Habibullo Qodiriy. Nurafshon xotiralar

Eron qishlog‘ida

Rahimberdi amakimning Orif aka ismli bojasi bo‘lar edi. Ularning 1920 yillar oxirigacha Toshkent shahri chetidagi Eron qishlog‘ida kattagina yerlari bo‘lib, paxta, makka, qovun-tarvuz, beda kabi ekinlar ekishar, qirga bug‘doy sepishar edi. Orif aka yoshi ulug‘, kamgap, salmoq bilan, kulib so‘zlovchi, mehnatkash kishi edi. Dadam bu kishini “sodda, to‘g‘ri, oq ko‘ngil odam”, deb hurmat qilardilar. Orif pochcha har yili qovun pishig‘ida bizni qovun sayliga taklif etardi. Amakilarim, dadam, biz bolalar – hammamiz kechki salqinda, ba’zan maxsus yuborilgan aravada, ba’zan piyoda bilq-bilq tuproq kechib, “Ko‘kcha darvozasi”, “Shofayzi quloq”, “Ko‘kcha Oq tepasi”, “Qurvaqaobod” kabi guzarlarni bosib, odamga liq to‘la choyxonlarda qo‘nib, choy ichib, Eron qishloqqa yetib borar edik. Poliz boshidagi katta ariq labiga, sadaqayrag‘och tagiga solingan joyda qovun yeb, qaynatma sho‘rva ichar, shunda uxlab, dala nash’asini xo‘p surgach, ertalabki qaymoqxo‘rlikdan so‘ng uyga kaytar edik.
Orif pochchaning yeri poygasidagi xirmontepa yonida, kichkina qo‘rg‘onchada dadamning yaxshi bir oshnasi yashar edi. Ismi, yanglishmasam, Siddiq aka, o‘zi kulolchilik qilardi. Dadam sayilga chiqqanda, dala aylanib ba’zan shu kulolning ishxonasiga kirar, Siddiq aka bilan suhbatlashib o‘tirar edilar. Siddiq aka o‘ttiz-qirq yoshlarda, xushtabiat, qiziqchi kishi edi. Oyog‘i bilan kulol charxini tepa-tepa, qo‘lidagi loyga turli shakllar berib, tovoq, piyola, xurma, lagan, mo‘ndi, manak, tuvak yasar, o‘z ishidan o‘zi zavqlanib, ashula aytar edi. Siddiq akaning ishxonasi yonida xumdon bo‘lib, dadam uni ham tomosha qilar, qaytishida Siddiq akani mehmonga taklif etardilar. Siddiq aka yuvinib, kiyinib, o‘z dehqonchiligidan bir-ikkita qovun ko‘targancha, “mana, bizning kulol “zavod” ham endi xatga tushadigan bo‘ldi…”, deb dadamga piching qilib, mehmondorchilikka kelib qo‘shilar edi.
Shunday bir o‘tirishda kulolchilikdan gap chiqib, dadam, afsonami-chinmi bir voqeani mehmonlarga so‘zlab berganlari esimda:
“Qadim zamonlarda vahshiy bir odat bo‘lgan ekan. Daryo to‘g‘onlarini suv olib, toshqin ro‘y bersa, suvsizlikdan dehqonchilik bo‘lmasa, to‘g‘on tuzatuvchilar “suv to‘xtasin”, degan irim bilan biror beva-bechorani tiriklay to‘g‘onga bosar, xumdon egalari “g‘isht, kulollik idishlari yaxshi pishib chiqsin”, deb biror kimsasiz odamni xumdonda yoqar ekanlar…
Bir xumdonchi boy ishyoqmas bir qulini xumdonga yoqmoqchi bo‘libdi. Boy, boshqa qullar oldida o‘zini beg‘araz ko‘rsatmoqchi bo‘lib, o‘t yoquvchi quliga: “Ertalab oldin­ga kimda-kim birinchi kelsa, uni o‘tga yoqib yubor!”, deb buyuribdi. Ertasiga tong sahardan boy haligi ishyoqmas qulini uyg‘otib, tezda go‘laxga nonushtalik eltib berishni tayinlabdi va oradan bir-ikki soat o‘tkazib, ahvolni bilgani o‘zi xumdonga kelibdi:
– Qalay, birortasi keldimi, yoqdingmi? – deb so‘rabdi boy go‘laxdan.
– Ha, xo‘jayin, – debdi go‘lax gerdayib, – yoqdim.
– Xo‘sh, xo‘sh, kimni yoqding?
– Katta o‘g‘lingizni, hozirgina…
Boy dahshatga kelib, soch-soqolini yulibdi. Bu hodisa ustiga non ko‘tarib, ishyoqmas qul kelibdi. U yo‘l-yo‘lakay, “ertalabki nasibadan quruq qolmay”, deb bir to‘yga kirgan, qornini to‘yg‘azib bemalol kelayotgan ekan…”
Men o‘sha qorong‘i kechada, bu hikoyatni etlarim junjikib eshitganman. Hali-hali eslasam, seskanib ketaman. Nazarimda, yuqoridagi kabi bid’atlar, qadimda suv va o‘t xudosiga qurbonlik keltirish odatlaridan qolgan bo‘lsa kerak.

Chiroqpoya

Dadamning ijodxonalaridagi tokchalarga qator terilgan chinni va boshqa ro‘zg‘or buyumlari uyimizni bezab turardi. Ayniqsa, undagi bir juft xitoyi ko‘ra va qo‘sh lagan (bu ko‘ra va laganlarni dadam 1925– 1926 yillarda xarid qilib keltirgan edilar) o‘z chiroyi bilan kishi diqqatini jalb etardi.
Bir kun dadam bog‘imizda yer chopayotib, bo‘yi yarim gazcha keladigan sopol chiroqpoya topib oldilar. Chiroqpoya dastalik, sirlanmagan, oddiy bo‘lib, tagiga gir aylantirib chiziq bilan ishlangan kungirasini husnga qo‘shmaganda, qo‘pol, samovarga o‘xshar edi. Dadam: “Bu chiroqpoya taxminan yuz yil burun yasalgan. Bizda lampa rasm bo‘lguncha, xalq sham yoki zig‘irmoy yoqib kun kechirgan. Mana shu chiroqpoya ustiga moy quyib, paxta pilik yoqib, uy o‘rtasiga qo‘yib, tevaragida davra qurib o‘tirishgan va “zab hikmat-da”, deb chiroqpoyani tomosha qilishgan, yasagan ustasiga ofarin o‘qishgan…” dedilar kulib va uni yuvib-tozalab tokchaga – haligi xitoyi ko‘ralaganlar yoniga qo‘yib qo‘ydilar. Dadamning bunday uy “yasatish”lariga oyim:
– Bu beso‘naqay sopolni namuncha aziz qilib, chinnilar yoniga qo‘shib qo‘ymasangiz?! – deb e’tiroz qildilar. Dadam “tushunmaysan” degandek qo‘l silkib:
– Chinnilar xitoyniki, bu sopol ota-bobolarimizdan qolgan, o‘zimizniki! Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga! – deb kulib qo‘ydilar.
Xitoyi ko‘ra va boshqa ko‘pgina buyumlar qatori, o‘sha chiroqpoya ham hozirgi paytda Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida, Abdulla Qodiriy xonasida saqlanadi.

Mullayona so‘z

Dadam bir kuni:
– Alijon domla betob ekanlar, ko‘rgani boruvdim, seni yo‘qladilar. Borib bir hol so‘rab kel. Sening ham domlang, – deb qoldilar.
Men issiq non, asal ko‘tarib domlani ko‘rgani bordim. Kechqurun dadam yana “domlani ko‘rib keldingmi?” deb so‘radilar. Men mullayona so‘zlab, izhori fazl qilmoqchi bo‘ldim, shekilli, “Ha, domlani riyozat qilib qaytdim”, dedim. So‘zim dadamga erish tuyuldimi, “nima-nima, so‘zingni qaytar?” dedilar. Qaytardim. U kishi kulib yubordilar va birdan jiddiy tus olib:
– Mazmunini bilmagan so‘zingni ishlatma. Kulgi bo‘lasan. Riyozat bu – mashaqqat chekish, kasalni borib ko‘rish – ibodatdir. Arabiy, forsiy so‘zlarni zaruratsiz ishlataverish yaramaydi. O‘z tilingda sodda, pishiq jumla tuzsang, shundan ma’quli yo‘q, – dedilar.

Realizm

Adabiyotga yangi qiziqqan paytlarim edi. Bir kun kitob o‘qib o‘tirib, “realizm, realistik” so‘zlariga tushunmadim-da, ma’nosini dadamdan so‘radim. – Realizm bu voqelik, haqiqat demakdir, – javob qildilar u kishi.
Dadamning qisqagina javoblariga uncha tushunib yetmasam ham, tushungandek bosh irg‘adim. U kishi mening majhul holatimga qarab turib:
– Javobimga tushunmading, – dedilar va realizm ma’nosini shunday bir misol bilan ta’birlab berdilar. – Samarqandda Afrosiyob ismli bir pahlavon o‘tgan ekan. Afrosiyob shu qadar zo‘r ekanki, agar u o‘z shahrida oyoq uzatib o‘tirsa, oyog‘ining uchi Sirdaryoga tushib turar ekan. Uxlaganda xurragi bemalol Toshkentga eshitilar, har nafas olganida, butun Samarqand shahrining hasharotlari og‘ziga kirib, nafas chiqarganida osmonga otilib chiqar ekan.
– Bunaqa odam bo‘lmaydi, ada.
– Ha-a, – dedilar kulib yuborib dadam, – demak, hikoyam haqiqat emas, ishonmading. Agar ishonganingda edi, realistik hikoya so‘zlagan bo‘lib chiqardim. Endi tushungandirsan?..

Vijdon nima?

Bir kun, maktabdan qayta turib, Abdulla akam bilan hamroh bo‘lib qoldim, – deb hikoya qilgan edi bog‘ qo‘shnimiz, o‘qituvchi Sobit Komiliy, – suhbatlashib ketdik. Men u kishidan so‘radim: “Vijdon, vijdon, deyishadi. Bu nima degani o‘zi, Abdulla aka?” U kishi o‘ylanib borib javob qildilar: “Sen yo‘lda borarding, qarshingdan kelayotgan bir keksa loyda sirg‘anib yiqildi. Sen unga parvosiz o‘tib ketaverding va nariroq borib, o‘zingga savol berding: “Nega men haligi keksaga yordam bermadim, turg‘azib qo‘ymadim-a?” Mana shu o‘zingga bergan savoling vijdondir”.

Qodiriyning xizmatkori

Bir kuni kechki payt dadam peshona bog‘lab, yalangoyoq, shiypon qarshisida yer chopardilar. Men shiyponda yonboshlab, dars tayyorlardim. Darvoza ochilib, bir rus yigiti kirib keldi. Yigit notanish (Yozuvchilar soyuzining yangi shofyori), biznikiga birinchi bor kelishi edi. U dadamning oldiga borib: “Yozuvchilar soyuzida majlis bo‘larkan, Abdulla Qodiriyni olib ketgani keldim”, dedi. (Qodiriy O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzining prezidium a’zosi edilar.)
Dadam indamay biroz ishni davom ettirgach, ketmon va kalishlarini olib, ariq labiga chiqdilar. Menga, “ketmonni tozala”, deb o‘zlari bemalol yuvindilar-da, kiyinib chiqqani ichkari hovliga kirib ketdilar. U kishining bu sust harakatlaridan shofyor achchig‘landi, shekilli, menga qarab to‘ng‘illadi:
– Bu qanaqa yozuvchi, huzuriga xizmatkorini yuvuqsiz kiritmaydi, qancha vaqt bekor ketdi…
Men shofyorning gapiga chala-yarim tushunib, yanglishayotganini sezsam ham kulib, jo‘rttaga jim o‘tiraverdim. Dadam ichkaridan kiyinib chiqdilar, yigit u kishiga qarab turib, kuldi:
– Kechirasiz, sizni Abdulla Qodiriyning xizmatkori deb o‘ylabman…

“Ko‘r sak”

Bir kuni shoir So‘fi Olloyor g‘azallaridan o‘qib o‘tirar edim. Dadam “Nima o‘qiyapsan?” deb, qo‘limdan kitobni olib ko‘rdilar va “So‘fi Olloyormi?” deb qaytarib berarkanlar, kulib shu baytlarni yod o‘qidilar:
Charog‘iki shariat yondirdi qo‘ydi,
Ani kim puf dedi, soqoli kuydi.
Uyalma ma’rifatni o‘rganurdin,
Tanur joying bo‘lur, qolsang tanurdin.

Men dedim:
So‘fi Olloyor she’rlarini yod bilar ekansiz…
U kishi kuldilar:
Biz shunday kitoblarni o‘qib savod chiqarganmiz-da. U choqlarda So‘fi Olloyor asarlari maktablarda darslik kabi o‘qitilar, yod oldirtirilar edi.
So‘fi Olloyorni tasavvuf shoir de­yishadi…
Ha, uning asarlarida ilohiyatga ko‘proq o‘rin berilgan. She’rlari mazmunan sodda, lekin jonli, ravon, o‘ynoqi tilda bitilgan. Asosiy g‘oyasi odamiylik, axloq-odob, ma’rifatga bag‘ishlangan. Buni yuqoridagi baytlardan ham anglash mumkin. Shariat bu – umuman musulmon mamlakatlarining asosiy qonun-qoidasi. Shoir kimki mamlakat qonun-qoidalariga qarshi borsa (uni “puflab o‘chirmoqchi” bo‘lsa), halok bo‘ladi, ya’ni soqoli kuyadi, demoqchi. Ikkinchi baytda esa: ma’rifatni o‘rganurdin uyalma, agar tanurdin (ya’ni tanish-bilishdan) qolsang, joying tanur (tandir, ya’ni do‘zax) bo‘lur deydi… – deb tushuntirdilar dadam. – Aytishlaricha, So‘fi Olloyor beklardan bo‘lgan. Yosh chog‘larida hukumat xizmatida bo‘lib, fuqaroga ko‘p zulm o‘tkazgan. Keyin, qirq yoshlardan oshgach, o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, tavba qilgan, xokisor, bechorahol yashab, ijod bilan shug‘ullangan. Uning bir ko‘zi ko‘r bo‘lgan. Bir kuni So‘fi Olloyor loy qorib, hovlisining yiqilgan devorini urayotgan ekan. Bir kishi kelib so‘rabdi: “Mavlono So‘fi Olloyor hazratlarining uylari shumi?” “Ha, shu, – debdi So‘fi Olloyor. – Nima xizmatlari bor edi?” U kishi taraddudlanib deydi: “Hazratni bir ko‘rsak…” “Juda yaxshi, – debdi So‘fi Olloyor va barmog‘i bilan o‘zining ko‘r ko‘ziga ishora qilibdi, – o‘sha siz so‘rayotgan “ko‘r sak” biz bo‘lamiz, marhamat…” E’tibor berdingmi, – deb hikoyatlarini yakunladilar dadam, – shoir “ko‘rsak” so‘zini o‘yin qilib bo‘lib-bo‘lib, o‘zini “ko‘r sak”, ya’ni “ko‘r it” deb aytgan. Ana shunday har so‘zda o‘tmishdagi zolimligiga shikva qilib, ko‘r it ekanman, deydi So‘fi Olloyor.

Qomus ta’limi

Kutubxonamizda qalin, qora muqovali, rasmlar ishlangan, turkcha katta bir qomus bo‘lardi. Dadam bo‘sh vaqtlarida uni mutolaa qilib o‘tirardilar. Bir kuni mutolaa payti kitobning bir o‘rni ma’qul bo‘ldi, shekilli, bir bayt o‘qidilar va mazmunini sharhlab berdilar: “Sen tug‘ilganingda, “dunyoga yangi mehmon keldi”, deb quvonchdan butun olam kulardi. Endi, sen shunday yashaginki, o‘lganingda, “falonchi odam yaxshi edi”, deb qayg‘udan butun olam yig‘lasin…”

Julqunboyi soniy

Yoz kunlari edi. Dadam “Obid ketmon”ni yozardilar. Eshigimiz taqillab qoldi. Chiqib ochdim. Past bo‘y, to‘la yuz, mosh-guruch soqolli, salla-chopon, mahsi-kavushli, qoracha bir kishi (u men chiqqanda, siyoh qalamini labiga tegiza-tegiza qo‘lidagi daftarga nimalarnidir yozardi) dadamlarni so‘radi. Yo‘qlar, dedim. U hech muqaddimasiz, o‘zining Shavkatiy nomli shoir, Qodiriyga yaqin oshna, iste’dodli Julqunboyi soniy ekanligini izhor qilib, “soatiydin so‘ng kelurmen”, deb jo‘nab ketdi (uning gaplari mullayona, adabiy edi). Men ajablandim. Dadamning bunday oshnalari borligini bilmas ekanman. U, aytganidek, biror soatdan keyin yana keldi. Men dadamga “bugun bir kishi sizni ikkinchi marta yo‘qlab keldi”, dedim. Dadam chiqib, eshikda u kishi bilan so‘zlashdilar, qo‘ldagi daftarini olib, o‘qib ko‘rdilar va nimalarnidir tushuntirib, kuzatib qaytdilar. Men dadamdan, “u kishi oshnangizmi?”, deb so‘radim. “Yo‘q tanimadim”, dedilar. Shunda u kishining boyagi da’vosini aytdim. Dadam kulib, joylariga o‘tirarkanlar, “Yaxshi, o‘zini xursand qilib yuradi-da, boshiga yozuvchilik savdosi tushib qolganga o‘xshaydi”, dedilar…

“Yoshlik” jurnali, 1983 yil, 3-son