Erkin A’zam. Turmush (hikoya)

Eru xotin — qo‘sh ho‘kiz emish…
Men — shahzoda, sen — malikasan.
Shavkat Rahmon

Malika endi qaytmaydi, endi qaytib kelmaydi Malika!..
Qariyb o‘n yil turmush qilib, Tilak xotinini hali biron marta chertmagan ham edi — bu gal urdi, bir tarsaki urdi. Jahli chiqqanda baqirib-chaqirar, qattiq-quruq gapirar, ammo unga hech qachon qo‘l ko‘tarmas edi. Ulfatlari davrasida shu mavzuda gap ketsa, «Ayol kishiga qo‘l ko‘tarish bema’nilik-da. Yoqmadimi — tinchgina javobini beru yubor!» deb qo‘yardi. Ayniqsa, qaynona-qaynotasi oldida shu haqda gap ochishni yaxshi ko‘rardi: ichkilikka ruju qo‘ygan bojasi bir-ikki daf’a xotinini kaltaklaganini eshitgan edi. Gohida Malikaga: «Ey, jonimni chiqarma lekin — uraman!» deya po‘pisa qilganida, xotini beparvo yelka qisib qo‘ygan: «Uring. Qo‘l tekkizing-chi, keyin meni bu uyda ko‘rarmikansiz!..» «Urardimu o‘ldirib qo‘yamanmi, deb qo‘rqaman — bilasan, mushtim qattiq». Darhaqiqat, o‘zi ozg‘in, nimjonroq ko‘ringani bilan uning qo‘li toshdek edi: og‘aynilaridan birontasining kiftiga hazillashib qoqib qo‘ysa ham, u necha kun kifti zirqirab eslab yuradi.
Ursa — o‘ldirib qo‘yishini o‘ylarmidi yoki Malikaning allaqanday qat’iyat bilan aytadigan gapi — butunlay ketib qolishidan cho‘chirmidi, xullas, Tilak unga qo‘l tekkizmas edi. Bu gal urdi, bir tarsaki urdi. Necha yillardan buyon bir kimsaga qo‘l ko‘tarmagan odam, xotiniga qanday tarsaki tortib yuborganini o‘zi bilmay qoldi. Malika ham nimanidir sezgan, shunga tayyor turgan ekanmi, yiqilmadi, zarbdan ilkis bir chayqaldi-yu, divanga o‘tirib qoldi, baravar yumib olgan kipriklari pirpirab, ikki tomchi yosh sizdi. Tilak birdan bo‘shashib ketdi, shart burildi-da, xonasiga kirib, pastak yog‘och karavotga cho‘zildi. G‘azabdanmi, o‘kinchdanmi titrardi. «Endi nima bo‘ladi?»
Bir mahal pol g‘ijirlab, eshik ochildi — Malika chiqdi shekilli; bir mahal dahlizda bolalarning tapir-tupuri eshitildi — hovlida o‘ynab yurishgan edi, olib keldi shekilli; bir mahal ostonada yana tapir-tupur bo‘ldi — ketishyaptimi, qayoqqa? Bir mahal eshik qars etib yopildi: «Xayr, erjon, xayr, adajon, bizlarni qaytib ko‘rmaysiz!» Loaqal qizi, suyukli qizi bir og‘iz «xayr», demadi-ya, ota boshqa, ona boshqa ekan-da!
Bir mahal qarasa — to‘rt xonali hayhotdek uyda Tilak yolg‘iz o‘zi qolibdi. U joyidan qimirlamadi, ichi tatalab ketayotgan bo‘lsa-da, tushlik ham qilmadi — yakkash ich-etini yeb yotaverdi: «Nimadan boshlandi o‘zi?..»
«Meni qaytib ko‘rmaysiz» emish! Ketingdagi ikki ergashma bilan qayoqqa borarding?! Ha, otangning uyida bir kun turarsan, ikki kun turarsan, axiyri, peshonangga bitgan joy shu, adajoning o‘zi ko‘ydek yetaklab keladi!
Ammo u Malikaning fe’lini yaxshi bilar, bilgani uchun ham ezilar edi. «Hozir borsam-ku, qaytarib olib kelaman-a, otasi tushunadigan odam, koyib-koyib oldimga solib beradi, — deya o‘ylardi. — Ha, o‘z holicha qaytmaydi bu, borish kerak. Lekin, borganim — bosh urganim, bosh urib kechirim so‘raganim!..»
Tylak, xom sut emgan banda, hamma qatori u ham hayotda ko‘p xatolar qilgan, goh bemavrid, goho noo‘rin ko‘p chakki gaplar og‘zidan chiqib ketar, shu tufayli ko‘p balolarga giriftor ham bo‘lgan, ammo ming chandon nohaq ekanini bilaturib ham, qiziqqon tog‘ bolasi emasmi, biror marta, biror kimsadan uzr so‘ramagan — so‘rayolmas edi.
Bultur ishxonasidagi bir majlisda munozara payti qizishib ketganidan direktorning muoviniga tippa-tik qarab: «Munofiqlik qilmang!» deb yubordi. Muovin jizzakiroq odam edi, sapchib joyidan. turdi: «Meni haqorat qildingiz, hoziroq kechirim so‘rang!» «Balki unaqa emasdirsiz, — dedi Tilak sovuqqonlik bilan, — lekin men siz haqingizda nimani o‘ylagan bo‘lsam, ochiq aytdim, qaytib oladigan so‘zim yo‘q!» «Qaytib olasiz!» «Qaytib olmay-man!» «Sunnat Mahmudovich! — dedi muovin titragancha, ko‘mak so‘ragandek qo‘llarini direktor tomon cho‘zib. — Yoshimni hurmat qilmay… Men, men… qaytib olmasa… ishdan ketaman!» Majlis borayotgan xona suv quygandek jimib, hamma Tilakka qaradi: «Uzr, de-qo‘y, sendan nima ketdi?» To‘rda o‘tirgan Sunnat Mahmudovich boyagi gapdan keyin peshonasini mushtlari ustiga qo‘yib olgan, ichida kulyaptimi, jahli chiqqanmi — bilib bo‘lmas edi. «Tilakvoy, yoshsiz, yaxshi emas, — dedi u nihoyat mushtlari orasidan ming‘irlab. — Bu kishining yoshlarini hurmat qiling, bo‘lmasa, ishdan ketaman, deyaptilar…» «Yoshlarini hurmat qilaman, ammo boyagi gapim — gap! — dedi Tilak pinak buzmay. — Bu kishi hech qayoqqa ketmaydilar, Sunnat Mahmudovich! Ketsalar, men ham ketishim kerak bo‘ladi. Men esa ketmoqchi emasman!» Bu gapdan hamma kulib yubordi. Direktor ham boshini ko‘tardi, kulgiga bajonidil qo‘shildi — ichida kulib o‘tirgan ekan…
Tilak ishdan ketmadi, albatta. Muovin, nufuzli bir institut direqtorining nufuzli muovini o‘z-o‘zicha ishdan bo‘sharmidi? Lekin, har ikkalovi ham laqab orttirib qolishdi: Tilak — «Qaytmasvoy» degan, muovin — «Munofiq» degan. Ularga taqilgan laqablar bejiz emas edi: unisi ham, bunisi ham…
O‘shandoq odam evdi kelib-kelib o‘z xotinidan kechirim so‘raydimi? Ikki dunyoda ham! «O‘z oyog‘i bilan ketgan o‘z oyog‘i bilan qaytib keladi — borish yo‘q! — deya ichida qasd qildi Tilak. — Shuncha yil yashab, bir chertmagan men ahmoq! Xotin deganni mana shunday adabini berib turmasang, boshingga chiqib oladi. Ana, uchinchi qavatdagi Zikir chakak har hafta boplab bir do‘pposlaydi, xotini dodlay-dodlay onasinikiga jo‘naydi-yu, ikki kun o‘tmasdan, hech nima ko‘rmagandek, to‘rt bolasini qatorlashtirib yana qaytib keladi. O‘ziyam o‘lgudek bezbet, shallaqi-da. «Lekin Malika… Yo‘q, kelmaydi u. Nimadan boshlandi o‘zi janjal? Har shanbadagidek shu karavotda cho‘zilib yotgan edim — bekor, bekayfiyat. Keyin… Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Eh, ikkalasini ham olib ketdi-ya!..»
Tilak bachalarini bir kun ko‘rmasa turolmasdi. Darvoqe, endi ularning maktabi nima bo‘ladi, bog‘chasi nima bo‘ladi? Maktab bu yerda, bog‘cha bu yerda — qizi o‘qishga borishi zarur, o‘g‘li bog‘chaga. Qaynotasining uyi shaharning bir chetida. Ular — er-xotin kunduzi ishda bo‘lishadi, uyda hech kim qolmaydi. Bolalarni ertalab olib kelib, kechqurun olib ketish kerak. Yo‘l esa uzoq, xudo ko‘rsatmasin, bir kor-hol yuz berib… Tilakning yuragi uvushib ketdi. U ichida ezildi, pushaymon bo‘ldi. Lekin qaroridan qaytmadi. Bosh urib borsang, shunga o‘rganib qoladi — keyin xotin bo‘ladimi u?!
Kechga yaqin eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Tilak hovliqib o‘rnidan turdi: «Otasi! «Kuyovbola-a, o‘zlariyam bojalariga o‘xshab kolibdilarmi, muborak bo‘lsin!» desa kerak…»
Chiqsa — narigi pod’ezdda turadigan qo‘shnisi Andreyning past-baland ikki qizchasi ekan. — Muxayoshka doma?..
«Eidi so‘rayverib bezor qilishadi», dedi Tilak ichida g‘ijinib, eshikni qayta yoparkan.
Hech kim bezor qilmadi. To‘rt xonali hayhotdek uyda ertalabgacha tiq etgan tovush eshitilmadi. Ammo bir kishigagina bu uy torlik qilar, unga havo yetishmayotgandek edi.
Tilak bir o‘zi yotdi, bir o‘zi turdi. Birinchi kecha!
U ertalab soqol qirayotganida kimdir eshikning tutqichini pastga-yuqoriga tortib shiqirlatayotganini payqab qoldi. Iyagining bir tomoni qirilgan, bir tomoni ko‘pik, eshikka yugurdi; o‘g‘lining qo‘ng‘iroq tugmachasiga qo‘li yetmas, kelganini doim shunday qilib bildirar edi…
— E, kelsinlar, Mirzo Ulug‘bek!..
Ro‘paradagi qo‘shnisining bog‘chaga qatnamaydigan o‘g‘ilchasi shilq etkazib burnini tortdi:
— Yavshan…
— Yavshan ketgan, — dedi Tilak ma’yus kulimsirab. — Boshqa uyga. Endi kelmaydi… — Bu gapni aytishga aytdi-ku, xo‘rligi jo‘shdi. O‘g‘li Ravshanning kechqurunlari mana shu Ulug‘bekka o‘xshagan qo‘shni bolalarni boshlab kelishlari, «Oyi, ada, o‘rtoqlarim keldi!» deb kichqirishlari, so‘ng: «Yuringlar, o‘rtoqlar», deya ularni shovqin-suron bilan ayvonchaga — o‘yinchoqlar bozoriga olib o‘tishlari esiga tushdi…
Tilak o‘sha kuni ishdan qaytayotnb, metroda beixtiyor qizlarga e’tibor bilan razm soldi. Yopiray, chiroylisi muncha ko‘p-ey! Biri biridan ko‘hlik, biri biridan dilbar-a! Shu choqqacha qayerda eding, Tilakvoy, ko‘zing qayoqda edi? Ertalab shosha-pisha ishga borarding, kechqurun bir-dunyo tashvish bilan yana uyga oshiqarding — vassalom. «Xotinim bor!» deb qizlarga qiyo boqish ham xayolingga kelmasdi, bunga vaqting ham yo‘q edi. Mana, endn u ketib qoldi, bir tarsakingni ko‘tarolmay ketdi-qoldi. Suygan, suyangan xotining! Endi qaytib kelmaydi: «Qo‘l tekkizing-chi, meni boshqa ko‘rarmikansiz!»
Chatoq bo‘ldi, og‘ayni, chatoq bo‘ldi! Mana, hozir borasan: chiroq yo‘q, fayz yo‘q. Uy huvillagan, ko‘ngling huvillagan, ezgin, alamli jimlik, bir o‘zing sovuq ko‘rpaga burkanib, derazadan osmondagi sovuq yulduzlarga termilib tong ottirasan. Chatoq bo‘ldi! Xotin haydab ko‘rmagan odam bunga qanday chidaydi?!
Aslida, Malikani boshdan kaltakka o‘rgatish kerakmidi? Axir, urishga arzigulik gap qilmasdi-da, qandoq ursin? Mana endi, bir tarsakiga shuncha g‘alva- g‘avg‘o! Tilakning ikki-uch oydan beri ish stoliga yaqinlasholmay diltang, ezilib-sikilib yurganini bilardi axir, tilini tiysa, o‘sha gapni aytmasa, hech bokisi yo‘q edi: «Siz bilan yashab bo‘lmaydi, xudo haqqi!» Tilakka, uning busiz ham tarang tortilib turgan asabiga, qattiq mushtiga shu gapning o‘zi kifoya qildi: «Bo‘lmasa, kim bilan yashamoqchisan, enag‘ar!»
Endi nima bo‘ladi? Malika qaytib kelmasa, Tilakning holi ne kechadi?
Nima bo‘lardi — boshqasiga uylanadi-qo‘yadi-da! Xotin qo‘yib, xotin olayotgan kammi? Uning-ku bolasi ikkitagina, ba’zilar to‘rt-besh bola bilan xotinini haydab, boshqasiga uylanyapti! Uylanaman desang — ko‘cha to‘la xotin! Mana, atrofga qara, qanday nozaninlar yuribdi — biri biridan ko‘hlik, biri biridan dilbar! Shulardan bittasini sevginu uylan-qo‘y-da, Tilakvoy, shunga ham tashvishmi?!
Sevgin, uylan… Qanday sevadi, qanday uylanadi? Sevgan, uylangan-ku bir marta? Yana o‘shandok iztiroblarda o‘rtanadimi, yana o‘shandoq rashk o‘tida qovuriladimi? Jon chekmasang, jonona qayda! Qolaversa, boshqa na’malarga o‘rgangan bu zamonaviy barnolar Tilakning shikasta, bir oz «eskicha» dilini tushunadimi, unga tegmoqqa rozi bo‘ladimi? Xo‘p, tushundi, rozi ham bo‘ldi, deylik. Ammo, o‘n yil turmush ko‘rgan, ikki go‘dakning otasi, o‘ttizdan oshib qolgan odam, xotin-bolasi u yoqda — ko‘zidan, nazaridan nari, begona boshpanada, begona ko‘llarga mo‘ltirab yursa, u bu yoqda… qanday, qanday yashaydi?!
Kallasi g‘ovlab ketgan Tilak bu bobda xiyla tajribakor og‘aynisi Maratning o‘gitlarini esladi:
«Ko‘z ochib ko‘rgan xotiningdan ajralishga shoshilmaslik kerak. Birinchi xotin — nodir imkoniyat! Negaki, so‘ng istagan paytingda, ayniqsa, katta muhabbatga uchraganingda bemalol uning javobini berib yuborishing mumkin. Bu boshqa masala. Agar shunchaki mayl yo‘liga birini ko‘yib, biriga uylanishni o‘ylasang, e-ey, keyin umr umr bo‘lmaydi, to‘zib ketadi odam: ikkinchisi, uchinchisi… Aslida esa hammasi bir go‘r… Erkakka birinchi xotin — koni imkoniyat! Ana shu imkoniyatni qo‘ldan bermaslik kerak, do‘sti aziz! Lyuboy tsenoy!»
Mayli, Tilak birontasini topsin ham, uylansin ham, lekin u, ko‘nglidagidek xotin chiqadi, deb kim kafolat beroladi? Xudoning bir kuni u ham qiliq chiqarar, u ham jonga tegar. Mana shu Malikani ilgari qandoq yaxshi ko‘rardi! Endi esa, ba’zi paytlar uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q, boshqalarning xotiniga havas qiladi. Bir vaqt qarasangiz, yana mehri tovlanib, «O‘zimning xotinimdan zo‘ri yo‘q, bunaqa yuvoshi olamda bitta!» deya ichida shukrona aytib, g‘ururlanib ketadi.
Bu borada ham Maratning «falsafa»siga suyansa bo‘lar ekan. «Oilaviy turmush, er-xotinning munosabatlari — bamisoli yilning to‘rt fasli, — deydi u, — gullagan bahori ham bor buning, qiziriq yozi ham, sokin, osoyishta kuziyu sovuq, izg‘irinli qishi ham bor. Shularga bardoshli bo‘lmasang, yashab ketishing gumon, bo‘taloq. Axir, ilmda ham isbotlangan: oilaviy turmushning eng qaltis davri — dastlabki oylar, keyin uchinchi yil, yettinchi va to‘qqizinchi yillar; xotinga taloq aytish ko‘pincha ana shu kezlarga to‘g‘ri kelar ekan. Buyam boyagi gapning o‘zi. Shulardan eson-omon o‘tib oldingmi, qo‘sha qaridim, deyaver! Istisnolar o‘z yo‘liga…»
«Bizniki o‘n yildan oshyapti-ku?! — dedi Tilak ichida, xo‘rsinib. — Istisnoga kirarkanmiz-da? Yoki hozir o‘sha Marat aytgan «sovuq, izg‘irinli qishi» keldimikan? Bahori qachon keladi, bahori?!»
Har nechuk, bu — «boshidan o‘tkazgan tabib»ning gaplari, haq gaplar, ishonmoq darkor. Maratning o‘zi ikki marta uylangan, ikkovidan ham bittadan bolasi bor — o‘g‘ilchalari. Keyingi xotini bilan uch oymi-to‘rt oy turdi-yu, aynidi, uydan chiqib ketdi. Hozir ustaxonasida yotib yuradi; o‘zi aytmoqchi, «ham makoni, ham koni shu — kunduzi yigirmanchi asr shedevrlarini yaratish bilan band, kechasi — umri g‘aflat bilan». Bir qarasang — qo‘lida to‘rxalta, g‘amxo‘r er, g‘amxo‘r otaga aylanib, birinchi xotinining oldiga oshiqayotgan bo‘ladi, bir qarasang — «tarki dunyo aylab», kechayu kunduz ustaxonasiga qamalib oladi: soqollari o‘sgan, ko‘zlari kirtaygan, darveshnamo, seni ko‘rib: «Tug‘yon, do‘sti aziz, hamon o‘sha tug‘yon!» deya xitob qiladi.
Maratning har bir yangi asari san’at olamida qarama-qarshi fikrlarga, shov-shuvlarga sabab bo‘lardi. Biroq, keyingi uch-to‘rt yildan bern u go‘yo uzlatda, hech narsasini ko‘rgazmaga qo‘ymas, o‘zining aytishicha, «Asrim tug‘yoni» degan katta bir turkum ustida ishlamokda edi. «Shuni bitkazsam, ksyin ko‘rasan — «Marat Qurbonov! Marat Qurbonov!» Asosiy ish orasida u ba’zan mayda chuyda buyurtmalarni ham bajarib turar, haqini olgan kuni Hotami Toy to‘nini kiyar, tanishu notanish — barchani ustaxopasi tagidagi yerto‘laga — xosxonasiga to‘plab, bazmi jamshid uyushtirar, gruzin do‘sti sovg‘a qilgan muguz qadahni davra aylantirib, turli-tuman qo‘lbola kursichalarda tizilishib o‘tirgan mehmonu muxlislarini tonggacha musallas bilan siylar edi. Tonggacha ichiladi, yerto‘lani tutunga ko‘mib chekiladi, tonggacha yapon magnitofonidan nodir kuy-qo‘shiqlar yangrab turadi, tonggacha o‘zaro madh-sano o‘qiladi, baqirib-chaqirib bahslashiladi, goho janjallashiladi. Tongda esa, «erosti mulkining sultoni» boshini qattiq bir silkib oladiyu daf’atan hushyor tortgandek, marhamatiga yakun yasaydi; «Janoblar, Marat ibn Qurbonni ulug‘ ishlar kutmoqda! Yanagi bazmgacha!» So‘ng hamma bilan bir-bir o‘pishib xayrlashadi-da, tutun bosgan, xayoliy shaharchaga o‘xshash xosxonasida, «sevimli insonlari» — haykalchalari orasida yolg‘iz qoladi. Yana — tug‘yon, tug‘yon!..
Tilak u bilan tasodifan — Samarqanddan, ilmiy sessiyadan qaytayotib avtobusda tanishgan edi. Avvaliga, qorachadan kelgan, ukkiko‘z, serharakat, serhayajon bu yigit hadeb tikilaverib uni bezor qildi, keyin — tanishishgach, notabiiy qiliqlari bilanmi, osmonni — cheksiz koinotdagi atmosfera qatlamlaridan iborat qopqa, yulduzni — o‘zidan nur chiqaruvchi jo‘ngina sayyora, yurakni esa — qon haydovchi oddiy a’zo deb tushunadigan aniq fan vakiliga xiyla erish tuyuladigan balandparvoz gap-so‘zlari, ahmoqona savollari bilanmi, g‘ashiga tegdi. U Tilakning chuqur botgan qo‘zlariyu cho‘zinchoq engagiga, bo‘rtib chiqqan yonog‘iyu husnbuzar iz qoldirgan cho‘tirnamo yuziga diqqat bilan tikilarkan, dam-badam: «O-o, genialno! Rembrandt ko‘rsaydi sizni!» deb xitob qilardi. O‘zini xunuk, ko‘rimsiz deya o‘kinib yuradigan odamdan olam-jahon malohat topib, uni birpasda juda ko‘rkam, hatto jozibaliga chiqardi-qo‘ydi. Xayrlashayotib: «Albatta ko‘rishaylik, keling», deya qattiq tayinladi, adres almashdi. Bir oqshom o‘sha tarafga yo‘li tushgan Tilak shunchaki qiziqsinib unikiga kirdi. Kirdi, bir-ikki soat suhbatlashib o‘tirdi-yu, darvishsifat bu yigitni yaxshi ko‘rib qoldi. Keyin, qo‘li bo‘shadi deguncha, u yerga oshiqadigan, Maratning uzundan-uzok va’zlarini jimgina tinglab, tilsiz, lekin jonlidek ko‘rinadigan haykalchalarni soatlab tomosha qilib o‘tiradigan bo‘ldi. Haykalchalar ijodkori Tilakning insoniy fazilatlarini ham kashf etib, uni «Mening buyuk indamasim» deb atay boshladi; «Siz bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘raman, do‘sti aziz, odamni tinglay bilasiz, bu — noyob fazilat! Bizlar sizdan ko‘p narsa o‘rganishimiz kerak!» Tilak o‘zining kamgap, tortinchoqligini bilardi, ammo buning fazilat ekanini Maratdan eshitdi.
Endi haykaltarosh oshnasi har zamonda — ko‘pincha bazm beradigan kunlari qo‘ng‘iroq qilib qoladi: «O‘sha buyuk nutqlarini bi-ir eshitish orzumiz bor edi…» Tilakning, «buyuk nutqi» — «sehrli muguz» karomatidan hamma baravariga donolik boshlaganda Maratning gaplariga jimgina quloq tutib o‘tirishdangina iborat.

Tilak uyi oldiga yetib, ilinj bilan derazalariga ko‘z tikdi: yo‘q, kelmabdi! Kelmaydi. «Maratning oldiga borsam bo‘larkan, — deb o‘yladi. — Bunday paytda odamga yagona yupanch — o‘shanaqa go‘shayu Maratdek dilkusho hamdard».
Qorni och edi, xolodilnikdan tuzukroq narsa topolmadi. Ayvonchada turgan kastryulda qovurilgan go‘sht borligi esiga tushib, suyunib ketdi. Naridan-beri qorin to‘ydirgach, televizor ko‘rgisi ham kelmay, dilg‘ash bo‘lib, avvali oqshomdanoq to‘shakka kirdi.
Shu tariqa Tilakning so‘qqabosh kunlari boshlandi. Tun bo‘yi to‘shakda to‘lg‘anib chiqadi, tongga yaqin uxlab qoladi, keyin shosha-pisha turib, och-nahor ishga jo‘naydi, kechqurun qaytib, ayvonchadagi kastryulga karab chopadi. Qovurdoqning ham tagi ko‘rinib qolyapti…
Tilak har kecha saharroq uyg‘onib, ayvoncha derazasidan qarashni diliga tugib yotar, ammo har erta g‘aflatda qolar edi. U bolalarini sog‘ingan, deraza orqali bo‘lsa-da, ularni va albatta xotinini ham bir ko‘rib olmoqchi edi. O‘zicha tasavvur qilardi: sumkasini kiftiga osib olgan Malika har erta shu yerdan ikki bolasini yetaklab o‘tadi, birini maktabga, birini bog‘chaga kuzatarkan, sezdirmaygina derazaga ham qarab oladi, ichida oh tortsa, o‘kinsa ham kerak, bolalari-ku qulchalarini cho‘zib, «Ana, uyimiz! Ana, uyimiz!» deya chug‘urlashishi turgan gap. Odatdagidek, xizmatdan kechroq qaytadigan Tilak bolalarini yana ko‘rolmay dog‘da qoladi, kelib korong‘i derazalarga boqarkan, o‘rtanib ketadi.
U, ayniqsa, hordiq kunlarini azob bilan o‘tkazardi. Televizor tomosha qilib zerikadi, kitob o‘qib siqiladi. Ish stoliga yaqin borish-ku — armon, ko‘hna armoni. Divanda cho‘zilib yotaveradi. Tiq etsa eshikka qaraydi: zora qaynotasining mardligi qo‘zib qizini yetaklab kelib qolsa! Qaynotasini biladi, turmushning past-balandidan xabardor, yaxshi odam, qizini unatishga uringani aniq, lekin Malika ko‘nmagan, Malika! Tilakning bosh urib borishidan umidvor u, shuni kutyapti! Borib bo‘pti! To‘g‘ri, bir-ikki marta chog‘landi ham, ammo keyin o‘zicha mulohaza qildi: borsa, o‘sha kunlar, issig‘ida borish lozim edi, endi esa, oradan shuncha kun o‘tgach — noqulay, gunohi yanada oshadi, battar bo‘ladi.
Unda o‘rtaga kimni vakil qilsin? Uning nomidan boradigan dilso‘z do‘sti bormi? Nima deb o‘tinadi undan? Ko‘nadimi u? Sirini elga yoymaydimi? Kim u, kim?.. Shunday paytda biror kimsa yo‘qlab kelsa koshki edi. Hatto, ilgari ko‘ng‘iroqni jiringlataverib bezor qiladigan qo‘shni bolalar ham nimanidir sezgandek yo‘lamay qo‘yishdi…
Kun o‘tgan sayin Tilak yolg‘izlikka ko‘nika boshladi. Ammo shuni anglab yetdiki, u yolg‘iz yashayolmas ekan, yashasa — xor bo‘ladi, xarob bo‘ladi! Endi uyga sharpadek kirib, sharpadek chiqar, hech nimaga parvo qilmas, hech nimaga qaramas edi. Faqat bir narsani payqab qoldi: u yo‘g‘ida kimdir uyga kirib-chiqyapti. Kimligini o‘tgan kuni, ishga jo‘nash oldidai oshxonaga o‘tganida fahmladi. Siqilganidanmi, keyingi kunlarda ko‘proq chekib, ertalablari bo‘g‘zi achishib uyg‘onar, shuning uchun ketayotib, cho‘ntagiga bir-ikki dona obaki konfet solib olar edi. Qarasa — xolodilnikning ustida turgan mevadon qup-quruq. Qizi! U darsdan so‘ng qo‘shimcha mashg‘ulotga ham qolib, uyga yolg‘iz kelar, shu sababli Malika bitta kalitni unga berib qo‘ygan, bo‘yniga tumordek osib yurar edi. Demak… Birdan ko‘ngli yorishib, o‘zicha kulimsirab qo‘ydi Tilak. O‘sha ko‘ni ishdan qaytishida gastronomga kirib, birvarakay uch kilo obaki xarid qildi-da, uyga olib kelib mevadonni to‘ldirib qo‘ydi: oyog‘ini uzmasin!
Kecha kechqurun kelsa — eshik ochiq! «Hah shayton, kirishga kiribsanu, eshikni kulflab ketishni unutibsan-da!» dedi ichida qizini koyib. Ostonaga qadam qo‘ygach esa, battar hayrati oshdi: poygakdagi, har poyiga taxmnnan ikkitadan oyoq sig‘adigan beso‘naqay botinkalarga ko‘zi tushdi. «Qaynotam bunaqasini kiymasdi-ku!» deya ikkilanib turganida yon eshik ochilib, poyabzalning egasi ham ko‘rindi. Novcha, xushbichim, jingalaksoch yigitcha — jiyani, Xurram.
—Ha? — dedi Tilak shoshib. — Eshikni qanday ochding?..
— Muhayyongiz chiqib ketayotgan ekan… — dedi Xurram xijolatomuz iljayib. — Men boya kelib edim.
«Hmm», degancha iljayishga tirishdi Tilak ham, so‘ng birdan qovog‘i uyuldi, tashvishga tushdi. «Hozir so‘raydi… Nima deyman?»
Xurram indamadi, yana iljayibgina qo‘ydi.
U katta xonada televizor tomosha qilib o‘tirgan ekan. Tilak uning yoniga — divanga cho‘karkan, so‘radi:
— Biror narsa yeb oldingmi?
— Qornim to‘k, — deb javob berdi Xurram, keyin odaticha taraddudlandi: — Sizniki-chi?
— Ochroq edi, nima qilamiz?
— Biror narsa pishirib beraymi?
— Yomon bo‘lmasdi, — dedi Tilak jiyaniga mehri tovlanib. So‘ng uning ketidan oshxona tomon yurarkan, ajablandn: «Nega so‘ramayapti bu? Muhayyodan hammasini bilib olganmikan yo? Baribir, ko‘nglimga borib bir og‘iz so‘rashi lozim edi. Jiyanim, jigarim, bunga aytmasam, kimga aytardim dardimni? Mabodo, so‘raganida nima deb javob qilardim, nima deb?! Nimadan boshlangan edi o‘zi?..»
Tilak ko‘rsatma berib turdi, Xurram qovurdoqning qolganini qozonga bosib, ko‘z ochib yumguncha quling o‘rgilsin bir taom tayyorladi. Kech bo‘lgani uchun do‘konga chiqib yurmay, ustini sal po‘panak bosgan gijda nonni bir zumgina gazga tutdiyu tandirdan yangi uzilgandek qilib dasturxonga qo‘ydi. Tilak jiyanining harakatlarini havas bilan kuzatarkan, uning hafsalasiga, farosatiyu kordonligiga qoyil qoldi, ichida o‘zini koyidi: «Nega shuncha kundan beri biron marta qozon qaynatmadim? Qo‘limdan kelmasmidi shu ishlar? Malikaga rosa o‘ligimni tashlab olgan ekanman-da…»
O‘ziga o‘xshagan kamgap, lekin o‘ta sipo, mo‘mintoy bu jiyanini Tilak yaxshi ko‘rardi. Xurram har hafta — o‘n kunda xabar olib turar, u kelganda er-xotin baravar-birday quvonishar edi. O‘z uyidek bo‘lib qolgan bu xonadonga u har gal ham negadir allanechuk tortinib-qimtinib qadam qo‘yar, eshikni ochgan Malikaga shosha-pisha, gunohkorona ohangda: «Akam bilan gurunglashgani keldim», der edi. Ammo kelgan zahoti o‘zini mayda-chuyda ro‘zg‘or yumushlariga urar yoki yangasi ovqat tayyorlaguncha jiyanchalarini hovlida o‘ynatib yurar edi. Bolalarning ham joni-dili, uni ko‘rsa, ikkalasi baravar qiyqirishadi: «Xurram akam, Xurram akam!» Xurram darrov cho‘ntak kavlab, ularga bir donadan saqich-konfet ulashadi. Uy egasi eringan ishlarni — xoh eshikning qulfini sozlash bo‘lsin, xoh dazmol tuzatish bo‘lsin, u shunday did, shunday ustakorlik bilan benuqson bajaradiki, uning boshida turgan Tilak beixtiyor tan berib: «Ko‘nglimsan-da, jiyan!» deb yuboradi. Keyin, churq etmay, gumgurs o‘tirib birpas televizor tomosha qiladi-da, ishi ko‘pligini aytib, jo‘nab qoladi. O‘zidek indamas akasi bilan qilgan «gurungi» shu.
Malikaning aytishicha, Xurram otasiz o‘ksik o‘sgani uchun ana shunday jonsarak, oyoq-qo‘lli. Ona ishda oylaning to‘ng‘ichi sifatida ukalariga o‘zi qarab o‘rgangan. Taqdirning taqozosi bilan Tilakning tog‘asi to‘rt bolali xotinini qo‘yib, boshqa oila qurib ketgan edi. O‘ziga bardam, bolalariga muntazam bo‘lishib turadi-ku, lekin pul — pul, ota — ota!
Xurram kechkida o‘qiydi, kunduzi zavodda ishlaydi. U mana shu yerda, Tilakning uyida turib o‘qishga joylashgan. Birinchi yili konkursdan o‘tolmadi. Ikkinchi yili esa izidan otasi yetib keldi. «Jiyan,— dedi u ayvonchada Tilakka iltijo bilan termilib, — bilasan, to‘ng‘ichim, o‘kqikmasa bo‘lmaydi. Ketidan ukalarini ergashtirishi kerak-da. Bir ilojini qil, qancha kerak bo‘lsa — bor!» Tilak tog‘asining soddaligidan kulib qo‘ydi, lekin indamadi. Ichkarida imtihonga tayyorlanib o‘tirgan Xurram bu gapni eshitib qolgan ekan, kechqurun dabdurustdan uyga ketishga otlandi. Hay-haylab zo‘rg‘a olib qolishdi. «Bo‘lmasa, otamga ayting, — dedi u Tilakka dahlizda, — mening o‘qishimga aralashmasinlar!» Ertasi kuni otasi jo‘naganda u tuzukroq xayrlashmadi ham.
Shu-shu, Tilak bu — ko‘ngli yarim, ammo ko‘ksi baland bolani yaxshi ko‘rib qoldi.
Ovqatdan so‘ng tog‘avachchalar odatdagidek «gurung» qilib bir muddat televizor ko‘rishdi-da, yotish hozirligiga tushishdi.
«Tavba, nimaga bu bir og‘iz so‘z so‘ramaydi-ya?! » dedi ichida Tilak, toqati toq bo‘lib. Negadir birdan shu bolaga, uni xudodek benuqson deb biladigan mana shu yigitchaga, hali bir kimsaga sezdirmagan dardlarini aytib, hasrat qilgisi kelib ketdi. Go‘yo olamda uning dardini tushunadigan, uning dardiga malham bo‘ladigan yagona zot shu edi.
Biroq, Xurram devor tomonga o‘girildi-yu, pishillagancha uxladi-qoldi.
Tilak ertalab uyg‘onib, boshi ustida yotgan bir varaq qog‘ozga ko‘zi tushdi.
«Aka, men ketdim. Choyingiz — oshxonada. Bugun kelolmasam kerak, ishlarim bor. Ertaga xabar olarman».
«Ertaga xabar olarmish!.. — dedi o‘z-o‘zidan achchiqlanib Tilak. — Aqalli ko‘ngil uchun bir og‘iz: «Nima bo‘ldi?» deb so‘ramadi-ya, xumpar!»
Ertaga Malikaning ketib qolganiga uch hafta bo‘ladi — yigirma bir kun!..
Tilak ishdan keyin uyga qaytgisi kelmay, bir nafas boshi qotib o‘tirdi-da, Maratning ustaxonasiga qo‘ng‘iroq qildi. Uning ovozini eshitgan haykaltarosh og‘aynisi shodon hayqirib yubordi:
— E, bo‘taloq, bormisan olamda? Ke, kelaver. Nutqingni sog‘inganman!

Tilak, hamma yog‘i loy-gil, ivirsiq ustaxona o‘rtasida, baland to‘garak stolda qoya yanglig‘ qo‘qqaygan, ustiga chodir tortib ko‘yilgan hali chala haykalni aylanib o‘tdi-da, burchakdagi, yerto‘laga olib tushuvchi zinapoya tepasida cho‘nqaydi, uning devorga suyab qo‘yilgan tunukaband eshigini barmog‘i bilan ohista chertdi. Marat o‘sha zahoti ovoz berdi:
— Marhamat, marhamat! — Keyin kimgadir uqtirdi: — Ana, ko‘rdingizmi, og‘iz ochgani ham erinadi, dedim-ku! Ikkovinglarni bitta joyta o‘tqazib tomosha qiladigan! — Tik zinadan avaylabgina tushayotgan Tilakka qarab xitob etdi: —Fiziklarga salomlar!..
U yalang, chipor «telnyashka» ustidan charm nimcha kiyib olgan, soqollari har doimgidek o‘siq, poygakdagi kop-qora choydishdan choynakka objo‘sh quymoqda edi To‘rda, «erroti mulki sultoni»ning o‘zi yoxud uning eng aziz mehmonigina o‘tiradigan aylanma, keng-mo‘l xos kresloda esa, yerto‘lani o‘n to‘rt kunlik oy misol yoritib, chaqmoq telpak kiygan, o‘zi ham chaqmoqdek bir pari-paykar o‘tirardi.
Marat qo‘llariki yoniga arta-arta kelib Tilak bilan quchoqlasharkan, yelkasi osha qizga uni «Tug‘yon»imning qahramonlaridan!» deya, odati bo‘yicha, naq Nyutonga tenglashtirib ta’rifladi, so‘ng unga o‘girilib qizni tanishtirdi:
— Ira, Irodaxon! Darvishkalardan! Rassom! Rasmlari ham o‘zidek go‘zal!..
Qiz navozish bilan joyidan turib, Tilakka qo‘l berdi va sezilar-sezilmas jilmaygancha bosh silkib qo‘ydi:
— Iroda.
Tilak paltosi qo‘ynidan olgan shishani o‘rtadagi pastak stolchada qalashib turgan «birodarlari» safiga qo‘shdi-da, bir vaqtlar o‘zi ham o‘tirish sharafiga muyassar bo‘lgan xos kresloga ro‘baro‘ ko‘lbola kursiga cho‘kdi, Maratga yuzlanib hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi.
—Hamon «Tug‘yon», do‘sti aziz, hamon o‘sha «Tug‘yon»! — dedi Marat tik turgancha stolga engashib shishalardan birini qo‘liga olarkan. So‘ng, dasturxondagi bor ne’mati — yarim buxanka qora non, to‘rt-besh parrak pishloq, bo‘laklangan taxta shokolad va sochilib yotgan qurutlarga ishora qildi: — Qani, olg‘a!
Birinchi qadah oldidan u odatdagidek uzundan-uzoq alyor aytdi.
Tilak ko‘lidagi cho‘zinchoq qadahni stolga qo‘yib, aftini burishtirgancha qurut shimarkan, ro‘parasidagi nozaninga qarashdan, to‘g‘rirog‘i, qarasa — ko‘zi qamashishidan ko‘rqqandek, beixtiyor bu antiqa yerto‘laga razm soldi.
Xosxona hamon o‘sha-o‘sha: devorlariga turli-tuman suratu haykalchalar osib tashlangan, to‘rdagi chimildiqqa monand parda yarim ochiq, orqasida enli karavotning bosh tomoni ko‘rinadi, yuqorida kitob qalashtirilgan mo‘jazgina javon, beriroqda — radiola ustida magnitofon… Yerto‘laning shiftiga tuxumdan bo‘shagan bo‘rtma kartonlar ajib bir did bilan koqilgan bo‘lib, san’at koshonalarini esga solardn. Birinchi marta kelganida buni ko‘rib Tilak chinakamiga hayratga tushgan, Maratning ustakorligiga ichida tahsin aytgan edi.
Mezbon ikkinchi qadah so‘zini qizga berdi. Qiz «Siz uchun, siz uchun», deya yigitlarga tezgina bir-bir qarab oldi-da, qo‘lidagini mahtal qilmay ichib yubordi. Bu — uning shu o‘tirishda Tilak eshitgan yagona gapi, yagona kalimasi bo‘ldi. U xosxonada serob haykalchalar bilan bahs boylashgandek qimir etmay qotib o‘tirar, Maratdan nigoh uzmas, «A-ha», «I-hm», — debgina uning gaplarini ma’qullagan kabi bilinar-bilinmas bosh irg‘ab qo‘yar, o‘qtin-o‘qtin negadir Tilakning ortidagi devorga qarab, so‘ng unga bir ko‘z tashlab olar edi.
Marat navbatdagi qadahni qo‘liga olarkan, Tilakka yuzlanib:
— Senga so‘z yo‘q, bo‘talog‘im, xafa bo‘lmaysan, sening nutqing menga ma’lum! —dedi-da, uning o‘rniga ham o‘zi alyor ayta ketdi. Ammo bu — alyor emas, «Tug‘yon»iyu qo‘li bodga chalinib, ishi yurishmayotganidan shikoyat, hasrat edi. U bir vaqt Tilakning har tarafga alanglab o‘tirganini payqab, gapdan to‘xtadi, qo‘llarini ko‘ksiga xijolatomuz qovushtirib o‘tindi: — Qayoqqa qarasang — ixtiyoring, faqat orqangga qarama, iltimos!
Tilak orqasiga qaradi, qaradiyu hammasiga tushundi: tokchadagi tik, shiddatvor boqib turgan azamat haykalning bir qo‘li yo‘q edi. Bu — uning haykali edi! Marat uni dastlab tanishgan kezlari ganchdan yo‘ngan bo‘lib, bir nusxasini o‘ziga sovg‘a qilgan.
«Qo‘lim sinibdi… — dedi Tilak borlig‘i zirqirab, — singan… Nimadan boshlangan edi o‘zi?.. »
— Kecha «geniy» kurg‘ur kayf qilib koldi, o‘tayotib turtib ketibdi, — dedi Marat hamon kaftlarini ko‘ksidan olmay. — Qayg‘urma, og‘ayni, ertagayoq ko‘lingni sog‘aytirib qo‘yamiz!
«Geniy» degani ilk asarlari bilanoq tilga tushgan yosh rassom ekanini Tilak bilardi. Bir galgi bazmda Marat uni davradagilarga picha ko‘pirtirib maqtaganida, mast bo‘lib qolgan yosh iste’dod bunga chippa-chin ishonibmi, boshini devorga urgancha: «Geniyman-da, geniyman, nima qilay?» deya «qismatidan zorlanib» rosa o‘kirgan edi.
Marat Tilakni chalg‘itib, kayfiyatini ko‘tarmoqchi bo‘ldimi, «Eshitinglar, mening yangi tug‘yonim, mening yangi fig‘onim», deya uzalgan ko‘yi magnitofon tugmachasini bosdi. Hazin bir navo, uning ketidan mungli bir nido taraldi. So‘ng bu navoyu nido yerto‘laga sig‘may, zinalardan hatlay-hatlay faryod chekkancha ro‘yi zaminga talpindi… Qo‘shiq barobari Marat o‘ychan ovozda juvonmarg ketgan afg‘on xonandasining fojiona qismatidan so‘zlay boshladi. Lekin och qoringa xiyla ichib qo‘ygan Tilak hozir bunday xayoliy ham havoyidek tuyuladigan ajib davrada ekanidan favqulodda shod edi, bearmon edi; o‘zini oppoq bulutlar og‘ushida tebranayotgandek his etardi. Yonida — qadrdon, dardkash do‘sti, ro‘parasida — tangri o‘zigami deb yaratgan bir farishta, ohanglar qanotida parvoz qilmoqda… Qo‘shiq tugagach, aytilayotgan har bir so‘zni yutib yuborgudek bo‘lib sehrlanib o‘tirgan qizga, so‘ng tinmay vaysayotgan Maratning o‘ziga qaradi, birdan fe’li buzildi.
Tayyoru intizor bir quloq yoningda ekan, Tilakni chaqirib nima qilarding, nodon! Qara, manov sanam bor vujudi bilan senga talpinib o‘tiribdi, bor vujudi seniki! Vaysashni qo‘yib, uni bag‘ringga olsang, to‘yib-to‘yib quchsang, o‘psang-chi! Dunyo ikki kunlik, galvars, ikki kunlik! Senu men uchun esa, bir kuni o‘tdi, o‘tdi…
Marat boyagi qo‘shiqni qaytadan ko‘ydi. Qaytadan… Sarmast Tilak beixtiyor ko‘zlarini yumib oldi… Oppoq gullagan olchazor… Gullar qorga aylanib yog‘moqda, qorlar gulga aylanib… Olchazor oralab qochib borayotgan qiz sening baxting, sening taqdiring! Sen uni entikib-entikib quvlaysan, u ohudek hurkib-hurkib qochadi, yetay-etay deganingda gullar ichra ko‘rinmay, gullarga aylanib ketadi, keyin qayerdandir yana qiqirlab kulgani eshitiladi, kulgisidan duv etib oppoq qor, yo‘q-yo‘q, oppoq gullar to‘kiladi, oppoq gullar — duvv… Umi deb gullarni quchoqlaysan, gullarmi deb uni… Bir kuni u joningga tegadi, undan bezasan, unga baqirasan, uni urasan!.. Shunda u shartta bo‘yningga osilib olsa, shunda sen shartta uning qarshisiga tiz cho‘kib etagini, qo‘llarini tavof qilsang, tavof qilsangu yig‘lab yuborsang, u ham senga qo‘shilib yig‘lasa, yig‘lasa-yu, nimaga yig‘layotganini bilmasa — u ham, sen ham…
— Ey, xayrlashmaysanmi, malikamiz bizni tark etyapti!..
— Malika?! — Tilak cho‘chib ko‘zini ochdi-yu, ro‘parasida sumkachasini yelkasiga tashlab, xiyol jilmaygancha unga qo‘l cho‘zib turgan Malika… yo‘q, boyagi parivashni ko‘rdi. Irg‘ib joyidan turdi…
Qiz ketgach, yerto‘la yana… yerto‘laga aylanib qoldi.
Marat uni kuzatib qaytganida Tilak paltosini kiyib, bo‘yniga sharfini o‘ramoqda edi.
— Shu qiz seni yaxshi ko‘radi, jo‘ra, — dedi u hayajon bilan. — Uylan shunga!
— Uylanardimu, baribir ajrashishga to‘g‘ri keladi-da, og‘ayni! — dedi Marat xo‘rsinib. — Bilsang, mening birinchi va so‘nggi muhabbatim — o‘sha, birinchi xotinim…
Tilak o‘zi ham kutmaganda alam bilan pichirladi:
— Men esa ajrashyapman…
— Ie, rostdanmi? Tabriklaymiz!— deya hazilga oldi Marat. — Bo‘lmasa, nega jo‘nayapsan? Qola kol shu yerda, bo‘ydoqlik gashtini birga suramiz!
— Y-o‘q, bormasam bo‘lmaydi.
— Unaqada boya anov jonon bilan ketsang bo‘larkan. Quzatib qo‘yarding, balki opketarmiding…
Uning gapi og‘zida qoldi, qattiq zarbdan gandiraklab ketdi.
— Maraz!..
Marat: «Ey, esing joyidami, bu nima qilganing?» degancha iyagini changallab qoldi. Tilak tik zinadan bir hatlab, o‘zini oppoq chamanda ko‘rdi: tashqarida gupillatib qor urardi. U paltosi yoqalarini ko‘tarib, jadal yurgancha katta ko‘chaga yetganda «qorbobo»ga aylanib ulgurgan edi. Yo‘lning o‘rtasiga chiqib, ikki tarafidan o‘tayotgan mashinalarga baravar qo‘l silkiy boshladi.
Uning shashti baland, hoziroq borib uyidagi haykalni derazadan uloqtirmoqchi!
…Uyga kelguncha o‘zini ancha bosib olgan Tilak eshigiga kalit solmoqqa chog‘langan ediki, eshik o‘z-o‘zidan ochilib ketdi. «Xah, kasofat, ochiq qoldiribdi-da!»
U ochlikdan ko‘ngli ozib borayotganini sezdi, kiyimini ham yechmay oshxonaga qarab yurdi.
Oshxonann kimdir supurib-sidirib, hamma yog‘ini saranjomlagan edi. Oynadek yaltirab turgan stoldagi allanimaning ustiga ozoda qilib sochiqcha ham tashlab qo‘yilgan. Aqli shoshgan Tilak sochiqni asta ko‘tardi. To‘rt dona pechene, ikki dona obaki, bir burda qotgan non — kechagi, choynak-piyola. Hammasi bog‘chadagidek bir tartibda joylashtirilgan Choynakka qo‘l tegizgan edi, barmoqlari kuyay dedi. Sarosimada srqasiga qaytib, xonalarga bir-bir bosh suqa boshladi: «Xurrammikan? Bugun kelmayman, degan edi-ku?!»
O‘zining bo‘lmasida chiroq ko‘rindi. Eshikni ochdiyu ostonada qotib qoldi: o‘rnida mushtdekkina bo‘lib qizchasi uxlab yotardi…
Tilak shu alfoz qancha turganini bilmaydi. Bir mahal asta borib karavotning boshiga tiz cho‘kdi, kiftiga sekingina turtib qizchasini uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Qizchasi bir ingrandi-da, u yoniga o‘girilib oldi. …Ertaga choshgoh payti eshik ko‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Tilak chikib, ostonada xijolatomuz iljayib turgan Xurramni ko‘radi. Yonida o‘g‘ilchasi Ravshan, u kimningdir qo‘lidan ushlab bu yoqqa tortqilamoqda. «Aka-a…» deya aybdor kabi boshini egib oladn Xurram. U ortiq gap aytmaydi, aytolmadi, faqat: «Aka-a…» U kamgap, Tilakning o‘zidek kamgap, Tilakning o‘zidek mag‘rur, bosh egishni bilmaydi — jiyani-da! Ammo u bugun deyarli bir soatning ichida, mana, ikkinchi kishiga bosh egishi, ikkinchi kishiga yalinishi…
Tilak, har qancha urinmasin, xotini bilan bo‘lgan mojaro nimadan chiqqanini eslolmagani kabi, hozircha bularni ham bilmaydi — u hozir qizchasini uyg‘otolmay ovora…

Qizchasini uyg‘otib, nimani so‘raydi?
Qizchasi uyg‘onib, dadasiga nima deydi?
Buni hozircha biz ham bilmaymiz.

1981