Farrux Jabborov. Tovuq yili (hikoya)

– Voy-voy-voy, jonidan to‘yganmi bu?! – haydovchining yonidagi o‘rindiqda o‘tirgan xotinning shang‘illashidan hamma sergak tortdi.
“Damas”ning old oynasi “Kamaz”ning kuzoviga “tirs” etib tegdi.
– Shopir aka! Ko‘zingizga qarasangiz bo‘lmaydimi?
– Bola-chaqamiz bor-a…
– O‘zingizni o‘ylamasangiz ham, orqadagilarni o‘ylang!..
“Damas” ichi bir zumda qiy-chuv bo‘lib ketdi, go‘yo tovuq katakka aylandi-qoldi. Boyagina barchasi o‘z xayollari bilan band – jimgina kelayotgandi. Endi esa bari bir tomon bo‘lib, haydovchini talayapti.
– Sog‘ona, eshigingiz ham ochilmay qoldi… – o‘rta qatorda o‘tirgan xotin bozor xaltasini qo‘ltiqlab olib, oynaning chambaragiga yopishardi.
Orqa o‘rindiqdagi yigit indamaygina dastakni tortib, eshikni ochdi-da, o‘rtadagilarni kutmasdan sakrab tushib ketdi. Bir mashina “g‘iy-y-y-q” etib chinqirib to‘xtadi. Haydovchisi oynadan boshini chiqarib baqirdi:
– Ho‘, so‘tak! Katta xolangdan qolganmi, yo‘lning o‘rtasida tushasan!..
“Damas”dagi boshqa yo‘lovchilar ham o‘zlarini tappa-tappa pastga tashlamoqchi edi, bu dakkidan keyin sal es-hushlarini yig‘ib olishdi. Ko‘gala soqolli chol sekin haydovchining yelkasiga shapatiladi:
– O‘g‘lim, mashinani chekkaroqqa oling.
Bu paytda “Kamaz”ning qorasi ham ko‘rinmasdi: egasi, aftidan, nima bo‘lganini payqamadi ham. Yo‘lovchilar bozorda “Damas”ga qanday urilib-surilib minib olgan bo‘lsa, hozir yana taloto‘p bilan tushib ketdilar. Har kim o‘ziga o‘zi, asablarini tinchlantirish uchunmi, vaysardi:
– Ikkinchi chiqqanim bo‘lsin shu qutiga!
– Sal qolsa majaqlanib ketardi-ya…
– Yanayam xudo bir asradi…
Diydiyolar haydovchining qulog‘iga kirmasdi. Rul chambaragini quchoqlab, iyagini tirab, uzoq vaqt karaxt o‘tirdi. Ko‘z o‘ngida yuzlab darz ketgan oyna: olam ham parcha-parcha bo‘lib ko‘rinardi.

Narziqulni ikki o‘g‘lining dardi ado qildi. Chopmagan joyi, taqillatmagan eshigi, kirmagan teshigi qolmadi. To‘yga atab boqib o‘tirgan ho‘kizu qo‘chqorlarini bozorga olib chiqdi. Pulini hali advokatning cho‘ntagiga tiqdi, hali prokurorning g‘aladoniga soldi. Ish siljiyvermagach, bergani ko‘ziga kam ko‘rindi. Hovlining yarmini pulladi. Uy-joy shoshilinchda suvtekin ketdi. Mayli, bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar. Toshkentga qatnab esidan ayrildi, qora yo qizil, yog‘och yo temir eshiklarga sarg‘aydi. Tanish qidirdi, yalindi, erkak bo‘la turib ko‘zining suvini oqizdi. Yana qarz ko‘tardi, uyini ship-shiydam qildi. Kimlargadir choy berdi. Harna kamchiqim bo‘lay deb o‘zi yemay, ichmay o‘tirdi… Narziqul topganini qo‘ltiqlab chopaverdi, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytaverdi. Axiyri akasi bo‘lari gapni aytdi:
– Ko‘rgilik, uka, ko‘rgilik. Peshonangda shu bor ekan, nima qilasan endi… Suyunlarga qo‘yilgan ayblov bilan hech kim qutulib qolmagan hali. Undan ko‘ra singillarining ertangi kunini o‘ylagin. Topganingni havoga sovurma…
Narziqulning to‘lib turgan sabr kosasini toshirgan so‘nggi tomchi bo‘ldi bu nasihat. Birdan jigargo‘shasining giribonidan oldi. Ko‘zlari yoshga to‘lgan, akasining yuzidagi xotirjamlikni payqamas, olam xiralashib qolgandi:
– Siz ham qarzingizni so‘ragani keldingizmi? Bitta “Matiz”cha ekan-ku, olib beraman, o‘lib qolmasam. To‘g‘ri aytgan, o‘zi: jon qarindosh – mol qarindosh emas, deb. Hammangning o‘ying – bergan pullaringni amallab qaytarvolishda! Mening ikki o‘g‘lim-chi… Mushtdayligidan ko‘z o‘ngingizda o‘smaganmi?! Bugun boshiga ne kunlar tushmayapti. Tanasi boshqa dard bilmas ekan…
Hotam ukasining nimjon qo‘llarini yoqasidan bo‘shatdi, boshini o‘ng yelkasiga oldi, oppoq sochlariga tikilib qoldi, sekin kiftiga qoqdi:
– Qo‘y, uka. Jonim achiganidan aytayapman. Moshini ham, puli ham… o‘g‘illaringning boshidan sadaqa!
Narziqul qoq changakka aylangan qo‘llari bilan boshini ushlagancha yerga o‘tirib qoldi. Ko‘zlari shishib ketgan, qaddi bukchaygan xotini ko‘rpacha keltirib, tagiga to‘shamoqchi edi, unamadi:
– Qo‘yaver… Yer zahrimni olar, – xuddi yosh boladay tuproqqa nimalarnidir chiza, yoza boshladi. – Kecha pochcham kelgandi. Kamxarj bo‘lib qoldik, ot olmoqchiydik… deydi. O‘zi, eshik taqillashidan yurak o‘ynog‘im bor. Ko‘ngil so‘ragandan, pul so‘ragan ko‘p, aka! Opam girdikapalak bo‘ladi, tish yorolmay ketadi – dardi shu ekan…
– Pochchangning fe’lini bilasan, Hadichaga ham oson tutma… – Nimalarnidir chamaladi, shekilli, mo‘ylovining uchini burab xayolga toldi. – O‘zim gaplashib ko‘raman. Birovdan topib berarman… – yuziga fotiha tortdi-da, o‘rnidan turdi. Darvozaxonaga burilmasidan qadamini sekinlatdi. Orqaga qaramay dedi: – Sen… haligi gapni o‘ylab ko‘r…
Narziqul haliyam tuproq o‘ynab o‘tirardi. Mayin tuproqni ikki tomonga siyirib, tekis joy ochdi. Cho‘p bilan qirib yoza boshladi: “Suyun”, “Furqat”. Yozuvning ikki tomonida bir uyumdan tuproq turardi. Ota qilgan ishidan seskanib ketdi. So‘ng faqat o‘ng tomondagi uyumni tekislab tashladi.
Xotiniga aytolmadi. Lekin kazo-kazolarga sovuqqina qilib tushuntirdi: “Shuncha qilganim, hech bo‘lmasa, birini asrab qolish uchun yetar… Kichigi ko‘p aralashmagan-ku!..”

Er-xotinning kiygan yangiroq kiyimi ham yuz-ko‘zidan tortib bor bo‘yicha, butun borlig‘iga singib ketgan g‘am-anduhni yashira olmas edi. Ayolning qo‘lidagi bozorxalta qaddini yanada egib qo‘ygan, erining esiga kelmaganmi, o‘zi oldinda ildamlab borardi. Muyulishda “Damas” turgan ekan, shunga shoshgan chiqar. Mashina eshigini ochdi, ichkariga alanglab, bitta joy bo‘shligini ko‘rdi. Lo‘killab ortiga qaytdi-da, xotinining qo‘lidagi yukni oldi. Shitoblab kelib, “Sig‘ishaylik”, dedi eshitilar-eshitilmas. “Siz to‘rga o‘ting, yangam o‘rtaga amallar”.
Narziqulning boshi do‘q-do‘q etib tepaga tegib borarkan, dam-badam haydovchining o‘rniga qarab qo‘yardi. O‘sha old oynasi singan safar “Damas”ni ham egasi olib qo‘ygan. Shu ko‘yi piyoda, mashina minib o‘rgangan odam yayov qolsa, qiyin bo‘larkan. Istaganida o‘t oldirib, istaganida to‘xtatadigan odam birovning ra’yiga qarab tursa… “Damas” har chuqurga tushganida xotini ham ilinibgina o‘tirgan o‘rnidan otilib ketadi: sho‘rlikkina o‘zini oldirib qo‘ydi, ilgarilari yursa, yer lorsillardi-ya…

Temir eshiklar “shirq-shirq” etib birin-ketin ochilib borar, ayol hech qayerga qaramasdan erining ortidan ketardi, eri esa melisaga ergashgan.
Ko‘rsatilgan xonaga kirib o‘tirdilar. Ayol ro‘molini bilimsizgina to‘g‘rilab qo‘ydi, atrofga alang-jalang qaradi. O‘rnidan turib, erining narigi yonboshiga ham o‘tdi – yo‘q!
– Iy, xaltamiz qani?!
– Kirishda olib qoldi-ku! O‘zlari berisharkan.
– Tushuntirishim kerak edi-da, ikkoviga bo‘tan-bo‘tan qilganman.
– Biladi, qizlaring “Bunisi Suyun akamga”, “Bunisi Furqat akamga”, deb yozayatuvdi.
Ayolning ko‘ngli xotirjam tortdi, borib o‘rniga o‘tirdi, yana ro‘molini to‘g‘rilab qo‘ydi. Etagini yig‘ishtirgan bo‘ldi.
“G‘i-yq”. Eshik ko‘klamda qaytgan g‘ozday ovoz berdi. Furqat… baland, yelkador, istaraligina yigit jilmayib kirib keldi. Bilmagan odam uni mahbus emas, shu yerda ishlasa kerak, deb o‘ylaydi. Otasi bilan quchoq ochib ko‘rishdi, onasining bag‘riga intildi:
– Yaxshi yuribsizlarmi? Yangam, singillarim tuzukmi? Qishloqda nima gaplar?.. – U labi labiga tegmay so‘rashar, ota-onasining savol berishiga imkon qoldiray demasdi. – Ola sigirimiz tug‘dimi, og‘zilaringiz oqqa yetib qolgandir…
Halitdan beri tinmay yig‘layotgan ona:
– Sizlarga g‘ilmindi qilib kelganman. Yupqasini singillaring yoygan. Melisalar keyin berisharkan… Akang ko‘rinmaydi? Diyni sog‘mi?..
“Bir oz shishibdi… – o‘yladi ota. – Qiynashganmikan? Suyun nega chiqmadi? Oldingi kelganida oxirgi uchrashishimiz, degandi. O‘zi bolaligidan qaysar edi-da. “Bizdan umidingizni uzing. Har kimga sarg‘ayavermang. Iloji bo‘lsa, ukamni qutqaring. Bo‘lmasa, singillarimga yaxshi qarang. Bo‘larimiz bo‘ldi…” – deya gapni qisqa qilgandi. Ota o‘g‘lining, balki o‘zining ham ko‘nglida umid uyg‘otmoqchi bo‘ldi: “Bovangning bir tanishi Toshkentda ishlar ekan…”, “Tog‘ang vazirlikdagi kursdoshini qidirib ketdi…”. Suyun otasining gapini bo‘lmasdan eshitdi-da, horg‘ingina “mayli”, deya o‘rnidan turdi…
Ona-bola quyuq suhbatlashib o‘tirardi. Furqatdagi ko‘tarinkilik onasiga ham yuqibdi. U dunyodagi eng baxtiyor ayoldek dunyodagi eng xush xabarni o‘g‘liga yetkazardi:
– Otang aytdi: hademay seni chiqazadi, qor tushguncha akang ham qutular ekan. Toshkendagi katta tanishini ishga solib edi, undaychikin odamlar bitta telpon ursa, nima degan gap, sizlarni qamaganlarding o‘zini qamab qo‘yishar…
Furqat ma’yus tortib qoldi: eh sodda onam-a, nimalar bo‘layotganini tasavvur ham qilolmaydi. Ayol o‘g‘lidagi ma’yuslikni o‘zicha tushungan bo‘ldi:
– Qizlarning eng sarasini kelin qilamiz. Aytganingni olib beramiz. Ha, otasi… – deya eriga yuzlandi.
Narziqul nima deyarini bilmay, ko‘zini olib qochdi. Shu payt “Vaqt tugadi!” degan keskir ovoz yangradi. Ayol o‘rnidan sapchib tushdi: bir eriga, bir melisaga javdirab qaradi, o‘g‘lining bo‘ynidan quchdi, yuzidan o‘pdi. Yigitning miyasida “Shukr!” degan so‘z yalt etib o‘tdi.
– Hammaga salom aytinglar. Ko‘rdingizlar, biz yaxshimiz. O‘zingiz aytganingizday, tez kunlarda chiqarib yuborishadi…
Er-xotin yana temir eshiklar oralab borardi. Endi ayol har yoqqa alanglab, har bir derazaga ko‘z tikadi: qayerdadir Suyuni qarab turmaganmikan?!

Ayol nimalar bo‘layotganini anglamas edi. Katta zal, to‘rda baland minbar: kurkaning xo‘roziga o‘xshab baqbaqalari shishgan, badqovoq odamlar qo‘r to‘kib o‘tiribdi. O‘ng qo‘lda temir qafas: ichida Suyun, Furqat va o‘rtoqlari tik oyoqda turibdi. Pastda qator-qator o‘rindiqlarda tumonat odam, chol ham bor, kampir ham; do‘ppili ham bor, do‘ppisiz ham; soqolli ham, soqolsiz ham; hijobli ham, hijobsiz ham; ro‘molli ham, ro‘molsiz ham… Kimlargadir so‘z beriladi, oldinga chiqib gapiradilar: birovi maynaday sayray ketadi, birovi boyo‘g‘liday g‘o‘ldirab qoladi. Savol so‘raydi, javob aytadi. Yig‘laydi, yig‘laydi…
Ayol qo‘lidagi ro‘molning tugunini yechadi: so‘z navbati kelsa, shoshib qolmay deydi, qandaydir qog‘ozlarga ko‘z tashlaydi, sudyalarga ham ko‘rsatmoqchi: mana, o‘g‘illarim juda yaxshi o‘qigan, domlalari otangga rahmat degan bitik jo‘natgan, deydi… Lekin unga hech kim so‘z bermaydi. Eri o‘rnidan turib chaynaladi: … rahmat… bilmay qolibmiz… kechirim so‘raymiz… Jim qoladi, gapini yo‘qotadi: o‘zi, o‘g‘illarim bundaqamasidi, kimlardir yo‘ldan urgan-da, deb yuboradi. Shu tobda Suyunning o‘qday nigohiga ko‘zi tushib, tilini tishlaydi, yana oldingi xirgoyisini takrorlaydi: … rahmat… bilmay qolibmiz… kechirim so‘raymiz…
To‘rdagilar chiqib ketadi, yana qaytib kiradi, bir nimalarni o‘qib beradi, qandaydir raqamlarni tilga oladi. Zaldagilarning ayrimlari hushidan ketadi, ayrimlari ajinlarini to‘ldirib oqayotgan yoshlarini artadi… Panjara ichidagilarning ba’zilari tashqari chiqariladi, kishanlar yechiladi, atrofini yaqinlari o‘rab oladi.
Ayol ozod etilgan mahbus borki, mening bolam emasmikan, deya tikiladi. Yana qaraydi, ko‘z uzmaydi. Oxiri Furqatning ham qo‘lini bo‘shatdilar. Ona negadir unga emas, panjara ichiga talpinadi, melisalar yo‘lini to‘sadi, yashil kiyimlar osha to‘ng‘ichiga so‘z qotadi: “Suyun, sen xafa bo‘lma. Bolam, qishga qolmay seni ham qo‘yvorishadi…”. O‘g‘il bu tomonga qaramaydi, boshini tik tutgancha turaveradi. Onaizor hali gapini tugatmasdan o‘zini Furqatning quchog‘ida ko‘radi. Qizlari girdikapalak bo‘ladi. Ota o‘g‘lining yelkasiga qoqib qo‘yadi. Zaldagi yana bir kishini hamma unutadi. Yuziga dog‘ tushgan juvon panjara ichidan ko‘z uzmaydi, bir nigohni qidiradi, tutib olmoqchi bo‘ladi. Biroq Suyun qilt etmay turaveradi…

Qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar, do‘st-yoronlar qutlagani keladi: “O‘g‘lingiz qaytib, bag‘ringiz to‘lib qoldimi”, deya ko‘ngil so‘raydi. Lekin na otaning, na onaning ko‘ngli yorishadi. Nim tabassum etadilar. Ham to‘y, ham aza…
Suyun bilan ko‘rishib bo‘lmaydi. Boshida o‘zi ko‘nmaydi, keyin melisalar. Axiyri, tanish bir komandir uni qorovulminoraga chiqarishga va’da qiladi. Aytilgan vaqtdan ancha oldin butun oila baland devor yaqinida jamuljam bo‘ladi. Askar ulardan bunday to‘planib olmaslikni, bir nechasining nari ketishini so‘raydi. Furqat ikki singlisini ergashtirib, xoliroq joyga borib turadi. Hammaning nigohi beton devor, tikanakli simlar, temir qorovulminoraga tikilgan. Soat millari imillaydi. Quyosh tobora qizdiradi, yuzlardan ter quyiladi. Lekin ko‘z yumilmaydi. Mana shu kutish, mana shu sukunat bir umr davom etadigandek…
Axiyri qorovulminoraga kimdir ko‘tariladi. Tanish komandir xotirjam bosh irg‘aydi, besh barmog‘ini yozib ko‘rsatadi-da, yana pastlaydi. Endi tepaga ko‘tarilgan odam Suyunga kelbat beradi. U tomon intiladilar, ovoz yetar joyga yetishganida, Suyun avval otasiga, onasiga, keyin ayoliga, ukasiga, singillariga bir-bir qaraydi, lekin nigohlar to‘qnashmaydi. So‘ng o‘z odaticha uzoq-uzoqlarga burgutqarash qilganicha deydi:
– Ota… Nevarangiz tug‘ilsa, ismini Yodgor emas, Elbek qo‘ying!
Otasining mungli mo‘ltirashiga, onasining hay-haylashiga, ayoli va singillarining izillashiga, ukasining chaqirig‘iga parvo qilmay, temir zinalarni og‘ir qadamlari bilan “tap-tap” bosganicha pastlab ketadi…

2013