Uning o‘lganligi haqidagi xabarni eshitib, unga qancha achingan bo‘lsam, o‘zimdan shuncha xavotirlandim:
«Ha, o‘lim barhaq! Hali nihoyasiga yetmagan qancha ishlarim bor! »
Ammo o‘lim qachon eshik qoqib kelgan? «Biz keldik, kiraversak maylimi, u yoq-bu yog‘ingni tartibga solib olganmisan, yo‘qmi?» deb.
Sho‘rlik kasalmand edi, o‘zini ehtiyotlab, dori-darmon ichib, zo‘rg‘a loshini sudrab yurardi. O‘lim barhaqligini u ham bilar edi. Ba’zan o‘pkasi og‘ziga tiqilib zinapoyadan ko‘tarilayotgan damlarda Azroil oyoqlariga osilib olganday bo‘lar, ammo uning o‘lim haqida o‘ylashga umuman vaqti yo‘q edi. Har kuni «ota, bugun nima olib keldingiz?» deb kutib oladigan bolalarining birini uzatishi, birini uylantirishi kerak. Xotini «Sizga tegib, umrim davlatning uyida o‘tib ketdi. Bir hovli-joy qilmadingiz», deb g‘ingshigani-g‘ingshigan. Bir hisobdan xotini ham haq! Bir umr davlatning ishi deb yelib-yugurib yuraveribdi, bir parcha yer olib, o‘zimga bir boshpana quray demabdi. Endi yer bir tortadi-ey, qani bir tanobgina yering bo‘lsa, yil o‘n ikki oy tuproqqa qorishib eksang, tiksang. Oh!.. «Odamzodning tuproqdan bino bo‘lgani rostmikan, muncha yerga intildim», deb qo‘yardi ba’zan.
Bu yog‘i o‘g‘li «Hamma o‘rtoqlarim mashina minib yuribdi. Menga bitta mashina olib bermadingiz-a», deb o‘pkalani-o‘pkalagan.
Mashina sotib olishga-ku, kuchi yetmas edi. Ammo shuncha yillik xizmatlarini hisobga olib, ishxonalarida chiqitga chiqib, necha yillardan beri ishlamay, to‘kilib yotgan mashinalardan birontasini arzon-garovga berar, deb boshliqning oldiga kirdi.
Boshliq yo‘q demadi, lekin negadir masxara qilganday miyig‘ida kuldi. Balki masxara qilmagandir, harqalay unga shunday tuyuldi. Yomon bo‘lib ketdi. Boshliq «Sizga bermasak, kimga beramiz. Faqat shoshmay turing», degan bo‘lsa ham rad etilgan odamday kayfiyatsiz holda chiqdi.
U umri bino bo‘lib shoshilgan odam emas. Ammo shu safar kutib-kutib charchadi. O‘g‘li g‘ingshiyvergach, yana kirdi. Yana o‘sha javob. Endi esa…
Kecha xonamga kirgan edi. U yoq-bu yoqdan gaplashib birpas o‘tirdi. Uning kayfiyati yaxshi edi. Mening esa vaqtim ziq edi, gaplarini tinglab turib, telefon raqamlarini teraverdim. U darrov hushyor tortib:
— Ishlaringizga xalal bermay, mening ham ishim ko‘p, — deya xayrlashib chiqib ketdi.
Bugun esa…
Erta tongda ishga kelib eshitgan birinchi xabarim shu bo‘ldi.
Soat endigina sakkiz bo‘lgan. Odatda mayyit soat o‘n birsiz chiqarilmasligini bilsam-da, hamma ishimni tashlab, ularning uyiga yugurdim.
Nazarimda bu shumxabar kimningdir qo‘pol hazili edi. Hozir o‘zi qarshimdan chiqib, mening hovliqmaligimdan kuladiganday yo‘lga qarab borardim.
Hovlida g‘imirsib yurgan do‘ppili yigitlar, ikkinchi qavatning ochiq derazasidan eshitilayotgan yig‘i-sig‘i ko‘nglimdagi umidni yo‘qqa chiqardi: «Rostdan ham!..»
Poygakda uyulib yotgan poyabzal uyumidan hatlab ichkariga kirdim. Men kirishim bilan balandroq ovozda yig‘lay boshladilar:
Olmadan otlar qilayin, to‘ram-ov,
To‘rt og‘iz yodlar qilayin, to‘ram-ov.
Olmamiding, normiding, kunim-ov, to‘ram-ov,
Yolg‘onchida bormiding, to‘ram-ov.
Ariq jog‘a tolini, to‘ram-ov,
Tobut bo‘lar debmidim, to‘ram-ov.
Senday sara kishini, to‘ram-ov,
Nobud bo‘lar debmidim to‘ram-ov.
Oting kelar enishdan, kunim-ov,
To‘rt oyog‘i kumushdan, kunim-ov.
Endi mendan foyda yo‘q, o‘lim-ey, zulm-ey,
Nasib qilsin behishtdan, kunim-ov.
Taomil bo‘yicha yo‘qlovga qo‘shilishim kerak edi. Men esa o‘rtada uzala tushib yotgan mayyitga qarab, anqayib turaberdim.
Ko‘nglimdagi gumonni anglaganday kimdir mayyitning boshidagi dokani tortib, yuzini ochdi.
Unga qarab o‘liklarga xos yurakni seskantiruvchi hech narsa ko‘rmadim. Xuddi uxlab yotganday, nazarimda yonoqlari ham xiyol qizarib turardi. Hatto atrofdagi xotin-xalajning uvvos tortib yo‘qlayotganini aytmasa, jag‘ining oppoq mato bilan tang‘ib qo‘yilganini ko‘rib ham «tishi og‘rigan ekan-da» deya o‘ylash mumkin.
Peshonasi uzra to‘zg‘ib yotgan kumush tus xiyol qo‘ng‘iroq sochlarini ko‘rib hayratga tushdim. Shu to‘zg‘igan holatida ham bu sochlar kecha, juda bo‘lmasa oldingi kun mahoratli sartaroshning qo‘li bilan qaychilanib, tartibga solinganini anglash qiyin emas edi.
O‘zi juda orasta, batartib odam edi-da, bechora. Sezishimcha, u sochlarini juda yaxshi ko‘rar edi. Ko‘pincha so‘zlashayotib, beixtiyor kafti bilan peshona sochini ohistagina yuqoriga ko‘tarib qo‘yayotganini, chekka sochlarini barmoqlari bilan silab, o‘zicha tartibga solayotganini payqab qolar edim.
Hozir esa ixtiyori o‘zidan ketgan. Boshida yo‘qlov aytayotgan ayoli ham, qizlari ham uning sochlarini hech bo‘lmasa qo‘l bilan orqaga tarab qo‘yishni xayollariga keltirishmaydi.
O‘lik to janoza o‘qilib, uydan chiqarilguncha hammasini eshitib, bilib yotadi, deyishadi. Hozir sochining betartib to‘zg‘ib yotganidan rosa g‘ashi kelayotgandir sho‘rlikning.
Eskirdim shekilli, yig‘i biroz pasaydi.
— Yuzini yopinglar!
Odat bo‘yicha azadorlarning ko‘ngli uchun biroz ovoz chiqarib, so‘ng qo‘shni xonaga o‘tishim kerak edi.
Men na ovoz berdim, na chiqib ketdim. Uyg‘otmoqchi bo‘lgandek chapak chalib yig‘layotgan xotin-xalajning o‘rtasida yotgan mayyitdan ko‘zimni uzolmay turgan edim, kimdir kelib, yelkamdan ohistagina tutib dahlizga boshladi:
— Yuring endi.
Dahliz katta xona girdi bo‘ylab tizilib o‘tirgan ayollar jimgina yo‘qlovga quloq tutishar edi.
Dardi bor har odamning ham qo‘lidan go‘yandalik kelavermaydi. Go‘yanda bo‘lish uchun yaxshi ovoz kerak, dardni so‘zga sola bilish kerak.
«Tog‘am»lab yo‘qlayotgan juvonning ovozi chiroyli ekan. So‘zlari ham yuraklarni tilka-pora qilib tashladi:
Uzun soyga uy tikib, uliga to‘ylar bergan, tog‘am-ov, tog‘am-ov,
Qizil soyga uy tikib, qiziga to‘ylar bergan, tog‘amov, tog‘am-ov,
Ul davosi uzundir, qiz davosi qiyindir, tog‘am-ov, tog‘am-ov,
Qizim degan, o‘g‘lim degan, o‘z davrini surmagan, tog‘am-ov, tog‘am-ov.
Biz o‘tirgan xonaga haybat bilan ko‘rkam bir ayol kirib keldi.
Kirib-chiqqan odamlarga beparvo o‘tirgan dahlizdagi ayollar qo‘zg‘alib qolishdi.
— Ie, Bahrinisojon-ku!
— Bahriniso opa! Assalomu alaykum!
Bahriniso biz tomonga bosh irg‘ab qo‘yib, mayyit yotgan xonaga o‘tib ketdi. Ichkarida yig‘i, qiy-chuv avjga mindi:
— Bahrinisojon, amakingdan ayrilib qoldik. Endi nima qilamiz?!
— Voy tog‘am-a, tog‘am-ey!
— Voy amakijonim.
Bahrinosi bir pasdan so‘ng ko‘zlari qizarib, ammo nimadandir darg‘azab holda chiqib keldi:
— Yotishlarini qara! Kiyintirib qo‘ysanglar, bo‘lmaydimi?
Hamma bir-biriga qaradi.
— Yangamga ayting, uvullab o‘tiravermasdan, yangi kiyim-bosh bersin. Hozir erkaklarga aytaman, kiyintirib qo‘yishadi. Boshiga do‘ppi kiygizib qo‘ysin, jag‘ini ham yechinglar.
Bir pasda yangi ust-bosh yetkazildi, mayyitning atrofidagi yig‘i to‘xtadi. Faqat ichkaridan chiqqanlar orasida bukchayib qolgan bir kampirning ovozi tinay demasdi:
— Voy inimov-ov, sho‘rlik inim-ov! Voh, men o‘lay, mengina o‘lay-a! Seni shunday bechora ko‘rguncha, sendan oldinroq ketsam bo‘lmasmidi-ya…
Qo‘ltig‘idan tutmoqchi bo‘lganlarni siltab-siltab tashladi:
— Men ketaman, qanday qilib ko‘msanglar, ko‘maveringlar. Nima u o‘rismi, kiyim kiygizib?
— Amma, qo‘ying! Bahriniso opam kattakonlar keladi, deyapti. Kiygizsa, kiygizishsin, shu kiyim bilan ko‘mmaydilar-ku. Yuvintirib, kafanlashadi-ku, axir! Kiyimda nima gap? Amma, ammajon! Men endi kimni ota deyman, amma?!
Tanidim, bu rahmatlining to‘ng‘ich qizi edi.
Dam o‘tmay, hovlidan uch-to‘rt erkak kirdi-da, o‘rtadagi eshikni berkitib olishdi.
Anchadan so‘ng eshik ochilib, erkaklarning birovi Bahrinisoni imlab chaqirdi. Uning rangi qumdek oqarib ketgan edi. G‘ivir-shivir qilib o‘tirgan bir uy xotin bitta quloqqa aylanib, erkakning og‘ziga tikilishdi. Erkak xotinlarga qaraydigan holatda emas edi. Shunday bo‘lsa-da, birov eshitib qolishidan qo‘rqqandek vahima bilan shivirladi:
— Jag‘ini yechib bo‘lmaydi.
— Nega?
— Og‘zi ochilib qolayapti.
— Nega ochiladi?
— Bilmadim.
— Bir ilojini topinglar, boshini balandroq qilib yotqizasizlarmi, yonboshroq qilib qo‘yasizlarmi?
Kimdir es bo‘ldi:
— Bir qaychi topib, sochini, tirnoqlarini oling. Oltmishdan oshgan odam u dunyoga bachchaday bo‘lib, peshonasi sochga to‘lib bormasin.
Erkaklar uzun-qisqa bo‘lib chiqib ketgach, yana qiy-chuv boshlandi.
Yaqinlar mayyitga egalik qilish uchun uvvos tortib, ichkariga kirishdi.
Men ham ularga qo‘shilib…
Yo‘q, tomosha qilish uchun emas…
Ixtiyori o‘zidan ketgan bir bechoraning ahvolini ko‘rib, hech bo‘lmasa, unga ruhan hamdardlik bildirish uchun ichkariga kirdim.
Ko‘ylak ham, kostyum ham uzoq vaqt taxlanib turgan ekan shekilli, umrida birinchi marta yangi kiyim kiygan g‘arib kimsaning egnidagidek taxlam izlari qabarib turardi. Sochini ham rasvo qilishibdi. Do‘ppi tagida qing‘ir—qiyshiq qilib kuzalgan uzun—qisqa sochlar yuragimni ezib yubordi. Agar u hayot bo‘lganida, sochlariga shu qadar uquvsiz qo‘llarning tegishiga yo‘l qo‘yarmidi?
Yostiqni balanroq qo‘yishganmi, har tugul og‘zi butunlay ochilib qolmagan edi. Ammo xiyol ochiq lablarining bir chetiga qo‘nib turgan qop-qora pashshaga biron yaqini e’tibor bermas edi…
O‘lgan odam uchun ko‘ylagining birinchi tugmasi o‘tkazilgan—o‘tkazilmaganligining hech qanday ahamiyati yo‘qligini bilsamda, uning bo‘ynini siqib turgan yoqaga qarab bo‘g‘ilib ketdim: “Yoqasi kichik ekan. Agar tirik bo‘lganida…”