– Landovur egang bilan birga qo‘shmozor bo‘lgin, xudoyo tiqilib o‘lgin!!! – uyqusi buzilgan erkakning chinqirig‘ini saharlik qilishga turgan uydagilarning deyarli hammasi eshitdi.
Necha kundirki, tunning qoq yarmida, uyquning ayni qaymog‘i vaqtida Sheralining oromi buziladi. Tiniqib uxlashning nima ekanligi esidan chiqqan. Ota-onasining xonasi hovlining narigi chetida bo‘lganligi uchun ularga zanji xalal bera olmaydi. Yosh er-xotinlarning xobgohi esa devor-darmiyon qo‘shnisi – Hadicha xolaning uyiga shundoqqina taqalgan.
– Ertaga chiqib aytaman! Tilim qisiq bo‘lsa ham aytaman! Bunday davom etishi mumkin emas, tokaygacha qo‘ni-qo‘shniga ozor yetadi, axir! – deyarli bor ovozi bilan baqirib yubordi er.
– Qo‘ying, mayli endi! Diyorjon ham uylanar, zanjini adashtirib kelar, bu kunlarni kulib eslarmiz hali, – dedi xotini istehzo aralash yupatib.
Yuz-ko‘zida o‘zgarish paydo bo‘lib, labi titrayotgan Sherali xo‘mrayib dedi:
– Nimaga ishshayyapsan, kaltak yeging keldimi, deyman?! Undan ko‘ra shu noshudga tezroq qiz topib bersang bo‘lmaydimi?! Yomon qovunning urug‘idek qarindoshlaring qalashib yotgan bo‘lsa!
– Xolamga bir-ikkita qizni aytgan edim. Bilasiz-ku, ularning ko‘ngillariga uncha-munchasi o‘tirmaydi!
Sherali tizzalarini ishqalab o‘zini bosa boshladi. O‘ychan qiyofada yana gapirdi:
– Shu xolamga ham hayronman, qayoqdagi ishlarni qilib yuradi! Davlating bo‘lsa, botib yotgan bo‘lsang, tinchgina davrni surib yursang bo‘lmaydimi-a?! Eridan keyin sal esi og‘ib qolganga ham o‘xshaydi bularni. Bo‘lmasa qop-qora gurji itni uyiga olib keladimi?!
Xotini hammadan ilgari, qorong‘i tunda turib, saharlik tayyorlash hamda qaynata-qaynananing issiq-sovug‘iga qarash kabi majburiyatlar gardanida bo‘lganligi uchun itning akillashi unga budilnik vazifasini o‘tardi. Qiyinchiliklarini, xizmatlarini ta’na qilgandek, erini yoniga cho‘kkalab, shirali ovozda gap boshladi:
– Zanji sizni kerakli vaqtda uyg‘otar ekan, siz ham ro‘za tutsangiz bo‘lmaydimi? – Ayolning bu gapidan “sen bir besabr, irodasiz erkaksan, bu issiqlarda ro‘za tutish senga emas!” degan ma’noni tushunish mumkin edi.
Sherali xotinini turtvorgisi keldi-yu, otasidan qo‘rqdi. Qo‘lida hech narsa bo‘lmasa ham, nimanidir xotiniga otayotgandek bo‘lib, o‘shqirdi:
– Tovuq miya bo‘lmay o‘l, kuni bilan ishda bo‘lsam, issiqda dalada ishlasam, qanaqa ro‘za?! – Avval zo‘r vajohat bilan gap boshlagan er, undan kattaroq va kasalmandroq, uning ustiga undan ko‘proq va og‘irroq ish qiladigan ro‘zadorlarning borligini eslab, birdan jimib qoldi.
***
Aslida bu qishloqda barcha bir-biriga qarindosh. Faqat aholi kengayib ketgach, hammani ham tanishning ilojisi qolmagan. Hadicha xolaning rahmatli xo‘jayini ham, xolaning ota-onasi ham qishloqning ko‘hna boylaridan bo‘lishgan. Hozir ham “qishloqning eng moyli xonadoni qaysi” deb so‘ralsa, el birinchi galda albatta Hadicha opani eslaydi. Qishloqdagi eng katta uy va eng katta bog‘ – shularniki. Tog‘da otar-otar qo‘y-echkilaridan tashqari, hovlisining o‘zida qirq tupdan ortiq anjiri bor. Sovuq tushganida anjirlarni ko‘mish, bahorda ochish, dorilash, terish va yuklash kabi yumushlarni qo‘ni-qo‘shni jon deb bajaradi. Xola haqni ham yaxshi to‘laydi, kerak vaqtda qarzni ham qizg‘anmay beradi. Bu xonadon qishloq ahlining deyarli barchasiga “o‘tkazib” qo‘ygan. Qolaversa, xolaning otasi Hazratqul bobo o‘tgan asrdagi ocharchilik vaqtida qishloqdagilarga tekinga bug‘doy tarqatib, elni o‘limdan saqlab qolgan ekan. Shuning uchun ham, bu oilani hamma hurmat qiladi. Diyorjon xolaning bittayu-bitta erkatoy dilbandi. Diyordan oldin xola bir necha bola tuqqan, ammo barchasi nobud bo‘lavergan. Birini Tursunoy, deb qo‘ydi – turmadi; O‘lmas – yoshiga to‘lmay o‘ldi; Mahkamjoni ham bo‘lmadi. Oxiri shu bolasi tug‘ilganida, rahmatli otadan “Ismini nima deb qo‘yamiz?” deb so‘rashganida, u suyunchini ham bermay, “Nima qo‘ysang qo‘y, baribir o‘ladi”, deb javob bergan ekan. Shunda xolaning o‘zi o‘g‘liga Diyorbek deb ism qo‘ydi. Bunisi-ku o‘lishga o‘lmadi, ammo juda qaysar, tajang va odamoviroq bo‘lib o‘sdi. Mehnatdan boshqa hech bir qiziqish-havasi yo‘q. Shu yoshga kirib, yigit bo‘lib qiz zotiga gapira olmadi. Umrida qizlar bilan gaplashmagan shu noshud bola shu kunlarda onasiga “Uylantiring, tezroq boshimni ikkita qilib qo‘ymasangiz, zanjiga “xotin” olib beraman. Ikki it bir bo‘lib butun qishloqqa tinchlik bermaydi”, deb shantaj qilishga o‘tib olgan.
***
Yakkamoxovdek qilingan nonushtadan so‘ng Sheralini “bugungi uyqu ham harom bo‘lmasmikin” degan o‘y bilan vahima bosa boshladi. “Bunday davom etishi mumkin emas, kimdir gapirishi kerak” degan fikr bilan sekin qo‘shnisinikiga o‘tdi. Hadicha xola o‘yma darvozasining oldida kim bilandir qandaydir oliq-sotiq haqida berilib gaplashayotgan edi. Gap tugab, suhbatdoshi uzoqlashgach, yoniga borib salom berdi. Salom-alikdan so‘ng kechagi tunda uyida dangal dag‘dag‘a qilgan odam bu safar ming istihola bilan yutina-yutina dedi:
– Xola… bu zanji… uyqu bermayapti-ku, nima qilasizlar shu qora bexosiyat itni?!. O‘zim shuni yo‘qotib, yaxshisidan olib kelib bersam-chi?! – dedi hadik va dilgirlik bilan.
Xola Sheralining yuziga bir dam qarab turdi-da, chuqur xo‘rsiniq bilan javob berdi:
– Sheralijon, o‘g‘lim, bilasiz-ku dardimni, o‘zimning ham jonimga tekkan bu g‘avg‘o! Diyorjon “uylantirib qo‘ymasangiz, bu it hech qayerga ketmaydi, qaytaga ikkita qilaman!”, deb turib olgan. Keyin, nega xosiyatsiz deysiz, oq joyi bor-ku?! – dedi jilmayib.
Ayolning oxirgi gapi Sheralini jig‘ibiyronini chiqarsa-da, u o‘zini arang bosdi. Itning boshidagi danakdekkina, bilinar-bilinmas oq joyini hisobga olmaganda, qop-qora bo‘lganligi uchun unga “zanji” deb nom berishgan edi. “Mazlum” ichida “Birov o‘laman desa, bu “kasal xotin” kulaman deydi-ya”, deb achchig‘i chiqdi. Mo‘tadil bo‘lishga tirishib yana murojaat etdi:
– Ha, unda uylantirib qo‘yaylik! Sizga qizini bermaydigan biron xonadon bu qishloqda tugul, narigi qishloqda ham bo‘lmasa kerak! – Sheralining bu gapi chigal masalaning oson yechimini topgandek, ko‘tarinki ohangda chiqdi.
– Butun avlod bilan shu harakatdamiz, – dedi ayol o‘ychan qiyofada. – Qiz qidirib yuribmiz, bolam, ammo…hech…hech munosibi chiqa qolmaydi-da!.. Nimasidir doim yo menga, yo yaqinlarimga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lib chiqaveradi…
Sherali “Siz topgan qiz bilan yaqinlaringiz yashamaydi-ku, o‘zim injiqman deyavering” demoqchi bo‘ldi-da, o‘g‘lini xudo urib qo‘yganligini eslab, indamadi. O‘g‘liga unchalik ham farqi yo‘q, sal epaqaga kelsa bo‘ldi – uylanvoradi. Qishloqdagilar Hadicha xolaning antiqa-antiqa qiliqlarini, faqat o‘zigina tushunadigan fe’lini doim gap qilib yurishadi. Uning o‘larcha ozoda ekanligi qo‘shni qishloqlargacha doston bo‘lib ketgan. Qo‘shnilar uning darvoza va eshiklar, deraza-yu jovonlar, qo‘yingchi uyida nimani tutqichi bo‘lsa, bir oyda kamida o‘n marta issiq suv bilan yuvayotganligini guvohi bo‘ladilar. Agar kimdir kimdirga “Hadicha xola” desa, albatta qo‘lida supurgi, yo latta ushlab turgan juvon idrok etiladi. Uyida har bir xona uchun alohida supurgi tutilgan. Hojatxonaning supurgisi ham negadir bir-nechta. Unisi ham mayli, hojatxonaga ikki qadamcha yetmasdan panaroq joyda uch juft kalish turadi. Xalo joyga kirmoqchi bo‘lgan odam poyafzalini yechib, o‘ziga tegishli kalishni (ona, o‘g‘il va mehmonning) kiyib oladi. Uyining ichi xuddi doka bozorga o‘xshaydi. Xolaning uyida har xil o‘lchamdagi o‘nlab dokalarni ko‘rish mumkin. Choynak-piyola, idish-tovoq, kiyim-kechak kabilar uydan hovliga chiqsa, albatta ustiga doka tashlanadi. Xola doim hammaga “Pashsha o‘tirgan nonni qanday yeyish, bular qo‘ngan piyolada qanday choy ichish mumkin”, “Pashshaning sevimli ozuqasi nima ekanligini bilasizlarmi, o‘zi?” degan gaplarni ko‘p takrorlaydi. Bulardan tashqari, singlisi bilan g‘alati-g‘alati, hayratomuz ishlarni qilishadi. Bir kuni shaharda turadigan singlisi kelib, butun qishloqqa “uzunroq soch bo‘lsa, bitta qo‘yni pulini beraman”, deb jar soldi. Qishloqning Eshon bobosi “soch sotish– harom” desa ham ayrim yupqaroq xonadonlar “bekorga maktabingda bitlab ketadi, eplay olmaysan” degan vaj bilan kichikroq qizlarning uzun sochini katta pulga, kula-kula sotishgan edi.
Xolaning oddiy masalalarda ham g‘ayrioddiy, o‘zgacha yechim va usullarni qidirib topishini qishloq ahli tentaklikga, esi og‘ib qolganlikga yo‘yar edi. Masalan, bir paytlar zanjidan oldingi, bu jag‘i tinmaydigan maraz itdan oldingi yaxshi bir itiga qishda sovqotmasin deb kamzulcha tiktirib, kiydirib ham qo‘yganligini hamma eslaydi. O‘shanda ko‘pchilik “xolani erta-indin berib qo‘yamiz-ov” deb o‘ylagan. Biroq bu xotin batamom telba bo‘lib qolishning o‘rniga boyigandan boyidi.
Shularni o‘ylar ekan Sherali kulgili bir ilinj bilan dedi:
– Bog‘lab qo‘ysa bo‘lmaydimi? – o‘zim ushlab, anjirzoringizni o‘rtasiga bog‘lab qo‘ysam… Siz ham tinch yotasiz, biz ham!..
– Bog‘lovga o‘rganmagan, iloji yo‘q! Siz Sheralijon sabr qiling, anjir pishsin zanjini yo‘qotamiz, albatta quritamiz, – dedi nimanidir tusmol qilib.
Sherali o‘ylanib qoldi: – Tavba, shuncha puling bo‘la turib, bitta to‘y qila olmaysanmi, anjir pishig‘iga qarab qolganmisan? Uyat-ey, odam deb, gapirgan edim, endi o‘zingdan ko‘r… Sherali xayrlashib, uyi tomon odimladi. Xonasiga kirib, yangi ko‘ylak kiyganida olib qo‘ygan mayda to‘g‘nog‘ichlardan besh-oltitasini oldi-da, oshxona tomon ketdi. Bir burda nonning ichiga to‘g‘nog‘ichlarni tiqib chiqdi. Hadicha xolalarning devori yoniga kelib, tirqishdan qaray boshladi. Yon-atrofda hech zog‘ yo‘qligini bilgach, zanjini chaqirdi va devor osha nonni uloqtirdi…
Boshida qilgan ishidan mamnun bo‘lgan “qotil” zum o‘tmay pushaymon bo‘la boshladi: shu ishni qilmasam bo‘lar edi. Bechora jonivorning uvoliga qoldim. Eshon bobo aytganidek, qora itlar jinlardan bo‘ladigan bo‘lsa, hamla qilsa nima qilaman?! Ertami-kechmi o‘g‘li uylanardiku bari bir. Hadicha opa to‘yim oldi anjir terdirganida mehnat haqini yigirma baravar qilib bergan edi. Hali unikida qancha ishlayman. Xunuk ish bo‘ldi-da!
O‘ylana-o‘ylana qo‘shni qishloqdagi ishlayotgan dalasiga ketdi. Kun bo‘yi qilgan ishkalining oqibatini o‘ylab yurdi. Iftorlikdan xiyol oldinroq uyiga keldi va qo‘liga suv quyayotgan xotinidan dabdurustdan so‘radi:
– Qalay, tinchlikmi, hech narsa bo‘lmadimi?
Ayoli oxirgi paytlarda boshqacha bo‘lib qolgan eriga razm solib, javob berdi:
– Nima bo‘lishi kerak edi?
– O‘zim, shunchaki so‘radim-da. Qilgan ishini hech kimga aytmaslikni ma’qul ko‘rib, iftorlik bahona kechki ovqatni ota-onasi bilan yemoq maqsadida ularning oldiga kirib ketdi. Iftorlik vaqtida sershovqin it masalasi obdan muhokama etildi. Ota o‘g‘liga sabr qilish lozimligini, Hadicha opaning injiq bo‘lsa ham fahm-farosatli ayol ekanligini, uzoqroq bo‘lsa-da, bir uchi o‘rtada qarindoshchilik borligini, elga ko‘p yordami tekkanligini, odamlar traktor zavodida ham uxlaganliklarini rosa uqtirdi.
Iftor tugab, Sherali tashqariga chiqdi. Zanjidan hech qanday sas eshitilmadi. “Nima bo‘ldi ekan” deb xolaning uyi atrofida ovqatni hazm qilishga chiqqan bo‘lib gir aylana boshladi. Nazarida itning o‘lganiga hech qanday shubha qolmadi. “Aza”dan keyin egalarining kayfiyatini bilish maqsadida o‘yma darvoza oldiga kelib, tirqishdan mo‘ralay boshladi. Uyda Hadicha xolaning xushvaqtlik bilan sallamnoni hirgoyi qilib, hovli supurayotganini ko‘rdi. “Hali bilmagandir-da, yoki o‘lganidan o‘zi ham xursand bo‘lgan”, deb o‘ylab uyiga kirib ketdi.
Taroveh namozidan qaytar vaqtda ham atrof tippa-tinch bo‘ldi. Sherali qo‘ylardan xabar olgandek bo‘lib, uyiga kirib oz-moz televizor ko‘rdi. Uyqusi kelib, xonasiga kirdi. Xotinini kutib o‘tirmay, o‘zi mehr bilan joy soldi va miriqib pinakka ketdi. Bu safar uyqusi uzuq-yuluq bo‘lmagandek tuyuldi. Tushida Hadicha xolaning anjirzorida aylanib yurganini ko‘rdi: yosh bola ekan, anjirzorda mazza qilib o‘ynab yuripti. Daraxtlardan birining tagida chiroyli, zarrang quti yotganini ko‘rib qoldi. Yugurib borib qutini qiynala-qiynala ochipti. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, quti ichidan zanji otilib chiqib, quloqni qomatga keltirgancha akillay boshlapti… Sherali cho‘chib uyg‘onsa, zanji tiriklayin so‘yilayotgandek vovillab yotipdi. Alamdiyda yigit chordona qilib o‘tirib oldi. Bir tomondan itning o‘lmay qolganiga xursand bo‘ldi. Oz bo‘lsa-da, nisbatan tinchroq uyqusidan qoniqdi. Yuz-qo‘lini yuvib, saharlik qilayotganlarning oldiga bordi.
Qovoqlari shishib, chala-yarim kiyinib kelayotgan Sheralini ko‘rgan ro‘zadorlar askiya qilishga o‘tishdi:
– Ha o‘g‘lim, keling. Zanjiga ovqat berib kelayapsizmi?! – dedi otasi oshkora kulib.
Bu masxaraga kelini ham qo‘shildi-da, kulmasdan, yengil tabassum bilan dedi:
– O‘g‘lingizni zanji atay saharlik qilib olsin, ro‘za tutsin, deb vaqtida uyg‘otganini qarang.
Otasi yoyilib kuldi. Onasi esa keliniga bir o‘qrayib, yupatgulik ovoz bilan o‘g‘lini ovutdi:
– Kel bolam, o‘tir. Qotib o‘lgur itning dastidan hamma qiynalishi kerak! Hadichaga hayronman, ota-bobosi qilmagan qayoqdagi ishlarni qilib yuradi! Bolam, bir-ikki kun dalada, chaylada qolsang bo‘lmaydimi?!
– Aljirama! – dedi ota xotiniga. Keyin o‘g‘liga jahl bilan qarab dedi: – Qulog‘ingga paxta tiqib yot! Ja-a noziklashib ketgan-da, bugunning yigitlari! Biz vaqti kelganida qo‘yxonada yotganmiz. Sovqotganimizdan qo‘yning tezagiga ko‘milib uxlaganmiz. O‘l ey, erkak zotiga isnod!
– Ha, endi u zamonlar boshqada, dadasi! – ona o‘g‘lining yonini olib gapirdi.
– Hadichani gapirasan hammang, o‘zlaring oldin o‘sha qilgan ishni choragini qip qo‘yinglar-chi, men ko‘ray, – davom etdi jahli rosmana chiqqan ota. – To‘rt-besh bolasi nobud bo‘ldi, yoshgina juvon bo‘lib eridan ajradi, oson ekanmi bu yukni ko‘tarish?! Bu ko‘rgiliklarni xudo ko‘rsatmasin, senlarning boshlaringga tushsa edi, sochingni yulib, jinnixonaga ravona bo‘lishlaring aniq. O‘g‘lining erkaligini esa, yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, tushunish mumkin. O‘sha sizlar erkatoy degan bolaning topishi ham, yurishi ham, mana bu lapashang o‘g‘lingdan ancha tuzuk, – dedi jahli tusha boshlagan ota o‘g‘liga niqtalib.
O‘g‘lining ko‘ngli cho‘kib, xotinining oldida izza bo‘layotganini payqagan ona oqibati xunuk bo‘lishini bilib tursa-da, o‘zida kuch topib dedi:
– Ha endi yog‘ga yog‘ tomadi-da!
– Gap unda emas! To‘g‘ri, Hadichaxon boy xotin, g‘alatiligi ham yo‘q emas. Ammo, o‘g‘li hech qachon “boyligim yetadi” deb yalla-beparvo bo‘lib yurmagan, mehnatni qattiq qiladi, – dedi ota. – Mayli, yigitning guli, charchabsiz, chaylangizda uch-to‘rt kun dam olib keling, ruxsat! Anjir terimigacha ishlaringizni bitirib, kuch to‘plab oling!..
Sherali dalada ma’lum muddat qolib ishlash uchun shaylanib, kerakli narsalarni olayotganida, darvoza taqillab qoldi. Xotini eshikka qarash uchun chiqib ketib, zum o‘tmay bir tovoq xoki anjir bilan keldi.
– Hadicha xolam chiqaribdilar, niyat qilib tatib ko‘ring, keyingi xokiga ham O‘zi yetkazsin! – dedi tovoqni xontaxtaga qo‘yib.
Sheralining ko‘nglidan “Xudoyim, sog‘lom o‘g‘il ato et!” degan niyatni o‘tkazib, anjirni ikkiga bo‘lib, bir-biriga ishqab o‘tirmasdan og‘ziga soldi.
***
Ramazon oyining fayzli kunlari shu zaylda o‘tib borar, qishloqda har ikki kunning birida iftor bo‘lib turar, iftorda ro‘za tutmagan “ko‘za”lar ko‘pchilikni tashkil etar, aksar ro‘za tutmaganlarning bahonasi yozning issig‘i bo‘lar edi. Sherali dalada uzoq vaqt qolib ketdi. Bir kuni ertalabki chopiqdan qaytib, ariq suvida yuz-qo‘lini yuvayotganida, otliq hamqishlog‘idan otasining “Tezda yetib kelsin!” degan xabarini eshitdi. Sheriklari karj so‘yilgan qip-qizil tarvuzga ishora qilib chaqirishlariga ham qaramay, “Tinchlikmikan” degan o‘y ila uyi tomon ravona bo‘ldi.
Uyida odatiy halovat hukm surayotganligini bilgach, otasining oldiga kirdi. Otasidan uni Hadicha xola yo‘qlaganini, erta-indin anjir terimiga yordamchi kerakligini, dalaga endi chiqmasligi haqida fermerga xabar berishi lozimligini eshitib, hamishagi “Xo‘p bo‘ladi”ni aytib xonasiga chiqib ketdi.
Sherali Hadicha xolaning qiliqlari tobora tushunarsiz bo‘lib borayotganligiga yana bir bor amin bo‘ldi:
– Tavba, yetti pushtimga ming tavba, hali anjir g‘arq pishmagan bo‘lsa, terimni boshlashga balo bormi?! – o‘ziga-o‘zi shivirlab qo‘ydi. – Butun anjirzoridan nari borsa besh-o‘n savat chiqar, o‘zi terib qo‘ya qolsa bo‘ladi-ku?! – deya qulog‘ining yumshoq joyini uch bora tortib qo‘ydi. U har gal biron narsadan taajjublanganida, shu odatini beixtiyor bajarar edi.
“Tunda uyquning harom bo‘lishi tayin” degan vaj bilan uxlab olishga qaror qildi. Fermerga xabarchi jo‘natish ham esidan chiqib ketdi. Chaylasiga o‘rganib qolganidanmi, o‘zining xonasi o‘ziga boshqachadek tuyuldi. Harchand urinsa ham, chuqur uxlay olmadi – “qush uyqu” bo‘ldi. Kechki salqinda qishloqni aylanib kelish bahonasida ketdi-yu, deyarli tunda qaytib keldi. Uyiga yaqinlashar ekan, zanjining mashhur vovillashi eshitildi. So‘kina-so‘kina, tepina-tepina uyiga kirdi. Xotini uxlamasdan kutib o‘tirgan ekan, odatdagidek so‘radi:
– Yaxshi keldizmi? Choy ichasizmi?
– Yo‘q! Uxlasang bo‘lmaydimi?! Ikki soatdan keyin turishing kerak-ku, axir, – er o‘ziga xos bo‘lmagan g‘amxo‘rlik bilan gapirdi. – Sen…sen u tomondagi xonaga sekin kirib yotgin. Men televizorni balandlatib qo‘yaman. Anov la’nati itning ovozini eshitmay. Ha-ya, aytgancha, dadam bilmasinlar, – qo‘shib qo‘ydi.
Xotini chiqib ketgach, issiq bo‘lsa-da derazalarni tamballab oldi va televizorni balandlatib qo‘ydi. Soat millari keyingi kun boshlanganini ko‘rsata boshlaganida barcha to‘lqinlar ovozini o‘chirdi. Jahli chiqqan yigit DVDni uladi. Uning bor bisotida ikkitagina diski bor edi. Biri to‘yining diski bo‘lsa, ikkinchisi siyqasi chiqib ketgan allaqanday jangari film. Bir dam ikkilanib turdi-da, jangari filmni takror ko‘rishga ahd qildi. Ovozini balandlatib, yoqmasa ham ko‘rib o‘tiraverdi. Tongga yaqin videoni o‘chirib, uxlab qoldi.
Ertalab nonushtani naridan-beri qildi, yoqmasa ham Hadicha xolalarnikiga o‘tdi. Xola Sheralini ko‘rib:
– Kel, bolam, kela qol, – dedi istehzoli jilmayib.
Ayolni umuman tushunib bo‘lmaydi. Bir qarasang juda aqlli, bir qarasang har xil xurmacha qiliqlar. Hozir ham “Zanji boplab uyqingni buzdimi, ajab bo‘pti” degandek tirjayib turipti. Qishloqchilik bo‘lmaganida, bunaqa qo‘shni bilan allaqachon yuzko‘rmas bo‘lib ketarmidi.
– Assalomu alaykum, hormanglar! – deya javob berdi uyqusi dabdala bo‘lgan qo‘shni.
– Bor bo‘ling, o‘g‘lim, doim salomat bo‘ling! Sizni so‘rattirgan edim. O‘zi uncha ko‘p emas, siz o‘g‘lim kechki salqinda keling, tushda uxlab olib, bemalol teramiz, – xola shu gapi bilan “kechasi uxlamagansan, uxlamagan yaxshi ishlay olmaydi, tushda uxlab, kuch to‘plab kel, tong saharda bari bir kela olmaysan, tuni bilan itim uyqu bermaydi” demoqchi bo‘ldi.
Sherali ma’qul degandek boshini silkitib, indamay chiqib ketdi. Xola aytganidek, peshindan keyin maza qilib uxladi. Kechki salqin tushgach, ishga bormay, televizor ko‘rib o‘tiraverdi. Shunda Hadicha xolaning o‘zi chiqib, ishchini olib ketdi…
***
Anjirzorga yetmasdan eshak aravani ko‘rib, anjirlarni shaharliklar yashiklarga solib, moshinada olib ketsa, “ buni nima qilar ekan?” deb o‘yladi. Eshak-arava bugungi kunda faqat lo‘lilarda qolgan. Bir so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, keyin fikridan qaytdi. U umuman olganda ko‘p narsaga oydinlik kiritishni juda ham istar edi: “O‘g‘lingga qiz topdingmi?”, “Anjir pishsa zanjini yo‘qotaman deb va’da bergan eding, nega bajarmayapsan?”, “Anjir pishig‘ini itning daf bo‘lishiga nima daxli bor?”, “Nimaga uyingda qayga burilmasang, burningni tagidan doka chiqib kelaveradi?”, “Ana u kalishlarga balo bormi?”, “Hali terarli hech vaqo bo‘lmasa ham, otamni ishga solib, nega meni chaqirtirding?” kabi savollar uni qiynayotgan edi. Shunday bo‘lsa ham, Sherali domangir ekanligini xotinga yaxshilab bildirib qo‘yish uchun gapirmaslik – gungalaklik yo‘liga o‘tib oldi.
Eshak aravaga angrayib qarab turgan ishchiga Hadicha xola anjir terishni boshlashdan oldin, qo‘lni yaxshilab yuvish lozimligini eslatdi. Sherali ensasi qotib obdastadan o‘ziga suv quyib oldin chap qo‘lini, keyin o‘ng qo‘lini yuvdi. Hadicha xola esa boshqa obdasta bilan kelib, Sherali foydalangan obdastaning dastasini yaxshilab yuvib qo‘ydi. Sherali ichida “Telbalik ham evi bilanda” deb o‘ylab, hech narsa demay ishga kirishib ketdi.
Bog‘dagi bor anjirni birpasda terib, savatlarga joylab tashladi. Terimda zanji negadir ko‘rinmadi. Sherali “O‘ldirib qo‘ymasin, deb qochib yurgandir-da, savil” deb o‘yladi. Ayol har bir savatning ustiga darhol doka yopib chiqdi.
Ish yakunida Hadicha xola ishchining haqini uzatdi. “Go‘r ham bo‘lmadi-ku, qo‘yavering!” demoqchi bo‘lgan ishchi, bu gal ham indamasdan pulni sanamasdan, yurak usti kissasiga soldi. Xola ro‘zadorlar uchun desertga deb, bir shokosa anjir berib yubordi. Sherali rahmatni ham nasiya qilib, “jinnixona” dan chiqib ketdi. Uyi tomon muyulishda kosa ustidagi dokachani devor tagiga uloqtirdi. Uch-to‘rt odim yurgach, ortiga qaytib, dokani olib, shimining orqa cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Bugungi iftorlikda uni uning eng suyukli taomi – xonim kutayotgan edi. Og‘iz ochish vaqtigacha oshna-og‘aynilaridan disklarni yig‘ib kelish uchun ko‘chaga chiqib ketdi. Avval ko‘rganmi – ko‘rmaganmi, qiziqmi –qiziq emasmi bir talay disklarni iyagiga tirab xonasiga kirib ketdi. U kelganida iftorlik tugab, uning tegishini xonasiga, xontaxta ustiga qo‘yib qo‘yishgan edi.
Xonimning ustidagi dokani ko‘rgan er ilon yoki “oti yo‘q” ni ko‘rgandek birdan tutoqib, xotiniga bo‘kirdi:
– Menga qara, ey! – dedi dokani havoda aylantirib. – Ikkinchi mana bu matohni uyimda ko‘rmay, tushundingmi?!
– Qiziqmisiz, bu nima deganingiz? – kelinning hayratdan qoshlari ko‘tarilib, erga tikilib qoldi. U yig‘lashni ham, kulishni ham bilolmay, yaqinroq kelib, yana so‘radi: – Nima bo‘ldi, tinchlikmi, dokasiz uy-joy, kiyim-kechak, bola-baqra tutib bo‘larkanmi?!
Sherali aytgan gapida tayinli mantiq topa olmadi, aniqroq qilib aytganda, ijirg‘anishning sababiku bor, ammo shu topda xotiniga o‘rinli javob ayta olmadi. Dokani sekin xontaxtaning chetiga qo‘yib, bir so‘z demay kino ko‘rishga kirib ketdi.
Xotin erining avzoyiga bir zum tikilib, bu maza-matrasiz qiliqning mohiyatini anglab olmoqchi bo‘ldi. Biroq, uzzukun betinim ish qilganidan horib, biroz mizg‘ib olish niyatida, eridan ayro solingan yotog‘iga kirib ketdi.
Sherali bo‘lsa disklarni bir-bir qo‘yib ko‘rib, ilgari ko‘rganlarini bir chekkaga taxlay boshladi. Nihoyat uning ilkiga tushmagan kino chiqib qolganidan ko‘ngli ko‘tarildi. Xonimni sarimsoq bilan ishtaha bilan yeb, kinoni maroq bilan tomosha qila boshladi. Ovoz maksimal darajada ko‘tarilgan bo‘lsa-da, kino bilan bab-baravar itninig akillashi ham to‘xtovsiz eshitilib turdi. “Bu tun ham uyquning vayron-tolqon bo‘lishi muqarrar, barcha disklarni ko‘rib chiqsam kerak”, deb o‘ylagan Sheralining ikkinchi kinoga o‘tar-o‘tmay uyqu elitdi. “Otamning aytganicha bor, odam har qanday baloga ko‘nikar ekan” kabi fikrlar anjirzor, mashhur devor-darmiyon qo‘shnisi, hozirgina ko‘rgan kinosi, zavjasi, doka va albatta zanji bilan qorishib miyasida g‘ujg‘on o‘ynaganicha pinakga ketdi.
***
Yolg‘on arafa kunining erta tongi edi. Sheralini qishloq tavochisining jar solishiga o‘xshash ovoz uyg‘otib yubordi. O‘xshash deyilishiga sabab shuki, chaqiriq qilayotgan odamning ovozi ayollarnikidek ingichka chiqdi:
– …ni …ga almasham-aaan! – jarchining nimani nimaga alishmoqchi ekanligi dastlab aniq eshitilmadi.
Sherali ko‘zlarini ishqab, xabarning mohiyatini ilg‘ab olish uchun derazani ochib yubordi. Ko‘chaning boshrog‘ida ustiga bir necha savatlarni ortib olgan eshak aravani yetaklab ketayotgan Hadicha xolani ko‘rdi. Xola bor ovozi bilan xitob qilayotgan edi:
– anjirni supurindiga ayirboshlayman, kim supurindi bersa, evaziga anjir beram-aaan!
Sherali boshda Hadicha xola elning joniga tekkan it –zanjini supurindiga alishmoqchi ekanda, deb tushundi. O‘g‘lini unashtirib, endi itni tog‘u toshlarda yo‘qotib kelishga ko‘zi qiymay shu axmoqona usul bilan “yaxshi qo‘llarga” bermoqchi, deb tushundi. Sherali xolaning “anjir pishsa, zanjini yo‘qotaman” degan va’dasini esladi. Bu “xayrli ish” ga yordam bermasam bo‘lmaydi, tag‘in fikridan qaytib qolmasin, deya yuvinmasdan ham xolaning yoniga oshiqdi. Eshak aravaga yaqinlashganida xolaning asl maqsadini aniq-taniq eshitib, bir dam dong qotib qoldi.
– Supurindiga anjir beraman! Supurindiga anjir beram-aaan! Qizlarjon shoshilinglar! – Ayol hech kimga e’tibor bermay, orqasida kuzatib kelayotgan qo‘shnisini ham payqamay mudom baqirar edi.
– Bechora hayitga yetmay jinni bo‘p qopti, jannatni mevasini axlatga alishaman deydi-ya, – Sherali o‘ziga-o‘zi shivirlab gapirib, tomoshani kuzatib ketaverdi.
Qiz-juvonlarning hovli va ko‘chalarga suv sepib, supur-sidir qiladigan, uyning ko‘tar-taxlasi bilan mashg‘ul bo‘lgan mahal edi. Ayolning gapini eshitganlardan birovi kuldi, birovi ichida so‘kdi, kimdir Sheralidek bechoraning esi og‘ib qolganligiga yo‘ydi, ayrimlar esa “sochga o‘xshash yangi ish chiqqandir-da”, deb o‘yladi. Anjirga tomog‘i tushganlar kim chelakda, kim tog‘orada, kimdir g‘altakda, yana kimdir zambilda uyum-uyum supurindi va tashlandilarni olib kela boshladi. Ayol ularni qabul qilib olar, mijozlarga chamalab tegishli miqdorda, anjir tarqatar, axlatni esa bir chekkaga to‘ktirar edi. Anjirning egasi jirkanayotganini yashirishga harchand urinmasin, buning uddasidan chiqa olmadi. Ayol mijozlarga negadir sinchiklab razm solar, gapga tortmoqchi bo‘lganlarga hech narsa demay, ishini davom ettirar edi. U axlat uyumini keyin olib ketishini aytib, keyingi ko‘chaga ham oraladi. Ikkinchi ko‘chadan ham bir dunyo chiqit to‘plandi. Bir dam pastqamroq hovlidan bir qiz o‘zini qimtib, ohista qadam bilan chiqib keldi. Hadicha opaga salom berib, yaqinlashayotgan ayyom bilan tabrikladi. Qo‘lidagi bir hovuchdan kamroq chiqadigan, qog‘ozga o‘ralgan supurindini axlat uyumi ustiga qo‘yib, yerga qarab turaverdi. Ayol biroz o‘ylanib, qizga liq to‘la bir savat anjirni berib yubordi. Qiz “bu juda ko‘p-ku” degandek iymanib turganida, ayol “olib ket” ishorasini qildi. Bitimni olisdan kuzatib turgan Sherali chinakamiga taajjubga tushib, “boyoqishni oddiy tentakmi desam, bu chappa tentaklik dardiga chalinipti, hisobni ham bilmay qopti”, deya chap yelkasiga uch bora tuflab qo‘ydi. Bu ham yetmaganidek, qulog‘ining yumshoq joyini uch bora tortib qo‘ydi, boshini saraklatib, qo‘lini ayol tomonga qarata siltadi-da, dast burilib uyi tomon qadam oldi.
***
Shu tunlarda zanjining tovushi chiqmay qoldi. Ko‘nikib qolgan ekanmi, qo‘shnilar yotish oldi quloqlarini ding qilib, itning vovillashiga diqqat qilishdi. Ammo, it bu kecha ham, ertasi kuni ham akillamadi. Uning jag‘i batamom yopilgan edi. Sherali Hadicha opaning tentak bo‘lsa ham, lafzi halol ekanligini, anjir pishig‘ida zanjini yo‘qotganini e’tirof etib o‘tirganida, xotini qo‘lida tugun bilan kirib keldi. Bu tugun narigi ko‘chadagi qo‘shni qizning “non sindirdi”si edi…
Jizzax 2017