boradi, elas-elas Boysun eli, ko‘chalari, oshiq o‘ynagan joylari, uloq tortgan joylari ko‘ziga ko‘rinib, ko‘ngli, yoshi tizilib Boychibor otiga qarab ikki og‘iz so‘zlayotgan joyi…»
Baxshi ovozi olis-olislarga singib ketadi. Saydali qolganini tushimda ko‘rayapman deb o‘ylaydi, biroq biz buning ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotganini ko‘ra-bila turib, qolaversa, iligimizda oqayotgan, ayni lahzalarda jo‘shib ko‘pirayotgan dostonni butun borlig‘imiz bilan tinglar ekanmiz, baxshi qo‘lidagi do‘mbira daf’atan Saydalining qo‘liga o‘tayotganini sezmay qolamiz. Baxshining g‘oyibona siymosi Saydalining chehrasida jonlanadi. Garchi do‘mbira tutgan baxshilar almashdi, ammo mumtoz kuy o‘zgarmadi! Yo‘q, ozgina o‘zgardi: Saydali baxshining dostoni to‘la mo‘ng bo‘ldi. Qayg‘u shakl ola boshladi:
«… Shoir yozar oshiqni,
Yor tebratar beshikni,
Maydonda otar eding,
Bolalar bilan oshiqni,
Qilardik ko‘p qiliqni.
Do‘sting mehri ilikdi
Oq so‘yakni o‘ynab tongda,
Otar edik ilikni,
Oltov-sakkkiz o‘ynar edik,
Zuvullashib chilikni.
Elimga mehrim hovuch,
Boychiborim qushday uch,
To‘rtov-sakkiz salom solib,
O‘ynardik dashinmovich.
Qiziq yoshlikda yurish,
Ko‘nglim qiladi xurush,
Qiziqqanda o‘ynardik,
Burun qonatib chim urish.
Kecha yoriq oy bilan,
Men turibman o‘y bilan,
Jandani tashlab qo‘yib,
Tortishardik toy bilan…»
Doston shu joyiga yetganda bizni ham bardosh sinaydi. Saydalining qo‘li magnitofonga uzatiladi. Mumtoz kuy sasi tin oladi. Bizning esa ichimizdan nimadir quyilib kelaveradi. Faqat Saydali ingrab yuborgancha aytgan bir gap bizni hushyor torttiradi: «Baribir «makushka» o‘ynay berishadi…»
Dushanba tongida Saydali har kungiday ishga otlandi. Bekatda tumonat yo‘lovchi yig‘ilgan edi. Avtobus ham hayallab keldi. Olomon o‘zini ochilib ulgurmagan eshikka urdi. Eplagan Saydaliga o‘xshab chiqib oldi, qolganlar qoldi. Saydali eshikda juda noqulay turib qoldi: bazo‘r yopilgan eshik zinasida bir oyoqda turibdi. Boz ustiga oldida tim qora, jingalaknamo sochli qiz. Orada qil o‘tmas darajada masofa. Naqadar hijolatpazlik, Saydali! Qara, qizginaning sochlari yelkachasiga tushar-tushmasgina ekan, qo‘qib yotishi-yu taralmaganiga qaraganda, qizgina ertalab uyidan anchayin shoshib chiqqan. Qulog‘ida, ajabki, ikkitadan teshik, juft-juft isirg‘a.
Saydali tiqilinchdagi holatidan o‘ng‘aysizlandi. Sekin muvozanatini tiklamoqchi bo‘ldi. Muallaq qolgan ikkinchi oyog‘ini zinaga qo‘yay deb edi hamki, kimningdir oyog‘ini bosib oldi. Oldidagi haligi qiz g‘alati ingrab yubordi. Qiz ortiga zabt bilan o‘girildi-yu Saydalini ko‘rdi va:
— Oka, sekinroq-de endi, ko‘z bormi o‘zi? — dedi shang‘illab.
Yopiray-yopiray! Saydalining og‘zi ochilib, dong qotib qoldi. Tikildi-tikildi, lekin tili kalimaga kelmadi, hangu mang bo‘lib turaverdi. Qarshisida turgan, Saydalining angrayib, mo‘m tishlab qolganidan g‘ingshishni battar avjiga mindirayotgan kimsa — tim qora jingalak soch… qiz emas, o‘g‘il bola ekan! Erkak ekan! Ortidan Saydaliga ko‘rinmay turgan yuzida erkaklarnikiga xos biror bir belgi-alomat yo‘q edi. Nafrat bilan tikilsangiz-da, yuzining oppoq, terisining mayin va yumshoq ekanini sezar ekansiz; soqolu mo‘ylovning o‘rni ham yo‘q… Faqat manqa burnining chap tarafida chamasi bir bo‘g‘incha keladigan chandig‘i yaqqol bilinib turar edi.
Saydali tim qora jingalak soch qizdan avval-boshdayoq uzr so‘ramoqchi edi. Lekin tim qora jingalak soch o‘girilib qo‘ydi-yu Saydalining fikri o‘zgardi. Qat’iy o‘zgardi. Bir og‘iz so‘z qotishniyam ravo bilmadi.
«Yigitni yondirar bo‘lsa oriyat…»
Qandaydir bir o‘t-otash uni kuydirayotgan edi.
U shoshayotgan edi. Ishxonasi olis. Har kuni ikkita transportda ishga qatnaydi. Bugun-da vaqti tig‘iz. Saydali endigina ikkinchi bekatga yetib kelgan avtobusning eshigi ochilishi bilanoq, sakrab tushdi. So‘ng haligi tim qora jingalak soch… erkakni ham yoqasidan qo‘shqo‘llab ushlab sudrab tushdi. Salondagi yo‘lovchilar ayni damda janjal boshlanishi muqarrarligini sezishdi, shekilli, hay-haylab qolishdi. Saydali ularga qo‘lini paxsa qilib, hech narsa bo‘lmaydi, qo‘rqmanglar, degan ma’noda ishora qildi. So‘ng o‘girilib, qo‘llari orasida xuddi musichadek tipirchilayotgan tim qora jingalak sochga yuzlandi.
— Sen erkakmisan?! O‘zbekmisan?! — dedi qahrdan titrab ketgan qo‘llari bilan changalidagini o‘xshatib bug‘ar ekan. — Erkak bo‘lsang, erkakka o‘xshab yurgin-da, zang‘ar hezalak!!!
Hech qanday javob bo‘lmadi. Tim qora jingalak soch… erkak yulqinib Saydalining changalidan chiqdi. Endigina jilayotgan avtobusga bir sakrab chiqib oldi. Odamlarga alangladi, bir nimalar deb to‘ng‘illadi. Chamasi, pastroq ovozda bo‘ralab so‘kdi.
Saydali bekatda holsizlanib skameykaga cho‘kdi, boshqa avtobusning kelishini kutib qoldi.
Ishxonaga kechikib keldi. Xonada Saydalidan bo‘lak yana to‘rt kishi ishlardi. Bektosh Safar degan qirq yoshlardan oshgan baxshisifat bir kishi. Barvasta, lekin sharpaday yuradi, sas-tovush chiqarmay qadam bosadi. Faqat frantsuz atirlaridan sepadi… Yana ikki nafar folklorshunos borki, Oybek Cho‘liyev va Ro‘zimurod Xolmatov ism-sharifli bu kimsalar bir mavzuda izlanish-tadqiqot olib boradi, qolaversa, bir joyda tug‘ilgan, bir dargohda ishlaydi, yana bir xonada o‘tiradi, biroq o‘lsa-da, gapi bir joydan chiqmaydi. Tortishgani-tortishgan: arzisayam-arzimasayam. Saydalining nazdida ularning ikkisi ham talmudchi. Uchinchisi esa eng yosh xodima — Yoqutxon, doston va termalarni kompyuterda teruvchi operator qiz. Soxt-sumbati kelishgan qiz.
Keyingi paytlarda bu ramaqijon ishxonaga shim kiyib keladigan bo‘ldi. Saydali bugungini qo‘shib hisoblasa, uni uchinchi marta beo‘xshov shimda ko‘rishi edi. Qiz xonaning bir burchida — Saydaliga yonbosh bo‘lib o‘tiradi. Bir mahal qizning qo‘lidagi qog‘ozlardan biri tushib ketdi. Uni olmoq niyatida engashib qo‘l uzatgan xodimaning koftasi tepaga, shimi esa pastga qarab «tortishdi»… O‘rtada ochilib qolgan belning bir qarichcha joyi nomahramlar nigohidan qo‘rqib, dokadek oqarib ketdi…
«Ko‘zlaring o‘yiliblar tushsa bo‘lmasmidi, Saydalilar?»
Saydali sakrab o‘rnidan turdi. Hurpaygancha borib, qaddini rostlab, kiyimini hali to‘g‘rilashga ham ulgurmagan qizning koftasini shartta pastga tortib, shimini qo‘l uchida ko‘tarib qo‘ydi. Qiz nimalar bo‘layotganiga tushunmay, dovdirab qoldi. Duv qizarib ketdi.
Saydali so‘z qotishga ojizlik qildi. Ko‘z qiri bilan qizdan nigohini uzmay turgan uch hamkasbiga boqib, battar og‘rindi. Tutaqdi. Uh tortdi. Yuragidami, qayeridadir kuchli og‘riq sezdi. Peshonasidan chiqayotgan reza-reza terni artarkan, chuqur-chuqur nafas oldi.
Singlim, sizga shu paytgacha kiyib yuradiganingiz qizil gulli uzunroq ko‘ylagingiz juda yarashardi. Yana oq kapalakli ko‘ylagingiz bor-ku, o‘shayam sizga zap o‘tirardi-da! Iltimos, o‘sha yoki o‘shalarga o‘xshash kiyimlaringizni ko‘proq kiyib yursangiz. Har holda tabarruk maskanda ishlaymiz, demoqchi bo‘ldi. Lekin, qayoqda, baribir gapirolmadi. Xona devorlariga, shiftiga, stoli ustida turgan dostonu sochilib yotgan qo‘lyozmalarga bir-bir tikildi. Ma’nisiz ko‘z yugurtirdi. Ori keldi! Bo‘rtib chiqqan, gup-gup urayotgan yuragining tajassumi bo‘lmish chakka tomirlarini ohista siladi.
Karaxt bo‘lib qolgan Yoqutxon esa Saydalining ko‘zlaridan uqqan nedir so‘zlarni miq etmay eshitdi, go‘yo. Ko‘zlari pir-pir uchdi, labi qimtindi, lov-lov yonayotgan yuzlarini qo‘llari bilan bekitgancha tuflisining uchiga tormulib qoldi, xolos…
* * *
Shomga yaqin Saydali horg‘in bo‘lib uyga qaytdi. «Dom» oldida yana o‘sha holat: xotin-xalaj, bola-baqra… Huv narida Yoqubjonlar. Bugun uch emas, besh nafar Yoqubjonlar «dom» tagida turgan mashinalarni oralab, qo‘lda daraxt shoxlaridan yasalgan «miltiq»lar bilan bir-birini «otmoqda»: «paq!» «paq!». «Sen o‘lding, Diyor!» «Tekkani yo‘q-ku, Jalol..!»
Saydali miyig‘ida kulib qo‘ydi. Bir to‘da g‘iybatchi xotinlar yonidan doimgidan bir parda yuqori, o‘ktam ovozda salom berib o‘tdi. O‘n qadamlar yurishi bilan ortidan kimdir «hey, uka!» deya chaqirdi. Ortga qaradi. Qo‘shni xotinlardan biri imlab, oldiga chorladi. Bordi.
— Uka, kecha mani bolalarimga nimaga do‘q qildingiz? — dedi qo‘shni xotin. — O‘yin o‘ynama debsiz? Kimsiz o‘zi, bolalarga o‘yinni taqiqlaydigan? Borib, o‘sha o‘zingizning qishlog‘izda xo‘jayinlik qiling, xo‘pmi? Qishloqilarizga o‘rgating qanday o‘yin o‘ynashni, maylimi? He, senga o‘xshagan…
Qo‘shni xotin og‘zi ochilsa, qaytib yopilmaydiganlar xilidan ekan. Saydali birinchi savoldan so‘ng darhol qo‘shni xotinga bo‘lgan voqeani ijikilab tushuntirib bermoqchi, maqsadini ro‘yi-rost aytmoqchi edi. Qarasa, u eshitadigan emas. Xayoliga kelgan o‘yi abas ekanini bilgach, qayrildi-yu ketdi. Pod’ezddan chiqayotib, o‘zini lohas his qildi. Boshi gir aylanib ketib, devorga urib oldi. Peshonasini ushlab ko‘rdi, devordan yuqqan gardni artgan qo‘llari bo‘rtib-bo‘rtib turgan chakka tomirlarini ohistagina silab o‘tdi.
…Tong. Bugun havo tund. Quyosh nurlari kulrang bulutlar orasida go‘yo g‘oyib bo‘lib bormoqda edi.
Hayriyat, bekatda odam siyrak. Ana, avtobus ham kelaqoldi. Saydali o‘tirg‘ichda xayol surib ketayotgandi. Kimdir yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. Baquvvat qo‘llar! Saydali kimdir joy ber deyapti deb o‘yladi. Darhol turdi-da, keling, o‘tiring, demoqchi bo‘ldi. Qarasa, o‘zidan ham navqiron, lekin barvasta bo‘zbola ekan.
— Aka, — deb gap oldi u. — Hozir avtobusdan tushaylik, sizga bir maslahat bor edi.
«Qanday «maslahat?» Avtobusda gaplashaveramiz desammikin? Yo‘q, unday deb bo‘lmaydi. Nimasidir bordirki, odamlardan holiroq joyni taklif qilayapti».
— Xo‘p. Tinchlikmi o‘zi, og‘ayni? — dedi Saydali o‘ylanib bo‘lgach.
— Tinchlik, tinchlik, — dedi barvasta.
Avtobus bizga tanish ikkinchi bekatda to‘xtadi. Bular haydovchiga yaqin joydan — avtobus oldingi eshigidan tushishdi. Barvasta bekat ortiga yo‘l boshladi. O‘tishdi. Barvasta kerilib to‘xtadi. Kerishdi, bo‘yinlarini u yoq-bu yoqqa burdi. Saydali nima gapligiga sira tushunolmay endi og‘iz juftlagan edi hamki, barvasta barkashday keladigan mushti bilan ichiga tushirdi. Saydali zarbadan ikki bukilib qoldi. Enkayishi bilan boshiga orqa miyasining qatig‘ini chiqarib yuboradigan tepki kelib tushdi. Yer tishlagan Saydali chinqirib yubordi. Shunda barvasta yaqin kelib, Saydalining yoqasidan ko‘tarib turg‘izdi. Ro‘parasida bir kimsa gerdayib turardi. Og‘riqdanmi, xira tortib qolgan ko‘zlarini bir-ikki ochib-yumgach, peshonasidagi odamni tanidi. Manqa burun, chandiq… Ne ajabki, u tim qora jingalak sochini oldiribdi! Qulog‘ida ziraklariyam ko‘rinmadi!
Saydali qarshisidagi odam ko‘zlariga tik boqib, siniq iljaydi. ¢olibona kuldi. So‘ng bor kuchini to‘plab gapirindi:
— Soch olib, isirg‘alarni yechibsan-u baribir erkak bo‘lolmabsan-da!
Bu safar soch olib, isirg‘alarini yechgan erkak mushti bilan Saydalining burni aralash naqd og‘ziga tushirdi. Ketma-ket tepkidan so‘ng Saydali «gup» etib orqasi bilan yiqildi-yu hushidan ketdi.
… Og‘riqlar sezilmay qoldi. Shishlar ketdi. Shifokorlar ruxsat berishgach, Saydali ishga chiqadigan bo‘ldi.
Ishxona uni g‘alati kutib oldi: hamma unga boshdan-oyoq tikilib chiqadi. Hol so‘raydi. Biroq so‘rashishlarida u sog‘ingan mehr, iliqlik, samimiylik yo‘q… Saydali og‘ir xo‘rsindi. Derazaga termuldi. Shu payt uzoqdan oq kapalakli ko‘ylagini kiyib olgancha, fatila-fatila sochlari tovlanib, o‘ynoqilab kelayotgan Yoqutxonni ko‘rib qoldi. Oraga cho‘kkan jimjitlikni buzish uchun ataylab sokit hamkasblariga savol tashladi:
— Bektosh aka, Yoqutxon ko‘rinmaydimi?
— Yoqutxon boshqa bo‘limga o‘tib ketdi.
— Qachon? Nega?
— Unga shilqimlar bilan bir xonada ishlash yoqmas emish!..