Hovli.
Oshxona.
Tandir…
Quyosh hovliga kiraverishdagi yo‘lakchaning o‘ng va so‘l tomonlariga bir chiziq qilib ekilgan rayhonlarni, tomorqada ko‘karayotgan sabzi, bodring va boshqa qator ekinlarni, oxurida suvi tugab qolganidan ba-balab ishora berayotgan qo‘y-qo‘zilar qamalgan og‘ilxonadan tortib, jamiki atrof-olamni ayamay qizdirardi.
Ona shu atrofda kuymalanib yurardi. Uning baquvvat bilakli ko‘llari mehnatda qavargan, yanoqlari yoz oftobida toblanib kuygan, tuproq, chang va ariq suvidan boshqasini ko‘rmaydigan tovonlarida tilim-tilim yoriqlar bor edi. Uning yuzi xorg‘in va tashvishli ko‘rinardi.
Ko‘cha eshigi ochilib, chitdan odmigina tikilgan jajji ko‘ylak-lozimni egniga ilib olgan Zumrad oxshona tomon yugurdi. Hoynahoy, onasi shu yerda bo‘lishi tayinligi unga yaxshi ayon.
– Oyi, akam bilan opam haliyam maktabdan qaytmadimi? – so‘radi qizcha betoqatlik bilan. Uning har nafasida tomog‘idan g‘iq-g‘iq etgan tovush eshitilardi.
– Voy, bolam-ey, hiqqilashing o‘tib ketmayapti-ku! Endi nima qilsam ekan?! – dedi ona yoniga kelib cho‘kkalagan qizining peshonasidan o‘pib. Ayolning yuzidagi xavotir yana bir hissaga oshgandek edi.
Qizaloq o‘rnidan turib, qizil gulli ro‘mol ostidan chiqib turgan onasining o‘rama sochlarini qo‘li bilan taradi. Goh u yonga, goh bu yonga tashlab ko‘rdi.
Ayol esa katta yozilgan surpa ustida non yasardi. Bolalari maktabdan, xo‘jayini ishdan tushlikka kelishguniga qadar issiq non tayyorlash harakatida edi. Hali besh yoshga to‘lmagan kenjatoyi esa kun-u tun onasining izidan qolmasdi.
– Bir, ikki, uch, besh… – qizcha nonlarni sanashga urinarkan so‘radi: – Oyyyi, kulcha ham yasaysizmi?
Bolakay gapirishi bilan yana tomog‘ida bir narsa g‘ilt-g‘ilt o‘ynar, bunga sayin bo‘yin tomirlari bo‘rtib-bo‘rtib chiqardi.
– Voy, Xudoyim-ey! – ona qattiq tashvishlanganidan ko‘zida yilt-yilt yosh ko‘rinar, ovozi, qo‘llari qaltirardi. – Axir tabib tezda o‘tib ketadi, degandi… Ishongan do‘xtirimiz ham yordam berolmadi… Endi kimga yugursam ekan!… Sho‘rim qursin-a! – pichirladi u siniq, qaltiroq ovozda.
Uning xamirga yumaloq shakl berayotgan qavariq ko‘llari dir-dir titrardi. Ro‘mol soyasidan bo‘lak dunyoni ko‘rmagan peshonasida reza-reza terlar yaltirardi. Axir uch kundan beri halovati yo‘q. Uch kundirki, qizining boshida kechalarni bedor o‘tkazadi. Uch kun… Ammo bu sinov uning nazarida, uch hafta, uch oy, balki uch yil, balki uch asrdek tuyulayotgandi. Vaqt o‘ta sekin, juda ohista odimlardi.
Bu yil hovlidagi olma daraxti shohlariga marjondek tizib meva soldi. Endi rang ola boshlagan mevalar hali pishib-etilmasdan ko‘ni-qo‘shnilarning bolalariga yem bo‘ldi. Olma hali xom, ham qattiq. Uy bekasi harchand bolalarning sog‘ligidan xavotirlansa-da, ko‘shnilarning “qizg‘anibdi” degan noto‘g‘ri o‘ylaridan istihola qilib, ularga indamasdi. Bir necha kun avval aka-opalari bilan xom olma yeb, sakrab o‘ynayotgan Zumradning tomog‘ida meva bo‘lagi turib qoldi. O‘tib ketsin deb, suv ichirishdi, non yedirishdi. Foydasi bo‘lmadi. Har nafas olganida qilt-qilt etgan tovush eshitiladi. Ertasi kun qishloq shifokoriga, indiniga tabibga yugurishdi. Hech qanday yordam bera olishmadi.
Eh, onani yaratmasin ekan! Shu qisqa muddat ichida ayolning yuzidagi ajinlar soni ortgandek, ular yanada chuqurlashgandek ko‘zga tashlanib qoldi. Har bir farzandning o‘z o‘rni, o‘z qadri bor. Agar bolasiga biror shikast yetgudek bo‘lsa, ona hammadan ko‘p ozor chekadi. Ming bir tikan badaniga qadalgandek, ham tani, ham ruhi zir titraydi. Onaga oson tutmang… U har bir dilbandini voyaga yetqizguncha oz-muncha sinovlarga dosh bermaydi, deysiz! Afsuski, shunday farzandlar borki, balog‘atga yetgach, huddi o‘z-o‘zidan unib-o‘sgandek, onasiga “men uchun nima qilib qo‘yibsiz?!” deya da’vo qilishadi. Eh-he… Volida-i muhtaramaning jigarbandi uchun ko‘rgan-kechirganlarini sanab-sanog‘iga yetish mumkinmi, axir?!
* * *
Ayol nonni yasab, ustiga yengil dasturxonni tashladi. Surpani ichidagi unni qoqib-qoqib o‘rtaga yig‘ib, taxlab tortmaga joyladi. Qizi esa allaqachon ko‘zi ilinib, ko‘rpacha ustida uyquga ketgandi. “Hayriyat, bolam bechora hech bo‘lmasa, uyqusida yengil nafas yutayapti. Ollohim, o‘zing mushkulimni oson qil!” – deya yolvordi ona ko‘zlarini chirt yumib, nimalarnidir ichida takor-takror qaytarib.
Juvon yasalgan nonlar biroz ko‘tarilguniga qadar ovqatga unnadi. Avvalroq tayyorlab qo‘ygan masalliqlarni o‘choq qozonda jiz-biz qilib, so‘ngra suv quydi. Pomidor oralatib ekilgan yashil loviyalardan terib kelib, po‘stlog‘idan ajratdi. Ikkita chelakka suv to‘ldirib, qo‘yxona tarafga otlandi. Uzoqdan egasini tanigan qo‘y-qo‘zilar yanada ovozini balandlatib baradi.
– Hozir, hozir jonivolar… borayaman, biroz sabr qilinglar! – dedi og‘ir yukni ko‘tagan ayol inqillab.
U og‘ilxona eshigini ochishi bilanoq, betoqat jonivorlar uning qo‘lidagi chelakka intila boshladi. Bir amallab “chuv-chuvlab” o‘tib, katta idishga suvni bo‘shatdi. Qo‘ylar oxurga boshini tiqib, suvni simira ketdi.
– Kun issiq, ichinglar jonivorlar! Men ungacha yana suv keltiraman, – deya shu ko‘yi ikki-uch qatnadi.
So‘ngra qo‘yxona eshigini mahkamlab yopib, chelaklarni yong‘oq daraxti shoxiga ildi. Bir bog‘ katta o‘tin g‘aramini qo‘ltiqlab, ortga qaytdi. Shu orada tandirga o‘t qo‘yib, ovqatga loviya va moshni chayib soldi.
Tandir avval qop-qora tusga kirdi, keyin oqarib yonishdan to‘xtadi. Juvon kesov bilan qip-qizil cho‘g‘larni o‘rtaga uyib, nonni vaqtidan oldin qizarishdan saqlash maqsadida ustiga tunuka to‘siq tashladi.
Savatni olib oshxonaga kirganida, qizi miriqib, tinch uxlardi. “Nafas olishi bir maromda… Ishqilib, uyg‘onganida hammasi o‘tib ketgan bo‘lsin-da!” – beka shularni hayolidan o‘tkazish asnosida savatga avval nonlarni, ustidan kulchani terdi. Go‘yo jajji farishtadek shiringina uxlayotgan qizining peshonasidan ohista o‘pib, tandirxonaga shoshildi.
Havoning issig‘idan nafas olishgada mushkul pallada ona jizillagan tandir oldida kuymalanardi. Uning cho‘g‘ taftidan kuygan bo‘yin atroflari, lo‘ppiday yanoqlari qizg‘ish tus olgandi.
Biroz o‘tib, qizib turgan tunukalarni ushlagichlari yordamida yehtiyotkorlik bilan tandir ichidan olib tashladi. Ona mehri, muhabbati qo‘shib yopilgan nonlardan hovli bo‘ylab xushbo‘y is taraldi. Ularni uzib olishdan avval, yuzlariga suv sepalagandi hamki, go‘yo lola chehrali durkun qizlardeknonlarning rangi ochilib, yaltirab ketdi.
Eng oxirida kulchalar uzildi va bari savatga joylandi. Juvon ularni o‘rik daraxti soyasidagi supaga keltirib qo‘ydi. Non yopish asnosida taomni ham tayyorlab bo‘lgandi. Ona ushbu yumushlarni bajarish mobaynida tinmay ichida qizalog‘iga sog‘lik tilab, Tangridan iltijo qilardi.Chin qalbidan, yurak-yuragidan o‘tinib so‘rardi ona…
– Qizim, turaqol! Kulchang allaqachon pishgan, – dedi u xovli tarafdan turib. – Qorning ham ochgandir?!
Non isi dimog‘ini qitiqlayotgan Zumrad darrov uyg‘ondi. Quyoshda turib ilib qolgan oftobadagi suvga yuz-qo‘lini chayib, so‘riga chiqdi. Uning hiqqilog‘i hanuz o‘tib ketmaganidan onaning yuragi ezildi. Qizcha esa shoshib –pishib savatdagi o‘zi uchun atalgan kulchaga ko‘l uzatdi.
– Ehtiyot bo‘l, Zumrad! Hali issiq. Tag‘in qo‘ling kuyib qolmasin! Sariyog‘ surib beraymi?
Zumrad hiqqillagancha bosh irg‘adi. Qorni ochganidan kulchani ikkiga bo‘lib, yutoqib-yutoqib yeya boshladi. Endi ne qilishini bilmay, ona o‘yga cho‘mgandi.
– Oyi, maktabga borib kelay, xo‘pmi? – dedi qorni to‘ygan bola kutilmaganda.
– Nega? – so‘radi juvon qizining dabdurustdan qilingan qaroridan hayratlanib.
– Akamning, opamning ham qorni ochib ketgandir. Ularning kulchasini olib borib beraman – dedi Zumrad qiynalib. U gapirgan sayin tobora hiqillog‘i zo‘rayib borardi.
Bundan onaning battar ko‘ngli buzildi. Bu balo o‘lgur qaydan tamog‘idan o‘tib keta qolmadi! Nima qilsa ekan endi?! Kimdan najot so‘rab borsin?! Kim unga yordam bera olarkin?! Kim axir?! Savollardan boshi tars yorilayozgan ona jigarlarinining g‘amini chekayotgan qizalog‘iga so‘z qotdi.
– O‘zim o‘rgilay sendan! Maktabdan qaytadigan vaqt bo‘lib qoldi. Hali zamon kelib qolishadi o‘zlari. – dedi so‘ridan pastga tushib shippagini oyog‘iga ilar ekan. Qizi hanuz hiqillab, dasturxon uchini o‘ynab o‘tirardi. – Zumrad, kel bag‘rimga, qo‘zichog‘im o‘zimni! – deya ona quchog‘ini keng ochdi. Ilojsizlikdan ko‘zlaridan shashqator yoshlar yumalardi.
To‘rda o‘tirgan Zumrad yugurib kelib, o‘zini onasining bag‘riga otgan edi hamki, bo‘g‘zidagi balo-i azim shilq etib og‘zidan otilib chiqdi. Bolaning nafas olishi ham avvalgiday bir maromga tushdi. Nelar bo‘lganini anglab-anglamay qolgan ona quvonchdan uning yuz-ko‘zlaridan o‘pgancha qattiq bag‘riga bosib, yum-yum yig‘lardi. Lablari esa tinmay shukronalik keltirardi…