Olti-etti yashar o‘yinqaroq bolakayman. Kech kuz edi chamasi. Vaqt peshindan oqqan. Bobom bilan dalani qoq ikkiga ayirib, beton ariq bo‘ylab to zovurgacha cho‘zilgan tuproq yo‘ldan ketayapmiz. Botinkamni qo‘limga olvolib, hovur ko‘tarilib turgan tuproqni huzur bilan bosib borayapman. Yo‘ldan ustiga qamish ortgan mototsiklmi, qo‘ylar suruvimi o‘tib qolsa, men ikki chetini tikon bosgan, azbaroyi suvsizlikdan ichidagi tuprog‘i tars-tars yorilib ketgan ariqning ichiga yashirinaman, bobom paxtazorga kirib turadilar. Ko‘tarilgan quyuq chang bosilgach, yo‘lda davom etamiz.
Buvam soqol qo‘ymaydigan, uzunchoq yuzli, qo‘yko‘z, qotmadan kelgan, qishin-yozin egnidan ko‘k beqasam chopon va qora do‘ppi tushmaydigan, gapirganda lunjini simirib-simirib gapiradigan, og‘ir-vazmin kishi. Jahldor bo‘lmasalar ham, o‘zlariga yarasha o‘jarliklari bor. Bir gal kumush medalonlarini momom lo‘lilarga yaponcha ro‘molga alishtirganlarida, bir oygacha hammadan arazlab yurganlar. Ba’zida, ertak aytib bering, deb xarxasha qilsak, chap quloqlari ostidagi chandiqni ko‘rsatib bizni qo‘rqitardilar. Bu chandiq buvamga urushdan esdalik. So‘rasak, momong tishlab olgan, deb qo‘yadilar.
Urushda qatnashgan bo‘lsalar ham qondan qo‘rqadilar, shuning uchundir uyimizda mol so‘yilmaydi. Ba’zan qatlama qilib, qon chiqariladigan bo‘lsa, momomning o‘zi ming‘irlay-ming‘irlay xo‘roz ko‘tarib dalaga chiqadilar. Baland tepalik yonidagi quyuq jingil orqasiga o‘tib, o‘qlovga minib oladilar-da, xo‘rozni so‘yib qon chiqaradilar. O‘sha kuni buvam do‘stlarinikiga mehmonlab ketadilar.
Har yili kuz keldi deguncha buvam kunora qo‘shni qishloqqa, eski tanishlarini ko‘rish bahonasida serqatnov bo‘lib qoladilar. Ammo har doim yo‘lning yarmiga bormay safarlari qariydi.
Hozir ham o‘sha yoqqa ketayapmiz. Men o‘zimga ermak topib olganman — soyamdan o‘zib ketishga urinaman. Ammo harchand chopmay buning uddasidan chiqolmayman. Buvam tomonga yursam, soyam orqamga yashirinadi. Oldinga yursam, soyamga ergashaman. Zerikib olis-olislarga tikilaman. Yon-atrof keng paxtazor — terim allaqachon tugagan. Kimdir qo‘y boqayapti, yana kimdir ko‘sak, chang‘aloq terib yuribdi. Shu payt kun botar tarafdagi ulkan tepalikka ko‘zim tushdi. Uning yonbag‘ri ko‘hna Qovchin qishlog‘ining qabristoni. “Buva, — deb so‘rayman kattalardan uzuq-yuluq eshitgan rivoyatlar esimga tushib, — mozorda tuyaning yelkasi bormi?”
— O‘rkachi bor deyishadi, bolam, — xatoimni tuzatdilar buvam. — Buning tarixi hazrati Imom Mo‘yin an-Nasafiyga borib taqaladi. U kishi avliyo darajasiga yetgan ulamolardan. Makkai Mukarramada ham bir muddat mudarrislik qilganlar…
Bu gaplar quloq-qulog‘imga singib ketgan. Buvam aytishdan, men eshitishdan charchamayman. Ayniqsa, avliyoning do‘sti haqidagi rivoyat menga juda yoqadi. O‘smoqchilab shu haqda gap ochaman.
Bobom sekin-sekin odimlagan ko‘yi davom etadilar: “Hazratning qabrlari yonida ikki qabr bor. Biri qiz qabr — kimnikiligi noma’lum. Ikkinchisi do‘st qabr — o‘rinlariga jon taslim qilgan qadrdon do‘stlarining qabri. Rivoyatlarga ko‘ra, Azroil Imom Mo‘yinning jonlarini olgani kelganda, onalari dod solib yolvoribdi: o‘g‘limning emas, mening jonimni ol! Azroil hazratning volidai muhtaramalarining jonini bir tortgan ekan, joni kindigiga kelgan onaizor chinqirib yuboribdi: vo-oh bo‘ldi, bas qil, jonimni qaytar o‘zimga, kimning jonini olsang olaver. Keyin otalari Azroilga yolvoribdi: o‘g‘limning emas, mening jonimni ol! Azroil u kishining jonini bir marta tortgan ekan, jon kindikkacha sug‘irilib kelibdi, ota tishini-tishiga qo‘yib bardosh beribdi. Ikkinchi marta tortganda joni bo‘g‘ziga tiqilgan ota ham baqiribdi: — Bo‘ldi, bas, o‘g‘limning jonini olaver. Shunda yaqin do‘stlari Azroilga peshvoz chiqib, mana mening jonimni ol, debdi. Azroil bir marta tortibdi, do‘stdan sado chiqmabdi, keyin yana tortibdi, do‘st miq etmasmish. Azroil aytibdi: hech bo‘lmasa bir marotaba “oh” de, joningni o‘zingga qaytaraman?
— E, yo‘q, — debdi do‘st jon achchig‘ida lablari titrab, — olaver, mingta jonim bo‘lganda ham, do‘stim uchun ayamayman.
Tug‘ishgandan tutingan aziz, deb shuning uchun aytilgan. Imom Mo‘yin qabrlari yonidagi qabr o‘sha jo‘mard do‘stlariniki. Eng avval o‘sha qabr ziyorat qilinadi.
Ichkarida baland tug‘ ostida avliyoning qabri bor. Dushmanlar o‘ldirmoqchi bo‘lib, ta’qib qilganida avval burgutga aylanib, keyin tuyaga aylanib qochib, shu yerga kelganda yerostiga kirib ketganlar. Bir o‘rkachlari yer yuzasida qolgan…”.
— Buva, odam ham tuyaga aylanadimi? — ishonqiramay so‘rayman.
— Ha, bola-am, iymoni butun, o‘z nafsini yenggan, avliyo odamlar xohlagan qiyofalariga kira olishadi.
Bu orada katta yo‘lga chiqib, ikki qishloqni bir-biridan ajratib turuvchi zovur yoqalab yurdik. Qamishlarni shitirlatib, g‘iyq-g‘iyq qilgancha suvga sho‘ng‘iyotgan yovvoyi o‘rdaklar diqqatimni tortdi. So‘ng nimadir esimga tushib, yana buvamga yuzlandim:
— Buva zovurda ilon bormi?
— Ha, bor.
— Shoqol-chi?
— …
— Shoqolning shoxi bo‘ladimi?
Bema’ni savollarim jonlariga tekkan shekilli, bobom gapirmadilar.
O‘zim bilan o‘zim bo‘lib, zovur bo‘ylab katta asfalt yo‘lga olib chiquvchi o‘rkachsimon yo‘ldan yugurgilab ketdim. Iliqqina esayotgan kuz shamoli dimog‘imga zax hidini uradi. Qaysidir yili suv omboriga borib, baliq tutganimiz yodimga tushib, shirin entikib qo‘yaman. Nihoyat chopa-chopa ko‘prikka yetib keldim. Buvam hali orqada, paytdan foydalanib pastga tushib zovur ichiga mo‘ralayman. Qurbaqalar vij-vij suzib yuribdi. Baliq yo‘q, bo‘lsayam ko‘rinmaydi. Buvam yetib kelganlaridan keyin ikki chetidagi temirlari mayishib ketgan piltako‘prikdan qo‘shni qishloq hududiga o‘tdik. Ular negadir to‘g‘ri yo‘ldan yurmay, bug‘doy ekish uchun tayyorlab qo‘yilgan maydon chetiga o‘tirib oldilar.
Yuramizmi, yurmaymizmi deb ikkilanib turdim. So‘ng yonlariga cho‘kib, yelkalariga bosh qo‘ydim. Choponlariga nos va achchiq ter hidi urib qolgan. Yelkalariga boshimni qattiqroq bosib, to‘yib-to‘yib nafas simirdim. Bu hid menga juda-juda tanish va qadrdon.
— Buva qachon uyga qaytamiz? — dedim ko‘zimni ishqalab. Buvam gapimni eshitmadilar. Ular tosh qotibdilar. Hayrat bilan nigohlari izidan ergashdim. Diqqat-e’tiborlari dala o‘rtasidagi oq bayroqda. Uzoqdan u tayoqqa tirkab qo‘yilgan oq matoga o‘xshaydi. Ammo u mato emas, oqqush. Bobomning tilidan tushmaydigan, ertaklaridan ketmaydigan oqqush. Har yili kuzda uch-to‘rt kun qishloq osmonida parvoz qilib, keyin yil bo‘yi ko‘rinmaydi. Ba’zida dalaning o‘rtasiga, faqat bir joyga qo‘nib, soatlab shu zaylda turaveradi.
— Meni yaxshi ko‘rasanmi, — to‘satdan buvam tilga kirdilar, ko‘zlarini oqqushdan bir zum uzmay. Keyin javobimni ham kutmay davom etdilar, — men bobomni juda-juda yaxshi ko‘rardim. Ismlari mulla Ahmad edi. Qur’oni karimni yod olgandilar. Uyimiz mana shu paxta dalasining o‘rnida edi, keyinchalik ko‘chdik, eski imoratlar buzilib ketdi. Kitoblari juda ko‘p edi. Bir kuni hammasini kigizga o‘rab, hovlidagi quduqqa ko‘mdik. Ikki kundan keyin bobomni olib ketishdi. Dindor, namoz o‘qiydi, deb, bug‘doy to‘kilgan omborxonaga qamab qo‘yishibdi. Uch kungacha hech kim xabar olmabdi.
Shu payt chakkamga suv tekkandek bo‘ldi. Qarasam buvamning ajin bosgan yuzida yosh yiltirayapti. Bir nuqtaga termulib gapirayaptilar.
— Bobojonim, odamzod mukarram qilib yaratilgan, deb charchamasdilar. Senga aytib bergan hikoyalarning barchasini bobomdan eshitganman. Qo‘li ochiq, zakiy inson edilar. Jonzotlarni yaxshi ko‘rardilar. O‘simliklarga mehr-muhabbatlari baland edi. Bug‘doyni aziz bilib, omborxonada qovuqlari yorilib, jon taslim qilganlar…
G‘amgin hikoyadan ta’sirlanib ketdim, yana bir muddat shu hayajonda o‘tirdik. Ular, mana shu oqqush mening bobom, deb aytmadilar, lekin o‘zlari shundayligiga zarracha shubha qilmayotganliklarini yosh yuragim bilan his qilib turardim. Ko‘z o‘ngimda bug‘doy ustida jon taslim qilgan buvamning buvasi namoyon bo‘ladi, goh kigizga o‘ralib quduq ichida ko‘milib yotgan eski kitoblarga, goh buvamning yoshligi o‘tgan joyda soatlab qotib turadigan oqqush tomonga xayolim ketadi… Quyosh ufqqa bosh qo‘yayotgan payt o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik.
Bir necha kundan so‘ng o‘rtoqlarim bilan o‘rdak tutish uchun qo‘ylarni zovurga olib bordik. Bir kishi qo‘ylarga qarab turadigan bo‘ldi, qolganlar esa zovur ichida o‘rdaklarni quvlay ketdik. Ular juda qochqoq ekan, “zip” etib ko‘rinadi-yu, keyin suvga sho‘ng‘ib ketadi. Quva-quva charchab hafsalamiz pir bo‘ldi. Shu payt tepada qolgan o‘rtog‘imiz: — Voy, anavini qaranglar, bir kishi ot choptirib kelayapti, — deb qoldi. Yugurib do‘nglikka chiqdik. Otliq bizga yaqinlashganda sekinlashdi. Darrov tanidim. Raisning o‘g‘li Shokir ekan. Uning oyoqlari uzun, peshonasida qashqasi bor, kishnaganda o‘ynoqlab ketadigan otini o‘tgan yili bir marta minib ko‘rganman. Shokir yonimizga keldi-da, otdan sakrab tushdi. Biz gijinglab turgan qashqa otni o‘rab oldik. Shu payt ko‘zim oqqushga tushdi. Uning uzun jonsiz bo‘yni otning qorniga shalvirab osilib turibdi, oyoqlari egarga chandib tashlangan. Qanotlari qon… Shokirning yelkasida miltiq. Seskanib ketdim. Ichimda nimadir uzilgandek bo‘ldi.
Uyga qanday yetib kelganimni bilmayman. Kelsam, bobom karovatga yonboshlagancha choy ichyaptilar. Nafasim bo‘g‘zimga tiqilib, “Oqqush, oqqushni Shokir otibdi, oqqush o‘ldi”, deb baqirdim.
— Oqqush, — bobom o‘zlariga yarashmagan tezlikda sapchib o‘rinlaridan turib, karovatdan sakrab tushdilar-da, bir zumda yonimga yetib keldilar. Yelkamdan ushlab, qattiq silkitdilar: “Kim u Shokir?” Yelkalarim zirqirab ketdi. Bobomni hech qachon bu holatda ko‘rmagandim. “Raisning o‘g‘li”, dedim bazo‘r.
Buvam shiddat bilan ko‘chaga otildilar. Raisnikiga ketdilar, deb o‘yladim. Bizdan uch uy narida turadi. Kelib qolarlar, deb joyimdan jilmay kutib turdim. Hayal o‘tmay darvozadan qoralari ko‘rindi. Titrab-titrab kelayaptilar. Allanechuk bo‘lib ketdim. Qo‘llarida boyagi oqqush. Uzun bo‘yni osilgan, qanotlariga loy tegibdi. Uni olib kelib supa ustiga qo‘ydilar. Keyin o‘zlari ham cho‘k tushdilar. Bobom yig‘layaptilar, men ham… Bobomga achinayapmanmi yoki oqqushgami, buni o‘zim ham bilmayman, lekin ichimdan ko‘pchib-ko‘pchib yig‘i kelayapti. Shu payt darvoza ochilib dadam ko‘rindilar. Yonimizga kelib, holatimizdan dong qotdilar. Mening yodimga esa, lop etib zovurda qolib ketgan qo‘ylarim tushdi, imi-jimida o‘sha yoqqa yugurgiladim.
Qaytib kelsam, bobom hovli to‘ridagi tut daraxti ostini qazib, oqqushni ko‘mayotgan ekanlar. Notanish tuyg‘u ta’sirida yonlarida turdim. Buvam yig‘lab-yig‘lab oqqushni tuproqqa qo‘ydilar. Esimni taniganimdan beri tillaridan tushmaydigan oq bayroqni yerga ko‘mdilar.
O‘sha kundan keyin buvamning g‘amginligi tarqamadi. Ochilmadilar. Ertakni ham onda-sonda eshitadigan bo‘lib qoldik. Yarim yil o‘tar-o‘tmay o‘zlari ham yorug‘ olamni tark etdilar. Bo‘zlab-bo‘zlab qolaverdik.
Buvamning tobuti qo‘lma-qo‘l o‘tib, mozor tomon lapanglab ketayapti. Tobutning to‘rt tarafi oppoq mato bilan o‘ralgan. U mayingina esayotgan shamolda ohista hilpiraydi. Ortidan ma’yus tikilaman. Ko‘z o‘ngimda oq bayroq — oqqush gavdalandi. U qishloq osmonida qonsiz, loysiz qanotlarini yoyib Imom Mo‘yin tomonga parvoz qilib ketayotgandek.