“Mana bu maktubga diqqat qiling, azizlar. Unda yozilishicha, saksoninchi yillarda Toshkent to‘qimachilik kombinatining 2-fabrikasi, 2-yigiruv tsexida yigiruvchi bo‘lib ishlagan Farida ismli qizni anchadan beri bir do‘stlari izlayapti ekan. Afsuski, Farida singlimizning suratlari yuborilmabdi. Ushbu maktub muallifi Faridaning o‘ng qo‘lining bilagida kattagina xoli bor edi, deb yozibdilar. Agar Faridaxon bizni ko‘rib, tinglab turgan bo‘lsalar yoki bu haqda birovdan eshitgan bulsalar, iltimos, bizga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘raymiz. »
“Mehr ko‘zda”ni olib boruvchining bu xabari meni judayam ajablantirib qo‘ydi.
U kishi aynan men haqimda gapirgan edilar-da. Bundan 23 yil muqqadam o‘sha joyda ishlagan o‘ng bilagida kattagina xoli bor qiz – Farida men edim-da, axir!
Qiziq: oradan shuncha yillar o‘tib ketib, kim meni izlashi mumkin ekan-a, deya rosa boshim qotdi.
… Metroning “Paxtakor” bekatidan chiqsam, televideniyening eshigi oldida bir dasta qip-qizil gul tutgancha kimnidir intizorlik ila kutib turgan yigitga ko‘zim tushib, yuragim orqa tortib ketayozdi. Uni darhol tanidim. U bundan 23 yil burungidek yosh, navqiron edi! Ko‘zlari o‘shandek ma’yus! Menga ko‘zi tushgan zahoti o‘ychan chehrasiga tabassum yoyilib, oldinga uch-to‘rt qadam tashladi va shu asno birdan uning afti-angori o‘zgardi: yuzlarida so‘lg‘inlik, peshonasida taram-taram ajinlar paydo bo‘lib, sochlariga ham quyuq oq oralab, birpasda o‘rta yosh odamga aylandi-qo‘ydi…
Bu g‘alati tushdan entikkan ko‘yi uyg‘onib ketib, shuncha yillardan keyin kim meni izlayotganini tushunib yetdim. Shundan so‘ng uyqum qochdi. Uzun tun u sira xayolimdan ketmay, yoshligimni, birinchi uchrashuvimni eslay ketdim.
O‘sha kuni tushlikka sal kechroq chiqqandim. Men borganimda, ikkinchi qavatdagi oshxonamizda odam siyraklashib qolgan ekan. Patnisni olib, ovqat tanlagani o‘tsam, bir yigit hech narsa olmay, yeguliklarga termilgancha qaysinisini olsam ekan-a, deya o‘ylanib turibdi ekan. Siljirmikin deb biroz qarab tursam, o‘rnidan hech qo‘zg‘algusi yo‘q. Toqatim toq bo‘lib:” Qarab o‘tirasizmi endi, yo ovqat olib suriling, yo meni o‘tkazib yuboring”, — dedim unga. Gapimdan u darhol xayolini yig‘ib oldi-da, yalt etib qarab, go‘yo qayerdadir bir ko‘rgan odamini qayta uchratgandek bir zum ko‘zlarimdan ko‘zlarini ololmay termilib qoldi. Yuziga kechirasiz degan ifoda qalqib, surilib menga yo‘l berar ekan, bu qizni qayda ko‘rganman deganday quyuq qoshlarini chimirgancha o‘ylanarmidi-ey.
U zalning o‘ng tarafidagi stolga joylashib, to ovqatlanib bo‘lgunimcha mendan ko‘zini uzmay o‘tirdi. Oraliq bor-yo‘g‘i to‘qqiz-o‘n qadamlar kelardi, xalos. Beparvo, xotirjam ovqatlanishga harakat qilsam-da, lekin negadir o‘zim ham bilmayman: qandaydir kuch ta’siridami, har zamonda unga qarab-qarab qo‘yar edim. Nima uchun qaraganimga hech tushunolmasdim.
Tushdan keyin o‘sha yigitning fabrikamizda aylanib yurganini ko‘rib qoldim. Meni izlab kelganini ko‘nglim sezib, o‘zimni panaga olib, ishga sho‘ng‘idim. Bir payt orqa tarafdagi stanoklarni tekshirgani o‘tgandim, uning to‘ppa-to‘g‘ri menga qarab kelayotganiga ko‘zim tushdi. Beparvolik bilan uzilgan iplarni stanokdagi g‘altakka ulay ketdim. U shundoqqina yaqinimga kelib salom berdi-da:
“Kechirasiz, siz buxorolik emasmisiz?” — deb so‘radi nimagadir. Kombinatda buxorolik qizlar ham ishlashardi. Ehtimol, u o‘sha qizlarning biriga meni o‘xshatgandir deb o‘yladim o‘zimcha. Men yo‘q deganday sekin bosh qimirlatib qo‘yganimdan keyin u boshqa gap topolmagandek: “Nechanchi yilda tug‘ilgansiz?” — deb so‘rab qoldi. Men shu ham savol bo‘ldimi deganday kulimsirab: «Nechanchi yilda tug‘ilganga o‘xshayman?” — deb savoliga savol bilan javob berdim. U gap qo‘shganimdan mamnun bo‘lgandek xushnud jilmayib qo‘ydi.
O‘sha paytlarda o‘ng bilagimga sariq – qizil aralash mayda munchoq taqib yurar edim. Bir mahal u shu chiroyli munchoqqa ishora qilib: “Munday munchoq taqqanlar qadimda baxtsiz bo‘lishar ekan!” — deb yubordi jiddiylik bilan. Rostdanmi deganday chimirilib qaradim ko‘zlariga. U qarashimga e’tibor qilmagandek: “Bilagingizdagi nima? Xolmi?” — deb so‘radi dabdurustdan. Birdan jahlim chiqdi. Ko‘zi ko‘rmi, nima balo? Xol ekanligini ko‘rib turibdi-ku, axir! Keyingi payt¬larda kim ko‘rsa shuni so‘rayverib, jonimga tegadigan bo‘lib qolgandi. Kim shuni so‘rasa, shu xol bilan qiziqsa, guyo aybimni izlayotgandek, darrov ta’bim tirriq tortib, fe’lim aynib, u bilan gaplashmay qo‘yar edim. Kombinatda qizlarning ish kiyimi ko‘kimtir yengsiz ko‘ylak bo‘lgani uchun bilagimdagi o‘sha xol tez ko‘zga tashlanar edi. Har narsaga bunday qiziquvchan yigitcha darrov ko‘nglimga urdi-qo‘ydi. Birpasdan keyin u tanishish ilinjida: “Ismingiz nima?” — degandi, savoliga javob bermay qovog‘imni uygancha tumtayib: ” Keting yonimda
n, ishlashga xalaqit beryapsiz,” — deb bu yerdan quvmoqchi bo‘ldim. Qani endi ketsa?! Menga boshdan-oyoq termilgancha joyidan yarim qadam ham siljimas edi. Atrofimda ishlayotgan qizlar menga g‘alati-g‘alati qarab, istehzoli iljayib ketishar, bu esa asabimga tegar, battar jahlimni chiqarardi. Bir payt brigadirimiz Sonya opa shu yerga kelib qolgandi, unga mana bu bola ishlashga qo‘ymayapti dedim sekingina. Sonya opa uning yoniga borib, ishdan keyin gaplashasan deganday gap qotdi shekilli, u bosh silkib, indamay iziga qaytdi.
O‘sha kuni mendan keyin o‘rnimda 2- smenada ishlaydigan Tamara degan qiz mazasi qochib, ishga kelolmabdi. Sex boshlig‘imiz Vasila opa:”Bugun 2- smenada ham ishlab ber, qizim. Ertaga Tamaraning o‘rniga boshqasini qo‘yamiz,” — deb iltimos qilganlari uchun qattiq charchagan bo‘lsam ham noiloj ishga qolishga rozi bo‘ldim.
Kechasi o‘n ikkida ishdan chiqib, yotoqxonaga kelsam, 1-smenada tseximizda ishlaydigan Zuhra iljayib turib:” Haligi kunduzi yoningizga kelgan yigit bor-u, o‘sha soat to‘rtdan keyin kombinat darvozasi oldida sizni intizor bo‘lib kutib turgan ekan. Yonidan o‘tib ketayotgandim: “Hamrohingiz qachon chiqadilar?” — deb so‘rab qoldi. “Darrov jigarlaridan uribsiz-da, a?” — desa bo‘ladimi! Toliqib kelganim darhol esimdan chiqib ketib, yuragim o‘z-o‘zidan g‘alati urib ketdi shunda!
Yuvinayotganimda, kunduzi uning munchoq baxtsizlik keltiradi degan gapi birdan esimga tushib, munchoqni bilagimdan yechib olib, o‘ng qo‘limning jimjilog‘i yonidagi barmog‘imga ikki aylantirib, uzukdek kilib taqib oldim.
Ertalab soat o‘nlarda u yana tseximizda paydo bo‘ldi. Kelishi xayolimda ham yo‘q edi, to‘g‘risi. Stanoklarning shaqillagan tovushidan quloqlarim tom bitib, paxtaning changiga belanib, terlab-pishib, g‘altakdan uzilgan iplarni ulayotganimda, yigirma qadamlar beridan biroz kuzatib turdi-da, keyin sekin yonimga keldi. Shu payt bo‘sh g‘altaklardan biri ipni o‘ramay, uzib tashlayverdi. O‘rniga boshqa yangi g‘altak qo‘yish zarur edi. Stanok qattiq qisib qolganidanmi, g‘altakni shuncha tortsam ham joyidan quzg‘atolmadim. U, qani, men ham bir urinib ko‘ray-chi deganday jilmayib g‘altakka qo‘l uzatdi. Qurg‘ur juda qattiq qotgan ekanmi, bir tortishda sug‘urilmadi. Ikkinchi marta kuch bilan siltab tortgandi, g‘altak “shaq” etib stanokdan chiqib ketdi. Mushkulimni oson qilgani-chun rahmat ham demabman unga. Shundan keyin u: “Keling tanishaylik, mening ismim – Ilyos, sizniki-chi?” — dedi ilinj bilan. Meni nima jin urdi o‘shanda, bilmayman, balkim ozgina takkabburlik qilgandirman, huddi undan arazlaga
nday ismimni aytmay, kechagidek qovog‘imni solgancha nari ketib qoldim.
Ilyos… Chiroyli ismi bor ekan uning.
Gap qo‘shmaganim uchun hafsalasi pir bo‘ldi shekilli, Ilyos boshini eggancha ketib qoldi.
Shu kuni tushlik mahali, oshxonada meni o‘zi bilan ishlaydigan uch-to‘rtta og‘aynisiga chetdan ko‘rsatib, jilmayib qo‘ydi. Yaxshi ko‘rib yurgan qizim huv anavi deb maqtangan bo‘lsa kerak-da, o‘sha yigitlar “O, zo‘r-ku!” deganday menga boshqacha-boshqacha qarab qo‘yishdi. Bu narsa qattiq asabimga tegib, achchig‘imni chiqarib yubordi. Battar qovog‘imni solib, ularga qaramaslikka tirishib, tez-tez ovqatlanib, oshxonadan chiqib ketdim.
Ilyos ertasi kuni yonimga kelib:”Salom, Farida, yaxshimisiz?!” — dedi ko‘zlari chaqnagancha. Demak, u ismimni men bilan birga ishlaydigan qizlardan so‘rab bilibdi-da!
Oshxonada qilgan kechagi qilig‘i uchun unga bir og‘iz ham gap qo‘shmay, tumtayib oldim. Bir xillarga o‘xshab, gapga chechan, kirishimli yigit bo‘lmagani-chun, qani bu qiz biron nima dermikin deganday atrofimda o‘ralashib, menga tikilgani-tikilgan edi. Bu ham yetmagandek indamasxo‘ja har kuni ishdan so‘ng meni kombinat darvozasi yonida kutib turar, boshqa ishi yo‘qday, yotog‘imgacha ortimdan soyadek ergashib, kuzatib qo‘yar edi. Bu hol uch-to‘rt takrorlangandan so‘ng yotoqxonadagi qizlar uni ko‘rsatishib, ana oshiqu beqaroring kelyapti deb piching qilib kuladigan bo‘lib qolishdi. Bunisi endi juda ham oshib tushgandi.
Ilyos ertalab ishga borgunimcha va kechda ishdan qaytishimda yo‘limni poylab turar, menga bir og‘iz gapirishga jur’at eta olmas, boya aytganimdek indamay ortimdan shunchaki kelib ketardi. Ishda ham shunaqa: tushga yaqin yo tushdan keyin kutilmaganda qarshimda paydo bo‘lib qolar, nari borsa o‘n daqiqa menga intizorlik bilan tikilib-tikilib ketardi. U kelganda kayfiyatim yaxshi bo‘lsa-da, o‘zimni xafa bo‘lganga solib, tumtayib olardim. Bechora, men bilan ikki og‘izgina gaplasharmikin degan ilinjda g‘amgin nigoh tashlagancha gap qo‘shishimni sabr-toqat bilan kutar edi.
Ilyosni husnimga mahliyo bo‘lib, boshimni aylantirmoqchi bo‘layotgan xira pashshalardan biri deb hisoblardim. Endi uni ko‘rganimda, yuragim”jiz” etmas, nuqul xunobim oshib, jahlim chiqaverardi. O‘shanda u haqda uncha o‘ylamasam-da, Ilyos ikki-uch martalab tushlarimga kirib chiqqandi. Tushlarim ham g‘alati-g‘alati edi-da o‘zi… Tushlarimda u menga emas, men unga oshiq-u beqaror bo‘lib yurardim. U esa menga qandaydir beparvoroq bo‘larmidi-ey… Hushimda esa tamoman teskarisi…
Bir kuni u judayam jonimga tegib ketdi. Hozir butun umr esidan chiqmaydigan qilib bir boplab tuzlayman, keyin umuman qorasini ko‘rsatmay ketadi deb dilimga tugib qo‘ydim.
Yonimga kelgan hamono yetti uxlab tushiga kirmagan haqoratli gapni aytib yubordim:
— Nima muncha shilqimlik qilasan? Hiqildog‘imga kelding-ku, axir! Qisib yurasanmi, yo‘qmi?!
Odamning nafsoniyatiga tegadigan bunday bemaza haqoratni mendan sira kutmagani uchunmi, Ilyos hech narsani idrok qilolmagandek, quloqlariga ishon¬ma¬ganday bir muddat angrayib qotib qoldi. Haligi noma’qul gapim uchun u meni qattiq so‘kib yuboradi deb o‘ylagandim. Ammo u bunday odobsizlik qilmadi. Sekin yutinib oldi-da, ovozi g‘alati titragancha:”Bilasizmi, sizni judayam qattiq yaxshi ko‘rib qolganman! Sizni bir kun ko‘rmasam, chidolmayman!”—dedi birdan. O‘sha kezda uning yurakdan chiqarib aytgan sodda va samimiy gaplaridan birdan g‘alati bo‘lib ketib, negadir butun vujudim go‘yo chumoli yurgandek jimirlab ketdi!
Banogoh hayo bosgani uchun ko‘zlariga qarolmay, nigohimni undan olib qochdim. Hozirgina sokin tepib turgan yuragim negadir o‘z-o‘zidan dukillagancha qattiq ura ketgandi! Tilim kalimaga aylanmay, nima deyarimni bilmay, haligi gaplarim uchun uyalganimdan nariroq ketib, o‘zimni ish bilan chalg‘itmoqqa qanchalik urinmay, ichki hayajonim sira bosilmas, uning dil izhori quloqlarim ostida qayta-qayta takrorlanaverar edi. Ilyosning men bilan bunday muomala qilishi yetti uxlab tushimga kirmagani bois va eng yomoni – o‘ylamay-netmay uni haqorat qilib, dilini og‘ritib qo‘yganimdan qattiq xijolat bo‘lib, unga qayrilib qarashga yuzim chidamasdi.
Bir mahal Ilyos ortimdan kelib, ikki bilagimdan sekin, ozorsiz ushladi-da, shundoqqina qizib turgan quloqlarim ostidan ehtirosli ovozda: “Bilasizmi, siz men uchun dunyodagi eng-eng yaxshi qizsiz, Farida! Sizni o‘sha kuni oshxonada uchratganimdan halovatimni yo‘qotganman. O‘shandan beri sizga qattiq bog‘lanib qoldim. Ko‘zimga sizdan boshqa narsa ko‘rinmay qoldi. Orqangizdan soyadek ergashaverib, qizlarning orasida sizni gap-so‘zga qo‘yib, ko‘nglingizga tegadigan nojo‘ya ish qilgan bo‘lsam, ming bor uzr so‘rayman!» — dedi.
Bu gaplardan so‘ng besh battar g‘alati bo‘lib, yerga qarab qoldim. O‘shal damda Ilyosning issiq kaftlari nafaqat bilaklarimni, balki butun vujudimni qizdirib yuborgandek bo‘ldi.
O‘ylamay-netmay, aytib yuborgan gaplarimni ko‘ngliga qattiq oldimi, ishdan so‘ng Ilyos meni kombinat darvozasi oldida har kungidek kutib olmadi.
Shu kech uyquga yotgunimcha u sira xayolimdan ketmadi.
Bu yetmagandek, shu kecha g‘alatiroq tush ko‘rib chiqdim. Ajab! Tushimda ikkovmizning to‘yimiz bo‘layotganmish! Men uni qattiq sevib qolib, unga turmushga chiqayotganimdan o‘zimda yo‘q shod emishman. Bo‘ynilaridan mahkam quchib, baxtimdan aylanay deya uning yuz-ko‘zlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘par emishman…
Uyg‘ongach, boshqacha bo‘lib ketib:”Nahotki uni yaxshi ko‘rib qolsam-a?” — degan o‘y miyamda aylanaverib, halovatimni o‘g‘irladi-qo‘ydi.
Ertasiga tushgacha u meni yo‘qlab kelmadi. Uzoqdan qaysi yigitning qorasi ko‘rinsa, Ilyos kelyaptimikin deb xayol qilib, o‘z-o‘zimdan hayajonlanib, uning tezroq yonimga kelishini qo‘msab, ko‘nglim orziqib ketaverdi. Tushlik mahali oshxonada uchrataman balki deb o‘ylagandim. Ammo u yerda ham Ilyosning qorasi ko‘rinmadi.
Shu kundan keyin u go‘yo mendan arazlagandek yonimga kelmaydigan, ishdan so‘ng ortimdan kuzatib qo‘ymaydigan bo‘ldi. Har-har zamonda kombinat ichida nohosdan to‘qnash kelib qolsak, u boshini egib yonimdan indamay o‘tib ketardi. Nigohlari orzu, umidlari bir zumda chilparchin bo‘lib, tushkunlikka tushgan kishinikidek g‘amgin edi. Bunga buzilgan dastgohlarni tezroq tuzatib beradigan Tohirjon degan slesar yigit bilan bo‘lgan munosabatlarim sabab bo‘lgan edi. Tohirjon yaqinda ishga kelgan bo‘lib, gap-so‘zga chechan, quvnoq ekan. U har kuni dastgohlarimni bir ko‘zdan kechirib chiqardi-da, chiroyli jilmaygancha hazil ohangida:”Chiroyli qiz, go‘zal qiz, qalay, stanoklar bezovta qilmayaptimi? Agar bezovta qilayotgan bo‘lishsa, ayting, darrov quloqlarini burab qo‘yaman”, — deb ikki og‘izgina gaplashib ketardi.
Ilyosni xafa qilgan kunimning ertasi birdaniga ikkita stanogim buzilib qoldi. Tohirjon ularni tuzataman deb yarim soatlar joni halak bo‘ldi. Tuzatib bo‘lgach, stanoklarning qanday ishlashini kuzatgancha men bilan uyoqdan- buyoqdan suhbatlashib turardi. Xuddi shu mahal Ilyos meni ko‘rgani kelib qoldi. Uning kelganini ko‘rsa-da, ko‘rmaganga olganday, Tohirjonni go‘yo yoqtirganday u bilan kulishib gaplashaverdim. Shu tobda biroz qaysarligim tutgandi. Qani, u nima qilar ekan? Meni undan rashk qilarmi-kin?Tohirjon degan yaxshi ko‘rgan yigiti bor ekan deb o‘ylarmikin? Shundan keyin ham orqamdan yurarmikin? Yo kuzatib qo‘yishlarini bas qilarmikin? — deb o‘yladim. Shundan keyin bir xaftacha go‘yo Ilyosning sevgisi-yu, sabr-bardoshini sinamoqchiday u fabrikamizda ko‘ringan zahoti besh-o‘n daqiqa Tohirjon bilan birga bo‘lishga harakat qilar edim. Ilyos yaqin kelganida, unga jiddiy bir ko‘z tashlab olardim-da, keyin Tohirjon bilan go‘yo sinashtadek dildan chaqchaqlashib gaplashaverardim. Endi Ilyos meni avvalgidek
ko‘p kuzatib o‘tirmas, Tohirjon bilan birga ko‘rgan zahoti tezda iziga burilib ketaverar edi. Bu yigitning ichi kengligi va mo‘min-qobilligiga hayron qolardim. Nahotki, ozgina rashki bo‘lmasa? Bu bola kim o‘zi? Nega u bilan muncha apoq-chapoqsan, demasa-ya?!
Bir kuni dugonalarim bilan toza havodan nafas olgani tashqariga chiqdik. Sal nariroqda, chinor ostidagi o‘rindiqda Ilyos bilan Tohirjonning jiddiy gaplashib o‘tirganlarini ko‘rib, hozir meni deb tortishib, janjallashib, mushtlashib qolishmasa go‘rga edi deb yuragim “shuv” etib ketdi. Ikkovlari ham bama’ni, bosiq yigitlar bo‘lganlari-chun, xayriyat, ish mushtlashuvgacha bormadi. Ilyos nimalardir deb ta’kidlagandi, Tohirjon xo‘p-xo‘p deganday bosh irg‘ab ma’qulladi. Sexga kirgach, Tohirjondan anavi yigit sizga nima dedi deb so‘radim. Tohirjon bosh chayqagancha jiddiylik bilan: “Faridaxon, sizni jonidan ortiq yaxshi ko‘radigan yigitingiz borligini bir og‘iz aytmabsiz-a?! Odamni yomon xijolat qildingiz-da! Buning ustiga Ilyosbek bilan hamyurt chiqib qoldik. Unga nima deyarimni bilmay qoldim, rosti. Faridaga oshiq bo‘lganim yo‘q, boshini aylantirib yurganim ham yo‘q dedim. Biz shunchaki ish yuzasidan gaplashamiz. Munosabatlarimiz samimiy, oramizda boshqa hech qanday gap bo‘lgani yo‘q dedim. Ilyosbek sizni j
udayam qattiq yaxshi ko‘rar ekan! Nega mendan ko‘zlaringizni olib qochib yerga qarayapsiz? Demak, mundan chiqdi, Ilyosbekda ko‘nglingiz bor ekan-da?! Sevish va sevilish katta baxt deb hisoblayman. Ammo bu baxtni tezda yo‘qotib qo‘yish ham mumkin odam. Sevsangiz, yurtdoshimni ko‘p qiynayvermang-e! Ko‘ngli qolmasin-e, bechoraning. Keyin afsus qilib, o‘zingiz qiynalib yurasiz “. Tohirjonga nima deyarimni bilmay, vujudim lovullagancha damimni ichimga yutdim. Shundan keyin u ham men bilan faqat ish yuzasidan gaplashadigan bo‘ldi. Avvalgidek hazil-huzil qilishlarini yig‘ishtirdi.
Mana shu gaplardan keyin Ilyos yonimga sira kelmay qo‘ydi. U suymaganga suykanma deganlariga amal qilib yuribdimikin? Qanday xayollarga boryapman o‘zi? Bunday bo‘lmasa kerak. Negaki, hali oramizda unchalik jiddiy gap-so‘zlar bo‘lmagan, u mendan hech qanaqangi rad javobi olgani yo‘q-ku, axir!
Kelmasa kelmas, nima, men unga zormidim. Undan boshqa tashvishim yo‘qmi endi?!
Faqat bir narsa, negadir o‘sha mahallar o‘zim ham bunga sira tushunolmasdim, har-har zamonda uni juda ham ko‘rgim kelib ketaverardi. Avvalgidek jimgina yonimga kelib, so‘zsiz termilib turishlarini, ortimdan soyadek ergashib yurishlarini juda-juda istar edim.
Ko‘klam kunlarining birida — o‘sha kuni maosh olgan edik — ishdan chiqiboq bir-ikkita qizlar yangi ko‘ylak xarid qilgani Chilonzor savdo markaziga bordik. Ikki soatlardan keyin qaytib, yotoqxona hovlisiga kirayotsak, darvoza tomonga kelayotgan bashang kiyingan o‘n chog‘li kishilarning orasidan Ilyosga ko‘zim tushib yuragim shuv etib ketdi. Ilyos o‘shandog‘ g‘amgin nigoh bilan sekin qaradi-da, jimgina yonimdan o‘tib ketdi. “Nahotki u meni izlab shu yergacha kelgan bo‘lsa-ya?!” degan o‘y o‘tdi birdan xayolimdan. Yo‘g‘-e, unchalik bo‘lmasa kerak, agar izlab kelganida bir og‘iz gapirmay o‘tib ketarmidi? Boshqa bir ish bilan kelgan bo‘lsa kerak.
Ertasiga biroz bo‘lsa-da gaplashish istagida uni rosa kutdim. Ammo u meni ko‘rgani kelmadi. Indiniga ham undan sira darak bo‘lmadi. To‘quv tsexida ishlaydigan, uni taniydigan qizlardan surishtirgandim, Ilyosning mehnat ta’tiliga chiqib, yurtiga ketganini aytishdi. U shu ketishda kuzning boshlarida kombinatda paydo bo‘ldi.
— Salom, Faridam! — degan judayam tanish ovoz keldi bir mahal ortimdan.
Yalt etib qaradim-u, yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Sog‘inganim qandaydir g‘amgin nigoh bilan termilib turar edi!
— Farida, — dedi u yutinib olgach, vazmin ovozda. —Sizga bu gapni aytish menga judayam qiyin. Shunday bo‘lsa-da, aytishga majburman. Men yaqinda ota-onamning qistovlari bilan uylanmoqchiman.
Nima deyarimni bilmay, angrayib qoldim.
— Siz meni yaxshi ko‘rmaganingizdan keyin nima qilay, shunday qilishga majburman, — deya xo‘rsindi u.
— Voy qanday yaxshi, baxtli bo‘ling iloyim! — deyoldim ichimdan zil ketsam-da jilmayishga urinib.
— Yo‘q! — deya qat’iy bosh chayqadi Ilyos. — Sizning muhabbatingizni qozonsam va orzu qilganimdek yozuvchi bo‘lolsam, o‘shanda baxtli bo‘laman deb o‘ylagan edim. Ming afsuskim, sizga yetisholmadim. Bunga siz aybdor emassiz, yo‘q! Tan olishim kerak: o‘zimning bo‘shangligim va qat’iyatsizligim ham sababchidir. Endi bu gaplarni aytib o‘tirishning foydasi ham, qizig‘i ham yo‘q.Bilasizmi, odam uylangani bilan baxtli bo‘lolmaydi. Gap uylanishda emas, gap kimga uylanishda, buni unutmang!
Ilyos boshqa gapim yo‘q deganday sekin burildi-da, yonimdan uzoqlashdi.
U ketgach, so‘nggi ilinjlari ham chippakka chiqqan kishidek yuragim huvillab qoldi. Nega bunday bo‘ldi o‘zi? Hech aqlim yetmaydi. Unga yuragimdan joy berishga ulgurganmidim?
Yo‘q, unchalik emas-ku, axir! Hali oramizda bundayroq jiddiy gaplar ham bo‘lmagandi-da.
U shunchaki ermak uchun ikki-uch oy orqamdan yurgan ekan-da bo‘lmasa, degan xayolga ham bordim. Agar u meni qattiq sevsa, darrov boshqasiga uylanib ketarmidi? Demak, Ilyos mening husnimga sal-pal oshiq bo‘lgan ekan-da, degan xulosalarga bordim va u haqda endi ko‘p o‘ylamaslikka qaror qildim. Ammo ba’zi-ba’zida sevgisi toptalgan qizdek xo‘rligim kelib, ma’yus tortib qolardim. Uni ko‘rgim, u bilan gaplashigim kelaverardi.
Shunday qilib, oradan bir yil o‘tgach, iyunning o‘rtalarida sira kutilmaganda tasodifan u bilan uchrashib qoldim. O‘sha kuni bir dugonam bilan” Chilonzor savdo markazi”ga nimadir xarid qilgani borgandik. Ikkinchi qavatdagi ayollar poyabzali bo‘limiga o‘tayotganimizda Ilyos lop etib qarshimizdan chiqib qolsa bo‘ladimi?! U ham bunday bo‘lishini kutmagan shekilli, bir dam ikkimiz ham bir-birimizga termilgancha joyimizda qotdik-qoldik. Yuragim shu qadar shiddatli urib ketdiki… asti qo‘yaverasiz endi!
Mendan sal ilgarilab ketgan dugonam chaqirmaganida, bilmadim, Ilyosga yana qancha tikilib turaverardim.
Ilyos bir og‘iz so‘z qotmadi. Xuddi huv bir yil ilgarigidek besh-olti qadam naridan to biz “Savdo markazi”ni aylanib chiqqunimizcha ortimizdan indamay ergashib kelaverdi. Xaridimiz bitgach, tashqariga chiqib, bekat tomon yurdik. Shu yerdan 34-avtobusga chiqib, yotoqxonaga qaytishni muljallab turardik. Ilyos besh-olti qadam naridan ortimdan tikilib turardi. Burilib qaragim kelar edi-yu, shu tobda unga nimalar deyishni bilmas edim. O‘n daqiqalar o‘tib, bekatga avtobus kelib to‘xtadi. Ilyos ortimizdan chiqib, orqa tomonga o‘tib oldi.
Dugonam yo‘lma-yo‘l chakagi tinmay borar, ammo uning gaplari sira qulog‘imga kirmas, xayolim Ilyosda edi. U haqida o‘ylar edim. Axir u bir yil burun uylandim degandi-ku?! Qani nima derkin? O‘shanda menga yolg‘on gapirdimikin? Unday bo‘lsa, nega o‘zini keyingi paytlar mendan olib qochib yurdi?
Kombinat bekatida avtobusdan tushganimiz hamono dugonamni qizlardan biri chaqirib qoldi. Bundan foydalangan Ilyos yonimga yaqin kelib:
— Farida, to‘xtang, sizda gapim bor, — dedi.
Qani, nima derkin deb, ko‘zlariga savolchan tikildim.
— Mana, institutniyam bitirdim, — dedi u. — Erta-indin yurtimga qaytib ketyapman. Bilasizmi, Toshkent¬dan yomon xotiralar va armon bilan ketishni xohlamayman. Sizdan birgina o‘tinchim bor: bir kuningizni menga hadya qiling, iltimos?! Siz bilan sayr qilishni niyat qilgan edim. Shu ko‘nglimda armon bo‘lib qolmasin! Ertaga yakshanba-ku, baribir bekor bo‘lasiz. Bir kungina men uchun vaqt ajrating, o‘tinib so‘rayman! Agar hozir qarshimda tiz cho‘k desangiz, mayli tiz cho‘kaman, faqat yo‘q demang! Siz oqila qizsiz-ku, mening holatimni to‘g‘ri tushunasiz deb o‘ylayman. Cho‘chimang, ko‘nglimda sizga nisbatan zarracha yomon niyatim yo‘q! Faqat siz bilan oxirgi marta dildan suhbatlashmoqchilan, xolos. Xudo biladi: bundan keyin siz bilan uchrashamizmi, yo‘qmi?!
Ilyos shunchalar sodda va samimiy gapirar, ko‘zlari ma’yus yolqinlanib, ilinj bilan termilib turar, agar shu tobda yo‘q deya bosh chayqasam, tiz cho‘kib yig‘lab yuborishga tayyor edi u.
— Siz bir yil burun uylanayapman degandingiz-ku, axir?! — dedim chimirilgancha buyog‘i nima bo‘ladi deganday qilib. —O‘zingizniyam, meniyam ovora qilib nima qilasiz endi? Foydasi bormikin?
— Ha, esimda bor: o‘shanda sizga uylanmoqchiman degandim, ammo uylandim deganim yo‘q edi, chamamda, —deya siniq jilmaydi u. — Qani, siz nima der ekansiz deb sal jiddiy hazil qilgandim-da.
— Voy, rostdanam uylanganingiz yo‘qmi hali? — deb yubordim uzoq ayriliqdan keyin birga bo‘lishga imkon topilganidan xursand bo‘lganday.
Ilyos javob o‘rniga nim tabassum qilib qo‘ydi.
Anchadan beri u bilan gaplashish ishtiyoqida ekanim uchun, ko‘nglini cho‘ktirgim kelmay, ertangi uchrashuvga rozi bo‘ldim. Shunda uning ko‘zlaridagi quvonchni bir ko‘rsangiz edi! Hayotida bunchalar shodumon bo‘lmagan bo‘lsa kerak, bechora!
Shu kech allamahalgacha hech uyqum kelmay, ertaga Ilyos meni qayerlarga sayr qilgani olib borar ekan deya o‘ylab, ichim qizib yotdim.
Ertasiga kecha kelishganimizdek, u bilan soat to‘qqiz yarimlarda”Paxtakor” metro bekati oldida uchrashdik. Ilyos yarim soatlar burun kelgan shekilli, ko‘zi yo‘limni poylab, diqqati oshib turgan ekan. Menga nigohi tushishi bilanoq, tund va tajang chehrasi birdan yorishib ketdi.
— Mana, keldim, so‘zingizni yerda qoldirmay. Xo‘sh, qayerga boramiz? — dedim samimiyroq bo‘lishga harakat qilib.
— Rahmat, oqila qizligingizni bilardim, —deya minnatdor bo‘ldi Ilyos. — Bilasizmi, siz bilan kinoga tushishni ko‘pdan orzu qilardim. Keling, shu birinchi orzuyimni amalga oshiraylik, qarshi emasmisiz?
— Yo‘q, nega qarshi bo‘larkanman? Yaxshi film bo‘lsa mayli, — dedim uning ra’yini qaytarmay.
— Soat o‘nda”Panorama”da yangi hind filmi ko‘rsatilar ekan, ketdikmi? — dedi Ilyos.
Biz telestudiyaning yonidan o‘tib, gird atrofi oynavand san’at saroyiga yaqinlashdik.
Ilyos men hozir dedi-da, tezgina borib, ikkita chipta olib keldi.
Poytaxtda bir yildan beri yashab, bunaqa muhtasham kinoteatr borligini xayolimga ham keltirmagan ekanman. Ish deb, o‘qish deb, shahar aylanishga qo‘l ham tegmabdi.
— Hali seans boshlanishiga biroz vaqt bor, — dedi Ilyos meni keng foyening ikkinchi qavatiga boshlab. U yerda muzqaymoq va salqin ichimliklar bor ekan. Ilyos meni deraza yonidagi o‘rindiqqa o‘tqazib, muzdekkina ikkita kokteyl olib keldi. U go‘yo baxtidan, toleidan ko‘ngli to‘lgandek, ko‘zlarimga masrur boqqanicha kokteylni sekin-sekin sipqorar edi.
Film namoyishiga ozgina qolganida, zalga kirib, joyimizga o‘tirdik.
— Qo‘lingizdan ushlab o‘tirsam maylimi? — deya qulog‘imga sekin shivirladi Ilyos kino boshlangach. — Siz cho‘chimang, boshqa nojo‘ya harakat qilmayman deb so‘z beraman.
Mayli, bu ham dilida armon bo‘lmasin deya o‘ng qo‘limni asta unga uzatdim. Iliq kaftlariga kaftlarim tegishi bilanoq a’zoi badanim jimirlab ketdi!
— Qalay, film sizga yoqdimi?— deb so‘radi Ilyos tashqariga chiqqach.
— Unchalik yomon emas, bir marta ko‘rsa bo‘larkan, — dedim nima deyarimni bilmay.
— Endigi rejamizga muvofiq istirohat bog‘iga borib, maza qilib dam olib kelamiz.
Ixtiyoringiz deganday iljaydim.
Bu sodda va samimiy yigit avvaldan yoqib qolgani bois, bugun jiddiyligimni sal tashlab, unga o‘zimni yaqinroq tutib, ko‘nglim va chehramni ochibroq muomala qilishga intildim.
Avval ko‘rgan tushimni eslab, peshonamga bitgani shu Ilyos ekanligiga, taqdirim u bilan bog‘liqligiga asta-sekin ishona boshladim. Endi nozu firoq bilan qovoq solib, lab jiyirishga na hojat, qizgina, deb qo‘ydim ichimda.
Istirohat bog‘idagi qahvaxonada maza qilib kabobxo‘rlik qilarkanmiz, ilk uchrashuvimizni, uning ortimdan tinimsiz yurishlarini, jahlim chiqib, urishganim-u, Ilyosning sizni yaxshi ko‘rib qoldim deganlari-yu, shundan keyin negadir yonimga kelmay qo‘yib, go‘yo arazlagandek o‘zini mendan tortib yurganlarini eslab kulishdik.”Menga shunchalik ko‘ngil qo‘ygan ekansiz, nima uchun keyinchalik gaplashgani oldimga kelmay qo‘ydingiz? Men o‘sha kunlari yonimga kelishingizni rosa kutgandim”, — degandim, Ilyos:”Rostdanmi?” — deya bir zum quvonib, keyin nimagadir darrov ma’yus tortdi-da: “Eh, buning sabablarini keyin tushuntirib beraman,” — deya xo‘rsinib qo‘ydi.
Tamaddi qilib bo‘lgach, bog‘ning ichkarirog‘iga kirib, har xil ko‘ngil ochar karusel-u, arg‘imchoqlarda “uchdik”. Yaqinda chet eldan keltirib qurilgan poyezd degan attraktsion juda ham dahshat ekan. Shamoldan tez yurishi-yu, yurakni shuvillatib yuboradigan kutilmagan burilishlar-yu, tepaga chiqib ketib noxosdan o‘qdek pastga tushib ketishlari bilan odamni vahima solarkan. Manaman degan qo‘rqmas botirlar ham bunday qaltis harakat paytida yuraklari o‘ynab ketib, qichqirib yuborishlari hech gap emas ekan. A’zoi badanim qo‘rquvdan qaltirab ketganidan Ilyosning bilaklaridan mahkam ushlagancha, uning pinjiga kirib, boshimni egib, ko‘zlarimni chirt yumib oldim.
— Qalay, zo‘r ekanmi? — deya iljaydi Ilyos poyezdan tushib, salqinroqdagi o‘rindiqqa cho‘kib, nafasimizni sal rostlab olgach.
— Nimasi zo‘r ekan? — dedim norozi bo‘lib. — Bundayligini bilganimda o‘lsam ham chiqmasdim.
Shundan so‘ng bir-birimizga nima deyarimizni bilmagandek jimib qoldik.
Nihoyat, u gap boshladi:
— Keyin aytaman degan gaplarimni aytishning endi mavridi keldi, Farida. Kombinatda sizni uchratmasimdan o‘n besh kunlar burun mening roziligimsiz, onamning xohishlari bilan meni qishloqlik bir qizga unashtirib qo‘yishgan edi. Men u qizni bir marta ham ko‘rmagan, uchrashmagan edim.
O‘sha qizga uylanmaslik uchun ota-onamga asosli bir sabab topishim kerak edi. Ular xo‘p, ana, biz topganga uylanishni xohlamas ekansan, biron-bir ko‘z ostingga olganing, yaxshi ko‘rganing bo‘lsa ayt deyishlari tabiiy edi. Men ularga ha, bor, kombinatda Farida degan chiroyli bir qizni yaxshi ko‘rib qolganman, ammo u meni yoqtirmaydi, gaplashishni istamaydi desam, eh bolam, suymaganga suykanib nima qilasan, endi uni ko‘nglingdan chiqarib tashla, ana, biz topgan qizga uylan, to‘ydan keyin yaxshi ko‘rishib ketaverasizlar, deya maslahat berishlari turgan gap edi.
Sizdan ko‘ngil uzolarmidim, axir?!
Qishning boshlarida singlimdan otamning qattiq betob bo‘lib qolganliklari haqida xat oldim. Ta’tilga chiqib, uyga borganimda, otamni og‘ir ahvolda ko‘rib ko‘nglim buzilib ketdi.
— Sen aqlli yigitsan, — dedilar otam og‘ir nafas olib. — Shu choqqacha yuzimizni yerga qaratmagansan, mundan keyin ham yuzimizni shuvit qilmaysan deb o‘ylayman. Fotihani buzish oson. Senga hech narsa bo‘lmaydi, chunki sen o‘g‘il bolasan. Ammo unashilgan qizning sha’niga yomon bo‘ladi, o‘g‘lim.
Odamlar sendan emas, qiz bola bo‘lgani uchun undan ayb izlashadi. Qiz taraf bizga qarindosh bo‘ladi. Keyin ular ham bizdan yuz o‘girib ketishadi. Ko‘zim ochig‘ida unga uylanaman, qarindoshligimizni uzmayman deb, so‘z ber, bolam. Bo‘lmasa, men go‘rimda tinch yotolmayman.
Otamni xotirjam qilish uchun mayli o‘sha qizga uylanaman deb va’da berdim. Shundan so‘ng otam bechora xotirjam oyoq uzatib, olamdan o‘tdilar.
Yaqinda otam rahmatlining yillarini berdik. Onamlar to‘yni bir oydan so‘ng, avgustga belgilashgan.
Mana, Faridam, bor gap shu. Men haqimdagi bor haqiqatni ham bilib oldingiz.
Men joyimda tosh qotgan edim.
Ilyos shartta o‘rnidan turib, besh-olti qadam nariga borib to‘xtadi-da, so‘ng sekin burilib menga tushkun nigoh bilan nazar tashladi. Endi bu yerdan ketishimiz kerakligini fahmlab, o‘rnimdan turganim hamono u chopib keldi-da, meni bag‘riga bosgancha hovliqib entikkancha yuz – ko‘zlarimdan tinimsiz o‘pa ketdi! Bir dam ixtiyorimdan ayrildim. Uning bo‘salari xayolimni olib, boshginamni aylantirib tashlagan edi!
Ichimdan toshib kelgan yig‘ini to‘xtatolmay, hiqillab yubordim.
Shu kech yig‘lay-yig‘lay ajrashdik.
Shundan keyin hamma narsadan ko‘nglim sovidi: kombinatdan ham, o‘qishga kirish istagidan ham. Shaharda turgim kelmay qoldi. Ishdan bo‘shab, buvimning yonlariga qaytdim.
Bir yildan so‘ng buvimning maslahatlari bilan o‘zimdan to‘rt yosh katta Murod degan shofyor yigitga turmushga chiqdim. Murodni buvim emas, o‘zim topgandim. Kech kuz kunlarining birida qishloqdagi xolamnikidan qaytayotganimda, yo‘lda shovillab yomg‘ir yog‘ib qoldi. Ust- boshim shalabbo bo‘lishiga bir bahya qolganida, shundoq yonginamga yuk mashinasi kelib to‘xtadi.”Shaharga ketayotgan bo‘lsangiz, chiqing, oborib qo‘yaman”, — dedi haydovchi eshigini ochib. Unga qaradim-u, yuragim “jiz” etib ketdi. Haydovchi yigit Ilyosga judayam o‘xshab ketardi!
Murod hazilkash, sho‘x yigit ekan. Shaharga kelguncha goh latifa, goh qo‘shiq qo‘yib, zeriktirmay keldi. Shunday qilib, ortimdan uch oycha yurib, axiri unga turmushga chiqishimni so‘radi. Men ixtiyorim buvimda ekanligini aytdim. Ertasiga uning onasi bilan ammasi biznikiga sovchilikka kelishdi. Murodda sal-pal ko‘nglim bo‘lsa-da, avvaliga, nomiga, erga tegmayman deb biroz noz-u firoq qilgandim, buvim:”Menga bildirmay, uch oydan beri birga yurar ekansanlar-ku, pismiq, — deb urishib berdilar. — Baxting ochilgani shu, qizim! Endi ko‘p mahtal qilmay, tezroq rozi bo‘la qol, bolam”.
Buvimning qistovlari bilan bahorda turmushga uzatildim.
Murodn ko‘ngli ochiq, mehribon yigit edi.
Yil o‘tib, shirin qizaloqlik ham bo‘ldik.
Afsus, havas qilgudek shiringina turmushimiz uzoqqa cho‘zilmadi, qizcham juda erta yetim bo‘lib qoldi.
Qish kunlarining birida, Murod akam qor bosgan qaltis yo‘llik davondan o‘tayotganlarida, mashinalari yo‘ldan chiqib ketib, halokatga uchrab, halok bo‘ldilar. Bu men uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. Avvaliga men uchun bu dunyoda yashashning hech bir ma’nisi qolmagandek bo‘ldi. Hardamxayol bo‘lib yurgan kunlarimning birida Ilyos tushimga kirib: “Farida, esingizni yig‘ing, o‘limni o‘ylamang! Endi siz hamma qiyinchilikka bardosh berib, qizingiz uchun yashashingiz kerak!” — deya tanbeh berdi. Shu tushdan so‘ng hayotga qayta qiziqishim uyg‘onib, o‘zimni shu qizchamning bekam-u ko‘st unib o‘sishiga bag‘ishladim.
Goh-gohida, agar Ilyos bilan yulduzimiz yulduzimizga to‘g‘ri kelganida, yigirma uch yil qiynalib, yolg‘iz yashamagan bo‘larmidim degan xayollarga ham boraman.
Shu yigirma uch yil ichida uning hayoti qay tarzda kechdiykin? Turmushidan ko‘ngli to‘lib, beg‘am, betashvish yashadimikin? Bu bir kam dunyoda kim ham beg‘am, betashvish yashay olgan ekan?! Yigirma uch yil davomida men haqimda o‘ylaganini ko‘nglim sezib turibdi. Bo‘lmasa, shuncha vaqtdan keyin u meni izlamagan, “Mehr ko‘zda”ga iltimos, Faridani topib beringlar deb xat yozmagan bo‘lar edi.
… Metroning “Paxtakor” bekatidan chiqsam, televideniyening eshigi oldida bir dasta qip-qizil gul tutgancha kimnidir intizorlik ila kutib turgan bir kishiga ko‘zim tushib, yuragim orqaga tortib ketayozdi. Uni darhol tanidim. Bu o‘sha meni izlab kelgan yigit— Ilyosim edi! U navqiron, yosh ko‘rinar edi! Menga ko‘zi tushgan zahoti uning o‘ychan chehrasiga tabassum yoyilib, oldinga uch – to‘rt qadam tashladi va shu asno uning yosh va ko‘rkam aftu angori birdan o‘zgardi: yuzlarida so‘lg‘inlik, peshonasida taram-taram ajinlar paydo bo‘lib, sochlariga ham quyuq oq oralab, bir zumda o‘rta yosh odamga aylandi-qo‘ydi. Faqatgina uning mehru muhabbatga to‘la ko‘zlarigina o‘zgarmadi!
Bu intizor ko‘zlar o‘shandoq ma’yus edi!