“Qirq yillik gurunglar” turkumidan bir hikoyat
Qiyomatli suhbatdosh
Abdulhamid Rashidiyga bag‘ishlandi
Bilsangiz, Jiydali deganimizning eli aslan qurama, ha, balli – har yoqdan kelib qolgan. Kecha emas, bugun emas, huv qadim ayyomlarda. Ko‘hna kitoblarda darj etilishicha, hozir o‘rtacharoq shahar siyog‘idagi bu manzil vaqti-zamonida anchayin bir rabot bo‘lgan, karvonsaroy degandek. Qochgan ham, quvgan ham bir qo‘nib o‘tgan. Qochayotib ortiga bir qarab olgan: ta’qibkori horib-netib yoxud allanimaga chalg‘ib yo‘lda qolib ketgan bo‘lsa, hech nima ko‘rmagandek, labiga kesak surtib bu yerni muqim makon tutavergan. Ta’qibkor ham shunday – bu chamanni ko‘rib, kimni, nima deb quvlayotgani esidan chiqqanu otiga qoziq qoqavergan.
Shu tariqa bora-bora gavjumlashib, o‘tar yo‘l yoqasidagi bir to‘p yovvoyi jiyda bahona Jiydali atalganicha bugun ko‘rk taratib turibdi. Endi oddiy Jiydali emas u, dong‘i dong‘istonga yetgan Jiydali! (Sirasi aytilsa, butun ahli jahon shunday-ku: qaydandir kelgan, qaygadir ketgan. Ya’nikim, banibashar aslida kelgindi, ko‘chmanchi. Bu dunyoning kirar-chiqar ikki eshikli karvonsaroy atalishi ham shunga bir timsol bo‘lsa ajab emas.)
Jiydaliga qaytsak – serviqor tog‘lar etagini ishg‘ol etgan, suvi toza, havosi toza, og‘ir mehnat yo‘q, qo‘shni deparalar singari jon koyitib paxta ekmaydi, bor hunari – olmayu uzum yetishtirib, ariq bo‘yidagi soya-salqin choyxonada shuning ta’rifini qilib, o‘shagu cho‘pchak to‘qib o‘tirish! Dunyoning g‘urbatidan bezgan sof soyaparvaru bekorchixo‘jasi ana shuniyam ko‘zlab kelavergan-da bu yerga. Boz ustiga deng, kechagi hukumat yo‘qsilparvarlikka da’vogar, foyda-zararga qarab o‘tirmas, ismi qorako‘zu ko‘kko‘zni peshonasini birday silab, bebiliska boqib olaverar edi. Shundanmi, Jiydalimizda serjujuq xonadon mo‘l, ularni tug‘ib-bovlagan “qahramon ona”lar mo‘l, albattaki, tug‘dirgan sherimardlar ham shu sanoqda. Anoyilikda beqiyos hukumat esa buning bariga – dunyoga kelgan har farzandingiz uchun, toki ugina bo‘y cho‘zib chimildiqqa kirguncha, do‘rjigina nafaqa ulashib turar, bundayin behishti beminnatda bel og‘ritib bir ish qilmoq borib turgan devonaning amali edi.
Haqrost, shuncha-muncha bola-baqraga ziyo tarqatguvchi bir maorifga ehtiyoj bormi – albatta bor. Shuncha-muncha og‘izga don-dun tashlab turadigan hojatbaror matlubot zarurmi – zarur. Issiq jon, biror a’zosi og‘rib qolsa-chi, azbaroyi shafiqlik, sabzadori surtib qo‘yguvchi oq-oppoq bir muassasa-da darkor. Ana shularning bariga bosh bo‘lib, barini yuritadigan sohibi korlar ham kerak, inchunun. Suv bilan havodek! Aslida bor qiladigan ham shular, yo‘q qiladigan ham shular-da.
Uzun qissaning qisqasi – azal tegirmoni bir tekis charx urib turgan ana shu jannatoso Jiydalida gap tarqaldi: nima deysizki, muallim, oddiygina jug‘rofiya muallimi Arbob Qulov Parijga borarmish! Moskvaga emas, Leningradga emas – bulari o‘taversin, tus Parijga!
To‘g‘ri, boshida yalanggina “chet elga” deyildi. Keyin manzil aniqlashtirildi – allaqanday Lissabonmi, Stokholmmi, Kopenhagenmi degich vahimalar ekan. Xullasi, olisdan-olis manzillar, naqd Ovruposining yuragi emish! Xalqaro kongressmi-simpoziummi, ajabtovur bir festivalmi-forummi, o‘shanga qatnashgani borarmish. Oxirida, avomning lahjasiga og‘irlik qildi chog‘i, jarangiyu dovrug‘iga qarab Parij degani tanlandi. Parij bo‘lsa Parij-da, nima farqi bor? Bul shahri shondor ham o‘sha tomonlarda-ku, to‘g‘rimi?
Ishqilib, oddiy bir maktab muallimi Parijlarga yo‘l tortadigan, o‘shandoq mo‘jiz madinalarni ko‘rib keladigan bo‘lib turibdi – qarang, havas qiling!
Nega kelib-kelib aynan Arbob Qulov tanlandi, xo‘sh? Boshqa muallim, mayli, boshqa jug‘rofiya muallimi topilmabdimi deng bu atrof-javonibda?
Negaki… Avvalo mo‘min-qobil. Yuvoshdan-yuvosh. Batartib, baodob. Ichmaydi, chekmaydi, u yog‘i bizga qorong‘i – bildirmaydi, pismiq. Bo‘yinginasidan galstuk tushmaydi, guldoru endor galstuk, egnida mudom oq ko‘ylagu qora kostyum-shim. Xullas, bari kinodagidek, yo‘q, kitoblarda yozilgandek, ayni risolabop! Shu bormay kim borsin Parijga! Jug‘rofiyadan ta’lim berishiyu jaydari talaffuzga tushavermaydigan anovi Stokholmu Kopenhagen demoqlarga zaboni burroligi-chi, qo‘shimchasiga!
Bulari bor bo‘lsin-u, ajab jingalak sochini aytsangiz! Muallimlik sipogarchiligini bir chetga qo‘yib, orqa-oldini o‘stirib yuborsa bormi, ana, tayyorgina ajnabiy xonanda Bobbi Jonson deysiz!
Yo‘q, yo‘q, puxtaroq sin solib qidirilsa, bundan-da mos, bundan-da munosibrog‘i ham topiladi Jiydalidan. Yo balki ismu familiyasining ajabtovurligi ham hisobga olindimikan? Topolmadingiz, topolmadingiz.
Yo‘qsa, nega sizu biz emas-u, aynan bu kishim boradi Parijga? Bizning nimamiz kam ekan? Undagi bo‘y-bast o‘zimizda ham bor, qosh-ko‘zi o‘zimiznikidek, gap-so‘zlari o‘zimiznikidek… Shoshmang, shoshmang, birodar, shu o‘rinda andak xato ketdingiz-ov. Bari-bari o‘zimizdeg-u, ammo uning nomai a’molida deysizmi, rasmiy hujjatida deysizmi, nozik bir aybg‘inasi bor ekan-da. Ana shu aybg‘ina bugun kelib Parijga tap-tayyor yo‘llanma bo‘lib turganiga shahringizni beraversangiz-chi! Safar chaqqon degichlari osmonga barmoq nuqib “Beshinchi grafa! Beshinchi grafa!” deya bekorga g‘alamislik qilgani yo‘q huv keyinchalik.
Unday desangiz, o‘shanaqa “grafalik”lar ana, soyning narigi betidagi maktabi Firdavsiyda achib-tiqilib yotibdi. Har gapdonlari borki, “shumo-shumo”lab har bobda har kimni mot qilib tashlaydi. Shularki qolib, nimaga endi allaqanday Qulov tanlandi ekan-a?
Gap shundaki, Parijda bo‘lajak o‘sha xalqaro anjuman aynan “grafa”si undaylarning “grafa”si bundaylar bilan yonma-yon tinch-totuvlikda yashab-ishlashiga bag‘ishlangan olijanob niyatli bir mashvarat ekan-da. Arbob Qulov jo‘ramiz esa ana shu shartu talablarga mos tap-tayyor nomzod bo‘lib chiqibdi-da-e! Nimayam derdingiz, omadi bor ekan, omadi!
Biroq ana shunday omadga erishib do‘ppisini osmonga otishi lozim bo‘lgan nomzodimizning ko‘ngli notinchroq edi. Aytish kerakki, u ajabtovur ism-familiyasidan kishibilmas xijolatda yurishi barobari anovi “grafa” deganlaridan ham ich-ichida norizo edi. Ammo nachora, odam bolasi o‘ziga o‘zi nom tanlayolmasa, ana unisi ham bandasining emas, azal kotiblarining qo‘lida bo‘lsa! Garchi hali Jiydali ahli ta’riflanganda “qadimgi el, qurama el” deya ta’kidlangan esa-da, ichida “peshonanavis”lari ham topilardi.
Bilarsiz, ko‘pincha tog‘ etagidagi manzillarning qoq o‘rtasidan ayqirib soy o‘tadi. Ehtimol aksinchadir: bir zamonlar bunda qo‘nim topganlar azza-bazza ikki qirg‘oq – soy yoqalab joylashgan chiqar. Shu soy qurmag‘ur go‘yoki elni-da ikkiga ajratib oqadigandek. O‘zi bir el, bir qavm, lekin zimdan o‘zaro musobaqami, ba’zida esa oshkora adovat ham hukm suradi deng. Tog‘dan keladigan Xudoyimning suvini talashadimi-ey, osmonda suzib yurgan daydi bulutga da’vogarlikmi-ey: soyning goh bu tarafiga, goh narigi tarafiga soya tashlaydi-da ul jonivor!
Jiydalining quramaligini ko‘p aytdik, bu yer bobomdan qolgan, meniki, sen esa begonasan, ket bundan deydigan mol egasi kam topiladi – bari kelgindiligini biladi, bari shu yurt-go‘sha o‘ziniki ekanini ham biladi. Shunday bo‘lsa-da, soyning ikki tarafi unda-munda “seniki-meniki” qilib turadi. Bunga o‘rtadagi suv ne’mati misol Xudo ulashgan lahja ham bir sabab – narigi tomon “shumo-shumo”lab gapirsa, berigi tomon “uytding-buytding”dan oladi. Soyning nariyog‘idagilar bisyor seriltifot, sermulozamat kelsa, biz tomon birmuncha errayim, to‘poriroq – tuman markazidanmiz-da! Ajoyibi shundaki, oraga ishq savdosi aralashib, kelin u yoqdan bo‘lsa – hamma “shumo-shumo”ga, bu yoqdan borganda esa o‘sha xonadon chor-nochor “uytib-buytib”ga o‘tmoqqa majbur. Berigi tomon goho bilar-bilmas “shumo-shumo”lay boshlasa, “Qo‘ying-qo‘ying, oshino, o‘zingizning zabonda suxan qilabering, tushunamiz” deydi sipo tomon tantilik bilan. U o‘zining shevasida gapirganida esa, baloni anglab turgan bo‘lsak-da, bizga birmuncha mullayona tuyuladigan so‘z ohangini masxaralab kulamiz.
Ammo bulari kundalik eshik-orada kechadigan ikir-chikirlar. Kechagi zamonda odam ajratgan, ya’ni sen undoq-men bundoq deganning kapasi kuyardi. Hamma birdek faxrli fuqaro, vassalom! Shundanmi, qo‘lidagi hujjatni birov tuzuk ochib qaramas, qaraganda ham undagi yozuvlarga ahamiyat berib o‘tirmas edi. Bu boradagi ko‘p chalkashliklaru ajab-ajab hangomalar zamon o‘zgargachgina ma’lum bo‘ldi, ko‘p tashvishlar ham tug‘dirdi.
Deylik, bir ota-onadan bino bo‘lib, bir xonadonda o‘sgan farzandlarining yarmi hujjatda “shumo-shumo”, yarmi esa boshqacha yozilgan oilalar Jiydalida kam emasdi, birov bunga ajablanmasdi ham. Nasl-nasabingiz ko‘pincha rezaroq bir muhrdorning qo‘lida, o‘shaning ta’bi-tabiatiga bog‘liq bo‘lardi. Jiydalilik bir bo‘yniyo‘g‘onga ergashib Kavkaz tomonlardan kelib qolgan, “janim-janim”siz gapirmaydigan xushsurat Patimat – Pana xolamiz bir muddat chaqaloqlarga guvohnoma yozib beradigan idoraga ishga o‘tdi-yu, yot elda yolg‘iz yurmayin dedimi, ko‘ziga yaxshi ko‘ringan mahalla-ko‘yini laku lazginga to‘ldirib yubordi. Qiyomat qo‘pgani yo‘q, ana, yuribdi bari laku lazgin atalib, “hah, ukkag‘ar” deya, allaqachon xoki turobga aylangan Pana xolasining go‘riga g‘isht qalab, lekin tomiran o‘zbek bo‘lib, musulmon bo‘lib!
Aytishlaricha, buning o‘salrog‘i ham, kulgiboprog‘i ham huv ilgari bo‘lgan ekan. Nomai a’mol bitadigan o‘sha mahkamaga o‘zi buxorolik atalsa-da, asli nomusulmon qavmdan bo‘lmish Anvar Ishoqov deganlari muhrdorlik qilibdi. Rosa xushxat, besh-olti tilda barobar chuldiraydigan, idora ishiga chapdast bir zot. Beg‘amroq elimizning o‘zi ham Beg‘amboy ismli bittasi yaylovda tug‘ilgan o‘g‘liga guvohnoma so‘rab shuning oldiga keladi. Anvar mirzo hujjatni raso xushxati bilan bezayturib, bir nuqtaga kelganda yosh otadan so‘raydi: “Qoniy, Beg‘amboy uka, mana, bachamizning otlarini Boyqobilboy deduk, millatlarini ne deyluk: qo‘ng‘irotmi, chag‘ataymi, yo “shumo-shumo” bo‘lsunlarmu?” “Eng zo‘rini yozaberasiz-da endi, mirzo bobo!” deydi dala kezmoqdan o‘zgasiga no‘noq qo‘ychivonimiz. “Shundoy bo‘lsunmu? – deydi mug‘ombir mirzo mug‘ombirona iljayib. – O‘zimning elatimni yozib bersammi yo – dunyoda eng zo‘r elat?!” “E, shundan keling, bobojon, bizdan ham zo‘r chiqsin-da! – deydi Beg‘amboy og‘zi qulog‘iga yetib. – Bir sovliq bizdan! Qo‘zisi bilan!”
Boyqobilboyning nasl-nasabi oradan talay yillar o‘tib, zamon bir aylangach, sandiqda chang bosib yotgan hujjat qo‘lga olingachgina ma’lum bo‘ldi. Bu orada dunyo darvozalari lang ochilib, ketgani – ketgan, qolgani qolgan edi. Kechagi Anvar mirzomiz Avner Itsxakka do‘nib, Isroilga surib ulgurgan, agar tirik bo‘lsa, hozir Quddusning bozorida tovuq sotib o‘tirgandir. Endi kimning yoqasidan olmoqni bilmaysiz. Bu yoqda esa Beg‘amboyning o‘g‘liga hatto qarindoshlari qiz bermayapti – Boyqobilboy juhud atalib qolgan, qaysi musulmon uni kuyov qilardi?! Teng-to‘shlari esa tegishgani tegishgan: “Ke, o‘zgartirib nima qilasan shuni? Qaytaga zo‘r-ku, burning qonasa ham butun dunyo himoyaga yugurib keladi. Erta bir kun narigi dunyoga ketganingda ham maza! Ana, qara, shahardan chiqaverishdagi yo‘l bo‘yida do‘mpaygan mozorotini qandoq obod qilib qo‘yibdi! Odam yollab, o‘sh-sha yoqdan pul jo‘natib turarmish. O‘lganingdan keyin qayerda yotishniyam o‘ylagin-da, lodon!”
Alqissa, Boyqobil sho‘rlik to musulmon bo‘lguncha, toki o‘zbek atalguncha qo‘ychivon otaning yana qancha moli-holi badal ketibdi deng! Qo‘zi-qo‘chqori bilan!
Arbob Qulovimizga qaytsak, uning ism-familiyasidan ham, nasabiyu hasabidan ham aslo mamnun emasligini sha’ma qilgandek bo‘lib edik. Rostdan-da, nimasi arbob ekan uning, nega – qul? Kimdan chiqqan bu qovushmagan nomlar? Xudo bilsin endi. Bir vaqtlar qayerdandir yetimxonaga kelib tushgan, kimdir ismini hazil aralash Arbob atab yuborgan, yana birovi qul-mulning bolasidir, Qulov bo‘laqolsin degan, tamom. Egasiz, tashlandiq sag‘irning asli a’moli shu-da.
Bugun ana shu beega, savil yetimcha – odam bo‘lib, arzanda bo‘lib Parijlarga boradigan! Voqean, o‘sha yoqlarga yo‘llanishiga, ehtimolki, mana shu yetim-esirliklari ham hisobga olingandir?
Biroq azza-bazza Parijga otlangan qahramonimizning ishkali chiqib qoldi deng. Ulay-bulay kamchilik emas, qaltisdan-qaltis! Chag‘ir-chug‘ur yetimxona muhitida o‘sib, o‘zbekchayu o‘rischasi baharnav bo‘lsa-da, “shumo-shumo”ga kelganda no‘noqligi ma’lum bo‘ldi. Busiz esa Parijga kim qo‘yibdi uni! U yoqda yuksak xalqaro minbarlardan turib nutq so‘zlamog‘i, qitmir muxbirvachchalar bilan guftugo‘ qilmog‘i kutilayotir! Ona tilida! Shu zabonda tayyorlangan maxsus ma’ruzasi o‘zbekchayu o‘rischaga o‘girilib, tegishli joylarda so‘zma-so‘z tekshirilib-tasdiqlanmog‘i darkor!
Bu noqislikdan xabar topgan yuqori tashkilot shoshilinch chora sifatida soyning nariyog‘idagi maktabi Firdavsiydan maxsus mutaxassis yolladi. Bosh hujjatida “shumo-shumo” atalgan qahramonimizning ona tilidan sabog‘ini puxtalamoqqa. Toki Pariju simpoziumlar nari tursin, shu yerning o‘zidan biron badxohu nobakori chiqib, uni kishibilmas imtihon qilib ko‘rsayu ahvol oshkor bo‘lib, nomzod o‘lgur-ku go‘rga, Jiydali, butun boshli Jiydali, bundan-da chatog‘i – aziz tuman rahbariyati isnodga qolmagay!
Yordamga chorlangan muallim o‘zicha she’r-per yozib to‘yu tomoshalarda shoirona qiroat bilan o‘qib yuradigan mahmadanagina xilidan ekan. Badxohlikni qarangki, elatdoshining orini ortmoqlab tilini charxlamoq o‘rniga uning ko‘ngliga battar g‘uluv soldi u. Butun Jiydali aytib-anglaydigan jaydari lahja qolib, nuqul Firdavsiy zamonidagi mullayona kalimalardan lof uradi deng. Ko‘rinib turibdi, atay qilayotir, tushunmasin, tushunmaylar ketsin bu g‘alcha deb shunday qilayotir. Sho‘rlik Qulovning “zaboni zebo” changalzorlarida gangib qolganini ko‘rib biram zavqqa to‘ladi, so‘ng unga oshkora hasad ila boqadiki, “tarjima”sini bunday demoq mumkin: “Shu bilim-saviya bilan bu kishim Parijlarga bormoqchi, o‘rgilib ketdim! Esiz Parij!” Go‘yoki bu siru savdodan boxabar devor ortida bekinib turgan allakim shartta o‘rtaga chiqib, “Bo‘ldi, masala hal, Parijga bu emas, sen borasan!” deb qoladigandek ilinj bilan o‘tiradi doim.
Nihoyat, ul qitmirning qiynoqlaridan bezor bo‘lgan Qulov uzun kechalar o‘tirib o‘zi lug‘at titkilamoqqa kirishdi. Mustaqil saboq. Goho diqqati oshib, “E, qaysing borsang bor-e o‘sha Parijingga!” deya o‘rnidan turib ketadi. Birpasdan keyin hovuridan tushib, o‘zini chimchilamoqqa boshlaydi: “Shuncha donoyu vallamatlari qolib, omad qushi sening boshingga qo‘nibdi, noshukur, do‘ppingni osmonga otsang-chi! O‘zing bor-yo‘g‘i yetimxonada o‘sgan baxtisiyoh bir g‘arib bo‘lsang, bu ro‘shnolikni ravo ko‘rgan Xudoyingga shukronalar aytmaysanmi?!” Bu o‘ylar o‘z-o‘zidan tushida ham ko‘rmagan Parijga doxil shirin-shirin orzularga ulanib ketadi.
Darvoqe, tush! Nimadan boshlandi o‘zi bu tush?
Rasmiga borib, avval qur’a tashlangan bo‘ldi. Qur’asi qurg‘ur tilsim tanga shamoyilida edi. Osmondanmi otilgan ushbu omad timsoli Jiydalining qoq markazida qubbador qilib tiklangan xo‘jako‘rsin darvoza – ark tepasidagi ertayu kech tinmay javrab yotguvchi cho‘yan radiokarnayga kelib urilib xushna’ma jiring etdiyu havoda uchib zarang yerga, undan bir qopchib yo‘l yoqasidagi tip-tiniq suv jildirab yotgan ariqqa tushdi, qo‘ng‘ir-ko‘kimtir silliq toshchalar uzra o‘n-o‘n besh qadam yalt-yult jilva sochib bordi-da, kattaroq bir toshga uchrab, nogahon so‘lga burilib ketgan ariqchaga o‘tdi va shu yerda egasini topdi.
Hali aytdik, Jiydalining kindigi xuddi shu joy. Ikki markaziy ko‘cha mana shu yerda to‘qnashadi-tutashadi. Ark darvozasidan pastga qarab ketgani – Sovet ko‘chasi, uning “boshini bog‘lab” ko‘ndalangiga o‘tgani esa yo‘qsillar dohiysi nomi bilan ataladi. Hammasi bepoyon yurtning har go‘shasidagidek puxta rejaga asosan!
Quyuq daraxtlarga ko‘milgan Sovet ko‘chasining ikki tarafida keta-ketguncha bir tekis oq-oppoq binolar qad rostlagan; tuman rahbariyatiyu boshqa kazo-kazolar hamda kelgindi musofirlar shu uylarda istiqomat qiladi. Qolganlar “yo‘qsillar dohiysi” panohida – tumanni kesib o‘tgan eng uzun ko‘cha bo‘ylab va o‘zga mahalla-ko‘ylardagi hovli-joylarda ro‘zguzaronlik bilan mashg‘ul.
Etimxonada o‘sib katta bo‘lgan, urug‘-avlodi birovga noma’lum, bezot-beega Arbob Qulov bir to‘p musofir qatori Sovet ko‘chasining boshlanishida – chog‘roq oilalarga moslab qurilgan chap qo‘ldagi uzun binoda yashaydi; boyagi tilsim tanga burilgan ariqcha bo‘ylab ensizgina yo‘lka bilan yurib pastak eshikchadan hovliga kirilsa, imoratning boshidagi xonadon shuniki.
Yo o‘ttizinchi, yo qirqinchi yillarda bino bo‘lgan bu imorat olti ro‘zg‘orga atalgan. Xom g‘ishtdan tiklanganiga qaramay juda pishiq, mustahkam. Devorining qalinligi yarim quloch, shifti uch qulochga boradi. Dastavval yarim beldan keladigan to‘siq devor orqali qozon-tovoq va boshqa ro‘zg‘or lash-lushlari qalashib yotadigan ikki yoni yopiq ayvonchaga kiriladi, undan keyin torqorong‘i dahliz va nihoyat, baland qo‘sh derazasi katta ko‘chaga qaragan yonma-yon ikki xona – yotoqjoy ham shu, mehmon-izlom ham shu yerda kutiladi.
Binoning hovli tarafi taxta devor bilan omonatgina qilib uch qismga bo‘lingan, ro‘parada bir tekis pastak bostirmalar: o‘tinxona, ko‘mirxona, omborcha va boshqa katalaklar.
Hovlida, baayni har bir xonadonga alohida tegishlidek, bittadan bahaybat qayrag‘och yo akatsiya bo‘y cho‘zgan, yozda supurib turilmasa, tagi ikki kunda xashakka to‘lib ketadi. Har-har joyda bo‘yradekkina paykalga shivit, petrushka yoki o‘sma ekilgan; mevali daraxt ko‘rinmaydi.
Hovlining yon-veridan o‘tganda yo chala dog‘langan yog‘ning, yo jingirtobiga yetkazib qaynatilgan choyshab hidi dimoqqa uriladi: bu oshyonlarda istiqomat qiladigan xotin-xalajdan kimdir navro‘zg‘or, o‘choqqa endi yaqinlashishi, yonidagi qo‘shni esa ro‘zg‘or yumushlaridan charchagan, uyida bor kir-chirini o‘choqdagi korsonga joylaganu ichkari xonaga kirib uyquni uryapti, degan o‘yga borish mumkin.
Umuman, bu kabi uy-joylarda turish-turmush o‘zgacha, shu taraflarga bosh suqqan odam o‘zini bog‘-rog‘larga boy, obod Jiydalida emas, tamoman begona manzillarga tushib qolgandek his etishi turgan gap.
Hovli ahli ham shunga monand – birortasining tub-palagi Jiydaliga tutash kelmaydi. Hamonki bu alomat hovliga qadam bosdikmi, undagi istiqomatchilardan so‘z ochdikmi, keling, ularni ozmuncha tanishtiraylik.
Arbob Qulovning yon qo‘shnisi – bir cholu kampir, urushdan keyingi yillar kelib qolgan keksa maorifchilardan. Zinnur abiy bilan Zila muallim. Biri biridan jussasi ushoq, orqadan qaraganda maktab bolalari deb o‘ylaysiz. Beziyon qariyalar. Bir o‘g‘illari allaqayda mayormi-polkovnik emish. Kelganini kimsa ko‘rmagan. Yana biri – Fail tarang, u ham shu uyda.
Ularning yonidagi xonadonni tuman kasalxonasining dongdor jarrohi, so‘qqabosh Shundik egallagan. Bilaklariyu bet-boshini sarg‘ish mo‘y bosgan bu baroqboy ulfatchilikni xush ko‘radi, har hafta unikida “sabantuy”, boshi ochiq hamshiraginalar ertalabgacha xizmatda. Birov miq etolmaydi. Avvalo, nom taratgan arzanda do‘xtir, qo‘shimchasiga – vajohati chatoq, o‘zi ho‘kizdek keladi, tig‘i yaltillagan yarog‘ini shartta olsami yonidan!..
Sovet ko‘chasiga yondosh yo‘lka bo‘ylab borayotib Shundiknikidan keyingi derazaga ko‘zi tushgan har qanday odam bir entikishi tayin. Oqshomlari deraza osha astagina ichkariga mo‘ralasangiz, ko‘cha chirog‘ining xira shu’lasida to‘rt boshi kumush qubbali temir karavotda birov birovni qitiqlab yotganini ko‘rasiz. Qitiqlayotgan kishi – Lenin nomidagi o‘rta maktabning fizkultura o‘qituvchisi (laqabi Tarangboy) Fail Zinnurovich Shamsullin, ha, o‘sha – Zinnur abiyning kenja o‘g‘li. Ish borida ham, ish yo‘g‘ida ham sport libosi egnidan tushmaydi, hozirgina hammomdan chiqqandek yuz-boshi qip-qizil, yurganda yengil yo‘rtib qadam otadi.
Qitiqlanayotgani esa shu maktabning frantsuz tili muallimasi Violetta Alekseevna Salimbekova – novchadan kelgan, g‘ozbo‘yin, jingalaksoch ayol. Yuz-ko‘zi qadim rimlik xonimlarni eslatadi, ko‘pchilik uni o‘ris emas, negadir nemis bo‘lsa kerak, deb tusmol qiladi. Bo‘lmagan gap, hech zamonda nemis frantsuzchadan dars berarkanmi?! Ismi o‘zgacharoq deyilsa, chet tili muallimlariniki shunaqa bo‘ladi-da; boloxonador familiya esa oldingi eridan qolgan.
Xullas, Fail tarang har kecha shuni qitiqlarmish. Daroz xonim esa uning bo‘ynidan quchib qiqirlagani qiqirlagan emish. Er-xotin bo‘lgandan keyin qitiqlamoq ham, qiqirlamoq ham o‘zlarining ishi-da. Mayli-yu, bir oqshom nechanchi karradir “Janob 420” kinosini ko‘rib qaytayotgan Turdash sirri portveynning kayfi bilan ne bir xayolda o‘sha derazaning tagiga borib qoladiyu ne bir xayolda asta ichkariga mo‘ralaydi. Bunday qarasa, ana shu ahvol! Devonada es bormi, bu “yangilik”ni o‘sha zahoti ko‘cha-ko‘yga doston qiladi: “Ko‘rdim! Xudo ursin agar, o‘zim ko‘rdim! Anovi Raz-dva maalim bor-ku…” Buni eshitgan el tashvishda deng: “Tinmay tosh ko‘targani bilan Failboy otasiga tortib jikkakkina, anovi otday narsa uginani ezib tashlamasmikan?”
Bundan keyingi xonadonda To‘ti pason degich juvon besh yashar qizchasi bilan turadi.
To‘ti pasonimiz Jiydalining jaydarisi emas, tus kelgindi – qayoqdan kelib qolganini birov bilmaydi. Aftidan, kimgadir ilashib kelgan-u, orkash Jiydalining qattiq-quruq urflariga chidash berolmay, mana shunday yolg‘iz-yorti qolib ketgan. Yangi chiqqan neki libos bo‘lsa, boshlab shuning ustida ko‘rasiz. Sho‘xchan yosh-yalang orasida laqabi – Jiblajibon. Baland-baland poshnalarda dikillab yurishlari! O‘zi allaqayda oddiy kotiba, qayoqdan olarkan-a?
Shoshmang, u yog‘iga keyin kelamiz. To‘ti pason hikoyamizning bosh qahramoni bo‘lmasa ham “fosh qahramon”laridan, shoshmang.
Binodagi oxirgi eshik – oltinchi ro‘zg‘or… Uni ro‘zg‘or deb bo‘lmas. Bu uyni kirib ko‘rgan odam yo‘q, kim yashashini ham birov bilmaydi. Ko‘k bo‘yog‘i ko‘pchib-ko‘chib qolgan eshigi oylab ochilmaydi, mudom “sekret”li qulf osig‘liq. Oyda-yilda aft-basharasi esda qolmaydigan notanish bir nusxa paydo bo‘ladi, uch-to‘rt kun derazasida chiroq miltirab turadi, lekin kunduzlari qayga borishi, nima ish bilan mashg‘ulligi kimsaga noma’lum. Shu ko‘yi yana gumdon!
Bilgichlarning aytishicha, quroq-qurama elimizning o‘zaro bordi-keldiyu guftugo‘larini zimdan kuzatuvchi maxfiy shaxs emish u. Bilmaganlar esa hayron: oshkorasiga kuzatsa bo‘lmasmikan shuni? Aytganday, kuzatib nima qiladi o‘zi?
Binoga kiraverishdagi dastlabki uy – hali aytildi chog‘i – bosh qahramonimiz Arbob Qulovga tegishli. Ikki o‘g‘ilchasiyu ularni tug‘ib bergan hurkak, gungurs xotini Zevar bilan u, necha yildirki, shu xonadonda tirikchilik qiladi.
Aytganday, mana uning o‘zi – maktabdan qaytib, sevimli mashg‘uloti – birpas globus aylantirib dunyo mamlakatlariga mahliyo bo‘lgach, yelkasida kuyovlik choponi, tuyg‘ungina kenjasini tizzasiga olgancha, ko‘cha eshik og‘zidagi yonma-yon ikki qari tutning biqinini o‘yib yasalgan xarrakda o‘tgan-ketganga, yo‘q-yo‘q, Lenin yo‘lining narigi tarafidagi torko‘chaga ko‘z tikib o‘tiribdi. Bilmagan kishi uni torko‘cha adog‘idagi o‘zi katta bo‘lgan yetimxonada kechgan sitamli bolaligini eslayotir yoxud sal beriroqdagi unga qo‘ydek yuvosh-mo‘min xotin ato etgan faqirona xonadon tarafga qarayotir deb o‘ylashi mumkin.
O‘ychimizning o‘yi xom, o‘ychimizning o‘yi kalta – Arbob Qulov huv muyulishdagi tor-diqqinafas hovlichadan g‘ozbo‘yin mis ko‘za (aslida oddiy satil) ko‘tarib suvga chiqadigan olmabet Sarani kutib ilhaq! U chiqib, ariq bo‘yidagi ulkan ko‘kish xarsangga cho‘nqaygan ko‘yi satilini (ko‘zasini) suvga to‘ldiradiyu Arbob sari ishvali bir nigoh tashlab, hovlisiga kirib ketadi.
Bu g‘ayridinning ikki qizi nechun bir-biridan suluv-a? Nega ko‘pincha singillar opalaridan xushro‘y, shirinroq keladi-ya? Zarasiga ko‘ngil ketib turganda Sarasini ko‘rasizu birdan opadan ayniysiz. Umuman, o‘zi xo‘ppasemiz – qizg‘ish, taram-taram lunjlariga qo‘shilib qorni ham osilib tushgan, chetlaridan bir tutam tussiz parishon mo‘y mo‘ralab turgich kaftdekkina quroqi shapka kiyib yuradigan bul ko‘rimsiz mardumning bolalari nega bunchalik ko‘zga yaqin? Daroz-daroz Mikoili Rafoilidan, Rafoili Mikoilidan ko‘rkam, xushsurat! (Keyinchalik bu ikki aka-uka tibbiyot ilmini obdon egallab, o‘likni ham tiriltiradigan mo‘jizakor do‘xtir sifatida qo‘shni respublikada nom taratdi – o‘sha yillar nihoyati bir tomog‘i achishgan jiydalilik ham “Tug‘ilgan vataningizdan mozorbosti” deya to‘rt kilo olmani ko‘tarib o‘sha yoqqa chopardi.)
Ota – Anvar Ishoqovning o‘zi o‘lgudek kordonu omilkor edi-da. Zamon har qancha evrilmasin, bariga tayyor, bariga mos kalitni topabilardi. “Bu ukkag‘ar juhudning qo‘lidan kelmaydigan kasbu amal yo‘qdir”, deydi el. To‘g‘ri aytadi: bir vaqtlar u maktabda avval ashuladan, keyin rasmkashlikdan dars bergan ekan; ashula soatlarida yosh bo‘g‘inga “Aziz vatanim” qo‘shig‘ini mashq qildirib, vatanni sevishni o‘rgatgan, rasmkashlikda esa ularni ko‘kka bo‘y cho‘zgan Jiydali tog‘larining viqorini tasvirlamoqqa da’vat etdi. Ora-orada bilintirmaygina muqaddas Tavrotdan so‘z ochib, beozorona o‘git berishni-da kanda qilmasdi.
So‘ngra bir muddat fotoanjomini orqalagancha tog‘u tosh, qishloqma-qishloq kezib suratgirlik bilan shug‘ullangan, deydilar. Surat oldirmoqqa ayniqsa xotin-xalaj o‘ch bo‘ladi. Usta sehrli uskunasini uchoyoqqa qo‘ndirib, xiyol zamon boshiga qora mato tortib turgach, “Ber, ekke, uch – vnimaniye, olyapman!” deydiyu o‘ng qo‘lidagi qopqoqchani havoda gir aylantirib, yana “ko‘zcha”ga joylab qo‘yadi. Fotongizni birisi kuni olasiz, yanga, pulini sanab qo‘ying!
Shu orada uch yilmi-to‘rt yil pasportxonada mirzolik ham qildiki, buning tafsilotlaridan xabarimiz bor.
Ezro Davidov degan hamqavmi tuman kasalxonasiga bosh bo‘lib kelgach, o‘sha yerga xo‘jalik mudiri bo‘lib o‘tdi. Xuddi katta do‘xtirlardek savlat bilan oq xalat kiyib yurishni odat qildi. Hamqavmi ishdan bo‘shab ketganidan so‘ng esa, kasalxonada ko‘rgan-bilganlarini ishga solib moldo‘xtirlik qila boshladi. Huv bir vaqtlar o‘g‘ilchasini “ulug‘ qavmga qo‘shib” oshna kirishgan dala-dasht kezib yuruvchi Beg‘amboy qo‘ychivon singarilar ham quloq-boshi og‘riganda undan shifo tilab keladi. Qo‘li yengil-da palakatning.
…Etimxonada o‘sgan havaskor dahriy Arbob Qulov ana shunday ikki dunyosi kuyarini ham o‘ylamay, har kecha qirq kosa suvga muhtoj bo‘larini ham o‘ylamay, kufr xayollarga botib o‘tirarkan, haligina Sovet ko‘chasini to‘ldirib kattakonlar minadigan moshina o‘tganiniyu undan cho‘g‘dek chaqnagan bir juft ko‘z yigitlik siymosini sarupo sermab ketganini hargiz payqamay qolibdi!
Ayni shu chog‘ ariqchada oqshomgi shafaq aralash ko‘zni qamashtirib allaqanday jodu jilva qildi. Beixtiyor o‘rnidan turib ketgan sobiq yetimcha (ko‘z och-da!) tizzasidagi sabiyni hadaha bir yonga qo‘yib, asta ariqchaga engashdi. Voh jonivor, naqd tillaning o‘zi-ku bu! Shu on allaqaydan “Parij! Parij!” degan yangroq sado ham taraldi!
“Arbapkulov – i vsyo!” Sirli hujjatgohlardagi tegishli tintuv-tekshiruvlardan so‘ng ikki kun o‘tib yangragan bu hukmni inkor etadigan kuch yo‘q edi Jiydalida! Hatto tuman sarkotibi ham bu azozilning urg‘ochisidan hayiqibroq turar, uncha-munchaga yon berib, ehtiyotkorona muomala qilar edi. Axir, ra’yiga qarshi borgan har qanday odamni partiya maktablaridan o‘rganib kelgan siyosiy diydiyolari bilan dovdiratib tashlaydi-da u. Boshiga bir parcha ro‘mol o‘ragan yoki azbaroyi sharm-hayo, lozim kiygan xotin-xalajning-ku jonini oladi. Otashinligi huv qizil inqilob zamonidagi xunasamijoz komissar xotinlardan sira qolishmas, egniga qora charm kamzulu beliga mauzer yetishmas edi, xolos. Vaholanki, rang-ro‘yi ko‘hlikkina, shiringina, o‘zi esa zahargina. Soyning u betidan bitta, bu betidan bittalab er qildi, biridan o‘g‘li, ikkinchisidan qizi bor. Murodi hosil bo‘lgach, har ikkalasini sazoyi ko‘yiga solib haydab yubordi. Darvoqe, u kezlarda hozirgidek mafkura jabhasiga peshvo emas, xufiya to‘shakkacha ag‘dar-to‘ntar qilib yurguvchi, avom ta’birida “er-xotinning qozisi” – “jenotdel” edi. Ro‘zg‘ori ham shunga yarasha – bugun To‘ti pason egallab turgan kambargina hujrada istiqomat qilardi. Mafkura jilovi qo‘liga tegdiyu Sovet ko‘chasining o‘ng tarafidagi tuman kalonpolariga mo‘ljallangan keng-mo‘l hovli-joyga ko‘chib o‘tdi; siyosiy dami ham bir necha baxya zo‘raydi.
Ha, Jiydalimizda Guli Asqarovnaning nomini eshitganda zirillamaydigani kam topilardi. Kabineti eshigidagi qora lavhga zarhal urib “Gilyazetdinova Rezide Gyulaskerovna” tarzida yozilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik uni yengillatibroq Guli Asqarovna deb atar, salga jizillab ketadigan serxarxasha xonim esa shunga kelganda negadir ajab bir kenglik ila jilmayibgina qo‘yar edi. Bu chindan ham bag‘rikenglikmidi yoyinki “hah, qishloqi lodonlar-a” qabilidagi istehzomidi – topib bo‘psiz!
– Arbapkulov – i vsyo! – dedi u bahaybat stolining charm qoplangan qirrasiga musht urib. Ro‘paradagi uzun stolning ikki yonini to‘ldirib o‘tirgan maorif darg‘alari, bari dami ichida, galma-galiga uni quvvatlay ketdi: ha, ha, Arbob Qulov, Arbob Qulov! Albatta, Arbob Qulov-da! Juda-juda munosib nomzod, o‘rtoq Guli Asqarovna!
Ertasidan boshlab munosib nomzodni Parij safariga tayyorlash mas’uliyatini Guli Asqarovna shaxsan o‘z zimmasiga oldi. Bu – Arbob Qulov hali Parijning o‘ziga bo‘lmasa-da, yarim yo‘llarga yetib qoldi-yov degani edi.
Nomzodning ish faoliyatiyu turish-turmushini eng nufuzli jurnalda yoritgani naqd Moskovdan muxbir kelarmish, degan xabar tarqaldiyu tayyorgarlik ishlari yanada kuchayib ketdi. Kelgach, avvalo, uy-joyiga qaraydi-da, albatta. Huv urushdan oldin toshi qo‘yilgan imoratning esa ahvoli ma’lum – sirti besh-o‘n yil oralatib May bayrami arafasida bir martagina yengil-elpi oqlab qo‘yilishini aytmasa, xarob, xiyla xarob!
Nomzod turadigan xonadonning tomiyu tevarak-atrofi oshig‘ich tarzda “tartibga keltirila” boshladi. Buni ko‘rgan Zinnur abiy bilan Zila muallim bor orden-medallarini taqib ko‘chaga chiqdi: “Biz-de maarifg‘a qiriq yil xizmet etib qo‘yg‘anbiz!” Ular da’vosini tugatmay, qo‘shni derazadan yuzi shishinqiragan jarrohimizning vahimali mo‘ylovi ko‘rindi: “Chto tut proisxodit, a?!” Uning pichoqchasidan hamma qo‘rqishi ma’lum. Keyingi derazadan esa savatdek sochi har turli qisqichga to‘la Violetta Alekseevnaning norozi chimirilgan yoysimon terma qoshlari namoyon bo‘ldi: “A nam? A mne?” Masalaning nozik tomoni bor edi: nomzodimiz aynan Parijga ketyapti, bu xonim esa aynan frantsuz tili muallimasi! Shu choq xuddi hozirgina noz uyqudan turgandek chala-yarim libosda To‘ti pason chiqib keldi. “Men Guli Asqarovnaning oldiga boraman! Yakka-yolg‘iz sovet xotin-qiziga e’tibor qani?!” Juvonning ochiq-sochiq, bir qo‘lini quymuchiga tirab, ko‘kragi do‘ng, tarang holda turgani quruvchi yigitlarning zavqini qo‘zg‘ab, pardoz ishlarini shunikidan boshlamoqchi bo‘lishgan edi, brigadaning serkasi ko‘rsatgich barmog‘ini tahdidomuz tepaga nuqidi.
Bino oroyishi eng oxiridagi “egasiz” xonadondan boshlandi. Tuman kommunal xo‘jaligi xizmatchilari ham shu yerda, ko‘chma qurilish tashkilotining qo‘ligul ustalari ham shu yerda. Birortasi bo‘yin tovlab ko‘rsin-chi, joni nechta ekan?! Necha bo‘lsa, bari-bori anovi zaharginaning qo‘lida! Guli Asqarovnaning amaldor moshinasi ko‘rindi deguncha, mehnat ahli cho‘g‘ ustida oyoqyalang chopqillamoqqa tushardi.
Mana shu tashvish-tahlika bari o‘zi uchun, o‘zi tufayli bo‘layotganini ko‘rgan qahramonimizni aytsangiz! Ravish-raftorlari tamom o‘zgarib qolgan. Bu vahimalardan kechalari uyqulari qochib ketadi. Parij! Parij! Ko‘rgani savolga tutadi: “Qachon jo‘naydilar endi, muallim? Jomadonlar tayyormi ishqilib? Kelishda bizni unutmaysiz-da, yerda yotgan bir dona chaqirtoshi bo‘lsayam mayliga”. “Eson-omon borib qaytdingizmi, og‘a? Parij deganlari chindan alomat ekanmi?” deya g‘ofillik qiladiganlari ham chiqib qoladi. To‘qnash kelganda Zara o‘lgur “Nahotki yolg‘iz ketyapsan, Parijga-ya?!” degan kabi g‘amzali qarash qiladi. Sarasi battar kuydiradi: “Men-chi? Meni birga olib ketmaysanmi?!” Bu yoqda o‘zining indamas Zevari, kimdir dars berganmi, bu kishim ham balodek til chiqarib qolgan, qarab tursang, birorta atir-upa do‘konini ko‘chirib kelasan, deya shart qo‘ymoqqacha boradi kechalari. “Xo‘p, opkelaman, enag‘ar, opkelaman”.
Xullas, tarixiy safarga sanoqli kunlar qolgan. Qaydasan, Parij? Salom, Parij! Bonjur, bonjur!
Bu orada kutilayotgan muxbirlar kelib ketdi. Moskovlik muxbir deganda Arbob Qulov ne bir savlatdorlarini xayol qilgan edi, sira-sira muxbirlik siyog‘i yo‘q ikkita sang‘ibashara ekan. Bir qiz bilan bir yigit. Ikkalasining ham oti Valya. Valentin bilan Valentina. Yana qizig‘i – yozgichi yigit, suratgiri qiz. Gulya Asqarovna boshliq to‘kin bazmu ziyofatlarda o‘tirisharkan, taom bilan ishlari yo‘q, nuqul biri qo‘yib biri tamaki tutatadi. Anov sabilning oqidan ham, qizilidan ham serob, dasturxon chetida saf tortib turibdi. Yo‘q-da, “Suxoye vino, suxoye vino” deb bezor qilishdi. So‘raganlari allaqaydan topildi ham, o‘zini bilgan jiydalilik og‘ziga olmaydigan taxir bir balo ekan. Ikkovlashib bir talayini quritishdi. Xayriyat, ikki kungina turishdi. Birinchi kunimidi, ryukzak orqalab ertalabdan tog‘ kezib kelishdi, ikkinchi kuni – “chiq-chiq” s’yomka. Suratgiri tamannoroq ko‘ringani bilan chaqqon qiz ekan. Lip etib daraxtga chiqib oladimi-ey, yana bir qarasangiz yerga yotvolib chiqillatadimi-ey. Lof bo‘lsayam yuzlab surat tushirdi-yov. Bunchasini nima qilar ekan deb Arbobning boshi qotardi.
Bir oyga yetib-etmay bo‘yoqlari yaltirab turgan “Ogonyok” jurnali keldi. Uni varaqlab ko‘rib nomzodimiz tamom lol qoldi. Sang‘ibashara ko‘ringani bilan ul kasofatlar Xudoning balosi ekan. To‘rt sahifa to‘la tog‘ manzaralari uzra bir-biridan ko‘rkam, yarqiroq suratlar; ora-orasida ikki kun ichi Valentin undan bildirmaygina so‘rab-bilib olgan fikrlar oqizmay-tomizmay bayon qilingan. Obbo, shovvozlar-ey! Qoyil, qoyil.
Biroq hamma falokat shu la’nati jurnaldan chiqdi. Quvonchu olqish-tabriklar uch kunmi-to‘rt kunga yetdi-yu, keyin… aytmoqqa til yo‘q, yoronlar, xoh ishoning, xoh ishonmang, tuyqusdan munosib nomzodimizning yo‘li to‘sildi – u Parijga bormaydigan bo‘ldi! Orevuar, Parij!
Avvaliga o‘zi sabr bilan kutdi: safar biron-bir sababga ko‘ra ortga surilgandir-da. Bir kun kutdi, ikki kun kutdi, hech gapdan darak yo‘q. Ketar muddati esa o‘tib borayotir. Noiloj, o‘tgan shu ikki-uch oy mobaynida opasidekmi-singlisidekmi bo‘lib qolgan mehriboni Gulya Asqarovnaning huzuriga chiqib bordi.
– Chego tebe? – deya negadir sovuq qarshiladi opaxoni.
– Keldim, – dedi Arbob nima deyarini bilmay.
– Idi, – dedi singilxoni mavhum qilib.
– Kuda? – deb so‘radi Qulov hayron.
Javob yer bilan yakson etadigan ohangda bo‘ldi:
– Idi domoy i sidi tixo. Ponyatno, Arbapkulov?
Kelgan odam shalvirabgina iziga qayrilarkan, “Spasibo” demoqdan o‘zga so‘z topolmadi.
– Idi, idi.
Bir hafta o‘tmay “Jiydali haqiqati” gazetasida “Frantsiyaga otlangan firibgar” sarlavhali feletonnamo bir balo chiqdi. Unda kechagi munosib nomzodimiz go‘rdan olib go‘rga urilgan edi.
Azza-bazza, Parijga borish uchun pasportidagi “beshinchi grafa”ni o‘zgartirib olgan firibgar kim – Arbob Qulov!
Birovlarning jufti haloliga ko‘z olaytiradigan maishiy buzuq kim desangiz – Arbob Qulov! (Xayriyat, xayriyat, na Zaraning, na Saraning ismi ko‘rsatilgan.)
Sovet xotin-qizlariga feodallarcha munosabat qiladigan johil, ko‘z ochib ko‘rgan guldek xotini Kenjaboyeva Zevarning bippa-binoyi familiyasini o‘zgartirib, o‘zining qora o‘tmishdan qolgan isnodli familiyasi bilan atagan zolim kim – Arbob Qulov-da, albatta!
Bu shovvozning birdan-bir fazilati (ta’bir joiz ko‘rilsa!) – sochining jingalaligi, xolos!
Shunday nopok, shunday noloyiq nusxani Parijdek mo‘tabar maskanlarda o‘tadigan xalqaro anjumanga nomzod etib tanlagan mas’ul o‘rtoqlarning ko‘zi qayda edi?!
O‘lding endi, Arbob! O‘lding endi, Qulov!
Kechagina Parijlarni tush ko‘rib yurgan azamat ikki hafta uydan chiqolmay yotdi. Keyin – yaxshiki, yozgi ta’til chog‘i edi – yetimxonada birga o‘sgan oshnasini qora tortib, toqqa jo‘nadi. Harna, Jiydalining gap-so‘zidan nari, o‘qish boshlanguncha ov-povga chalg‘ib, o‘ziga kelib oladi.
Jiydalining lofchi errayimlari aytmoqchi, bul so‘lim tog‘larimizning Parijdan kam joyi bormi, yoronlar?!
Anov mash’um aybnomaning muallifi katta-kichik idoralarga taniqli yozg‘uvchi Safar chaqqon edi. Tumandagi ikki zo‘rning biri (unisi Guli Asqarovna ekanligi ma’lum). Gazetada chiqarishdan avval u tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, arzini rasmiylashtirib olgan edi; umri yoza-yoz bilan o‘tib, bunaqa ishlarning piri bo‘lib ketgan u. Qishin-yozin boshda shlyapa, oyoqda g‘arch etik, bir qo‘njida “Pravda”, bir qo‘njida “Izvestiya” gazetalari, bo‘y bir qarich, ko‘chaning o‘rtasidan savlat solib o‘tganida, uzoqdan ko‘rganlar bir-birini turtib, o‘zini panaga urardi: “Qoch, qoch, anovi enag‘ar kelyapti, bir g‘alvani boshlamasin tag‘in!” “Yozamiz! – der edi u tantanavor surbetlik bilan tirjayib. – Kerak bo‘lsa, lub-boyini titib tashlaymiz!” Hammani bezor qilgan bu nusxa ikki daf’ami-uch daf’a qamalgan, ammo ta’zirini yemoq o‘rniga har gal go‘yoki kuch olib, yanada chiniqib chiqar edi. Pashshadan fil yasamoqqa usta ne-ne tashkilotlar ham unga bas kelolmadi. Tuman sarkotibi uni ko‘rganda darrov iljayib, “aka-aka”lab qolardi. Battol-da, battol!
Hay, Xudo jazosini berar, Xudoga soldik, lekin musichadek beozor, bugun endi xoru zor degulik bechora Arbob Qulovga ne xusumati bor ekan bu dajjolning?
Keling, avval o‘sha la’nati jurnalni qayta varaqlaylik.
Ajab-ajab suratlar ichida bittasi bor edi, bittaginasi!
Tepasida akatsiya shoxlari larzon osilib turgan oromkursida xonakiroq libosdagi (sportcha engil-bosh) Arbob Qulov yastanib o‘tiribdi, qo‘lida jomadoncha keladigan bir kitob, nomi ham baralla ko‘rinarli: “Shohnoma”. Qahramonimizning yonboshida yasanib olgan cho‘g‘dek bir juvon qo‘sha-qo‘sha uzukli barmoqlarini tomoshabop qilib uning yelkasiga qo‘ygancha kitobga engashib qarayotir. Kitobda fojeiy tarixlar emas-u, kulgili hangomalar yozilgandek, ayolginaning labida sho‘xchan tabassum.
Yana bir diqqatbop joyi: o‘ng oyog‘i orqaroqda, poshnador tuflisining tumshug‘i yer chizib turibdi.
Endi peshonani tirishtirib suratning tagidagi mitti izohni o‘qiymiz: “Arbob Qulov qo‘li ishdan bo‘sh damlarda sevikli rafiqasi bilan birga mashhur “Shohnoma”ni mutolaa qilmoqni xush ko‘radi”.
Agar rostdan ham shunday bo‘lsa, mayli, xush ko‘raversin, biroq qahramonimizning tepasida karashma qilib turgan juvon o‘zining xotini emas, To‘ti pason-da!
“Ogonyok” kelsa, Jiydaliga o‘n-o‘n besh nusxa keladi. Uniyam ko‘rgan ko‘rar, e’tibor bilan qaragan qarar. Ammo bunaqa paytda… uch-to‘rt kun ichida, lof bo‘lsa ham, Jiydali ahlining choraklari jurnaldan xabar topdi desa bo‘ladi. Hamma yerda shuning gapi, shuning muhokamasi. Hah, enag‘ar Arbob-a! Hah, ukkag‘ar Qulov-a! Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bir sodda-bayov ko‘rinarding – qip-qizil ichidan pishgan shayton ekansan-ku! Ro‘zg‘oringning o‘tu cho‘g‘iga balogardon mushtiparing bu yoqda turib sen boshqasi bilan suratlarga tushasanmi, nomard! Endi Parijingga ham olaket shu baytalni!
Chindan ham, To‘ti pason qay go‘rdan paydo bo‘ldi suratda?
Suratgirlik jarayoniga o‘sha kuni Guli Asqarovnaning shaxsan o‘zi bosh bo‘lib turgan edi. Ko‘ylak yenglarini tushira-tushira uydan chiqib kelgan Zevarga, uning boshidagi zar durrachayu atlas lozimiga sarupo bir qaradiyu tashkilotchining zardasi qaynab toshdi:
– A nu-ka marsh otsyuda!
Zevar nogahon bir zum qaqqayib qoldi, so‘ng qo‘lini ko‘ksiga bosib “Xo‘p, apajon, xo‘p”, deya zipillab ichkari kirib ketdi. Kirib ketdi-yu, shu zahoti yana eshikda paydo bo‘lib, kesakiga suyangancha bezrayib turaverdi: unisini ham, bunisini ham yechmayman, qo‘lingdan kelganini qil!
Ha, shu enag‘ar xotinning o‘jarligidan bo‘ldi bari! Boshidagi savil qolgur ro‘molini ham, unisini ham yechib chiqsa o‘lib qolarmidi deng! Besh daqiqaginaga! Yo‘q-da, Kenja qashshangning qizi-da bu kishim! Shungamikan, jurnalni varaqlayotib, o‘sha suratni ko‘rganda nimadandir irgangan kabi burun jiyirib “Hih!” dediyu qaytib og‘iz ochmadi. O‘zi aybdor-da, o‘zidan ko‘rsin! Bu gapdan bexabarlar esa, “Kenja qashshangning qizi shu xo‘rlik, shu sharmandagarchilikka qanday chidadi ekan, e, otangga balli!” deya ajabda.
Ahmoq xotinning bu qilig‘ini ko‘rgan Guli Asqarovnaning ensasi qotib u yon-bu yon alanglarkan, qo‘shni hovlida bir qo‘lini quymuchiga qo‘ygancha bu mojaroni kuzatib turgan To‘ti pasonga ko‘zi tushdi.
– Tuti! Syuda! – deya barmoq to‘lg‘ab amr qildi.
Ushbu vaziyatga tap-tayyor To‘ti pason jikonglab chopib keldi.
U yog‘ini “Ogonyok”dagi suratda ko‘rdik.
Moskovdan chiqadigan baobro‘ jurnal shunday dabdabayu as’asa ila suratlarini qatorlashtirib bosib, o‘zini ko‘kka ko‘tarib ta’riflab chiqdi-yu, Parijga borgan-bormagani bilan ishi bo‘lmadi-ya, tavba! Yoz oxirlaganda to‘zib-qorayib, jingalak sochlarini tag-tugi bilan pakkida qirdirib, kizagi bir qarich do‘ppini boshiga bostirib tog‘dan qaytgan Arbob Qulov daf’atan hayratga tushdi. Alam yog‘iga qovrilib yuraveribdi-yu, “Xo‘p, men-ku Parijga borolmadim, o‘rnimga kim ketdi ekan?” degan gap biror marotaba xayoliga kelmabdi-ya! Bunaqa vaziyatda talabgorning hisobi bo‘lmaydi, uncha-muncha shartlariga ham qarab o‘tirmay jo‘natilaveradi. Biron-bir peshonasi yarqiragani chiqqandir. Mayli, yo‘lini bersin. Yugurganniki emas, buyurganniki ekan-da, nachora!
“Buyurgan” ham ma’lum bo‘ldi. Keyinroq. Viloyat maorifidagi bir kattakonga tegishli ayol kishi ekan. Millati tojik ham emas, o‘zbek ham emas, qozoq ham emas, turkman ham emas… U yog‘ini o‘zingiz toping! Arbob Qulov singari elga ovoza qilinmasa ham, “Ogonyok”larda suratlari bosilmasa ham Parijlarga boraverar ekan-a odam, qarang!
Tog‘dan qaytganidan so‘ng Arbob Qulov ko‘chada bosh ko‘tarib yurolmay qoldi. Ko‘rgani yo oshkora achinish bilan qaraydi, yo balodan qochgandek nari qochadi. Ayniqsa, og‘ziga kuchi yetmaydiganlari chatoq, ayab o‘tirmaydi: “Yaxshi borib keldilarmi, Arbobboy? Parijlar qalay ekan, zo‘rmi? Iya, ovlari yurishmadimi? Nechuk? Opaxoningizning ko‘nglini topolmabsiz-da. Hay, nichevo, kelgusi yil yana kalla qilib ko‘rarsiz, oshna!” “Qachon endi Parijga jo‘naysiz, Qulov? Hadeb Jiydalining jiydasini teravermay Parijlarga ham borib turing-da, muallim!”
El ichida boshqa gap-so‘zlar ham urchiy bordi, ya’ni: “Arbob Qulov Parijga borgan yili”, “Parijga borolmay qolgan Arbob bor-ku, o‘shaning aytishicha…”, “Arbob muallim Parijga borsa, biz ham kosmonavt bo‘lib osmonga uchamiz” va hokazo.
Kechagina ko‘tar-ko‘tar qilib e’zozlangan odam bugun endi mazaxu masxara aralash yerga qorishtirib tashlanmoqda edi. Shuhrat bilan sharmandalikning orasi bir qadam ekan-da. Aslida, shuhrat – sharmandalikning bir turi, isnodsiz turi.
Lalmikorlik orqasidan xiyla davlatmand bo‘lib qolgan tog‘lik oshnasi Yunus qoraning qo‘llovi bilan Arbob Qulov soy bo‘yidagi tashlandiq bir hovlini olib obod qildi, ko‘chib bordi. Bir oqshom darvozasi og‘zidagi xarsangda cho‘nqayib etakdagi soy, ko‘prik taraflarga xayolchan boqarkan, atrofini baland-baland teraklar qurshagan qo‘sh qavatli uzun oq bino – umrida qadam bosmagan maktabi Firdavsiy ko‘ziga sirli bir maskan ko‘rinib, o‘ziga chorlagandek bo‘ldi. Tuman markazida yashagani uchun o‘zini shaharlik sanovchi tanish-bilishlaridan chandon bezillab qolgan ekanki, ertasi kuniyoq maorif idorasiga borib shartta ariza berdiyu shu maktabga ishga o‘tdi. Ona tili hisoblangani bilan javob-muomalaga xiyla no‘noqligini ham o‘ylab o‘tirmadi. Asta-sekin o‘rganib ketar, jug‘rofiyaning “tili” ma’lum-ku: globus, xarita, tayoqcha…
Nasl-nasabidan xabardor ekan, yangi maktab jamoasi uni quchoq ochib kutib oldi. Ayniqsa, huv ona tilidan ustozlik qilgan mahmadana muallimning shodligi ziyoda edi. Bu quvonch, o‘zicha xayol qilganidek, Arbob Qulovni asli-nasliga iqror etib soyning bu yog‘iga og‘dirib kelgani tufaylimidi yoki uning Parijga borolmay qolganiga baxil ko‘ngilning tantanasimidi, aytish qiyin.
Ishga qatnovning qulayligini ayting. Darvoza og‘zidan qarasangiz – qo‘l yetgudek joyda maktab hovlisi, sport maydonchasi ko‘zga tashlanadi, shamol esganda tanaffusga chiqqan bolalarning shovqin-suronigacha eshitilib turadi. Tag‘in nima kerak senga, ey devona ko‘ngil, Parijni ko‘rmasang ko‘rmabsan-da!
Biroq Parij mashmashasi beiz ketmadi. Xalqaro anjumanga nomzod tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygani uchun (aslida, ro‘mol o‘raganu lozim kiygan mahalliy xotin-xalajning yuqori tashkilotlarga yo‘llagan behisob arz-dodiga ko‘ra) mafkura bekasi Guli Asqarovna ishdan olinib, tuman madaniyat uyi direktorligiga tushirildi. Alamiga chidayolmagan jizzaki, kursiparast xonim bilak tomirini piska bilan tilkalab, o‘zicha isyon qilmoqchi bo‘ldi. Baxtiga, o‘sha kecha kasalxonada Shundik navbatchi ekan. Behush holda keltirilgan havaskor jonkush xotin-qizlarning obdon qonini ichgan edi, piskabozlik jangida, qarang, shuning ancha-munchasini boy beribdi, mohir jarroh bazo‘r jonini saqlab qoldi. Keyin ayon bo‘lishicha, shu jon do‘xtirning o‘ziga atalgan ekan.
Jontalash ustida topishgan ikki daydi ko‘ngil ko‘p o‘tmay Jiydalini tark etib, allaqayga gumdon bo‘ldi. Proщayte!
Arbob Qulov ko‘chib ketgach, bir yillardan keyin Zinnur abiy bilan Zila muallimning bu dunyodan nasibalari uzildi. Chol-kampir bir kunda qazo topganmish, hatto ikkalovi bir tobutga joylanib, bitta qabrga qo‘yilganmish, degandek oldi-qochdi gaplar ham chiqdi – hayotda ular shu qadar yaqin, bir qorindan tushgan ajralmas aka-singil egizaklar misoli edi. Tarqalgan diydiyo esa tamoman asossiz edi. Aslida bu ikki marhum har banda qatori alohida-alohida jon taslim qilib, alohida-alohida dafn etilgan – ana, o‘g‘illari Fail Zinnurovich o‘zi bunga guvoh. Lekin shunisi haqiqatki, to‘ng‘ichlari – anovi generalmi, polkovnikmi, na otaning o‘ligida qorasini ko‘rsatdi, na onaning. Shunda elga ma’lum bo‘ldi: u yo kampirning oldingi eridan, yo cholning oldingi xotinidan, ishqilib, ergashma farzand, o‘gay. Shunday ekan, buning ustiga o‘zi generalmi, polkovnikmi bo‘lsa, azza-bazza Uzoq Sharqdan kelib nima qilardi, o‘gay ukasiga ikki enlik ta’ziyanoma yo‘llaydi – olam guliston-da!
Zamon o‘zgarib, har bobda taqchillik sezila boshladi. Shu choqqacha hotamtoy, bebiliska tuzum erkasi bo‘lib kelgan Jiydalining ham maishati tortildi, do‘kon peshtaxtalarida markazdan yuboriladigan kolbasayu sariyog‘ning barakasi uchdi. Ana shunda biri kalta, biri daroz er-xotin – Fail Zinnurovich Shamsullin bilan Violetta Alekseevna Salimbekova, boshqa qavmdoshlari safida, bu qoloq, qashshoq manzildan jomadonini ko‘tardi. Eshitishimizcha, ular avval bir muddat viloyat markaziga qo‘nib turgan, so‘ng qayoqqa yo‘l tortishgani elga qorong‘i. Bog s vami!
Bu orada xotini o‘lib, mojarochi Safar chaqqon deganimiz murodiga yetdi – To‘ti pasonni uyiga opkelib oldi. Biror nimadan nizo chiqib, To‘ti odatdagidek qo‘lini quymuchiga qo‘yib lo‘lilikni boshlasa, Safar chaqqon “Ogonyok”dagi suratni pesh qilib og‘ziga uradi. Ro‘zg‘orda bo‘ladigan savdo.
Ammo pasonning ergashmasi bir qiz bo‘lib yetishdiki, Jiydalini to‘rt aylanib ham unaqasini topolmaysiz! Har narsaning jaydarisidan ko‘ra “mozorbosti”si qiziqroq-da. Qizning ustidan uch martami-to‘rt marta rostakamiga pichoqlashuv bo‘ldi. Ikkitasi kunduzi, eski kinoteatr – hozirgi bilyardxonaga kiraverishda, qolgan bittami-ikkitasi – tunda, qorong‘ilikda qayerda bo‘lgani ma’lum emas. Lekin pichoqkashlardan birovi qamalib ketgani aniq.
Nozaninimizning o‘zi esa, “bor-e baring” degandek, yasan-tusan ashyolari uchun Toshkentga borganida Otchopar bozorida vodiylik bir yigitga ilashib ketdi-qoldi. Begonasi qiziq-da!
Qizi tushmagur ham onaning yo‘lini tutdi, ham bilib-bilmay undan o‘chini olgandek qildi.
Bugun endi, yoronlar, Jiydalida bizning Arbob Qulovni biladigan, huv Parij hangomalaridan voqif mardum kam qoldi-yov. Uning o‘zi-chi, o‘zi nima ish qilyapti, dersiz?
U allaqachon nafaqaga chiqib ketgan, hovlisining etagidagi egasiz qiyalikni ham o‘rab olib zinapoya ko‘rinishida bog‘ qilgan, ertayu kech shu bilan andarmon. Tuman markaziga yo‘li tushsa oyda bir-ikki martagina tushadi – yirikroq bozor qilgani, qolgan hamma narsa o‘zidan chiqadi, o‘zida bor.
Bir zamonlardagi bashangligidan endi nishon ham yo‘q – egnida qariyabop oq yaktak, boshida o‘ngibroq ketgan chuqur do‘ppi. Do‘ppini bostirib kiysa-da, chetlaridan kulrang-kumush tolalar toshib-ko‘pirib turadi. Lekin asti do‘ppini qo‘zg‘ata ko‘rmang – tagi tap-taqir, yarg‘oq. O‘sha bir chog‘lardagi ajib jingalalar Parij armonlariga qo‘shilib yitib bitgan, eski rasmlarga ko‘z tushgandagina eslanmasa, unutilib ham ketgan.
Voqean, Parij hangomalarini xotirlaganida kampiri ko‘ziga balodek ko‘rinadi: “Hah, enag‘ar Kenja qashshangdi qizi, sening kasringga Parijga borolmaganman-a!” Shu asno Anvar juhudning biri biridan xushro‘y opa-singil qizlari yodiga tushadi; “Ikkalovi ham qarib, alvastiga o‘xshab qolgandir endi. Isroilidamikan ular yo Amerikada? Tavba, hechqursa, shunisini bilgisi keladi-ya odam! He, qarib quyulmay, musulmon atalmay o‘lib ket!”
Uzoq yili Arbob Qulovning endigi osoyishta hayotida tag‘in bir kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi. Jiydali ahli o‘rtasida bunisi ham xiyla shov-shuv qo‘zg‘adi.
Qahramonimizni azza-bazza Shahrisabz tomonlardan bir notanish odam daraklab keldi. Jiydalini ag‘dar-to‘ntar qilib, ikki kun deganda uni zo‘rg‘a topganmish. Mehmonni tuman markazidan birov “jiguli”sida tashlab ketdi. Kechki salqinda ayvonda davra qurdilar, obu osh. Xoh ishoning, xoh ishonmang, yo‘qlab kelgan yigit bezot-bebaqo Qulovning tus jiyani bo‘lib chiqdi, qondosh-qorindosh opasining o‘g‘li! Shahrisabz deganlari qochib ketgani yo‘q-ku, shuncha yildan beri qayda edilaring, jiyan? Opasi o‘lim oldidangina vasiyat qilganmish-da: “Tog‘aginangni qidirib top, yolg‘iz tirnoq edi. Jiydali degan joydagi yetimxonaga berib yuborilganini es-es bilaman. Otginasi Arbob edi, ha, Arbob, esda qoladigan”. Ota-onalari sil balosidan bir oy ichida ado bo‘lib, qarindoshlari qizni olib qolganu bolani yetimxonaga topshirib yuborgan ekan. So‘raydigan-yo‘qlaydigan kimsa topilmay, ana-mana deguncha oradan shuncha zamon o‘tibdi!
– Men yosh bola edim-da, tog‘ajon, hech kim aytmagan, bilmaganman, – deya qolgan qarindosh-urug‘ nomidan ham uzrxohlik qildi jiyan bo‘lmish.
Mabodo surishtirilganda ham Arbobning topilishi dargumon edi. Yetimxonaga qabul qilinganida atigi uch yasharmi-to‘rt yashar bo‘lgan, go‘dakning o‘zidan ismini eshitib hamma kulib yuborgan, hazilkashroq bir tarbiyachi “Arbob bachchag‘ar ham yetimxonada o‘sadimi, kelinglar, familiyasini Qulov qilaylik, ana shunda posangisi birnav bo‘ladi”, deya maslahat solgan. Bolaning hech bir hujjat-pujjati yo‘q ekan-da.
Bu tarixni Arbob esini tanib qolgan kezlari bir kuni shabko‘rlanibroq yetimxonaga kirib kelgan o‘sha keksa tarbiyachining o‘zidan eshitgan edi. “Meni so‘kib yurma, bolam, – degan u dastro‘moli bilan dam-badam ko‘zlarining selobini artib. – Familiyada ayb yo‘q. Hammamizning ham ota-bobomiz vaqti-zamonida kimgadir qul, kimgadir qarol bo‘lgan. – Keyin negadir ikki yoniga alanglagan bo‘lib, asta qo‘shib qo‘ygan: – O‘zimiz ham shunday hozir… Lekin isming zo‘r sening – Arbob! Mo‘ljalni ana shunga qarab olgin, bolam”.
Osmondan tushgan jiyanning aytishicha, ular asli-tagi kenagas urug‘idan ekan.
– Ajdodlarimiz juda mard, jangovar o‘tgan, tog‘a, bilsangiz! – derdi u g‘urur bilan. – Qonxo‘r Buxoro amirining qulog‘iga simob quyib o‘ldirgan ham o‘zimizning momomiz-da! Mashhur general Jo‘rabek ham bizdan!
Bu ro‘yi zaminda tayin-tubli ildizi chiqqanidan sho‘rlik Arbob Qulovning boshi ko‘kka yetib o‘tirardi, albatta. Biroq kenagas-penagas, jangovarligu qasoskor momo xususidagi diydiyolar, to‘g‘risi, uncha qulog‘iga kirmadi. Umr o‘tib bo‘ldi, nima farqi bor endi? Bir kun kelib nariyoqqa borganingda kimlardan bo‘lasan, urug‘ing nima, elating nima deb so‘ramas, axir! Ana, bir vaqtlar o‘zlari “shumo-shumo” qilib, naqd Parijga yo‘llab ko‘rdilar – hech ish chiqmadi-ku! Gap anov-manovda emas, peshonada ekan, jo‘ralar, peshonada! Nasib etsa, kelar Shomu Iroqdin, deydilar-ku.
Nasib etsa… mana, bugun Arbob bobomiz umrning barcha achchiq-chuchugini tamom unutib, haj qilish tadorigida yuribdi.
Taqdirning jilvalarini qarangki, bobomizning o‘rtancha o‘g‘li, ota armonlariga qasdma-qasdmi, frantsuz tilini obdon egallab, shu kunda O‘zbekistonimizning Parijdagi elchixonasida ko‘rinarli bir lavozimda o‘tiribdi! Talay yil bo‘ldi. Shungamikan, uni o‘sha yoqda farang qizga uylanib olgandir, deganday taxminlar ham chiqdi. Bekor gap, qaysi hukumat xorijdagi vakolatxonasining mulozimi o‘sha yerlik ayolga uylanishiga qo‘yib berarkan?! Bu ham Jiydalimizning ado bo‘lmas lof-qoflaridan, xolos. Otasidan gap so‘rasangiz, “Yo‘g‘-e, kelin o‘zimizdan-ku, xolasining qizi, – deydi, keyin esa ovoziga quvlik aralashadi: – Lekin o‘zim bir niqtagan edim, bu Kenja qashshangdi urug‘ini qo‘y, ulim, o‘sha yoqdan biron farangisini topgin, deb. Hazilga-da”.
Mana, yoronlar, umr bo‘yi o‘zining asli-naslini bilmay, bir tasodif ila o‘zga elatga mansub sanalib ketgan va shu tufayli baynalmilal anjumanlarga vakil etilgan-u, yana bir tasodif kasriga o‘sha tarixiy safardan benasib qolgan o‘ksik taqdirli qahramonimiz qissasi ham poyoniga yetayotgandek. Xo‘sh, u bir vaqtlar umrguzaronlik qilgan, Jiydali markazidagi huv biz ko‘p bora naql etmish ko‘hna imoratning keyingi taqdiri ne kechdi dersiz? Bino ahlining bari u yerni tark etganidan-ku xabarimiz bor, qani, yangilari ko‘chib keldimi, kim ular?
Bugun sobiq Sovet ko‘chasi bo‘yidagi kelgindi musofirlarning bir necha avlodi nash’u namo ko‘rgan o‘sha tarixiy istiqomatgohda hech kim yashamaydi, lekin barcha xonalari band. Yangi zamon korchalonlari tumanning qoq belidagi tijoratga qulay bu manzilni allaqachon bosh-oyoq sotib olgan, ko‘cha tarafdan alomat eshiklar ochib, peshtoqlariga ajnabiy tillarda turli-tuman rangin lavhalar osib tashlagan. Endi bu yerni o‘ziga xos mo‘jaz bir “Jiydali siti” demoq ham mumkin.
Mana, qolgan-qutgan gaplar ham aytildi-yu, baribir tag‘in nimadir yetishmayotgandek, o‘sha binodagi oxirgi – oltinchi xona ochilmagandek! Darhaqiqat, uzoq fursat bu eshikka yaqinlashmoqqa hech kim jur’at topolmay yurdi. Negaki endi u yerga da’vogarlik qiladigan yoki so‘rab-surishtiradigan bandaning o‘zi yo‘q edi.
Manfaat balosi qandoq eshiklarni ochmaydi deysiz! Talay zamon chamalab yurgach, nihoyat, bir necha shovvoz – har yerda hozir Safar chaqqon guvohligida, albatta – “sekret” qulfini qo‘porib tashlab, xonaga bostirib kiradi. Kirib nimaga voqif bo‘ladilar deng? Bu yog‘i chinmi-yolg‘onmi, rostmi-lofmi, xullas, xonalar “shaxsiy delo”larga liq to‘la emish – baland shiftga qadar taxlab tashlangan. Safar chaqqonning e’tiroficha, oyoq ostida yotgan chetlari chirik, mog‘or bosgan jildlardan birini ochib qarasa, u mahalliy devona Turdashga tegishli nomai a’mol bo‘lib chiqibdi!
Bulari mayli, bulariga harna ishonsa bo‘lar, qani, endi to‘rdagi xonaga o‘taylik. Xona o‘rtasidagi titilib ketgan eski sholcha ustida bir uyum suyak to‘dalanib yotganmish. O‘lgan odamning qup-quruq jasadiga o‘xsharmish. Uning bosh tomonida esa chang bosgan, zanglagan bir to‘pponcha – bunisiga nima deysiz! Go‘yoki mana shuncha qog‘ozu hujjatni to‘plagan kimsa, ularni titkilab chiqib, izlaganini topolmagan-u, kiyim-boshini yechasolib o‘zini shartta otib tashlagan!
Sog‘lom aqlga sig‘maydigan bu tafsilotlar – elning og‘zidagi gap. Ba’zilarning aytishicha, xonani tintuv qilganlarning hech kimdan qo‘rqmaydigan, hech nimadan qaytmaydigan beboku battoli Safar chaqqon deydigan bo‘lsak, o‘shandan so‘rasangiz ham, “Mana, barini o‘zingiz aytib turibsiz-ku, yana nimasi kerak sizga?!” dermish ko‘zini lo‘qqaytirib.
Qirq yil burungi gaplar endi bu. O‘zimizning Jiydalidan chiqib ketganimizga esa undan ham ko‘p bo‘ldi. Endi bularning qaybiri chinu qaybiri o‘tirik ekanini isbotlab ko‘ring-chi! Ko‘pini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz, ayrimlarini esa ayrimlardan eshitib olganmiz. Eshitganlarimizni lof desak, ko‘rganlarimiz ham kam emas-da, a, labbay?
Ammo birgina aybimizni bo‘yinga olmasak bo‘lmas. Huv omad ramzi canalmish tilla tanga tashbehini paqqos o‘zimiz to‘qiganimiz rost. Shuncha haqiqat ichida bir chimdim lofi ham bo‘lsa osmon uzilib tushmas, nima dedingiz?
Goho xayol olib qochadi: o‘sha tilsiyem tanga bugun tashlansa, kimning chekiga tushardi va o‘sha odam Parijga bora olarmidi?.. Bilasiz-a? Men ham bilaman. Nega shunday ekan? Men bilmayman. Siz ham bilmasangiz kerak.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son