Bolakayning xayoli terak uchiga ilinib qolgan varrakda edi. Varrakni bobosi qo‘llari qaltirab zo‘rg‘a yasab bergandi. Uzoq-uzoqlarga uchirib o‘rtoqlariga maqtanish xayoli bilan onasining chaqirganini ham eshitmay qolibdi.
– Hoy, haromi, qulog‘ing tom bitganmi, hozir tag-tugi bilan uzib olaymi?
Bola qo‘lida tolxivich tutgan onasining vajohatini ko‘rib, qulog‘ini kafti bilan berkitgancha orqa-oldiga qaramay qochdi. Onasi uni qarg‘agani-qarg‘agan. Haromi degani nima ekan o‘zi? U bu so‘zning ma’nosini bilmasa-da, yomon gapligini angladi. Bolakay shu qochganicha qo‘shni ko‘chada o‘ynayotgan bolalarga qo‘shilib ketdi. Kechga tomon zo‘rg‘a oyog‘ini sudrab qaytdi. Bir tabaqasi osilib, qiyshayib qolgan darvozadan qo‘rqa-pisa kirib, dovdiragancha turib qoldi.
– Nimaga anqayib turibsan? Qo‘limdagini olmaysanmi?
U otasining muloyim ovozidan ko‘ngli yayrab orqasiga o‘girildi. Otasining qo‘llari band – ikki xalta to‘la yegulik olibdi. Demak, otasi mardikor bozoridan ish topgan, bugun onasi bilan urishmaydi, mahallani boshga ko‘tarib baqir-chaqir qilishmaydi. U irg‘ishlab otasining bag‘riga otildi.
– Toychog‘im, mana senga handalak, mana xo‘rozqand.
Bolakay otasining qo‘lidagi yeguliklarga qaramay, yerda turgan xaltani tita boshladi:
– Dadajon, ertak kitob opkeldizmi, opkeldizmi?
U otasiga ko‘zlarini pirpiratib, mo‘ltirab qaradi. Otasi bir qo‘li bilan orqasiga yashirib turgan rangli kitobni boshi uzra baland ko‘tardi.
– Qani, dadajon deng-chi!
– O‘zimning dadajonim!
Bolakay o‘ziga sig‘may bor ovozi bilan hayqirdi. Endi u ham Valisherga o‘xshab rasmga qarab ertak to‘qiydi.
– Keldingizmi, boyvachcha?
U suvog‘i ko‘cha boshlagan oshxona ostonasida onasini ko‘rib, dami ichiga tushdi. Qo‘lidagi kitobni mahkam bag‘riga bosdi. Tamom! Onasining avzoyi buzuq. Yana janjal boshlaydi.
– Qani, kitobni menga ber-chi! – onasi g‘azabnok qarab, qoshini chimirdi.
– Nima qilasiz bersam? – deya bolakay onasiga yolborib qaradi.
– Yirtaman! Tandirda yoqaman!
– Bermayman! – bolakay ovozining boricha baqirdi. – Siz yomonsiz!
– Men sizga bolani bema’ni narsalar bilan chalg‘itmang, miyasini zaharlamang demaganmidim! Nega unga kitob olib keldingiz?
– Bolani bozorga olib borib buzayotgan, miyasini zaharlayotgan sensan! Qo‘liga pul berib, egri yo‘lga boshlayotgan ham sen!
Bolakay onasining ko‘zini shamg‘alat qilib, hovli chetiga chopdi. Qo‘lidagi kitobni molxonaning o‘tin bosilgan tomi chetidagi rangi o‘chgan eski quti ichiga yashirdi. Keyin bir-biriga baqir-chaqir qilayotgan ota-onasiga bir zum yuragi to‘liqib qarab turdi-da, bobosinikiga qarab chopdi.
Bobosi ayvonda yolg‘iz o‘zi uzoq-uzoqlarga tikilib o‘tirgan ekan. U opoqisi ko‘z tikkan tomonga qarab hech narsani ko‘rmadi. Indamay kelib uning dag‘al kaftini nimjon qo‘lchalari bilan siladi. “Xuddi qabriston etagidagi bahaybat bukritutning tanasiga o‘xshaydi-ya”, deb o‘yladi u. Keyin uning ajin bosgan horg‘in yuziga hayron termuldi:
– Haromi degani nima, bobojon?
Bobosi indamadi, ammo birdan uning ko‘ziga sinchkovlik bilan qaradi-da, to‘satdan qo‘lidagi teshani shudgorga jahl bilan uloqtirdi:
– Seni haromi deganlarning o‘zi haromi!
Bolakay bobosining yelkasi silkinayotganini payqadi. Uning ko‘z yoshlari soqoliga oqib tushardi.
– Bobo, yig‘layapsizmi?
Bolakayning ko‘ngli buzildi. Negadir uning ham to‘yib-to‘yib yig‘lagisi keldi. Bobosi egilib uning manglayidan o‘pdi.
– Qo‘yaver bolam, ertalab ko‘p suv ichib yuboribman, shu ko‘zimdan oqyapti, parvo qilma! – U nabirasini chalg‘itish uchun gapni boshqa yoqqa burdi:
– Otang nima qilyapti. Uyquni urmayaptimi, ishqilib?
– Mardikor bozorga ketgan, – deya javob berdi bola.
– Sen bir gapni yaxshilab uqib ol, otang juda yaxshi odam. Mehnatkash, halol, to‘g‘ri. Faqat, omadsiz.
– Omadni kim beradi?
– Omadnimi? Omadni Yaratgan egam beradi. Berganga ikki qo‘llab mo‘l-ko‘l beradi, bermaganga yo‘q.
Chol beixtiyor nabirasining o‘ychan, hayrat to‘la chaqnoq ko‘zlariga tikildi. Negadir yuragi to‘lqinlandi, shuurida nimadir “yarq” etgandek bo‘ldi.
– Bilasanmi, bo‘talog‘im, o‘ylab qarasam, adashgandayman. Otangni omadsiz deb bo‘lmaydi. Uni sendek omadi bor. Ha, ha, otangni omadi sensan.
– Omad degani nima o‘zi?
– Omadmi? Shu, nima desam ekan… Mana, sen varraging baland uchsa toza quvonasan, to‘g‘rimi? Otangning uzoq-uzoqlarga, baland-balandlarga uchadigan varragi sensan. Sen yaxshi odam bo‘lsang, otangning boshiga omad qushi qo‘nadi, buning uchun ko‘p o‘qishing kerak. Afsus, otangni o‘qitolmadim.
– Ur-re-e-e, osmonga uchsam, kosmonavt bo‘larkanman-da? Sizniyam, dadamniyam raketamga solib uchaman, opoqi!
– Onangni-yam, to‘g‘rimi?
Bolakay indamadi. Onasi uning kosmonavt bo‘lishini xohlamaydi. O‘rtog‘i Valisher bog‘chaga boradi. Kosmonavt qanaqa bo‘lishini Valisherdan eshitgan. U ham onasiga bir necha kun xarxasha qilib yurdi. Uning ham o‘rtog‘iga o‘xshab bog‘chaga borgisi, kosmonavtlar haqida she’r yodlagisi keladi.
– Bog‘chaga pulni qayoqdan topaman. Ro‘zg‘orimni amal-taqal qilib tebratayotgan bo‘lsam. Ana, bekorchixo‘ja otang senga qaraydi. Lekin unga o‘xshagan xomxayol bo‘lma. Kitob degani pul tug‘maydi, ammo sen ko‘p pul topadigan odam bo‘l! Pul! Pul! Pul! – onasi barmoqlari uchini jahl bilan bir-biriga ishqadi. – Puling bo‘lmasa, dunyoda hech kimsan, hech kim! Uqdingmi?
Onasi uni ham o‘zi bilan bozorchaga olib boradi, kun bo‘yi kiyim-kechak yoyib sotadi. Bugun bozorchaga kiraverishda katta tog‘oradagi shaftolini “Xudo xayringizni bersin, shuni olinglar, shoshilyatuvdim”, deb izillab turgan kampirdan ko‘tarasiga talashib-tortishib 15 mingga sotib oldi. Onasi boshidagi tog‘orani yerga qo‘yib ulgurmasidan bir baqaloq yigit lapanglab kelib shaftoliga xaridor bo‘ldi.
– Opa, yigirma ming beraman. Kechgacha bir tog‘ora shaftolini deb boshingizni og‘ritib o‘tirasizmi?
– Iy-i, insofingiz bormi, boyvachcha? O‘zim yigirma besh mingga olgan bo‘lsam, meni ham bola-chaqam bor.
Onasi bozorni boshiga ko‘tarib tirikchilikdan nolidi. Bola sekingina onasining yengidan tortdi. Onasi nega yolg‘on gapiryapti. Axir, shaftolini o‘n besh mingga oldi-ku yoki yodidan ko‘tarildimikan?
– Oyijon! O‘n besh mingga oluvdiz. Oyijon, o‘n besh ming-ga-a.
Onasi uning qo‘lini jahl bilan siltab, qayirib tashladi.
– O‘chir ovozingni, itvachcha! Bir sen qoluvding, dakki bermagan. Men senlarning qorningni o‘ylab tinim bilmasam-u… Ko‘rnamak! Ovozingni o‘chir!
Onasi talashib-tortishib shaftolini yigirma besh mingga pulladi. Keyin erib ketdimi, uning qo‘liga besh yuz so‘m tutqazdi.
– Bor, muzqaymoq olib ye!
So‘ng bir zumda uni unutgandek, o‘tgan-ketganga yoygan molini maqtay ketdi:
– Chet elning asl moli. Suvtekinga sotaman. Erim kasal, dori olishim kerak.
Bolaning xayoli otasiga ketdi. Ertalab uydan chiqayotganlarida otasi soppa-sog‘, tomorqada ketmon chopayotgan edi. Onasi yolg‘on aytyapti. Bolakay xo‘rsindi. Onasigayam qiyin-da, kechgacha bozorda qo‘li qo‘liga tegmaydi. Kechqurunlari qo‘li ovqatdan, kir yuvishdan bo‘shamaydi. Azonlab turib non yopadi. Keyin aravachaga mol yuklab, bozorga shoshadi.
Kechga yaqin bozordan qaytayotganida onasi unga pul soladigan mushukcha olib berib, qo‘liga ming so‘m tutqazdi.
– Ko‘pgina pul to‘pla! Ustingga kiyim-bosh olishimiz kerak. Axir, kelasi yil maktabga borasan.
Bola osmonga sakradi:
– Urre!! Maktabga boraman! Oyijon! Bobom sumka olib beraman deganlar.
– Chol o‘lgur kallangni bo‘lmag‘ur gap bilan zaharlasa ham sendan pulini ayamaydi. Bittagina merosxo‘rsan-da! Ammo hadeb cholning atrofida o‘ralashma, miyasi aynigan choldan yaxshilik chiqmaydi. Faqat nafaqa olganda kirgin, xo‘pmi? Qiynalayotganimizni ayt, anavi eski-tuski, yirtiq kiyim-boshingni kiyib ol, uqdingmi?
Bolaning qulog‘iga bu gaplar kirmadi. U xayol otida chopqillab borar edi. Bobosi zo‘r-da. Uni yaxshi ko‘radi, pulini ayamaydi. Har safar bir siqim pul beradi, mana, endi mushukchasi pulga to‘lib ketadi. Chiroyli kiyinib o‘anisher bilan maktabga boradi, har kuni “besh” baho oladi. Ulg‘ayib, kosmonavt bo‘lganda ko‘p pul topadi, otasi ham mardikor bozoriga bormaydi.
U yo‘l-yo‘lakay mushukchasini o‘rtoqlariga ko‘rsatib maqtandi. Uyga qaytib, darvoza oldiga kelganda ichkari hovlidan chiqayotgan baqir-chaqirni eshitib, joyida taqqa to‘xtadi, ko‘zlaridagi quvonch o‘rnini qo‘rquv, hadik egalladi. Darvozadan botinib-botinmay kirarkan, nima qilarini bilmay bir burchakda qisinib, olazarak turib qoldi.
– Shu bolani o‘zingizga o‘xshatmoqchimisiz? U ham birni ikkiga urolmaydigan notavon bo‘lib o‘tadimi?
– Sening xudoying pul, pul uchun imondan kechasan. Bolaning xayolini bo‘lmag‘ur diydiyolaring bilan zaharlama. Sen uni ikki boshli qilib qo‘yding! Ikki boshli!
Bolakayning qulog‘iga ota-onasining boshqa gaplari kirmadi. Faqat ikki boshli degan so‘z uning yuragiga o‘qdek sanchildi. Shoshib kichkina kafti bilan boshini ushladi. Keyin yugurib yotoqxonadagi shkaf yonida, devorga tirab qo‘yilgan oynaning oldiga kelib, ko‘zlarini katta-katta ochib qaradi. Yo‘q, boshi ikkita emas, bitta. Dadasi nima uchun uni ikki boshli dedi?! Nega yolg‘on gapiradi, nega aldaydi dadasi? U yana ko‘chaga chopib chiqib ketdi. Alami keldi, ho‘ngrab yig‘ladi, ko‘zlariga achchiq yosh to‘ldi. Ko‘chada qiy-chuv solib o‘ynayotgan bolalar uni qurshab olishdi.
– Shokir, nega yig‘layapsan? Kim seni xafa qildi?
– Shokir, qo‘y yig‘lama, ko‘zingni artib qo‘yay!
– Men yig‘laganim yo‘q… ertalab ko‘p suv ichib qo‘yuvdim, shu ko‘zimdan to‘kilib ketyapti, – dedi bolakay.
U kechgacha bolalarga qo‘shilmay bir chekkada yer chizib o‘tirdi. Qorong‘i tushib bolalar tarqala boshlagach, uyining darvozasiga bir muddat ma’nosiz qarab turdi, so‘ng chuqur xo‘rsindi. Keyin bobosining hovlisi tomon boshini quyi solgancha shoshilmay yurib ketdi.
Bobosining darvozasi berk. Tashqaridan ilgak solingan. Bola ilgakni ko‘tarmoqchi bo‘lib harchand urindi, ocholmadi. Qayoqqa ketdi ekan? Bolakay uyga qaytib borgisi, uni ikki boshli degan dadasini ham ko‘rgisi kelmas edi. Bola darvoza bo‘sag‘asidagi supachaga ohista cho‘kkanda ochiqqanini sezdi.
Bobosi unga uzoq-uzoqlarga uchadigan yangi varrak yasab beraman, degan edi. Ertaga varrakni, albatta, yasatadi, uning varragi hammanikidan baland uchadi.
Osmon to‘la varraklar ichida o‘zining varragi eng baland uchayotgani haqidagi xayollarga berilgan bolakay supachada mung‘ayibgina uxlab qoldi…
“O‘zAS”dan olindi.