Erkin Usmon. G‘or (hikoya)

Hammasi sobiq kursdoshi Do‘nanboy bola-chaqasi bilan xuddi osmondan tushgandek lop etib paydo bo‘lgan kundan boshlandi.
Bir vaqtlar u maktab o‘quvchilarining bahorgi ta’tilida bolalariga: «Toshkentga olib boraman!» deb qo‘ygan ekan. Ikki-uch yil ishdan ortmay, va’dani ana shunaqa katta qilib yurgan ekan, bo‘lmabdi. Qarasa, bolalari xafa. Shuning uchun bu yilgi ta’tilda sakkizta bolasini oldiga solib: «Hayyohuyt» deb yo‘lga chiqaveribdi. Xotini: «Biron mehmonxonaga qo‘na qolaylik», degan ekan; «O‘rtog‘im Abdurasul eshitsa xafa bo‘ladi», deb ko‘nmabdi.
Rasuljon «yuz so‘mlik pulday ko‘rinmay ketgan» o‘rtog‘ining tashrifidan toza quvondi. Onda-sonda, bayramlarda xatmi, otkritkami yozishib turishardi-yu, ammo yaqin o‘n yildan beri ko‘rishmagan edilar. Do‘nanboy ancha ozibdi, qorayibdi, «budyonniycha» mo‘ylov qo‘yvoribdi. Ammo o‘sha-o‘sha Do‘nanboy!
Rasuljon rayon xalq maorifi bo‘limining yugur-yugurlari, majlisbozliklar va ziyolilarning ming‘ir-ming‘ir gap-so‘zlaridan charchagan ekanmi, g‘oyibdan paydo bo‘lib qolgan bu beg‘araz, bolalardek sodda va oqko‘ngil yigitning samimiy so‘zlaridan dili yorishib ketdi. Do‘nanboy gap orasida Rasuljonni chekkaroqqa olib, «sakkizta bolam bilan botinka qutichadek kavartirangga sig‘armikanmiz», degandi, Rasuljon: «E, sakkizta ekan-u, to‘qqizta bo‘lsa ham sig‘asizlar», deb hazilga yo‘ydi. Shu gap sabab bo‘ldi-yu, Do‘nanboy osh ustida oilasida yuz bergan bir voqeani eslab, hammani rosa kuldirdi.
Do‘nanboy har kuni kechqurun bolalarini safga tizib, sanab uyga kiritarkan. Avvalo, kim qaysi fandan necha baho olgan, kimning peshonasi qashqa, kimning burni qonagan, kimning yuzi timdalangan, obdon tekshirib, kim-kim bilan urishib, kim zo‘r chiqqanigacha aniqlab, keyin uyga kiritarkan. Bir kuni sanasa, bolalari to‘qqizta chiqibdi. Hayron bo‘lib qolibdi. Qayta sanabdi. Yana to‘qqiztamish. Keyin ma’lum bo‘lishicha, qo‘shnilarining ikki yasharlik o‘g‘ilchasi ham bolalariga ergashib, safga tizilgancha kirib qolgan ekan…
Rasuljon ham, xotini Malika ham qotib-qotib kulishdi. Shu sabab bo‘lib, rayondan kelgan lektorning qishloq klubida «ko‘p bolalikning moda emasligi» haqida o‘qigan lektsiyasini eslashdi. Do‘nanboyning: «Be, er-xotinlar nechta bola ko‘rishni lektor bilan maslahatlashib o‘tirisharmidi», degan luqmasi hammasidan oshib tushdi. «To‘g‘rida, — dedi yana Do‘nanboy soddadillik bilan, — o‘zbakning bolasi ko‘p bo‘ladi-da!..»
Ertasi shahar aylanishdi. Sirkka tushishdi. «Hayvonot bog‘i»ga borishdi. Oldinda ikkovlarining xotini, o‘rtada o‘nta bola (endi ularga Rasuljonning qizi bilan o‘g‘ilchasi ham qo‘shilgandi), orqada Do‘nanboy bilan Rasuljon. O‘tgan ham qaraydi, ketgan ham…
Kechasi ikkala og‘ayni studentlik yillarini eslab, balkonda sigaret tutatib yotishdi.
Xullas, Do‘nanboy bola-chaqasi bilan uch-to‘rt kun mehmon bo‘ldi-yu, Rasuljon bilan Malikadan yozda otpuskani Yakkaqoyada o‘tkazishlariga va’da olib ketdi.
Mana shunday qilib, saratonning ilk kunlarida er-xotin bolalarini lagerga joylab (aksariyat shaharliklar kabi safarda bola yetaklab yurishga toqatlari yo‘q edi), «Yakkaqoya qaydasan?» deya safarga otlanishdi…

* * *

Yakkaqoya qishlog‘i Do‘nanboy maqtagancha bor ekan.
Bir tarafi o‘rkach-o‘rkach tog‘larga tutashib ketgan, bir tomoni adir, bir tomoni daryo… Xuddi Do‘nanboy studentlik kezlari ta’riflagandek, «kurortnamo» qishloq ekan. Odamlari ham mard, tanti, ichida gap yotmaydigan, bir qop yong‘oq deb ta’riflanadiganlar sirasidan ekan. Er-xotin hali u qo‘shninikida, hali bu qo‘shninikida mehmon bo‘laverib, toza charchashdi.
Shaharliklar tor va biqiq sharoitda yashaganliklari uchunmi, tabiatan sayohatlarga, yangi-yangi joylarni ko‘rishga chanqoq bo‘lishadi. Shu bois, er-xotin qishloq ustiga ag‘darilgudek vahimali qoyalarga tez-tez qarab qo‘yayotganliklarini sezgan Do‘nanboy ertasi kuni Rasuljon bilan Malikani ertalabdanoq tog‘ tarafga boshlab ketdi. «Kun tikkaga kelsa, kabob bo‘p ketasizlar, ertalabki salqinda borib olaqolaylik», dedi. Rasuljon: «Qayoqqa?» devdi, «Sekret. Borganda ko‘rasizlar», deb iljaydi.
Nihoyat, yiroqdan holva burdalarini eslatguvchi qoyalar bilan qurshalgan daraga chiqishdi. Bir qaraganda, odam oyog‘i yetmagan joyning naq o‘zginasi. U yer-bu yerda yovvoyi olma, pista daraxtlari, savatdek-savatdek na’mataklar ko‘zga chalinadi. Bel baravar o‘tlar xuddi tevarak-atrofga quloq tutayotgandek, tek qotgan. Osmon gumbazi ostida ikkita burgut sas-sadosiz charx uradi.
Xontaxtadek xarsang yoniga kelib o‘tirishgandiyamki, Do‘nanboy o‘ttiz ikkita tishini ko‘rsatib, Malikaga jilmaydi:
— Charchab qolmadingizmi, kelin?
Malika ham bo‘sh kelmadi:
— Lift ishlamaganda, to‘qqizinchi qavatga zinadan chiqaverib, pishib ketganmiz.
Kulishishdi.
— Hov, anavi yerni ko‘rayapsizlarmi? — ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoriga ishora qildi Do‘nanboy.
— Qaysi? — atrofga alangladi Rasuljon.
— Mana bu so‘qmoq huv yuqoriga, to‘g‘ri g‘orga olib chiqadi. Ana! G‘orning og‘zi qorayib ko‘rinib turibdi, — dedi Do‘nanboy qandaydir qushchalar vijirlashib yotgan ulkan qoyani ko‘rsatib.
— Xo‘sh, u yerda ibtidoiy odamlar ishlagan suratlar bormi? — so‘radi Rasuljon.
— Yo‘q. Undan ham qiziq!
— Nima ekan? Ertaklardagidek sehrlimi? — so‘radi Malika.
— Sal yaqinlashdingiz. Shunaqa desa ham bo‘ladi, — ko‘zlarini quvlik bilan qisdi Do‘nanboy.
— Voy-bo‘-o‘, aytib qo‘yaqolmaysizmi endi, yurakni toshirmay! — dedi Rasuljon qizishib.
— Chiqaylik, keyin…
Bir-birlarining qo‘llaridan tutib, g‘or tarafga chiqishdi.
G‘orning odatdagilaridan sira farqi yo‘q edi. Atrofini toshlar orasidan yorib chiqqan butalar, o‘t-o‘lanlar qoplagan, og‘zi o‘pqondek g‘or.
— Xo‘sh, endi «sim-sim, och eshigingni!» deyishimiz kerakmi? — kuldi Rasuljon.
— Yo‘q, oshna, bu yerga kirish kerak.
— Attang, qo‘lchiroqni olvolsak bo‘larkan, — astoydil achindi Rasuljon.
— Yo‘q, shart emas. Ichi yop-yorug‘.
— Qanaqasiga? — taajjublandi Malika.
— Shunaqasiga, — kuldi Do‘nanboy. — Lekin aytib qo‘yay, bu g‘orga kirishga hamma ham jur’at etavermaydi.
— Nimaga?
— Aytishlaricha, kimning bo‘ynida gunohi yo aybi bo‘lsa, u yerdan chiqqanda sochlari paxtadek oqarib ketar emish…
Oraga jimlik cho‘kdi. Er-xotin g‘orning og‘ziga tikilgancha qotib qolishdi.
— Qiziq, shuning uchun bu yerga hech kim kirmaydimi? — so‘radi Rasuljon.
— Yo‘q, nega? Kirishadi. Masalan, o‘zim besh-o‘n marta kirganman.
— Xo‘sh?
— Uncha-muncha gunohim bor ekan,— Do‘nanboy xoxolab kulib yubordi va boshini egib, bitta-yarimta oq oralagan sochlarini ko‘rsatdi. — Mana!
Kulib yuborishdi.
— Balki, rostdan ham shunaqadir? — tovushi titrab so‘radi Malika.
— Kim biladi deysiz, kelin! — dedi Do‘nanboy beparvo ohangda va qo‘shib qo‘ydi. — Ha, endi, ota-bobolardan qolgan bir gap-da!
— Xurofot deymizu, bunaqa gaplar bejiz aytilmaydi, — dedi Rasuljon.
— Xo‘sh, kiramizmi? — iljaydi Do‘nanboy.— Xuddi yo‘lakning o‘zi. Dominglardagi pod’ezdga o‘xshaydi. Bu yog‘idan kirib, u yog‘idan chiqamiz.
— Yo‘q, men kirmayman, — dedi shoshilib Malika. — Men shu yerda kutib o‘tira qolaman.
— Be, nega qo‘rqasiz, kelin? Bu bir afsona-ku! Yuringlar! — o‘rnidan qo‘zg‘aldi Do‘nanboy.
Malika erining pinjiga suqilib oldi. Uning rangi quv o‘chgan, qo‘llari sezilar-sezilmas titrab turardi.
— Nima, rostdan ham qo‘rqayapsanmi? — xotinining qulog‘iga shivirladi Rasuljon o‘zining hayajonini sezdirmaslikka urinib.
— Voy, g‘orda har balo bo‘lishi mumkin-a? — dedi Malika. — Ilonmi? Chayonmi?!
— Hech nima yo‘q, kelin, — dedi Do‘nanboy ularga dalda berib. — Bir yili maktabimizning «tirik burchagi»ga ilon qidirib shu yerga chiqqandik, ilon tugul chuvalchang ham topolmaganmiz!..
G‘orga kirishlari bilan mog‘or hidi dimoqlariga urildi. Er-xotin Do‘nanboyga ergashgancha qoqila-suqila ichkari kirishdi. Chindan ham g‘orning ichi g‘ira-shira yorug‘, ikki tarafdagi xarsanglar xuddi yo‘nib tekislangandek silliq, Do‘nanboy aytmoqchi, «yo‘lakning o‘zi» edi. Huv, narigi tarafdagi g‘orning narigi og‘zi ham shundoq ko‘zga tashlanib turardi. Oldinda borayotgan Do‘nanboyning ovozi guldirab eshitildi:
— Bu g‘orni qadimgi ovchilarniki bo‘lishi kerak, deb taxmin qilishadi…
Bu gap ham er-xotinga tasalli bermadi. Ular shu topda g‘aroyib bir o‘lkada sayr qilib yurgan sayyohlardek his qilardilar o‘zlarini. Go‘yo Do‘nanboy ertakchi-yu, ajib bir rivoyatni hikoya qilib borayotgandek.
— Qadimda har bir ovchi shu g‘orga qo‘nib o‘tgach, o‘zidan keyin o‘tinmi, chaqmoqtoshmi, tuz yo o‘qdorimi, ishqilib biron nima qoldirishi kerak ekan. O‘zidan keyin kelib qoladigan boshqa ovchilar uchundir-da! Boshqalar ham shu yozilmagan an’anani davom ettirishgan ekan.
— Yaxshi odat ekan. Hozir-chi? — so‘radi Rasuljon.
Do‘nanboy xoxolab kulib yubordi. G‘or guldirab ketdi:
— Hozir qayoqda? Qoldirib ketish u yoqda tursin, boshqalarnikini o‘marib ketishar! Juda ov qilgilari kelsa, markazga — Husnobodga borib «Tir»da ayiq, bo‘rilarning suratini otib, sal hovurlarini bosib yurishadi. Ov qilish man etilgan. Ovchilar ham yo‘q hisob…
Rasuljon yo‘g‘on o‘rim sochlariga o‘xshash qoramtir ildizlar osilib yotgan g‘or shiftiga tikilgancha to‘xtab qoldi:
— Do‘nanboy! Bu haligi… g‘orga kirgan gunohkorning sochlari oqarib ketadi deganlari bor gapmi yo odamlar to‘qib chiqarishganmi-a?
Do‘nanboy oshnasi tarafga o‘girilib iljaydi:
— Kim bilsin, balki: «Hoy inson, ko‘zlarindni kattaroq och!» degan bir maqsadda aytilgan ham bo‘lishi mumkin. Bir olam gunoh bilan odam sanalib yurganlar ko‘p-ku, axir!
Rasuljon indamadi.
Nihoyat, g‘orning narigi og‘zidan chiqishdi. Malikaning ko‘zlari quyosh nuridan qamashib ketdi.
— Voy-bo‘, Rasuljon! Shuncha gunoh bilan qanaqa qilib bosh ko‘tarib yuribsiz, oshna? — kuldi Do‘nanboy va Malikaga imo qildi.— Ko‘rayapsizmi, kelin?
Malika shubhalanib erining boshiga ko‘z tashladi.
— Ie, bunaqa sirni fosh qilmang-da, Do‘nanboy! — dedi Rasuljon tanglayini taqillatib.
Ikkala og‘ayni qiyqirib kulib yuborishdi.
— Meniki-chi? — sekingina so‘radi Malika eridan.
— Seni sochingda oq nima qiladi, tentak? — Rasuljon kula-kula xotinining yelkasidan quchdi.

* * *

…Shu kecha Malika ajriqqa yumalagandek bo‘lib chiqdi. Ko‘zini yumdi, qarshisida g‘or paydo bo‘laveradi, quloqlari tagida esa Do‘nanboyning so‘zlari takrorlanaveradi. «Aytishlaricha, kimning bo‘ynida gunohi yo aybi bo‘lsa, sochlari paxtadek oqarib ketar emish…»
«Nega shu g‘orga kirdim o‘zi?.. O‘lar, bularning hammasi bir afsona dedi-ku!.. Baribir qo‘rqinchli… Chunki, gunoh… gunohmidi u? Yo‘q, jinoyat, xiyonat edi u!..»
Malika bundan bir necha yillar muqaddam sodir bo‘lgan, o‘sha mudhish voqeani harchand eslamaslikka urinmasin, u butun dahshati bilan yana ko‘z oldida namoyon bo‘laverdi, bo‘laverdi…

* * *

«Qizning bozori bir qiziydi», deganlaricha bor ekan. O‘sha kezlari sovchilar Malikalarning eshigini buzgudek edilar. Kunda-kun ora yasan-tusan qilgan, uzun-qisqa xotin-xalajlar kirib kelaverishardi. Malikani bo‘lsa, bunga sari kulgisi qistardi. «Tavba! — derdi o‘z-o‘ziga.— Tanimagan-bilmagan eshikni taqillatib: «Qizinglarga xaridor bo‘lib keldik», deyaversa! Xaridor emish! Go‘yo qiz bola biron buyumu, ular sotib olmoqchidek…» Malikaning nazdida hech kim uni tushunmasdi.
U institutning oldi go‘zallaridan hisoblanardi. Orqasidan soyadek ergashib yuradigan, «o‘ldim-kuydim» deb xat yozadiganlar son mingta edi. Ammo Malika bunaqalarni jini suymasdi. To‘g‘ri, yuqori sinfda o‘qiyotgan kezlarida, institutning birinchi-ikkinchi kurslarida o‘qigan kitoblarining ta’siridanmi, ko‘rgan kinolari tufaylimi, o‘zi sevib qoladigan yigitni mashhur hind kinoyulduzlari qiyofasida ko‘rgandek bo‘lar, allaqayerlari ularga o‘xshash yigitlarni uchratganda yuragi bir orziqib ketardi. Keyinchalik, fikri o‘zgargandek bo‘ldi. Uning idealidagi yigit og‘ir-vazmin, mard va oliyjanob, mag‘rur va albatta kelishgan bo‘lishi kerak edi. Boz ustiga, alohida kvartirasi, shaxsiy mashinasi ham bo‘lsa… Notavon ko‘ngil ekan-da! Malika shunaqa yigitni uchrataman deb ko‘p yillarni o‘tkazdi. Uchratgandek ham bo‘ldi. Ammo ular, Malikaga chiroyli bir buyumga qaragandek, bo‘ydoq yigitlarga xos qiziqish bilan tikilsalar-da, parvo qilmasdilar. Tegajaqlik qilardilar, gap otardilar, ammo bularning barchasi jiddiy emas edi. Hatto, xuddi ana shunaqa Malika orzu qilgan yigitlardan ham sovchilar keldi. Ammo bo‘lmadi… Birining oliy ma’lumoti yo‘q, ikkinchisi ilgari uylangan, uchinchisining oltita aka-ukasi bor… «Bir kamim oltita aka-ukaning mayka-trusilarini yuvib yurish edi», dedi. «Povarga tegmayman, yog‘ hidi keladi», dedi. «Xotin qo‘ygani meni o‘payotganida avvalgi xotinini eslaydi», deb o‘yladi. Xuddi shunaqa o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yurgan kunlarining birida, o‘pkasini shamollatib qo‘ydi-yu, kasalxonaga tushib qoldi.
…Azamatni shu yerda uchratdi. Uchratdi-yu, oromini yo‘qotdi-qo‘ydi. Xushbichim mo‘ylovli, ko‘zlari hamisha kulib turadigan bu yigit ularning palata vrachi edi. U bemorlarga nihoyatda mehribon, shirinso‘z, hazilkash edi. Har safar u palataga «obxod»ga kirishi oldidan, Malika kaftdekkina ko‘zgusini olib, shosha-pisha pardoz-andoz qilib olar va karavotda chiroyli oyoqlarini chalishtirgancha, go‘yo jurnal yo kitob «o‘qib» o‘tirgan bo‘lardi. Har safar Azamat bo‘ynidagi stetoskopini olib, unga: «Qani, Malikaxon, yurakni bir eshitib ko‘raylik-chi, nima gaplar bor ekan?» deb hazillashar, Malika ham: «E, Azamat aka, yurakda gap ko‘p. O‘zimdan so‘rab qo‘ya qolmaysizmi?» deya bo‘sh kelmasdi. Malika ichki bir tuyg‘u bilan Azamatni boshqalarga nisbatan o‘ziga mehribonligini, alohida e’tiborini sezar, sezgan sayin bundan ko‘ngli tog‘dek yuksalib, zavqlanib ketardi.
Malika kasalxonadan chiqadigan kuni telefon nomerlarini almashishdi. Shu-shu telefon orqali suhbatlashib turadigan, ko‘p o‘tmay goh xilvat xiyobonlarda, kinoteatr oldida, raqs maydonchalarida uchrashadigan, ba’zan Azamatning «Jiguli»sida shahar atrofiga chiqadigan ham bo‘lishdi.
Azamat suhbati jonon yigit edi. Bilmaydigan narsasi yo‘q. Goh Italiya neorealizmi, Antonioni va Fellini filmlari haqida bahs boshlasa, goh «pop» muzikasiyu hozirgi zamon estradasi, goh Kafka va Prust asarlariyu so‘nggi modalar, muhabbat erkinligi haqida suhbat qurardi. Malika uning Yunusoboddagi kvartirasiga ham borib turadigan, Azamatning do‘stlari-ulfatlari to‘planadigan kechalarda ham qatnashadigan bo‘ldi. Ular — yosh vrachlar, aktyorlar, rassomlar, shoirlar edi. Ular yarim tunga qadar tantsa tushishar, ichishar, chekishar, karta o‘ynashardi, chet el videofilmlarini tomosha qilishardi…
Malika har safar Azamatning pinjiga kirib, lablariga lab bosardi-yu, negadir u ko‘zlarini olib qochishini ichki bir tuyg‘u bilan sezar, har safar yuragi orqaga tortib ketardi. Ammo so‘rashga botina olmasdi.
Ko‘p o‘tmay, hammasi ma’lum bo‘ldi. Malika kunlarning birida metroda o‘zi yotgan kasalxonada ishlaydigan Zuhra ismli hamshira qizni uchratib qolib, undan Azamatning ilgari uylanganini, bitta o‘g‘ilchasi ham borligini, yaqin besh-olti oydan beri xotini bilan qo‘ydi-chiqdi bo‘lib yurganini eshitdi-yu, adoyi-tamom bo‘ldi. Azamat oilasini tashlab, unga uylanaman demadi. Malika ham unga tegaman deb osilib olmadi. Ammo ko‘ngli g‘ash bo‘lib qoldi. Vujudiga irkit bir narsa tekkandek his qildi o‘zini. Yuz-ko‘zlariga allanechuk ma’yuslik o‘zining shafqatsiz muhrini bosdi…
Xuddi ana o‘sha kezlari Rasuljon ismli o‘qituvchi yigit unga sovchi yubordi. Malika nihoyatda og‘ir-vazmin, kamsuqum bu yigitga Anhor bo‘yida ilk bor uchrashganlaridayoq turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. Aslida, endi unga hammasi baribir edi. Rasuljon esa, taqdirning bu mukofotidan, tole o‘ziga shunday tengi yo‘q go‘zalni in’om etganidan mast va masrur edi. U Malikani yeru ko‘kka ishonmasdi. Keyin-keyin Malika ham ko‘nikib ketdi. Mana endi bugun bo‘lsa…
Mana hozir tun qo‘ynida, shahardan olis, xilvat bir tog‘ qishlog‘idagi shiyponda yotibdi-yu, yana o‘sha kezlarni esladi. Esladi-yu, yuragi to‘liqib ketdi, mijjalarida yosh yiltiradi.
Xullas, o‘shandan keyin ikki yil o‘tmay, Rasuljon rayon xalq maorifi bo‘limiga ishga o‘tdi. Alohida kvartira olishdi. Avval qizlik, keyin o‘g‘ilchalik bo‘lishdi. Hozir yana homilasi bor. Buni faqat o‘zi biladi, xolos. Rasuljonga aytganicha yo‘q…
Malika shu kecha tush ko‘rdi. Tushida farzand ko‘rganmish. Tug‘uruqxonadan chaqaloqni olib chiqishayotganda, Do‘nanboy hadeb: «Qaniy, bitta ko‘ray! Kimga o‘xsharkin, sizgami yo Rasuljongami?» deb so‘rarmish. Malika asta chaqaloqning yuzini ochibdi, qarasa… chaqaloq xuddi quyib quygandek… Azamatning o‘zimish… Dodlab, bolasini qo‘lidan tashlab yuboribdi…
Malika yig‘lab uyg‘onib ketdi. «Voy tavba! Nimalar bo‘layapti o‘zi, xudoyim?!» derdi titrab. Tong yorishgunga qadar uxlayolmadi. Ko‘zini yumdi, goh Oktyabr inqilobi xiyobonining qorong‘u bir burchida Azamat bilan o‘pishayotgan bo‘ladi, goh Azamat bilan qo‘l ushlashib «Panorama» kinoteatridan chiqib kelayotgan bo‘ladi, goh hozirgina ko‘rgan tushini eslab battar vahimaga tushadi…
Ertalab u Do‘nanboyning qo‘lbola mo‘rchasida yuvinayotib, oynada o‘zini ko‘rdi-yu, chinqirib yuborayozdi, gangib-kalovlanib qoldi. Uning ikki chekkasidagi jingalakka moyil gajaklari oppoq oqarib ketgan edi…

* * *

— Ie, nega bo‘ronda qolgandek ro‘mol o‘rab olding? — so‘radi taajjublanib Rasuljon ichkari uydan chiqayotgan xotinini ko‘rib.
Malikaning oq-sariq yuzlari duv qizardi.
— Qulog‘im og‘riyapti, — dedi u tolg‘in tovushda va shu zahoti ko‘nglidan kechdi: «Yana aldadim!..»
— Unda, kecha tog‘da shamol tegibdi-da, kelin, — dedi Do‘nanboy xijolatli ohangda. — Gunoh menda, kelin!
«Gunoh! Gunohkor menman-ku!» — lablarini alamdan tishladi Malika.

* * *

Malika ertasi ertalab: «Qaytamiz!» deb turib oldi. «Bolalarni tush ko‘rdim, xavotirlanayapman», dedi, «Qulog‘im ham bosilib qo‘yaqolmayapti», dedi. Xullas, Rasuljon ham noiloj qoldi. Do‘nanboy qo‘shnisining mashinasida ularni besh chaqirim naridagi Husnobod shaharchasining stantsiyasigacha kuzatib chiqdi.

* * *

Shaharcha stantsiyasi odamlar bilan gavjum edi.
Rasuljon bilan Do‘nanboy maydonchadagi o‘rindiqlardan birida suhbatlashib o‘tirisharkan, Malikaning qanday qilib yonlaridan g‘oyib bo‘lib qolganini sezishmadi. Malika poyezd stantsiyaga kirib kelayotganida tepasiga «Pochta», «Bufet», «Go‘zallik saloni» deb yozib qo‘yilgan ikki qavatli g‘ishtin binodan chiqib keldi. Yuz-ko‘zlarida tabassum. Uning boshida kecha o‘rab olgan ro‘moli yo‘qligiga, yangigina bo‘yalgan qopqora sochlari shamolda yelkasi uzra yoyilib tushganiga Rasuljon ham, Do‘nanboy ham e’tibor berishmadi.
Diktor qiz dona-dona qilib poyezdning yo‘lga chiqishini takrorlab turar, maydonchada kim kuzatuvchiyu kim yo‘lovchi — farklab bo‘lmay qolgandi.
Poyezd cho‘zib gudok chaldi. Bu tovush asriy tog‘lar tepasida anchagacha aks-sado berib, faryod chekib turdi…

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 1-son