Bu voqeani menga momom hikoya qilib bergan edi.
Qurbon ota kechasi bilan to‘lg‘anib, uxlayolmay chiqdi. Chunki har kecha u qo‘ylari yonida uxlar va kallai saharlab otarni yaylov tomon haydar edi. Kecha esa g‘ururini deb salkam oltmish yil ishlagan, hayotining mazmuniga aylangan cho‘ponlik kasbidan voz kechdi. Qurbon ota har doimgiday bugun ham kallai saharlab turdi va alahsirab zarang tayog‘ini qidira boshladi. O‘ziga kelganida esa, uyida ekanini anglab, xo‘rligi keldi. Lekin g‘urur qurg‘ur yana qo‘ymadi. U cho‘ponlar olamiga ilk kelgan damlarini eslab dala aylandi.
…Ocharchilik yillari edi. Qurbon ota o‘shanda chamasi uch-to‘rt yoshlarda bo‘lgan bo‘lsa kerak. Har qalay, bazo‘r xotirlaydi.
Kech kuz. Abdulla cho‘pon qo‘y boqib yurib, qamishlar orasidan bir bolaning chinqirgan ovozini eshitdi. Bo‘ribosar iti undan ildamroq chiqib, qamishzor oralab chopib ketdi. Abdulla cho‘pon esa uning orqasidan borarkan, birdan ovoz tinib qoldi. Sal yurib qarasa, vahshiyligi bilan nom qozongan Bo‘ribosar yarim yalang‘och o‘tirgan bolaning yuz-ko‘zlarini yalab o‘tiribdi. Abdulla cho‘ponning ko‘ngli buzilib ketdi va bolani ko‘tarib bag‘riga bosgancha uyiga olib bordi, farzand qilib oldi. Abdulla cho‘ponning farzandlari ko‘p edi. Lekin shu yetimchaning ko‘ngli o‘ksimasin deb uni bosh¬qacha mehr bilan katta qildi. Doim o‘zi bilan olib yurdi, umrining so‘nggi damlarida ham uni eslab, «Agar Qurbonjonimni birortalaring xafa qilsalaring, go‘rimda tik turaman…» – dedi.
«Ha, bebaho odam edi…» – deb ko‘zida yosh bilan esladi Qurbon ota bolaligini. Bo‘ribosarni ham juda yaxshi ko‘rar edi. Birgalikda qo‘y boqib kelgandan so‘ng avval it ovqatlanadi, keyin esa o‘zi. Kunlarning birida dasturxon atrofida butun oila jam bo‘lib, kechki ovqatni boshlagan ham ediki, Qurbon:
– Yanga, Bo‘ribosarga ovqat berdilaringizmi? – deb qoldi.
– Yo‘q, esimizdan chiqibdi, hozir, – dedi yanga qo‘rqa-pisa va turish uchun endi qo‘zg‘algan edi, Qurbonjon indamay yangasining oldidagi ovqatni oldi-da, Bo‘ribosarning idishiga quyib keldi. O‘shanda na Abdulla cho‘pon, na tutingan akalari lom-mim demagan edi.
Xayollar og‘ushida dalani bir aylanib, qarasa, yana uyi yoniga kelib qolibdi. Tahorat olib bomdod namozini o‘qidi, so‘ngra choyga o‘tirdi. O‘g‘illari birma-bir salom berib, yaxshi kun tilab kirib kela boshladi…
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, keyin o‘g‘li Vahob so‘z qotdi:
– Ota, kechagi ishingizdan so‘ng rais menga otarni topshirdi.
– Bersa olaverdingmi, enag‘ar?! – dedi achchiqlanib Qurbon ota.
Oraga sukut cho‘kdi, bir ozdan ota sal yumshab:
– Mayli, bolam, endi mening bir oyog‘im yerda bo‘lsa, bir oyog‘im go‘rda. Shuncha yil cho‘ponlik qilib kam bo‘lganim yo‘q. Hammangni o‘qitdim, uyli-joyli qildim. Qolaversa, otarning koriga senlar yaramasalaring boshqa hech kim eplay olmaydi, – deya oq fotiha berdi.
Qurbon ota shuncha yil cho‘ponlik qilgan bo‘lsa, shuning orqasidan el ichida obro‘-e’tibor orttirdi. Dunyoni ko‘rdi. Hammasiga halol mehnati tufayli erishdi.
U zarang tayog‘ining ichini kovak qilib o‘yib, hamma medal va boyliklarini shu yerda saqlardi. O‘tgan kuni tog‘ bag‘ridagi ko‘lda qo‘ylarni sug‘orayotgan payti tayog‘i suvga tushib ketib yo‘qoldi. Shunda u: «Shuncha qilgan mehnatim bekor ekan-da, demak, topgan bisotim harom ekan-da!..» — deya cho‘ponlikni tashladi. Rais keldi… bo‘lmadi, hokim keldi… unamadi. Furur qurg‘ur yo‘l qo‘ymay turaverdi. Or-nomus, g‘urur cho‘ponlardan ayrilmaydigan xislat. Qurbon otaga hikoya qilib berishgan edi, o‘sha ocharchilik yillarida Abdulla cho‘pon uni topib olmasidan oldin to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali ikki qishloq naridagi qaynotasinikiga mehmonga boribdi. Terlagan oti tashqarida sovuqda qolibdi. Ertalab turib qarasa, ot o‘lib yotganmish. Nima qilishini bilmay, otasiga odam yuboradi. Abdulla cho‘pon esa, «Yigitning ori, yigitning qanoti — oti, oti o‘lgan bo‘lsa, o‘g‘lim ham o‘lgan. Endi mening unaqa o‘g‘lim yo‘q!» – debdi. Shu-shu, Nurali otasining ko‘ziga ko‘rinmabdi…
Qurbon ota shu zaylda bir yilcha yurdi. Kunlarning birida o‘zi tengi chollar bilan qo‘shni qishloqqa to‘yga borayotganda yo‘lda chanqab, chashmadan suv ichish uchun to‘xtadi. Hovuchida suv olaman deb egildi. Shunda ne ko‘z bilan ko‘rsinki, zilol suv tubida o‘sha yo‘qotgan zarang tayog‘i yotibdi-da. Ovozi boricha qichqirib o‘zini suvga tashladi. Tayoqni olib chiqib, o‘zi yasagan qo‘lbola burama qopqoqni ochdi va xursandligidan ichidagi duru oltin tangalarni sochdi… Bari halol, bari halol!
Halol tayoq tog‘ tepasidagi ko‘ldan toshlar oralab suzib, tog‘ qo‘ynidagi chashmaga kelib qolgan edi.