Farid Usmon. Bir piyola suv (qatra)

Chol qotib ketgan bolishga tirsagini tirab o‘tirdi. Oyoqlarini ko‘rpachadan chiqarib uzatarkan, chuqur “uh” tortdi. Qo‘li bilan paypaslab, ko‘rpacha tagiga qistirilgan dastro‘molni olib, yoshlangan nursiz ko‘zlarini artdi. Paxmoq soqolini silar ekan, ko‘ngli o‘rtanayotganini his qildi. Ko‘z oldiga muzdekkina, qip-qizil bir tilik tarvuz keldi.
Qani endi, hozir bir tilik tarvuz bo‘lsa, vujudi sal huzur topardi, chanqog‘i bosilardi. Dardiga malham bo‘lardi. Balki… ko‘ngli yorishib yengil tortarmidiykin…
Cholning xayolida tarvuz bozori gavdalandi. O‘tgan yili pishiqchilik vaqtida, birorta tarvuz yo qovun olib ketay, deb juma namozini o‘qigach, bozorga kirdi. Tarvuz-qovun to‘p-to‘p bo‘lib yotibdi. Xaridorlar yetilib pishgan qovunlarni “tap-tap” urib dehqon bilan savdolashadi.
U aylanib yurib tarvuz sotayotgan eski qadrdoni Mamadalini uchratib qoldi. Mamadali do‘stini qo‘yarda-qo‘ymay yoniga o‘tqizib katta bir tarvuzga pichoq tortdi. Ular tarvuzxo‘rlik bahonasida shomgacha suhbatlashib o‘tirishdi. Qaytishda uni uyga taklif qildi, ko‘nmadi, lekin qo‘ltig‘iga birmas ikkita tarvuzni qistirib qo‘ydi. Ko‘tara olmayman, yo‘lda qiynalaman, deb zo‘rg‘a bittasini olgani kechagidek esida.
Chol yuzlariga qo‘ngan pashshani yelpib haydarkan, do‘sti haqida o‘ylay boshladi. O‘shanda ancha tetik edi. Balki hali ham bardamdir.
U qovoqlari ichiga cho‘kkan ko‘zlari bilan ozganligidan shalvirab qolgan oyoqlariga tikildi. Oyoqlarini yig‘ib, tizzasini bukdi. Go‘shti ketib bo‘sh xaltaga o‘xshagan boldirlarida harakat qilish uchun mador qolmaganligini sezdi.
Serfarzand bo‘lsang ma’qul ekan. Bittayu bitta qizi o‘zidan ortmaydi. Kampiri rahmatli vafot etgandan keyin cholning yuragini ko‘proq yolg‘izlik dahshati kemirardi. Endi-chi, endi boshi yostiqqa tegib qolgandan beri ko‘proq yoshligini qo‘msaydigan bo‘lib qoldi.
Yoshligida o‘t bo‘lgan. Hech narsadan hayiqmagan. Hozirgidek chorasiz, tashna bo‘lmagan. Endi-chi?
Ro‘parasida ko‘ziga xira-shira tashlanayotgan devorlar oynadek ko‘rinadi. Ana bu nimaning tovushi bo‘ldi? Kaltakesak chiqillaganga o‘xshadimi, yo ko‘cha eshik zanjirini birov taqillatdimi? Nevarasi kirib kelsa-ya, koshkiydi, darhol “Ko‘chadagi ariqdan bir piyola suv olib kir” der edi. Bir piyola suv. Og‘zi quruqshayapti. Tili tanglayiga yopishib qolgandek. Nimjon gavdasidan so‘nggi quvvati ham chiqib ketayotganga o‘xshaydi. Bir piyola suv…
Xayolan bir piyola suvni, tiniq zilol suvni sipqordi. Toliqqan tomirlariga qon yugurdi. Bemajol vujudini ko‘rpaga tashlab oyoqlarini uzatdi. Bir piyola suvning quvvati panjalarining uchlarigacha yetib borib, harakatga keltirdi go‘yo.
Uzala tushib yotgisi keldi. Nimjon qo‘llari bilan ko‘rpani ko‘tarib, oyoqlarini yig‘di. Boshi aylangandek bo‘ldi. Tomog‘i battar qaqray boshladi. Notekis ishlayotgan miyasida yana bir piyola suv gavdalandi. U quruq lablarini bemajol tili bilan yalamoqchi bo‘ldi. Bo‘lmadi. Yutinib qo‘ya qoldi. Yutinganda quruqshab qolgan kekirdagini bir narsa tilib ketdi.
Hayolida chopib borardi. Ana anhor. To‘lib-toshib oqyapti. Engashib bir piyola suv olib ichdi, yana ichdi, yana… So‘ng yuzini yuvdi. Suv tomchilari yuzida munchoq-munchoq bo‘lib qoldi. Suv hayqirib oqmoqda. Yoshlik singari hayqirmoqda. Xuddi o‘ziday…
Yoshlik ariqdagi o‘ynoqi suv misol. Toshib oqadi. Orqasiga qaramaydi. To‘siqlarga uchraganda dimlanib qoladi, lekin u bu dimlanishga deyarli e’tibor bermaydi. Yoshlik ham shu singari, juda tez o‘tib ketadi. Ariqdagi suvdan ham tez. Yoshlikda inson buning qadriga yetmaydi. Uni e’zozlash o‘rniga tahqirlaydi, bevaqt barbod qiladi. Yoshligini xazon qilganlar kammi. Juda ko‘p. Yoshlik quvvatini ehtiyot qilish kerak. Dunyoda eng yomon dard — keksalik. Mana shu dardni vaqtincha bo‘lsa-da, daf qilish uchun yoshlik bunyod etgan kuchdan foydalanish mumkin bo‘lsin. Oh yoshlik, qaylardasan? Qani, sendagi kuch-quvvat?!
Chol so‘nggi jumlalarni pichirlab aytdi, ko‘zini ochib shipga qaradi. Shu payt bir narsa chirq etgandek bo‘ldi. U kaltakesakmikan, qayerda chiqillayapti, deb diqqat bilan quloq sola boshladi. Qulog‘iga ko‘cha tomondan qadam tovushi chalingandek bo‘ldi. U boshini ko‘tarib oyoq tovushi kelgan tomonga qaradi. Tovush yaqinlashib “ota” degan ovoz keldi. Chol kipriklarini pirpiratib so‘ridan pastga qaradi.
— Menman, men Ravshanman, ovqat olib chiqdim, — dedi yana haligi jarangdor ovoz.
Chol qo‘shnisining kichik o‘g‘lini tanidi. Kuchanib boshi tomondagi piyolani qo‘liga oldi va bolaga uzatdi.
— Suv ichasizmi, yo choymi?
Chol qo‘li bilan ko‘cha tomonni ko‘rsatdi. Bola chopqillab ketdi. U ariqdan bir piyola suv olib kirib, cholning qaltiroq qo‘llariga tutqazdi. Chol suvni bir ho‘plab chuqur nafas oldi va “xudoga shukr”, deb qo‘ydi. Bir qultum suv unga zabon ato etdi. Qotib qolgan tili yumshab, shukur keltirdi. Entikib-entikib nafas olarkan, piyoladagi suvga so‘zsiz tikildi. Bir ko‘tarishda piyolani bo‘shatdi. Bola piyolani qo‘liga olarkan, “yanami” deb so‘radi.
Chol:
— Mayli, — dedi. Bola yana suv olib keldi. U bu safar ichmadi. Yonboshiga qo‘yib qo‘ydi. Suvga tikilib turib bolaning jingalak sochidan siladi va sekin:
— Rahmat, bolam! — dedi.
Bola cholning gapini uqmadi. Ko‘chaga qarab chopdi. Chol uning yugurishiga quloq solib turib, o‘zining yoshligidagi oyoq tovushlarini eshitgandek bo‘ldi.