O‘tov gulladi…
Shu o‘tovga To‘lg‘onoy kelin bo‘lib tushdi.
Osmonda oy qo‘tonladi…
Oy o‘ziga o‘tov tikib atrofi aylana oq gardish – nur bilan o‘raldi: aylana o‘tovda kelin, aylana gardishda oy qoldi. Oyning-ku belgisi elga ayon, shu oy yog‘in yog‘maydi. Ammo To‘lg‘onoy biram ko‘ngli to‘lib yig‘ladi, biram yig‘ladi, qurimagur chechalarning amali ozdi. Ozmaylar ketsin, To‘lg‘onoyning munchoqlari uzildi, alami ichda bo‘lib ko‘ngli buzildi.
Ertalab kuyov Rahmonberdi otasiga duch kelib, ko‘zi-ko‘ziga tushganida shoshib salom berish o‘rniga alik oldi. Otasi – G‘affor mulla bosh chayqab “Esingni yig‘ib ol!” degandek tomoq qirib qo‘ydi.
Kelinning uyalgani-ku bezagi, kuyovning uyalgani yomon ekan. Xullas, Rahmonberdi o‘zini, aybdor ko‘zini chetga olib toqqa yo‘l oladigan bo‘ldi. Oldiga haydab solgani qo‘y-qo‘zi, orqasida bir ko‘zi, unga shu yaqin tog‘ning yo‘li ham olis tuyuldi. Keta turib kelin salomdan quruq qolganini bildi.
To‘lg‘onoy Rahmonberdining askar bo‘lib qaytganini eshitib ko‘ngil qo‘ydi, yaltiroq tugmasidagi yulduzini ko‘rib suydi. Shu-shu Rahmonberdining otini aytolmagan yangalari uni “askar” deydigan bo‘lishdi.
Yangi kelin ertalab qaynotasining oldiga kelin salomga kirdi. Qaynotasi:
– Shu kenjam, shu kenjamga ataganimning hammasi seniki, – deb kampiriga bosh sermab imo qildi. Saydinoy momo tishlari kemtik bo‘lsa ham ko‘nglining kemtigi to‘lib, – Mana bu senga qaynotangdan, – deb kelinining ipak ro‘moli ustidan yana bir ipak shohi ro‘mol tashladi. Kelin yanga kelinning nomidan qaynotasining ostiga shohi atlas ko‘rpa tashlab, yonboshiga bir juft yostiq qoldirdi. Ana ko‘ring ovozaning balandini. Saydinoy momo hali-hamon faqat cholining oldidagina itoatgo‘y bo‘lib o‘tirardi. Tashqariga chiqib chimildiq tushirish bahona kelgan qishloq ayollarini ko‘rib yana ovozi balandladi:
– Hay! Qaynotasining atagani qaynotasiniki! Endi, meni ataganimni eshitinglar, – dedi:
– Kenjamga keng to‘shimni, baxt qushimni atadim. Eshiting, kelin!
Kelin To‘lg‘onoy yangasi qo‘lidan tutgan ko‘yi egilib-egilib salom qildi. Qaynonasi esa bor ataganini baralla aytayverdi:
– Mana shu qo‘sh o‘tov, keng yaylov, mana shu qarindosh-urug‘, yon berib yondoshgan hamsoyalar ham, o‘choq-tandir, qozon-tovoq, echki-uloq, kuviyu ayron, oling-a, bostirmali qo‘yning qo‘rasi ham sizniki, – dedi.
Gapni yig‘ilib kelgan xotin-xalajning ichidan odatdagidek Maxfirat momo oldi:
– O‘zingdi menam bir oy deysan, o‘zingdan kecharing yo‘q, suprani keliningning qo‘ltig‘iga qistir, shu yolg‘iz ulingga kuyishmasang bo‘lgani, – dedi.
Saydinoy momo o‘zi ayron suvga botirib iylagan oq teridan tikkan suprani kelinining qo‘ltig‘iga qistirarkan: – Xudoga shukur, o‘g‘lim bir o‘g‘il bo‘lgani bilan musofirchilikni ko‘rib qaytdi, shular tinib-tinchib, o‘zidan ko‘paysa bo‘lgani, o‘zimdi cholimdan qo‘ymasin! – dedi.
Bu gapga xotinlar qotib kuldi, gapga gap qo‘shganlarning bo‘lari bo‘ldi.
Visol vosillik tilab oradan chillali qirq kun o‘tdi. Tun cho‘kkanida bir o‘tovda kelin-kuyov, bir o‘tovda chol-kampirning gangir-gungur suhbati qizidi. Kelin-kuyov visolga, chol-kampir dunyoga to‘ymasday bo‘ldi. Ammo tashqarida otlarning dupuri eshitilib ularning suhbati bo‘lindi.
– Ahay! Bemahalda kelgan kim bo‘ldiykan? – dedi G‘affor mulla yelkasiga yaktagini tashlab.
Otliqlar to‘rt kishi edi. “Tog‘dan enib tushgan cho‘ponlar bo‘lsa kerak” deb o‘ylagan Rahmonberdi ham yanglishgandi. Ular o‘ziniki bo‘lsa ham o‘zagini kesadigan, har gapi qishning bo‘roniyu, yozning garmselidek esadigan Qodir “quloq” bilan Rahmonqul kesov edi. Kesovning kesovligi o‘t titib yonmagan olovni yondiradigan, odamlarning xonumonini kuydiradigan besar edi. Besarning besarligi gavdasida boshi bo‘lmaganida. Qodir quloqning quloqligi esa fisqu fasodchiligi yetmaganday, g‘imirlagan zamonda g‘imirlab turgan narsa uning nazaridan chetda qolmasdi. Ularning yonida kelgan ikki otliq ham otining qorasidan tanish, tanishligi elga yuqmas edi.
– Sen! – dedi Rahmonqul kesov salomdan oldin alami o‘t olgan odamdek.
– Rahmonqul aka! – dedi Rahmonberdi qorong‘uda qo‘tonga kelgan bo‘ridek qonsirab turgan Rahmonqulning avzoyini ko‘rib.
G‘affor mulla qorong‘uda kelganlarni taniyolmadi. Ularning hovlidagi itning bezovtalanib hurishiga qo‘shilib ot ustida tasirlab turgani mullani esankiratib qo‘ygandi. Zamonning zaylini bilgani uchunmi bu miltiq tutgan mirshablarning “tashrif”i yaxshilik alomati emasligini ko‘ngli sezdi. Ota emasmi, o‘zini emas, o‘g‘lini o‘ylab boshi g‘uvillab ketdi. O‘g‘lining kelganlar bilan nima haqida gaplashayotgani ham negadir shu tobda qulog‘iga kirmasdi:
Bu safar G‘affor mullani ko‘rib oldindagi qorabayir otda kelgan semiz mirshab – Qodir quloq gap boshladi,
– Ha mulla bova, xattotligingizni bilardik, ammo xattot xato qilsa bilasiz, o‘ylab yozish kerak, o‘ylab! – dedi u bo‘g‘izlangan jonliqday tomog‘i xirillab.
– Otam! Otam savodli odam, – dedi Rahmonberdi ko‘nglida allanechuk g‘urur uyg‘onib. Xaspo‘shchi xasni ham puflamay olov oldiradi degani rost ekan. Yaltoqligi yaltirab turgan Qodir quloq ot ustida ishshayib o‘tirgan joyida dadillanib Rahmonberdiga:
– Menga qara, askarlikda otangga xat yozib turganing rostmi? – dedi.
– Ha…
– Otang arab yozuvida ham o‘qib, ham yoza oladi, shundaymi?
– Ha endi, eskining odami-da, ozgina eskichadan xabari bor.
Bu safar u mirshabning qulog‘iga vahimali nimalarnidir shivirladi. Rahmonberdi ularning gaplarini, bu vahimali shivirning sababini bilishga qanchalik harakat qilmasin, hovlidagi itning hurishidan bezovtalanib depsinayotgan otlarning tuyoq tovushidan hech narsa eshitolmadi. Nihoyat semiz mirshabning imosi bilan u tilga kirdi.
– Senga bir-ikkita savollari bor ekan mirshab akani, biz bilan ketsang, ertalab qaytasan, – dedi.
G‘affor mulla kar odamdek battar toqatsizlanib o‘g‘li Rahmonberdini yoniga imlab chaqirdi.
– O‘g‘lim, “kel-keli” kelgan ko‘rinadi, nima bo‘lsa ham enang bilan kelinga bildirmay tur, ertalab birga qaytarmiz, qaytmasak… – dedi G‘affor mulla bu safar chuqur xo‘rsinib vazminlik bilan. Shundagina Rahmonqulning oyoq-qo‘llari bo‘shashib, gap nimadaligini bilib xurjuni og‘di.
– O‘rtoq m-mirshab! Bu qanaqasi? Men askarlikda medal olganman. Vatan uchun halol xizmat qilganman! – dedi ovozi dadillanib.
Yana tilmoch bilan mirshab shivirlashdi:
– Yaxshi! – dedi mirshab bu safar biroz ko‘ngli yumshagandek.
Yana tilmochning tili chiqdi, yana tilmoch o‘rtada xaspo‘shchi dallol bo‘ldi: – Shuning uchun ham seni chaqirishayotgan ekan, shuncha yerdan kelganning izzatini qil-da o‘zing ham, – dedi tilmoch tog‘liklarning jo‘mardligini bilgani uchun ham.
G‘affor mulla o‘tovga qaytganida Saydinoy momo bir muddat cholining avzoyini ko‘rib devorga osilgan xurjunga qarab oldi. Bu bejiz emasdi, chunki G‘affor mulla oq yaktagining shimarilgan yengini tushirganida albatta choponinini kiyardi. Choponini kiysa xurjunni egniga olib, otini shaylab yo‘lga otlanardi.
– Bovasi? – dedi nihoyat Saydinoy momo haddi sig‘ib.
– Kampir, o‘zing endi bu yog‘iga bosh bo‘p tur, Rahmonberdi ertaman keladi, – dedi G‘affor mulla qo‘llari betasbeh, tasbehning tilovatini takrorlab. Ammo orqasiga o‘girilib qaramadi. Bir umr qiladigan ishini ipidan ignasigacha xotiniga aytib o‘rganmagani uchunmi, dardini dasturxon qilishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Rahmonberdi esa To‘lg‘onoy bilan shoshib xayrlashib yo‘lga otlandi. Muddaosi shoshib yana ortiga qaytish bo‘lgani uchunmi, shu tobda u faqatgina ketishga shoshilardi.
Shu kecha ota-o‘g‘il to‘rt otliga ergashib, bo‘z otiga mingashib ketgan kun kim bundan xabarli, kim bexabar qoldi. Tongda Shamolli qishlog‘ining shamollari bezovta esganida ayni bahor fasli edi. Bahor mum tishladi, ammo hali ayozning savollari ko‘p edi. Qaysi javobli, qaysi bejavob bo‘ldi, ammo, ota-bolaning jon joyidan tutdi. G‘affor mulla bilan Rahmonberdining bir aybi savodi borligida bo‘ldi. Otasiga askarlikdan yozgan bir xat xatga tashladi, xatga emas, o‘tga tashladi. Ikki birday ayol boshegasiz qoldi. Qishloqdagilarning ham biri haddi sig‘ib so‘rasa, biri so‘rolmadi. Onalar qo‘liga kitob olgan bolasiga:
– Savodlining savdosi shul bo‘lsa, ovuzdan yodlaganing yaxshi, – deb bolasining qo‘lidan kitobni tortib oldi.
Otalar kuyinib: – Shunday deysan, ovuzdaginiyam ovuz minan yetkazar ko‘p. Indama, molding hisobinimas, elding hisobin ham bilsin, – dedi.
* * *
To‘lg‘onoyning yuragi to‘lib ketdi. Yugurib o‘z o‘tovi tomon chopdi. Yangi kelin emasmi, ko‘z yoshini qaynonasiga ko‘rsatishdan uyaldi. Ko‘z oldiga Rahmonqulning keng yelkalari, suqsurday sumbatini keltirib ko‘z yoshlaridan ham ginador bo‘ldi. “Nega yig‘larkanman, axir kelaman deb ketdi-ku. Xudo yig‘laganga ko‘z yosh berarmish. Men… men baribir kutaveraman. Askarlikdan yulduz op kelganman desa mirshab deganlari ham ko‘p tutib turmas, odamlar aytaveradi”. Shu xayol bilan u o‘rnidan siltanib turdi. Shu dalda bilan yana o‘tovdan otilib chiqdi. Shirin bir xayol orqasiga qarashga undaganida esa rango rang kigiz gilamlar bilan bezatilgan o‘z uyi ham ko‘ziga rangpar ko‘rinib ketdi.
Saydinoy momoni ham bu safar dardman deganning saydini siyladi. Yuragini sozding terisiday iyladi. Oftobro‘yada o‘tirib, o‘zidan o‘tganini o‘zi bildi. “Ay bovasi, Rahmonberdini Xudodan tilab oluvdik. Hech nega kuymadim, bolam deb kuydim. Ayolning ko‘ngli bolasida bo‘larkan. Men-ku yoshimni yashadim, bechora kelin, buyam kelin bo‘lmay kelisop bo‘ldi. Bir so‘zli odamiydingiz, “ertaman qaytaman” deganingiz shunday bo‘lishini bilganimda ulimdi sizga qo‘shmasdim. Peshonaga har ne sig‘arkan. Shu enish peshonadan bovuringdi berganing, suyanib turganing sirg‘alsa yomon ekan. Borsa kelmas degan joylar borligini eshitganim boridi. Kelmasi shu bo‘lsa, ketarim nima, bilmayman” dedi.
O‘tovdan narida, bir gujumshoxning orasida olaqush yoqimsiz sayradi. Yana Saydinoy momo buning sayrovi nimadan darak ekan deb gumonda qoldi. Salqigan qovoqlari salqib bo‘ynigacha tushdi. O‘tirgan joyida oftobda qizib oyog‘ini kuydirayotgan kovushini yechib, eshitilar-eshitilmas qo‘shiq xirgoyi qildi:
Olaqush ola ekan,
Sayrashga balo ekan.
Balosi ne bilguncha
Bilmagan avlo ekan.
Enani yaratguncha,
Toshni yarat, Xudoyim.
Shu olaqush bilarma
Judalar bo‘ldi judayim…
Jotqan elda gap jotmadi. Birov “Mulla bova minan uli Rahmonberdini sim panjaraga xuddi kaklikday sop qo‘yipti. To‘qay qishloqdan ham To‘qli polvonni so‘rovga olib ketgan emish. Haliyam so‘rovi tugamay so‘rap yotganmish” desa, birov “Polvonning aybi ne ekan, askarga borip otasiga xat yozmagan bo‘lsa?”, dedi.
“Shunday deysiz, Polvonning uyiga bir mehmon kelgan ekan, oti atoqli mehmon ekan o‘ziyam. Ilm deganning barini suv qilib ichgan ekan. Shu kelgan mehmon polvonning boshini yep ketipti. Shundaychiqin mehmon kutguncha kutmagan avlo ekan. Lokigin, polvon so‘zidan qaytmay “Mehmon meniki” deb mehmon kutar aybini tan opti. Ammo shu so‘rov deb sirovi kelgan chiqar…” deyishdi.
Birovlar birov bo‘ldi, ular ham birovdan o‘tganini bilmadi. Shu orada yo‘l qaray, yo‘l qaray ikki ayol bir o‘tovni Vatan qildi. Qaynona kelinini, kelin qaynonasini ayadi. Tunda o‘tovda yongan chiroq shu’lasi To‘lg‘onoyning yuzidan sirg‘alib tushdi. Shu’la Saydinoy kampirning qat-qat ajinlariga singidi. Shu kecha tuni bilan chiroq shu’lasi betovush, besas oqdi.
Kun qizib ayollarning ham ichi qizidi. Ayolning dardi o‘rmak bo‘ldi. Qishi bilan yigirib chiqqan jun kalavalarini uch ayol, to‘rt ayol bo‘lib rang solingan qozonga solib tur-turiga, rang-rangiga qarab bo‘yaydigan bo‘lishdi. To‘lg‘onoyning ichida bir rang yo‘q, bir rangi sarg‘ayib kutgani, olacha gilamga atalgan iplarni qozonga solib kavlay boshladi. Qozondan ovqatning emas, ivigan junning hidi ko‘tarilganda To‘lg‘onoy o‘xchib ketdi.
– Yo‘g‘-ey, – dedi bir devor qo‘shni Salima o‘choqqa o‘tin qalay turib. – A, bu kelin ukamni kelganda suyuntiradigan ko‘rinasiz.
To‘lg‘onoy o‘zi ham hayron: – Yo‘g‘-ey, nimalar deyapsiz?.. Axir, axir…
– Gap shunda-da! Shu axirdan keyin bo‘p qolgan bo‘lsa ajabmas.
To‘lg‘onoy qo‘shni ayolning gapidan uyalib ketdi, qozondagi ip yuzlarining qizilidan battar qizilga bo‘yalib ketdi.
Ayollar bir-birlariga shivirlashib, To‘lg‘onoyning gumonasi gumon bo‘ldi.
Bu orada Saydinoy momoning ko‘nglini buzib, kelinli uyga eshik qoqib To‘lg‘onoyga sovchi keldi. Saydinoy momo boshiga tushgan savdoni bilib ham yuzing, ko‘zing demay kelgan sovchilarni ham yaxshi gap bilan kuzatdi. Ammo To‘lg‘onoyga sezdirmadi. Tag‘in ichiga sig‘dirolmay bu gapni To‘lg‘onoyning otasiga eshittirdi. To‘lg‘onoyning otasi Mardi juvozchining bu gapni eshitib ori keldi. Ammo u ham xotiniga sezdirmadi. Alamdan, “Endi kelsa o‘zimning oldimga jo‘nating, bunaqalarni juvozga solib moyini chiqaraman” dedi.
To‘rt oyda To‘lg‘onoy to‘lin oydek to‘lishdi. Endi uning gumonasi gumon emas, chin bo‘ldi. Momo kelinining orqasidan qarab “ulga o‘xshamaydi, bu qorin solmay bel buvini kengish tortdi, ey Xudoyim-ay jonimdi emrantirib, tanamdi shunday serbaltirguningcha, ko‘zimning kosasida qo‘rg‘oshin qaynatsang roziydim” dedi. Ko‘nglining bir chekkasida umid uchqunladi. To‘lg‘onoyning ko‘zi ham bu safar farzand yo‘lida bo‘ldi. Ammo uni dunyoga keltirganida eri Rahmonqulning quvonchi nasib qiladimi-yo‘qmi, o‘zi ham bilolmay hasrat chekardi. Uning jerigi ham, o‘yi ham, kutgani ham eri bo‘ldi. Savdoli qul bek bo‘lsa ham, biy bo‘lsa ham, erkagu ayol bo‘lsa ham sinaladigan zamon edi. Yomg‘irday yog‘ilgan bu xo‘rlik To‘lg‘onoyning o‘ba-jo‘basidan o‘tdi.
Har chiqqan yangi oyga aytilgan tilak to‘lishib, yaxshi-yomon kunni bo‘lishib oradan to‘qqiz oy o‘tdi. Oyning bir dili emas, yuzi ham dog‘li bo‘ldi.
To‘qqiz oyda to‘qqiz oy kutgan To‘lg‘onoy og‘ir-og‘ir odimlab yuzlari qizarsa-da to‘lg‘oqdan darak bo‘lmadi. Bundan ko‘ngli hadik olgan Saydinoy momo keliniga tuyaning yungini chayib ichirdi. Otning yuganidan o‘tkazib, baxshiga bag‘ishlab tovuq bilan qoqtirdi. Xullas, o‘ninchi oy ham oyto‘lg‘oq tutsa tutdiki, og‘ir oyog‘i yengil bo‘lmadi. Doyalik qiladigan Xadicha kampirning ikki bukilib, egilgan arpaday to‘kilib kelib ketishidan-da tinim bo‘lmadi. Kutganda to‘lg‘oq ham kelmadi. Shunda ham To‘lg‘onoyning xayoli Rahmonberdida bo‘ldi. Bir kuni Rahmonberdining kuyovlik to‘nini yopib uyquga ketib To‘lg‘onoyning bo‘lari bo‘ldi. Shu to‘nning islarimi yo sog‘inch hislarimi To‘lg‘onoyning belidan oldi. Tanasiga bor azobni soldi. Dod solganida esa imillasa ham ishini bilib qiladigan Xadicha kampirning oyoqlari qaltiradi.
Saydinoy momo uyga kirganida Xadicha kampir chaqaloqni yo‘rgaklab, qo‘lini yuvib dasturxon boshiga keldi. Saydinoy momo bezabon bo‘ldi, nabirali bo‘lsa ham so‘rarga haddi sig‘madi. Yoshini yashab, oshini oshagan kampir emasmi, Saydinoy momo Xadicha kampirning dasturxonga uzanishidan hammasini bilib oldi. Xadicha kampir beqasam dasturxonning burchini ham ochmay, dasturxonga qo‘lini ham tekkizmay parvardaga uzandi.
To‘lg‘onoy ingrandi. Saydinoy momo esa: – Nima ham derdim, – deb Xadicha kampirning yoniga sidirg‘a matoni qo‘yib qo‘lini duoga ochdi. Qizaloqni beshikka solib ismini Sanobar qo‘yishdi.
Qizaloq, oti Rahmonberdining qizi bo‘ldi, o‘g‘il bo‘lmasa ham orqasida izi bo‘ldi. U ham emaklay turib o‘zi bilmay oyoqlari orasidan yo‘l qaradi.
* * *
Ertalab Sanobar uyqudan turib tomga qarab:
– A-ha-a! – dedi, – Men seni oltinga aylanib qoladi desam, qizg‘aldoqqa aylanib qolibsan-da?..
Bu olti yoshli Sanobarning kecha tomga otgan tushib qolgan tishi edi. Sababi bu paytda qishloqdagi odamlar qish kirib pastdagi guvala uylarga ko‘chib o‘tishgandi. Mardi juvozchi esa hamisha odamlar qo‘y-qo‘zilarini yo‘lga solib tog‘ning biqiniga ko‘cha boshlaganida ham negadir ko‘chishga shoshilmasdi. “Moyim tomchilab, toqqa tirmashib nima qildim. El-elat bodom to‘nini yelkasidan sidirganda baribir oldimga keladi” derdi. Mardi juvozchini ja moyini oqizib maqtamasak ham gapi odamga moydek yoqadigan odam edi. Kampiri Hulkar momo ham, ne qilay bolamning taqdiri ekan, qizimga suyanch bo‘lay deb o‘zini tutdi. Ammo qudasi G‘affor mulla bilan kuyovi so‘rovdan qaytmagach ancha cho‘kib qoldi.
Mardi juvozchi beega bo‘lmasin deb uyining yonidan bir kulba soldirib Saydinoy momoni, qizi To‘lg‘onoy va nabirasini ko‘chirib keldi. Bir ko‘chgan ikki talansa, Saydinoy momo bilan To‘lg‘onoy yetti talandi. Talangani hamma shirin orzular, totli kunlar o‘sha tosh quduqli hovlida qolib ketgandek edi. Quduq ham og‘zi yopib tashlangani uchun ko‘rquduq bo‘ldi. Ko‘rquduqning ichi to‘la sir bo‘ldi. Sirligi G‘affor mullaning o‘zi bir paytlar aytib yuradigan “yiqqan-tergani” – sahifalari sarg‘ayib ketgan hamma kitoblari shu quduqqa tashlangandi. O‘qiganning ko‘zini ochgan quduq ko‘r bo‘ldi. G‘ilofli-yu g‘ilofsiz kitoblarning hammasini shu quduq bag‘riga oldi.
* * *
– E-ena-a!.. – dedi Sanobar momosi tomon yig‘lab, oyoqyalang chopib kelarkan. O‘tirgan joyida o‘choqday o‘molib yerga singiguday bo‘lib o‘tirgan Saydinoy momo nabirasining yig‘i tovushini eshitib ichi tandirning ichiday to‘kildi: – Voy! Qizi tushmagur, – dedi Saydinoy momo o‘rnidan turish uchun go‘shti suyagiga osilib qolgan qo‘llariga tayanib.
Sanobar yetib kelib o‘tirib yig‘ladi, yerning tuprog‘ini oyog‘i bilan sidirib, tepib yig‘ladi. To‘lg‘onoy tandir boshidan beri kelolmay ko‘ngli hadikda bo‘ldi.
– Ena! Yolg‘on aytipsiz! Hammasi yolg‘on ekan!
– Bovurimga kel, – dedi hali-hamon gap nimadaligini anglolmayotgan Saydinoy momo nabirasiga qo‘lini cho‘zib.
– Bormayman, anov Sadir “guppi” bobong bilan otang quloq bo‘p ketgan dedi! Shundaymi?!
– Nima?.. – bu safar Saydinoy momoning tayangan qo‘li ham madamay qalt-qalt titrardi. – B-bekor aytipti, shu Sadiram alpovuzmi deyman-da. Yana shunday desa, otam suvlar tinisa qaytadi, yulduzlarini yana ko‘ksiga taqib yuradi degin…
– Suv tinisa, suv tinisa… – Momosining gapidan qizaloq Sanobarning ichida yana alam qo‘zg‘oldi, – Doim shunday deysiz, buloqlar ham, soydagi suvlar ham tiniq. Qachon loyqa suv ko‘rgansiz – bilmayman. Ayting! Shunday katta odam qanday qilib jimjiloqday quloqqa aylanib qolishi mumkin?..
To‘lg‘onoy chorasiz bir qaynonasiga, bir qiziga qarab, ro‘molining burchi bilan og‘zini yopib yerga termuldi.
Sanobarning tim qora shahlo ko‘zlaridagi so‘roqlar Saydinoy momoning kirtaygan mungli ko‘zlariga yana mung ulashdi.
– Berman ke, bo‘lmagan gap. Odam quloq, “quloq”! odam bo‘lganmas. Sadirding qulog‘ini o‘zim cho‘zib qo‘yaman. O‘yin bolasi desang, bular o‘yindan ham o‘t chiqaradi. Ey Xudoyim-ay, – dedi Saydinoy momo nihoyat oriq tizzalariga Sanobarni olib chuqur xo‘rsinarkan.
– Odamlar bolaning oldida nimani gapirish kerak, nimani gapirmaslik kerakligini bilishmaydi-da, bolam, – dedi.
Sanobar esa bolalarcha ko‘nglidagi gina nima ekanligini adashtirib bu safar savol mavzusini o‘zgartirgandi.
– Kecha siz oltinga aylanib qoladi degan tishim ham oltingamas, qizg‘aldoqqa aylanib qopti.
Saydinoy momoning ham bu safar xayoli chalg‘igandi: – Sabr qilsang, oltinga aylanadi qizim…
– Qizg‘aldog‘-a?
– Hm…
To‘lg‘onoy o‘zini eshitmaganga olib bu paytda bir juft issiq nonni bag‘riga bosib ota uyiga yo‘l olgandi. Qiz bo‘lib ilingani shu bo‘ldi. Mardi juvozchi ona-bolaning gurungiga o‘zini parvo qilmaganday ko‘rsatsa-da, To‘lg‘onoyga:
– Egang ketsayam egalisan, qizim. Oldimga kelding degani orqada turgan ro‘zg‘oringni unutish degani emas, kech kirdi, uyingga bor, – dedi.
Chiqqan qiz emasmi, To‘lg‘onoy otasining bu gapidan chirqirab, qirq bo‘g‘ini zirqirab qaytdi. Uyiga yetib kelganida esa o‘zi hatlagan ostonadan ko‘z yoshi hatlamadi.
* * *
Kuta-kuta kun ko‘rmagan Saydinoy momo kunchuvoqda jon berdi. Qaynonasining ochiq qolgan ko‘zlarini To‘lg‘onoy kaftlari bilan yopib qo‘ydi. El yig‘ladi…
* * *
– Hey Sanav!
– Nima deysan?
– Meni bilasan-a?
– Sen o‘zingdi bilmaganga ayt!
– Otang bilan bobong nima gap olganini bilarsan!
– Sen ularning soyasiga yetmaysan.
– Soyasiga yetmasam senga yetarman.
– Qiz otim bilan qasam ichirma, qasam ichsam, sen qora yerga yetasan!
– Endi o‘zingdan ketding! – dedi Sadir oldinga emas, orqaga tislanib tixirlik qilayotan otini qamchilab.
– Hih! – dedi Sanobar oldiga solib kelayotgan sigirni yo‘lga solib xo‘shlab: – Molcha fahming bo‘lmasa ham qiyin ekan. Sumakburun!
Sadir orqada qolib burnini ushlab ko‘rdi. Alamidan burnini tishlaguday bo‘ldi. Uzun burni-da bo‘y bermadi.
To‘lg‘onoyning qirqqa kirmay ko‘kayi qirqildi. Kutishning oxiri bo‘lmadi. Bo‘ychan emasmi, suyagi so‘rrayib, yelkasi churrayib qoldi. Uning husnu jamoli Sanobarga o‘tgandek edi: Sanobar o‘n oltida bir qiz bo‘ldi. Bo‘yiga sanobaru shamshodlar, jannatning to‘bisida havas qilgulik bo‘ldi. Yulduzi – yuzi issiq bo‘ldi. Sochining tolimidan-da sovchilari ko‘p bo‘ldi. Ammo ko‘nglida qolgan bolaligidagi ginasi uchun yangi raisning o‘g‘li Sadirni uncha xushlamasdi.
– Rayis deganini endi bildim. Bechora kolxozning qo‘ylariga kelgan ofat bu, – dedi u sigirni yog‘och qoziqqa bog‘lab kelgach onasiga yuzlanib.
– Qizim…
– Rost aytayapman, Shuvoqqiyada bo‘ri bo‘g‘izlab ketibdi deyishgan qo‘ylarni ham shu Abdi rais…
– Sen bularga qiziqma, qiz bolasan, – dedi To‘lg‘onoy savoqcho‘pni qo‘liga olib tashqariga otlanarkan.
– Baribir shu Sadirga…
– Seni bermayman qizim, so‘zi yuqmasning o‘ziyam yuqmaydi. Sening palaging toza.
– Palagim? Unda handalak ekanman-da?
– Ha! – To‘lg‘onoy qizining bu toshib, shoshib gapirgan gapiga miyig‘idan kulib qo‘ydi. Hovliga chiqib ichini dard savalab turgan To‘lg‘onoy paxtaga jun qo‘shib savaladi. Uning qil sig‘magan ko‘ngliga qizi Sanobar tufayli orzu-havas sig‘di. Ammo el ichida so‘rovga ketgan degan gap ham yomon ekan. Aybi yo‘qni aybdor qildi. Bu safar yozuvni – xatni bilganlar anchayin boshqacha, Abdi raisga o‘xshab haromi halolga yotadigan edi.
Tun yarmida To‘lg‘onoy qizi Sanobarning yelkasiga ko‘rpani tortib yopib, yangi chiqqan oyga tilak qildi: “Men ko‘rmaganimni shu qizim ko‘rsin endi. Otasi qaytar, Xudogayam shak keltirmayin. Qaynonam, otam, orqasidan onam ketdi. Ukam yaxshi bo‘lgani bilan, ishqilib kelinga turttirmaygina shu qizimni egali qilsam, armonim yo‘q edi” dedi. Oy – oyni tingladi.
Ertalab yo‘l so‘rab kirgan ikki ayol aslida manzilni bilib topib kelgan sovchilar edi. To‘lg‘onoy oq oralagan sochlarini tuzatib, ro‘molini qayta tugib sovchilarni uyga olib kirdi.
– Egachi, shu desangiz, bizam eshitib, bilib, – deb gap boshladi ayollardan biri ko‘z ostidan ikkinchi ayolga qarab olib, –qizingiz borligini eshitib kelgandik.
– Sizlarni tanimayroq turibman, – dedi To‘lg‘onoy eshik tomonga ko‘z tashlab.
– Biz, Salay nahalchining ayoli Gulzebar opani tanirsiz, shu kishi otamning ammavachchasi bo‘ladi.
– Endi teng-tenggi bilan deganday, – deb gapni ilib ketdi ikkinchi ayol.
– Bilmadim, hali qizimni kichkina deb yursam, sovchilar ham… – dedi To‘lg‘onoy oy bag‘ridan sitilib uchgan yulduzini ko‘zi qiymagandek.
Bu orada devor panalab o‘choqqa unnagan Sanobar hovli yuzida ham o‘zini yashirarga joy topolmasdi. Gurung-gurungga ulanib nahalchining xotini Gulzebar kampirning maqtalmagan bironta qarindoshi qolmadi. Mulla avlod ham, tik so‘zli ham, aytganidan qaytmaydigan ham xullas ularning urug‘i bo‘lib chiqdi.
– Fa-qa-at, beayb parvardigor deganlaridek jiyanimizning bir aybi bor. Tilsiz-zabonsiz, bersangiz shunday yigitga berasiz qizingizni.
To‘lg‘onoy bu “tilsiz, zabonsizlik”ni so‘kish bilmaydigan, mo‘minqobil yigit o‘rnida qabul qilib jilmayib bosh irg‘ab qo‘ydi.
– Shuning uchun ham elga el bo‘lib, tiliga til bo‘lib o‘zimiz keldik. O‘sha otdan yiqilganidan beri hassatayoqqa suyansa suyandiki, birovga tiz cho‘kkan emas, – dedi bu safar anchadan beri mum tishlagandek jim o‘tirgan ayollardan biri.
To‘lg‘onoy ichidan bechidam bo‘ldi, oti sovchiligi uchun izzatini qilib, labini tishlab, yoqasini ushlab gap boshladi: – Bu, nima deganingiz? Hali jiyaningiz?..
To‘lg‘onoyning bu savolidan qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar deganlaridek ayol tutoqib ketdi: – Aytdimku sizga! Til-zabonsiz deb. Gung bo‘lsa nima qilibdi? Hassa tayansa nima qilibdi?! Oti chiqqanmas sizlarga o‘xshab, – dedi. To‘lg‘onoy ayolning bu gapidan gangib qolgandi,
– Oti chiqqan, bu nima deganingiz? – dedi To‘lg‘onoy ona ko‘ngli o‘rtanib. Kimni, qizimnimi?
– E-e-e, kim qizingizni oti chiqqan dedi?! Otasining oti chiqqan demoqchi egachim. Xuddi o‘zingizni bilmaganday o‘salga olib turganingizni-chi, hali bu gap elda yotganmas! Shuning uchun ko‘rpangizga bili-ib turib oyoq uzating demoqchi edik, – dedi ayol yoziqlik dasturxon burchini o‘zidan qayirib.
To‘lg‘onoy birda o‘zini birlayolmadi. Bir gap aytay desa, oti elchi! Shunda u ham ota, ham ona bo‘lib bir gap aytdi:
– Kelgan oyog‘ingizga gul bitsin. Faqat, mening sizga beradigan qizim yo‘q. Ajr xudodan! – dedi-yu, ham izzat, ham izza o‘rniga ko‘zini chetga oldi. O‘ziga kelganida esa bo‘xcha ko‘targan ikki bo‘xchaday ayol tashqarilab ostona hatlagandi.
Kun kelib ochilgan bo‘xcha – tugun bilan Sanobarning baxti ochildi. Sanobar tog‘asining oyog‘iga bosh urib yig‘ladi. Uning begunoh ko‘z yoshlari tog‘asining tizzalariga tomdi.
* * *
Kutishning qirq yili o‘tib, qirq birida To‘lg‘onoy yerdan balandladi. Oy osmoniga ketdi. Tobuti yelkada bo‘ldi. Sanobar bo‘zlab qoldi…
Shu orada el ichida “To‘qli polvon oqlanibdi” degan gap tarqaldi. Ammo oqlangan odamning qorasini hech kim ko‘rmadi.
To‘lg‘onoyni olib ham yerning bag‘ri to‘lmadi. O‘rkach-o‘rkach qabriston ustida yana oy shu’lalandi. U yana to‘lib-to‘lib, osmondayam bechidam bo‘lib kutdi.
Ishonmasangiz oy chiqqan tunda osmonga qarang, u hali-hamon o‘z yorini kutmoqda…
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 5-son