Tuni bilan diqqinafas katakda beg‘am yalpayib yotgan bir gala makiyonning orasida toqati toq bo‘lgan baboq xo‘roz nihoyat, cho‘zib-cho‘zib qichqirdi. Uning g‘azabidan qo‘rqib, bir chekkada qunishibgina tong ottirgan jo‘jaxo‘roz ham uzuq-yuluq tovushda unga jo‘r bo‘ldi. Ammo baboqning adovatli qanot qoqqancha o‘ziga yaqinlashib kelayotganini ko‘rib darrov uni o‘chdi. Zumda atrofni xo‘rozlarning qichqirig‘i tutib ketdi.
Tuyaning o‘rkachini eslatuvchi baland qir-adirlar etagidagi do‘ppidekkina Chorbog‘ qishlog‘i uzra tong yorisha boshladi. Kechqurun shirin tushlar ko‘rib, xalimdekkina kayfiyatda uyg‘ongan O‘tagan buva bomdod namoziga tahorat ushatmoq niyatida oftoba ko‘tarib tashqariladi…
Esimizning borida bir gapni aytib qo‘yganimiz ma’qul. Bu dunyoda har bir banda nimagadir ishqiboz bo‘ladi. O‘tagan buva ham ayni kuch-quvvatga to‘lgan, navqiron paytlarida xotiniga oshufta edi. O‘ziyam Chuchuk momo yoshligida gajak zulflari oyning o‘rog‘ini eslatadigan, ikki o‘rim sochlari taqimini o‘pgan, xumor ko‘zlari yurakni kuydirguvchi, oppoq quyruqdekkina juvon edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan uning ana shu latofatidan ham putur ketdi. Qarigani sari Chuchuk momoning uzun sochlari ko‘kish tusli echkining dumidek kalta tortib, sarvdek qomati go‘yo so‘roq alomatiga aylanib qoldi. Tan olish kerak, bu paytda O‘tagan buvaning ham ahvoli maqtangulik darajada emas edi.
Kampiridan hafsalasi pir bo‘lgan O‘tagan buva o‘ziga yangi ermak topdi − erta-yu kech tomorqadan chiqmaydigan odat chiqardi. Garchi beli bo‘shashib, yuragi cho‘g‘i o‘chgan tandirdek sovub qolgan bo‘lsa-da, hartugul bilagida quvvati bor ekan, bir-ikki yilda keng-mo‘l hovlisini naq Eram bog‘iga aylantirib yubordi. Hozir ko‘rgan odamning havasi keladi.
O‘tagan buva hosilining zalvoridan shoxlariga xachcha tirab qo‘yilgan olma daraxti ro‘parasida bir lahza oyoq ildi. Har biri chaqaloqning kallasiday keladigan olmalardan birini avaylab ushlab, azza-bazza hidlab ko‘rdi-da, mamnun bosh chayqadi. Tong nurlariga g‘arq bo‘lib yotgan bog‘ni ko‘zdan kechirarkan, chuvak yuzidagi tabassum yanayam quyuqlashdi. Yomg‘irdan bebahra qolgan lalmi maysa kabi siyrak o‘sgan qoshlari tagida ko‘ndalangiga qiyib ochilgandek zo‘rg‘a bilinib turgan “xitoyi” ko‘zlari battar qisilib, bir juft chiziqqa aylanib qoldi.
− Bay-bay-bay! Chimildiqdagi kelinchakday noz¬la¬nadi-ya…
Kutilmaganda O‘tagan buvaning dami ichiga tushib ketib, joyida toshdek qotib qoldi. Chumagidan hovur ko‘tarilayotgan iliq suv to‘la oftoba qo‘lidan sirg‘alib yerga tushdi. Chunki bu paytda Shoymirzaning egiz uloqli kal echkisi oldingi oyoqlarini ishkomga osiltirgancha miriqib barg kavshamoqda edi.
O‘tagan buvaning xush kayfiyatidan asar ham qolmadi. G‘azabning zo‘ridan yupqa lablari pir-pir uchib, iyagida osilib turgan bir tutamgina soqoligacha titrab ketdi. Qiyiq ko‘zlari shishasi artilgan moychiroqdek charaqlab ochildi. Najot kutgandek tevarakka umidvor alangladi. Tandir boshida yotgan uzun temir kosovni qo‘liga olib, echki tomon pusib bora boshladi.
Dunyoda echkiday bemaza va hushyor maxluq boshqa topilmasa kerak. Buning ustiga, Shoymirzaning kal echkisi bot-bot O‘tagan buvaning g‘azabiga duchor bo‘laverib yurak oldirib qo‘ygan edi. U barg yeyishdan tiyilib, quloqlarini dikraytirgancha chol tomonga qaradi. So‘ng zorlanib ma’ragancha egiz uloqlarini ergashtirib qochishga tushdi.
O‘tagan buva bor kuchini bilagiga jamlab, echkiga kosov uloqtirdi. Shoshganidan muvozanatini yo‘qotib o‘zi ham loyi selgib ulgurmagan ariqqa chalqancha yiqildi. Echki qolib, ishkomga borib tekkan kosov uch-to‘rt bosh uzumni yulib tushdi. Kal echki esa egiz uloqlari bilan hovli devori tagidagi ariqdan sirilib chiqib ketdi.
− Voy belim-ey… O‘ldim-a! – deya ingradi O‘tagan buva og‘riq va alamning zo‘ridan kemshik tishlarini g‘ijirlatib. So‘ng loy ariqda u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilgan kuyi bir muddat uyalab yotdi. Amal-taqal qilib o‘rnidan turdi-yu, shu zahoti belini changallagancha egilib qoldi.
− Ha, tishing to‘kilgur, shumtuyoq, kasofat! – deya O‘tagan buva bisotidagi “tesha tegmagan” qarg‘ishlarni ipga tizilgan marjondek birma-bir qalashtirib tashladi. – Shuncha ziroatni sening go‘mmik qorningni qappaytirish uchun parvarishlab o‘tiribmanmi, tomog‘ingga do‘qqi chiqqur!.. Bu shaytondan o‘rchigan qo‘tir maxluq qachon yorilib o‘ladi-yu, men qutulaman?! O‘zining shumshukligi yetmaganday endi bolalariniyam ergashtirib kelibdi! Mushtdayligidan o‘g‘irlikka o‘rgangan bu uloqlardan ertaga nima kutasan!
O‘tagan buva so‘kina-so‘kina bog‘ oraladi. Bu yerdagi manzara juda ayanchli edi. Bahorda ekilgan nimjongina yo‘ng‘ichqa maysalari ustidan bir uyur yilqi galasi o‘tgandek yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Kechagina sug‘orilgan sabzi egati echki-uloqlarning tuyoqlari tagida beayov toptalgani yetmaganday, ularning qumalog‘iga to‘lib ketgan. Aftidan, Shoymirzaning shumshuk echkisi bolalari bilan bu yerda tun bo‘yi «bazm qurgan» ko‘rinadi.
− Bu zararkunanda meni butkul xonavayron qiladi! – deya zorlandi O‘tagan buva nadomat bilan bosh chayqab. Tokning tagida tuproqqa qorishib yotgan husayni g‘ujumlariga ko‘zi tushgach, sabr kosasi to‘lib ketdi. − To‘qol yalmog‘izni shu qo‘llarim bilan chavaqlab, ichak-chavag‘ini kal kallasiga salla qilib o‘ramasam, odam emasman!
* * *
Allaqachon tong otib, oftobning qizg‘ish nurlari dov-daraxtlarning uchini yorita boshlagan bo‘lsa-da, Shoymirzaning hovlisi hamon suv quygandek jim-jit edi. Qo‘shni hovlidan qornini qappaytirib chiqqan kal echki og‘ilxona oldida egiz uloqlari bilan bahuzur kavsh qaytarib yotardi.
Suvoqlari ko‘chib tushgan pastak devorga qordek qalashtirib qurilgan yog‘och darvoza malol kelgandek g‘ijirlab ochildi-da, O‘tagan buvaning qahrli chehrasi namoyon bo‘ldi. U yakkam-dukkam daraxtlar betartib o‘sgan, ekin-tikinsiz qaqrab yotgan hayhotday hovlini olazarak ko‘zdan kechirdi. Og‘ilxona oldidagi kal echkiga nigohi tushib, bir lahza qotib qoldi. O‘ljasiga tashlanishga hozirlik ko‘rayotgan arslon kabi uni diqqat bilan kuzata boshladi. So‘ng vajohatli qiyofada pichoq o‘qtalgancha ichkariga bostirib kirdi.
− O‘ldiraman sen shumg‘iyani! Tuxumingni quri¬taman!
Echkigayam jon shirin. Jonivor egiz uloqlarini ortidan ergashtirib boyagidan qolishmaydigan chaq¬qonlik bilan hovli aylanib qochishga tushdi. Shoymirzaning sokin hovlisi bir zumda to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi.
Oshxonada xamir mushtlayotgan Bibisora shovqinni eshitib derazadan tashqariga mo‘raladi-yu, bir muddat anqayib qoldi. Hartugul u hozir bu g‘aroyib quvlashmachoqni tomosha qilib o‘tirishning mavridi emasligini darhol tushundi. Xamir yuqi qo‘llarini etagiga ishqalagancha uy tomon yo‘rg‘aladi.
Odatda, ertalab Shoymirzaning uyqusi avj pardaga chiqardi. Bibisora erining oromi buzilishidan hadiksirab, tong yorishishi bilan deraza pardasini tushirib qo‘yardi. Shoymirza nimqorong‘i xona to‘ridagi qavat-qavat to‘shakda chalqancha yotgancha bahuzur xurrak otar, uch-to‘rtta ko‘zi o‘tkirroq pashsha ertalabki namak ilinjida uning karrakdek ochilib qolgan og‘zi atrofida uymalashardi.
Bibisora shoshib ichkariga kirdi-da, baxmal pardani lang ochib yubordi. Eshik-tuynugi berk bo‘lganidan havosi ancha buzilib, dimiqib qolgan xona zumda yorishib ketdi. Sopol hushtakning manqa jarangini eslatuvchi xurrak tovushi daf’atan uzilib qoldi. Shoymirza yumuq ko‘zlarini battar qisib, do‘rdoq lab¬larini cho‘chchaytirdi. O‘takasi yorilgan xirapashshalar g‘ung‘illab har tarafga uchib ketdi. Haytovur shu zahotiyoq hammasi joyiga tushdi − Shoymirzaning xurragi yana o‘z maromida davom etdi.
Bibisora qosh chimirib, erini turtkilashga tushdi:
− Hoy, tursin o‘rnidan! Tezroq tashqariga qarasin.
Shoymirza ko‘zlarini arang yirib, unga ma’nosiz tikilgancha:
− A?.. Nima deysan? Tong otdimi? – deya g‘o‘ldiradi.
− Hovlida Hamsoya buva echkimizni quvib yuribdi. Oqshom yana tomorqasiga oshganga o‘xshaydi.
− Ha… O‘tagan buva keldimi?
Go‘yo zulmat qo‘ynida “yilt” etgan chaqmoq shu zahoti so‘ngandek, Shoymirzaning yoshli ko‘zlari do‘mbiradek qovoqlari orasida g‘oyib bo‘ldi. U yon tomoniga ag‘darilib, uyqusini qolgan joyidan davom ettirdi.
− Voy tavba! Bu kishi bir uxlasa, quyrug‘ini kesib ketsayam bilmaydi-ya! – Bibisora erining to‘shakka suzma xaltadek osilib tushgan qornini qo‘sh qo‘llab qitiqlashga tushdi. – Ko‘zini ochsin deyman!
Shoymirza gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan sapchib o‘rnidan turdi.
− Tentak-pentak bo‘lganing yo‘qmi mobodo! – dedi u ko‘zlarini vahimali olaytirib. – Bu nima qiliq?!
− Hovlida Hamsoya buva echkimizni quvlab yuribdi! Ana, eshitmayaptimi?
Shoymirza garangsigan qiyofada tashqaridan kelayotgan baqir-chaqirga quloq tutdi. So‘ng noiloj o‘rnidan qo‘zg‘alib, kiyina boshladi.
− Tezroq bora qolsin, − deya shoshirdi Bibisora uni. – Hamsoya buvaning ajinasi qo‘ziganga o‘xshaydi. Qo‘lida oyboltaday pichoq! Tutib olsa, echkiniyam, bolalariniyam bo‘g‘izlashdan toymaydi.
− Bu cholning dastidan uyingdayam tinch yotolmaysan! – pishqirdi Shoymirza alam bilan. – Qariganda fe’li aynab qoldi. Boshqa ish qurib qolganday, qachon qarasang bizning echkini dikonglatib quvib yuradi.
Shoymirza ko‘zlarini uqalagancha tashqariladi. Echkining ketidan besamar yuguraverib o‘pkasi halqumiga qadalgan O‘tagan buva unga ko‘zi tushishi hamon tappa yerga o‘tirib oldi-da, hansirab nafas ola boshladi. Shoymirza hech narsaga tushunolmayotgandek ma’sum qiyofada bir echkiga, bir O‘tagan buvaga qaradi.
− Assalomu alaykum, Hamsoya buva, − dedi u xir¬qiroq tovushda.
Har nafas olganda butun gavdasi ko‘tarilib-tushayotgan O‘tagan buva alikni nasiya qilib, unga adovatli qarash qildi.
− Iya, biz bemahal qichqirgan xo‘rozga o‘xshab bu kishimning shiringina uyqusini buzibmiz-da! – dedi u kinoyadan ham ko‘ra ko‘proq qahr-g‘azab ufurib turgan ohangda.
− Ro‘zg‘or tashvishlari bilan bo‘lib oqshom kechroq yotgan edim, − dedi Shoymirza quyuq jun qoplagan xandalakdek qornini silab. – Shunga…
− Qorningni yop-e, betamiz! – O‘tagan buva peshonasini tirishtirdi. – Ro‘zg‘or tashvishlari emish! Bilamiz, har oqshom nima ish bilan shug‘ullanishingni!
Shoymirza xijolatli iljayib, shosha-pisha ko‘yla¬gining tugmalarini qadadi.
− Bu kishimlar choshgohgacha ko‘rpani sasitib yotsinlar. Biz shumshuk echkisini bog‘imizda o‘tlatib beraylik. Cho‘risimiz-da bu echkili boyning!
− Echkimizni oqshom bog‘lab qo‘yamiz, − dedi Shoymirza beparvo ohangda. – Bog‘ingizga boshqa birovning moli oshgan chiqar-ey…
− Ay, Rayim kalning sag‘iri! Indamasa, sen meni yolg‘onchiga chiqarishdan ham toymaysan! – deb pichoq tutgan qo‘llarini paxsa qilgancha o‘shqirdi O‘tagan buva. – Hozirgina bu egangni yegurni o‘zim tomorqadan quvib chiqardim-ku?
O‘tagan buvaning so‘zlarini ma’qullagandek bosh irg‘ab eshitgan Shoymirza bir chekkada bolalari bilan qunishib turgan kal echkiga xo‘mrayib qarab qo‘ydi.
− Endi, bu bir beaql hayvon-da, Hamsoya buva, − dedi salmoqli ohangda gapirishga tirishib. − Sizning bog‘ingiz o‘ziga begona ekanini qayerdan bilsin…
Shoymirzaning bu gapi O‘tagan buvaga chayon chaq¬qan¬dek ta’sir qildi.
− Sen bola, gap uqmaydigan merov ekansan. Endi o‘zingdan ko‘r!
Bir muddat nafas rostlab o‘ziga kelib olgan O‘tagan buva yana echki quvishga tushib ketdi. Tayinli yemish yemasdan bolalarini emizaverib, sho‘rlik kal echkining ham tinkasi qurigan edi. Shu bois u ham charchab qolib, oyoqlari mayishib-mayishib keta boshladi. Nihoyat, O‘tagan buva mushukdek chaqqon sakrab, uni ushlab oldi. Pichog‘ini tishiga qistirib, jon achchig‘ida bag‘illab tipirchilayotgan kal echkining oyoqlarini belbog‘i bilan juftlab bog‘lay boshladi.
− Hozir echkimizni so‘yib qo‘yadi! – chinqirdi derazadan mo‘ralab turgan Bibisora yig‘lagudek bo‘lib. – Tezroq ajratib olsin!
− Qo‘ying endi, Hamsoya buva, shu maxluq bilan teng bo‘lmang, − deya shoshib qolgan Shoymirza unga yopishdi.
− Yaqinlashma! – o‘shqirdi O‘tagan buva ilkis unga pichoq o‘qtalib. – Yo‘qsa, tirriq echkingga qo‘shib o‘zingniyam chavaqlayman!
Ko‘kragiga tiralgan o‘tkir tig‘li pichoqni ko‘rib, Shoymirzaning esxonasi chiqib ketdi. Jon holatda ortiga tisarildi.
− Esingizni yeb qo‘yibsiz! – dedi rangi bo‘zday oqarib. – Shu qoqsuyak echkinining qoniga tashna bo‘l¬sangiz, ana, bilganingizni qiling!
O‘tagan buva shu topda gap uqadigan ahvolda emasdi. U azza-bazza yenglarini shimarib, echkining bo‘g‘ziga pichoq tiradi. Shoymirza bunday ayanchli manzarani kuzatishga ortiq toqat qilolmay ko‘zlarini chirt yumdi. Kal echkining zorlanib ma’rashidan quloqlari qizib ketdi. Daf’atan yurakni ezuvchi bu mungli tovush uzilib qolib, o‘rnini allaqanday bo‘g‘iq pixillash egalladi. Shoymirzaning ichida bir narsa uzilib tushgandek, qorni bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Yumuq ko‘zlari oldida mitti-mitti rangli halqachalar o‘ynay boshladi. Beixtiyor xayolidan “kal echki necha kilo go‘sht qilarkin” degan fikr “yilt” etib o‘tdi.
Birdan shovqin-suron tinib, hovliga suv quygandek jimlik cho‘kdi. Shoymirza qo‘rqa-po‘sa ko‘zlarini ochganida O‘tagan buva dami chiqqan pufakdek yerda yalpayib o‘tirar, oyoqlari chirmab bog‘langan kal echki uning yonida uzala tushib yotardi.
− So‘yishga qo‘lim bormadi, − dedi O‘tagan buva qayg‘uli qiyofada. − Uloqlariga rahmim keldi…
Shoymirza O‘tagan buvaning qo‘lidagi pichoqdan ko‘z uzmay shosha-pisha echkining oyog‘ini yechdi. Ammo kal echki joni omon qolganiga ishonmagandek hamon sulayib yotardi. Shoymirza shoxsiz kallasiga o‘xshatib shapaloq tushirgandan keyingina o‘ziga kelib, mayshaygancha qochib qoldi. Bir chekkada qunishib turgan egiz uloqlar tumshug‘i bilan onasining yelinini sermab-sermab ema boshladi.
− Echkingning qiliqlariga chidab bo‘lmay qoldi, guppivoy, − dedi bu manzarani loqayd kuzatib o‘tirgan O‘tagan buva nochor qiyofada.
Shoymirza unga nima deb javob qilishni bilmay, oshxona tomonga qaradi. Echkining ajal changalidan qutulib qolganini ko‘rib ko‘ngli joyiga tushgan Bibisora tandirga o‘tin qalash harakatiga tushgan edi.
O‘tagan buva bilan Shoymirza ancha vaqt mum tishlagandek bir-biriga termulib o‘tirishdi.
− Kallamga bir fikr kelib qoldi, Hamsoya buva, − dedi Shoymirza birdan jonlanib. O‘tagan buva “sening qovoq kallangga qachon durustroq fikr kelgan o‘zi?” degandek unga kinoyali nigoh tashladi. – Echkini bozorga chiqarib sotsak, qanday bo‘larkin?
Bu gapni eshitib, O‘tagan buvaning qo‘lidan pichog‘i tushib ketay dedi. Shoymirzaning es-hushi joyidaligiga ishonch hosil qilmoqchidek, unga boshdan-oyoq sinchik¬lab razm soldi.
− Hazillashmayapsanmi? − deb so‘radi u quloqlariga ishonmay.
− Asli shumshuklik bu jonivorning qonida bor, − dedi Shoymirza o‘zining topqirligidan quvonib. – Uni bog‘lab boqib ham, qamab qo‘yib ham shashtidan qaytarolmaymiz. Birdan-bir chorasi – sotib qutulish!
− Ana endi kallang ishladi, guppivoy, – dedi O‘tagan buva daf’atan ipakdek muloyim tortib. – Chindanam bunday qadami egri echkining bahridan o‘tganing ma’qul. Buning puliga bir sidra ro‘zg‘oringning kam-ko‘stini butlab olasan.
− Yo‘q, Hamsoya buva, − e’tiroz bildirdi Shoymirza. – Bu o‘zi zotdor echki, har yili egiz tug‘adi. Sotsak, puliga uch-to‘rtta xashaki echki beradi…
− Bittasini eplolmagan banda, uch-to‘rttasini biting bilan boqasanmi? Yoki qo‘shaloq echkilaringni ham biz tomorqamizda o‘tlatib beramizmi?
− Shumshuklik qilmaydigan, insofliroq echkilardan tanlab olamiz-da.
− Bularning bari bir go‘r!
− Shundaymi-a? – Shoymirza o‘ylanib qoldi. – Unda bir chorasini toparmiz…
− Bo‘ladigan ishning tezroq bo‘lgani yaxshi, − dedi O‘tagan buva nasihatomuz ohangda. – Xo‘p desang, echkingni ertangi bozorda o‘zim sotib beraman.
O‘tagan buvaning dallollikdan ham xabari bor. Lekin, bu kasbning ortidan uch-to‘rt tanga ishlash ilinjida ertadan-kechgacha mol bozorida changga botib yurmaydi. Dallollik uning uchun shunchaki bir havasak. Tanish-bilishlarga jonliq oldi-sotdisida ko‘maklashishni yaxshi ko‘radi. Buning ustiga, shu choqqacha bozorda O‘tagan buva aralashgan ish chala qolmagan. Ko‘pchilik uni qo‘li yengil dallol deb ta’riflasa, ilkini tutqazib, narx talashgan kishi: “qo‘li temirdanam qattiq ekan” deydi aftini burishtirib…
− Shunday qilganingiz ma’qul, − dedi Shoymirza. − Jonliq savdosiga bizning tishimiz o‘tmaydi…
Shoymirza xotinining nigohi o‘ziga nashtardek qadalib turganini ko‘rib, tilini tishladi. Unga qarashga botinolmay, ko‘zlarini olib qochdi.
− Oqshom bu jonivorlarning qornini yaxshilab to‘ydir, − dedi er-xotin o‘rtasidagi achchiq karashmalardan bexabar O‘tagan buva kal echki bilan bolalariga mehr bilan tikilib. − Bozorda bo‘sh qopday shalvirab tursa, savdosi yurishmaydi.
− O‘tdan ko‘proq beramiz-da, − dedi Shoymirza bo‘shashib.
− Quruq o‘tning o‘zi yemish bo‘larmidi? – dedi O‘tagan buva zarda bilan. − Kechga yaqin bolalaringni biznikiga chiqar, ozroq arpa berdirib yuboraman.
− Mayli-mayli…
O‘tagan buva og‘ir jangda g‘olib chiqqan askardek shaxdam odimlab uyiga yo‘l oldi. Boyadan beri bazo‘r tilini tiyib turgan Bibisora shu zahoti diydiyosini boshlab yubordi.
− Qaynotam rahmatlidan tomday-tomday keladigan to‘rtta sigir qoluvdi, quyruqlari yer iskaydigan bir qo‘ra qo‘y qoluvdi, – dedi tandirdagi o‘tning taftidan qoshiqdekkina chehrasi qirmizi tusga kirgan Bibisora kuyinib. − Bu kishimlar hammasini birma-bir sotib yedi! Endi bitta tirriq echkiniyam quritsa, keyin og‘zini shamolga ochib yotadi.
− Shuncha mol-holni sotgan bo‘lsam, pulini kundoshingga berib kelibmanmi?! – dedi Shoymirza ham bo‘sh kelmaslikka tirishib. – Shu ro‘zg‘orning yirtiq-yamog‘iga ishlatgandirman!
− Bir joyda yolchitib ishlamagandan keyin ahvol shu-da! – dedi Bibisora kinoya bilan. – Tag‘in shu amaliga bozorda bir jonliq sotsa, yarim pulini kimlargadir yedirib-ichirmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi!
− Ming dod-voy qilganing bilan baribir echkini sotaman, – dedi Shoymirza e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda. – Bitta qari echkining dastidan otaqadrdon qo‘shnim bilan arra-tesha bo‘lib yotishni istamayman!
Shoymirzaga odamlar bekorga «guppi» deb laqab qo‘yishmagan. U shu choqqacha biron marta lafzidan qaytmagan. Bibisora ham erining fe’lini yaxshi biladi, shuning uchun u bilan ortiqcha tortishib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
− Echkimiz shumshuk bo‘lgani bilan suti mo‘l edi, − dedi u tandirda bo‘rqsiyotgan tutunning achchig‘idanmi yoki boshqa sabab tufaylimi ko‘zlarida yosh halqalanib. – Uloqlaridan ortganini sog‘ib, bolalarga ichirib turuvdim…
− Ayb o‘zingda, − dedi Shoymirza ham ung‘ay¬sizlanib. – Oqshom yaxshilab bog‘lab qo‘yganingda hech gap yo‘q edi.
Bibisora indamay oshxonaga kirib ketdi.
* * *
Shoymirza kal echkini sotishga jazm qilgan bo‘lsa-da, undan ko‘ngil uzishi qiyin kechishini bilmagan ekan. O‘tagan buva ketgach, bundoq do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘rdi-yu, og‘zidan chiqib ketgan gapiga pushaymon bo‘ldi. Sirtida xotiniga sir boy bermasa-da, kechgacha ichidan ichqirindi o‘tib yurdi. Rahmatli otasi bir paytlar buning onasining onasining onasinimi-ey, ishqilib, mushtday uloqligida Qo‘ziboy cho‘pondan bir arava yantoqning puliga sotib olgan edi. O‘shandan beri ular o‘zidan urchib-ko‘payib kelar, bu xonadondan kal echkining urug‘i arigani yo‘q edi. O‘ziyam jonivorlar nuqul egiz tug‘ardi. Xullas, O‘tagan buvaning kasriga u otameros echkisidan ajraladigan bo‘ldi.
Shoymirza g‘amgin o‘y-xayollarga berilib, ancha vaqt kal echki bilan bolalarining beda kavshashini tomosha qilib o‘tirdi.
− Shunday qilib, ertaga seniyam bozorga chiqaramiz, jonivor, − dedi u echkining ko‘ziga qarashdan uyalayotgandek oxurdagi yemishga tikilib. − Mendan domongir bo‘lma. Noilojman. O‘tagan cholning dastidan o‘z uyingdayam echki asrab bo‘lmay qoldi! Senam boshqa joy qurib qolganday, hadeb shuning tomorqasiga oshaverding. Bu xasis chol boshqalardan bitta quruq cho‘pniyam qizg‘anadi!..
Shu payt Bibisora qo‘raga tog‘orada arpa ko‘tarib kirdi.
− Hamsoya buva berdirib yuboribdi, − dedi u erining oldiga tog‘orani to‘qqillatib qo‘ya turib.
Shoymirza tog‘oradagi arpani chamalab, norozi qiyofada bosh chayqadi.
− Shuniyam kam beribdi-ya, noinsof… Shu bir hovuchgina arpani yegani bilan buning kallasiga shox bitib qolarmidi? Ichkariga kiritib qo‘y, kerak bo‘lib qolar.
* * *
Oqshom O‘tagan buva shosha-pisha xufton namoziga “yumalab” oldi-da, yumshoqqina to‘shakka cho‘zildi.
− Senam ivirsib o‘tirmay, tezroq yot, − dedi urchuq yigirish taraddudiga tushgan kampiriga. – Hali yarim oqshom meni uyg‘otishing kerak.
− Bu kishi o‘zi qushuyqu odam bo‘lsa, tonggacha tenkayib qotib qolmas, − dedi Chuchuk momo bilagidagi tuynaklangan echki qilini urchuq bilan chiyrata turib.
− Aytib bo‘ladimi? Mobodo, ikkovimiz ham uxlab qolsak, Guppining kal boshli ajinasidan qutulolmaymiz. Hali unisi qurg‘ur xotinining gapiga kirib, ertalabgacha aynab qolmasa deb qo‘rqib turibman.
Odatda, O‘tagan buva bir narsaga alag‘da bo‘lsa, ming vaqtli yotgani bilan ko‘ziga uyqu kelmasdi. Bu gal ham allamahalgacha burga talagandek to‘shakda bedor to‘lg‘onib yotdi. Go‘yo kimdir miyasiga qo‘rg‘oshindan quyib qo‘ygandek, kal echkining turqi-tarovati sira ko‘z o‘ngidan ketmasdi.
Nihoyat, tun yarmidan oqqanda uning ko‘zi ilindi. Biroq uyqusida ham tinch yotolmadi…
O‘tagan buva bundoq ko‘zini ochsa, allaqachon tong yorishib ketibdi. G‘aflat bosib, bozorga kech qolibmiz-ku, deya shosha-pisha kiyinib, tashqariga oshiqdi. Ammo yomg‘irdan keyin bodrab chiqqan qo‘ziqoridek hovlisini bosib ketgan echki-uloqlarga duch kelib, yuragi tovoniga tushib ketdi. Barg kemirayotgan ipak qurti singari ekin-tikinlarga chirmashgan ochko‘z maxluqlar qo‘lda yasab qo‘ygandek Shoymirzaning echki-uloqlariga o‘xshardi. Kechagina bo‘yi yetgan qizdek istig‘no qilib turgan tomorqasi allaqachon taqir sahroga aylangan edi.
– Voy-dod!..
O‘tagan buva o‘z faryodidan o‘zi cho‘chib uyg‘ondi. Karaxt ahvolda o‘ngu-so‘lga alangladi, go‘yoki kal echki bilan bolalarini qidirdi. Hali tong otmabdi. Piligi pasaytirib qo‘yilgan chiroq uy ichini g‘ira-shira yoritar, derazadan zim-ziyo qorong‘ilik mo‘ralab turardi. O‘tagan buva shunchaki tush ko‘rganligini anglagach, yelkasidan tog‘ ag‘darilganday yengil tin oldi. G‘o‘ldiragancha kalima qaytarib, ko‘ksiga tufladi.
− Nima gap? – dedi poygakdagi o‘rinda mushtdaygina bo‘lib yotgan Chuchuk momo yostiqdan bosh ko‘tarib. – Uyqusida bosinqiradimi?
− Yomon tush ko‘rdim, kampir, – dedi O‘tagan buva bosh chayqab. – Tushimda tomorqamizga shayton oralagan emish!
− Qanaqa shayton? – dedi Chuchuk momo angrayib.
− Shoymirzaning kal boshli shaytoni!
− E, vahimasi qursin. Uyqusidayam shu echkini o‘ylab yotibdimi? O‘ng yelkasini bosib yotsin, toshday qotib uxlaydi. Xo‘roz chaqirishi bilan o‘zim uyg‘otaman.
− Bunday tushdan so‘ng uyqu kelarmidi? – deya O‘tagan buva o‘rnidan turib kiyina boshladi. – Shu qo‘tir echkidan qutulmaguncha ko‘nglim tinchimaydi.
* * *
Shu kuni do‘ngqishloqlik Shodiqul ham tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Ammo Shodiqul birodarimizni xayrli tashvishlar bezovta qilmoqda edi. U peshona teri evaziga jamg‘argan ozgina puliga bozordan jonliq sotib olmoqqa qasd etgan edi.
Shodiqul esini taniganidan beri daladan beri kelmaydi. Shu bois dehqonchilikning obdon hadisini olgan. Lekin kuymas kosovdek egat oralab yuraverib, zamonaning zayli o‘zgarganini sezmay qolibdi. Bundoq atrofiga qarasa, avvalgi birgatlar tugab, yerlar fermerlar o‘rtasida bo‘linib ketibdi. Ajabki, fermer deganlarining ko‘pchiligi ilgari dehqonchilikning ko‘chasidan ham o‘tmagan sersavlat, serdavlat kimsalar ekan. Ularning o‘zi ishlamaydi, o‘zgalarni ishlatadi, degan gapni eshitgach, Shodiqul mushkul jumboqning mag‘zini chaqqan donishmand kabi xotirjam tortdi.
Shundan so‘ng Shodiqul xo‘jalik garajidagi sotuvga qo‘yilgan traktor kabi fermerlar orasida talash bo‘lib ketdi. Kunda-kunora birovi “mening qo‘limda ishla”, deb eshik qoqib keladi. Lekin ish haqiga kelganda hech biridan tayinli gap chiqmaydi. Qaysi biri “egatdan chiqqan o‘t seniki” desa, yana biri kuzda bir-ikki telejka g‘o‘zapoya berishni va’da qiladi. Ma’lumki, egatdan chiqqan o‘t-o‘lan molga yemish bo‘ladi, odamga emas. Qolaversa, qishda qorning och bo‘lsa, g‘o‘zapoyaning cho‘g‘i bozillab turgan sandalda o‘tirib ham sovqotishing mumkin. Shodiqul buni yaxshi bilardi, shuning uchun ham ularga “qani, bir o‘ylashib ko‘raylik-chi” deya mujmal javob qilishdan nari o‘tmadi. Biroq Salim rais vallomat ekan, u dalasining adog‘idagi partov suv to‘planadigan soylikdan bir-ikki tanob yer ajratib berish sharti bilan Shodiqulni o‘zining fermer xo‘jaligida ishlashga ko‘ndirdi.
Shodiqul qish chiqib ulgurmasdan Salim raisning dalasida ariq tozalashga tushib ketdi. Kunlar isiy boshlagach, ishdan bo‘sh paytlarida chekiga tushgan joyga ertachi piyoz ekdi. U g‘o‘za sug‘orilib, soylik oqova suvga to‘lguncha hosilini yig‘ishtirib olishni mo‘ljallagan edi. Lekin necha yillardan beri suv yig‘ilaverib, sopolday qotib ketgan maydonni epaqaga keltirguncha o‘ziyam ona suti og‘zidan keldi. Nima bo‘lganda ham bo‘sh kelmadi. Qattiq yerni cho‘kich bilan yumshatayotib, bir paytlar otasi rahmatli aytib bergan ko‘hna rivoyatni esga oldi.
Qadimda qaysidir qishloqning adoq tarafida bir parcha unumdor maydon bo‘lgan ekan. U yerda bahor tugul, saratonning chillasida ham o‘t-o‘lanlar tizza bo‘yi o‘sib yotarkan. Shu qishloqda yashaydigan avliyosifat eshon boboning to‘y-ma’rakalarga minib yuradigan oti doim arqonini uzib, o‘sha yerga qochib borib o‘tlarkan. Bunday ovoragarchiliklardan bezor bo‘lgan eshon bobo bir kuni achchiq ustida unumdor yerni duoibad qilibdilar:
− Iloyo, shu bir parcha yer giyoh bitmaydigan qaqroq biyobonga aylansinu, men bechorayam otimning orqasidan quvib yurish azobidan xalos bo‘lay!
Karomatgo‘y odamlarning dami toshni yorarmish. Tez orada hosildor zamindagi o‘t-o‘lanlar qurib-qovjirab, metindek qotib yotgan taqir sahroga aylanibdi. Shundan so‘ng eshon bobo ham otini qochirib yurish zahmatidan xalos bo‘libdilar. Qarg‘ish tekkan yer esa ancha vaqtgacha kimsasiz huvillab yotibdi.
Ittifoqo, kunlardan birida u yerda ketmon ko‘targan dehqon yigit paydo bo‘libdi. U qarg‘ish tekkan yerni obdon ko‘zdan kechiribdi-da, so‘ng shaxt bilan yerga ketmon uribdi. Shu payt xudoning qudrati bilan unumsiz zamin tilga kiribdi:
− Men falon eshonning qarg‘ishiga uchraganman, ming uringaning bilan bag‘rimda giyoh ko‘kartirolmaysan.
Dehqon yigit kulib qo‘yib, ishini davom ettiribdi. U dastlab qotib ketgan yerni obdon yumshatib, o‘g‘it solibdi. Daryodan ariq tortib kelib, sug‘oribdi. Keyin jo‘yak tortib, yerga urug‘ qadabdi. Mo‘jizani qarangki, qarg‘ish tekkan yerga qaytadan jon kirib, mo‘l-maroq hosil berganini o‘zi ham sezmay qolibdi. Dehqon yigit ko‘chat ekib, ko‘rkamgina bog‘ ham yaratibdi.
Kunlardan birida shu tomonlarga yo‘li tushgan eshon bobomiz bu manzarani ko‘rib, hayratdan lol bo‘lib qolibdilar. Shunda yerga qaytadan zabon bitib, eshon boboga bo‘lgan voqeani so‘zlab beribdi.
− Dehqonning mehnati oldida bizning duoibadimiz nima bo‘pti? – deb eshon bobo bosh chayqagancha yo‘lida davom etibdilar…
Shodiqul ham bo‘sh kelishni istamadi. Cho‘kichu ketmon bilan yer qirtishlab, sal-pal epaqaga keltirdi. Hosili ham shunga yarasha bo‘ldi. O‘tgan kuni soylikdan besh-o‘n qop piyoz kovlab oldi. Shuncha bo‘ldi – xo‘ja bo‘ldi deb boriga shukr qildi. Biroq piyozning daragini eshitib, dalaning boshiga yetib borgan Ochil savdogar har biri tovuqning tuxumidek keladigan piyozlarni ko‘zdan kechirib, taassuf bilan bosh chayqadi.
− Buni bozorga chiqarishgayam uyaladi odam, − dedi u. – Maslahatim, bundan keyin qo‘lingdan keladigan ishni qil, oshna.
Shodiqul yalina-yalina Ochil savdogarga piyozni arzon-garovga berib yubordi. Oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab uyiga kirib keldi-da, bir siqimgina pulni xotini Musallamga uzatdi.
− Shuncha o‘lib-tirilib ishlab, topganim shu bo‘ldi! – dedi u ayb ish qilib qo‘ygandek xotinining ko‘ziga qarashga botinolmay. – Piyozning pulidan umidim katta edi…
Musallam mung‘ayib turgan eriga zimdan razm solib, unga rahmi keldi.
− Shungayam xafa bo‘ladimi? – dedi jilmayib. – Oz bo‘lsayam, barakasini bersin. Bu pulga bozordan bir-ikkita jonliq sotib olsa, o‘zidan ko‘payib, bir-ikki yilda bir suruv mol bo‘ladi.
Shodiqul bu gapdan yosh boladay quvonib ketdi.
− Gaping chin, xotin, − dedi saraton oftobida qoraygan chehrasi yorishib. – Shu narsa xayolimga kelmaganini qara-ya!
Shodiqul oqshom o‘zicha har xil rejalar tuzib chiqdi. Eng avval hovlining chekkasidan kattagina qo‘ra tiklaydi. So‘ng bitta jonliqni ikkita, ikkitasini to‘rtta qiladi. Qarabsizki, tez orada qishloqda undan boy odam bo‘lmaydi! Axir, barakaning hammasi chorvada…
Bunday shirin o‘y-xayollardan so‘ng ko‘zga uyqu kelarmidi? Shodiqul tong bo‘zarishini ham kutib o‘tirmay, bozorga otlandi.
− Jonliq olayotganda yaxshilab qarasin, − dedi Musallam belbog‘ning orasiga joylangan pulni unga uzata turib. – Tag‘in adashib, qari yoki kasal molni yetaklab kelmasin.
− Oldi-sotdiga yo‘qroqmiz-da, − dedi pul solingan belbog‘ni beliga bog‘layotgan Shodiqul xijolatli jilmayib. – Lekin puxtaroq bo‘lishga harakat qilamiz.
− Bitta-yarim tanish dallol uchrab qolsa, iltimos qilsin.
− Mayli-mayli. Aytganday, bozordan nima olay?
− Sigir olsa yaxshimi, deyman…
− Pulimiz sigirga yetmas-ov, – dedi Shodiqul umidsizlanib.
− Unda bozorning qosh-qovog‘iga qarab ish tuta qolsin.
− Ha, mayli, bizgayam nasib qilgani bordir.
Shodiqul qanot bog‘lab uchgudek bozorga jo‘nadi.
* * *
Tor katakda dimiqib ketgan baboq cho‘zib-cho‘zib qichqira boshlagan mahalda Shoymirza egiz uloqlardan birini hovli aylantirib quvib yurardi. Kal echkining bo‘ynidan o‘tkazilgan arqonni mahkam changallagancha eshak ustida qo‘qqayib o‘tirgan O‘tagan buva bu manzarani betoqat kuzatardi. Xurjunning bir ko‘zidan boshi chiqib turgan ikkinchi uloqchaning jon achchig‘ida zorlanib ma’rashi hovlini tutib ketgan.
− Ha, tuyog‘ing ko‘chgur, − dedi harsillab nafas olayotgan Shoymirza alam bilan. – Ortidan bo‘ri quvlaganday buncha dikonglab qochmasa! Chigi-chigi…
− Mushtday uloqni tutolmasang, battar bo‘l!
− Menam nima qilay? Tutqich bermayapti-da, o‘z boshingni yegur, − deya zorlandi Shoymirza.
− Shunday cho‘malanib o‘tiraversang, bozordan kech qolamiz, − dedi O‘tagan buva yulduzlar charaqlab turgan osmonga xavotir bilan tikilib. – Hademay tong otadi!
Nihoyat, Shoymirza bir amallab uloqchani tutib oldi.
− Ushladim! – dedi u yosh boladay quvonib. – Uloqning qochgani – xurjungacha!
Shoymirza uloqchaning quloqlariga beozor shapatilab, uni xurjunning narigi ko‘ziga joyladi. Shu payt Bibisora oshxonadan chelak ko‘tarib chiqdi.
− Shoshmay tursin, echkimizni oxirgi marta sog‘ib qolay.
− Sog‘a qol, − dedi Shoymirza kal echkining arqonidan tutib. − Ertalab bolalarga pishirib berarsan.
O‘tagan buva bu gapni eshitib, achchiq qalampir chaynab olganday aftini burishtirdi.
− Obbo! Shu tirriq echkining bir qoshiq sutini ichgan bilan bolalaringga jir bitib qolarmidi!
− Qisilmang, Hamsoya buva, bozorga bemalol ulguramiz, − dedi Shoymirza pinagini buzmay. – Jonivor bolalaridan orttirib, har kuni chorak satil sut beradi.
Bibisora chaqqonlik bilan echki sog‘ishga tushdi.
− Bu sho‘rtumshuqning uloqlari nimaga igna yutgan toziday hech o‘zgarmaydi desam, gap bu yoqda ekan-da, − dedi O‘tagan buva taassuf bilan bosh chayqab
− Echkining qatig‘i juda porimli bo‘ladi, − dedi Shoymirza O‘tagan buvaning kinoyasiga e’tibor bermay. – Ertalab bir kosaginasini simirib olsangiz, kun bo‘yi to‘q tutadi.
Bibisora echkini sog‘ib bo‘lib, o‘rnidan turdi.
− Satil yarim ham bo‘lmabdi-ku? – dedi Shoymirza chelakni ko‘zdan kechirib.
− Uloqlarigayam qolsin dedim-da. Bu bechoralarga bozorda birov yemish tayyorlab qo‘yibdimi?
− Haqing qolib ketayotgan bo‘lsa, echkingni o‘zing emib qo‘yaqol! – dedi O‘tagan buva istehzo bilan. So‘ng shosha-pisha eshagiga xala bosdi. Kal echki xurjunning ikki ko‘zida tinimsiz zorlanib ma’rayotgan egiz uloqlari ketidan ergashdi.
− Echkini sotsa, o‘rniga bironta tuzukroq qo‘y olsin…
Shoymirza daf’atan xotiniga o‘shqirib berdi:
− Echkining puliga qo‘y emas, buzoqli sigir olaman! Endi ko‘ngling joyiga tushdimi?
Bibisora indamay ortiga burilib ketdi.
O‘tagan buva bilan Shoymirza tong g‘ira-shirasida bozorga yetib borishdi. Xolisroqda joylashgan mol bozorining pastak darvozasi oldida mol-qo‘y, echki-uloq, ot-eshak yetaklagan odamlar qator tizilib turishar, egnidagi beo‘xshov choponining belini chilvir bilan bog‘lab olgan baqaloq va gavdasiga yarashmagan tarzda ancha po‘rim kiyingan qiltiriq kishi ulardan patta puli undirishmoqda edi.
O‘tagan buva shu atrofda yotgan mushtday tosh bilan eshagining qozig‘ini yerga qoqib, Shoymirzadan echkining arqonini oldi.
− Sen xurjunni yelkangga teskari ko‘tarib ol, − dedi u pattachilarga qarab. − Ichida uloq borligi bilinmasin.
− Nimaga? – deya so‘radi hech narsaga tushunmagan Shoymirza ham pattachilar tomonga xavotirli tikilib.
− Anavilarning ko‘zini shamg‘alat qilmasak, shu marra uloqlargayam patta puli olishadi.
− Xo‘p-xo‘p, − deb Shoymirza ikki ko‘ziga egiz uloqlar joylangan xurjunni yelkasiga teskari ko‘tarib oldi. Bezovtalangan uloqchalar bo‘g‘iq tovushda ma’rashga tushdi. Shoymirza xurjunning ustidan uloqchalarni silab-siypalay boshladi. – Ozgina chidanglar, takavoylar. Bozorga eson-omon kirib olaylik, keyin tomog‘ingiz yirtilguncha ma’rasangiz ham mayli.
− Harom qotgurlarning tezroq chakagini o‘chir! – dedi kal echkini sudrab ketayotgan O‘tagan buva asabiylashib.
− Bular bir hayvon bo‘lsa, qanday gap uqtiraman? − dedi Shoymirza chorasiz qiyofada.
Ma’rayverib ovozi bo‘g‘ilib qolgan uloqchalar birozdan so‘ng tinchib qoldi. Bu orada ular pattachilarga ro‘para kelib qolishgan edi.
− Yuz so‘m!
Qiltiriq kal echkiga jirkangandek ko‘z qiri bilan qarab qo‘yib, O‘tagan buvaning qo‘liga patta tutqazdi.
− Insofing bormi?! – dedi O‘tagan buva jig‘ibiyron bo‘lib. – Ko‘zingni kattaroq ochib qara, men bozorga novvos emas, qari echki solayapman! Shunga yuz so‘m olasanmi?
− Ekologiya solig‘iyam ichida, − deya to‘ng‘illadi Qiltiriq ham bo‘sh kelmay. – Yoqmasa, ana, katta ko‘cha!
− Shular bilan tortishib, martabaga minarmidingiz? – dedi Shoymirzaning orqasidagi eshak yetaklagan kishi. – Bular qadalgan joyidan qon olmay qo‘ymaydi. Aytganini bering-da, tezroq qimirlang!
− Senlarga xudo bas kelmasa, bandasining bas kelishi qiyin, − O‘tagan buva zarda bilan qiltiriq pattachining qo‘liga pul tutqazdi-da, o‘zicha ming‘irladi: – Teshib chiqsin, iloyim…
Qiltiriq pattachi sha’niga aytiladigan bu kabi nordongina gap-so‘zlarga o‘rganib ketgan edi. Shu bois pinagini ham buzmay, O‘tagan buva uzatgan pulni cho‘ntagiga joyladi-da, yo‘lni bo‘shatdi. Uning ortidan xurjun orqalab kelayotgan Shoymirza go‘yoki qil ko‘prikdan o‘tayotgandek, qo‘rquv va hayajondan terlab ketgan edi. Shu topda bozorning g‘ala-g‘ovuri ham uning qulog‘iga kirmas, ko‘ksida allanarsa tuzoqqa tushib qolgan kaptar kabi tinimsiz potirlardi.
Qiltiriq pattachi unga qarashni ham o‘ziga ep ko‘rmay, orqadagi eshak yetaklagan odamga yuzlandi. Shoymirza endigina darvozadan ichkariga kiray deganida baqaloq pattachi muloyim jilmaygancha uning yo‘lini to‘sdi.
− Assalomu alaykum, akajon, − dedi egnidagi yag‘ir choponidan tezak hidi anqib turgan baqaloq ayollarnikidek muloyim ohangda. − Xurjuningizda nima bor?
Bunday kutilmagan harakatdan o‘takasi yorilgan Shoymirza jon holatda ortiga tisarilib, eshak yetak¬lagan kishiga taqalib qoldi. Bezovtalangan uloqlar yana g‘ayrat bilan ma’rashga tushib ketdi. Yoqimli jilmayib turgan baqaloq ilkis uning yelkasidan xurjunni tortib oldi.
− Voy, manavi uloqcha buncha chiroyli, – dedi u xurjunni ochib ko‘rayotib. – Ie, egiz ekan!
Shoymirzaning qulog‘i tagida Qiltiriqning guldirak ovozi yangradi:
− Yuz so‘m!
Shoymirza garangsigan qiyofada, pattachi qo‘liga tutqazgan shapaloqdek chiptaga tikilib qoldi.
* * *
Shodiqul dastlab bozordagi narx-navoni o‘rga¬nishga qaror qildi. Shu niyatda qo‘llarini orqasiga chalishtirib, ming qo‘yli boylar kabi viqorli qiyofada mol bozoriga kirib bordi. U o‘ngu so‘lga shox sermab, tuyog‘i bilan yer kovlayotgan bahaybat novvoslarning daf’atan suzib qolishidan qo‘rqib, yurak hovuchlagancha ehtiyotkorlik bilan ilgarilardi. Bir chekkada buzoqli sigir ushlab turgan bolakayga ko‘zi tushib, o‘sha tomonga yurdi. Erinchoqlik bilan kavsh qaytarayotgan ola sigirning tevaragida parvona bo‘lib, uni sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Tumshug‘ini yirib, tishini ham ko‘rmoqchi edi-yu, ammo jonivor sira kuch bermadi. Shodiqul noiloj uning qovurg‘alarini siladi. Hatto, tirsillab turgan yelinini kaftiga bir-ikki marta sog‘ib, sutini yalab ko‘rdi. Suti serqaymoq ekan, degan o‘y kechdi xayolidan. Sigirdan ko‘ngli to‘lib, mamnun qiyofada bosh chayqadi. So‘ng o‘zining harakatlarini qiziqish bilan kuzatib turgan bolakayga yuzlandi.
− Sigirning narxi qancha bo‘ldi, jiyan?
− Arzi bozor, tog‘ajon, − deya javob berdi bolakay ham biyron tilda.
− Iya, ko‘zingdan-ey, − deya zavqlanib kuldi Shodiqul. – Arzi bozor, degin… Xo‘sh, didingdagi narxni ayt-chi?
− Ikki yuz ming!
Shodiqul qarshisida paydo bo‘lib qolgan qop-qora davangirday kishini ko‘rib, suvga tushgan mushukdek shalvirab qoldi. Ortiq bir so‘z deyishga holi kelmay, yelkasini qisgancha bu yerdan jo‘nab qoldi.
Sigir sotib olishga qurbi yetmasligiga ishonch hosil qilgan Shodiqul noiloj ushoq mollar bozoriga o‘tdi. Son-sanoqsiz qo‘y-echkilar bir-biriga matashtirib bog‘lab qo‘yilgan, oluvchilar bilan sotuvchilar o‘zaro talashib-tortishib savdolashayotgan bozorda turtinib-surtinib ancha vaqt bemaqsad oralab yurdi. Tasodifan chog‘roq buqaday keladigan shoxdor qo‘chqor savdosi ustidan chiqib qolib, uni qiziqish bilan kuzata boshladi.
− Ellik ming!.. Yomon narx bo‘lmadi, uka. Barakasini ber endi! – derdi shoxdor qo‘chqor egasining qo‘lini zo‘r berib siltayotgan dallol chol kuyib-pishib.
Qo‘chqor egasi qosh chimirgancha mo‘m tishlab turardi.
Shodiqul quloqlariga ishonmagandek, bir dallol cholga, bir sotuvchiga qaradi. Shoxdor qo‘chqorni obdon kuzatdi. So‘ng so‘ljaygan kuyi bu yerdan ham uzoqlashdi.
Bo‘ron qo‘pgan dengizdek behalovat guvillab yotgan mol bozorining xoliroq chekkasida egiz uloqli echki ushlagan pachaqqina yigit o‘tgan-ketganga umidvor termulardi. Aksiga olib, hech kim uning jonlig‘iga qiyo boqmasdi. Yigit o‘zi tomon kelayotgan Shodiqulga umid bilan ko‘z tikdi. Ammo u ham kal echkini nazariga ilmaganday, yonidan beparvo o‘tib ketdi.
* * *
«Bozorda savdo soqol siypaguncha» deb bekorga aytishmagan. Tong yorishib, quyosh ko‘kka o‘rlagani sari mol bozori ham asta siyraklasha boshladi. Ammo Shoymirzaning kal echkisiga tayinli xaridor chiqmadi.
− Nimaga bizning echkiga birov burilib qara¬maydi? − dedi toqati toq bo‘lgan Shoymirza umidsizlanib. – Yoki echkimizning biron aybi bormi?..
− Sabr qil, guppivoy, − dedi uning yonida g‘uddayib turgan O‘tagan buva pinagini buzmay. − Zotdor maxluqingning ham egasi chiqib qolar.
− Buni birov olishiga ko‘zim yetmayapti. Yoki uyga qaytarib ketsakmikin? – Shoymirza O‘tagan buvaning o‘ziga o‘qrayib qarab turganini ko‘rib, zorlanishga tushdi. − Sotsangiz, tezroq soting-da! Qachongacha bu yerda ko‘zga chiqqan so‘galday qaqqayib o‘tiramiz?..
Shoymirzaning gapi chala qoldi. Chunki bu paytda Shodiqul uning kal echkisini ko‘zdan kechira boshlagan edi. Shoymirza hushyor tortib, O‘tagan buvaga qaradi. U esa bir hatlab Shodiqulning qarshisida paydo bo‘ldi.
− Keling, uka, shu zotdor echkini olib keting, − dedi O‘tagan buva ipakdek muloyim tortib. – O‘zim o‘rtaga tushib, narxini kelishtirib beraman.
− Iya, bu jonivor echkimi? – deya so‘radi cholning gap ohangidan dadillashgan Shodiqul soxta ajablanish bilan. – Boyadan beri nimaligini bilolmay boshim qotib turuvdi. Gijinglab turishiga qarab, tulpor deyin desam, yoli yo‘q, ho‘kiz desam, shoxi yo‘q… Demak, echki ekan-da?
− Echki-echki, − O‘tagan buva ham uning haziliga rag‘bat bildirib iljaydi. – Lekin uncha-muncha qo‘ydan ziyod.
Shodiqul ko‘zi o‘tkir sinchi kabi kal echkining goh u yog‘idan o‘tib qaradi, goh bu yog‘idan o‘tib qaradi, azza-bazza shalpang quloqlarini tortib ham ko‘rdi.
− Men yoshi yetmishdan oshib, besh vaqt namozni kanda qilmaydigan kayvoni odamman, bolam, − dedi O‘tagan buva kal echkiga tikilgancha ikkilanib turib qolgan Shodiqulning ilkidan tutib. − Sizga to‘g‘risini aytaman. Bunisi qurg‘ur juda aqlli jonivor. Boshqa echkilarga o‘xshab birovlarning tomorqasiga oshmaydi. Bergan yemishingizga qanoat qilib, mayda kavshab yotaveradi. Ishonmasangiz, qo‘shningizning tomorqasiga qo‘yib yuboring, tumshug‘ini yerga cho‘zsa, oldimga kelasiz!
− Yo‘g‘-ey!..
− Qush uyasida ko‘rganini qiladi deganlaridek, buning uloqlariyam shunga o‘rgangan. Qo‘ni-qo‘shnilar ham bu jonliqning fahm-farosatiga tan berishgan. Asli, sotmoqchi emasdig-u, lekin noiloj…
− Yaxshi-yaxshi, − dedi Shodiqul cholning uzuq-yuluq maqtovlaridan bezor bo‘lib. – Bu odobli echkingiz birorta baxti chopgan odamga nasib etib qolar. Lekin bizning didimizga o‘tirmadi. Qo‘limni qo‘ying.
− Shunday echkining nimasi yoqmaydi?! – dedi O‘tagan buva asabiylashib. – Bozorni kunduzi chiroq yoqib axtarsangiz ham bundan yaxshisini topolmaysiz.
− Yaxshisini topolmasak, yana oldingizga kelarmiz, − dedi Shodiqul qo‘lini O‘tagan buvaning changalidan tortib olishga o‘rinib.
− Siz kelguningizcha qarab o‘tiramizmi? Sotamiz-qo‘yamiz-da!
− Sotsangiz, barakasini bersin! Qo‘limni bo‘shating.
− Tavba, shunday echkining nimasi yoqmaydi bu odamga, − dedi O‘tagan buva uning qo‘lini qo‘yib yuborishni xayoliga ham keltirmay.
− Echkingiz kal ekan! – dedi Shodiqul bahona topganidan quvonib. – Menga shoxdor echki kerak.
− Obbo, siz molning farqiga bormas ekansiz. Axir, kal echki aqlli keladi…
− Echkining aqlini pishirib yeymanmi?!. Bu donishmand maxluqingiz o‘zingizga buyursin. Boyadan beri qo‘limni siqaverib, ezib yuboray deyapsiz. Bas qiling!
− Bu bola ota-onasiz, g‘irt yetimcha, − dedi O‘tagan buva Shoymirzaga imo qilib. – Shuning jonlig‘ini oling, savobga qolasiz. Sag‘irning moli barakali bo‘ladi, ukajon.
− Men bozorga savob sotib olish uchun kelganim yo‘q, − dedi Shodiqul aftini burishtirib. – Qo‘limni bo‘shating…
− Xo‘p, didingizdagi narxingizni ayting, − dedi O‘tagan buva. – Savdomiz bitmasa, yo‘lingizda ketaverasiz.
Bu mashmashalar joniga tekkan Shodiqul nima qilishni bilmay, bir zum o‘ylanib qoldi. Echkini yana bir bor ko‘zdan kechirdi. So‘ng mug‘ombirona iljaygancha O‘tagan buvaga ko‘rsatkich va o‘rta barmog‘ini yozib ko‘rsatdi.
− Ikkita?.. Bo‘lmaydi! – dedi Shoymirza xuddi birov tortib oladigandek echkining arqonini mahkam tutamlab.
− Ana, ana! Savdomiz bitmadi! – dedi Shodiqul quvonib. – Endi qo‘limni qo‘yib yuboring.
Ammo O‘tagan buva bunday qulay fursatni boy beradigan anoyilardan emasdi.
− E, qiziq odam ekansiz. − deb u bor kuchi bilan Shodiqulning qo‘lini siltashga tushdi. – Bu pulga echkining bitta bolasiniyam bermaydi-ku? So‘rasangiz, insof bilan so‘rang-da.
− Nima, shu qo‘tir echkingizni menga zo‘rlab sotasizmi?! Olmayman dedimmi, olmayman…
− Ko‘rinishingizdan yaxshi odamga o‘xshaysiz. Mayli, sizga o‘n qog‘ozga beraman, − dedi O‘tagan buva. − Bor baraka…
Shodiqul bu gapdan so‘ng ikkilanib qoldi. U sahar-mardondan beri bozor oralayverib, bu yerning narx-navosini besh qo‘ldek bilib olgan edi. Jonliq deganlari juda qimmat ekan. Ho‘kiz tugul, qo‘y-qo‘zining ham yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi. Chamalab ko‘rsa, kissasidagi puliga shu echkidan boshqa jonliq bermas ekan. Qolaversa, dallol ham insof bilan so‘rayapti. Biroz savdolashsa, echkining narxini yanayam tushirish mumkin. Shunda piyozning pulidan uch-to‘rt tanga orttirib ham qoladi…
− Ha, ketsa bizning haqimiz ketar, to‘qqiz yarimtaga beraman, − dedi O‘tagan buva ham uning fikrini uqqandek, echkining narxini yanayam arzonlashtirib. − Rozi bo‘ldingizmi?
− Qimmat!.. – dedi Shodiqul O‘tagan buvaning qoqsuyak panjalari orasida qisirlay boshlagan qo‘lini tortib olishga behuda urinib.
− To‘qqizta! Bundan bir chaqayam kami yo‘q! Xo‘p deng endi!
− Roziman, roziman! – deb shosha-pisha bosh irg‘adi og‘riqning zo‘ridan ko‘zlarida yosh xalqalangan Shodiqul zo‘rma-zo‘raki iljayib. – Shu qo‘tir echkini olmasam, sizning changalingizdan sog‘ qutulmaydiganga o‘xshayman.
O‘tagan buva Shodiqul uzatgan pulni hafsala bilan bittalab sanadi. Hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, pulni Shoymirzaga tutqazdi.
− Shoymirzavoy, bu akangga echkining barakasini ber.
− O‘zi zotdor echki, har yili egiz tug‘adi, − dedi Shoymirza Shodiqulning qo‘lini qisib. − Barakasini berdim, aka..
− Menam bergan pulimga roziman, – deb Shodiqul xavotirli qiyofada uning kaftlari orasidan qo‘lini tortib oldi.
− Echkining arqonini tashlab keting, aka, – dedi mol sotuvchilar amal qiladigan irim yodiga tushib qolgan Shoymirza.
− Nimaga?
Shoymirzaning o‘zi ham bu odatning asl sababini bilmas edi. Shu bois najot kutgandek O‘tagan buvaga qaradi.
− Odam sotgan molining arqonini yechib olmasa, qo‘rasidan baraka ko‘tariladi deyishadi, − dedi O‘tagan buva.
− Lekin menda boshqa arqon yo‘q edi-da, − dedi Shodiqul o‘ylanib.
− Siz buguncha echkini yetaklab ketavering, − dedi O‘tagan buva. − Yanagi bozor kuni arqonini mana shu yerga keltirib berasiz, ma’qulmi?
− Ma’qul.
O‘tagan buva echkining barakasini tilab uzundan-uzoq duo qilgach, ular xayrlashishdi. Egiz uloqchalar Shodiqulning yetovidagi onasining orqasidan ergashdi.
− Ana, zotdor echkingniyam eson-omon egasiga topshirdik, − dedi O‘tagan buva mamnun qiyofada.
− Norozi bo‘lib olgani durust bo‘lmadi-da.
− Jo‘rtaga shunday qilayapti. Bozor ko‘rgan, quv yigitga o‘xshaydi.
− Endi bu pulga birorta qo‘zimi, uloqmi olib berasiz, Hamsoya buva, − dedi Shoymirza echkining pulini siqimlab. − Uyga quruq qaytsam, keliningizdan qutulolmas baloga qolaman.
− Bozorda tuzukroq ushoq mol qolmadi, − dedi O‘tagan buva ancha sanjoblashib qolgan mol bozorini ko‘zdan kechirib. − Yaxshisi, kelasi hafta olamiz.
− Siz nima desangiz shu.
− Endi borib, bozor-o‘char qilaylik.
− Menam uyga quruq borsam, bo‘lmas. Bolalarga ul-bul olay. Keliningiz ham anchadan beri tosh kalishga intiq bo‘lib yuruvdi…
− Sotganing bitta to‘qol echki bo‘lsa, kalishga balo bormi? – deya jerkib berdi O‘tagan buva uni. – Pulni teja!
− Kalishi yirtilib qolgan-da…
− Xotin degani yalangoyoq yursayam kuni o‘taveradi. Ketdik!
Shu payt olomon orasidan Ko‘char jarchining manqa ovozi eshitildi:
− Ayuhannos-ayuhannos! Xaloyiq, gapimga quloq soling!.. Kecha Sortepaning ustida katta ko‘pkari bo‘lgan. Shunda sho‘rquduqlik Jobi polvon qashqa bedovini qochirgan. U otini topib bergan yoki daragini bildirgan kishi uchun suyunchiga qo‘chqor atagan!
Ko‘char jarchining ovozi tufayli bir zum sukutga cho‘mgan bozor qayta jonlandi.
Bu xabarni diqqat bilan tinglagan Shoymirza Ko‘char jarchining ortidan angrayib qarab qoldi.
− Shu otni biz topib berganimizda qo‘chqorli bo‘lib qolardik-da, Hamsoya buva, − dedi Shoymirza og‘zining tanobi qochib.
− Bo‘lmasa, ikkovimiz dala-dashtga chiqib, ot axtaramiz, − deya oldinda ketayotgan O‘tagan buva unga kinoyali qarab qo‘ydi. Shoymirza yosh boladek yelkasini qisib unga ergashdi. – Endi ikkovimiz ham o‘z maylimizcha bozorlaymiz. Biron soatlardan keyin bizning eshakning yonida uchrashamiz.
− Ma’qul, Hamsoya buva.
O‘tagan buva odamlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Shoymirza ham gerdayib bozor oraladi.
* * *
“Otang – bozor, onang − bozor” degan maqolning turgan-bitgani hikmat. Zotan, attorning ham, baqqolning ham, oluvchining ham, sotuvchining ham, to‘g‘rining ham, o‘g‘rining ham… tirikchiligi bozor bilan. Biz bu o‘rinda “o‘g‘ri” degan zang‘arning otini tilga ola turib, bekorga bir qur nafas rostlamadik. Chunki har bozorning o‘z o‘g‘risi bo‘ladi. Juma bozori ham bundan mustasno emas. Bu yerning ham Xushmurod otlig‘ bitta-yu bitta sho‘rtumshuq o‘g‘risi bor. U bozorda otning qashqasidek barchaga birday tanish. Uning sharofati bilan sotuvchilar navbatma-navbat mayda-chuyda narsalarini o‘g‘irlatib turishadi. Lekin ular Xushmurodning uncha-muncha qiliqlariga ko‘z yumishadi. Bozorda kimdir nimadir yo‘qotsa, “Xushmurod halolladi” deb qo‘ya qoladi. Xushmurod ham bozorning o‘ziga tegishli bo‘lgan bir qancha yozilmagan qonunlariga amal qilishi kerakligini yaxshi biladi. Ya’ni, u ko‘pam nafsiga erk bermasligi, bir o‘g‘irlik qilgan joyiga ikki-uch oysiz qadam bosmasligi shart. Mobodo bilib-bilmay bu qoidani buzsa, shu zahoti unga eslatib qo‘yishadi. Yanayam qizig‘i, Xushmurod o‘margan molini hech qachon uyiga ko‘tarib ketmaydi. Uni bozor choyxonalaridan birida yegulik-ichkilikka ayirboshlab, obdon maishat qilgach, o‘z puliga bozor-o‘char qiladi.
Juma bozoriga tashrif buyurgan har qanday odam dastavval mol bozoriga birrovgina bosh suqmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Xushmurod ham eskidan qolgan ana shu odatni sira kanda qilmaydi. Bugun ham u xo‘roz qichqirmasdan bozorga yetib kelib, chorva savdosini ko‘zdan kechirdi. Quyosh ko‘kka bo‘y cho‘zib, savdo rastalari birin-ketin ochila boshlagan mahalda u ham asta ishga kirishdi.
Xushmurod bu gal qassoblarning hushyorligini sinamoqqa qaror qilgan edi. Shu bois shundoqqina yerga yoyib qo‘yilgan kalish-maxsilarga chalg‘imay, oldinga yurdi. Bir pasda bozor o‘rtasidagi ulkan timga yetib keldi. Bu yerdagi torgina yo‘lakning ikki tarafida tig‘iz qilib qurilgan rastalarda savdo-sotiq ayni avjiga chiqqan, qassoblar qo‘li-qo‘liga tegmay go‘sht nimtalashardi.
Xushmurod payt poylab turib, chekkaroqdagi rastadan bir bo‘lak go‘shtni olib qochdi.
− To‘xta! Go‘shtni joyiga qo‘y!
Kundada et nimatalayotgan qassobning yonida xaridorlar uzatgan pulni sanab olayotgan yoshgina yigit uning ortidan quvishga chog‘landi. Moshguruch soqoliga charvi yopishgan qassob uning qo‘lidan tutib qoldi.
− Qo‘yaver, bolam. Bu o‘zimizning Xushmurod-ku.
Qassoblar “O‘g‘ri ketdi!”, “Xushmurodni ushlang¬lar!” deya jo‘rtaga vahima ko‘tarishdi. Xushmurod esa go‘shtni bag‘riga bosgancha, sichqon tutib olgan mushuk kabi oldi-ortiga qaramay yugurib borardi. Atrofni kulgi, qah-qaha tutib ketdi.
Xushmurod bozor chekkasidagi choyxonaga yetgach, ortidan hech kim quvlamayotganiga ishonch hosil qilib, yugurishdan to‘xtadi. Xoliroqdagi usti yig‘ish¬tirilmagan stol qarshisida o‘tirib, chuqur so‘lish oldi. Shu zahoti yoniga yetib kelgan Sarman sariqqa qo‘lidagi qoni silqib turgan bo‘yin go‘shtini uzatdi.
− Kun sayin bozordan baraka ko‘tarilayapti, − dedi u hansirab. − Bugun topganim shu bir parcha chandir bo‘ldi.
− Noshukr bo‘lma, Xushmurod, − dedi Sarman sariq go‘shtni chamalab ko‘rarkan. − Hozir shu chandir ham ko‘chada yotmaydi.
− Buning chumchuqning ko‘zidekkina joyini serpiyoz qilib qovuring, − dedi Xushmurod stolga joylashib o‘tirarkan. − Keyin bitta anavi “bo‘yni uzun boyo‘g‘li”dan berasiz.
Sarman sariq kulimsirab bosh chayqagancha nari ketdi.
* * *
O‘tagan buva bozordan xurjun yelkalab chiqqanida Shoymirza eshak yonida uyga qaytishga hoziru nozir bo‘lib turardi. U ikkita kattagina yelim xaltani to‘ldirib bozor-o‘char qilgan, ularning biridan yap-yangi tosh kovushning yaltiroq tumshug‘i ko‘rinib turardi.
− Dov-daskang zo‘r-ku, guppi, − dedi O‘tagan buva istehzo bilan. – Shu turishingda echki emas, novvos sotgan boyvachchaga o‘xshaysan!.. Ie, Hoshim kaltaning qizi ham tosh kalish kiyib, martabaga minar ekan-da?
− Anchadan beri bozor oralamovdik… Ro‘zg‘orga zarur narsalarni xarj qildik.
Shoymirza xijolatli jilmayib, tosh kovushni yelim xaltaning ichiga yashirishga urindi.
− Echkining pulidan qoldimi, ishqilib?
− Ha, qoldi…
O‘tagan buva afsuslangandek bosh chayqadi.
− Nimaga serrayasan? Bozorlig‘ingni xurjunga sol! Ketamiz.
Shoymirza peshin vaqtida to‘lib-toshib uyiga kirib bordi. Hovlida o‘ynab o‘tirgan kenjatoyi shodon qichqirib, u tomon yugurdi:
− Otam bozordan keldi!
Sim dorga kir ilayotgan Bibisora “yalt” etib darvoza tomonga qaradi. Shoymirzaning qo‘shaloq xalta ko‘targancha iljayib kirib kelayotganini ko‘rib, daf’atan qovoq-tumshug‘i osildi. Alamini qo‘lidagi erining ko‘ylagidan olmoqchidek, uni havoda qattiq-qattiq silkiy boshladi.
− Avval bitta xo‘rozqand bering-chi, − dedi Shoymirza o‘g‘ilchasining sochi qaychi bilan qiyib olingan ola-quroq boshini silab. Bolakay xaltalardan ko‘z uzmay, qo‘lini ishtoniga tiqib, so‘ng otasiga uzatdi. Shoymirza azza-bazza uning jajji barmoqlarini o‘pib, ko‘zlarini suzgancha bosh chayqadi.
− Bay-bay-bay. Buncha shirin. Asal-e, asal! − Shoymirza xaltalarning biridan xo‘rozcha shaklidagi sopol hushtak olib, bir-ikki marta churillatib pufladi. – Qalay, zo‘rmi?
Erkatoy mamnun qiyofada bosh irg‘ab, hovlini boshiga ko‘targancha hushtak chalishga tushib ketdi.
− Xaltalarning ichida yana ko‘p narsa bor, − dedi Shoymirza sirli ohangda. – Akalaringniyam chaqirib kelsang, birga ochamiz.
Bolakay cho‘zib-cho‘zib hushtak chalgancha ko‘chaga yugurdi.
Shoymirza yelim xaltadan yaltiroq tosh kovushni olib, Bibisora tomon yurdi.
− Bu yoqqa qara, xotin…
Bibisora qoshlarini chimirgancha eriga yovqarash qildi.
− Echki qani?!
Xotinining vajohatini ko‘rib, Shoymirzaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
− Echkini sotdim, − dedi u ko‘zlarini pirpiratib.
− Sotgan bo‘lsa, nimaga o‘rniga-o‘rin olib kelmadi?!
− Kelasi bozor olarman…
− Echkining pulini boyad-shoyad xarjlab kelgan bo‘lsa, kelasi bozor jonliqni bitiga oladimi? – dedi Bibisora nariroqdagi bozorliq to‘la yelim xaltalarga adovatli qarab qo‘yib.
− Arzonrog‘i uchrab qolar. Qara, men senga tosh kovush olib keldim.
− Tosh kovush kiyguncha, oyog‘im sinsin! – deya ko‘zlarida yosh halqalangan Bibisora eri uzatgan yap-yangi kovushni siltab tashlab nari ketdi. Shoymirza nima qilishni bilmay dovdirab qoldi.
− Unday dema, xotin, − dedi u qo‘lidan uchib ketgan kovushlarni yerdan olib, changini artarkan. – Senam anchadan beri yirtiq kovushni sudrab yuribsan. Qo‘limga pul tushsa, xotinimga yangi kovush olib beraman deb niyat qilib yuruvdim…
− Odamlar suruv-suruv qo‘y qiladi, yo‘lini qilib, uyida borini ko‘paytiradi. Bu kishi yo‘q qilishga usta! – dedi suv isitilayotgan qozon yoniga borib o‘tirgan Bibisora quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini yengi bilan artib. – Ro‘zg‘or tashvishi xayoligayam kirib-chiqmaydi.
− Ro‘zg‘or tashvishini o‘ylamasam, shuncha narsani uyga ko‘tarib kelarmidim? − dedi Shoymirza ham ovozini bir parda ko‘tarib.
− Bu kishini yo‘lga solaman deb sochim oqardi, − dedi Bibisora uning gaplarini eshitmagandek. − Buncha peshonam sho‘r bo‘lmasa!..
Bibisora izillab yig‘lagancha uyga kirib ketdi. Shoymirza hovli o‘rtasida qaqqayib turib qoldi. Jahl bilan qo‘lidagi kovushni chetga uloqtirmoqchi bo‘ldi, ammo shu zahoti fikridan qaytdi.
Bu paytda O‘tagan buva besaranjom qiyofada hovli bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa borib kelardi. Hatto, sabri chidamay, bir-ikki marta devor osha Shoymirzanikiga o‘g‘rincha mo‘raladi. Ammo shu zahoti o‘zini panaga olib, u tomondan eshitilayotgan gap-so‘zlarga quloq sola boshladi.
− Hoy, chol, u yerda nima qilayapti? – deb so‘radi supada kalava yigirib o‘tirgan Chuchuk momo ajablanib.
− Aytmovdimmi! − dedi O‘tagan buva. – Hoshim kaltaning qizi baqir-chaqir qilib, hovlini boshiga ko‘tarayapti.
− Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi, − dedi Chuchuk momo beparvo ohangda. – Bugun urishsa, ertaga yarashadi.
− O‘tagan buva Shoymirzaning echkisini sottirib, er-xotinni urishtirib qo‘yibdi, degan malomatga qolishdan qo‘rqaman, kampir! – dedi u devordan uzoqlashayotib.
* * *
− Shu echkidan boshqasiga kuchim yetmadi, xotin. Bozorda qimmatchilik, − dedi kal echki bilan bolalarini uyiga yetaklab kirgan Shodiqul xotinining ko‘zlariga qarashga botinolmay.
Musallam noayon kayfiyatda kal echki bilan bolalariga tikilib qoldi. Shodiqul shu topda go‘yo hayot-mamoti hal bo‘ladigandek, yurak hovuchlaganicha uning og‘zini poylardi.
− Men nima degan edim? – dedi daf’atan Musallam chehrasi yorishib. – Peshona teri bilan topilgan pulning barakasi bo‘ladi, demaganmidim? Shugina pulga bir emas, uchta jonliq yetaklab kelibdi!
Shodiqul yosh boladay quvonib ketdi.
− O‘ziyam zotdor echki ekan, har yili egiz tug‘armish.
− Uloqchalari buncha chiroyli bo‘lmasa. Bir qoshiq suv bilan yutib yuborging keladi-ya.
Musallam kal echkining bolalariga qo‘l cho‘zdi. Biroq uloqchalar hurkib, onasini aylanib qocha boshladi.
− O‘zim senga uloqchalarni ushlab beraman.
Shodiqul kal echkining arqonini xotiniga tutqazib, lapanglagancha uloqchalarning ortidan yugurdi. Musallam erining beo‘xshov harakatlaridan zavqlanib, jarangdor ovozda kulib yubordi.
* * *
Oqshom Shoymirza uyida yonboshlagan ko‘yi televizorda allaqanday hindcha kinoni tomosha qilib o‘tirardi. Eski televizorning ekrani xiraligidan qaysi kino berilayotganini ham aniqlash mushkul, ammo yigit bilan qizning jo‘r bo‘lib kuylayotgan ehtirosli xonishi aniq-tiniq eshitilardi. Narigi xonada bolalarning biri olib biri qo‘yib hushtak chalardi. Hamon arazi tarqamagan Bibisora hech narsaga e’tibor bermay, bir chekkada tumtayib o‘tirardi. Shoymirza bot-bot ko‘z qiri bilan unga qarab qo‘yardi.
Nogahon televizor o‘chib qoldi.
− Qarasang-chi! − dedi Shoymirza xotiniga norozi qarab qo‘yib.
Bibisora o‘rnidan turib, televizorga bir-ikki musht tushirdi. Shu zahoti ekran yorishdi.
− Yanagi bozor echki olib kelaman dedim-ku? – dedi toqati toq bo‘lgan Shoymirza achchiqlanib. – Bundoq chiroyingni ochib o‘tirsang-chi?
− Qachon echki olib kelsa, o‘shanda chiroyim ochiladi! − bo‘sh kelmadi Bibisora ham.
Shoymirza jahl bilan o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi. Hovlida echkining bo‘shab qolgan o‘rniga ko‘zi tushib, xo‘rsindi.
* * *
Shodiqul kechgacha og‘ilxona yonidan kal echki bilan bolalariga joy tayyorladi. Ancha yillardan beri qarovsiz yotgan bir parcha yerni supurib-sidirib tozaladi-da, atrofini eski sim to‘r bilan o‘radi. Xullas, tez orada hovlida nochorgina qo‘ra paydo bo‘ldi. Shodiqul kal echkini ana shu qo‘raning o‘rtasida qoqilgan yog‘och qoziqqa bog‘lab, oldiga xashak soldi. Ancha vaqt echki bilan bolalarining kurt-kurt beda kavshashini zavq bilan tomosha qilib o‘tirdi. O‘choq boshida kuymalanayotgan Musallam chaqirgach, noiloj o‘rnidan turib uyga yo‘l oldi.
− Kelasi yil yerga ertachi kartoshka ekaman, − deya xotininga gurung berardi yog‘liqqina palovga to‘yib olgan Shodiqul bosib-bosib achchiq ko‘k choy simirarkan. − Xudo beraman desa, chumchuqning ko‘zidekkina joydan ham olamjahon hosil olsa bo‘ladi. Sotsak, puliga yana besh-oltita echki olamiz…
Bu paytda qo‘radagi kal echki xuddi ostidan ilon chiqqandek bezovtalanib, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa urardi. Kutilmaganda uning bo‘yniga bog‘langan arqon boshidan sirg‘alib chiqib ketdi. Kal echki qo‘raning omonatligini sezgandek, uning burchagidagi yog‘och ustunni shoxsiz boshi bilan itara boshladi. Nomigagina yerga qadab qo‘yilgan ustun qiyshayib, yerga qapishib qoldi. Sim to‘rning ustidan hatlab o‘tgan jonivor go‘yo bo‘rining changalidan xalos bo‘lgandek, egiz uloqlarini ergashtirib jon holatda tashqariga yugurdi.
Hech narsadan bexabar Shodiqul bu paytda Musallam bilan echkilarni ko‘paytirish haqida kengashmoqda edi.
* * *
Subhidam chog‘i O‘tagan buva odatdagidek oftoba ko‘targancha vazmin qadamlar bilan uyidan chiqib keldi. Tongning kumushrang nurlariga g‘arq bo‘lib yotgan tomorqasiga zavq bilan termuldi.
Kutilmaganda uning chehrasi o‘zgarib, rangi-quti uchdi. G‘azabdan qiyiq ko‘zlari qonga to‘lib, lablari pir-pir ucha boshladi. Chunki bu paytda uning tomorqasida Shoymirzaning kecha bozorda sotilgan kal echkisi egiz uloqlari bilan o‘tlab yurardi.
* * *
Chuchuk momo bilib aytgan ekan. Bibisora kun bo‘yi eridan tumshuq burib yurgan bo‘lsa-da, baribir shashtidan tushdi. Oqshom bolalar uxlab qolgach, qavatidan kirib olgan erining beo‘xshov xushomadlaridan mo‘mday erib ketganini o‘zi ham bilmay qoldi. “Bitta echki ketsa sadqai sar, ishqilib, baxtimizga bu kishi omon bo‘lsin” degan o‘y kechdi erining quchog‘ida erkalanib yotgan Bibisoraning xayolidan.
Bibisora saharmardonda o‘rnidan turib, non yopish taraddudiga tushdi. Mehri iyib ketgan Shoymirza ham tong uyqusining bahridan kechib, unga ergashdi.
− Kosovni menga ber, xotin, − dedi u terlab-pishib tandirda olov yoqayotgan Bibisoraning atrofida parvona bo‘lib. − Sen nonlaringni olib chiqquningcha tandirga o‘zim qarab turaman.
Bibisora eriga ajablanib tikildi.
− Qo‘ying-ey, uyat bo‘ladi, − dedi so‘ngra yoqimli jilmayib. – O‘zim eplayman.
− Bilaman, sengayam qiyin, − dedi Shoymirza kalovlanib. – Katta ro‘zg‘or. Tashvishiyam ko‘p.
− O‘rganib ketganman, − dedi Bibisora erining mehribonchiligidan ta’sirlanib. – Xudoga shukr, Shoiraning ham bo‘yi cho‘zilib qoldi. Hademay qatorimga kiradi.
− Endi menam dalaga chiqib ishlayman. Bir-ikki tanga orttirsak, yana echki-mechki olamiz. O‘zi, hozirgi zamonda mol-holdan foyda…
Shu payt devor ortidan O‘tagan buvaning baqir-chaqiri eshitilib, er-xotin o‘sha tomonga yuzlanishdi.
− Ha, uyginang kuygur, shumoyoq, kasofat! – deya shang‘illardi O‘tagan buva. − Qarigan chog‘imda belim bukchayib, shuncha ekin-tikinni sening go‘mmik qorningni to‘ydirish uchun ko‘kartirib o‘tiribmanmi?!.
− Hamsoya buva nimaga ertalabdan kekirdagiga zo‘r berib qoldiykin? Yo…
Devor tagidan “lop” etib kal echki bilan bolalari chiqib keldi-yu, Shoymirzaning gapi bo‘g‘zida qoldi. Er-xotin bir-biriga baqraygancha haykaldek qotib qolishdi.
Birozdan so‘ng darvoza g‘ijirlab ochilib, O‘tagan buva hovliga bostirib kirdi.
− Bu shumg‘iyani sottirib ham qutulmaymanmi?! – deb baqirdi u yig‘lamoqdan beri bo‘lib. − O‘ldiraman uni!
− Menga nima deysiz? – dedi allaqachon es-xushini yig‘ib olgan Shoymirza ham bo‘sh kelmay. – Echkini allaqachon sotganman! Qancha dardingiz bo‘lsa, borib egasiga ayting.
O‘tagan buva daf’atan bo‘shashib qoldi. Uning boyagi vajohati tumandek tarqab, qisiq ko‘zlaridagi g‘azab o‘rnini allanechuk umidsizlik egalladi.
− Egasini qayerdan topaman bu kasofatning, − dedi u tushkun kayfiyatda. − Esimni echki yesin mening! Bu la’natini sotishga-sotibman-u, bir og‘iz uning kimligini, qaysi qishloqda yashashiniyam so‘rab qolmabman.
− Gapingiz to‘g‘ri, − dedi Shoymirza ham o‘ylanib. – U bechorayam terisi yupqaroq ko‘ringandi. Ertalabdan zor qaqshab echkisini axtarib yurgan chiqar.
Shu payt Bibisora oshxonadan chelak ko‘tarib chiqdi.
− Echkini ushlab tursin, − deya shivirladi u Shoymirzaga yaqinlashib. – Bir-ikki qoshiq sog‘ib olay, bolalarga pishirib beraman.
− E, yo‘q, − deya bosh chayqadi Shoymirza. − Endi bu echkida bizning haqimiz qolmadi. Birovlarning rizqiga sherik bo‘lib o‘tirsak, insofdan bo‘lmas.
Bibisora noiloj ortiga qaytdi.
− Bo‘ldi-bo‘ldi! Chorasini topdim, − dedi o‘yga tolib o‘tirgan O‘tagan buva kutilmaganda jonlanib. – Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, guppivoy, qochoq maxluqingni eson-omon egasining qo‘liga qo‘sh-qo‘llab topshiramiz.
− Xo‘sh?
− Echkingni yana bozorga solamiz.
Shoymirza O‘tagan buvaning niyatini uqib olmoqchidek uning ko‘zlariga tikildi.
* * *
Ertalab kal echkining joyida yo‘qligidan xabar topgach, Shodiqulning ko‘ziga dunyo qorong‘i ko‘rinib ketdi. Qishloq bo‘ylab zir yugurib echkini axtarishga tushdi. Uyma-uy kirib, odamlardan surishtirdi. Ammo hech qayerda echkining daragi chiqmadi. Jonivor egiz uloqlari bilan yerga kirib ketgandek, izsiz g‘oyib bo‘lgan edi.
Shundan so‘ng Shodiqul qishloqda “mol o‘g‘risi” deya nom chiqargan, bu “hunari”ning sharofati bilan bir muddat qamalib ham chiqqan Omon tirriqqa doxil bo‘ldi. Uning ukkinikidek sovuq boquvchi qontalash ko‘zlariga qarashga yuragi betlamay, o‘zining qo‘l uchida kun ko‘rishi-yu, amal-taqal qilib olgan egiz uloqli kal echkisi oqshom yo‘qolib qolganini aytib hasrat qildi. Mobodo kimdir uning jonlig‘ini ko‘rgan bo‘lsa yoki qayerdaligini bilsa, qaytarib bersa, suyunchisini berar edi…
− Ko‘pam chaynalavermang, Shodiqul aka, − dedi ensasi qotgan Omon tirriq uning diydiyosini shartta bo‘lib. – O‘g‘irlayman desam, boyvachchalarning qo‘rasida semizlikdan quyrug‘ini ko‘tarolmay yotgan qo‘chqorlar ozmi? Sizning tirriq echkingizga kunim qolgani yo‘q. Bu gapni bir gapirdingiz, boshqa tilingizga olmang. Endi tezroq bu yerdan tuyog‘ingizni shiqillating!
Shodiqul tushga yaqin horib-charchab uyiga qaytdi.
− Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopdi, xotin! – deya hasrat qildi qarshisidan chiqqan Musallamga. − Endi og‘zimiz oshga yetdi deganda bitta echkidan ham ajralib o‘tiribmiz…
− Yaxshilab izlashtirsa, daragi chiqib qolar?..
Shodiqul halimdekkina fe’l-atvoriga yarashmagan bir tarzda xotiniga o‘qrayib qaradi-da, indamay uyga kirib ketdi.
“Mol achchig‘i – jon achchig‘i” deb bekorga aytishmagan ekan. Shodiqul yo‘qolgan echkisiga qattiq qayg‘urdi. Ko‘p asabiylashganidan hatto, qishin-yozin dalada yuraverib bir necha yil burun orttirgan bod kasali qo‘zib, uyida gum-gurs yotib qoldi.
Kechga yaqin tog‘asi Boyg‘ozi oqsoqol undan hol so‘rab keldi.
− Noumid bo‘lma, jiyan, − dedi u Shodiqulga tasalli berib. – Echki degan jonivor po‘stakka tushgan burga emaski, dom-daraksiz ketsa. Moling topiladi. Kim o‘g‘irlagan bo‘lsayam, erta-bir kun uni bozorga solishi aniq. Yaxshisi, sen echkingni bozordan qidir.
Bu gapdan so‘ng Shodiqulning ko‘nglida umid uchquni paydo bo‘ldi. U sabrsizlik bilan kelasi bozor kunini poylay boshladi.
* * *
O‘tagan buva bilan Shoymirza yakshanba kuni ertalab qochoq echkini yetaklagancha mol bozoriga yetib borishdi.
Darvoza oldida mol sotuvchilardan pul terayotgan tanish chiptachilarga ko‘zi tushib, Shoymirzaning kayfi uchdi.
− Birovning echkisigayam men badal to‘laymanmi?
− Bu gal echkiga men chek olaman, − dedi O‘tagan buva xotirjam qiyofada.
− Hazillashmayapsizmi?
O‘tagan buva uning gapiga javob bermay, kal echkini yetaklagancha chiptachilarga yaqinlashdi.
− Voy, manavi uloqchalar buncha shirin! – dedi ikki beti sirtiga tuxum sarig‘i surtib pishirilgan somsadek yaltirab turgan baqaloq tanglayini takillatib. − Ushlab olib, yeb qo‘yging keladi-ya!
− Uch yuz so‘m! − Qiltiriqning amirona ovozi yangradi.
− O‘tgan hafta shu echki bilan bolalariga ikki yuz so‘m olgan edingiz-ku? − dedi Shoymirza quloqlariga ishonmay. − Hisobda adashdingizmi deyman…
− Chekning narxi oshdi!
− Ko‘pga kelgan to‘y-da bu, ukajon, − deb O‘tagan buva erinmasdan echkining arqonini darvoza ustuniga bog‘ladi-da, choponining etagini ko‘tarib, azza-baza ishtonbog‘ini yechishga tushdi. − Chek pulini bermasak, bozorga kirolmaymiz.
− Bu nima qiliq? – dedi O‘tagan buvaning harakatini ajablanib kuzatib turgan qiltiriq peshonasini tirishtirib.
− Uch-to‘rt tangani kampirdan yashirib, ishtonning lippasiga tugib qo‘yuvdim, − dedi O‘tagan buva pinagini buzmay. − Mog‘orlab ketmagan bo‘lsin, ishqilib.
O‘tagan buva yo‘lni to‘sib qo‘ygani bois mol bozorining torgina darvozasi bir zumda tirband bo‘lib ketdi. Orqada mol-hol yetaklagan odamlarning “Nima gap?”, “Tezroq yurmaysizmi?”, “Echkingni ol!” degan norozi gap-so‘zlari eshitila boshladi. Bunday bo‘lishini kutmagan qiltiriq nima qilishni bilmay, shoshib qoldi.
− Sassiq pulingiz o‘zingizga siylov, − dedi u jahl bilan aftini burishtirib. – Tezroq yo‘lni bo‘shating!
O‘tagan buva ham shuni kutib turgandek chaqqonlik bilan kal echkining arqonini yechib olib, uni ichkariga sudradi. Shoymirza tayoq sermagancha uloqlarning ortidan haydadi.
− Uloqchalardan zo‘r dimlama pishirsa bo‘lardi, – dedi hamon egiz uloqchalardan ko‘z uzolmay turgan baqaloq tamshanib.
− Besh yuz so‘m!
U sherigining ovozidan o‘ziga kelib, shu zahoti patta yirtdi.
O‘tagan buva bilan Shoymirza eshak bozori yonida oyoq ilishdi.
− Bachchag‘arlarni bopladingiz, Hamsoya buva…
− Sen qochoq echkingni shu yerda ushlab tur, − dedi O‘tagan buva uning maqtoviga e’tibor bermay. − Men tezroq Ko‘char jarchini topay.
− Mobodo, echkining egasi kelib qolsa, nima qilay?
O‘tagan buva, “shuniyam bilmaysanmi” degandek unga o‘qraydi.
− Nima qilarding? Qo‘liga qo‘sh qo‘llab topshirasan-da!
− Xo‘p-xo‘p, − dedi Shoymirza otasidan dakki eshitgan go‘dakdek ko‘zlarini pirpiratib.
O‘tagan buva ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Shoymirza qiziqish bilan tevarakni kuzata boshladi. Sal narida qizg‘in davom etayotgan eshak savdosiga ko‘zi tushib, kal echkini sudragancha o‘sha tomonga yurdi.
Miqti gavdali dallol chol qora eshak ushlagan kishining qo‘lini zo‘r berib siltalar, bir gala tomoshatalablar bu manzarani diqqat bilan kuzatib turishardi. Eshak esa bu mashmashalarning o‘ziga zarracha aloqasi yo‘qdek, quloqlarini osiltirgancha mudrardi.
− Yaxshi narx bo‘ldi! – dedi dallol chol hansirab. – Bundan ortig‘ini bozor ko‘tarmaydi. Barakasini ber endi!
− Bozor ko‘tarmasa, qaytarib ketaveraman, − dedi sotuvchi pinagini buzmay. − Siz aytgan narxga xangi tugul, mingi bo‘lmagan kurra ham bermaydi.
− Gapini qaranglar buning! – deya dallol chol atrofida davra qurgan odamlarga asabiy tarzda ko‘z yugurtirib oldi. – Bu kishim yag‘ir eshagini gijinglagan tulporning puliga sotmoqchimi deyman?
Davradagilar cholning gapini ma’qullab bosh irg‘ashdi.
− Qora hangining narxi qancha bo‘ldi? – so‘radi Shoymirza yag‘ir telpagini ko‘zigacha bostirib kiygan kishidan.
− Dallol ellik mingga tilayapti.
− Ellik ming?! − Shoymirza quloqlariga ishonmagandek yag‘ir telpakliga angrayib qaradi. – Bitta harom eshakning bahosi shuncha ekanmi?
− Shungayam ko‘nmay, taysallab turibdi.
− Ellik mingga bizning echkidan bir suruvini beradi-ku? − dedi Shoymirza zarda bilan. − “Zamonaning to‘zgani − otdan eshak o‘zgani” deb shuni aytishadi-da!
Shoymirza asabiy tarzda echkisini sudrab nari ketdi. Yag‘ir telpakli kishi uning ortidan hayron qarab qoldi.
* * *
Bu gal Xushmurodning hadeganda omadi chopavermadi. Oxiri o‘ylab ham o‘tirmay rang-barang matolar yoyib qo‘yilgan gazmol rastasi tomonga yurdi. Xaridorlar orasidan o‘g‘ri mushukdek suqilib kirib, bir bo‘lak matoga qo‘l cho‘zdi. Kutilmaganda gazmol o‘lchagich tayoq qo‘liga sharaqlab tushib, o‘takasi yorilayozdi.
− Besh gazlik atlasni o‘g‘irlaganingga bir oy ham bo‘lgani yo‘q! − dedi baqbaqalari osilgan sotuvchi ayol qovoq uyub. – O‘g‘ri bo‘l, insof bilan bo‘l-da, Xushmurod!
− Xotinim atlas buyuruvdi! − deya to‘ng‘illadi og‘¬riq¬dan afti burishib ketgan Xushmurod tayoq izi qolgan qo‘lini silab. − Yoqsa, sotib olmoqchiydim.
− Topgan bahonasini qaranglar buning. Jo‘na bu yerdan! Biron oysiz ko‘zimga ko‘rinma!
− Bo‘pti-bo‘pti! Ko‘pam shang‘illayverma, − deb Xushmurod rastadan uzoqlashdi. − Bir parcha lattaniyam ko‘zi qiymaydi bu qurumsoq. Latofat bulka!..
Birozdan so‘ng Xushmurod oldi-sotdi qizg‘in davom etayotgan quruq mevalar rastasini oralab borardi. Shu payt odamlar orasidan turtinib-surtinib o‘tib kelgan Qo‘char jarchi bilan O‘tagan buva sal narida to‘xtashdi. Ko‘char jarchi qattiq-qattiq yo‘talib olib, qo‘llarini og‘ziga karnay qilgancha jar solishga tushdi:
− Ayuhannos-ayuhannos! Xaloyiq, bir muddat nafas rostlab, Ko‘char jarchining nidosiga quloq tuting!.. − Bozordagi g‘ala-g‘ovur biroz pasayib, sotuvchi-yu xaridorlar qiziqish bilan u tomonga yuzlanishdi. – O‘tgan hafta uymovutlik Shoymirza polvon bozorda zotdor kal echki sotgan! O‘rta bo‘yli, qoracha rang-ro‘yli bir yigit egiz uloqli echkiga ega chiqqan! Lekigin echkisi qurg‘ur shu oqshom bo‘shalib, Shoymirza polvonnikiga qochib borgan! Iymon-insofli Shoymirza polvon jonliqni egasiga qaytaray desa, uning na otini biladi, na zotini! – Ko‘char jarchining ortida g‘o‘ddayib turgan O‘tagan buva uning gaplarini ma’qullab bosh irg‘adi. – O‘ylay-o‘ylay Shoymirza polvon, kal echkini yana bozorga solgan! Egasi chiqsa, olib ketar degan xayolga borgan! Shu jigitni ko‘rgan-bilganlar bo‘lsa, xabar bersin, u borib, eshak bozordan echkisini olib ketsin!.. Ayuhannos-ayuhannos!..
Ko‘char jarchi bilan O‘tagan buva boshlashib gilam rastalari tomonga yurishdi. Xushmurod ularning ortidan qarab qoldi.
Mayiz sotayotgan oppoq soqolli chol qo‘lini qulog‘iga tutib, Ko‘char jarchining so‘zlariga diqqat bilan quloq tutdi, ammo uning ovozasini yaxshi anglay olmadi.
− Bozorning mullato‘rg‘ayi nima deb bo‘zlayapti, Mo‘¬min? – deb so‘radi u yonidagi turshakfurush yigitdan.
− Bitta echkining egasi yo‘qolib qolibdi, − deya kuldi yigit. – Shuning daragini surishtirib yuribdi.
− Echkining egasi yo‘qolib qolibdi?.. U qanday echki ekan?
− Egiz uloqli, zotdor echki emish!
Yigitga qarab yana og‘iz juftlayotgan chol tepasida qaqqayib turgan Xushmurodni payqab qoldi.
− Keling, bolam, Shahrisabzning soyaki mayizi, − dedi uni xaridor deb gumon qilgan chol yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan qo‘lbola tarozining pallasiga mayiz solayotib. – Necha kilo tortay?
Xushmurod es-xushini yig‘ib olib, mayizfurush cholga ajablanib tikildi. So‘ng ortidan yov quvgandek, mol bozori tomon zippillab jo‘nadi.
Rastalar orasidagi torgina yo‘lakda chumolidek uymalashib yotgan odamlar orasidan zo‘rg‘a ilgarilab borayotgan O‘tagan buva nimadir esiga tushgandek sergak tortib, sherigiga yuzlandi:
− Aytganday, anavi sho‘rquduqlik chopag‘onning qashqa bedovi topildimi?
− Topildi, − dedi Ko‘char jarchi beparvo ohangda. – Uchkapalik bir yigit jonivorni ushlab, egasi chiqib qolar deb qo‘rasiga bog‘lab qo‘ygan ekan. Shu kuni o‘zi bozorga kelolmay, bir-ikkitasidan tayinlab yuborgan ekan.
− Suyunchisi nima bo‘ldi?
− Kechga yaqin Jobi polvonning moshinasiga jaydari qo‘chqorni ortib Uchkapaga jo‘nadik, − dedi Ko‘char jarchi jilmayib. – Lekin uchkapalik shovvoz ham nazari to‘q yigit ekan, suyunchi-muyunchi kerak emas deb turib oldi. Jobi polvon esa “menam lafzidan qaytadigan nomard emasman” deb tixirlik qilayapti. O‘rtada hirsday qo‘chqor ovorai-sarson. Oxiri o‘zim oraga tushib, bu muammoni ham hal qilib berdim.
− Nima qildingiz? – so‘radi O‘tagan buva qiziqib.
− Jaydari qo‘chqorni o‘sha yerdayoq so‘ydirdim, − dedi Ko‘char jarchi mug‘ombirona iljayib. – Uchkapadagi ziyofat yarim oqshomgacha davom etdi. Mezbon ham topgan-tutganini dasturxonga to‘kib tashladi. “Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga” deganlariday, o‘zimiz olib borgan jonliqni o‘zimiz yeb-ichib keldik. Xullas, quyruq-bovur yeb, bizning ham ichaklarimiz moylanib qoldi.
− Juda qiziq ish bo‘pti-ku, − dedi O‘tagan buva ham kulib. – Haliyam shunday vallomat yigitlar bor ekan-da!
Bu orada ular gilam rastalariga yetib kelishdi.
* * *
Rang-ro‘yi so‘lib, ko‘zlari kirtayib qolgan Shodiqul tevarakka olazarak ko‘z yugurtirib, mol bozorini oralab yurardi. U ro‘parasidan chiqqan har bir echkiga diqqat bilan tikilar, o‘ziniki emasligiga ishonch hosil qilgach, hafsalasi pir bo‘lib yana yo‘lida davom etardi. Daf’atan bir chekkada pachoqqina yigit ushlab turgan kal echki unga tanish tuyuldi. Ko‘zlariga ishonmagandek unga zingil solib qaradi. Oppoqqina kal echki! Egiz uloqchalariyam bor…
Shodiqul hayajondan qalt-qalt titragancha o‘sha tomonga yurdi. O‘zgalar savdosini xomush kuzatib turgan yigit jonlanib, unga yaqinlashdi.
− Shugina echkini oling, aka, baraka topasiz, − dedi yigit yalinchoq ovozda. – O‘zi zotdor echki, har yili egiz tug‘adi…
Shodiqul shartta uning bilagidan ushladi.
− Echking kal ekan-ku, oshna! – dedi kinoya aralash g‘azab bilan. – Kal echkining xaridori kam bo‘ladi!
− O‘zi kal bo‘lsayam, bolalarining shoxi bor, – dedi yigit Shodiqulning o‘zini tutishidan ajablanib. – Ishonmasangiz, ana, ko‘ring…
Shodiqul yigit imo qilgan tomonga qaradi. Darhaqiqat, kal echkining pinjiga suqilib olgan uloqchalarning boshida boshmoldoqdek-boshmoldoqdek muguzchalari bo‘rtib turardi. Shodiqul ko‘zlariga ishonmagandek dam echkiga, dam uloqchalarga termuldi.
− Kal echkining shoxdor uloq tuqqanini endi ko‘ri¬shim, − dedi u tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib. – Bu dun¬yo¬¬ning ishlari qiziq ekan-da…
Shodiqul g‘amgin qiyofada yigitdan uzoqlashdi.
− Echkimiz yoqmadimi, aka?
− Buning uloqlariyam kal bo‘lganida olardim… Bizning ishqimiz kal jonliqlarga tushgan.
Yigit alamini echkidan olmoqchidek, uning shalpang quloqlariga shapatiladi.
− Sen bedavo maxluqqa duo ketganmi, nima balo! Uch haftadan beri birov burilib qaramaydi…
* * *
Dallol bilan sotuvchi murosaga kelishib, eshak savdosi nihoyaladi. Chol yonidagi xaridordan bir das¬ta pul olib, uning qo‘liga tutqazdi. U shoshilmasdan pulni sanagach, xaridor bilan qo‘l olishib, eshakning barakasini berdi. Davra qurgan odamlar ham asta tarqalishdi.
− Qora hangi qanchaga sotildi? – deya so‘radi Shoymirza yag‘ir telpakli kishidan.
− Ellik besh mingga!
− O‘, bachchag‘ar-ey! – deya bosh chayqadi Shoymirza. − O‘zi bu zamonda eshak pul bo‘libdi-da, a?
− Nima deyapsiz, uka? − dedi dedi yag‘ir telpakli kishi kulib. − Haliyam Eshonqul dallol eshakning egasini ilonday avrab, ancha arzonga ko‘ndirdi.
− Yo‘g‘-ey?!
− Ana, qarang, jonivor o‘ziyam naq boylovdan chiqarilgan tulporday tayranglaydi!
− Ha, Eshonqul dallol xohlasa otni eshakning narxida olib, eshakni otning bahosiga sotadi, − deya bosh chayqadi uning sherigi.
Shoymirza qora hangiga ajablanib tikildi.
Bu paytda halloslagancha eshak bozoriga yetib kelgan Xushmurod sal narida to‘xtab, Shoymirzani sinchkovlik bilan kuzata boshladi. Nihoyat, bir qarorga kelib, shahd bilan kelib uning yoqasiga yopishdi.
− Muttaham, o‘g‘ri! Qo‘lga tushding-ku!
Shoymirza bunday favqulodda harakatdan butunlay shoshib qoldi.
− Ebi-ebi… Men o‘g‘ri emasman, aka!
− Qo‘lingdagi echki o‘g‘irlik mol bo‘lmay, katta buvangdan qolgan merosmi?! – deya o‘shqirdi Xushmurod Shoymirzaning kekirdagini uzib olmoqchidek uning bo‘yniga qo‘l cho‘zib. − Bu echkini o‘tgan hafta ukam bozordan sotib oluvdi. Sen uni o‘g‘irlagansan!..
− E, siz o‘sha yigitning akasi bo‘lasizmi? – dedi Shodiqul bu gapdan yosh boladay quvonib. – Xudoga shukr-ey! O‘zimiz ham sizlarni izlab yurgan edik.
− Echkimizni o‘marib, yana o‘zimizni izlab yurgan emish! – deya Xushmurod kutilmaganda Shoymirzaning chap yuziga shapaloq tortib yubordi. – Meni shu gapingga ishonadigan ahmoq deb o‘ylayapsanmi?
− Bu nima qilganingiz?! – dedi qo‘rquvdan ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan Shoymirza tarsaki izi bilinib qolgan yuzini silab. − O‘tgan hafta bu echkini ukangizga men sotgan edim…
− O‘zing sotib, o‘zing o‘g‘irlabsan-da!
Xushmurod uning narigi yuziga ham shapaloq tushirdi.
− Urmang-ey! – deb Shoymirza jon holatda Xushmurodning qo‘liga yopishdi. – Siz meni Xushmurodga teng¬lashtirmang…
Xushmurod o‘z ismini eshitib, daf’atan besaranjomlanib qoldi. Nimadir esiga tushgandek tevarakka xavotirli qarab qo‘ydi. Ammo yaqin orada hech kim yo‘q edi.
− Xullas, bu echkini o‘tgan bozorda ukangizga biz sotgan edik, − deya tushuntira boshladi Shoymirza uning biroz bo‘shashganidan ruhlanib. − Biroq echkisi qurg‘ur o‘sha oqshom uyga qochib boribdi. Tuzukroq bog‘lanmagan bo‘lsa, bo‘shalib ketgan-da! Aksiga olib, bizam ukangizga echkini sotibmiz-u, uning kimligi, qaysi qishloqda yashashiniyam so‘rash esimizga kelmabdi. O‘ylab-o‘ylab, egasi chiqib qolar deya bozorga yetaklab kelaverdik.
− Iya, shundaymi?!
− Ko‘char buvayam echkining egasini daraklatib, bozorda jar solib yuribdi. Eshitmadingizmi?
− Yo‘q, eshitmadim, − Xushmurod kal echki bilan egiz uloqlariga qarab yutinib oldi. – Xo‘p, gaplaringga ishondim. Endi echkini menga beraqol! O‘zim uyga yetak¬lab ketaman.
Shoymirza echki egasining to‘satdan bezovtalanib, taraddudga tushib qolganidan ajablandi.
− Aytganday, ukangizning o‘zi ko‘rinmaydi?
− Ey, so‘rama! – dedi allaqachon Shoymirzaning qo‘lidagi arqonni tutamlab ushlashga ulgurgan Xushmurod bosh chayqab. − Ukam kambag‘al, echkisidan ayrilganiga chidolmay, kasal bo‘lib qoldi! O‘rniga o‘zim kelaverdim.
− Omonatini egasining o‘ziga topshirganimda yaxshi bo‘lardi-da, − dedi Shoymirza echkining arqonini unga berishni-da, bermaslikni-da bilmay.
− Kasal yotgan odamni yelkamda opichlab kelishim kerakmidi?! – dedi Xushmurod Shoymirzani tappa bosib urgudek vajohat bilan. – Nima, menga ishonmayapsanmi?
− Unday deyayotganim yo‘q, − dedi ko‘ngliga allanechuk shubha oralagan Shoymirza kalovlanib. − So‘raganning aybi yo‘q, ukangiz qanday odam?
− Ay, og‘ayni-ya, sen meni kim deb o‘ylayapsan? − dedi Xushmurod xafa bo‘lib. − Bitta qo‘tir echkini deb odamni shunchalik qilish yaxshimi?.. Mayli, sen so‘rading, men aytaman, ukam past bo‘yli, qoracha rang-ro‘yli odam! To‘g‘rimi?
− To‘g‘ri, − dedi Shoymirza og‘ir so‘lish olib. – Echkingizni beraman. Lekin biroz shoshmang. Hademay O‘tagan buva bilan Ko‘char jarchi ham kelib qolishadi…
− E, o‘sha sassiq chollaringni boshimga uramanmi? − Xushmurod bir siltab Shoymirzaning qo‘lidan echkining arqonini yulib oldi. − Tezroq borib, ukamni xursand qilay. Bechora haligacha ko‘kragini zaxga berib yotgandir.
Xushmurod kal echkini dikonglatib sudrab ketdi. Egiz uloqchalar ham onasiga ergashdi. Shoymirza ilon avragan baqa kabi bir muddat serrayib turib qoldi. So‘ng ilkis esiga tushib, Xushmurodning ortidan ovoz berdi:
− Aytganday, ukangizga tayinlang, bundan keyin echkining bo‘ynidan bog‘lamasin. Chunki kallasida shoxi yo‘q, arqon sirg‘alib chiqib ketishi mumkin. No‘xtalab qo‘ygani tuzuk…
* * *
Subhi sodiqdan mol bozorini besamar kezaverib obdon toliqqan Shodiqul xolisroqda to‘rva soqolli shoxdor taka ushlagan kishining yonida o‘tirib, unga dardini dasturxon qilardi:
− Zotdorgina echki edi, aka. Munchoqning ko‘zidekkina egiz bolalariyam bor edi. Ko‘paysa, ro‘zg‘orga baraka keltirar deb umid qiluvdim… Bir kechada o‘g‘irlab ketishdi!
− O‘g‘ri degan zang‘ar echkingni bozorga chiqarib o‘tirarmidi? – dedi takaning egasi shang‘i tovushda. – Bir haftadan beri uloqlarigacha so‘yib, jig‘ildoniga joylab yuborgan chiqar.
− Bilmasam, − dedi Shodiqul bu gapdan battar umidsizlanib. – Eti ustixoniga yopishgan qari echkining go‘shti kimning joniga dori ekan…
Uzun soqolini selkillatgancha kavsh qaytarayotgan shoxdor taka go‘yo Shodiqulga ichi achiyotgandek, unga qarab ma’rab qo‘ydi. Shodiqul ham jonivorga o‘ychan tikilib qoldi.
Shu payt shovqin-suronga qorishib yotgan mol bozori uzra Ko‘char jarchining bo‘g‘iq nidosi yangradi:
− O‘tgan hafta uymovutlik Shoymirza polvon, bozorda egiz uloqli kal echki sotgan! O‘rta bo‘yli, qoracha rang-ro‘yli bir jigit shu jonliqlarga ega chiqqan!.. Lekigin echkisi qurg‘ur oqshom bo‘shalib, Shoymirza polvonnikiga qochib borgan! Iymon-insofli bu odam echkini egasiga qaytaray desa, na otini biladi, na zotini!..
− Kal echki deydimi? − dedi takaning egasi ajab¬lanib. − Egiz uloqlariyam bor emishmi?
Shodiqul unga javob ham qaytarmasdan oyog‘ini qo‘liga olib o‘sha tarafga yugurdi…
Birozdan so‘ng Ko‘char jarchi, O‘tagan buva va Shodiqul shodon kayfiyatda eshak bozoriga yo‘l olishdi.
− Echkidan umidimni uzib qo‘ygan edim, − dedi Shodiqul xursandchilikdan terisiga sig‘may. – Bu yaxshiligingiz hech esimdan chiqmaydi, amakilar. Mendan qaytmasa, xudodan qaytsin.
− Zotdor maxluqingni o‘zingga qaytarmasam, mening ham ko‘nglim joyiga tushmasdi, − dedi O‘tagan buva mug‘ombirona iljayib. – Dunyoning narigi chekkasidan bo‘lsa ham topardim seni.
− Menam ertalabdan beri kekirdakka zo‘r beraverib, ovozimda ovoz qolmadi, − deb Ko‘char jarchi qirinib-qirinib yo‘talib oldi.
− Assalomu alaykum!
Qarshisida iljayib turgan Shoymirzani ko‘rib O‘tagan buvaning qiyiq ko‘zlari battar qisilib ketdi.
− Bu yerda nimaga kuydirgan kalladay tirjayib turibsan?
− Sizlarni axtarib yurgan edim, − deya kuldi Shoymirza. Shodiqulga ko‘zi tushib, beozor ko‘zlarini pirpiratdi. − Iya, siz ham kasal holingizga bozorga chiqdingizmi?
− Men kasal emasman, – dedi Shodiqul xavotirlanib. – Mening echkim qani?
− Zotdor jonlig‘ingiz egiz uloqlarini ergashtirib uyingizga ketdi, − Shoymirza o‘z hazilidan o‘zi zavqlanib kuldi.
Ko‘ngliga hadik oralagan Shodiqul madad kutgandek O‘tagan buvaga mo‘ltiradi.
− Es-hushing joyidami, guppi! − dedi O‘tagan buva. − Nimalar deb aljirayapsan?
− Echkini bu kishining akasining qo‘liga topshirdim…
− Nima?.. Mening hech qanday akam yo‘q!
− E… nega akangiz yo‘q bo‘larkan? – dedi Shoymirza dovdirab. − O‘zingiz echkining dardida uzlikib qolib, bozorga akangizni yuborgan ekansiz-ku?
− Sho‘rim qurib qoldi!
Shodiqul boshini changallagancha o‘tirib qoldi.
− Laqma bo‘lmay o‘l, Halman go‘dak!
− Echkini Xushmurod halollab ketganga o‘xshaydi, − dedi Ko‘char jarchi bo‘g‘iq tovushda.
− O‘sha odam qaysi tomonga ketdi?
− Anavi yoqqa! − dovdirab qolgan Shoymirza darvoza tomonga imo qildi.
− Yiroqlab ketmagan bo‘lsa, yetib olamiz.
Shodiqul gavdasiga yarashmagan vajohat bilan dik etib o‘rnidan turdi.
− Qo‘limga tushsa, sog‘ qo‘ymayman! Bachchag‘arning bo‘yniga arqon solib yetaklayman!
− Tezroq yuringlar! – O‘tagan buva unga g‘alati qarab qo‘ydi-da, tashqariga yo‘rg‘aladi. Boshqalar ham uning ketidan ergashdi.
Qahramonlarimiz bozor tashqarisida uzun-qisqa bo‘lib yugurib borishar, ot-eshak mingan, piyoda uylariga qaytayotgan bozorchilar ularni xayron kuzatib qolishardi. Shu payt serqatnov yo‘l chekkasida egiz uloqli kal echki yetaklab ketayotgan kishining qorasi ko‘rindi.
− Ushlanglar o‘g‘rini!
O‘tagan buva jadallab borib, unga chirmovuqdek yopishdi. Echki egasi ajablanib orqasiga o‘girildi. Ammo u Xushmurod emas, bu gal ham kal echkisini sotolmay uyiga qaytayotgan boyagi yigit edi. Burgutning changaliga tushgan quyon kabi dag‘-dag‘ qaltirayotgan yigit kamzulining yoqasidan tutib, o‘zini po‘stakdek siltab yotgan O‘tagan buvaga gap-so‘zsiz baqrayib qarab turardi.
− O‘g‘ri o‘mmoq – bozordagi cho‘mmoq! Qo‘lga tushding-ku!
Boshqalar ham birin-ketin yetib kelishdi.
− Echkini boshqa odam olib ketuvdi, − dedi Shoymirza ajablanib. − Birpasda bu yigitning qo‘liga qanday tushib qoldi?
− Yoqamni qo‘yib yuboring, − dedi yigit nihoyat o‘ziga kelib. − Echki o‘zimniki! Bozorda sotolmay, uyga qaytarib ketayapman!
− Bu bola Xushmurod emas, − dedi Ko‘char jarchi harsillab.
− Echkiyam meniki emas, − dedi Shodiqul hafsalasi pir bo‘lib. − Buning uloqlarining kallasida shoxi bor. Ana, qarang!
O‘tagan buva egiz uloqlarning kallasida boshmoldoqdek-boshmoldoqdek muguzchalari bo‘rtib turganini ko‘rib, ko‘zlariga ishonolmay qoldi.
− Bir pasda bu uloqlarga shox qayerdan bitib qoldi? − dedi u kalovlanib.
− Bolalarining shoxini aytmasa, bu jonivor biz o‘g‘irlatgan echkiga ikki tomchi suvday o‘xshaydi, − dedi Shoymirza yelka qisib. − Yana bilmasam…
− Bu dunyoda odam-odamga o‘xshaganiday, echkilar ham bir-biriga o‘xshaydi-da, − dedi biroz nafas rostlab olgan Ko‘char jarchi peshonasidagi terni chakmonining yengi bilan sidirib.
− Boya manavi kishi bozorda “nimaga echking kal, uloqlarining shoxi bor” deb dag‘dag‘a qiluvdi, − dedi Shodiqulga ko‘zi tushgan yigit alamli qiyofada. − Endi siz meni o‘g‘riga chiqarayapsiz. Qanaqa odamsizlar o‘zi?!
O‘tagan buva uning yoqasini bo‘shatib, kemshik tishlarini ko‘rsatib kuldi.
− Xafa bo‘lma, bolam, sen bilan bir hazillashdik. Yanagi bozor kelsang, o‘zim echkingni sotib beraman… Qani, ketdik. Tezroq Xushmurodni topaylik.
To‘rtovlon yana olg‘a intilishdi. Ko‘z ochib-yumguncha yuz bergan bu voqeadan hamon o‘ziga kelolmagan yigit garangsigan qiyofada ularning ortidan qarab qoldi. So‘ng echkining arqonini siltadi:
− Tezroq yur, harom qotgur! Sening kasringga sal bo‘lmasa, o‘g‘riga chiqib, elning orasida sazoyi bo‘layozdim.
* * *
Izlarsan, toparsan, deb bekorga aytishganmi, sadag‘ang ketay mashoyixlar! Nihoyat, Shodiqulning o‘g‘irlangan kal echkisi ham topildi. Ammo ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, jonivorni uchkapalik Beg‘ali qassob yetaklab, egiz uloqchalarini eshakning ustidagi taroqi xurjunning ikki ko‘ziga joylab olgan edi. Ma’lum bo‘ldiki, Xushmurod qurg‘ur allaqachon jonivorni unga sotib, juftakni rostlab qolgan ekan.
− Asli, echki olish niyatimiz yo‘q edi, − dedi bor gapdan xabar topgan Beg‘ali qassob pinagini buzmay. − Bozordan chiqishda bittasi, pul judayam zaril edi, shu echkini sotib oling, deb yelimday yopishib oldi. Shugina bandaning murodini hosil qilsak savob bo‘lar, degan xayolda yo‘q deyolmadik.
− Nahotki, Xushmurodni tanimagan bo‘lsangiz? – deb so‘radi O‘tagan buva ishonqiramay.
− Men unday odamni tanimaymanam-bilmaymanam, − dedi Beg‘ali qassob ko‘zlarini osmonga qadab.
− Shundaymi, − O‘tagan buva unga sinovchan tikildi. − O‘sha shovvoz qaysi tomonga ketdi?
− Yana qaytib bozorga kirganday bo‘luvdi.
− Xushmurod qo‘liga ilingan narsani ko‘tarib Sarman sariqning choyxonasiga yuguradi, − dedi Ko‘char jarchi. – Hozir ham o‘sha yerda echkining puliga bazmi-jamshid qilayotgan bo‘lsa kerak.
− Chiqmagan jondan umid, − dedi O‘tagan buva bir qarorga kelib. − Ikkovimiz Sarman sariqning choyxonasiga boramiz. Sizlar shu yerda kutib turinglar.
− Mening vaqtim ziq, − dedi Beg‘ali qassob qovoq uyib. − Uyda kampirim kasal…
− Bu masala bir yoqli bo‘lmaguncha hech qayoqqa ketmaysiz! − deya uning gapini kesdi O‘tagan buva. − Biroz hayallasangiz, kampiringiz o‘lib qolmas.
Ko‘char jarchi bilib aytgan ekan. Xushmurod Sarman sariqning choyxonasida eskirib, mayshayib qolgan yog‘och stolga bag‘rini bergancha kayf-safo qilib o‘tirardi. Uning qarshisida deyarli bo‘shab qolgan shisha turar, unniqib ketgan dasturxon ustida kabobdan bo‘shagan sixlar betartib sochilib yotardi.
− Echkining puli qani, uying kuygur? – deb O‘tagan buva Xushmurodning yoqasidan bug‘ib o‘rnidan turg‘azdi-da, qirq yamoq kamzuli kissalarini titkilashga tushdi. Uning yon cho‘ntagidan kattakon nosqovoqqa qo‘shilib bir dasta pul chiqdi. O‘zicha nimalarnidir ming‘irlab o‘tirgan Xushmurod qontalash ko‘zlarini zo‘rg‘a yirib, unga tikildi. Kutilmaganda O‘tagan buvani mahkam quchoqladi-da, uning terga botgan ajinli yuzlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshladi.
− Otaginam!..
− Iya-iya!.. Qo‘yib yubor-a, padaringga la’nat!
Xushmurodning og‘zidan kelayotgan ko‘lansa hiddan O‘tagan buvaning dami qaytib ketdi. Bir amallab uning quchog‘idan xalos bo‘lgach, ko‘ngli aynab, ketma-ket o‘qchidi.
− Mening qo‘limdan bir piyolagina oling, − deya Xushmurod labi uchgan sopol piyolaga to‘kib-sochib aroq quya boshladi. − Sizni ko‘rib, rahmatli otam esimga tushib ketdi…
− He, otang bilan qo‘shmozor bo‘l! – dedi O‘tagan buva qalt-qalt titrab. – Og‘zidan mosliq isi keladi-ya!..
− Pulning cho‘g‘i kamaymabdimi, ishqilib?
− Kamaymaganga o‘xshaydi, − dedi O‘tagan buva qo‘lidagi pulni chamalab ko‘rib. − Hartugul Sarman sariq hali buning karmonini qoqlab ulgurmagan ekan.
Chollar shu zahoti orqaga qaytishdi. Terlab-pishib ko‘rada kabob pishirayotgan Sarman sariq ularning ortidan hay-hayladi6:
− Hoy, shoshmanglar… Hechqursa, bu sho‘rtumshuqning yegan-ichganiga to‘lab ketinglar!
* * *
− O‘g‘ri-po‘g‘ri bilan ishim yo‘q! − dedi Beg‘ali qassob asabiy qiyofada qo‘lidagi xalacho‘pni havoga sermab. − Men bu echkini happa-halollab sotib olganman.
− Kap-katta odam, birovning moliga ega chiqishdan uyalmaysizmi? − deb zorlandi Shodiqul yig‘lagudek ahvolda. − Echkimni qaytarib bering!
− Sen bola bir-ikki zamon menga echki berib qo‘yuvdingmi? Qoch, yo‘limni to‘sma!
− Kimsan − Beg‘ali qassob degan nomingiz bor, − dedi Ko‘char jarchi nasihatomuz ohangda. − Kuningiz bir kambag‘alning tirriq echkisiga qoldimi?
− Nima, endi bir kambag‘alni deb shuncha aqchani ko‘chaga sochib ketishim kerakmi?
− Mana aqchangiz, − O‘tagan buva kissasidan g‘ijimlangan pulni chiqaridi.
Beg‘ali qassob nima deyishni bilmay bir muddat o‘ylanib qoldi.
− Qo‘l-qo‘lni taniydi, O‘tagan aka, − dedi u nihoyat bir qarorga kelib. − Men echkini faqat sotgan odamga qaytarishim mumkin…
− Uyat-puyatingiz yo‘q ekan! – dedi O‘tagan buva afsus bilan bosh chayqab.
− Bu jonivorga shunchalik havasmand bo‘lsangiz, ana, sotib olaqoling, − dedi Beg‘ali qassob mug‘ombirona iljayib. Bu gapni eshitib Shodiqulning jon-poni chiqib ketdi.
− Nimaga o‘zimning echkimni o‘zim sotib olarkanman?!
− Shundaymi? − O‘tagan buva Beg‘ali qassobga zingil solib tikildi. − Echkini sotib olaylikmi?
− Bundan boshqasiga rozi emasman! − dedi Beg‘ali qassob o‘zining topqirligidan gerdayib.
− Mayli-mayli, − dedi O‘tagan buva ham murosaga kelib. – Bo‘lmasa, eshakdan tushing, Beg‘aliboy. Ikkovimiz bir savdolashaylik.
− Bu nima degan gap?..
− Hovliqma, bolam, − deb Ko‘char jarchi Shodiqulning yelkasidan bosdi. – O‘tagan buva nima qilishni yaxshi biladi.
− Savdolashsak-savdolashaveramiz, − deb Beg‘ali qassob eshakdan tushdi. – Lekin bu jonivorlarning narxiga bo‘ylashaman deb belingiz mertiladimi, deyman-da, O‘tagan aka.
− Kuchimiz yetmasa, echki o‘zingizniki, uyingizga yetak¬lab ketaverasiz, − dedi O‘tagan buva ham bo‘sh kelmay. − Xo‘p, didingizdagi narxni ayting-chi.
− Didimizdagini aytsak… – Beg‘ali qassob bir muddat o‘ylanib qoldi. − Ellik ming so‘raymiz-da!
− Ellik ming?! – Shodiqulning ko‘zlari olayib ketdi.
− Haliyam siz ancha arzon tiladingiz, − dedi O‘tagan buva Beg‘ali qassobning qo‘lini siqa turib. – Bu jonivorlarga yuz ming bersak ham oz, lekin bir so‘m ham ko‘plik qiladi… Ha, ketsa-bizdan ketar. Zotdor jonlig‘ingizni besh ming so‘mga tiladim. Barakasini bering!
− Qirq ming! – dedi Beg‘ali qassob yana osmonga tikilib. − Bundan kamiga sotsam, otam urishadi!
− Olti ming! Xo‘p dedingizmi?
− Qo‘limni qismang-ey! − dedi Beg‘ali qassob og‘rinib. − Bo‘ladigani o‘ttiz ming!
Uyiga qaytayotgan otliq, eshakli, piyoda bozorchilar to‘planishib, yo‘l chekkasidagi sayyor savdoni qiziqish bilan kuzata boshlashdi. Egiz uloqli kal echkisini yetak¬lagan boyagi yigit ham ularning qatoriga qo‘shildi.
− Yana yuz so‘m qo‘shdim. Ko‘ndingizmi?
− Endi Beg‘ali qassobning ahvoli chatoq, − deb Shodiqulning qulog‘iga shivirladi Ko‘char jarchi soqolini tutamlab. − Echkini sotmasa, O‘tagan buvaning changalidan sog‘ qutulmaydi.
− To‘g‘ri-to‘g‘ri, − deb iljaydi O‘tagan buvaning maqsadini tushunib yetgan Shodiqul. − Biz ham bu qo‘llarning mazasini tatib ko‘rganmiz.
− Yaxshi narx bo‘ldi! − dedi O‘tagan buva hamon Beg‘ali qassobning qo‘lini uzib olmoqchidek jon-jahdi bilan siltab. − Bundan ortig‘ini bozor ko‘tarmaydi. Taysallamay xo‘p deng!
− Bozor ko‘tarmasa, uyga olib ketaman, − dedi Beg‘ali qassob yig‘lagudek ahvolda. − Qo‘limni sindirasiz!..
− Odam deganam shunchalik chinoq bo‘ladimi? O‘zi, bu qoqsuyak maxluqning mahri bir tangagayam arzimaydi. Haliyam men dagarlik qilaman!..
Echki savdosi ko‘pam uzoq davom etmadi. O‘tagan buva jonivorning narxini yetti ming so‘mga ko‘targanida Beg‘ali qassob uning qarshisida cho‘k tushib, ingrashga tushdi.
− Echking bilan qo‘shmozor bo‘l… Roziman!
O‘tagan buva uning qo‘lini qo‘yib yubormasdan Ko‘char jarchiga yuzlandi.
− Siz nima deysiz, qiziq ustida echkining narxini oshirib yubormadimmikin?
− Beg‘aliboyning echkisi zotdor ekan, − dedi Ko‘char jarchi salmoqlab. − Ko‘zni yumib olavering.
− Mayli, sizning ham sazangiz o‘lmasin, − deb O‘tagan buva g‘ijimlangan pulni Beg‘ali qassobga uzatdi. − Barakasini bering, Beg‘aliboy.
− Barakasi boshidan qolsin! Ko‘zimdan yo‘qotinglar bu ta’viyani!
Shodiqul xursandchilikdan terisiga sig‘may, eshakning bo‘ynidan kal echkining arqonini yecha boshladi. Shoymirza O‘tagan buvaning imosi bilan taroqi xurjundan egiz uloqchalarni chiqarib oldi.
Beg‘ali qassob O‘tagan buvaning changalidan xalos bo‘lgan qo‘lini avaylagan kuyi bir amallab eshagiga mindi-da, xayr-ma’zurni ham nasiya qilib jo‘nab qoldi. Bozorchilar ham o‘zaro echki savdosini muhokama qilgancha birin-ketin tarqalishdi:
− Yaxshi savdo bo‘ldi.
− Echkining tishlari butun ekan.
− Sal arzon ketdimi deyman…
Ammo echki yetaklagan yigit ketishni ham, ketmaslikni ham bilmayotgandek hamon ularning yonida qaqqayib turardi.
− Qiziq ishlar bo‘ldi-da, Ko‘char buva, − dedi O‘tagan buva jilmayib. − Aytsang, birov ishonmaydi.
− Nimasini aytasiz, − dedi Ko‘char jarchi uning gapini ma’qullab. − Shuncha yil bozorda jarchilik qilib, bunaqa hangomani ko‘rmagan edim.
O‘tagan buva daf’atan qiyiq ko‘zlarini battar qisib, yigitning echkisiga tikildi. So‘ng Shodiqulning echkisiga yuzlandi.
− Qurg‘ur bu maxluqlar xuddi bir qorindan talashib tushgan opa-singillarga o‘xshaydi-ya, − dedi ajab¬lanib. − Urug‘ingga o‘t tushgurlar-ey…
Boshqalar ham echkilarga yuzlanishdi. Chindanam, jonivorlar ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshar, uloqlarini aytmasa, ularni bir-biridan ajratish mushkul edi.
O‘tagan buva beixtiyor kemshik tishlarini ko‘rsatib kuldi. Echki yetaklagan yigit ham jilmaydi. Boshqalarning ham chehrasiga tabassum indi. Kutilmaganda Shoymirzaning momoqaldiroq gumburiga monand qah-qahasi yangradi. Yigitning kal echkisi hurkib o‘zini chetga oldi.
* * *
Kimsasiz dasht oralab o‘tgan tuproq yo‘lda qo‘shaloq echki yetaklagan O‘tagan buva eshagiga xala bosib borar, Shoymirza bilan Shodiqul uning ortidan shoxli-shoxsiz uloqchalarni haydab ketishardi. Tuproq yo‘l o‘ngu so‘lga bo‘lingan joyda ular bir zum oyoq ilishdi.
− Qochoq echkingning shuncha hunar ko‘rsatgani yetar, − dedi O‘tagan buva Shodiqulga o‘girilib. − Buyog‘iga hushyor bo‘l. Bu la’nati tag‘in bir baloni boshlamasin.
− Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, amaki, − dedi Shodiqul o‘ziga tegishli echkining arqonini uning qo‘lidan ola turib. − Kerak bo‘lsa, oyog‘iga zanjirdan tushov solib qo‘yaman.
− Tumshug‘idan no‘xtalab qo‘ysangiz ham bo‘ladi, − deb maslahat berdi Shoymirza.
− Sizlarning bu yaxshiligingizni o‘la-o‘lgunimcha esdan chiqarmayman, − dedi Shodiqul mutaassir bo‘lib. − Rahmat, amakilar.
Shundan so‘ng u echkisini yetaklab chap tarafga burildi.
− O‘zi zotdor echki edi, har yili egiz tug‘ardi…
− Zotiga qirg‘in kelsin bularning! − norozi ohangda to‘ng‘illadi O‘tagan buva. − Biridan qutulib, boshqasiga tutildik… Hayda, orqasidan!
O‘tagan buva yetovidagi kal echkining arqonini zarda bilan siltab, eshagiga xala bosdi. Kallasida boshmoldoqdek-boshmoldoqdek muguzchalari bo‘rtib turgan egiz uloqchalar zorlanib ma’ragancha onasiga ergashdi. Shoymirza ancha uzoqlashib ketgan sobiq echkisiga so‘nggi bor qarab oldi-da, O‘tagan buvaning ketidan lo‘killab jo‘nadi.
2005 yil.