Quyosh eng avval kengliklar bo‘ylab yastangan adirlarga, ko‘ksini qalqon etib, himoyaga chog‘langan tog‘larga nurini sochadi. So‘ngra qirdagi pastqam loysuvoq uylarga muruvvatini ulashadi. Tog‘liklar hammadan oldin quyoshning marhamatiga molik bo‘lishadi. Shundanmi ular tog‘dek alp qomat, quyoshdek bag‘rikeng kishilar.
Tong yorishib, quyosh himmatini ko‘rsatib ulurmasidan, Sardor Cho‘nqay cho‘qqi tepasida paydo bo‘ldi. Muk tushib o‘tirgancha olislarga tikildi. Uvada bulutlar bir muddat bolakayni kuzatib turib, safarga otlangandek, sekin-asta siljishdi. Sardor izlaganini bulutlar orasidan ham topolmay, og‘ir xo‘rsindi.
— Ha, shovvoz, kallai sahardan bu yerda nima qilib o‘tiribsan? Haliyam o‘sha darbadar burgutingning yo‘liga ko‘z tikyapsanmi? — so‘radi pastdan tayog‘iga suyanib chiqib kelayotgan cho‘pon.
Sardor: «Ha-a», dedi. Cho‘ponning gapi uning yuragiga og‘ir botdi.
— Menimcha, endi burguting bu yerlarga qaytmaydi. O‘ziyam tog‘da yakkamoxovdek yolg‘iz yashab, zerikkan-da, — dedi cho‘pon bolaning yoniga cho‘kkalab.
Sardor yana ko‘zini olislarga tikdi.
— Keldiyor tog‘ang burgutingni olib kelganiga ham o‘n yilcha bo‘p qoldiyov, — dedi cho‘pon bolani diqqatini o‘ziga qaratish uchun.
Sardor yana boshini silkidi-yu, gapirmadi.
— Menga qara, o‘sha burguting qaytsa shu paytgacha qaytardi, endi kutishning foydasi yo‘g‘-ov. Bitta-yarimta ovchi otib qo‘yganmi, desam, bu yaqin orada tog‘da o‘q ovozini ham eshitmadim. O‘lib-netib qolmaganmikin, ishqilib? Tosh-poshlarning orasiga qarab ko‘rmadingmi?
— Ko‘rdim, hech qayerda yo‘q, — dedi bola bo‘g‘ilib.
— Unday bo‘lsa, bilmadim. Lekin sor deganlari bir ketdimi, — qaytmaydi, deyishadi, tag‘inam, bilmadim…
Cho‘ponning gapi Sardor uchun yangilik bo‘lmasa-da, unga javdirab tikildi. Uning nigohida so‘nib borayotgan umidning cho‘g‘i yiltirardi. Cho‘pon bolaga achinib ketdi. U shu tobda bolaga taskin berishni istar, lekin buning foydasi yo‘qligini bilib, indamasdi. Bir muddat o‘tirib, tayog‘iga suyanib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uning chuchuhlagan ovozi yiroqlashib borardi.
— U, baribir, qaytib keladi!… — dedi bolakay o‘ziga o‘zi.
Olislab ketgan cho‘pon uning gapini eshitmadi. Sardor peshingacha shu ahvolda o‘tirdi. Uzoqdan tog‘avachchasi Asil chaqirmaganida hali- Beri o‘rnidan turmasdi.
— Shu paytgacha cho‘qqida o‘tirganmiding? Qidiraverib esim ketdi-ku. Otam tag‘in shaharga ketib qolgan bo‘lsa, deb xavotirlandi, — dedi Asil chopganidan nafasi bo‘g‘ziga tiqilib.
Sardor u bilan qishloqqa qaytdi. Yo‘lda Asil maktabda oshnalari bilan bo‘lgan mushtlashuvini zo‘r qiziqish bilan gapirdi. Sardor o‘zini eshitayotgandek tutsa-da, xayoli olisda Qaytmas bilan birga edi. Uning hozir qayerdaligi, qanday ahvoldaligini o‘ylab, tashvishlanardi.
— Shu paytgacha qayerda yuribsan? Bir og‘iz aytib ketgin-da. MaktabinGga bormaysanmi? — deya qarshi oldi tog‘asi darvoza oldida.
Sardor «Yo‘q» deb bosh chayqadi. Tog‘asi unga sinchkovlik bilan razm solib, davom etdi:
— Menga qara, jiyan, burguting ketgan bo‘lsa, bunga ko‘pam qayg‘uraverma. Hademay, shaharga ketasan. Toshkentda kattakon hayvonot bog‘iga bor. Ayangga aytsang, seni o‘sha yoqqa oboradi. U yerda istaganingcha burgut topiladi. Tomosha qilib, qaytaverasan.
— Menga boshqa burgut kerakmas! Qaytmas, baribir, qaytadi! — dedi Sardor o‘jarlik bilan.
— O‘zi o‘sha burgutingning otini bekor Qaytmas, deb qo‘ygansan-da, — deya iljaydi tog‘asi,. — Mana, ketdi-yu qaytmadi. Qaytaga Qaytar deb qo‘yganingda shuncha kuttirmasmidi.?..
Sardor tog‘asining hazilini tushunmasdan, yig‘lab yuborgudek bo‘lib, ichkariga kirdi. Unga Asil ham ergashdi. Ikkovi so‘ridagi dasturxonga o‘tirib, kosadagi qaymoqqa nonni to‘g‘rab, choy ichishdi.
— Bugun tepalikda eshak ko‘pkari bor, borasanmi? — so‘radi Asil.
— Yo‘q, bormayman,! — dedi Sardor keskin.
U ketib qolsa, Qaytmas kelib, uni topolmay. yana uchib ketadigandek edi.
— Yur, birga boraylik, — deya qistadi Asil, — eshakniyam olamiz. Mayli, ko‘pkarida eshakni sen chopasan. Bugun tepaguzarliklar ham kelishadi. O‘ziyam rosa maqtanchoq, qasang‘ilar. Ko‘ramiz, kim sovrinni ko‘p ayiradi?
Sardor eshak ko‘pkarini yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, o‘zi ko‘pkarida chopib, sovrinni qo‘lga kiritsa, quvonchi ichiga sig‘may ketardi. Shuning uchun ham Asilni ko‘p yalintirmasdan rozi bo‘ldi. Ikkovlon apil-tapil nonushta qilib, eshakni minib, yo‘lga otlanishdi.
Bugungi eshak ko‘pkariga uchta qishloqning bolalari kelishdi. Sardor eshakni minib, ko‘pkari chopdi. Uning omadi kelib, bir necha sovrinni yutib oldi. Bundan chekkadagi tomoshabinlar orasida o‘tirgan Asilning sevinchi ichiga sig‘may, irg‘ishlardi.
Shomga yaqin uzoq-yaqindan qo‘y-qo‘zilarning ovozi eshitilgach, ko‘pkari tarqadi. Asil oldinda, Sardor orqada eshakka minib, qishloqqa qaytishdi. Cho‘nqay cho‘qqining yonidan o‘tishayotganda yo‘llari cho‘pon bilan to‘qnashdi.
— Ha, shovvozlar, kech bo‘lganda qayerdan kelyapsizlar? — so‘radi cho‘pon.
— Eshak ko‘pkaridan. O‘ziyam hamma sovrinni mening eshagim yutib oldi, — dedi Asil maqtanib.
Cho‘pon qo‘zilarning ma’rashidan uning gapini eshitmay, boshini silkib qo‘ydi. Asil eshakka xala berib, uning yurishini tezlatdi. Shu payt orqadan cho‘ponning baqirgani eshitildi:
— Menga qara, boya senga aytaman deb, yodimdan ko‘tarilibdi, — deya halloslab ortidan yetib keldi cho‘pon.
— Nimani?
— Qani, avval suyunchini cho‘z-chi.
— Nima, Qaytmas topildimi?! — dedi Asil quloqlariga ishonmay.
Sardorning esa yuragi qinidan chiqqudek dukurlardi.
— Aytdim-ku senga, burguting yolg‘izlikdan zerikib ketgan, deb. Uning juda olchoq chiqib qoldi-ku. Katta qishloqlik cho‘pon o‘g‘liga moda burgut olib kelgan ekan. Burguting uning daragini bilgan, chog‘i, oldiga boribdi. O‘n kundan beri uni burgutiyam yo‘q emish. O‘g‘li burgutimni topinglar, deb yig‘layverib, shishib ketganmish, boyaqish. Menimcha, oshiq-ma’shuqlar egalaridan qochib ketishgan, chog‘i… — deya xoxolab kuldi cho‘pon.
Sardor uning gapiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilolmay, dong qotib turardi.
— Ana, ko‘rdingmi, burguting uylanibdi. Endi seni eslamaydi, — dedi Asil ham kulgiga qo‘shilib.
Sardorning yig‘lagisi keldi. Nazarida endi burguti bir umr o‘sha moda burgutning yonida qoladigandek tuyuldi. Onasi ham xuddi shunday qilib, uni tashlab ketgandi…
Sardor endigina uch yoshga to‘lganida onasi bilan dadasi ajrashishgandi. Enasining aytishicha, Sardorning otasi shaharlik bir ayolga ilakishib qolganmish. Bunga chidayolmagan Shohista Sardorni yetaklagan-u, onasinikiga qaytib kelgan. Onasi sabr-qanoatli bo‘lganida otasi, albatta, kun kelib qaytarmidi, balki?. Shunda Sardor ham otasiz o‘smasmidi.? «Ot aylanib qozig‘ini topadi. Qaytmay qayoqqa ham borardi,? Bolasi bormi, erkak kishi, baribir, bir kuni uyiga qaytadi», derdi enasi xo‘rsinib.
Shohista enasinikiga qaytib kelganiga bir yil ham to‘lmay, unga Kattaqishloqdan sovchi keldi. Enasiga qolsa, kuyovining qaytishini, qizini yomon bo‘lsayam, eri bilan yarashib ketishini istardi. Lekin Shohista sovchilar shaharda ishlaydigan, xotini o‘lgan kattaqishloqlik kishidan ekanligini aytishi bilan «Shunga tegaman», deb turib oldi. Enasining hayhaylashi ham, «Bolangni birovning qo‘liga qaratma, otasi kelsin», deyishiga ham quloq tutmadi. Keyin o‘ylasa, qizi sobiq eri shaharlikka ilakishganiga alam qilib, atayin o‘shanga tekkan ekan. Bularning barini Sardorga enasi gapirib berardi. Onasi erga tegib, shaharga ketganidan beri Sardor enasi va tog‘asi bilan yashaydi. Darvoqe, onasidan ayrilib, yig‘loqiga aylangan kezlari tog‘asi unga burgut olib kelgandi. Shu bilan ovunsa, onasini eslamaydi, deb o‘ylagandi. O‘n yil ichida Sardor ham, burguti ham ulg‘aydi. Unga Qaytmas deb tog‘asi ism qo‘ygan. «Odatda, burgutlar mard, jasur bo‘lishadi. Ular o‘z maqsadidan sira chekinishmaydi, qaytishmaydi. Shuning uchun ham uning otini Qaytmas deb qo‘yamiz», degandi o‘shanda tog‘asi.
To maktabga borgunigacha Sardor kunini Qaytmas bilan o‘tkazardi. Keyin maktabga bordi. Sardorning darsi tugaguncha Qaytmas maktab hovlisidagi ustun tepasida uni kutib turardi. Dars tugashi bilan shodon qiyqirib, bolalar uyiga oshiqqanida Qaytmas birdan paydo bo‘lib, Sardorga yaqinlashardi. Shu tariqa ular birgalikda uyga qaytishardi. Sardor shunday ulkan, ajoyib qushi borligi uchun tengdoshlari unga havas qilishidan o‘zicha faxrlanardi.
Yillar o‘tdi. Sardor o‘n uchga to‘lganida enasi kasal bo‘lib, yotib qoldi. Bir-ikki kun Fayzi do‘xtir ukol qilib yurdi. Juma kuni tongda Sardorni tog‘asi uyg‘otib, beliga belbog‘ bog‘lab qo‘ydi.
— Enamov, deb yig‘la, tushundingmi? Endi enang yo‘q,!.. — dedi tog‘asi qizargan ko‘zini undan yashirib, — Enang seni hammadan ko‘proq yaxshi ko‘rardi…
Sardor enasining yo‘qligini eshitib, seskanib ketdi. O‘zini butunlay yolg‘izlanib qolgandek his qildi. Ta’ziyaga onasi ham keldi. Uning Sardordan tashqari, yana ikki o‘g‘li bor edi. O‘shanda Sardor ilk marta ukalarini, ularning otasini ko‘rdi.
— Ishonganim posbonimdan ayrildimov! Endi sizsiz holim nima kechadi, ena?! Bolamni sizga qoldirib, ko‘nglim to‘q edi-ku, ena!.. — deya onasi o‘rtanib yig‘ladi.
Sardor yilda bir keladigan onasini unchalik yaxshi ko‘rmasdi. Unga enasi bilan burguti omon bo‘lsa, bo‘ldi edi. Lekin bugun enasi uni tashlab ketdi…
Etti kun o‘tib, onasi shaharga qaytadigan bo‘ldi. Ketar chog‘ida Sardorni ham o‘zi bilan olib ketishini aytdi.
— Men ketmayman, shu yerda qolaman! — dedi Sardor qaysarlik bilan.
— Unday dema, bolam. Endi enam yo‘q, seni qanday tashlab ketaman? Ikki xayolim shu yerda qoladimi? Yur, birga ketamiz, ukalaring bilan yurasan, — dedi onasi uni ko‘ndirishga urinib.
— Sardor endi katta yigit. Biz bilan shaharga boradi, u yerdagi maktabda o‘qiydi, — dedi onasining eri salmoqlanib.
Tog‘asi ham Sardorni shaharga borishga undadi. Barchaning qistovi bilan Sardor noiloj yo‘lga otlandi. Lekin ketishayotganda burguti ancha olisgacha mashina ortidan uchib bordi. Uni ko‘rib, Sardor ko‘z yoshini tiyolmadi.
— Shaharda burgut asrab bo‘lmaydi. Uyimiz tor, bu kattakon qushing sig‘maydi, — dedi onasining eri Sardorga mashina oynasidan qarab.
— Yig‘lama, o‘g‘lim, burguting tog‘angnikida yashab turadi. Kelib ko‘rib ketasan, — dedi onasi uni peshonasidan o‘pib.
Ukalari esa akali bo‘lishganidan sevinib, irg‘ishlab, to‘polon qilishardi.
Shahar Sardorga juda g‘alati ko‘rindi. Har tomonga g‘izillab oshiqayotgan mashinalarga qarab, ko‘zi tinib ketardi. Odamlar ham juda ko‘p, tinim bilishmaydi. Qishloqdagi maktabda nari borsa, elliktacha o‘quvchi o‘qirdi. Bu yerdagi o‘quvchilarning sanoqsiz ekanligini ko‘rib, Sardor hayratini yashirolmadi. Sardorni shahar maktabiga borishidan avval onasi bozorga olib tushib, unga bosh-oyoq kiyim olib berdi. Ertasiga esa yasantirib, maktabga olib bordi. Yangi kiyimda, notanish o‘quvchilar yonida Sardor o‘zini yolg‘iz his qilar, yuragidagi qishloq sog‘inchi borgan sari kattalashib borardi.
Bir hafta o‘tdi. Sardor ketamanga tushdi. U qishlog‘i, burgutini sog‘inganini aytib yig‘lardi. Onasi uning ketishiga yo‘l qo‘ymay, endi shu yerga ko‘nikishini aytdi.
— Onasi, sen bolangni tushunmayapsan. U tasodifan o‘sib-ulg‘aygan muhitdan butunlay boshqasiga tushib qoldi. Shuning uchun ko‘nikishi og‘ir kechyapti. Uni birdaniga ko‘niktirish bu majburlashdek gap. Bolani esa majburlab o‘rgatib bo‘lmaydi. Yaxshisi, biroz muddat qishloqda, biroz shaharda yashatib, ko‘niktirsak, qandoq bo‘larkin?.. — dedi onasining eri o‘ychanlik bilan.
Onasi Sardorni ketkazmasligini aytib, yig‘lab-siqtadi. Lekin ikki kun o‘tib, Sardor ketish qarorida qat’iy turganini ko‘rib, noiloj rozilik bildirdi. Yakshanba kuni ertalab onasi uni eri bilan jo‘natib yubordi. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘alganida esa onasi derazadan qarab: «Yana qaytib kelasan-a?!» deb qayta-qayta so‘radi. Onasining ko‘zi yoshlanib, zorlanganini ko‘rib, Sardor yana qaytishini aytdi.
Peshinga yaqin toqqa kirib kelishdi. Tog‘asining uyi orqasida mashina to‘xtashi bilan Sardor o‘qdek uchib pastga tushdi. U avval osmonga tikildi, keyin ichkaridagi burgutining inini ko‘rdi. Qaytmasni topolmagach, alamdan yig‘lab yuboray, dedi.
— Xafa bo‘lma, burguting hozir kep qoladi. Sen ketganingdan beri sal daydiroq bo‘lib qolgan. Yo‘qolib, yana qaytib kelaveradi. Hozir ham uzoqqa ketib qolmagan, — dedi tog‘asi uni yupatib.
Oradan bir necha soat o‘tib, hovlida burgut paydo bo‘ldi. Sardor uni ko‘rib, mahkam bag‘riga bosdi. Qaytmas qanotlarini keng yozib, Sardorning yelkasiga shapatiladi.
— Sardor bir-ikki kun qishloqda qolsin, burguti bilan to‘yib o‘ynasin. Keyin onasi bilan ma’rakaga kelib olib ketamiz, — dedi otasi ketishga chog‘lanib.
Tog‘asi ham uning qolishiga rozi bo‘ldi-yu, biroq pochchasi ketgach, «Nega shaharda qolmading? Axir hamma imkoniyatlar shaharda-ku», deb Sardorni koyib berdi. Sardor tog‘asiga shaharda zerikkanini, u yerda burguti, tengdoshlari yo‘qligini aytib, to‘ng‘illadi.
— Balki, opangizning o‘zi o‘g‘lini jo‘natib yuborgandir. Axir uni otasi boshqa bo‘lsa, eri birovning bolasini sig‘dirarmidi.? Ana endi o‘zimizning to‘rtta bolamiz yetmagandek, Sardorgayam qarashimiz qoluvdi… Endi enangizning nafaqasi yo‘q, buni qanday boqamiz? — dedi yangasi chimirilib.
Tog‘asi xotiniga «Bas qil», degandek qovog‘ini uydi.
— Sardor, endi enang yo‘q! Bu uyda qolsang, mening boshimni og‘ritasan. Yaxshisi, shaharga onangning uyiga qayt, tushundingmi? — dedi yangasi Sardorni holi chaqirib.
Sardor yangasining gapiga bosh silkidi. U erta-indin onasi kelsa, albatta, shaharga qaytishini bilardi. Lekin bu qishloqni, tog‘larni, burgutini sira tashlab ketishni istamasdi. U bugun enasisiz bu hovlida yasholmasligini tushundi. Bir paytlar onasi, go‘dakligidayoq undan voz kechgan otasini sog‘inganida ko‘ngli yolg‘izlikni qo‘msab, Cho‘nqay cho‘qqiga yo‘l olardi. Balandga chiqib, atrofni kuzatganida sog‘inchi biroz unutilardi. Qaytmas esa osmonda parvoz qilib, o‘z sarhadlarini kuzatardi. Bu tog‘dagi mayda qushlarni aytmasa, Qaytmasdan bo‘lak sarlochin yo‘q. Shu bois u — bu tog‘larning yakkash hukmroni. Unga Sardorning cho‘qqiga kelib o‘tirishi yoqadi, o‘zi esa qanotlarini yozib, atrofni kuzatadi.
— Meni yana shaharga jo‘natishmoqchi. Lekin u joylar qanchalik zerikarliligini bilmaysan-da, — deya Sardor Qaytmas bilan dardlashadi,. — Senga maza, istagan joyingda yashaysan, osmonda uchasan. Hech kim seni bu yerda yasha, bu yerda yashama, deb majburlamaydi.
Qaytmas egasini gapini tushungandek, o‘tkir ko‘zini unga tikdi.
— Qaytmas, sening ota-onang qayerda yasharkin-a? Nega ular seni sog‘inishmaydi, olib ketamiz, deyishmaydi? Sen ham ularni sog‘inasanmi? — dedi bolakay mahzun.
Burgut qanotlarini yozib, samo uzra quloch yoydi.
— Gapimdan jahling chiqdimi?! — deya baqirdi bola burgutga qarab.
Qaytmas yanada balandroqqa ko‘tarildi. Shu tobda Sardor ham burgutga aylanib qolish, hech kimga qaram bo‘lmaslikni istardi. Shunda o‘zi istagan joyda, birovlarning xohish-istagisiz yashardi.
Qaytmas oq bulutlarga ko‘milib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Sardor avval ham burguti bunday qilishi, oradan bir necha soat o‘tib, qaytishini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun biroz cho‘qqida o‘tirib, uni kutdi. Qorni ochqab, uyga qayti. Qaytmas uning ortidan yetib olishiga umid qildi.
O‘sha kuni Qaytmas qaytmadi. Sardor o‘shandan beri cho‘qqiga kelib, uni kutadi. Anavi bulutlar uni yamlab — yutib yuborgandek ularga termiladi, — topolmaydi.
Bugun cho‘pon uning moda burgut ortidan ketganini aytib keldi. Avval otasi, keyin onasi, so‘ng enasi, endi esa burgutining tashlab ketishi Sardorga juda og‘ir botdi. Kechasi bilan uxlayolmadi. Yuragini «Aybim nima, nega meni barcha yaqinlarim tashlab ketaveradi? Men shunchalik yomonmanmi?» degan alamli o‘y o‘rtardi. Tong yorishmasidan yana oyoq uchida yurib, hovliga chiqdi. Hech kimga sezdirmay, darvozani ochib, cho‘qqi tomon yurdi. Kuni bo‘yi Cho‘nqaydan tushmay, bir nuqtaga tikilib o‘tiraverdi. Asilning: «Otam chaqiryapti, yur», deb kelishi ham uni pastga tushirolmadi. Shom qorong‘isi bu kengliklarni zabt etishga uringan bir paytda tog‘asi cho‘qqiga chiqib keldi.
— Bu nima o‘tirish, jiyan? Kecha cho‘pon aytibdi-ku, burguting modasi bilan ketgan, deb. Xoh bandasi, xoh jonivor bo‘lsin, yolg‘iz yasholmaydi. Bejizga barcha mavjudotni jufti bilan yaratgan, deyishmaydi. Qaytmasing ham juftini topganga o‘xshaydi. Endi u qaytmaydi, umidingni uz, — dedi tog‘asi uning yoniga cho‘kkalab.
Sardorning ko‘ngli buzildi. Ko‘ziga qalqqan yoshni ko‘rsatmaslik uchun boshini egib oldi. Tog‘asi bilan yana biroz o‘tirib, qishloqqa qaytishdi. Sardorning tomog‘idan ovqat o‘tmadi. Charchaganini aytib, uyquga yotdi.
— Sardor, uyg‘on! Qaytmas kelibdi. Yonida begona burgut ham bor!.. — deya Asilning hovliqib turkilashidan uyg‘onib ketgan Sardor uyqusirab avvaliga nima bo‘lganiga tushunolmay turdi.
Asil Qaytmasning qaytganini aytavergach, dik etib o‘rnidan turdi. Hovlidagi ustunda Qaytmas mung‘ayib turar, tog‘asi uning qanotini doka bilan bog‘lashga urinardi.
— U keldimi? — deya hovliqib burgutga yaqinlashdi Sardor va qushning qanotidagi qotgan qon dog‘ini ko‘rib, joyida to‘xtadi.
— Yaralanganga o‘xshaydi. Bu bir-ikki kun oldin yaralangan. Tag‘inam tirik yurganini-chi,… — dedi tog‘asi koyinib.
Sardor Qaytmasni bag‘riga bosdi. Burgut ham sukut saqlab, uning yelkasiga boshini ishqadi. Shu payt osmondan burgutning chinqirig‘i eshitildi. Qaytmas o‘tkir ko‘zini samoga tikdi. Notanish burgut osmonda charx urib uchardi. Qaytmas qanotlarini keng yozib, uchishga chog‘landi. Ikki marta qanot qoqdi-yu, tap etib yerga quladi.
— Qaytmas! Tog‘a, u o‘lib qoladimi?! — deya yig‘lab yubordi Sardor.
Samodagi burgut yana chinqirdi. Keyin esa uchib ketdi. Qaytmasning osmonga, burgutning ortidan tikilishga holi yetmadi. Boshini yerga qo‘yib, chuqur-chuqur nafas olardi.
— Asil, bor, Fayzi do‘xtirni chaqir. U odamlarni davolagani bilan, jonivorlarning kasaliniyam tushunadi, — deya tog‘asi o‘g‘lini qishloq shifokorinikiga yubordi.
Sardor Qaytmasning tepasida yig‘lagudek bo‘lib o‘tirardi. Tog‘asi ishga shoshilayotganini aytib, maktabga otlandi. Jiyaniga maktabga bor, deyishga tili bormadi.
Birozdan keyin Asil Fayzi do‘xtir shaharga ketganini aytib keldi. Sardor Qaytmasga suv, don tutdi. Burgut ularga qayrilib ham qaramadi. Sardorning burgutiga rahmi kelib, bo‘g‘zini yig‘i kuydirib o‘tdi. Hiqillab yig‘lab yubordi.
Peshindan keyin maktabdan qaytgan tog‘asi Sardorning haliyam burguti tepasida o‘tirganini ko‘rib, urishib berdi.
— Ko‘pam qayg‘uraverma! Endi burguting sog‘aymaydi. Darbadarga o‘xshab, ketib qolmaganida bu kuyga tushmasdi. Sen bunga ichikib, o‘zingni qiynama! Bu bor-yo‘g‘i bir qush bo‘lsa…
— Balki, anavi burgutni ketkazmaslik kerakmidi.?.. — dedi Sardor hiqillab, — Hech bo‘lmasa, Qaytmas sog‘ayguncha…
— E, qiziq gaplarni gapirasan-a, — dedi tog‘asi boshini chayqab,. — Sening burguting shu tog‘larni vatan deb bildi. Ko‘rdingmi, boshqa joyga sig‘may, qaytib keldi. U moda burgut ham begona joyga sig‘maydi. Shuning uchun ham o‘zining makoniga ketdi. Qaytmas ozodlikda parvoz qilish qandayligini ko‘rdi. Ayniqsa, anavi burgut bilan birga uchdi. Endi u tutqunlikda, yolg‘iz yasholmaydi. Yo bu yerlarni butunlay tashlab ketadi, yo nobud bo‘ladi!…..
Tog‘asi burgutning qanotini yechib, mumiyo bilan yana qaytadan bog‘ladi. Sardor Qaytmasning boshini silab o‘tirdi. Yangasi kechki ovqatni suzayotganini aytib, dasturxonga chaqirdi. Sardorning ishtahasi bo‘lmasa ham, tog‘asining qistovi bilan so‘riga o‘tirdi.
Ovqatlanib, yana burgutining yoniga qaytgan Sardor uning qotib qolganini ko‘rib, qichqirib yubordi. Uning yoniga bolalar, so‘ng tog‘asi yetib keldi.
— U o‘lib qopti!.. — dedi yig‘lab Sardor.
— Aytdim-ku, endi seni Qaytmasing tutqunlikda, yolg‘iz yasholmaydi, deb… — dedi tog‘asi afsus bilan.
Tog‘asi uni ko‘mib kelishini aytib, burgutni olib ketdi. Sardor so‘rida o‘tirib, unsiz yig‘lardi. Birozdan keyin qo‘lida belkurak bilan qaytgan tog‘asini ko‘rib, Sardor o‘pkasini bosolmadi:
— Tog‘a, meni ertaga shaharga oborib qo‘ying. Endi bu qishloqda yashamayman. Onam va ukalarimning yonida yashayman!
Tog‘asi jiyanini bag‘riga bosib, boshini qimirlatdi.