Farrux Jabborov. Tramvayda yurish mashaqqatlari (hajviya)

“Yozuvchi nafaqaga chiqmaydi”. Tog‘ay Murod aytgan. “Yozuvchi dam olayotganda ham ishlaydi”. Abdulla Qahhor aytgan. Masalan, birovning oyog‘ini tramvay bosib ketsa, yozuvchi vaziyatni, odamlarning o‘zini tutishini tasvirlab qog‘ozga tushirib qo‘yishi kerak. Mabodo qachonlardir asar yozishda shu epizodga zaruriyat tug‘ilsa, hech kim oyog‘ini tramvayga bostirishga rozi bo‘lmaydi…
Kecha ertalab bekatdagi manzarani ko‘rib Abdulla Qahhorning shu gaplari esimga tushib ketdi. Tumonat odam – o‘rtada tramvay. “Yozuvchi bo‘lish payti keldi”, o‘yladim o‘zimcha. Afsus, hech kimning oyog‘ini tramvay bosmabdi. Negadir hafsalam pir bo‘ldi. Agar mendan yozuvchi chiqmasa, ayb tramvayda, deb ovungan bo‘ldim-da, o‘zimni odamlar orasiga urdim. Chunki tramvaydan qolib ketishim mumkin edi. Biroz o‘tgach, o‘zimni odamlarning o‘rtasida ko‘rdim, keyin tramvayga chiqib olganimni sezdim, so‘ngra esa… Qarshimda basharasini basharamga tirab turgan mavjudotning kim ekanligini bilolmadim. Erkak bo‘lsa kerak deb o‘yladim, ayolmikin, yo‘q, erkak ekan… yo adashdimmi?!
Odamlar to‘lqini sekin-sekin chayqaldi. Orqadan hayqiriqlar eshitildi. Vaqtliroq harakat qilmaganimda, demak, men ham so‘kinishdan boshqa iloj topolmay qolar ekanman. Har holda qarshingda senga qapishib turgan jinsi noma’lum odamning nafasi nafasinggga qo‘shilib ketsa ham, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Tramvayga minishni eplaganga chiqargan. Ayniqsa ertalab.
Iya?! Tramvayning tagi yo‘qmi?! Nega oyog‘im yerga tegmay qoldi? “Boshing osmonga yetsa ham, oyog‘ing yerdan uzilmasin” degan maqolga rioya qilib tubanga tushishga intildim. Yevtushenko aytganday, tubanlikning chegarasi yo‘q, qancha harakat qilmay hech pastga yetolmayman. Bir kuch shunday siqib kelayotgan ediki, odamlar bir-biriga tobora singishib borardi. Keyin bilsam, o‘sha kuch kondoktor ekan. “Jasorat” degan orden o‘ylab topish kerak-da, shu xotinga berib yuborish kerak. Shuncha odamni yorib o‘tayapti-ya? Yo‘lovchilarning esiga cho‘ntak kovlash tushib qoldi-ku! Kimdir oylik chiptasini qidiradi, yana kimdir oylik chiptasini… Shunda cho‘ntagimda bir nima qimirlay boshladi. Avvaliga o‘zimning qo‘lim bo‘lsa kerak deb parvo qilmadim. Qarshimda turgan odamning orqasidagimi, yo uning orqasidagimi yuzimga bir tarsaki tushirdi. Har holda mo‘ljaldan adashdi, shekilli.
– Tort qo‘lingni, kuppa-kunduzi-ya? Uyalmaysanmi? – deb o‘shqirdi kimdir. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – O‘g‘irlik qilgani… demoqchi edim.
– Unda mening cho‘ntagim qani? – bo‘sh  kelmay baqirdim.
Janjal shu yerda tugadi. Chunki qarshimdagi odamning orqasidagining orqasidagining orqasidagi uyalmay, bemalol aksa urib yuborsa bo‘ladimi? Yuzimga nimadir shundoq yopishib qoldi. Artib tashlamoqchi bo‘lib cho‘ntak kovladim, qo‘limda ayollarning ro‘molchasi turibdi, bu nimasi endi? Kimniki ekan-a? Qo‘lim bir siltandi-da, dastro‘mol yulqib olindi. Egasini topdi, chamamda. Ilojsiz qolib yengim bilan aftimni artmoqchi bo‘lsam, “Hey, bu mening yuzim-ku!” deydi bittasi. Unda mening yuzim qani?! O‘zimcha, jahl qilgan bo‘lib, shartta o‘girildim. Yo‘q, shunday deb faraz qilgan ekanman. Lekin harakat bekor ketmadi. Basharamdagi qayergadir… ha, qayergadir…
Inson baxtsizlikdan ham baxt topib yashasa, bo‘ladi. Masalan, o‘zingni tiqilinchdaman deb o‘ylamaysan. Yaxshi narsalar haqida o‘ylashga harakat qil. Misol uchun, ayollarimizning bayrami haqida, ularning yildan yilga e’zozlanayotgani haqida o‘ylash kerak. Axir onangning, ayolingning, qizingning bayrami sening ham bayraming emasmi? Yana o‘zingni tabiat qo‘ynidaman deb tasavvur qil. Buning uchun tramvay derazasidan tashqari qarasang bo‘ldi. Xudo ham bo‘ydan bergan. Agar pakana bo‘lganingda nima qilarding? Ko‘rdingmi, bu yerda sendan ham ko‘proq qiynalayotganlar bor. Mana bittasi, pastdan: “He, onangni…” degan so‘kinish eshitildi. Xuddi hech so‘kish eshitib yurmaganday yo‘lovchilar “muallif”ni qidira boshladi. Bechora nima deb qo‘yganini anglab qoldi-ku! Darrov aybini yopdi: “Men so‘kayotgan odam bu yerda yo‘q!” Xayriyat, yo‘lovchilar tinchlanib olishdi. Tinchlanmaganda ham qo‘lidan nima kelardi?
– Hey, tepadagilar! – Yana o‘sha ovoz. – Havo yetmayapti!
– Havo yetmasa, kim senga tramvayga chiqsin dedi. Taksida ket! – Shunchalik beparvo ohangda gapirib bo‘lishini hozir eshitishim. Yana so‘kinish… Lekin hech kim miq etmadi. Chunki shofyor so‘kayotgan ekan. Sabab – eshik yopilmayapti. Konduktor xotin bir tomondan, haydovchi erkak bir tomondan tepib-tepib eshikni yopish baxtiga muyassar bo‘lishdi. O‘zi tramvayga eshik nima kerak? Olib tashlansa-ku, yana ikki-uchta ko‘proq odam chiqishi mumkin…
Ha, darvoqe, qarshimdagi odamning kimligini aytmoqchi edim-a?! Qo‘ying, bahor ayyomi kunlarida kayfiyatingizni buzmay qo‘ya qolay. Lekin shunisi aniqki, qarshimdagi “bashara” emas, “chehra” ekan.
Aytgan edim-a, baxtsizlikdan ham baxt topib yashasa bo‘ladi, deb

Jizzakiy